Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Bilasizmi?

Bilasizmi?

Mordaxay chindan ham mavjud bo‘lganmi?

MUQADDAS YOZUVLARNING Ester kitobida Mordaxay ismli kishi haqida o‘qiymiz. U muhim ahamiyatga ega inson edi. Mordaxay yahudiy bo‘lib, asirlikda edi va shoh saroyida ishlardi. Bu mil. avv. beshinchi asrning boshi bo‘lib, Fors shohi «Axashverash davri» edi. (Ko‘pchilikning fikricha, bu shoh Kserks I.) Mordaxay shohni o‘ldirish uchun uyushtirilgan fitnani fosh etdi. Shoh undan minnatdor bo‘lib, barchaning oldida hurmatga sazovor qildi. Yahudiylarning dushmani Xomon o‘lganidan keyin Mordaxay bosh vazir etib tayinlandi. Bu lavozimda u yahudiylarni qirib tashlash haqidagi qarorni bekor qila olardi. (Est. 1:1; 2:5, 21–23; 8:1, 2; 9:16)

20-asrning boshlarida ba’zi tarixchilar Ester kitobi shunchaki badiiy asar ekanini va Mordaxay ismli kishi hech qachon yashamaganini ta’kidlashgan. Lekin 1941-yili arxeologlar Muqaddas Kitobda Mordaxay haqida aytilganlar haqiqat ekanini tasdiqlovchi dalil topishgan. Xo‘sh, bu qanday dalil edi?

Tadqiqotchilar forscha mixxat matnini topishgan. U yerda Marduka (o‘zbekchada Mordaxay) ismli kishi tilga olingan. U Shushan shahrida amaldor, ehtimol hisobchi bo‘lib ishlagan. Sharq tarixi bo‘yicha mutaxassis Artur Ungnad bu mixxat matni «Mordaxay ismi Muqaddas Kitobdan tashqari uchragan yagona manba» deb aytgan.

Ungnadning bayonotidan keyin olimlar minglab forscha mixxat matnlarini tarjima qilishgan. Ular orasida Persepol shahri devorining yonidagi xazinaxona xarobalarida topilgan taxtachalar ham bo‘lgan. Ular shoh Kserks I davriga oid bo‘lib, elam tilida yozilgan edi. U yerda Ester kitobida uchragan bir nechta ismlar bor edi a.

Mordaxay (Marduka) ismi forscha mixxat yozuvida

Ba’zi taxtachalarda Marduka ismi uchragan. U Kserks I davrida Shushan saroyida shohning kotibi bo‘lib xizmat qilgan. Yana bir taxtachada Marduka tarjimon bo‘lgani yozilgan. Ushbu tafsilot Muqaddas Kitobdagi Mordaxayga mos kelyapti. U shoh Axashverashning (Kserks I) saroyida xizmat qilgan va kamida ikkita tilni bilgan. Mordaxay doim shoh saroyining darvozasi oldida o‘tirgan. (Est. 2:19, 21; 3:3) U yerda kattagina bino bo‘lgan va amaldorlar ishlashgan.

O‘sha taxtachalardagi Marduka haqida yozilganlar va Xudoning Kalomida Mordaxay to‘g‘risida aytilganlar orasida qiziqarli o‘xshashliklar bor. Ular bir xil joyda va davrda yashagan hamda o‘sha-o‘sha lavozimga ega bo‘lgan. Bundan ular bitta inson bo‘lgan, deb xulosa qilishimiz mumkin.

a 1992-yili Edvin Yamauti ismli professor Persepol taxtachalaridagi 10 ta ismni o‘z maqolasida yozgan va ularni Ester kitobida ham uchratish mumkin.