Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yahovaning fikrlash tarzini o‘zlashtiryapsizmi?

Yahovaning fikrlash tarzini o‘zlashtiryapsizmi?

Ongingizni yangilab, o‘zingizni o‘zgartiringlar. RIM. 12:2

QO‘SHIQLAR: 34, 43

1, 2. Ma’nan o‘sganimiz sayin nima qilishni o‘rganamiz? Misol keltiring.

AYTAYLIK, kimdir bolakayga sovg‘a beradi. Ota-onasi unga: «Rahmat aytgin»,— deydi. U shunchaki ota-onasining buyrug‘ini bajaradi. Bolakay ulg‘aygani sayin esa ota-onasining fikrlash tarzini va nima uchun boshqalar mehribonlik ko‘rsatganda minnatdor bo‘lish muhim ekanini tushuna boshlaydi. Endi u o‘zi anglagan holda bajonidil minnatdorchilik bildiradi. Nega deganda, minnatdorchilik bildirish fikrlash tarzining bir qismiga aylangan.

2 Shu singari, haqiqatni ilk bor eshitganimizda, Xudoning asosiy talablariga itoat etish muhim ekanini bilib olganmiz. Ammo ma’nan o‘sganimiz sayin, Yahovaning fikrlash tarzi — U nimani yaxshi ko‘rishi-yu nimani yoqtirmasligi, muayyan vaziyatlarga nisbatan qanday nuqtai nazarda ekani to‘g‘risida ko‘proq bilib olamiz. Yahova kabi fikr yuritib va Uning nuqtai nazari xatti-harakatlarimiz-u shaxsiy qarorlarimizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘yib, Uning fikrlash tarzini o‘zlashtirayotganimizni ko‘rsatamiz.

3. Nima uchun Yahovaning fikrlash tarzini o‘zlashtirish qiyin kechishi mumkin?

3 Yahova kabi fikr yuritishni o‘rganish zavq keltirish bilan birga qiyin kechishi ham mumkin. Sababi, gohida nomukammalligimiz bunday fikrlashga to‘sqinlik qilishi mumkin. Masalan, axloqiy poklik, pulparastlik, va’zgo‘ylik, qondan foydalanish yoki shunga o‘xshash masalalarda Yahovaning nuqtai nazarini tushunish qiyin bo‘lishi hech gap emas. Xo‘sh, qanday yo‘l tutsak bo‘ladi? Qay yo‘sin Yahovaning fikrlash tarzini o‘zlashtirishda davom eta olamiz? Qanday qilib bunday yo‘l tutish hozir va kelajakda chiqaradigan qarorlarimizga ta’sir qiladi?

XUDONING FIKRLASH TARZINI O‘ZLASHTIRISH

4. Ongimizni yangilash nimani anglatadi?

4 Rimliklarga 12:2 ni o‘qing. Havoriy Pavlus bu yerda Yahova kabi fikr yuritish nimani o‘z ichiga olishini aytib o‘tgan. Oldingi maqola yordamida «ushbu zamonga uyg‘unlashmaslik» uchun dunyoga xos nuqtai nazar-u munosabatni rad etishimiz kerakligini bilib oldik. Shuningdek, Pavlus ongimizni yangilash lozimligini eslatib o‘tgan. Bu Muqaddas Kitobni tadqiq qilish orqali Yahovaning fikrlarini tushunishni, ular ustida mulohaza yuritishni va masalaga Uning nuqtai nazari bilan yondashishni o‘z ichiga oladi.

5. Yuzaki o‘qib chiqish va tadqiq o‘tkazish orasidagi farqni tushuntiring.

5 Tadqiq yuzaki o‘qib chiqishdan va savollarning javobini belgilashdan ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Tadqiq paytida ushbu ma’lumot Yahova, U qanday yo‘l tutishi va Uning nuqtai nazari to‘g‘risida nimalarni ochib berayotgani ustida mulohaza yuritamiz. Yahova nega qandaydir ishlarni qilishni buyurishini, boshqalarini esa taqiqlashini tushunishga harakat qilamiz. Qolaversa, hayotimiz va fikrlash tarzimizga qanday o‘zgarishlar kiritishimiz borasida o‘ylaymiz. Har bir tadqiqda mazkur omillarning barchasini ko‘rib chiqa olmasak-da, hech bo‘lmasa, tadqiqning yarmini o‘qiganlarimiz ustida mulohaza yuritish uchun bag‘ishlasak, ko‘p foyda olamiz. (Zab. 119:97; 1 Tim. 4:15)

6. Yahovaning fikrlash tarzi borasida mulohaza yuritsak, nima yuz beradi?

6 Xudoning Kalomi ustida muntazam mulohaza yuritsak, ajoyib bir narsa yuz beradi: Yahovaning fikrlash tarzi mukammal ekanini aniqlaymiz va bunga ishonch hosil qilamiz. Masalaga Yahovaning nuqtai nazari bilan qaraydigan bo‘lamiz va Uning fikrlash tarziga qo‘shilamiz. Shunda ongimiz «yangilanib», yangicha fikrlay boshlaymiz. Asta-sekin Yahovaning fikrlash tarzini o‘zlashtirib boramiz.

FIKRLARIMIZ ISHLARIMIZGA TA’SIR QILADI

7, 8. a) Moddiy narsalarga Yahova qanday nuqtai nazarda? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmlarga qarang.) b) Yahova kabi fikr yuritsak, biz uchun hamisha nima ustuvor bo‘ladi?

7 Fikrlash shunchaki aqliy mashq degan xulosaga kelishga shoshilmang. Fikrlar va ishlar o‘zaro bog‘liqdir. (Mark 7:21–23; Yoqb. 2:17) Bir nechta misolni ko‘rib chiqib, buni yaxshiroq tushuna olamiz. Masalan, Injildan Yahovaning moddiy narsalarga bo‘lgan nuqtai nazarini aniq-ravshan ko‘rishimiz mumkin. Yahova O‘g‘lini voyaga yetkazish uchun sodda hayot kechirgan juftlikni tanladi. (Lev. 12:8; Luqo 2:24) Maryam Isoni dunyoga keltirganda uni «oxurga qo‘ydi, chunki mehmonxonada ularga joy yo‘q edi». (Luqo 2:7) Agar Yahova istaganida, O‘g‘li uchun qulayroq joyni taqdim eta olardi. Lekin Xudo uchun Iso ma’naviy muhitda ulg‘ayishi muhimroq bo‘lgan.

8 Isoning tug‘ilishi haqidagi voqeadan Yahovaning moddiy narsalarga bo‘lgan nuqtai nazarini bilib olishimiz mumkin. Ayrim ota-onalar, hatto bu farzandlarning ma’naviyligiga putur yetkazsa ham, ular moddiy taraflama eng yaxshi narsalarga ega bo‘lishini istaydi. Biroq shunisi aniqki, Tangri Yahova uchun ma’naviy narsalar ustuvordir. Mazkur masalada siz ham Yahova kabi fikrlayapsizmi? Ishlaringiz nimani oshkor etmoqda? (Ibroniylarga 13:5 ni o‘qing.)

9, 10. Boshqalarni qoqintirish borasida Yahova kabi nuqtai nazarda ekanimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

9 Yana bir masala — boshqalarni qoqintiradigan kishiga nisbatan Yahovaning nuqtai nazari. Iso quyidagi so‘zlarni aytgan: «Menga ishongan bu kichiklarning birini kim imondan qaytarsa, bo‘yniga katta tegirmon toshini osib, dengizning chuqur joyida cho‘ktirib yuborishlari u uchun yaxshiroq bo‘ladi». (Mark 9:42) Iso boshqalarni qoqintirish jiddiy masala ekanini ko‘rsatgan. Bilamizki, Iso Otasining shaxsiyatini mukammal tarzda aks etgan. Demak, beparvolik ila qilgan harakatlari tufayli imondoshini qoqintirgan kishiga Yahova ham jiddiy qaraydi. (Yuhan. 14:9)

10 Bu masalada biz ham Alloh Yahova hamda Iso kabi nuqtai nazarga egamizmi? Ishlarimiz haqida nima desa bo‘ladi? Masalan, bizga muayyan uslubda kiyinish yoki pardoz qilish yoqar. Ammo bu jamoatdagi ba’zilarga salbiy ta’sir qilishi yoki xayolida axloqsiz fikrlarni uyg‘otishi mumkin. Sevgi ila imondoshlarimiz haqida qayg‘urar ekanmiz, shaxsiy istaklarimizni chetga surib qo‘yamizmi? (1 Tim. 2:9, 10)

11, 12. Yahovaning yomonlikka bo‘lgan nuqtai nazarini o‘zlashtirib va o‘zini tuta bilish fazilatini rivojlantirib o‘zimizni qay yo‘sin himoyalay olamiz?

11 Uchinchi masala — Yahova yomonlikdan jirkanadi. (Hik. 6:16–19) Meros bo‘lib o‘tgan nomukammalligimiz tufayli gohida yomon ishlar qilishga moyil ekanimizni U biladi. Shu bois, bizni yomonlikka nisbatan xuddi U kabi nuqtai nazarga ega bo‘lishga undamoqda. (Zabur 97:10 ni o‘qing.) Yahova nima uchun yomon ishlardan nafratlanishi ustida mulohaza yuritish Uning fikrlash tarzini o‘zlashtirishimizga va U jirkanch deb bilgan ishdan qochishimizga kuch baxsh etadi.

12 Tangrining yomonlik borasidagi nuqtai nazarini o‘zlashtirish yordamida hatto Muqaddas Kitobda tilga olinmagan ishlar yomon ekanini tushuna olamiz. Misol tariqasida dunyoda ommalashib borayotgan behayo xatti-harakatning bir turini — lep-densni olsak bo‘ladi. Ba’zilar bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinsiy munosabatda bo‘lish emas deb, o‘zlarini oqlashi mumkin *. Lekin bu, yomonlikning barcha turidan jirkanadigan Allohning nuqtai nazarini aks etyaptimi? Keling, yomonlikdan uzoqlashish uchun o‘zini tuta bilish fazilatini rivojlantirib, Yahova jirkanadigan narsalardan nafratlanaylik. (Rim. 12:9)

KELAJAKKA TEGISHLI QARORLAR HAQIDA HOZIRDAN O‘YLASH

13. Nima sababdan kelajakka tegishli qarorlarimiz borasida Yahova qanday nuqtai nazarda ekani haqida mulohaza qilishimiz kerak?

13 Shaxsiy tadqiq qilayotganda kelajakda duch kelishimiz mumkin bo‘lgan vaziyatlarga nisbatan Yahova qanday nuqtai nazarda ekani borasida fikr yuritsak, oqilona bo‘lardi. Shunday yo‘l tutsak, shu zahoti qaror chiqarishni talab qiladigan vaziyatlarga duch kelganda, sarosimaga tushib qolmaymiz. (Hik. 22:3) Muqaddas Kitobdan ba’zi misollarni ko‘rib chiqaylik.

14. Yusuf Po‘tifarning xotiniga bergan javobidan nimani bilib olyapmiz?

14 Po‘tifarning xotini Yusufni bir necha bor vasvasa qilganida, u buni shu zahoti rad etgan. Shu yo‘sin Yusuf nikohda sadoqatli bo‘lish masalasida Yahovaning fikrlash tarzini o‘zlashtirganini ko‘rsatgan. (Ibtido 39:8, 9 ni o‘qing.) Qolaversa, Yusuf Po‘tifarning xotiniga: «Qanday qilib men bunday qabihlikka qo‘l urib, Xudoga qarshi gunoh qilaman?!» — deya javob qaytarib, Yahova kabi nuqtai nazarda ekanini namoyon etgan. Biz haqimizda nima desa bo‘ladi? Aytaylik, hamkasbingiz siz bilan noz-karashma qila boshladi. Yoki kimdir uyali telefoningizga behayo xabarlar-u suratlar yubordi *. Bunday masalalarda Yahovaning nuqtai nazarini o‘zlashtirgan va qanday yo‘l tutishga qat’iy qaror qilgan bo‘lsak, ularni rad etish ancha osonroq bo‘ladi.

15. Qay yo‘sin bosimga duch kelganimizda uchta ibroniy yigit kabi Tangri Yahovaga sadoqatli qola olamiz?

15 Keling, uchta ibroniy yigitning — Shadrax, Meshax va Abednaxuning misolini ko‘rib chiqaylik. Ular Navuxodonosor o‘rnatgan oltin haykalga sajda qilishni qat’iyan rad etgan. Bu uchta yigitning shohga bergan aniq javoblaridan ular Yahovaga sadoqatli qolish nimani o‘z ichiga olishini tushunishgani ko‘rinmoqda. (Chiq. 20:4, 5; Don. 3:4–6, 12, 16–18) Tasavvur qiling, ish beruvchingiz soxta din bilan bog‘liq bayram uchun pul qo‘shishingizni aytdi. Qanday yo‘l tutasiz? Shu kabi vaziyatlarga duch kelishni kutishdan ko‘ra, ular borasida Yahova qanday nuqtai nazarda ekani haqida hozirdanoq o‘ylasak yaxshi bo‘lardi. Shunda yuqoridagiga o‘xshash vaziyatlarga duch kelganimizda, uchta ibroniy yigit kabi to‘g‘ri yo‘l tutish va javob berish osonroq bo‘ladi.

Izlanish olib borib va yuridik tibbiy hujjatni to‘ldirib, shifokoringiz bilan maslahatlashdingizmi? (16- xatboshiga qarang.)

16. Qanday qilib Yahovaning fikrlarini aniq tushunish tibbiy muolajalarga tayyorgarlik ko‘rishga yordam beradi?

16 Tez tibbiy yordamga muhtoj bo‘lganimizda Yahovaga sadoqatli qolish uchun qay yo‘sin oldindan chora ko‘rsak bo‘ladi? Qon quyishni yoki uning to‘rtta tarkibiy qismidan iborat bo‘lgan tibbiy muolajalarni qat’iyan rad etamiz. Ammo qon bilan bog‘liq ba’zi muolajalar borasida Yahovaning fikrlash tarzini aks ettiruvchi Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga asoslanib shaxsan qaror chiqaramiz. (Havor. 15:28, 29) Shubhasizki, kasalxonada yotgan holda bunday jiddiy masalalar borasida qaror chiqarish noo‘rin bo‘lardi. Zero, o‘shanda og‘riq his qilayotgan va bosim ostida bo‘lishimiz mumkin. Bu borada izlanish o‘tkazish uchun vaqt ajratib, istaklaringizni ko‘rsatadigan yuridik tibbiy hujjatni to‘ldiring va shifokoringiz bilan maslahatlashing *.

17–19. Nega muayyan masalalarda Yahova qanday fikrda ekanini hozirdanoq bilib olish muhim? Misol keltiring.

17 Endi, Butrus Isoga: «O‘zingizga rahm qiling, Hazratim»,— deya noto‘g‘ri maslahat berganda, u shu zahoti qanday javob qaytargani borasida fikr yuritaylik. Iso Xudo undan nima istayotgani va Muqaddas Yozuvlarda uning yer yuzidagi hayoti-yu o‘limi to‘g‘risida nima deyilgani haqida ko‘p mulohaza yuritgani shubhasiz. Buni bilish Isoga sadoqatli qolishga va hech ikkilanmay hayotini to‘lov qurbonligi sifatida berishga yordamlashgan. (Matto 16:21–23 ni o‘qing.)

18 Bugungi kunda Tangri xizmatchilaridan U bilan do‘stona munosabatlarni rivojlantirishlarini va va’zgo‘ylik ishida iloji boricha ko‘proq qatnashishlarini istaydi. (Mat. 6:33; 28:19, 20; Yoqb. 4:8) Isoning vaziyatida bo‘lganidek, ayrimlar yaxshi niyatlar ila bizni bu yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lar. Masalan, boshlig‘ingiz mansabingizni ko‘tarib, maoshingizni anchaga oshirishni taklif qildi. Lekin bu ma’naviy ishlaringizga xalaqit beradi. Xo‘sh, nima qilasiz? Yoki qo‘shimcha ta’lim olishingiz uchun uydan ketib o‘qishga taklif qilishdi. Shunday paytda qaror chiqarishdan avval ibodat ila tadqiq o‘tkazib, oila a’zolaringiz yoki, ehtimol, oqsoqollar bilan maslahatlashasizmi? Bunday masalalarda Yahova qanday fikrda ekanini hozirdanoq o‘rganib, Uning nuqtai nazarini o‘zlashtirishga harakat qilasizmi? Sizga bu kabi taklifni qachondir aytishsa ham, vasvasaga qarshi turish qiyin bo‘lmaydi. Alloh Yahovaga xizmat qilishga qat’iy qaror qilgan bo‘lsangiz, qanday yo‘l tutish kerakligini aniq bilasiz.

19 Balki to‘satdan duch kelishingiz mumkin bo‘lgan kutilmagan boshqa vaziyatlar haqida o‘ylab ko‘rarsiz. To‘g‘ri, biz barcha kutilmagan vaziyatlarga tayyor bo‘la olmasmiz. Biroq shaxsiy tadqiq paytida Yahovaning nuqtai nazari to‘g‘risida mulohaza yuritishga vaqt ajratsak, bilib olganlarimizni eslab, ularni muayyan vaziyatda qo‘llay olamiz. Keling, muayyan vaziyatlarda Yahova qanday nuqtai nazarda ekaniga e’tiborli bo‘lib, Uning fikrlarini o‘zlashtiraylik. Shuningdek, Xudoning nuqtai nazari hozirgi va kelajakdagi xatti-harakatlarimizga qanday ta’sir qilishi borasida o‘ylaylik.

YAHOVANING NUQTAI NAZARI VA SIZNING KELAJAGINGIZ

20, 21. a) Nima uchun yangi dunyoda erkinlikka ega bo‘lishdan xursand bo‘lamiz? b) Qanday qilib hozir ham hayotdan xursandchilik topishimiz mumkin?

20 Barchamiz yangi dunyoni intizorlik bilan kutyapmiz. Aksariyatimiz yer yuzida abadiy yashashga umid qiladi. Xudoning Shohligi ostida insoniyat bu zamonaning azob-uqubatlaridan xalos bo‘ladi. Shubhasizki, o‘shanda ham iroda erkinligiga ega bo‘lamiz. Har bir inson o‘z xohish-istagiga binoan qaror chiqaradi.

21 Ammo bu mutlaq erkinlikka ega bo‘lishimizni anglatmaydi. Nima to‘g‘ri-yu nima noto‘g‘ri ekani borasida beozor kishilar Yahovaning qonunlari-yu nuqtai nazariga asoslanib qaror chiqaradi. Bu ulkan quvonch va tinchlik-xotirjamlik keltirib shodlik baxsh etadi. (Zab. 37:11) Hozir ham Xudoning fikrlarini o‘zlashtirar ekanmiz, xursandchilik his etishimiz mumkin.

^ 12- x.b. Lep-dens raqs usuli bo‘lib, yarim-yalang‘och holda kishining tizzasiga o‘tirib, ehtirosni uyg‘otadigan harakatlar qilishdir. Vaziyatga taalluqli dalillarga asoslanib, bu jinsiy axloqsizlik deb hisoblanishi mumkin va hakamlar qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak. Bunday ishlarda qatnashgan masihiy oqsoqollardan yordam izlashi zarur. (Yoqb. 5:14, 15)

^ 14- x.b. Uyali telefon orqali behayo xabar, rasm yoki videolarni yuborish seksting deb ataladi. Dalillarga asoslanib bu hakamlar qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin. Ba’zi hollarda sekstingda ishtirok etgan o‘smirlar hukumat tomonidan jinsiy jinoyat sodir etganlikda ayblangan. Ko‘proq bilish uchun jw.org saytidagi «Seksting haqida nimani bilishim kerak?» (rus) nomli maqolani o‘qib chiqing. (БИБЛЕЙСКИЕ УЧЕНИЯ > ПОДРОСТКИ sarlavhasi ostiga qarang.) Yoki «Uyg‘oning!» jurnalining 2013-yil noyabr (rus) sonidagi 4–5- sahifalarida keltirilgan «Bolam bilan seksting haqida qanday gaplashsam bo‘ladi?» nomli maqolaga qarang.

^ 16- x.b. Mazkur masalaga oid Muqaddas Kitobga asoslangan prinsiplar adabiyotlarimizda keltirilgan. Masalan, «Xudoning mehr-muhabbati» kitobining 215–218- sahifalariga qarang.