Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

47-TADQIQ MAQOLASI

Hech narsa sizni Yahovadan judo qilishiga yo‘l qo‘ymang!

Hech narsa sizni Yahovadan judo qilishiga yo‘l qo‘ymang!

Senga tayanaman, ey Yahova. ZAB. 31:14

122-QO‘SHIQ Mard va mahkam turing!

BU MAQOLADA a

1. Yahova Unga yaqinlashishimizni xohlayotganini qayerdan bilamiz?

 YAHOVA bizni Unga yaqinlashishga taklif qilyapti. (Yoqb. 4:8) U Tangrimiz, Otamiz va Do‘stimiz bo‘lishni istaydi. Yahova ibodatlarimizga javob beryapti va qiyin paytlarda bizga ko‘maklashyapti. Shuningdek, tashkiloti orqali bizga ta’lim berib, himoyalayapti. Xo‘sh, Unga yaqinroq bo‘lish uchun nima qilishimiz kerak?

2. Qay yo‘sin Yahovaga yaqinlasha olamiz?

2 Ibodat qilib, Muqaddas Kitobni o‘qib va uning ustida mulohaza yuritib Yahova bilan do‘stlasha olamiz. Bu harakatlar qalbimizni sevgi va minnatdorchilikka to‘ldiradi. Qolaversa, bu bizni Yahovaga itoat qilishga va sharaf keltirishga undaydi. Ha, U bunga loyiq. (Vah. 4:11) Xudoga yaqinlashganimiz sayin Unga va tashkilotiga bo‘lgan ishonchimiz oshadi.

3. Qay yo‘sin Iblis bizni Yahovadan judo qilishga intiladi, lekin sodiq qolishimizga nima yordam beradi? (Zabur 31:13, 14)

3 Ayniqsa qiyinchiliklarga duch kelganimizda, Iblis bizni Yahovadan judo qilishga intiladi. U buni qanday qiladi? U Yahovaga hamda Uning tashkilotiga bo‘lgan ishonchimizni asta-sekin susaytiradi. Lekin uning hiylalariga qarshi tura olamiz. Agar imonimiz kuchli bo‘lsa, Yahova hamda Uning tashkilotidan hech qachon yuz o‘girmaymiz. (Zabur 31:13, 14 ni o‘qing.)

4. Bu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

4 Bu maqolada jamoatdan tashqarida duch kelishimiz mumkin bo‘lgan uchta qiyinchilikni ko‘rib chiqamiz. Har biri Yahova hamda tashkilotiga bo‘lgan ishonchimizni barbod qilishi hech gap emas. Qay yo‘sin ular bizni Yahovadan judo qilishi mumkin? Shaytonga qarshi turish uchun nima qila olamiz?

QIYINCHILIKLAR PAYTIDA

5. Qay yo‘sin qiyinchiliklar Yahovaga va Uning tashkilotiga bo‘lgan ishonchimizni susaytirishi mumkin?

5 Ba’zida qiyinchiliklarga duch kelamiz. Masalan, oila a’zolarimiz tomonidan qarshiliklarga uchrashimiz yoki ishimizni yo‘qotishimiz hech gap emas. Qay yo‘sin bu kabi muammolar Xudoning tashkilotiga bo‘lgan ishonchimizni susaytirib, bizni Undan uzoqlashtirishi mumkin? Qiyinchiliklar uzoq vaqt davom etganida o‘zimizni chorasizday his qilib, kayfiyatimiz tushishi mumkin. Iblis bundan foydalanib, Yahova bizni sevmasligiga ishontirishga intiladi. U Yahova va Uning tashkiloti muammolarimizda sababchi, deb o‘ylashimizni xohlaydi. Misrda bo‘lgan isroilliklar ham shu kabi vaziyatga duch kelishgan. Boshida isroilliklar Yahova Muso va Horunni ularni qutqarish uchun tayinlaganiga ishonishgan. (Chiq. 4:29–31) Lekin keyinchalik fir’avn ularning hayotini yanada qiyinlashtirgan. O‘shanda ular Muso va Horunni muammolarida sababchi qilib, shunday deyishgan: «Sizlar bizga qarshi fir’avn bilan xizmatkorlarining nafratini qo‘zg‘atib, bizni o‘ldirishlari uchun qo‘llariga qilich tutqazdingiz». (Chiq. 5:19–21) Ha, ular Xudoning sodiq xizmatchilarini ayblashgan. Bu naqadar ayanchli. Qiyinchiliklarimiz uzoq vaqtdan beri davom etayotgan bo‘lsa, Yahova va Uning tashkilotiga bo‘lgan ishonchimizni qay yo‘sin mustahkam saqlay olamiz?

6. Xabaqquq payg‘ambar qiyinchiliklarni qay yo‘sin yengganidan nimani o‘rgansak bo‘ladi? (Xabaqquq 3:17–19)

6 Tuyg‘ularingizni Yahovaga to‘kib-soling va ko‘magini izlang. Xabaqquq payg‘ambar ko‘p qiyinchiliklarga duch kelgan. Ehtimol, o‘shanda u Yahova unga g‘amxo‘rlik qilayotganidan shubhalanib qolgandir. Shunda u Yahovaga tuyg‘ularini aytib berib, quyidagicha ibodat qilgan: «Ey Yahova, meni eshitishing uchun qachongacha yordam so‘rab faryod qilaman? Zo‘ravonlikdan qutqarishing uchun qachongacha yordam so‘rayman?.. Nega jabr-zulmga chidab turibsan?» (Xab. 1:2, 3) Yahova uning sidqidildan qilgan ibodatiga javob bergan. (Xab. 2:2, 3) Xabaqquq Xudo xalqini qanday qutqargani haqida o‘ylagach, yana xursand bo‘lib, Uning g‘amxo‘rligini his qilgan. Bu unga har qanday qiyinchilikni yengishga yordam bergan. (Xabaqquq 3:17–19 ni o‘qing.) Bundan qanday saboq olyapmiz? Muammoga yo‘liqqaningizda Xudoga ibodat qilib, his-tuyg‘ularingizni aytib bering. Uning ko‘magini izlang. Bunday qilsangiz, Yahova qiyinchilikni yengishingiz uchun kerakli kuch berishiga amin bo‘la olasiz. Uning qo‘llab-quvvatlashini his qilganingizda esa imoningiz yanada mustahkamlanadi.

7. Shirlining qarindoshi uni nimaga ishontirmoqchi bo‘lgan, ammo unga Yahovaga sadoqatli qolishga nima yordam bergan?

7 Ma’naviy ishlar bilan band bo‘ling. Bu Papua-Yangi Gvineyadan bo‘lgan Shirli opamizga qiyinchiliklar paytida qanday yordam berganini ko‘rib chiqaylik b. Uning oilasi juda kambag‘al edi. Ba’zida hatto ozgina oziq-ovqatga ega bo‘lish uchun ular juda ko‘p ter to‘kishardi. Opamizning bir qarindoshi uning Yahovaga bo‘lgan ishonchini susaytirish maqsadida shunday dedi: «Muqaddas ruh bizga yordam beryapti deyapsan-u, lekin natijasi qani? Oilang hali ham kambag‘al. Va’zgo‘ylik qilib vaqtingni bekorga sarflayapsan». Shirli quyidagicha bo‘lishdi: «O‘zimdan: “Xudo bizga g‘amxo‘rlik qilyaptimi?” — deb so‘radim. Men darhol Yahovaga ibodat qilib, ichimdagilarni Unga aytdim. Muqaddas Kitob va adabiyotlarimizni o‘qishni kanda qilmadim. Qolaversa, va’zgo‘ylik qilishni, yig‘ilishlarga borishni to‘xtatmadim». Biroz vaqt o‘tgach, Shirli Yahova uning oilasiga g‘amxo‘rlik qilayotganini tushundi. U va oila a’zolari baxtli edi va och qolmayotgandi. Shirli: «Yahova ibodatlarimga javob berganini his qildim»,— dedi. (1 Tim. 6:6–8) Ma’naviy ishlar bilan band bo‘lsangiz, qiyinchiliklar yoki shubhalar sizni Yahovadan uzoqlashtirmaydi.

MAS’ULIYATLI BIRODARLAR QARSHILIKLARGA DUCH KELGANDA

8. Mas’uliyatli birodarlar nimalarga duch kelishi mumkin?

8 Ommaviy axborot vositalari hamda Internet tarmoqlari orqali dushmanlarimiz mas’uliyatli birodarlarimiz haqida yolg‘onlar yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatadi. (Zab. 31:13) Ba’zi birodarlar jinoyatchi sifatida ayblanib hibsga olingan. Havoriy Pavlus nohaq ayblanib, hibsga olinganida birinchi asrdagi masihiylar ham xuddi shunday vaziyatga duch kelishgan. Ular bunga qanday munosabat bildirishgan?

9. Havoriy Pavlus hibsga olinganida ba’zi masihiylar qanday yo‘l tutgan?

9 Birinchi asrdagi ba’zi masihiylar Pavlus Rimda hibsga olinganida uni qo‘llab-quvvatlamay qo‘yishgan. (2 Tim. 1:8, 15) Nima uchun? Ular boshqalar Pavlusni jinoyatchi deb bilishganidan uyalganmi? (2 Tim. 2:8, 9) Yoki ularni ham ta’qib qilishlaridan qo‘rqishganmi? Sababi qanday bo‘lmasin, Pavlus nimalarni his qilganini tasavvur qilib ko‘ring. U imondoshlari uchun ko‘p qiyinchiliklarga duch kelgan, hayotini xavf ostiga qo‘ygan. (Havor. 20:18–21; 2 Kor. 1:8) Iloyim, hech qachon ularga o‘xshab qolmaylik. Mas’uliyatli birodarlar ta’qiblarga duch kelganida nimani yodda tutishimiz kerak?

10. Mas’uliyatli birodarlar quvg‘unlarga duch kelganida nimani yodda saqlashimiz kerak va nega?

10 Nega quvg‘unlarga duch kelishimizni va ularga kim sababchi ekanini yodda tutaylik. 2 Timo‘tiyga 3:12 da quyidagicha yozilgan: «Iso Masihning izdoshi sifatida xudojo‘y bo‘lib hayot kechirishni istaydigan barcha ta’qiblarga duchor bo‘ladi». Shunday ekan, Shayton ayniqsa, mas’uliyatli birodarlarga hujum qilganida bundan hayron qolmasligimiz kerak. U birodarlarimizni haqiqat yo‘lidan ozdirishni va bizni qo‘rqitishni istaydi. (1 Butr. 5:8)

Pavlus qamoqda bo‘lishiga qaramay, Onisifor uni jasorat ila qo‘llab-quvvatlagan. Bugun ham birodar-u opa-singillarimiz qamoqda bo‘lgan imondoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashyapti (11-, 12-xatboshilariga qarang.)

11. Onisifor biz uchun qanday o‘rnak bo‘la oladi? (2 Timo‘tiyga 1:16–18)

11 Birodarlarni qo‘llab-quvvatlab, ulardan yiroqlashmang. (2 Timo‘tiyga 1:16–18 ni o‘qing.) Birinchi asrdagi Onisifor ismli masihiy Pavlus hibsga olinganida boshqacha yo‘l tutgan. U Pavlus zanjirband ekanidan uyalmagan. Aksincha, uni izlab topgan va qo‘llab-quvvatlash uchun chora ko‘rgan. Onisifor o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan. Bundan qanday saboq olsak bo‘ladi? Odamlardan qo‘rqish bizni sarosimaga solishiga yo‘l qo‘ymasligimiz darkor. Ta’qiblarga duch kelayotgan birodarlarni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim. Keling, ularni himoyalab, yordamlashish uchun jon kuydiraylik. (Hik. 17:17) Chunki ular sevgimiz hamda yordamimizga juda muhtoj.

12. Rossiyadagi imondoshlarimizdan qanday o‘rnak olishimiz mumkin?

12 Qamoqda bo‘lgan imondoshlarimizni qo‘llab-quvvatlayotgan Rossiyadagi imondoshlar haqida o‘ylab ko‘ring. Kimnidir sud qilishganida birodar-u opa-singillarimiz uni qo‘llab-quvvatlash uchun u yerga borishadi. Ulardan qanday o‘rnak olishimiz mumkin? Mas’uliyatli birodarlarni nohaq ayblashganida, hibsga olishganida yoki ta’qib qilishganida qo‘rquvga berilmang. Ular uchun ibodat qiling, oila a’zolariga yordam bering va ularni qo‘llab-quvvatlashning boshqa yo‘llarini izlang. (Havor. 12:5; 2 Kor. 1:10, 11)

USTIMIZDAN KULISHGANDA

13. Masxaralar Yahova hamda tashkilotiga bo‘lgan ishonchimizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

13 Qarindoshlarimiz, hamkorlarimiz yoki sinfdoshlarimiz va’z qilayotganimiz yo Yahovaning yuksak axloqiy me’yorlari bo‘yicha yashayotganimiz uchun bizni masxara qilar. (1 Butr. 4:4) Ular: «Siz yaxshi odamsiz. Lekin e’tiqodingiz zamondan qolib ketgan, u bo‘yicha yashash juda qiyin»,— deyishar. Ba’zilar jamoatdan chetlatilganlar borasidagi nuqtai nazarimiz uchun bizni tanqid qilib: «O‘zingizni mehribon deysiz-u, ammo tutgan yo‘lingizga bir qarang»,— deb aytishi mumkin. Shu kabi gap-so‘zlar bizda shubha uyg‘otishi hech gap emas. Shunda: «Yahova rostdan ham ko‘p narsani talab qilyapti. Tashkilotimiz nihoyatda qattiqqo‘l»,— deb o‘ylarmiz. Bunga duch kelayotgan bo‘lsangiz, Yahova hamda tashkilotidan yiroqlashmaslikka nima yordam beradi?

Ayub ustidan kulgan soxta do‘stlarining yolg‘onlariga ishonishni istamagan. Uning Yahovaga benuqson qolish qarori qat’iy bo‘lgan (14-xatboshiga qarang.)

14. Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashayotganimiz uchun masxaralarga uchrasak, nima qilishimiz kerak? (Zabur 119:50–52)

14 Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashash qaroringiz qat’iy bo‘lsin. Ayub masxaralarga qaramay, Yahovaning me’yorlari bo‘yicha yashagan. Ayubning soxta do‘sti uning to‘g‘ri yo‘l tutish-tutmasligi Xudo uchun ahamiyatsiz ekaniga ishontirmoqchi bo‘lgan. (Ayub 4:17, 18; 22:3) Lekin u bunday yolg‘onga laqqa tushmagan. Ayub Yahovaning nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘ri ekani borasidagi me’yorlarini tan olib, ularga amal qilish qarori qat’iy bo‘lgan. Hech kim uni benuqsonlik yo‘lidan og‘dirishiga yo‘l qo‘ymagan. (Ayub 27:5, 6) Undan qanday o‘rnak olishimiz mumkin? Masxaralar Yahovaning me’yorlariga nisbatan shubha uyg‘otishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Boshdan kechirganlaringiz haqida o‘ylab ko‘ring. Hoynahoy, Yahovaning me’yorlariga amal qilganingizda hayotingiz yaxshilanganini his qilgansiz. Ular asosida ta’lim berayotgan tashkilotimizni qo‘llab-quvvatlash qaroringiz qat’iy bo‘lsin. Qancha ko‘p inson ustimizdan kulmasin, ular bizni Yahovadan judo qilishiga yo‘l qo‘ymaymiz. (Zabur 119:50–52 ni o‘qing.)

15. Nega Brijit masxaralarga duch kelgan?

15 Hindistondagi Brijit ismli opamizning misolini olaylik. U e’tiqodi tufayli oila a’zolari tomonidan masxaralarga duch kelgan. 1997-yili suvga cho‘mganidan ko‘p o‘tmay imondoshimiz bo‘lmagan eri ishini yo‘qotgan. Shunda ular butun oilasi bilan boshqa shaharga — ota-onasinikiga ko‘chishga qaror qilgan. Brijit u yerda oldingidan ham battarroq qiyinchiliklarga duch kelgan. Eri ishsiz bo‘lgani uchun oilasini ta’minlash maqsadida u kun bo‘yi ishlagan. Eng yaqin jamoat taxminan 350 kilometr uzoqlikda bo‘lgan. Erining qarindoshlari unga qattiq qarshiliklar ko‘rsatgani sababli oilasi bilan boshqa joyga ko‘chishgan. Kutilmaganda eri vafot etgan, qizi esa bor-yo‘g‘i 12 yoshda bo‘lganida saraton kasalligiga chalingan. Qarindoshlari bunda Brijitni ayblashgan. U Yahovaning Shohidi bo‘lmaganida, bular yuz bermasdi, deb aytishgan. Lekin Brijit Yahovaga tayanishda davom etgan va Uning tashkilotidan yiroqlashmagan.

16. Brijit Yahova va Uning tashkilotiga sodiq bo‘lgani uchun qanday barakalar olgan?

16 Brijit jamoatdan uzoqda yashagani uchun tuman noziri unga o‘z hududida xizmat qilishni va yig‘ilishlarni uyda o‘tkazishni maslahat bergan. Boshida u biroz tushkunlikka tushgan, lekin keyin yo‘l-yo‘riqqa amal qilgan. U xushxabarni boshqalar bilan bo‘lishgan, qizlari bilan oilaviy topinishni va yig‘ilishlarni muntazam o‘tkazgan. Buning natijasi qanday bo‘lgan? Brijit ko‘plar bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshlagan va ulardan anchaginasi suvga cho‘mgan. 2005-yildan boshlab u doimiy kashshof sifatida xizmat qilyapti. Uning Yahovaga bo‘lgan ishonchi va Uning tashkilotiga ko‘rsatgan sadoqati mukofotlandi. Brijitning qizlari Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishyapti. Hozir uning hududida ikkita jamoat bor. Brijit qiyinchiliklarga va qarindoshlarining masxaralariga Yahovaning yordami bilan turib berganiga amin.

YAHOVAGA HAMDA TASHKILOTIGA SODIQ QOLING

17. Nima qilish qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak?

17 Shayton qiyin paytlarda Yahova bizni tashlab ketadi va Uning tashkiloti tufayli ko‘proq muammolarga duch kelamiz, deb o‘ylashimizni istaydi. Mas’uliyatli birodarlarni ayblashganda, ta’qib qilishganda yoki hibsga olishganda, u qo‘rqib qolishimizni xohlaydi. Masxaralar tufayli esa u Yahovaning me’yorlariga va tashkilotimizga bo‘lgan ishonchimizni so‘ndirmoqchi. Ammo uning hiylalaridan xabardormiz va nog‘orasiga o‘ynamaymiz. (2 Kor. 2:11) Uning yolg‘onlarini rad etish va Yahovaga hamda tashkilotiga sodiq bo‘lib qolish qaroringiz qat’iy bo‘lsin. Xudo sizni hech qachon tashlab ketmaydi! (Zab. 28:7) Shunday ekan, hech nima sizni Yahovadan judo qilmasin. (Rim. 8:35–39)

18. Keyingi maqolada nimani muhokama qilamiz?

18 Ushbu maqolada jamoatdan tashqarida duch kelishimiz mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar haqida gaplashdik. Ammo jamoatning ichida bo‘ladigan qiyinchiliklar ham Yahova va Uning tashkilotiga bo‘lgan ishonchimizga putur yetkazishi mumkin. Qay yo‘sin ularni yenga olamiz? Buni keyingi maqolada ko‘rib chiqamiz.

118-QO‘SHIQ «Imonimizga imon qo‘sh»

a Oxirzamonda sadoqatli qolish uchun Yahova hamda Uning tashkilotiga ishonishimiz kerak. Ammo Shayton ishonchimizni barbod qilishga intilyapti. Ushbu maqolada Shayton foydalanayotgan uchta hiylani hamda ularga qarshi turish uchun nima qilishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

b Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.