Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

46- TADQIQ MAQOLASI

Yangi oila qurgan juftliklar, diqqatingizni Yahovaga xizmat qilishga qarating

Yangi oila qurgan juftliklar, diqqatingizni Yahovaga xizmat qilishga qarating

Yahova mening qudratim... qalbim Unga umid bog‘laydi. ZAB. 28:7

131-QO‘SHIQ «Alloh birga qo‘shganini bandasi ajratmasin»

BU MAQOLADA *

1, 2. a) Nima uchun yaqinda turmush qurgan juftliklar Yahovaga tayanishi kerak? (Zabur 37:3, 4) b) Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

TURMUSH qurish arafasidamisiz? Yoki yaqinda oila qurganmisiz? Agar shunday bo‘lsa, sevgan insoningiz bilan baxtli hayot kechirishni istaysiz. Albatta, turmush qiyinchiliklarsiz bo‘lmaydi va hayotingiz davomida muhim qarorlar chiqarishingizga to‘g‘ri keladi. Qiyinchiliklarga va chiqaradigan qarorlaringizga qanday yondashishingiz hayotingizga yaxshi yoki yomon ta’sir qilishi mumkin. Agar Yahovaga tayansangiz, dono qarorlar chiqarasiz, nikohingiz mustahkam bo‘ladi va o‘zingizni baxtliroq his qilasiz. Unga tayanmasangiz, oilangizda muammo paydo bo‘lishi va baxtingizga putur yetishi hech gap emas. (Zabur 37:3, 4 ni o‘qing.)

2 Ushbu maqola asosan yangi oila qurgan juftliklarga mo‘ljallangan. Shuningdek, barcha turmush qurgan juftliklar duch keladigan qiyinchiliklar haqida bilib olamiz. Qolaversa, bu maqolada Muqaddas Kitobdagi ba’zi sadoqatli erkag-u ayollarning misollaridan nimani o‘rganishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Muqaddas Kitobdagi bu misollardan olgan saboqlar bizga hayotimizning turli sohalarida, jumladan, nikohda ham asqatadi. Bundan tashqari, ba’zi zamonaviy juftliklarning misollaridan nimalarni o‘rganishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.

YAQINDA OILA QURGAN JUFTLIKLAR QANDAY QIYINCHILIKLARGA DUCH KELISHI MUMKIN?

Yaqinda turmush qurganlarga Yahovaga ko‘proq xizmat qilishga nima xalaqit berishi mumkin? (3-, 4- xatboshilariga qarang.)

3, 4. Yaqinda turmush qurgan juftlik qanday qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin?

3 Ba’zilar yaqinda oila qurganlarni hamma qatori yashashga undaydi. Masalan, ota-onasi va qarindoshlari ularga imkon qadar tezroq bolali bo‘lishni aytib, holi-joniga qo‘ymas. Yoki do‘stlari va qarindosh-urug‘lari yaxshi niyat ila uy-joy qilishga va qulay sharoit yaratish uchun ko‘p narsalarga ega bo‘lishga undashi mumkin.

4 Juftlik donolik ila qaror chiqarmasa, bo‘ynigacha qarzga botib ketishi mumkin. Natijada ham er, ham xotin qarzni qaytarish uchun kun bo‘yi ishlashi hech gap emas. Bu esa shaxsiy tadqiq, oilaviy topinish va xizmatga ketadigan vaqtni ham ishga sarflashga olib kelishi turgan gap. Bundan tashqari, qo‘shimcha pul topish yoki ishni yo‘qotmaslik uchun juftlik hatto yig‘ilishlarni qoldirishi mumkin. Oqibatda ular xizmatni kengaytirish kabi ajoyib imkoniyatlarni qo‘ldan boy beradi.

5. Klaus va Marisaning misolidan nimani o‘rgandingiz?

5 Kuzatuvlar shuni ko‘rsatyaptiki, hayotda moddiy narsalarni birinchi o‘ringa qo‘yish insonga chinakam baxt olib kelmaydi. Bu borada Klaus va Marisa ismli juftlik nimani o‘rganganiga diqqat qarataylik *. Ular turmush qurganida farovon hayot kechirish uchun ko‘p ishlardi. Lekin ular chinakam mamnuniyatni his qilmasdi. Klaus shunday deb tan oldi: «Biz keragidan ko‘p narsaga ega edik. Ammo hech qanday ma’naviy maqsadlarimiz bo‘lmagan. Ochig‘ini aytsam, hayotimiz murakkab va stresslarga to‘la edi». Balki siz ham hayotingizda moddiy narsalarni birinchi o‘ringa qo‘yish mamnuniyat olib kelmasligini his qilgandirsiz. Agar shunday bo‘lsa, ruhingiz tushmasin. Bu borada boshqalarning o‘rnagini ko‘rib chiqish siz uchun foydali bo‘ladi. Keling, avvalo erlar shoh Yohushafatdan nimalarni o‘rganishi to‘g‘risida bilib olaylik.

SHOH YOHUSHAFAT KABI YAHOVAGA TAYANING

6. Yohushafat jiddiy qiyinchilikka duch kelganida qanday yo‘l tutdi? (Hikmatlar 3:5, 6)

6 Erlar, zimmangizdagi mas’uliyat tufayli ba’zida qiyinchilikni his qilasizmi? Shoh Yohushafatning misoli sizga yordam berishi mumkin. Shoh sifatida u butun xalqning manfaati uchun mas’ul edi. Xo‘sh, u bu qiyin vazifani qay yo‘sin bajardi? Yohushafat qaramog‘ida bo‘lganlarni himoya qilish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qildi. Masalan, u Yahudoda shaharlar qurdi va 1 160 000 dan ko‘proq askardan iborat qo‘shinni to‘pladi. (2 Sol. 17:12–19) Keyinchalik Yohushafat jiddiy qiyinchilikka duch keldi. Ommonliklarning, mo‘abliklarning ulkan qo‘shini va Seirning tog‘li hududidagi odamlar unga, uning oilasi va butun xalqqa xavf tug‘dirgandi. (2 Sol. 20:1, 2) Yohushafat qanday yo‘l tutdi? U kuch va yordam so‘rab, Yahovaga murojaat qildi. Yohushafat Hikmatlar 3:5, 6 dagi (o‘qing) dono maslahatga muvofiq yo‘l tutdi. Uning kamtarlik ila qilgan ibodati 2 Solnomalar 20:5–12- oyatlarda yozilgan. Bu ibodatdan u sevuvchi samoviy Otasiga qattiq tayanganini ko‘rsak bo‘ladi. Yahova Yohushafatning ibodatiga qanday javob berdi?

7. Yahova Yohushafatning ibodatiga qanday javob berdi?

7 Yahova Yohushafatga Yaxaziyol ismli levi orqali gapirgan. U shunday degan: «O‘z o‘rningizni egallab, tik turing va Yahova sizlarni qanday xalos etishini kuzating». (2 Sol. 20:13–17) Bu jang qilishning noodatiy yo‘li edi. Ammo u odamdan emas, Yahovadan kelgan yo‘l-yo‘riq bo‘lgan. Yohushafat Xudoga to‘liq tayanib, unga aytilganini qilgan. U o‘z odamlari bilan dushmanga qarshi chiqqanda, qo‘shinning old tomoniga eng mahoratli askarlarni emas, qurollanmagan qo‘shiqchilarni qo‘ydi. Yahova Yohushafatga bergan va’dasini bajardi va dushman qo‘shinini mag‘lubiyatga uchratdi. (2 Sol. 20:18–23)

Yangi juftlik Yahovaga ibodat qilish, Kalomini tadqiq qilish, orqali xizmatni hayotida birinchi o‘ringa qo‘ya oladi (8-, 10-xatboshilariga qarang.)

8. Erlar Yohushafatning misolidan qanday saboq olishi mumkin?

8 Erlar, Yohushafatning misolidan saboq olishingiz mumkin. Siz oilangizga g‘amxo‘rlik qilish mas’uliyatiga egasiz. Shu bois, ularni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun jon kuydiryapsiz. Muammolar paydo bo‘lganida, ularni o‘zim hal qilaman degan fikr kelishi mumkin. Lekin o‘z kuchingizga tayanmang. Aksincha, Yahovadan yordam so‘rab, shaxsan ibodat qiling. Shuningdek, turmush o‘rtog‘ingiz bilan birga sidqidildan ibodat qiling. Muqaddas Kitob va tashkilotimiz taqdim etayotgan adabiyotlardan foydalanib, yo‘l-yo‘riq izlang va topgan fikrlarni amalda qo‘llang. Boshqalar Muqaddas Kitob asosida chiqargan qaroringizni qo‘llab-quvvatlamasligi va hatto sizni nodonga chiqarib qo‘yishi mumkin. Ular pul va uning evaziga keladigan narsalar oilangiz uchun eng zo‘r himoya vositasi, deb aytar. Lekin Yohushafatning misolini yodda tuting. U Yahovaga tayandi va ishlari bilan buni ko‘rsatdi. Yahova bu sadoqatli xizmatchisini tashlab ketmadi va sizni ham tashlab ketmaydi. (Zab. 37:28; Ibron. 13:5) Juftliklar baxtli bo‘lishi uchun yana nima qila oladi?

ISHAYO PAYG‘AMBAR VA UNING XOTINI KABI DIQQATINGIZNI YAHOVAGA XIZMAT QILISHGA QARATING

9. Ishayo payg‘ambar va uning xotini to‘g‘risida nima deya olamiz?

9 Ishayo payg‘ambar va uning xotini uchun Yahovaga xizmat qilish hayotida birinchi o‘rinda bo‘lgan. Bilamizki, Ishayo payg‘ambar edi. Ehtimol, uning xotini ham payg‘ambarlik vazifasini bajargan. Chunki Muqaddas Kitobda u haqda «payg‘ambar ayol» deb aytilgan. (Ishayo 8:1–4) Ishayo payg‘ambar va uning xotini juftlik sifatida diqqatini Yahovaga topinishga qaratgan. Ular bugungi kundagi juftliklar uchun ajoyib o‘rnak!

10. Qay yo‘sin Muqaddas Kitob bashoratlarini tadqiq qilish turmush o‘rtoqlarga Yahovaga ko‘proq xizmat qilish qarorini mustahkamlashga yordam beradi?

10 Juftliklar xizmatda jon kuydirib diqqatini Yahovaga xizmat qilishga qarata oladi. Ular Muqaddas Kitob bashoratlarini birgalikda tadqiq qilib va bu bashoratlar doim amalga oshishini ko‘rib Yahovaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashi mumkin *. (Titus. 1:2) Turmush o‘rtoqlar Muqaddas Kitobdagi biron bashorat amalga oshishida hissa qo‘sha olishi to‘g‘risida mulohaza yuritsa bo‘ladi. Masalan, ular Isoning oxirat kelishidan oldin xushxabar butun yer yuzi bo‘ylab tarqalishi to‘g‘risidagi bashorat amalga oshishida hissa qo‘sha oladi. (Mat. 24:14) Juftlik Muqaddas Kitobdagi bashorat amalga oshishiga qanchalik amin bo‘lsa, Yahovaga xizmat qilish qarori shuncha kuchli bo‘ladi.

PRISKILLA VA AKILA KABI SHOHLIK MANFAATLARINI BIRINCHI O‘RINGA QO‘YING

11. Priskilla bilan Akila nima qila olardi va nega?

11 Yaqinda turmush qurgan juftliklar Rimda yashagan Priskilla va Akiladan saboq olishi mumkin. Bu er-u xotin yahudiy bo‘lgan. Ular Iso haqidagi xushxabarni eshitib, uning shogirdi bo‘lgan. Shubhasizki, ular hayotidan mamnun edi. Lekin imperator Klavdiy barcha yahudiylar Rimni tark etishini buyurganida, ularning hayoti dabdurustdan o‘zgarib ketdi. Xo‘sh, Akila va Priskilladan nima qilish kutilardi? Ular o‘ziga tanish bo‘lgan joyni tashlab ketishi, yangi uy topishi va u yerda chodir tikish ishini qaytadan yo‘lga qo‘yishi kerak edi. Ular bu o‘zgarishlar sababli Shohlik manfaatlarini chetga surib qo‘ydimi? Bu savolning javobini bilsangiz kerak. Priskilla va Akila Korinf shahridagi yangi uyda mahalliy jamoatga yordam berardi. U yerdagi birodarlarni mustahkamlash uchun ular havoriy Pavlus bilan hamkorlik qilardi. Keyinchalik, ular va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan joylarda xizmat qilish uchun shahardan-shaharga ko‘chib yurardi. (Havor. 18:18–21; Rim. 16:3–5) Bu juftlik juda band edi va ularning hayoti qiziqarli kechdi.

12. Turmush qurgan juftlik nega ma’naviy maqsadlar qo‘yishi kerak?

12 Zamonaviy juftliklar Shohlik manfaatlarini hayotida birinchi o‘ringa qo‘yishda Priskilla va Akilaga taqlid qilishi mumkin. Maqsadlar haqida gaplashib olishning eng maqbul vaqti bu uchrashib yurgan paytdir. Juftlik qarorlarni birga chiqarsa va ma’naviy maqsadlarga erishish uchun jon kuydirsa, hayotida Yahovaning qo‘lini ko‘proq ko‘radi. (Voiz 4:9, 12) Keling, Rassel va Elizabetning misoliga diqqat qarataylik. Rassel shunday dedi: «Uchrashib yurgan paytimizda ma’naviy maqsadlarimiz haqida kelishib oldik». Elizabet quyidagicha bo‘lishdi: «Keyinchalik qarorlar chiqarish oldida turganimizda, tanlovimiz qo‘ygan maqsadlarimizga erishishga yordam berishi uchun bu haqda suhbatlashib oldik». Vaziyati to‘g‘ri kelgani uchun Rassel bilan Elizabet va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan joyga, Mikroneziyaga ko‘chib o‘tdi.

Yangi juftlik ma’naviy maqsadlar qo‘yish orqali xizmatni hayotida birinchi o‘ringa qo‘ya oladi (13- xatboshilariga qarang.)

13. Zabur 28:7 ga binoan, Yahovaga tayanish qanday natijalar olib keladi?

13 Rassel bilan Elizabet kabi ko‘plab juftliklar voizlik va ta’lim berish ishiga ko‘proq vaqt ajratish uchun hayotini soddalashtirishga qaror qildi. Agar juftlik Yahovaning xizmatida erishsa bo‘ladigan maqsadlar qo‘yib, unga erishishga birgalikda harakat qilsa, bu yaxshi natijalar olib keladi. Ular Yahovaning g‘amxo‘rlik qilayotganini ko‘radi, Unga bo‘lgan ishonchlari ortadi va chinakam baxtga ega bo‘ladi. (Zabur 28:7 ni o‘qing.)

HAVORIY BUTRUS VA UNING XOTINI KABI YAHOVANING VA’DALARIGA ISHONING

14. Butrus va uning xotini Matto 6:25, 31–34 dagi va’daga ishonayotganini qanday ko‘rsatgan?

14 Juftliklar shuningdek, havoriy Butrus va uning xotinidan saboq olishi mumkin. Butrus Iso bilan ilk bor tanishganidan keyin taxminan olti oydan bir yilgacha bo‘lgan vaqt davomida muhim qaror chiqarishi kerak edi. U oilasini ta’minlash uchun baliqchilik bilan shug‘ullanardi. Shu bois, Iso Butrusni ortidan ergashishga taklif qilganida, qaror chiqarishdan avval u xotini haqida o‘ylab ko‘rishi kerak edi. (Luqo 5:1–11) U dono qaror chiqarib, Iso bilan birga va’z qilishni tanladi. Butrusning xotini bu qarorni qo‘llab-quvvatlaganga o‘xshaydi. Muqaddas Kitobga binoan, Iso tirilganidan keyin Butrusning xotini u bilan ma’lum vaqt davomida va’zgo‘ylik safarlarida qatnashdi. (1 Kor. 9:5) Shubhasizki, u namunali turmush o‘rtoq bo‘lgani tufayli Butrus masihiy er-u xotinlarga maslahat berish uchun so‘z erkinligiga ega bo‘lgan. (1 Butr. 3:1–7) Butrus va uning xotini Shohlik manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘ysa, Yahovaning kerakli narsalarni berish va’dasiga ishongan. (Matto 6:25, 31–34 ni o‘qing.)

15. Tiago va Esterning misolidan nimani o‘rgandingiz?

15 Turmush qurganingizga bir necha yil bo‘lgan bo‘lsa, xizmatingizni kengaytirish istagini qanday rivojlantira olasiz? Buning bir yo‘li boshqa juftliklarning misolini ko‘rib chiqishdir. Masalan, «Xizmat qilishga xohish bildirganlar» nomli turkumni o‘qisangiz bo‘ladi. Braziliyadan bo‘lgan Tiago va Ester juftligiga shunday maqolalarni o‘qish ehtiyoj katta bo‘lgan hududda xizmat qilish istagini oshirishga yordam berdi. Tiago shunday bo‘lishdi: «Yahova zamonaviy xizmatchilariga qanday yordam bergani haqida o‘qiganimizda, ularga havasimiz keldi va biz ham Yahovaning qo‘lini va g‘amxo‘rligini ko‘rishni istadik». Keyinchalik ular Paragvayga ko‘chdi. Bu juftlik 2014-yildan beri portugal tilidagi hududda xizmat qilib kelyapti. Ester shunday dedi: «Efesliklarga 3:20 ni juda yaxshi ko‘ramiz. Bu oyat chin ekanini Yahovaning xizmatida juda ko‘p ko‘rganmiz». Efesliklarga yo‘llangan bu maktubda Pavlus Yahova biz so‘ragandan ham ortig‘ini berishini va’da qilgan. Bu so‘zlar haqiqat ekaniga ko‘p guvoh bo‘lganmiz.

Yangi juftlik tajribali juftliklar bilan maslahatlashish orqali xizmatni hayotida birinchi o‘ringa qo‘ya oladi (16- xatboshilariga qarang.)

16. Maqsadlar qo‘yayotib, kimlar bilan maslahatlashsa bo‘ladi?

16 Bugungi kunda yosh juftliklar Yahovaga tayanishni o‘rgangan boshqalarning misolidan foyda olishi mumkin. Balki ko‘p yillardan beri to‘la vaqtli xizmatda ishtirok etgan juftliklarni bilarsiz. Maqsadlar qo‘yayotib, bunday kishilar bilan maslahatlashsangiz bo‘ladi. Bu Yahovaga tayanayotganingizni ko‘rsatishning yo‘llaridan biridir. (Hik. 22:17, 19) Ma’naviy maqsadlar qo‘yib, ularga erishishga oqsoqollar ham yordam berishi mumkin.

17. Klaus va Marisa bilan nima yuz berdi va ularning misolidan qanday saboq olishimiz mumkin?

17 Ba’zida xizmatni kengaytirish maqsadimizga o‘zimiz xohlaganday erisha olmasmiz. Yuqorida tilga olingan Klaus va Marisa bilan shunday bo‘ldi. Turmush qurganidan uch yil o‘tib, ular Finlyandiyadagi filialning qurilishida qatnashish uchun uyini tark etdi. Ammo ularga u yerda faqat olti oy xizmat qila olishlarini aytishdi. Avvaliga ularning ruhi tushdi. Lekin biroz vaqt o‘tgach, Klaus bilan Marisani arab tilini o‘rganish kursiga taklif qilishdi. Hozir ular boshqa mamlakatda arab tilidagi hududda quvonch bilan xizmat qilyapti. Marisa bo‘lib o‘tganlar to‘g‘risida shunday dedi: «Barcha qulayliklarni qoldirib ketishdan qo‘rqardim. Yahovaga to‘liq tayanishim kerak edi. Biroq Yahova biz kutmagan yo‘llar orqali doim yordam berardi. O‘sha voqeadan so‘ng Unga ko‘proq tayanadigan bo‘ldim». Bu misoldan shuni ko‘ryapmizki, siz ham Yahovaga to‘liq tayansangiz U sizni mukofotlaydi.

18. Turmush qurgan juftliklar Yahovaga qanday tayana oladi?

18 Nikoh Yahovaning tuhfasidir. (Mat. 19:5, 6) Xudo turmush qurgan juftliklar bu tuhfadan quvonch topishlarini istaydi. (Hik. 5:18) Yosh juftliklar, hayotingiz borasida bir o‘ylab ko‘ring. Yahovaning tuhfalari uchun minnatdor ekaningizni ko‘rsatyapsizmi? Yahovaga ibodat qilib, ichingizdagilarni aytib bering. Uning Kalomidan vaziyatingizga mos prinsiplarni izlang. Keyin ularga rioya qiling. Turmush qurayotib, diqqatingizni Yahovaga xizmat qilishga qaratsangiz, hayotingiz baxtli va mazmunli bo‘ladi.

132-QO‘SHIQ Ikkimiz bir tan bo‘ldik

^ 5- x.b. Hayotimizda chiqaradigan ayrim qarorlar Yahovaga xizmat qilish uchun ajratadigan vaqtimiz-u kuchimizga ta’sir qiladi. Ayniqsa, yangi turmush o‘rtoqlarning ertangi kuni bugun chiqaradigan qarorlariga bog‘liq. Bu maqola yordamida ular baxtli va mazmunli hayotga eltadigan qarorlar chiqarishi mumkin.

^ 5- x.b. Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

^ 10- x.b. Misol uchun, «Nihoyat pok topinish tiklandi!» kitobining 6-, 7- va 19- boblaridan qanday saboq olish mumkinligini tadqiq qilib ko‘ring.