Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

45-TADQIQ MAQOLASI

Yahova xizmatimizni bajarishga ko‘maklashadi

Yahova xizmatimizni bajarishga ko‘maklashadi

[Ular] oralarida payg‘ambar bo‘lganini bilib qo‘yishadi. HIZ. 2:5

67-QO‘SHIQ «Kalomni va’z et»

BU MAQOLADA a

1. Va’zgo‘ylik ishida nimaga duch kelishimiz mumkin va Yahova nima qilishiga aminmiz?

 VA’ZGO‘YLIK ishida ta’qiblarga duch kelishimiz mumkin. Kelajakda ular yanada kuchayadi. (Don. 11:44; 2 Tim. 3:12; Vah. 16:21) Biroq Yahova bizga kerakli yordamni berishiga aminmiz. Nega? Chunki vazifalar qanchalik qiyin bo‘lmasin, xizmatchilariga ularni bajarishga U doim ko‘maklashgan. Keling, Bobilda asirlikda yashagan yahudiylarga va’z qilgan Hizqiyo payg‘ambarning hayotidagi ba’zi hodisalarni ko‘rib chiqaylik.

2. Hizqiyo qanday insonlarga va’z qilgan va ushbu maqolada nimani muhokama qilamiz? (Hizqiyo 2:3–6)

2 Hizqiyo qanday insonlarga va’z qilgan? Yahova ularni «itoatsiz», «qaysar» va «isyonkor» deb aytgan. O‘sha insonlar tikanlarday zararli va chayonlarday zaharli bo‘lishgan. Bejizga Yahova Hizqiyoni qo‘rqmaslikka qayta-qayta undamagan. (Hizqiyo 2:3–6 ni o‘qing.) Hizqiyo unga topshirilgan vazifani bajara olgan. Sababi 1) Yahovaning O‘zi uni yuborgan, 2) muqaddas ruh unga kuch baxsh etgan va 3) Xudoning Kalomi imonini mustahkamlagan. Qay yo‘sin ushbu uchta omil Hizqiyoga ko‘maklashgan? Ular bizga qanday yordam berishi mumkin?

HIZQIYONI YAHOVANING O‘ZI YUBORGAN

3. Yahova Hizqiyoni qay yo‘sin mustahkamlagan?

3 Yahova Hizqiyoga shunday degan: «Seni [Men] yuboryapman». (Hiz. 2:3, 4) Ushbu so‘zlar Hizqiyoni mustahkamlagan bo‘lsa kerak. Nega? Shubhasizki, u Yahova Muso va Ishayoni payg‘ambar sifatida tayinlaganida shu kabi so‘zlarni aytganini eslagan. (Chiq. 3:10; Ishayo 6:8) Shuningdek, Hizqiyo Yahova ushbu ikkita payg‘ambarga qiyinchiliklarni yengishga yordam berganini bilgan. Shuning uchun, u ikki marta: «Seni [Men] yuboryapman»,— degan so‘zlarni eshitganida, Yahova uni tashlab qo‘ymasligiga ishongan. Hizqiyo: «Yahova menga O‘z so‘zini ayon qildi»,— deb bir necha marotaba yozgan. (Hiz. 3:16) Qolaversa, u: «Yahova menga yana so‘zini ayon qildi»,— deb qayta-qayta aytgan. (Hiz. 6:1) Hizqiyo uni Yahova yuborganiga amin bo‘lgan. Bundan tashqari, ruhoniy bo‘lgan otasi Yahova O‘z payg‘ambarlariga ko‘maklashishiga uni ishontirgan. Masalan, U Is’hoq, Yoqub va Yeremiyoga: «Men sen bilanman»,— deb aytgan. (Ibt. 26:24; 28:15; Yerm. 1:8)

4. Qaysi fikrlar Hizqiyoga kuch bergan?

4 Aksariyat isroilliklar Hizqiyoning xizmatiga qanday munosabatda bo‘lgan? Yahova: «Isroil xonadoni seni tinglashdan bosh tortadi, chunki ular Menga quloq solishni istashmaydi»,— degan. (Hiz. 3:7) Ular uni rad etganda, Yahovani rad etganday bo‘lishgan. Bu so‘zlar Hizqiyoni odamlar xabarni qabul qilmayotganida uning aybi yo‘qligiga ishontirgan. Shuningdek, u e’lon qilgan hukm xabari amalga oshganida odamlar «oralarida payg‘ambar bo‘lganini bilib qo‘yishiga» amin bo‘lgan. (Hiz. 2:5; 33:33) Shubhasizki, bu tasalli beradigan fikrlar Hizqiyoga xizmatini to‘laqonli amalga oshirishga kuch bergan.

BIZNI YAHOVANING O‘ZI YUBORGAN

Hizqiyo kabi xizmatda befarqlik va qarshiliklarga duch kelishimiz mumkin, lekin Yahova yonimizda ekanini bilamiz (5-, 6-xatboshilariga qarang.)

5. Qay yo‘sin Ishayo 44:8 dagi so‘zlar bizga jasorat baxsh etadi?

5 Yahovaning O‘zi va’zgo‘ylik ishini bizga topshirganini bilish jasorat baxsh etadi. U bizni «shohidlari» deb atalish sharafiga muyassar qildi. (Ishayo 43:10) Bu bilan faxrlansak arziydi! Yahova Hizqiyoga: «Qo‘rqma»,— deb aytgan. Bugungi kunda esa U bizni: «Vahimaga tushmang»,— deb undayapti. Nega qarshiliklardan qo‘rqmasligimiz kerak? Sababi, bizni ham Yahovaning O‘zi yuborgan va U doim yonimizda turadi. (Ishayo 44:8 ni o‘qing.)

6. a) Yahova bizni qo‘llab-quvvatlashiga qay yo‘sin ishontiryapti? b) Nimani bilish bizga dalda beradi?

6 Yahova bizni qo‘llab-quvvatlashiga ishontiryapti. Misol uchun, U: «Sizlar Mening shohidlarimsiz»,— deyishdan avval shunday deb aytgan: «Suvlardan o‘tsang, Men sen bilan bo‘laman, daryolardan o‘tsang, suv ostida qolmaysan. Olovdan o‘tsang-da, yonmaysan, alanga seni kuydirmaydi». (Ishayo 43:2) Ba’zan xizmatda suv toshqini yoki yong‘inga o‘xshash qiyinchiliklarga duch kelamiz. Lekin bunga qaramay, Yahova xizmatni davom ettirishga yordam beryapti. (Ishayo 41:13) Hizqiyoning davrida bo‘lganiday, bugun ham odamlar xushxabarni rad etyapti. Ammo bu biz yaxshi va’z qilmayotganimizni anglatmaydi. Sadoqatli bo‘lib, xushxabarni yetkazishni davom etsak, Yahova mamnun bo‘ladi. Buni bilish daldali. Havoriy Pavlus: «Har biri o‘z mehnatiga yarasha mukofotini oladi»,— degan. (1 Kor. 3:8; 4:1, 2) Ancha yildan beri kashshof bo‘lib xizmat qilayotgan opamiz shunday dedi: «Yahova harakatlarimizni mukofotlashini bilish menga quvonch keltiradi».

MUQADDAS RUH HIZQIYOGA KUCH BAXSH ETGAN

Hizqiyo vahiyda Yahovaning samoviy aravasini ko‘ryapti. Bu uni Yahova xizmatini bajarishga yordam berishiga ishontiryapti (7-xatboshiga qarang.)

7. Vahiy haqida o‘ylash Hizqiyoga qanday ta’sir qilgan? (Muqovadagi rasmga qarang.)

7 Hizqiyo muqaddas ruhning kuchli ta’sirini ko‘rgan. U vahiyda muqaddas ruh bahaybat farishtalarga va samoviy aravaning g‘ildiraklari harakatlanishiga yordam berganini ko‘rgan. (Hiz. 1:20, 21) Bu unga qanday ta’sir qilgan? U shunday yozgan: «Buni ko‘rganimda, yerga yuztuban tiz cho‘kdim». Ha, Hizqiyo lol qolgan. (Hiz. 1:28) Keyinchalik u o‘sha vahiy haqida o‘ylaganida, muqaddas ruh kuchli ta’sirga ega ekaniga bo‘lgan ishonchi mustahkamlangandir. Bu unga xizmatini davom ettirishga ko‘maklashgan.

8, 9. a) Yahova Hizqiyoga nima qilishni aytgan? b) Hizqiyo nima yordamida va’z qila olgan?

8 Yahova Hizqiyoga shunday degan: «Ey inson o‘g‘li, o‘rningdan tur, sen bilan gaplashmoqchiman». Buni eshitib, Hizqiyo yerdan tura olishi uchun kuchga ega bo‘lgan. U shunday deb yozgan: «Xudoning ruhi ichimga kirdi... Bu ruh meni oyoqqa turg‘izdi». (Hiz. 2:1, 2) Xudoning muqaddas ruhi Hizqiyoga hayoti davomida yordam bergan. (Hiz. 3:22; 8:1; 33:22; 37:1; 40:1) Muqaddas ruh unga vazifasini bajarishi, ya’ni hududidagi «o‘jar va qaysar» odamlarga va’z qilishi uchun kuch baxsh etgan. (Hiz. 3:7) Yahova Hizqiyoga shunday degan: «Ular qanchalik o‘jar bo‘lsa, Men seni shunchalik qat’iyatli qilaman. Peshonangni chaqmoqtoshdan ham qattiq bo‘lgan olmosday qilaman. Ulardan qo‘rqma, yuzlarining ifodasidan vahimaga tushma». (Hiz. 3:8, 9) U go‘yo shunday deganday bo‘lgan: «Itoatsiz insonlar tufayli ruhing tushmasin. Men seni mustahkamlayman».

9 So‘ng Xudoning ruhi yordamida Hizqiyo hududida va’z qila olgan. U: «Yahovaning qudrati menga qattiq ta’sir qildi»,— deb yozgan. Hizqiyo olgan xabarni to‘liq tushunishiga bir hafta kerak edi. (Hiz. 3:14, 15) Keyin Yahova Hizqiyoga vodiyga borishni aytgan. U yerda «Xudoning ruhi» uning ichiga kirgan. (Hiz. 3:23, 24) Endi, Hizqiyo xizmatini boshlashga tayyor bo‘lgan.

MUQADDAS RUH BIZGA KUCH BAXSH ETYAPTI

Hizqiyoga xizmatini ado etishga nima yordam bergan? Bizga-chi? (10-xatboshiga qarang.)

10. Va’z qilishda davom etish uchun nimaga muhtojmiz va nega?

10 Va’zgo‘ylik xizmatini davom ettirish uchun qanday yordamga muhtojmiz? Bunga javob berishdan oldin Hizqiyoning vaziyati haqida o‘ylab ko‘ring. U va’zgo‘ylik faoliyatini boshlashdan oldin muqaddas ruh uni mustahkamlagan. Bugungi kunda Hizqiyo kabi biz ham Xudoning ruhi yordamida va’z qila olamiz. Nima uchun? Chunki Shayton va’zgo‘ylik faoliyatini to‘xtatish uchun jang olib boryapti. (Vah. 12:17) Inson nuqtai nazari bilan qaraganda, biz Shaytonning oldida juda ojizmiz. Lekin va’zgo‘ylik ishi orqali biz uni yenga olamiz. (Vah. 12:9–11) Qay yo‘sin? Xizmatda ishtirok etganimizda Shaytondan qo‘rqmayotganimizni ko‘rsata olamiz. Har safar va’z qilganimizda Shayton mag‘lub bo‘ladi. Xo‘sh, dushmanlarimizning ta’qiblariga qaramay, va’z qilishda davom etsak nima ayon bo‘ladi? Bu Yahova bizga muqaddas ruhini berayotganini va bizdan mamnun ekanini ko‘rsatadi. (Mat. 5:10–12; 1 Butr. 4:14)

11. Xudoning ruhi bizga qanday yordam beradi va u bizni yo‘naltirishda davom etishi uchun nima qilishimiz lozim?

11 Yahova Hizqiyoga xizmatini ado etishi uchun kuch baxsh etganidan yana nimani o‘rganishimiz mumkin? Xudoning ruhi xizmatda duch kelishimiz mumkin bo‘lgan har qanday qiyinchilikni yengishga yordam beradi. (2 Kor. 4:7–9) Uning ruhi bizni yo‘naltirishda davom etishi uchun nima qilishimiz lozim? Yahova ibodatlarimizni eshitishiga amin bo‘lib, Undan ruhini qayta-qayta so‘rashimiz lozim. Iso shogirdlariga: «So‘rab turinglar... izlab turinglar va... taqillatib turinglar»,— deb aytgan. Shunday qilsak, Yahova bizga muqaddas ruhini beradi. (Luqo 11:9, 13; Havor. 1:14; 2:4)

XUDONING SO‘ZLARI HIZQIYONING IMONINI MUSTAHKAMLAGAN

12. O‘rama bitik kimdan edi va u yerda nima yozilgandi? (Hizqiyo 2:9–3:3)

12 Hizqiyo nafaqat Xudoning ruhi, balki so‘zlari orqali ham kuchga to‘lgan. Vahiyda u bitta qo‘l o‘rama bitikni ushlab turganini ko‘rgan. (Hizqiyo 2:9–3:3 ni o‘qing.) Xo‘sh, o‘sha bitik kimdan edi? U yerda nima yozilgandi? Qanday qilib u Hizqiyoni mustahkamlagan? Keling, buni bilib olaylik. O‘sha bitik Xudodan edi. Ehtimol, U Hizqiyo oldinroq ko‘rgan to‘rtta farishtalardan bittasi orqali uni bergandir. (Hiz. 1:8; 10:7, 20) U yerda Xudoning so‘zlari — Hizqiyo isyonkorlarga e’lon qilishi kerak bo‘lgan hukm xabari yozilgandi. (Hiz. 2:7) O‘sha xabar bitikning ikkala tomonida ham bor edi.

13. Yahova Hizqiyoga bitikni nima qilishni aytgan va nega u shirin bo‘lgan?

13 Yahova payg‘ambariga «o‘rama bitikni yeb», oshqozonini u bilan to‘ldirishni aytgan. Hizqiyo tayyorlik ila bitikni butunlay yeb qo‘ygan. Vahiyning bu qismi nimani anglatadi? Hizqiyo xabarning ma’nosini yaxshilab tushunishi va unga avvalo o‘zi ishonishi kerak edi. Shundagina u va’z qila olardi. Keyin ajoyib narsa yuz berdi. U bitik haqida shunday degan: «U og‘zimda asalday shirin bo‘ldi». (Hiz. 3:3) Nega? Hizqiyo uchun Yahovaning vakili bo‘lish shirin yoki yoqimli bo‘lgan. (Zab. 19:8–11) Hizqiyo Yahova uni payg‘ambar sifatida tanlagani uchun minnatdor bo‘lgan.

14. Hizqiyoga vazifasini bajarishga nima ko‘maklashgan?

14 Keyin Yahova Hizqiyoga shunday degan: «Senga aytadigan barcha so‘zlarimni tinglab, qalbingga jo qil». (Hiz. 3:10) Hizqiyo bitikdagi so‘zlarni eslab qolib, ular ustida fikr yuritishi kerak edi. Shu yo‘sin, uning imoni yanada mustahkamlanardi. Qolaversa, bu unga Xudoning xabarini va’z qilishga ko‘maklashardi. (Hiz. 3:11) Hizqiyo bu xabarni to‘liq tushunib, unga ishongach va’z qilishga tayyor bo‘lgan. Bu xizmatni to‘xtatmaslik qarorini kuchaytirgan. (Zabur 19:14 ni solishtiring.)

XUDONING SO‘ZLARI IMONIMIZNI MUSTAHKAMLAYAPTI

15. Xizmatni davom ettira olish uchun qalbimizga nimani jo qilishimiz kerak?

15 Xizmatni davom ettira olish uchun Xudoning so‘zlari bizning ham imonimizni mustahkamlashiga yo‘l qo‘yishimiz kerak. Ularni qalbimizga «jo qilishimiz» lozim. Bugungi kunda Yahova Kalomi bo‘lmish Muqaddas Kitob orqali gapiryapti. Qanday qilib u fikrlar, his-tuyg‘ular va niyatlarimizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ya olamiz?

16. Xudoning Kalomini qalbimizga jo qilish uchun nima qilishimiz darkor?

16 To‘g‘ri ovqatlanganimizda yanada sog‘lom bo‘lamiz. Shu kabi, Xudoning Kalomini tadqiq qilib, mulohaza yuritganimizda imonimiz mustahkamlanadi. Yahova oshqozonimizni so‘zlari bilan to‘ldirishimizni, ya’ni ularni yaxshiroq tushunishimizni xohlayapti. Buning uchun ibodat qilish, o‘qish va mulohaza yuritish darkor. Xudoning Kalomini qalbimizga jo qilish uchun avval ibodat qilamiz. So‘ng Muqaddas Kitobni o‘qib, biroz to‘xtab fikr yuritamiz. Natijada nima bo‘ladi? Qancha ko‘p fikr yuritsak, imonimiz shuncha ko‘p mustahkamlanadi.

17. Nega Muqaddas Kitobni o‘qish va ustida fikr yuritish muhim?

17 Nima uchun Muqaddas Kitobni o‘qish va ustida fikr yuritish muhim? Shu yo‘sin, hozir Shohlik haqidagi xushxabar bilan bo‘lisha olamiz, yaqin kelajakda esa hukm xabarini e’lon qila olamiz. Bundan tashqari, Yahovaning ajoyib fazilatlari ustida fikr yuritganimizda, U bilan munosabatlarimiz yanada qalinlashadi. Natijada shirin bir narsadan zavqlanamiz, ya’ni ichki xotirjamlik va mamnuniyat his qilamiz. (Zab. 119:103)

SABR QILISH UCHUN ARZIGULIK SABAB

18. Hududimizdagi odamlar nimani tan olishi kerak bo‘ladi va nega?

18 To‘g‘ri, Hizqiyo kabi payg‘ambar emasmiz, lekin Yahova bo‘ldi demaguncha xushxabarni va’z qilish qarorimiz qat’iy. Hukm kuni kelganida hududimizdagi odamlar: «Bizni hech kim ogohlantirmadi» yoki «Xudo bizga e’tibor qaratmadi»,— deb ayta olmaydi. (Hiz. 3:19; 18:23) Aksincha, ular biz va’z qilgan xushxabar Xudodan bo‘lganini tan olishi kerak bo‘ladi.

19. Nima tufayli xizmatimizni bajara olamiz?

19 Xizmatni davom ettirishga nima yordam beradi? Hizqiyoga yordam bergan uchta omil bizga ham qo‘l keladi. Bilib olganimizday, Yahova bizni xizmat qilishga yuboryapti, muqaddas ruhi bizga kuch baxsh etyapti va Kalomi imonimizni mustahkamlayapti. Allohning yordami bilan xizmat qilib, «oxirigacha» bardoshli bo‘la olamiz. (Mat. 24:13)

65-QO‘SHIQ Olg‘a bos!

a Ushbu maqolada Hizqiyo payg‘ambarga xizmatini bajarishga yordam bergan uchta omilga diqqat qaratamiz. Yahova unga ko‘maklashgan ekan, bizga ham xizmatimizni ado etishga yordam beradi.