Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

O‘quvchilarning savollari

O‘quvchilarning savollari

Iso o‘limidan oldingi kechada valine’mat deb kimlarni nazarda tutgan va nega ularga bunday nom berilgan?

O‘limidan oldingi kechada Iso havoriylarini imondoshlari orasida mansab va mashhurlikka intilmaslikka undagan. U quyidagicha degan: «Shohlar xalqlar ustidan hukmronlik qilishadi. Xalqlarni boshqarishga huquqi borlarni valine’mat deb atashadi. Sizlar bo‘lsa ularga o‘xshamanglar». (Luqo 22:25, 26)

Valine’mat deb Iso kimlarni nazarda tutgan? Qadimiy yozuvlar, tangalar va qo‘lyozmalarga ko‘ra, Yunon hamda Rim hukumatida mashhur kishilarni, boshqaruvchilarni yeverget yoki valine’mat deb ulug‘lashgan. Kishi omma uchun biron ish qilgani tufayli bunday sharafga sazovor deb topilgan.

Bir nechta shohlarga valine’mat unvoni berilgan. Ularning orasida, Misr podshohlari Ptolemey III Yeverget (tax. mil. avv. 247–222) va Ptolemey VIII Yeverget II (tax. mil. avv. 147–117) bo‘lgan. Rim boshqaruvchilaridan Yuliy Sezar (mil. avv. 48–44) va Avgust (mil. avv. 31–mil. 14), Yahudiya shohi Hirod ham bunday unvonga sazovor bo‘lgan. Hirodning vaziyatini oladigan bo‘lsak, ehtimol, u ochlik paytida xalqqa bug‘doy va kiyim-kechak bergani uchun bunday sharafga erishgan.

Nemis ilohiyotshunosi Adolf Deysmanning yozganlariga binoan, bunday unvon bilan atalish keng tarqalgan edi. Uning aytishicha: «Qadimiy yozuvlarda shohlar yuzdan oshiq marotaba [mazkur unvon bilan] tilga olingan, kamdan-kam hollarda unvonsiz ishlatilgan».

Xo‘sh, Iso shogirdlarga: «Sizlar bo‘lsa ularga o‘xshamanglar»,— deganda nimani nazarda tutgan? Iso omma uchun hech qanday ish qilmaslik, ya’ni boshqalarning manfaati uchun qayg‘urmaslik kerak demoqchi bo‘lganmi? Yo‘q. U inson saxiylikni namoyon etganda, uning niyati qanday bo‘lishini nazarda tutgan.

Isoning davrida odamlar teatr va maydondagi o‘yinlar uchun homiylik qilib, xiyobon-u ma’badlar qurib hamda shu kabi ishlar qilib o‘zlari uchun nom orttirmoqchi bo‘lishgan. Ularning niyati sharafga, mashhurlikka ega bo‘lish hamda odamlarni ular uchun ovoz berishga undash bo‘lgan. Bir manbada aytilishicha: «Garchi ularning orasida chin dildan qurbonlik qilgan kishilar bo‘lgan bo‘lsa-da, bunday ishlar asosan siyosiy manfaatni ko‘zlab qilinar edi». Iso izdoshlarini mana shunday mashhurlikka intilmaslikka va o‘z manfaatini ko‘zlab yo‘l tutmaslikka undagan.

Bir necha yil o‘tgach, havoriy Pavlus ham pok niyat bilan berish muhim ekanini ta’kidlagan. U Korinfdagi imondoshlariga: «Har bir inson norozi bo‘lib yoki majburiyat yuzasidan emas, balki ko‘nglida niyat qilganini bersin. Chunki Alloh quvonch bilan berganni sevadi»,— deb yozgan. (2 Kor. 9:7)