Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

TARJIMAI HOL

«Yahovaga xizmat qilishni juda istardim»

«Yahovaga xizmat qilishni juda istardim»

BIZ Granbori qishlog‘idagi odamlar bilan xayrlashib qayiqqa o‘tirdik. U yer Surinamdagi tropik o‘rmonning olis hududida joylashgan edi. Qayiqda Tapanaxoni daryosi bo‘ylab ketayotganimizda, kuchli oqim tufayli motorning parragi toshga urildi. Qayiqning old qismi shiddat bilan suvga to‘lgani uchun biz daryoga tushib ketdik. Yuragim qinidan chiqib ketay dedi. Garchi tuman noziri sifatida bir necha yil qayiqda safarlarga chiqqan bo‘lsam-da, suzishni bilmasdim.

Keyin nima yuz berganini aytishdan oldin qay yo‘sin to‘la vaqtli xizmatni boshlaganim haqida gapirib beraman.

Men 1942-yili go‘zal Karib dengizidagi Kyurasao orolida dunyoga kelganman. Otam aslida surinamlik. Lekin ishi tufayli o‘sha orolga ko‘chib ketgan. Tug‘ilishimdan bir necha yil oldin u suvga cho‘mgan va Kyurasaodagi ilk Yahovaning Shohidlaridan biri bo‘lgan a. Otam har hafta biz beshta farzand bilan tadqiq o‘tkazardi. Bu otam uchun oson bo‘lmagan, chunki doim ham tadqiq o‘tishni xohlamasdik. 14 yoshga to‘lganimda, keksayib qolgan buvimga g‘amxo‘rlik qilish uchun oilamiz bilan Surinamga ko‘chib ketdik.

YAXSHI DO‘STLAR MENGA YORDAM BERGAN

Surinamda Yahovaga g‘ayrat ila xizmat qilgan yoshlar bilan do‘stlashdim. Ular mendan bir-ikki yosh katta bo‘lib, doimiy kashshof edi. Ular xizmatidagi voqealarni aytib berganida, yuzidan nur yog‘ilardi. Yig‘ilishlardan keyin do‘stlarim bilan Muqaddas Kitobdagi mavzular bo‘yicha suhbatlashardik. Ba’zan tabiat qo‘ynida yulduzlarga qarab fikr yuritardik. O‘sha do‘stlarim hayotdan nima xohlayotganimni tushunishga yordam berishdi. Yahovaga xizmat qilishni juda istardim. Shu bois, 16 yoshimda suvga cho‘mdim, 18 da esa doimiy kashshoflikni boshladim.

HAYOTIMDA OLGAN QIMMATBAHO SABOQLAR

Paramariboda kashshof bo‘lib xizmat qilganman

Kashshoflik xizmatida juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Bu to‘la vaqtli xizmatda menga rosa asqatdi. Masalan, boshqalarga ta’lim berish muhimligi. Kashshoflikni boshlaganimda, Villem van Seyyel ismli to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y meni qanoti ostiga oldi b. U menga jamoatdagi vazifalarni yaxshiroq bajarishni o‘rgatdi. O‘shanda, bu ta’limga juda muhtoj ekanim xayolimga ham kelmagandi. Bir yildan keyin maxsus kashshof etib tayinlandim va Surinamdagi tropik o‘rmonning olis hududida joylashgan guruhlarga g‘amxo‘rlik qila boshladim. Villem va boshqa birodarlar menga yordam bergani uchun katta rahmat deyman. Ulardan boshqalarga ta’lim berish juda muhimligini o‘rgandim.

Shuningdek, sodda hayot kechirib, pulni reja bilan ishlatishni o‘rgandim. Har oyning boshida maxsus kashshoflikdagi sherigim bilan kelasi haftalar uchun kerak bo‘ladigan narsalarning ro‘yxatini tuzardik. Keyin esa bittamiz uzoq yo‘l yurib poytaxtga borardik va o‘sha narsalarni xarid qilardik. Ehtiyojimiz uchun berilgan pulni donolik bilan ishlatishimiz va zaxiradagi oziq-ovqat mahsulotlarini bir oyga yetkazishimiz kerak edi. Agar biron narsamiz tugab qolsa, o‘sha tropik o‘rmonda deyarli hech kim bizga yordam bera olmasdi, chunki u yerda kam odam yashardi. Yoshligimdan sodda hayot kechirishga va pulni rejalashtirib ishlatishga o‘rganganim, Yahovaga chalg‘imay xizmat qilishga yordam bergan.

Boshqalarga ularning ona tilida ta’lim berish muhim ekanini ham tushundim. Men niderland, ingliz, papyamento va Surinamda keng tarqalgan sranan-tongo tilini bilaman. Tropik o‘rmondagi aholi xushxabarni ona tilida eshitganda yaxshiroq munosabat ko‘rsatishiga e’tibor berdim. U yerdagi ba’zi tillarda, masalan, baland va past ohanglari bor bo‘lgan saramakka tili men uchun qiyin edi. Biroq harakatlarim bunga arzirdi. Bir necha yil mobaynida ko‘pgina odamlarga haqiqatni yetkaza oldim, chunki ularning ona tilida gapirardim.

Albatta, til bilan bog‘liq kulgili vaziyatlar ham bo‘lgan. Misol uchun, saramakka tilida gapiradigan qiziquvchidan u o‘zini qanday his qilayotgani borasida so‘radim, chunki uning qorni og‘riyotgandi. Aslida esa undan: «Siz homiladormisiz?» — deb so‘ragan ekanman. Bu uni xijolatga qo‘ydi. To‘g‘ri, shu kabi xatolar bo‘lib turardi. Bunga qaramay, odamlar bilan doim ularning ona tilida gaplashishga harakat qilardim.

QO‘SHIMCHA VAZIFA

1970-yili meni tuman noziri etib tayinlashdi. O‘sha yili tropik o‘rmondagi ko‘pgina olis guruhlarga «Yahova Shohidlarining xalqaro bosh idorasiga xush kelibsiz!» nomli slaydlarni ko‘rsatardim. Ularnikiga borish uchun bir nechta birodar bilan yog‘ochli qayiqda daryo bo‘ylab safarga chiqardik. Har safar generator, gaz baloni, kerosin lampalar va projektor uchun asbob-uskunalarni o‘zimiz bilan manzilgacha olib borardik. O‘sha safarlardan eng yodda qolgani shuki, olis hududlardagi odamlar slaydlarni juda yaxshi ko‘rishardi. Yahova hamda tashkilotimiz haqida boshqalarga aytish menga quvonch keltirardi. Ular Yahovaga yaqinlashayotganini ko‘rish og‘ir mehnatimizning mukofoti edi.

UCHTA IPDAN ESHILGAN ARQON

Eyfel bilan 1971-yili sentabrda turmush qurdik

To‘g‘ri, bo‘ydoqligim tufayli xizmatda ko‘p ishlarni bajara olardim. Ammo uylanish xohishim ham bor edi. Shunga Xudoga ibodat qilib, munosib turmush o‘rtoqni topishimga yordam berishini so‘radim. Chunki tropik o‘rmonda to‘la vaqtli xizmatni davom ettirmoqchi edim. Taxminan bir yil o‘tgach, juda fidoyi bo‘lgan Eyfel ismli maxsus kashshof opamiz bilan uchrashishni boshladim. U yoshligidan havoriy Pavlusni yaxshi ko‘rgan va u kabi xizmat qilishni xohlagan. 1971-yili sentabrda biz turmush qurdik va tuman nozirlik xizmatiga tayinlandik.

Eyfel moddiy tomondan farovon hayot kechirmagani uchun tuman nozirlik xizmatiga tezda moslasha olgan. Masalan, olis hududlardagi jamoatlarga borganimizda, o‘zimiz bilan juda ko‘p narsa olmasdik. Kiyimlarimizni daryoda yuvardik va u yerda cho‘milardik. Imondoshlar bizga nima bersa o‘shani yerdik. Bu iguana, piranya yoki o‘rmonda va daryoda ovlangan har narsa bo‘lishi mumkin edi. Likoplar bo‘lmaganida, banan daraxtining barglaridan foydalanardik va ba’zida qo‘limiz bilan ovqat yerdik. Yahovaning xizmatida boshdan kechirganlarimiz Eyfel ikkimizni birlashtirib, uchta ipdan eshilgan mustahkam arqonday qildi. (Voiz 4:12) Hayotimizdagi voqealarni ta’riflashga til ojiz. Ularni hech narsaga almashmaymiz.

Bir kuni tropik o‘rmonda bo‘lgan imondoshlarnikidan qaytayotganimizda, yuqorida aytib bergan hodisa yuz berdi. Biroq qayig‘imiz darrov suv yuzasiga chiqdi. Yaxshiyamki, ustimizda qutqaruv nimchasi bor edi. Shuning uchun cho‘kib ketmadik. Lekin qayig‘imiz suvga to‘lgandi. O‘shanda idishlardagi oziq-ovqatni daryoga tashladik va ulardan foydalanib, qayiqni suvdan bo‘shatishga harakat qildik.

Oziq-ovqatimiz qolmagani uchun daryoda suzib ketayotganimizda, baliq ovladik. Biroq bitta ham baliq tutmadik. Shunda Yahovaga ibodat qildik. Shu zahotiyoq, bitta birodar kattagina baliqni tutib oldi. Beshalamiz uni to‘yib yedik.

ER, OTA VA TUMAN NOZIRI

Tuman nozirlik xizmatida besh yil o‘tkazgandan so‘ng Eyfel va men ota-ona bo‘lishimizni bilib oldik. Bu xabarni eshitishdan juda baxtiyor edim. Lekin shu bilan birga endi hayotimiz qanday kechadi, deb o‘ylardim. Biz imkon boricha to‘la vaqtli xizmatda qolishni istardik. 1976-yili Etniel ismli o‘g‘limiz tug‘ildi. Ikki yarim yildan so‘ng esa ikkinchi farzandimiz Jovanni dunyoga keldi.

Sharqiy Surinamdagi Godo Xolo yaqinida, Tapanaxoni daryosida imondoshlar suvga cho‘myapti (1983)

O‘sha paytlarda Surinamda ehtiyoj katta bo‘lgani uchun farzandlarni o‘stirayotganimizga qaramay, meni tuman nozirlik xizmatida qoldirishdi. O‘g‘illarimiz hali kichik bo‘lganida, bir nechta jamoatdan iborat bo‘lgan tumanlarga borardim. Odatda har oy bir necha hafta tuman noziri sifatida jamoatlarga tashrif buyurardim, qolgan payt esa kashshoflik qilardim. Uyimiz yaqinidagi jamoatlarga tashrif buyurganimda, Eyfel va bolalarimiz men bilan birga borardi. Biroq tropik o‘rmondagi jamoatlarga va anjumanlarga o‘zim borardim.

Tuman noziri bo‘lib xizmat qilganimda, olisdagi jamoatlarga tashrif buyurish uchun qayiqdan foydalanardim

Vazifalarimni bajarish uchun hamma narsani puxta rejalashtirardim. Har hafta uyimizda oilaviy topinish bo‘lardi. Tropik o‘rmondagi jamoatlarga tashrif buyurganimda, Eyfel uni bolalar bilan o‘zi o‘tkazardi. Albatta, oilamiz bilan hamma narsani birga qilishga intilardik. Qolaversa, birgalikda farzandlarimiz bilan o‘ynardik va qiziqarli joylarga borardik. Shuningdek, tashriflar uchun kechasi tayyorgarlik ko‘rishimga to‘g‘ri kelardi. Eyfel Hikmatlar 31:15 dagi farosatli ayol kabi edi. Bolalarimiz maktabga ketishidan avval bir oila bo‘lib kunlik oyatni o‘qishimiz va nonushta qilishimiz uchun u erta tongda turardi. Yahova menga bunday fidoyi, yordamchi turmush o‘rtoqni bergani uchun juda minnatdorman.

Men va xotinim bolalarimizning qalbiga Yahovaga hamda xizmatga bo‘lgan sevgini jo qilishga intilardik. To‘la vaqtli xizmat ularning hayot tarziga aylanishini istardik. Lekin bu ularning shaxsiy tanlovi bo‘lishi kerak edi. Bunday xizmat qanchalik quvonch keltirishini aytib berardik. Shuningdek, qiyinchiliklarga qaramay, Xudo oilamizga qay yo‘sin yordam bergani va baraka ato etgani haqida ham gapirib berardik. Yana ularga Yahovani hayotida birinchi o‘ringa qo‘ygan insonlar bilan do‘stlashishga ko‘maklashardik.

Yahova barcha kerakli narsalarimiz bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qilardi. Albatta, oilamni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘limdan kelganini qilardim. Tropik o‘rmonda maxsus kashshof bo‘lib xizmat qilganimda tejamkorlikka o‘rganganim menga asqatardi. Ammo qo‘limizdan kelganini qilsak ham, asosiy narsalarimiz doim ham bo‘lmasdi. Shunday paytlarda Yahova bizni tashlab qo‘ymasligiga amin edim. Masalan, 1986–1992-yillar davomida Surinamda fuqarolik urushi bo‘lgan. O‘shanda hatto eng zaruriy narsalarni topish qiyin edi. Lekin Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilardi. (Mat. 6:32)

ORTGA NAZAR TASHLAB...

Chapdan o‘ngga: Eyfel ikkimiz

Etniel va xotini Natali

Jovanni va xotini Krista

Yahova doim bizga g‘amxo‘rlik qilib, chinakam baxt va mamnuniyat baxsh etgan. Bolalarimiz biz uchun baraka bo‘lib, Yahovaga xizmat qilishni tanladi. Ular ham to‘la vaqtli xizmatda ishtirok etyapti. Etniel va Jovanni tashkilotimizning maktablarida ta’lim olgan. Ular rafiqalari bilan birga Surinamdagi filialda xizmat qilyapti.

Hozir ancha qarib qoldik. Lekin maxsus kashshoflar sifatida bel bog‘lab Yahovaga xizmat qilyapmiz. Shunchalik band bo‘lganimiz uchun, to‘g‘risi, haliyam suzishni o‘rgana olmadim. Ammo bundan hech ham afsuslanmayman. Ortga nazar tashlab shuni ayta olamanki, yoshligimda to‘la vaqtli xizmatni tanlaganim hayotimdagi eng to‘g‘ri qarorlardan biri bo‘lgan.

b Villem van Seyyelning tarjimai holi «Uyg‘oning!» jurnalining (rus) 1999-yil 8-oktabr sonida chop etilgan.