Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

48-TADQIQ MAQOLASI

«Ko‘zlaring... to‘g‘riga boqsin»

«Ko‘zlaring... to‘g‘riga boqsin»

Ko‘zlaring to‘g‘riga qarasin, nigohing oldinga boqsin. HIK. 4:25

77-QO‘SHIQ Zulmat aro yarqirayotgan nur

BU MAQOLADA *

1, 2. Qay yo‘sin Hikmatlar 4:25 dagi maslahatga amal qilishimiz mumkin? Misol keltiring.

QUYIDAGI uchta misol borasida o‘ylab ko‘ring: keksa opamiz o‘tmishdagi yaxshi xotiralarini eslayapti. Garchi hozirda u ko‘proq qiyinchilikka duch kelayotgan bo‘lsa-da, Yahovaga eng yaxshisini berishda davom etyapti. (1 Kor. 15:58) U har kuni o‘zini va yaqinlarini va’da qilingan yangi dunyoda birga yashayotganini tasavvur qiladi. Yana bir opamiz esa imondoshi uni qattiq ranjitganini eslaydi. Lekin u bu haqda boshqa o‘ylamaslikka qaror qiladi. (Kolos. 3:13) Bitta birodar oldin qilgan xatolarini yodga oladi. Ammo u butun diqqatini buyog‘iga Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishga qaratyapti. (Zab. 51:10)

2 Ushbu uchta imondoshimizning qanday o‘xshash tomoni bor? Ularning har biri bo‘lib o‘tganlarni eslaydi, biroq haddan oshiq emas. Ha, ularning ko‘zlari «to‘g‘riga boqadi». (Hikmatlar 4:25 ni o‘qing.)

3. Nega to‘g‘riga boqishimiz, ya’ni diqqatimizni kelajakka qaratishimiz kerak?

3 «To‘g‘riga boqish», ya’ni diqqatimizni kelajakka qaratish nega muhim? Hadeb orqasiga qarab yuradigan kishi yo‘lida to‘g‘ri yurolmaganiday, biz ham tinmay o‘tmishga nazar soladigan bo‘lsak, Yahovaga to‘liq xizmat qila olmaymiz. (Luqo 9:62)

4. Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

4 Ushbu maqolada o‘tmish bilan yashash * bizni qaysi uchta tuzoqqa ilintirishi mumkinligi to‘g‘risida gap boradi. Ular quyidagilardir: 1) o‘tmishdagilarni qo‘msash, 2) gina saqlash, 3) haddan ortiq aybdorlikni his qilish. Ularning har birini ko‘rib chiqar ekanmiz, qay yo‘sin Muqaddas Kitob prinsiplari «ortda qolgan narsalar» bilan yashamasligimizga, shuningdek, «oldinga qarab zo‘r berib» chopishimizga yordam berishini bilib olamiz. (Filip. 3:13)

O‘TMISHNI QO‘MSASH TUZOG‘I

Nima hayotga olib boradigan yo‘lda olg‘a intilishimizga xalaqit berishi mumkin? (5-, 9-, 13-xatboshilariga qarang.) *

5. Voiz 7:10 bizni qaysi tuzoqdan ogohlantiryapti?

5 Voiz 7:10 ni o‘qing. E’tibor bergan bo‘lsangiz ushbu oyatda: «Avvalgi kunlar yaxshi edi»,— deb aytish noto‘g‘ri deyilmagan. Zero, yaxshi xotiralar Yahovadan tuhfadir. Aksincha, bu oyatda quyidagicha aytilgan: «“Avvalgi kunlar hozirgidan yaxshi edi”,— dema». Shuning uchun, o‘tmishimizni hozirgi hayotimiz bilan solishtirishdan hamda hozirgisi oldingisidan yomonroq, deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘lishimiz darkor. Boshqa bir Muqaddas Kitob tarjimasida bu oyat quyidagicha o‘girilgan: «“Avvalgi kunlar rosa zo‘r edi”,— deb hech qachon aytma. Bunday o‘ylash oqilona emas».

Misrdan chiqqach, Isroil xalqi qanday xatoga yo‘l qo‘ydi? (6-xatboshiga qarang.)

6. Nega avvalgi kunlar yaxshiroq edi, deb o‘ylayverish donolikdan emas? Misol keltiring.

6 Nega avvalgi kunlar yaxshiroq edi, deb o‘ylayverish donolikdan emas? Boisi, o‘tmishni qo‘msaganimizda, faqat yaxshi narsalarni eslashimiz mumkin. Darhaqiqat, yaxshi voqealarnigina eslab, yomonlarini unutishimiz mumkin. Misol uchun, qadimgi Isroil xalqi haqida bir o‘ylab ko‘ring. Misrdan chiqqach, ular ko‘p o‘tmay u yerdagi og‘ir sharoitlarni unutishgan. Qolaversa, ular diqqatini yaxshi ko‘rib yegan oziq-ovqatlarga qaratishgan. Ular shunday deyishardi: «Eh, qani o‘sha biz Misrda yegan tekin baliqlar, bodringlar, tarvuzlar, porey piyozlari, piyozlar-u sarimsoqlar!» (Sah. 11:5) Lekin ular yegan oziq-ovqatlar chindan ham «tekin» bo‘lganmi? Yo‘q, albatta! Buning uchun ular katta haq to‘lashgan — Isroil xalqi Misrda qul bo‘lgan va ularga jabr-zulm ko‘rsatilgan. (Chiq. 1:13, 14; 3:6–9) Ammo ular bu qiyinchiliklarni unutib qo‘yishgan va o‘tmishni qo‘msashgan. Ular diqqatini Yahova qilgan yaxshiliklarga emas, aksincha, «avvalgi kunlar»ga qaratishni afzal ko‘rishgan. Ularning bu munosabatidan Yahova mamnun bo‘lmagan. (Sah. 11:10)

7. Bir opamizga o‘tmishdagilarni qo‘msash tuzog‘idan qochishga nima yordam berdi?

7 O‘tmishdagilarni qo‘msash tuzog‘idan qay yo‘sin qocha olamiz? Keling, 1945-yilda Bruklindagi Baytilda xizmatini boshlagan bir opamizning misolini ko‘rib chiqaylik. Bir necha yil o‘tib opamiz o‘sha yerda xizmat qiladigan birodarimizga turmushga chiqdi. Ular birgalashib ko‘p yillar davomida Baytil xizmatini davom ettirishdi. Biroq 1976-yilda uning eri kasal bo‘ldi. Eri o‘limi yaqinlashganini bilgach, unga beva bo‘lganidan keyin yordam beradigan maslahatlar berdi. U xotiniga quyidagicha dedi: «Turmushimiz baxtli kechdi. Ko‘plar bunday baxtni his qilishni istaydi». So‘ng so‘zida davom etib opamizni quyidagicha yo‘l tutishga undadi: «Birga o‘tkazgan ajoyib damlarni esdan chiqarmaysiz, biroq o‘tmishdagi xayollarga sho‘ng‘ib ketmang. Vaqt o‘tib og‘rig‘ingiz kamayadi. Jahlga berilmang, o‘zingizga rahm qilmang. Yahovaga birga xizmat qilgan damlarni eslab baxtiyor bo‘ling. [...] Xotiralar Yahova bizga bergan tuhfadir». Bu yaxshi maslahat, shunday emasmi?

8. Qay yo‘sin opamiz erining maslahatidan foyda oldi?

8 Opamiz erining maslahatiga quloq soldi. U o‘limigacha, ya’ni 92 yoshga kirguncha Yahovaga sadoqat ila xizmat qildi. O‘limidan bir necha yil oldin u shunday dedi: «63-yildan oshiq vaqt davomida Yahovaga to‘la vaqt xizmat qildim. Ortga nazar tashlab shuni ayta olamanki, mening hayotim chinakamiga baxtli kechdi». Negaligini tushuntirib u quyidagicha dedi: «Hayotimizni chinakamiga baxtli qilgan narsalar — ajoyib imondoshlarimiz, birodar-u opa-singillarimiz bilan jannatda yashash umidi hamda Ulug‘ Parvardigorimiz, yagona haq Xudo Yahovaga abadiy xizmat qilish» *. «To‘g‘riga boqish», ya’ni diqqatimizni kelajakka qaratish borasida naqadar ajoyib o‘rnak!

GINA SAQLASH TUZOG‘I

9. Levilar 19:18 ga ko‘ra, ayniqsa qachon boshqalarni kechirishimiz juda qiyin bo‘lishi mumkin?

9 Levilar 19:18 ni o‘qing. Imondoshimiz, yaqin do‘stimiz yoki qarindoshimiz bizni xafa qilsa, ko‘pincha ularni kechirish juda qiyin bo‘ladi. Masalan, bir opa bitta imondoshimizni uning pulini o‘g‘irlaganlikda nohaq ayblagan. Biroq keyinchalik u adashganini tushungan va kechirim so‘ragan. Ammo o‘sha imondoshimiz nohaq ayblangani uchun juda ranjigan va bo‘lgan voqeani hech unuta olmagan. Uning his-tuyg‘ulari sizga tanishmi? Biz aynan shunday vaziyatga duch kelmagan bo‘lsak ham, ehtimol, ko‘pchiligimizning jahli chiqqan bo‘lishi mumkin va aslo kechira olmayman, deb o‘ylagandirmiz.

10. Gina saqlagan paytda bizga nima yordam berishi mumkin?

10 Gina saqlagan paytda bizga nima yordam berishi mumkin? Yahova hamma narsani ko‘rib turganini esda saqlashimiz darkor. U biz boshdan kechirayotganlarning baridan, jumladan, har qanday adolatsizlikdan ham xabardor. (Ibron. 4:13) Biz azob chekkanimizda U buni his qiladi. (Ishayo 63:9) Adolatsizliklar oqibatida kelib chiqqan har qanday zararni bartaraf etishga Yahova va’da bermoqda. (Vah. 21:3, 4)

11. Qay yo‘sin boshqalarni kechirish bizga foyda keltiradi?

11 Qolaversa, boshqalarni kechirganimizda, bu o‘zimizni yaxshiroq his qilishimizga yordam berishini unutmaylik. Nohaq ayblangan imondoshimiz ham buni o‘z tajribasidan bilib oldi. Vaqt o‘tib imondoshimiz uni kechira olgan va gina-kuduratni unutgan. U biz boshqalarni kechirsak, Yahova ham bizni kechirishini tushunib yetgan. (Mat. 6:14) U o‘sha opamiz uni nohaq ayblaganini bilgan, lekin uni kechirgan. Natijada nohaq ayblangan imondoshimiz ko‘proq quvongan hamda diqqatini Yahovaga xizmat qilishga qarata olgan.

HADDAN ORTIQ AYBDORLIKNI HIS QILISH TUZOG‘I

12. Yuhannoning birinchi maktubi 3:19, 20 dan nimani bilib olyapmiz?

12 Yuhannoning birinchi maktubi 3:19, 20 ni o‘qing. Gohida barchamiz o‘zimizni aybdor his qilamiz. Masalan, ba’zilar haqiqatni bilishdan oldin qilgan ishlari tufayli o‘zini aybdor his qiladi. Boshqalar esa suvga cho‘mgandan keyin biron nojo‘ya ish qilgani uchun bunday tuyg‘ularga beriladi. (Rim. 3:23) Albatta, biz to‘g‘ri yo‘l tutishni istaymiz. Biroq «barchamiz tez-tez xato qilib turamiz». (Yoqb. 3:2; Rim. 7:21–23) Garchi aybdorlik hissi bizga quvonch keltirmasa ham, bundan qandaydir foyda olishimiz mumkin. Qanaqasiga? Aybdorlik hissi bizni hayotimizga o‘zgartirishlar kiritishga unday oladi. Shuningdek, qilgan xatolarimizni takrorlamaslik qarorida mahkam turishimizga turtki bo‘lishi mumkin. (Ibron. 12:12, 13)

13. Nega o‘zimizni haddan ortiq aybdorlik hissiga berilish tuzog‘idan asrashimiz kerak?

13 Boshqa tarafdan esa o‘zimizni haddan ortiq aybdor his qilishimiz, ya’ni tavba qilib, Yahova bizni kechirganini ko‘rsatganidan keyin ham, aybdorlik hissi bizni tark etmasligi mumkin. Bunday aybdorlik hissi bizga ziyon keltirishi hech gap emas. (Zab. 31:10; 38:3, 4) Qanaqasiga? O‘tmishdagi xatolari dastidan doim o‘zini aybdor his qilgan bir opamizning misoliga diqqat qarataylik. U shunday deb bo‘lishdi: «Men Yahovaning xizmatida fidoyilik qila olmasam kerak, chunki buning uchun juda kech, deb o‘ylardim». Bu opamizning his-tuyg‘ulari ko‘plarimizga tanishdir. O‘zimizni haddan ortiq aybdorlik hissiga berilish tuzog‘idan asrashimiz muhim. Nega? Sababi Yahova bizni kechirganidan keyin ham, Unga xizmat qilmay qo‘ysak, bu bilan Shaytonni xursand qilgan bo‘lamiz, xolos. (2 Korinfliklarga 2:5–7, 11 ni solishtiring.)

14. Yahova bizni kechirishini qayerdan bilamiz?

14 Lekin biz: «Yahova meni kechirganini qayerdan bilaman?» — deb o‘ylab qolarmiz. Bu savolni berganingizning o‘zi, Yahova sizni kechira olishini ko‘rsatadi. O‘nlab yillar oldin «Qo‘riqchi minorasi»da o‘tmishdagi yomon odatlarimizni yana takrorlasak, o‘zimizni qanday his qilishimiz to‘g‘risida gap borgandi. O‘sha maqolada quyidagicha deyilgandi: «Umidingizni yo‘qotmang. Kechirib bo‘lmaydigan gunoh qildim, deb o‘ylamang. Shayton aynan shunday fikrda bo‘lishingizni xohlaydi. Qilgan xatoingizdan qayg‘uga botib o‘zingizni koyiganingiz yomon odam emasligingizni va Yahova sizni kechirishi mumkinligini ko‘rsatyapti. Kamtarlikni yo‘qotmang. Yahova sizni kechirishini, yana toza vijdonga ega bo‘lishingizga va bu xatoni takrorlamasligingizga yordam berishini so‘rab tinmay ibodat qiling. Masalan, bola o‘sha-o‘sha xatoni qanchalik tez-tez takrorlamasin, doim otasidan yordam so‘raydi. Shu kabi siz ham Yahovadan yordam so‘rashda davom eting va U sizga ko‘mak beradi. Sababi, Tangrimiz inoyatlidir».

15, 16. Ba’zilar Yahova ularni kechirishini tushunganida, bu ularga qanday ta’sir qilgan?

15 Yahovaning ko‘plab xizmatchilari U kechirimli Xudo ekani ustida mulohaza yuritib, dalda olishdi. Masalan, bir necha yil oldin «Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartira oladi» nomli turkumda bir opamizning tarjimai holi keltirilgan edi. Ushbu maqolada opamiz o‘tmishdagi yomon ishlari tufayli, Yahova uni yaxshi ko‘rishidan shubhalangan. U suvga cho‘mganidan keyin ham yillar mobaynida bu tuyg‘ular bilan kurashgan. Biroq, opamiz to‘lov qurbonligi borasida chuqur mulohaza yuritdi va u vaziyatga boshqacha qaray boshladi *.

16 Bu opamizning tarjimai holidan bitta birodarimiz qanday dalda oldi? U quyidagicha yozdi: «Men tez-tez pornografiya tomosha qilar edim va bu vasvasaga qarshi turish juda qiyin kechardi. Yaqinda bu hol yana takrorlandi. Keyin oqsoqollardan yordam so‘radim va ularning ko‘magi bilan bu muammoga qarshi tura olyapman. Oqsoqollar meni Xudoning sevgisiga hamda Uning rahm-shafqatiga ishontirishdi. Biroq ba’zida o‘zimni bunga arzimayman, deb o‘ylayman, xuddi Yahova meni seva olmaydiganday tuyuladi. Tarjimai holni [opamizning misolini] o‘qish menga juda yordam berdi. Xudo meni kechira olmaydi, deb o‘ylaganimda, go‘yoki Isoning to‘lov qurbonligi gunohlarimni qoplash uchun yetarli emas, deganday bo‘lishimni endi tushunib yetdim. O‘zimni noloyiq his qilganimda, ushbu maqolani o‘qib, ustida mulohaza yuritish uchun uni qirqib oldim».

17. Qay yo‘sin havoriy Pavlus haddan ortiq aybdorlikni his qilish tuzog‘idan qochgan?

17 Bu kabi tarjimai hollar bizga havoriy Pavlusni eslatadi. U masihiy bo‘lishidan oldin ba’zi jiddiy gunohlarga qo‘l urgan. Pavlus nima qilganlarini eslagan, lekin o‘tmishi bilan yashamagan. (1 Tim. 1:12–15) U to‘lov qurbonligini shaxsan unga berilgan hadya, deb bilgan. (Galat. 2:20) Shu yo‘sin Pavlus haddan ortiq aybdorlikni his qilish tuzog‘iga berilmay, bor diqqatini bu yog‘iga Yahovaga eng yaxshisini berishga qaratgan.

DIQQATINGIZNI YANGI DUNYOGA QARATING!

Diqqatimizni yangi dunyoga qaratish qarorimiz qat’iy bo‘lsin (18-, 19-xatboshilariga qarang.) *

18. Ushbu maqolada nimalarni bilib oldik?

18 Ushbu maqolada ko‘rib chiqqan tuzoqlar haqida nimalarni bilib oldik? Birinchidan, yaxshi xotiralar Yahovadan tuhfadir. Ehtimol, o‘tmishdagi hayotimiz yaxshi o‘tgandir, ammo yangi dunyoda bizni kutayotgan kelajak bundan ham a’loroq bo‘ladi. Ikkinchidan, boshqalar bizni ranjitishi mumkin. Biroq ularni kechirganimizda, diqqatimizni Yahovaga xizmat qilishga qarata olamiz. Uchinchidan, haddan ortiq aybdorlik hissi Yahovaga quvonch ila xizmat qilishimizga xalaqit berishi mumkin. Shuning uchun Pavlus kabi Yahova bizni kechirganiga ishonishimiz kerak.

19. Yangi dunyoda bizni qayg‘uga soladigan hech narsani eslamasligimizni qayerdan bilamiz?

19 Abadiy yashash istiqboliga egamiz. Xudo va’da qilgan yangi dunyoda bizni qayg‘uga soladigan hech narsani eslamaymiz. O‘sha vaqt haqida Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «O‘tmishdagi narsalar esga olinmaydi». (Ishayo 65:17) Bir o‘ylab ko‘ring, ba’zilarimizning hayoti Yahovaga xizmat qilish bilan o‘tib, keksayib qoldik. Biroq yangi dunyoda yana yosharamiz. (Ayub 33:25) Shuning uchun, keling, o‘tmish bilan yashamaslik qarorimiz qat’iy bo‘lsin. Buning o‘rniga, diqqatimizni yangi dunyoga qaratib, u yerda bo‘lish uchun hozirdan jon kuydiraylik!

142-QO‘SHIQ Umidni mustahkam ushlaylik

^ 5- x.b. O‘tmishni xotirlash bizga foyda keltirilishi mumkin. Lekin bo‘lib o‘tgan voqealar borasida haddan ortiq ko‘p o‘ylasak, hozirda nima yuz berayotganini yoki kelajakda bizni nima kutayotganini nazardan chetda qoldirishimiz mumkin. Ushbu maqolada o‘tmish bilan yashash bizni qaysi uchta tuzoqqa ilintirishi mumkinligi to‘g‘risida gap boradi. Qolaversa, Muqaddas Kitob me’yorlari va hozirgi kundagi misollar mazkur tuzoqlardan qochishga qay yo‘sin yordam berishini ko‘rib chiqamiz.

^ 4- x.b. IBORA MA’NOSI. Bu maqolada «o‘tmish bilan yashash» deganda oldin biz bilan sodir bo‘lgan voqealar borasida hadeb o‘ylashni, shuningdek, nuqul bu haqda gapirishni, ularni ko‘z oldimizda jonlantirishni yoki o‘shanda hayotimiz yaxshiroq edi, deb fikr yuritishni o‘z ichiga oladi.

^ 58- x.b. RASMGA SHARHLAR. O‘tmishdagilarni qo‘msash, gina saqlash va haddan ortiq aybdorlikni his qilish xuddi og‘ir yukni sudrab yurishday gap. Shuningdek, ular hayotga olib boradigan yo‘lda olg‘a intilishimizga xalaqit beradi.

^ 65- x.b. RASMGA SHARHLAR. Bizni ezadigan bu yukdan forig‘ bo‘lganimizda, o‘zimizni yengil va baxtli his qilib, qayta kuchga to‘lamiz. Shunda nigohimiz oldinga boqa oladi.