TARJIMAI HOL
«Yahova meni unutmadi»
MEN Janubiy Amerikaning Gayanadagi aholisi 2 000 kishidan iborat Orille nomli Amerika indeyslari qishlog‘ida yashayman. Qishloq olisda joylashgan. U yerga kichik samolyotda yoki qayiqda yetib borishingiz mumkin.
Men 1983-yilda tug‘ilganman. Boshida sog‘lom bola bo‘lganman, lekin o‘n yoshimda butun badanimda qattiq og‘riq seza boshlaganman. Taxminan ikki yildan keyin ertalab uyg‘onganimda, qimirlay olmay qoldim. Oyoqlarimni qimirlatishga qancha urinmayin, ularda kuch yo‘q edi. O‘sha kundan boshlab men yurolmay qoldim. Kasalligim sabab o‘sishdan to‘xtadim. Ayni paytda bo‘yim bolanikiday kichkina.
Kasal bo‘lib uydan chiqolmay qolganimdan bir necha oy o‘tgach, biznikiga ikkita Yahovaning Shohidi tashrif buyurdi. Odamlar biznikiga kelganida odatda ulardan yashirinishga harakat qilardim, ammo o‘sha kuni men Shohid ayollar bilan gaplashdim. Ular jannat haqida gapirishganida, bu menga taxminan besh yoshimda eshitganlarimni eslatdi. O‘sha paytda qishlog‘imizga oyida bir marta Surinamda yashagan Jetro ismli to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y kelardi va dadam bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazardi. Jetro menga juda mehribon edi. Men unga qattiq bog‘lanib qolgan edim. Bundan tashqari, ba’zida dadamning ota-onasi Shohidlarning qishlog‘imizda o‘tadigan yig‘ilishlariga meni olib borishardi. O‘sha kuni Florens, ya’ni biznikiga kelgan ayollardan biri mendan ko‘proq bilishni istashimni so‘raganida men «ha» deb javob berdim.
Yanagi safar Florens turmush o‘rtog‘i Yustus bilan keldi va ular ikkalasi men bilan Muqaddas Kitobni tadqiq qila boshladi. Ular o‘qishni bilmasligimdan xabar topgach, menga o‘qishni o‘rganishga ko‘maklashishdi. Muayyan vaqtdan keyin mustaqil o‘qiydigan bo‘ldim. Kunlarning birida bu juftlik menga ularni Surinamga tayinlashganini aytdi. Afsuski, Orilleda men bilan tadqiqni davom ettira oladigan odam topilmadi. Yaxshiyamki, Yahova meni unutmadi.
Bundan ko‘p o‘tmay, Orillega Floyd ismli kashshof keldi va u bir kulbadan ikkinchisiga yurib va’z qilganda meni uchratdi. U Muqaddas Kitob tadqiqi haqida og‘iz ochganda men jilmayib qo‘ydim. U mendan: «Nega jilmayyapsiz?» — deb so‘radi. Men unga allaqachon «Xudo bizdan nima talab qilyapti?» risolasini tadqiq qilganimni va «Abadiy hayotga olib boruvchi bilim» * kitobini boshlab qo‘yganimni aytdim, so‘ng unga tadqiq nega to‘xtab qolganini tushuntirdim. Floyd «Bilim» kitobi asosida tadqiqni oxiriga yetkazdi, lekin uni ham boshqa yerda xizmat qilishga tayinlashdi. Tadqiqim yana chala qoldi.
Biroq 2004-yili Orillega Granville va Joshua ismli ikkita maxsus kashshof tayinlandi. Ular bir kulbadan ikkinchisiga yurib va’z qilganda meni uchratishdi. Ular mendan Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni istashim haqida so‘rashganida, men jilmayib qo‘ydim. Men ulardan «Bilim» kitobini boshidan o‘rgatishni so‘radim. Ular ham sobiq ustozlarimga o‘xshab o‘sha-o‘sha narsalarni o‘rgatarmikin, deb qiziqdim. Granville menga qishloqda yig‘ilishlar o‘tayotgani haqida aytdi. Deyarli o‘n yil uydan chiqmaganimga, u yerga borishni istadim. Shunda Granville uyimga keldi-da, meni nogironlar aravachamga o‘tqazib, Yig‘ilish zaliga olib bordi.
Keyinroq Granville meni Voizlik maktabiga yozilishga undadi. U menga shunday dedi: «Oyoqlaringiz ishlamasa ham, gapira olasiz. Kuni kelib siz ham ommaviy nutq bilan chiqasiz. Buni albatta qila olasiz». Uning daldali so‘zlari menga ishonch baxsh etdi.
Men Granville bilan va’zgo‘ylikda ishtirok eta boshladim. Biroq qishlog‘imizning ko‘pgina loy yo‘llari rosa o‘nqir-cho‘nqir bo‘lganiga nogironlar aravachasi yura olishi qiyin edi. Shunda Granvilledan meni zambilg‘altakka mindirib olib yurishni so‘radim. Bu ish berdi. 2005-yilning aprelida suvga cho‘mdim. Bundan ko‘p o‘tmay, birodarlar menga jamoat adabiyotlari hamda Yig‘ilish zalining tovush tizimiga g‘amxo‘rlik qilishni o‘rgatishdi.
Afsuski, 2007-yili dadam qayiqda baxtsiz hodisaga uchrab halok bo‘ldi. Bu oilamiz uchun qattiq zarba bo‘ldi. Granville biz uchun ibodat qildi va Muqaddas Kitobdan tasalli beruvchi oyatlar o‘qib berdi. Ikki yildan so‘ng boshqa bir fojia bizni esankiratib qo‘ydi. Granville ham qayiqda baxtsiz hodisaga uchrab halok bo‘ldi.
Kichik, qayg‘uga botgan jamoatimiz oqsoqolsiz qoldi, faqat bitta jamoat xizmatkori bor edi. Granvillening o‘limi juda og‘riqli bo‘ldi, u qadrdon do‘stim edi. U sadoqat ila ma’naviy hamda jismoniy ehtiyojlarimni qondirishga yordam berib kelardi. Uning o‘limidan keyingi hafta «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqida men qiroat qilish topshirig‘i bilan chiqdim. Birinchi va ikkinchi xatboshilarini o‘qidim, lekin yig‘lay boshladim va ko‘z yoshlarimni to‘xtata olmadim. Men sahnada ortiq qololmadim.
Boshqa jamoatdan bizga yordam berish uchun Orillega birodarlar kelganida ancha o‘zimga kelib qoldim. Shuningdek, filial Kojo ismli maxsus kashshofni ham jo‘natdi. Buni qarangki, oyim va ukam tadqiq boshlashdi va suvga cho‘mishdi. Bundan rosa suyundim. Keyin 2015-yil mart oyida men jamoat xizmatkori etib tayinlandim. Bir muncha vaqtdan keyin men ilk ommaviy nutqimni so‘zladim. O‘sha kuni yillar oldin Granville menga aytgan so‘zlarni eslab chehramda tabassum yugurdi, ko‘zlarimda esa minnatdorchilik yoshlari qalqidi: «Kuni kelib siz ham ommaviy nutq bilan chiqasiz. Buni albatta qila olasiz».
JW Internet-televideniesining ko‘rsatuvlari orqali men kabi vaziyatda bo‘lgan Shohidlar haqida bilib oldim. Nogiron bo‘lishiga qaramay, ular samarali va baxtli hayot kechirishardi. Menga kelsak, ba’zi narsalarni qilish qo‘limdan keladi. Men Yahovaga ko‘proq berishni istardim va shu sabab doimiy kashshoflikni boshladim. 2019-yil sentabrda kutilmagan bir yangilik eshitdim! O‘sha oyda men 40 ta va’zgo‘ydan iborat jamoatimizning oqsoqoli etib tayinlandim.
Men bilan tadqiq o‘tkazgan va Yahovaga xizmat qilishga ko‘maklashgan aziz birodar-u opa-singillardan minnatdorman. Hammasidan ham ko‘proq meni unutmagan Yahovaga katta rahmat deyman!
^ 8- x.b. Bu kitob ilgari Yahovaning Shohidlari tomonidan chop etilgan, hozir esa nashr qilinmaydi.