Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Onezim va Jeraldin

Ona yurtiga qaytganlarni Yahova mukofotlaydi

Ona yurtiga qaytganlarni Yahova mukofotlaydi

O‘TMISHDA ko‘pgina birodar-u opa-singillar ko‘proq pul ishlash maqsadida boshqa mamlakatlarga ko‘chishgan. Hozirda esa ular ona yurtiga qaytib kelishdi. Yahovaga va odamlarga bo‘lgan sevgi ularni va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan hududlarga borib xizmat qilishga undadi. (Mat. 22:37–39) Bu imondoshlarimiz qanday fidoyiliklar qilishdi va Yahova ularni qay yo‘sin mukofotladi? Buni bilib olish uchun, keling, G‘arbiy Afrikada joylashgan Kamerun mamlakatiga diqqat qaratamiz.

«BALIQ OVLASH UCHUN TO‘G‘RI JOYDA TURISH»

1998-yilda Onezim ismli birodarimiz ona yurti bo‘lmish Kamerundan ko‘chib ketdi. U 14-yil davomida xorijda yashadi. Bir kuni yig‘ilishda va’zgo‘ylik faoliyati haqidagi misolni eshitdi. Ma’ruzachi shunday dedi: «Deylik, ikkita do‘st turli joyda baliq ovlasa, lekin biri ikkinchisidan ko‘proq tutayotgan bo‘lsa, kamroq baliq tutgan kishi, ko‘proq ovlayotgan do‘stining yoniga bormaydimi?»

Bu misol Onezimni Kamerunning ramziy ma’nodagi ko‘p baliq ovlash mumkin bo‘lgan hududlarga qaytib, u yerdagi mahalliy va’zgo‘ylarga yordam berish to‘g‘risida o‘ylantirib qo‘ydi. Lekin u xavotirlanardi. Xorijda shuncha yil yashagandan keyin u yana ona yurtiga qaytib, u yerdagi sharoitlarga ko‘nika oladimi? Onezim buni aniqlash maqsadida vaqtincha yashash uchun olti oyga Kamerunga jo‘nadi. So‘ng 2012-yilda butunlay ko‘chib o‘tdi.

U shunday deb bo‘lishdi: «Men Yig‘ilish zalidagi issiq havoga va yashash sharoitlariga, jumladan, qattiq o‘rindiqlarga ko‘nikishim kerak edi». Keyin tabassum ila so‘zida davom etib, quyidagicha dedi: «Dasturga qancha ko‘p diqqatimni qaratsam, shuncha boshqa Yig‘ilish zallaridagi qulay o‘rindiqlarni unutardim.»

2013-yilda Onezim Fransiyada to‘qqiz yil yashab, so‘ng Kamerunga qaytgan Jeraldin ismli imondoshimiz bilan oila qurdi. Xo‘sh, va’zgo‘ylik faoliyatini hayotida birinchi o‘ringa qo‘yib, bu juftlik qanday barakalarga ega bo‘ldi? Onezim quyidagicha dedi: «Birgalikda Shohlik xabarchilari maktabida ta’lim oldik hamda Baytilda xizmat qildik. Qolaversa, bir yilning o‘zida jamoatimizdagi Kalomni tadqiq qilayotgan 20 ta kishi suvga cho‘mdi. Endi o‘zimni baliq ovlash uchun to‘g‘ri joyda turgan kishiday his etyapman». (Mark 1:17, 18) Jeraldin esa shunday deb qo‘shib qo‘ydi: «Tasavvur qilganimdan ham ko‘proq barakalarga ega bo‘ldim».

MA’NAVIY FARZANDLARNI TOPISHDAGI QUVONCH

Judit va Sam-Kastel

Judit Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib kelgan. Biroq u xizmatini kengaytirishni xohlardi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Har safar oila a’zolarimni ko‘rish uchun Kamerunga borganimda, yig‘lardim, sababi bir necha kishi bilan boshlagan tadqiqlarni tashlab ketishga to‘g‘ri kelgan». Biroq Judit Kamerunga qayta ko‘chib kelishga ikkilanardi. Chunki uning yaxshi haq to‘lanadigan ishi bor edi va bu orqali Kamerundagi tibbiy yordamga muhtoj bo‘lgan otasining davolanishiga pul to‘lay olardi. Ammo u Yahovaga tayanib Kamerunga qaytib keldi. To‘g‘ri, u chet eldagi ayrim qulayliklarni sog‘inganini tan oldi. Biroq u Yahovadan moslasha olishi uchun yordam so‘rab ibodat qildi va tuman nozir bilan uning xotini unga dalda berishdi.

O‘tmishga nazar tashlab Judit shunday dedi: «Uch yil ichida ma’naviy farzandlarni topishdan quvonch his etdim». Judit maxsus kashshof bo‘lib xizmat qila boshladi. Hozirda u va uning turmush o‘rtog‘i Sam-Kastel tuman xizmatida ishtirok etishyapti. Juditning otasi bilan-chi, nima bo‘ldi? U va uning oilasi xorijda otasining jarrohlik amaliyotini bepul o‘tkazadigan kasalxonani topa olishdi. Quvonarlisi shundaki, otasining jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tdi.

YAHOVANING MADADINI HIS QILISH

Karolina va Viktor

Viktor ismli birodarimiz Kanadaga ko‘chib ketgan edi. «Qo‘riqchi minorasi» jurnalidan oliy ma’lumot to‘g‘risida o‘qigach, u o‘zining o‘qishi to‘g‘risida o‘ylanib qoldi. Viktor universitetidagi o‘qishini qoldirib, hunar o‘rganishga ko‘maklashadigan qisqa muddatli kurslarga qatnay boshladi. U shunday deb bo‘lishdi: «Bu tez orada ish topishimga yordam berdi va men anchadan beri qilishni xohlagan ishimni, ya’ni kashshoflik xizmatimni boshlay oldim». Keyinchalik Viktor Karolina bilan oila qurdi va bu juftlik Kamerunga bordi. Filialdagi tashrif davomida ba’zi birodarlar ularni Kamerunda xizmat qilish to‘g‘risida o‘ylab ko‘rishga undashdi. Viktor quyidagicha dedi: «Bu taklifni rad etish uchun bizda sabab yo‘q edi. Sodda hayot kechirganimiz bois, taklifni qabul qila oldik». Garchi Karolinada ba’zi sog‘liq muammolari bo‘lsa-da, ular ko‘chishga qaror qilishdi.

Viktor va Karolina doimiy kashshof bo‘lib, u yerda Muqaddas Kitobga qiziqish bildirganlarga yordam bera boshlashdi. Boshida ular ishlamay xizmat qilishlari uchun pul jamlab qo‘yishgandi. Keyinchalik ular bir necha oy Kanadaga borib ishlashdi, bu orqali Kamerunga qaytib kashshoflik xizmatini davom ettira olishdi. Viktor va Karolina qanday barakalarga ega bo‘lishdi? Ular Shohlik xabarchilari maktabida o‘qib, maxsus kashshof bo‘lib xizmat qilishdi. Hozirda esa ular o‘z faoliyatlarini qurilish xizmatchilari sifatida davom ettirib kelishyapti. Viktor yana shunday dedi: «Qulay sharoitlarni qoldirib, Yahovaning madadini his etdik».

ODAMLARGA O‘ZINI YAHOVAGA BAG‘ISHLASHGA KO‘MAKLASHIB QUVONCH TOPISH

Stefani va Alen

2002-yilda Alen ismli birodarimiz Germaniyadagi universitet talabasi edi. U «Yoshlar, hayotingizni nimaga bag‘ishlaysiz?» nomli buklamani o‘qigach, u yerdagi fikrlar uni yangi maqsadlar qo‘yishga undadi. Alen 2006-yilda Xizmat malakasini oshirish maktabida ta’lim oldi va uni tug‘ilgan yurtiga, ya’ni Kamerunga tayinlashdi.

Alen u yerda yarim kunlik ishga kirdi. Sal o‘tib u yaxshi maoshli ishga joylashdi, lekin u oldingiday ko‘p va’z qilishda hamda ta’lim berish ishida qatnasha olmaganidan xavotirlanardi. Shu bois, uni maxsus kashshof bo‘lib xizmat qilishga taklif qilishganda u ikkilanmay rozi bo‘ldi. Uning ish boshqaruvchisi unga ishda qolishi uchun katta maosh taklif qildi, ammo u o‘z qarorida qat’iy turdi. Ko‘p o‘tmay Alen bir necha yil davomida Fransiyada yashagan Stefani bilan oila qurdi. Kamerunga ko‘chib kelgach, Stefani qanday qiyinchiliklarga duch keldi?

Stefani shunday deb aytdi: «Men ba’zi kichik sog‘liq muammolari hamda allergiyalarni orttirdim, lekin muntazam muolajalarni olib turganim tufayli ancha yengillik his etdim». Bu juftlik sabr-bardoshi uchun mukofotlandi. Alen quyidagicha dedi: «Va’z qilish uchun Kate nomli olis qishloqqa borganimizda, Kalomni tadqiq qilishni istagan bir necha kishini uchratdik. Keyinchalik ular bilan telefon orqali tadqiq o‘tkaza boshladik. Ulardan ikkitasi suvga cho‘mdi va besh kishidan iborat va’zgo‘ylik guruhi tashkil etildi». Stefani esa quyidagicha dedi: «Odamlarga o‘zini Yahovaga bag‘ishlashga ko‘maklashishdan ortiq quvonch yo‘q. Bu yerda xizmat qilib ko‘p marotaba aynan shu quvonchni his etdik». Hozirda Alen va Stefani tuman xizmatida qatnashyapti.

«AYNAN QILISHIMIZ KERAK BO‘LGAN ISHNI BAJARDIK»

Leons va Jizel

Jizel Italiyada tibbiyot oliygohida ta’lim olayotganida suvga cho‘mgan. Jizel u bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazgan kashshof bir juftlikning sodda hayot kechirishini ko‘rib, qoyil qoldi va ko‘proq xizmat qilishni xohladi. Shu sababdan o‘qishini tugatish arafasida, u doimiy kashshof bo‘lib xizmat qila boshladi.

Jizelda Kamerunga qaytib Yahovaga ko‘proq xizmat qilish istagi bor edi, lekin u muayyan narsalar borasida tashvishlanardi. U quyidagicha dedi: «Men Italiyadagi yashash joyimni hamda do‘stlarim-u oilamni qoldirib qaytib borishim kerak edi». Bunga qaramay, 2016-yil may oyida Jizel Kamerunga qaytib ko‘chib o‘tdi.

Muayyan vaqt o‘tib u Leons ismli birodarga turmushga chiqdi va Kamerundagi filial ularga va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan Ayos shaharchasiga ko‘chishni tavsiya qildi.

Qiziq, Ayosda hayot qanday bo‘lgan? Jizel quyidagicha bo‘lishdi: «U yerda ko‘pincha haftalab chiroq bo‘lmasdi va telefonlarimizni quvvatlantira olmasdik. Aksar hollarda ular ishlamasdi. O‘tin yoqib ovqat pishirishni o‘rgandim va zambilg‘altak hamda fonarni o‘zimiz bilan olib, kechasi odam kam bo‘lgan paytda suv olishga borardik». Jizel hamda uning eriga sabr-bardosh qilishga nima ko‘maklashdi? Jizel shunday dedi: «Yahovaning muqaddas ruhi hamda turmush o‘rtog‘imning ko‘magi, shuningdek, do‘stlarim-u oilamning daldasi va ba’zida bergan moddiy yordami bu qiyinchiliklarni yengishimizga ko‘maklashdi»

Jizel ona yurtiga qaytganidan baxtiyormi? «Bo‘lmasam-chi!» — deb aytdi u. So‘zida davom etib quyidagicha bo‘lishdi: «Boshida qiyinchiliklarga duch kelardik hamda tushkunlikka tushardik, lekin ularni yengganimizda erim va men aynan qilishimiz kerak bo‘lgan ishni bajardik, deb aytardik. Biz Yahovaga ishonamiz va o‘zimizni Unga yaqinroq his qilyapmiz». Leons va Jizel Shohlik xabarchilari maktabida o‘qishdi hamda hozirda ular vaqtinchalik maxsus kashshof bo‘lib xizmat qilmoqda.

Baliqchilar ko‘p baliq ovlash maqsadida har qanday qiyinchiliklarda jasoratli bo‘lishi kerak. Shunga o‘xshab ona yurtiga qaytganlar xushxabarni qabul qilgan samimiy odamlarga yordam berish uchun fidoyiliklar qilishga tayyor bo‘ladi. Shubhasizki, Yahova bu mehnatkash va’zgo‘ylar Uning ismiga ko‘rsatgan sevgini unutmaydi. (Naxim. 5:19; Ibron. 6:10) Xorijda yashayotgan bo‘lsangiz va ona yurtingizda va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lsa, u yerga ko‘chib borasizmi? Agar shunday yo‘l tutsangiz, sizni mo‘l-ko‘l barakalar kutadi. (Hik. 10:22)