48-TADQIQ MAQOLASI
Sadoqatingiz sinalganida aqli raso bo‘ling
Aqli raso bo‘linglar. 1 BUTR. 4:7
123-QO‘SHIQ Ilohiy tartibga sadoqat-la bo‘ysunamiz
BU MAQOLADA a
1. «Aqli raso bo‘lish» nimani o‘z ichiga oladi? (1 Butrus 4:7)
NIMADANDIR ranjiganimizda Yahovaga hamda Uning tashkilotiga bo‘lgan sadoqatimiz sinaladi. Bunday paytlarda yengilmaslik uchun nima qila olamiz? Aqli raso va hushyor bo‘lishimiz hamda imonda mahkam turishimiz lozim. (1 Butrus 4:7 ni o‘qing.) Xotirjamlikni saqlash, vaziyatga Yahovaning nuqtai nazari bilan qarash va to‘g‘ri fikrlash orqali aqli raso bo‘la olamiz. Shunda tuyg‘ularimiz fikrlarimizni boshqarmaydi.
2. Ushbu maqolada nimani muhokama qilamiz?
2 O‘tgan maqolada jamoatdan tashqarida uchrashimiz mumkin bo‘lgan uchta qiyinchilikni muhokama qilgandik. Bunisida esa jamoat ichida duch keladigan uchta qiyinchilikka e’tibor qaratamiz. 1) Imondoshimiz yomon munosabat ko‘rsatganida, 2) Yahova bizni tuzatganida, va 3) tashkilotdagi o‘zgarishlarga moslashish qiyin bo‘lganida sadoqatni saqlash oson bo‘lmasligi mumkin. Bu kabi vaziyatlarda aqli raso bo‘lib, Xudoga va Uning tashkilotiga sadoqatli qola olamiz. Qiziq, qanday qilib?
IMONDOSHIMIZ YOMON MUNOSABAT KO‘RSATGANIDA
3. Imondoshimizning yomon munosabati bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?
3 Qachondir imondoshingiz, ehtimol, mas’uliyatli birodar sizga yomon munosabat ko‘rsatganmi? Albatta, u bila turib sizni xafa qilishni istamagan. (Rim. 3:23; Yoqb. 3:2) Xatti-harakati dastidan tushkunlikka tushgandirsiz. Buni deb uyqungiz qochgandir. Balki: «Birodar shunday yo‘l tutgan bo‘lsa, tashkilotimiz rostdan ham Xudonikimi?» — deb o‘ylagandirsiz. Shayton shu kabi fikrga borishingizni istaydi. (2 Kor. 2:11) Bunday salbiy fikrlar sizni Yahovaga xizmat qilishdan to‘xtatib, tashkilotidan yiroqlashishingizga sabab bo‘lishi hech gap emas. Xo‘sh, imondoshimiz bizga yomon munosabat ko‘rsatayotganini his qilsak, qay yo‘sin aqli raso bo‘lib, zararli fikrlash tarzidan qocha olamiz?
4. Yusuf yomon munosabatga duch kelganda qay yo‘sin aqli raso bo‘la olgan va bundan qanday saboq olishimiz mumkin? (Ibtido 50:19–21)
4 G‘azabga berilmang. Yusuf o‘smir bo‘lganida akalari unga yomon munosabat ko‘rsatishgan. Ular undan nafratlanishgan va hatto ba’zilari o‘ldirmoqchi bo‘lishgan. (Ibt. 37:4, 18–22) Keyinchalik akalari Yusufni qullikka sotishgan. Oqibatda, u deyarli 13-yil davomida turli qiyinchiliklarga duch kelgan. Yusuf: «Yahova meni chindan ham yaxshi ko‘radimi? U bunday qiyin paytda meni tashlab qo‘ydimi?» — deb o‘ylashi mumkin edi. Lekin u g‘azabga berilmagan. Aksincha, xotirjamlikni saqlab, aqli raso bo‘lgan. U akalaridan o‘ch olmay ularga sevgi ko‘rsatib, kechirgan. (Ibt. 45:4, 5) Yusuf aniq-ravshan fikrlagani uchun bunday yo‘l tutgan. U e’tiborini muammolariga emas, balki Yahovaning xohish-istagiga qaratgan. (Ibtido 50:19–21 ni o‘qing.) Biz uchun qanday saboq? Kimdir sizga yomon munosabat ko‘rsatsa, Yahovadan g‘azablanmang va U sizni tashlab qo‘ydi, deb o‘ylamang. Aksincha, Yahova sizga qiyinchilikni yengishga qanday yordam berayotgani haqida mulohaza yuriting. Qolaversa, bunday paytda boshqalarning kamchiligini sevgi bilan qoplashga harakat qiling. (1 Butr. 4:8)
5. Mikuisga aqli raso bo‘lishga nima yordam berdi?
5 Janubiy Amerikadagi Mikuis ismli oqsoqolning misolini olaylik b. Unga mas’uliyatli ba’zi birodarlar yomon munosabat ko‘rsatganday tuyulgan. O‘sha paytlar haqida u shunday dedi: «Umrimda bunchalik siqilmagandim. O‘shanda qattiq tashvishda edim. Kechalari uxlamasdim va qo‘limdan hech narsa kelmaganidan yig‘lardim». Bunga qaramay, u aqli raso bo‘lishga va tuyg‘ularini nazorat qilishga jon kuydirgan. Mikuis sidqidildan ibodat qilib, bardoshli bo‘lish uchun Yahovadan muqaddas ruh va kuch so‘ragan. Bundan tashqari u adabiyotlarimizdan vaziyatiga qo‘l keladigan maslahatlarni izlagan. Bu biz uchun qanday saboq? Sizga ham imondoshingiz yomon munosabat ko‘rsatayotganday tuyulsa xotirjamlikni saqlab, salbiy his-tuyg‘ularni nazorat qilishga urining. U nega bunday aytganining yoki qilganining sababini bilmasligingiz mumkin. Shuning uchun, yordam so‘rab, Yahovaga ibodat qiling va o‘zingizni o‘sha insonning o‘rniga qo‘yib ko‘ring. Bu uning niyatlarini shubha ostiga qo‘ymaslikka va uni kechirishga ko‘maklashadi. (Hik. 19:11) Unutmangki, Yahova vaziyatingizni biladi va bardoshli bo‘lishingiz uchun kerakli kuchni beradi. (2 Sol. 16:9; Voiz 5:8)
YAHOVA BIZNI TUZATGANIDA
6. Yahovaning ta’limi ortida sevgisi turganini nega yodda tutish muhim? (Ibroniylarga 12:5, 6, 11)
6 Yahova bizni tuzatganida ruhimiz tushishi mumkin. Lekin diqqatimizni faqat tuyg‘ularimizga qaratsak, Uning ta’limi adolatsiz va bizga taalluqli emas, deb o‘ylay boshlashimiz mumkin. Natijada eng muhim narsani, ya’ni Uning tarbiyasi ortida sevgisi turganini ko‘zdan qochiramiz. (Ibroniylarga 12:5, 6, 11 ni o‘qing.) Agar tuyg‘ularimiz bizni nazorat qilishiga yo‘l qo‘ysak, Shaytonning hujumlariga eshik ochib bergan bo‘lamiz. U bu ta’limni rad etishimizni va eng yomoni Yahovadan uzoqlashib, jamoatdan ketishimizni xohlaydi. Qay yo‘sin aqli raso bo‘la olamiz?
7. a) Rasmda ko‘rsatilganiday, Butrus Yahovaning tarbiyasini rad etmaganining natijasi qanday bo‘lgan? b) Butrusning misolidan qanday saboq olyapsiz?
7 Tarbiyani rad etmang va hayotingizda kerakli o‘zgarishlar qiling. Bir necha marta Iso boshqa havoriylarning oldida Butrusni tuzatgan. (Mark 8:33; Luqo 22:31–34) Bu unga og‘ir botgandir. Lekin u Isoga sodiq bo‘lib qolgan. Butrus tarbiyani rad etmasdan xatolaridan saboq olgan. Natijada Yahova sadoqati uchun uni mukofotlab, jamoatda muhim vazifalarni ishonib topshirgan. (Yuhan. 21:15–17; Havor. 10:24–33; 1 Butr. 1:1) Uning misolidan nimani o‘rganyapmiz? Diqqatimizni qanchalik xafa bo‘lganimizga qaratmay, maslahatni qabul qilib, kerakli o‘zgarishlar qilishimiz lozim. Bu foyda keltiradi. Shunda Yahovani quvontirib, imondoshlarimizga ko‘proq yordam bera olamiz.
8, 9. Bernardo tanbeh olganida nimalarni his qilgan va fikrlash tarzini to‘g‘rilashga unga nima yordam bergan?
8 Mozambikdan bo‘lgan Bernardo ismli birodarning vaziyatiga diqqat qarataylik. U oldin oqsoqol bo‘lib xizmat qilgan. Keyin bu vazifadan mahrum bo‘lgan. Bernardo o‘zini qanday his qilgan? U: «Boshida rosa xafa edim. Chunki berilgan maslahat menga taalluqli emas, deb hisoblardim»,— dedi. Bernardo jamoat a’zolari u haqida nima deb o‘ylashi borasida bosh qotirgan. U yana shunday dedi: «Yahovaga va Uning tashkilotiga qaytadan ishonish hamda vaziyatga to‘g‘ri nuqta nazarda bo‘lish uchun menga bir necha oy kerak bo‘ldi». Bernardoga o‘zgarishga nima yordam berdi?
9 Bernardo fikrlash tarzini to‘g‘riladi. U quyidagicha dedi: «Oqsoqol bo‘lib xizmat qilganimda boshqalar Yahovaning tarbiyasiga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarda bo‘lishi uchun Ibroniylarga 12:7 ni qo‘llardim. Tanbeh olganimda esa o‘zimdan shunday so‘radim: “Bu oyat kimga taalluqli?” Barcha Yahovaning Shohidlariga, jumladan, menga ham». Bernardo Yahovaga va Uning tashkilotiga bo‘lgan ishonchini tiklash uchun boshqa harakatlar ham qildi. U Muqaddas Kitobni ko‘proq o‘qib, uning ustida chuqur mulohaza yuritdi. Imondoshlari u haqda qanday fikrda ekanidan tashvishlangan bo‘lsa ham ular bilan xizmat qilib, yig‘ilishlarga bordi. Keyinchalik u qayta oqsoqol etib tayinlandi. Agar siz ham Bernardo kabi tanbeh olgan bo‘lsangiz, tuyg‘ularingizga haddan ortiq diqqat qaratmang. Maslahatni qabul qiling va o‘zgarishga intiling c. (Hik. 8:33; 22:4) Agar shunday qilsangiz, Yahova Unga va tashkilotiga bo‘lgan sadoqatingizni ko‘rib baraka ato etadi.
TASHKILOTDAGI O‘ZGARISHLARGA MOSLASHISH QIYIN BO‘LGANIDA
10. Ba’zi isroilliklarning sadoqati nima tufayli sinalgan bo‘lishi mumkin?
10 Tashkilotdagi o‘zgarishlar tufayli sadoqatimiz sinalishi mumkin. Ehtiyot bo‘lmasak, Yahovadan yiroqlashib ketishimiz hech gap emas. Misol uchun, isroilliklar haqida bir o‘ylab ko‘ring. Yahova ularga Musoning Qonunini berishidan avval har bir oila boshi ruhoniylarning vazifalarini bajarardi. Ular qurbongohlar barpo etib, oilasi uchun qurbonliklar keltirardi. (Ibt. 8:20, 21; 12:7; 26:25; 35:1, 6, 7; Ayub 1:5) Ammo bu Qonunga binoan, ular bunday vazifalarni boshqa bajara olmasdi. Yahova qurbonliklar keltirish uchun Horunning xonadonini tayinlagandi. Uning xonadoniga tegishli bo‘lmagan kishi ruhoniylik vazifasini bajarsa, o‘limga mahkum etilardi d. (Lev. 17:3–6, 8, 9) Ehtimol, aynan shu sababli Ko‘rax, Datan, Aburam va 250 ta jamoa boshi Muso bilan Horunga qarshi isyon ko‘targan. (Sah. 16:1–3) Buni aniq bilmaymiz. Sababi qanday bo‘lmasin, bu tufayli Ko‘rax va uning tarafdorlari Yahovaga sodiq bo‘lib qolmadi. Agar tashkilotimizda yuz bergan o‘zgarishlar tufayli sizning ham sadoqatingiz sinalayotgan bo‘lsa nima qila olasiz?
11. Qohot o‘g‘illaridan qanday o‘rnak olishimiz mumkin?
11 Tashkilotdagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlang. Isroilliklar sahroda yurganida, Qohot o‘g‘illari muhim vazifani bajarishardi. Ular har safar ko‘chishganida, Qohot o‘g‘illarining ba’zilari ahd sandig‘ini xalqning old tomonida ko‘tarib ketishardi. (Sah. 3:29, 31; 10:33; Yoshua 3:2–4) Bu juda sharafli vazifa edi. Lekin isroilliklar va’da qilingan yurtga kirgach, ularning vazifalari o‘zgardi. Chunki endi ahd sandig‘ini ko‘chirib yurish shart emasdi. Sulaymon boshqargan davrda esa Qohot o‘g‘illarining ba’zilari qo‘shiqchilar, darvozabonlar va omborlarga bosh nazoratchilar etib tayinlanishgandi. (1 Sol. 6:31–33; 26:1, 24) Ular oldinlari sharafli vazifani bajargani uchun bundan noligani yoki yanada sharafliroq vazifani talab qilgani haqida hech narsa aytilmagan. Bu biz uchun qanday o‘rnak? Yahovaning tashkilotidagi barcha o‘zgarishlarni, hatto bu vazifangizga ta’sir qilsa ham ularni qo‘llab-quvvatlang. Topshirilgan har qanday vazifadan quvonch toping. Yodingizda bo‘lsin, faqat vazifangiz tufayli Yahova uchun qimmatbaho bo‘lib qolmaysiz. U itoatkorligingizni ko‘proq qadrlaydi. (1 Shoh. 15:22)
12. Zaina vazifasi o‘zgarganida o‘zini qanday his qilgan?
12 Yaqin Sharqda yashovchi Zaina ismli opamizning vaziyatiga diqqat qarataylik. Zaina 23-yildan ko‘proq vaqt mobaynida Baytilda xizmat qilganidan so‘ng vazifasi o‘zgardi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Bu men uchun kutilmagan edi. O‘zimni keraksizday his qilardim va tez-tez o‘zimdan: “Qaerda xato qildim?” — deb so‘rardim». Afsuski, jamoatidagi ba’zi imondoshlar uning yarasiga tuz sepib: «Uncha yaxshi xizmat qilmagandirsiz-da, aks holda Baytilda qolgan bo‘lardingiz»,— deb aytishardi. Zaina siqilganidan kechalari yig‘lardi. Lekin u Yahova va Uning tashkiloti uni yaxshi ko‘rishidan hech qachon shubhalanmagan. Unga aqli raso bo‘lishga nima yordam berdi?
13. Zaina salbiy tuyg‘ularini yengish uchun nima qilgan?
13 Zaina salbiy tuyg‘ularini yenga olgan. Qanday qilib? U adabiyotlarimizda masalasiga oid maqolalarni o‘qigan. Masalan, «Qo‘riqchi minorasi»ning 2001-yil 1-fevral sonidagi «Tushkunlikni yenga olasiz» nomli maqolani topgan. U yerda Injil yozuvchisi Mark vazifasi o‘zgarganida xuddi shunday tuyg‘ular bilan kurashgani haqida yozilgan. U quyidagicha bo‘lishdi: «Markning o‘rnagi o‘zimga kelishga yordam berdi». Zaina do‘stlari bilan ham vaqt o‘tkazgan, boshqalardan o‘zini olib qochmagan va o‘ziga achinmagan. Bu opamiz tashkilotimizni muqaddas ruh boshqarayotganini va birodarlar uni yaxshi ko‘rishini yodda tutgan. Qolaversa, Zaina uchun tashkilotimiz Yahovaning ishini oxirigacha yetkazib qo‘yishi muhimroq bo‘lgan.
14. Vlado nimaga moslashishga harakat qilgan va unga nima yordam bergan?
14 Sloveniyadan bo‘lgan 73 yoshli Vlado ismli oqsoqol qiyinchilikka duch keldi. Uning jamoati boshqa jamoat bilan birlashtirildi va u qatnagan Yig‘ilish zali yopib qo‘yildi. U shunday dedi: «Chiroyli Yig‘ilish zali nega yopib qo‘yilganini tushunmasdim. Bu men uchun og‘riqli edi. Chunki yaqindagina uni ta’mirlagandik. Men duradgorman va u yerdagi ba’zi yangi jihozlarni o‘zim yasaganman. Shuningdek, ikkita jamoat birlashgani tufayli ba’zi narsalar o‘zgardi va bu men kabi keksa va’zgo‘ylar uchun qiyinchilik tug‘dirdi». Yo‘l-yo‘riqqa amal qilishga Vladoga nima yordam berdi? U quyidagicha dedi: «Yahovaning tashkilotidagi o‘zgarishlarga moslashish doim barakalar keltiradi. Ular bizni kelajakdagi ulkan o‘zgarishlarga tayyorlayapti». Siz ham shu kabi qiyinchiliklarga duch kelyapsizmi? Yahova tuyg‘ularingizni tushunishiga amin bo‘ling. Agar bunday o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlasangiz va Yahovaga hamda Uning tashkilotiga sodiq qolsangiz, albatta barakaga ega bo‘lasiz. (Zab. 18:25)
BARCHA NARSADA AQLI RASO BO‘LING
15. Jamoat ichida qiyinchiliklarga duch kelganimizda, qay yo‘sin aqli raso bo‘la olamiz?
15 Ushbu zamonaning oxiri yaqinlashar ekan, jamoat ichida qiyinchiliklarga duch kelishimiz mumkin. Ular Yahovaga bo‘lgan sadoqatimizni sinashi hech gap emas. Shunga aqli raso bo‘lish uchun jon kuydirishimiz kerak. Imondoshingiz sizga yomon munosabat ko‘rsatganida g‘azablanmang. Tanbeh olganingizda diqqatingizni faqat tuyg‘ularingizga qaratmang. Maslahatni qabul qiling va o‘zgarishga intiling. Tashkilotda shaxsan sizga ta’sir qiladigan o‘zgarish qilinganida, uni qabul qiling va ko‘rsatmaga bo‘ysuning.
16. Qanday qilib Yahovaga hamda tashkilotiga bo‘lgan ishonchingizni kuchaytira olasiz?
16 Sadoqatingiz sinalganida Yahovaga hamda Uning tashkilotiga bo‘lgan ishonchingizni kuchaytiring. Buning uchun aqli raso bo‘ling, ya’ni xotirjamlikni saqlab, to‘g‘ri fikr yuriting va masalaga Yahovaning nuqtai nazari bilan qarang. Shuningdek, siznikiga o‘xshash vaziyatlarda taslim bo‘lmagan Muqaddas Kitobdagi insonlar haqida tadqiq o‘tkazing va o‘rnagi ustida mulohaza yuriting. Yahovaga ibodat qilib yordam so‘rang va o‘zingizni jamoatdan olib qochmang. Shunda, nima bo‘lishidan qat’i nazar Shayton sizni Yahova hamda tashkilotidan judo qila olmaydi. (Yoqb. 4:7)
126-QO‘SHIQ Mustahkam, hushyor va mard bo‘ling
a Jamoat ichida qiyinchiliklarga duch kelganimizda ham Yahovaga hamda tashkilotiga bo‘lgan sadoqatimiz sinaladi. Bu maqolada uchta qiyinchilik haqida so‘z yuritib, sodiq qolish uchun nima qilishimiz mumkinligini bilib olamiz.
b Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.
c «Qo‘riqchi minorasi»ning 2009-yil 15-avgust sonining 30-sahifasidagi «Mas’uliyatdan mahrum bo‘ldingizmi? Uni qaytarish imkoni bor!» nomli maqolada qo‘shimcha maslahatlarni topa olasiz.
d Musoning Qonuniga binoan, oila boshi oziq-ovqat sifatida biror uy hayvonini so‘ymoqchi bo‘lganida, uni muqaddas chodirga olib borishi kerak edi. Ammo ular muqaddas chodirdan uzoqda yashaganida u yerga bormasligi ham mumkin edi. (Qonun. 12:21)