Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

45- TADQIQ MAQOLASI

Bir-biringizga mehr-sadoqat ko‘rsatishda davom eting

Bir-biringizga mehr-sadoqat ko‘rsatishda davom eting

Bir-biringizga mehr-sadoqat va rahm-shafqat bilan muomalada bo‘linglar. ZAKR. 7:9

107-QO‘SHIQ Alloh — sevgi namunasidir

BU MAQOLADA *

1, 2. Bir-birimizga mehr-sadoqat ko‘rsatishimizning qanday sabablari bor?

BIR-BIRIMIZGA mehr-sadoqat ko‘rsatish uchun ajoyib sabablarimiz bor. Xo‘sh, ulardan ba’zilari qanday? Buning javobini Muqaddas Kitobdagi hikmatli so‘zlardan topishimiz mumkin. «Vafo bilan mehr-sadoqatdan ayrilma... Shunda Tangri va insonlar nazarida iltifot topib, fahm-farosatli bo‘lib tanilasan». «Mehr-sadoqatli odamning joni orom topadi». «Adolat-u mehr-sadoqatga intilgan hayotga... sazovor bo‘ladi». (Hik. 3:3, 4; 11:17, izoh; 21:21)

2 Ushbu hikmatli so‘zlarda mehr-sadoqat ko‘rsatishimiz kerakligining uchta sababi bor. Birinchisi, bu fazilatni ko‘rsatsak, Yahovaning nazarida qadrli bo‘lamiz. Ikkinchisi, mehr-sadoqat ko‘rsatib o‘zimiz foyda olamiz. Masalan, boshqalar bilan yaqin do‘st tutinamiz. Uchinchisi, kelajakda barakalarga, jumladan, abadiy hayotga ega bo‘lamiz. Darhaqiqat, Yahovaning: «Bir-biringizga mehr-sadoqat va rahm-shafqat bilan muomalada bo‘linglar»,— degan eslatmasiga amal qilish uchun yetarlicha sabablarimiz bor. (Zakr. 7:9)

3. Ushbu maqolada qaysi savollarni muhokama qilamiz?

3 Ushbu maqolada quyidagi to‘rtta savolga javob topamiz: «Kimlarga mehr-sadoqat ko‘rsatishimiz kerak? Mehr-sadoqat namoyon etish borasida Rut kitobidan nimalarni o‘rganishimiz mumkin? Hozirda mehr-sadoqatni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz? Mehr-sadoqat ko‘rsatayotganlar bundan qanday foyda oladi?»

KIMLARGA MEHR-SADOQAT KO‘RSATISHIMIZ KERAK?

4. Mehr-sadoqat ko‘rsatishda Yahovaga qanday taqlid qilishimiz mumkin? (Mark 10:29, 30)

4 Oldingi maqoladan bilib olganimizday, Yahova mehr-sadoqatni faqat Uni sevadigan va Unga xizmat qiladigan odamlarga ko‘rsatadi. (Don. 9:4) «Sevikli bolalar singari Allohga taqlid qilishni» xohlaymiz. (Efes. 5:1) Shuning uchun, birodar-u opa-singillarimizga mehr-sadoqat namoyon etishni istaymiz. (Mark 10:29, 30 ni o‘qing.)

5, 6. Odatda sadoqat so‘zi nimani anglatadi?

5 Mehr-sadoqatning ma’nosini qanchalik yaxshi tushunsak, uni imondoshlarimizga shunchalik yaxshi namoyon etishimiz mumkinligiga qo‘shilsangiz kerak. Buni yanada yaxshiroq tushunish uchun uni odamlar ishlatadigan sadoqat so‘zi bilan solishtirib ko‘raylik. Keling, bir misolga diqqat qaratamiz.

6 Tasavvur qiling, bir kishi kompaniyada ko‘p yillardan beri sadoqat ila ishlab kelyapti. Ehtimol, u bu vaqt davomida hech bir boshlig‘ini ko‘rmagan. Bundan tashqari, ularning shartlarini yoqtirmasligi mumkin. Unga ish joyi yoqmaydi, lekin maosh tufayli ishlab yuribdi. U nafaqaga chiqquniga yoki boshqa ish topguniga qadar o‘sha yerda ishlaydi.

7, 8. a) Mehr-sadoqatni ko‘rsatishga bizni nima undaydi? b) Nega Rut kitobidan bir nechta oyatlarni ko‘rib chiqamiz?

7 Oltinchi xatboshida ko‘rib chiqilgan sadoqat va mehr-sadoqat o‘rtasidagi farq insonning niyatiga borib taqaladi. Qiziq, nima uchun Xudoning xizmatchilari qadimda mehr-sadoqat ko‘rsatgan? Ular majburiyat yuzasidan emas, balki chin qalbdan istagani uchun mehr-sadoqat ko‘rsatgan. Masalan, Dovudni olaylik. Yo‘natanning otasi Shoul Dovudni o‘ldirmoqchi edi. Bunga qaramay, u do‘sti Yo‘natanga mehr-sadoqat ko‘rsatgan. Hatto Yo‘natanning o‘limidan yillar o‘tib, u Yo‘natanning o‘g‘li Mefibositga mehr-sadoqat ko‘rsatishdan to‘xtamagan. (1 Shoh. 20:9, 14, 15; 2 Shoh. 4:4; 8:15; 9:1, 6, 7)

8 Muqaddas Yozuvlardagi Rut kitobidan bir nechta oyat yordamida mehr-sadoqat haqida ko‘p narsalarni bilib olishimiz mumkin. Bu kitobda tilga olingan kishilar borasida qanday saboq olyapmiz? O‘rganganlarimizni jamoatda qanday qo‘llashimiz mumkin? *

MEHR-SADOQAT NAMOYON ETISH BORASIDA RUT KITOBIDAN NIMALARNI O‘RGANISHIMIZ MUMKIN?

9. Nima uchun Naima bo‘lgan voqealarda Yahovani aybladi?

9 Rut kitobida Naima, uning kelini Rut va Boz ismli kishi haqida o‘qiymiz. Boz xudojo‘y kishi bo‘lib, Naimaning eriga qarindosh edi. Isroilda ocharchilik bo‘lganda Naima va eri ikkita o‘g‘li bilan Mo‘ab yurtiga ko‘chib ketdi. U yerda Naimaning eri vafot etdi. Uning ikkita o‘g‘li uylandi, lekin afsuski, ular ham hayotdan ko‘z yumdi. (Rut 1:3–5; 2:1) Bular uning ruhini tushirdi, u shunchalik tushkunlikka tushgan ediki, hatto bunda Yahovani aybladi. Quyida Xudo haqida nima deganini o‘qishimiz mumkin: «Yahovaning qo‘li menga qarshi ko‘tarilgan». «Qodir Tangri hayotimni achchiq qildi... Yahova menga qarshi chiqib, Qodir Tangri boshimga musibat yog‘dirgan». (Rut 1:13, 20, 21)

10. Naimaning achchiq so‘zlariga Yahova qanday munosabat ko‘rsatdi?

10 Naimaning bunday achchiq so‘zlariga Yahova qanday munosabat ko‘rsatdi? U Naimadan yuz o‘girmadi, aksincha, unga hamdard ekanini ko‘rsatdi. Yahova «jabr-zulm dononi aqlsizlik qilishga undashini» tushunadi. (Voiz 7:7) Biroq baribir Naima Yahova uni tashlab qo‘ymaganini ko‘rish uchun yordamga muhtoj edi. Xo‘sh, Xudo unga qanday yordam berdi? (1 Shoh. 2:8) U Rutni Naimaga mehr-sadoqat ko‘rsatishga undadi. Rut qaynanasi Naimaga ma’nan va hissan tiklanishi uchun chin qalbdan mehr ila yordam berdi. Rutning misolidan nimani o‘rganyapmiz?

11. Nega mehribon imondoshlarimiz ruhi tushgan birodar-u opa-singillarga yordam beryapti?

11Mehr-sadoqat bizni ruhi tushganlarga yordam berishga undaydi. Rut Naima bilan birga qolganiday, mehribon imondoshlarimiz qayg‘urayotgan yoki ruhi tushgan birodar-u opa-singillarga yordam beryapti. Bu imondoshlarimiz ularni yaxshi ko‘radi va yordam berish uchun qo‘lidan kelganini qilishga intiladi. (Hik. 12:25, 24:10) Havoriy Pavlus bizni shunday yo‘l tutishga undagan: «Ruhi tushganlarga tasalli beringlar, kuchsizlarga yordamlashinglar, hamma odamlarga sabr-toqatli bo‘linglar». (1 Salon. 5:14)

Tushkunlikda bo‘lgan imondoshimizni tinglash orqali unga yordam bera olamiz (12- xatboshiga qarang.)

12. Ruhi tushgan birodar-u opa-singillarga yordam berishning eng samarali yo‘li ko‘pincha qanday?

12 Ruhi tushgan birodar-u opa-singillarimizga yordam berishning eng samarali yo‘li ko‘pincha ularni tinglash va sevgimizga ishontirishdir. Yahovaning qimmatbaho qo‘zichoqlariga mehr ila yordam bersak, bu Uning e’tiboridan chetda qolmaydi. (Zab. 41:1) Hikmatlar 19:17 da shunday deyilgan: «Bechoraga mehr ko‘rsatgan Tangri Yahovaga qarz beradi, U esa qilgan yaxshiligini qaytaradi».

Rut qaynanasi Naima bilan qoldi, O‘rpa esa Mo‘abga qaytdi. Rut Naimaga: «Siz qayerga borsangiz, o‘sha yerga boraman»,— dedi. (13- xatboshiga qarang.)

13. Rutning qarori O‘rpanikidan qanday farq qilgan va Rut qay yo‘sin mehr-sadoqatni ko‘rsatdi? (Muqovadagi rasmga qarang.)

13 Naimaning eri va o‘g‘illari hayotdan ko‘z yumganidan keyin yuz bergan voqealar haqida fikr yuritganimizda, mehr-sadoqat qanday fazilat ekanini yaxshiroq tushunamiz. Naima «Yahova O‘z xalqiga nazar solib, ularga rizqini bergani haqida eshitganida», uyiga qaytishga qaror qildi. (Rut 1:6) Ikkita kelini unga ergashdi. Lekin ular yo‘lda ketayotganida Naima ularga uch marta Mo‘abga qaytishni aytdi. Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? Muqaddas Kitobda quyidagilarni o‘qiymiz: «O‘rpa qaynonasi o‘pib, u bilan xayrlashdi-da, ketdi. Rut esa uning yonida qoldi». (Rut 1:7–14) O‘rpa qaynonasi aytganday qildi va Mo‘abga qaytdi. Lekin Rut Naimaning foydasini ko‘zlab, ko‘prog‘ini qildi. Rut uyiga qaytishi mumkin edi. Lekin qaynonasi bilan qolishga qaror qildi. (Rut 1:16, 17) Buni majburligidan emas, balki xohlagani uchun qildi. Bu bilan Rut mehr-sadoqat ko‘rsatdi. Bundan qanday saboq olyapmiz?

14. a) Birodar-u opa-singillarimiz nima qilishga tayyor? b) Ibroniylarga 13:16 ga ko‘ra, Yahovani qay yo‘sin mamnun qila olamiz?

14Mehr-sadoqat keragidan ortig‘ini qilishga undaydi. O‘tmishda bo‘lganiday, bugungi kunda ham ko‘pgina birodar-u opa-singillarimiz imondoshlariga, hatto o‘zi tanimaydiganlarga mehr-sadoqat ko‘rsatyapti. Masalan, bu imondoshlarimiz tabiiy ofat yuz bergani haqida xabar topsa, zudlik bilan o‘z yordamini taklif qiladi. Jamoatda kimdir moddiy tomondan qiynalsa, ikkilanmasdan ularga amaliy yordam ko‘rsatadi. Birinchi asrdagi makedoniyaliklar kabi ular ko‘prog‘ini qilishga tayyor. Ular yordamga muhtoj birodar-u opa-singillarga ko‘maklashish uchun keragidan ham «ortig‘ini qilib», vaqtini va bor narsasini ayamaydi. (2 Kor. 8:3) Bunday ruhni namoyon etayotganlar imondoshlarni ko‘rib, Yahova juda mamnun bo‘ladi. (Ibroniylarga 13:16 ni o‘qing.)

HOZIRDA MEHR-SADOQATNI QAY YO‘SIN KO‘RSATA OLAMIZ?

15, 16. Rut taslim bo‘lmaganini qanday ko‘rsatdi?

15 Rut Naimaga qanday yordam berganidan ko‘p foydali saboq olsak bo‘ladi. Keling, ba’zilarini ko‘rib chiqaylik.

16Taslim bo‘lmang. Rut qaynonasi bilan birga Yahudoga borishni taklif qilganida, u boshida ko‘nmadi. Lekin u taslim bo‘lmadi. Xo‘sh, natijasi qanday bo‘ldi? «Naima Rutning u bilan birga ketishga qarori qat’iy ekanini ko‘rib, uni fikridan qaytarishga boshqa urinmadi». (Rut 1:15–18)

17. Osonlikcha taslim bo‘lmaslikka bizga nima yordam beradi?

17Bundan qanday saboq olyapmiz? Tushkunlikka tushgan imondoshlarimizga yordam berish uchun sabr-toqat kutiladi. Lekin taslim bo‘lmasligimiz kerak. Imondoshimiz avvaliga yordam qo‘lini rad etishi mumkin. Biroq mehr-sadoqat bizni unga ko‘maklashishga undaydi. (Galat. 6:2) Umid qilamizki, vaqti kelib u yordamimizni qabul qiladi va ko‘nglini ko‘tarishimizga rozi bo‘ladi.

18. Nima tufayli Rutning ko‘ngli tushishi mumkin edi?

18Yuragingizga yaqin olmang. Naima va Rut Baytlahmga kelganida Naima oldingi qo‘shnilarini uchratgan. U ularga: «Bu yerdan ketayotganimda har jihatdan to‘kis edim, ammo Yahova meni bo‘sh qo‘l bilan qaytardi»,— deb aytgan. (Rut 1:21) Bu so‘zlarni eshitgan Rut nimalarni his qilganini bir tasavvur qiling. U Naimaga yordam berish uchun jon kuydirgandi. U bilan birga yig‘lagandi, unga tasalli bergandi va ko‘p kun davomida u bilan birga yo‘l yurib kelgandi. Naima bo‘lsa: «Yahova meni bo‘sh qo‘l bilan qaytardi»,— deb aytgan. Bu so‘zlari bilan Naima unga yelkadosh bo‘lib kelgan Rutning yordamini qadrlamaganini ko‘rsatdi. Bu tufayli Rutning ko‘ngli tushgan bo‘lsa kerak. Bularning bariga qaramay, Rut Naimani tashlab ketmadi.

19. Tushkunlikka tushgan imondoshimizning yonida bo‘lishga nima yordam beradi?

19Bundan qanday saboq olyapmiz? Biz ham tushkunlikka tushgan biror imondoshimizga yordam bermoqchi bo‘larmiz. Lekin harakatlarimizga qaramay, u bizni ranjitadigan so‘zlar aytishi mumkin. Ammo buni yuragimizga yaqin olmaslikka harakat qilamiz. Bu yordamga muhtoj bo‘lgan imondoshimizning yonida bo‘lib, Yahovadan unga dalda bera olishimiz uchun to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishini so‘raymiz. (Hik. 17:17)

Oqsoqollar Bozga qanday taqlid qila oladi? (20-, 21- xatboshilariga qarang.)

20. Rut nima tufayli kuchga to‘ldi?

20Kerakli vaqtda dalda bering. Rut Naimaga mehr-sadoqat ko‘rsatdi. Endi esa o‘zi daldaga muhtoj. Yahova Bozni unga dalda berishga undadi. U Rutga shunday dedi: «Bular uchun Yahova sizni taqdirlasin. Isroilning Tangrisi Yahovaning qanotlari ostida panoh izlab kelgan sizni U to‘liq mukofotlasin». Bu orombaxsh so‘zlar Rutga qattiq ta’sir qildi. U shunday javob berdi: «So‘zlaringiz bilan men cho‘ringizga tasalli berib, yupatdingiz». (Rut 2:12, 13) Rut yordamga muhtoj bo‘lganda Boz unga dalda berdi, bundan u kuchga to‘ldi.

21. Ishayo 32:1, 2 ga ko‘ra, g‘amxo‘r oqsoqollar nima qiladi?

21Bundan qanday saboq olyapmiz? Boshqalarga mehr-sadoqat ko‘rsatayotganlar ba’zida o‘zlari daldaga muhtoj bo‘ladi. Rut qaynonasi Naimaga g‘amxo‘rlik qilganini Boz ko‘rgan va uni bu uchun maqtagan. Bugun ham oqsoqollar birodar-u opa-singillarimiz boshqa imondoshlarga yordam berganini ko‘rganida, ularni samimiy maqtaydi. O‘z vaqtida aytilgan samimiy maqtov birodar-u opa-singillarimizga kuch beradi. Ular bu orqali imondoshlarimizga yordam berishda davom etadi. (Ishayo 32:1, 2 ni o‘qing.)

MEHR-SADOQAT KO‘RSATAYOTGANLAR BUNDAN QANDAY FOYDA OLADI?

22, 23. Naimaning nuqtai nazarida qanday o‘zgarish yuz berdi va bunga nima sabab bo‘ldi? (Zabur 136:23, 26)

22 Biroz vaqt o‘tgach, Boz Naima va Rutga saxiylik ila oziq-ovqat berdi. (Rut 2:14–18) Xo‘sh, Naima Bozning saxiyligiga qanday munosabat ko‘rsatdi? U: «Tiriklardan ham, o‘liklardan ham mehr-sadoqatini darig‘ tutmaydigan Yahova, o‘sha kishiga baraka bersin»,— deb aytdi. (Rut 2:20a) Naimaning nuqtai nazari butunlayin o‘zgardi. Bundan oldin u ko‘z yoshlar bilan: «Yahova menga qarshi chiqdi»,— deb aytgandi. Endi bo‘lsa, quvonchga to‘lib: «Mehr-sadoqatini darig‘ tutmaydigan Yahova»,— deb aytdi. Nima tufayli Naimaning nuqtai nazari o‘zgardi?

23 Nihoyat Naima hayotida Yahovaning qo‘lini ko‘ra boshladi. U Yahudoga qaytib ketayotganida, Yahova uni Rut orqali qo‘llab-quvvatladi. (Rut 1:16) Shuningdek, «qarindoshlik burchini o‘tay oladigan» kishilardan biri bo‘lgan Boz Naima va Rutga g‘amxo‘rlik qilgan. Naima bunda ham Yahovaning qo‘lini ko‘rgan *. (Rut 2:19, 20b) U shunday o‘ylagan bo‘lishi mumkin: «Endi tushundim, Yahova meni hech qachon tashlab ketmagan. U doimo men bilan bo‘lgan». (Zabur 136:23, 26 ni o‘qing.) Rut bilan Boz Naimaga yordam berishda davom etgani uchun u juda minnatdor bo‘lgan bo‘lsa kerak. Ularning uchalasi ham bundan xursand bo‘lganiga shubhamiz yo‘q.

24. Nega imondoshlarimizga doim mehr-sadoqatni ko‘rsatishni xohlaymiz?

24 Rut kitobidan mehr-sadoqat haqida nimalarni bilib oldik? Mehr-sadoqat bizni tushkunlikka tushgan imondoshlarimizga yordam berishda qat’iy bo‘lishga undaydi. Shuningdek, bu ularga yordam berish uchun fidoyilik ko‘rsatishni ham o‘z ichiga oladi. Oqsoqollar boshqalarga mehr-sadoqatni ko‘rsatadigan imondoshlarga o‘z vaqtida dalda berib turishi o‘rinli. Yordamga muhtoj bo‘lgan imondoshlarimiz ma’nan tiklanganini ko‘rganimizda suyunamiz. (Havor. 20:35) Xo‘sh, mehr-sadoqat ko‘rsatishimizning eng muhim sababi nima? Sababi, mehr-sadoqatga boy Yahovaga taqlid qilishni va Uni mamnun qilishni istaymiz. (Chiq. 34:6; Zab. 33:22)

130-QO‘SHIQ Kechirimli bo‘laylik

^ 5- x.b. Yahova imondoshlarimizga mehr-sadoqat ko‘rsatishimizni istaydi. Xudoning o‘tmishdagi ba’zi xizmatchilari bu fazilatni qanday ko‘rsatganini bilish orqali buni yaxshiroq tushunamiz. Mazkur maqolada Rut, Naima va Bozning misolidan qanday saboq olishimiz mumkinligini bilib olamiz.

^ 8- x.b. Bu maqoladagi saboqlarni yaxshiroq tushunish uchun Rut kitobining 1- va 2- boblarini o‘qib chiqishingizni tavsiya qilamiz.

^ 23- x.b. Bozning qarindoshlik burchi haqida ko‘proq ma’lumot olish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2012-yil 1-oktabr (rus) sonidagi 20- sahifada keltirilgan «Imonlariga ergashinglar. Yaxshi ayol» nomli maqolaga qarang.