46-TADQIQ MAQOLASI
Yahova quvonch ila sabr qilishimizga yordam beryapti
Yahova sizlarga iltifot ko‘rsatishni sabr ila kutmoqda, sizlarga marhamat qilish uchun U qo‘zg‘aladi. ISHAYO 30:18
3-QO‘SHIQ Qudratim, Umidim, Tayanchim O‘zing
BU MAQOLADA a
1, 2. a) Qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz? b) Yahova bizga yordam berishni istayotganini qayerdan bilamiz?
YAHOVA qiyinchiliklarni yengishimizga hamda Unga quvonch ila xizmat qilishimizga yordam beradi. U buni qaysi yo‘llar orqali qiladi? Yahovaning yordamidan qay yo‘sin to‘laqonli foyda olishimiz mumkin? Bu savollarga ushbu maqolada javob topamiz. Lekin avvaliga: «Yahova bizga chindan ham yordam berishni istaydimi?» — degan savolni ko‘rib chiqaylik.
2 Havoriy Pavlus ibroniylarga yozgan maktubida muhim bir so‘zni qo‘llagan. Bu yuqoridagi savolga javob topishga yordam beradi. U: «Yahova mening yordamchim, men qo‘rqmayman. Inson menga nima ham qila olardi?!» — deb yozgan. (Ibron. 13:6) Muqaddas Kitobga oid manbalarga ko‘ra, bu oyatdagi «yordamchi» so‘zi yordamga chaqirayotgan kishiga ko‘maklashish uchun chopib ketayotgan insonga ishora qiladi. Yahova ham bunday inson kabi bizga yordam berishga oshiqadi. Ha, U bizni qo‘llab-quvvatlashni juda istaydi. Xudo biz tomonda ekan, qiyinchiliklarni quvonch ila yenga olamiz.
3. Qaysi uchta yo‘l orqali Yahova qiyinchiliklarni yengishimizga yordam beryapti?
3 Qaysi yo‘llar orqali Yahova bizga yordam beryapti? Buning javobini bilish uchun Ishayo kitobiga nazar solaylik. Chunki Yahova Ishayoga ochib bergan ko‘pgina bashoratlar bizga ham tegishli. U Yahovani biz tushunadigan oddiy so‘zlar bilan ta’riflagan. Ishayo 30- bobda ba’zi misollar keltirilgan. U yerda Yahova xizmatchilariga qanday yordam berayotgani ajoyib tarzda tasvirlagan. Ishayo Yahova 1) ibodatlarimizni diqqat bilan tinglab, ularga javob berish, 2) bizga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish va 3) hozir hamda kelajakda barakalar berish orqali bizni qo‘llab-quvvatlashi haqida yozgan. Keling, ularni diqqat ila ko‘rib chiqaylik.
YAHOVA BIZNI TINGLAYDI
4. a) Yahova Ishayo davridagi isroilliklarni qanday ta’riflagan va oxiri ular bilan nima yuz bergan? b) Xudo sadoqatli yahudiylarga qanday umid bergan? (Ishayo 30:18, 19)
4 Ishayo 30-bobning boshida Yahova yahudiylar haqida «o‘jar o‘g‘illar», «gunoh ustiga gunoh orttiradi», «ular isyonkor xalq,.. qonuniga quloq solishni istamaydi» degan. (Ishayo 30:1, 9) Ishayo odamlar Yahovani tinglashdan bosh tortgani uchun azob chekishini bashorat qilgan. (Ishayo 30:5, 17; Yerm. 25:8–11) Chindan ham shunday bo‘lgan. Keyinchalik bobilliklar ularni asirlikka olib ketgan. Xalq orasida sadoqatli yahudiylar ham bo‘lgan va Ishayo ularga umidbaxsh xabarni yetkazgan. Bir kun kelib Yahova ularni ozod etishini aytgan. (Ishayo 30:18, 19 ni o‘qing.) Bu rostdan ham yuz bergan. Yahova ularni asirlikdan ozod etgan. Bungacha biroz vaqt o‘tgan. «Yahova sizlarga iltifot ko‘rsatishni sabr ila kutmoqda» degan so‘zlardan buni ko‘rishimiz mumkin. 70-yil asirlikda bo‘lgan ba’zi isroilliklarga Quddusga qaytishga ruxsat berilgan. (Ishayo 10:21; Yerm. 29:10) Ular ona yurtiga qaytganida asirlikda to‘kkan qayg‘u ko‘z yoshlari quvonch ko‘z yoshlariga aylangan.
5. Ishayo 30:19 bizni nimaga ishontiryapti?
5 Ishayo 30:19 dagi ushbu so‘zlar bizga tasalli baxsh etishi mumkin: «U yordam so‘rab yolvorganingni eshitib, senga albatta iltifot ko‘rsatadi». Bu Yahova iltijolarimizni diqqat bilan eshitib, ularga tezda javob berishiga bizni ishontiryapti. Shuningdek, Ishayo: «Ovozingni eshitiboq javob beradi»,— deb yozgan. Ha, mehribon Otajonimiz yordamga muhtoj bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlashni juda istaydi. Buni bilish bizga bardoshli bo‘lishga ko‘maklashadi.
6. Ishayoning so‘zlari Yahova ibodatlarimizni eshitishi haqida nimani ochib beryapti?
6 Bu oyatdan ibodatlarimiz haqida yana nimani bilib olyapmiz? Yahova har birimizning ibodatimizni diqqat ila tinglaydi. Nega bunga aminmiz? Boisi Ishayo 30- bobning birinchi qismida «sizlar» so‘zi qo‘llanilgan va Yahova xizmatchilariga guruh sifatida murojaat qilgan. Ammo 19-oyatda «sen» so‘zi qo‘llanilgan. Demak, Xudoning so‘zlari har bir kishiga qaratilgan. Ishayo: «Sen ortiq yig‘lamaysan», «Senga albatta iltifot ko‘rsatadi»,— deb yozgan. Yahova mehribon Otamiz bo‘lgani uchun ruhi tushgan o‘g‘li yoki qiziga: «Sen opa-ukalaringga o‘xshab kuchli bo‘lishing kerak»,— deb hech qachon aytmaydi. Aksincha, U har birimizga alohida e’tibor qaratib, ibodatlarimizni tinglaydi. (Zab. 116:1; Ishayo 57:15)
7. Ishayo va Iso ibodatning muhimligi haqida nima deyishgan?
7 Yahovaga ibodat qilib, biron qiyinchiligimiz haqida aytsak, chidamli bo‘lish uchun U bizga kuch beradi. Bordi-yu, masalamiz biz kutganday tez hal bo‘lmasa, Yahovaga qayta-qayta ibodat qilib kuch so‘rasak bo‘ladi. U bunday qilishimizni xohlaydi. Ishayo payg‘ambar: «[Yahovaga] tinmay ibodat qiling»,— deb aytgan. (Ishayo 62:7) Demak, Yahovaga muntazam ibodat qilishimiz kerak. Bu so‘zlar Isoning Luqo 11:8–10, 13- oyatlarda aytganlarini eslatadi. Ushbu oyatlarda Iso bizni muqaddas ruhni «qayta-qayta so‘rashga» undayapti. Shuningdek, Yahovaga iltijo qilib, to‘g‘ri qarorlar chiqara olishimiz uchun yo‘l-yo‘riq berishini so‘rasak bo‘ladi.
YAHOVA BIZNI YO‘NALTIRYAPTI
8. Ishayo 30:20, 21 dagi so‘zlar qanday amalga oshgan?
8 Ishayo 30:20, 21 ni o‘qing. Bobil qo‘shini Quddusni yarim yil davomida qurshab olganida odamlar rosa xavotirda edi. Ular tun-u kun qo‘rquvni his qilardi. Ammo 20- va 21-oyatlarga binoan, Yahova yahudiylar tavba qilib o‘zgarsa ularni qutqarishini va’da qilgan. Ishayo Yahova «Buyuk Ustoz» sifatida Unga ma’qul tarzda topinishni ularga o‘rgatishini bashorat qilgan. Bu va’dalar yahudiylar ozod bo‘lganda amalga oshgan. Yahova ularning Buyuk Ustoziga aylangan va Uning boshqaruvi ostida pok topinish tiklangan. Hozir ham Xudo Buyuk Ustozimiz ekanidan baxtiyormiz.
9. Qay yo‘sin Yahova bizga yo‘l-yo‘riq beryapti?
9 Ishayo Yahovani Ustoz bilan solishtirgan. Bizni esa Undan ikki yo‘l orqali ta’lim olayotgan o‘quvchilarga o‘xshatsak bo‘ladi. U birinchi yo‘l haqida shunday degan: «Sen Buyuk Ustozingni o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan». Bu so‘zlarni o‘qiganimizda xayolimizga o‘quvchilar qarshisida turgan ustoz keladi. Yahovaning O‘zi bizga ta’lim berayotgani katta sharaf. U buni qay yo‘sin qilyapti? U bizga tashkiloti orqali aniq ko‘rsatmalar berayotganidan boshimiz ko‘kka yetyapti. Jamoat yig‘ilishlari, anjumanlar, adabiyotlar, oylik ko‘rsatuvlari va boshqa ma’naviy ozuqa orqali qiyinchiliklarni quvonch ila yengishimizga yordam beryapti.
10. «Ortingizdan... ovozni eshitasiz» degan so‘zlar nimani anglatadi?
10 Ishayo Yahova bizga ta’lim berayotganining ikkinchi yo‘li haqida shunday aytgan: «Ortingizdan... ovozni eshitasiz». Demak, u Yahovani o‘quvchilarning ortida turib, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatayotgan zehni o‘tkir ustozga o‘xshatgan. Bugungi kunda Xudoning ovozini ortimizdan eshitib turibmiz. Qanaqasiga? Gap shundaki, Muqaddas Yozuvlarda Uning so‘zlari ancha yillar oldin yozilgan. Hozir ularni o‘qiganimizda ortimizdan Uning ovozini eshitganday bo‘lamiz. (Ishayo 51:4)
11. Quvonch ila xizmat qilish uchun nima qilishimiz kerak va nega?
11 Yahova Kalomi va tashkiloti orqali berayotgan ta’limdan qay yo‘sin to‘laqonli foyda olishimiz mumkin? Ishayo ikkita narsani aytgan. Birinchisi, «mana yo‘l». Ikkinchisi, «shu yo‘ldan yuring». (Ishayo 30:21) Faqatgina «yo‘l» borligini bilish yetarli emas. «Shu yo‘ldan yurishimiz» ham kerak. Yahova Kalomi va tashkiloti orqali bizdan nimani kutayotganini hamda ularga qay yo‘sin amal qilishimiz kerakligini o‘rgatyapti. Unga quvonch ila xizmat qilish uchun ikkala narsani qilishimiz kerak. O‘shandagina Xudo bizga baraka beradi.
YAHOVA BIZGA BARAKA BERYAPTI
12. Yahova xalqiga qanday barakalar ato etgan? (Ishayo 30:23–26)
12 Ishayo 30:23–26 ni o‘qing. Bu bashorat Isroilga qaytgan yahudiylarning vaziyatida qay yo‘sin amalga oshgan? Yahova ularga yashashiga va Unga xizmat qilishiga ko‘maklashadigan ko‘pdan-ko‘p narsalarni bergan. Ularning mo‘l-ko‘l yeguligi bo‘lgan. Eng muhimi esa, ular Xudoga yaqinlashib Unga munosib tarzda topinishi uchun hamma narsaga ega edi. O‘sha paytda Xudoning xalqi ma’naviy jihatdan har qachongidan ham ko‘proq barakalarga ega bo‘lgan. 26-oyatga ko‘ra, Yahova ularga Kalomini tushunishga ko‘maklashgan. (Ishayo 60:2) Yahovaning barakalari orqali ularning qalbi shodlikka to‘lgan va ular tinchlik-xotirjamlikda yashagan. (Ishayo 65:14)
13. Pok topinishni tiklash haqidagi bashorat bugungi kunda qanday amalga oshyapti?
13 Pok topinishni tiklash haqidagi bashorat bugungi kunda amalga oshyaptimi? Albatta! Qanaqasiga? Mil. 1919-yildan beri millionlab insonlar Buyuk Bobil, ya’ni soxta din imperiyasining asirligidan ozod bo‘lib kelyapti. Ular isroilliklarga va’da qilingan yurtdan yaxshiroq joyga, ya’ni ma’naviy jannatga yo‘naltirilyapti. (Ishayo 51:3; 66:8) Ma’naviy jannat bu nima?
14. Ma’naviy jannat bu nima va hozir u yerda kimlar yashayapti? (Ibora ma’nosiga qarang.)
14 Mil. 1919-yildan beri moylangan masihiylar ma’naviy jannatda yashab kelyapti b. Yer yuzida yashashga umid qilayotgan «boshqa qo‘ylar» ham bu ma’naviy jannatda bo‘lib, Yahovaning mo‘l-ko‘l barakalaridan zavq olyapti. (Yuhan. 10:16; Ishayo 25:6; 65:13)
15. Ma’naviy jannat qayerda joylashgan?
15 Bugungi kunda ma’naviy jannat qayerda? Yahovaning xizmatchilarini dunyoning turli joylarida uchratish mumkin. Demak, ma’naviy jannat butun dunyo bo‘ylab tarqalgan. Qaerda yashashimizdan qat’i nazar haq topinishni qo‘llab-quvvatlashda davom etsak, ma’naviy jannatda qolamiz.
16. Qanday qilib ma’naviy jannatning chiroyini ko‘rishda davom eta olamiz?
16 Ushbu jannatda qolish uchun umumjahon birodarligimizni qadrlashimiz kerak. Buning uchun imondoshlarimizning kamchiliklariga emas, balki ajoyib fazilatlariga e’tibor qaratishimiz lozim. (Yuhan. 17:20, 21) Nega bu muhim? Aytaylik, chiroyli o‘rmonga bordik va u yerda turli xil daraxtlarni ko‘rdik. Shunga o‘xshab, ma’naviy jannatda ham bunday ko‘rkam daraxtlarga o‘xshash har xil insonlar bor. (Ishayo 44:4; 61:3) Demak, yonimizdagi «daraxtlarning» kamchiliklariga emas, «o‘rmon» qanchalik chiroyli ekaniga diqqat qaratishimiz lozim. O‘zimizning yoki boshqalarning kamchiliklari bizni chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Umumjahon oilamiz nihoyatda ahil ekanini yodda tuting.
17. Jamoat inoq bo‘lishi uchun har birimiz qanday hissa qo‘sha olamiz?
17 Jamoat inoq bo‘lishi uchun nima qila olamiz? Buning uchun tinchliksevar bo‘lishimiz lozim. (Mat. 5:9; Rim. 12:18) Har safar imondoshlar orasida tinchlik bo‘lishiga harakat qilganimizda ma’naviy jannatning chiroyiga chiroy qo‘shamiz. Yahova u yerdagi insonlarni O‘zi jalb qilganini unutmang. (Yuhan. 6:44) U xizmatchilarini juda qadrlaydi. Ularning orasida tinchlik va yakdillik bo‘lishi uchun qo‘limizdan kelganini qilganimizda, Yahova juda xursand bo‘ladi. (Ishayo 26:3; Xag. 2:7)
18. Nima haqida tez-tez fikr yuritishimiz kerak va nega?
18 Yahova bizga berayotgan barakalardan to‘liq foyda olish uchun nima qilsak bo‘ladi? Uning Kalomi va adabiyotlarimizni tadqiq qilib, bilib olganlarimiz ustida chuqur fikr yuritishimiz lozim. Bu Xudoga yoqadigan fazilatlarni rivojlantirishga hamda jamoatdagilarni «birodarlarcha, chin ko‘ngildan sevishga» yordam beradi. (Rim. 12:10) Hozirgi barakalarimiz ustida mulohaza qilsak Yahovaga yanada yaqinlashamiz. Kelajakdagi barakalar haqida fikr yuritsak, Unga toabad xizmat qilish qarorimiz yanada mustahkamlanadi. Bularning hammasi hozirning o‘zida Allohga quvonch ila xizmat qilishimizga hissa qo‘shadi.
BARDOSHLI BO‘LISH QARORIMIZ QAT’IY
19. a) Ishayo 30:18 ga ko‘ra, nimada amin bo‘lishimiz mumkin? b) Qiyinchiliklarni quvonch ila yengishga nima yordam beradi?
19 Yahova ushbu yovuz dunyoni yo‘q qilganida biz uchun «qo‘zg‘aladi». (Ishayo 30:18) «Adolatli Alloh» Shaytonning yovuz dunyosi keragidan ortiq mavjud bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi. Bir kun kelib uni yo‘q qiladi. (Ishayo 25:9) Ushbu ozodlik vaqti kelishini Yahova bilan birga sabr ila kutamiz. Ungacha ibodat qilish, Kalomni o‘qish, olgan bilimimizni amalda qo‘llash va barakalar ustida mulohaza yuritish qarorimiz qat’iy bo‘lsin. Agar bunday qilsak, Yahova qiyinchiliklarni quvonch ila yengishimizga yordam beradi.
142-QO‘SHIQ Umidni mustahkam ushlaylik
a Ushbu maqolada Yahova xizmatchilariga qiyinchiliklarni quvonch ila yengishga ko‘maklashayotganining uchta yo‘liga e’tibor qaratamiz. Ular Ishayo 30- bobda batafsil yoritilgan. Shuningdek, ibodat qilish, Kalomni o‘qish va hozirgi hamda kelajakdagi barakalar haqida mulohaza qilish muhim ekani to‘g‘risida so‘z yuritamiz.
b IBORA MA’NOSI. «Ma’naviy jannat» xavfsiz joy. U yerda Yahovaga ahillikda topinib, diniy yolg‘onlardan holi bo‘lgan mo‘l-ko‘l ma’naviy ozuqadan zavq olyapmiz. Qolaversa, Xudoning Shohligi haqidagi xushxabarni va’z qilish bilan bandmiz. Yahova bilan yaqin do‘stlik bizga ulkan mamnuniyat keltiryapti. Imondoshlarimiz bilan tinch yashayapmiz. Ular qiyinchiliklarni quvonch bilan yengishimizga yordam beryapti. Yahovaga ma’qul tarzda topinishni va Unga taqlid qilish uchun qo‘limizdan kelganini qilishni boshlaganimizda ma’naviy jannatga kirganmiz.