O‘zgargan vaziyatlarga qaramay, ichki xotirjamlikni rivojlantiring
Men o‘zimni tinchlantirib, yupatdim. ZAB. 131:2
QO‘SHIQLAR: 24, 51
1, 2. a) Kutilmagan o‘zgarish bizga qanday ta’sir qilishi mumkin? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.) b) Zaburning 131- sanosiga ko‘ra, ichki xotirjamlikni his etishimizga nima yordam beradi?
LLOYD va Aleksandra vazifasi o‘zgarganini bilishganida boshida xafa bo‘lishgan. Axir ular 25 yildan ziyod vaqt davomida Baytilda xizmat qilishgan. Lloyd shunday deb bo‘lishdi: «Baytil va u yerdagi vazifam mening shaxsiyatimga aylangan edi. O‘zgarishlarning sababini ongim bilan tushunardim, ammo bir necha hafta va oylar davomida tez-tez tushkunlikka tushib qolardim. Bu hissiy zarba bo‘lgan edi. Bir daqiqa xursand bo‘lsam, yana bir daqiqa xafalikni his etardim».
2 Hayotimizda kutilmagan burilishlar bo‘lganda, o‘zgarishlar tushkunlikka tushishimizga va hissan ezilishimizga sabab bo‘lishi hech gap emas. (Hik. 12:25) Hatto bu kabi o‘zgarishlarni qabul qilish qiyin bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, bunday vaziyatlarda qay yo‘sin o‘zimizni tinchlantirib, yupata olamiz? (Zabur 131:1–3 ni o‘qing.) Keling, Yahovaning qadimgi va hozirgi ba’zi xizmatchilari o‘zgarishlarga qaramay, ichki xotirjamlikni his etgani borasidagi misollarni ko‘rib chiqaylik.
«XUDONING TINCHLIGI»NI HIS ETISH
3. Yusuf qanday vaziyatga tushib qoldi?
3 Akalari Yusufga hasad qilib, uni qullikka sotib yuborishganda u taxminan 17 yoshda edi. Bundan oldin esa Yusuf otasining arzandasi edi. (Ibt. 37:2–4, 23–28) U deyarli 13 yil mobaynida suyukli otasi Yoqubdan uzoqda, Misrda qul bo‘lishiga va zindonda o‘tirishiga to‘g‘ri keldi. Yusufga xafagarchiliklarga berilmay, bag‘ritosh bo‘lib qolmaslikka nima yordam bergan?
4. a) Yusuf zindonda bo‘lganida diqqatini nimaga qaratgan? b) Yahova Yusufning ibodatlariga qay yo‘sin javob bergan?
4 Yusuf zindonda azob chekkanida, butun diqqatini Yahovaning barakalariga qaratgan. (Ibt. 39:21; Zab. 105:17–19) Yusuf yoshroq bo‘lganida bashoratli ma’nolarga ega bo‘lgan tushlarni ko‘rgani ham u Yahovaning nazarida marhamat topishiga ishonch baxsh etgan bo‘lsa kerak. (Ibt. 37:5–11) Yusuf ichida bor barcha xavotirlarini bir necha marotaba Yahovaga to‘kib sochganga o‘xshaydi. (Zab. 145:18) Yusufning sidqidildan qilgan ibodatlariga javoban Yahova barcha qiyinchiliklarda «u bilan» ekanini bildirib, ichki xotirjamlik baxsh etgan. (Havor. 7:9, 10) *
5. «Xudoning tinchligi» ma’naviy maqsadlar sari intilish istagimizga qanday ta’sir qiladi?
5 Og‘ir vaziyatlarga qaramay, biz ham birinchi navbatda «Xudoning tinchligi» ongimizni himoya qilayotganini his etishimiz mumkin. (Filippiliklarga 4:6, 7 ni o‘qing.) Shunday ekan, xavotirlar girdobida qolganda Yahovaga yuz bursak, Uning tinchligi ma’naviy maqsadlarga erishish qarorimizni mustahkamlaydi va taslim bo‘lish yoqasida turganimizda bizni himoya qiladi. Keling, buni tasdiqlovchi bir nechta zamonaviy misolni ko‘rib chiqaylik.
YAHOVAGA YUZ BURIB, ICHKI XOTIRJAMLIKNI HIS ETING
6, 7. Aniq narsalar to‘g‘risida ibodat qilish ichki xotirjamlikni his qilishga qay yo‘sin yordam beradi? Misol keltiring.
6 Riyen va Julyetta vaqtinchalik maxsus kashshoflik xizmati tugaganini bilishganda qayg‘uga cho‘mishdi. «Biz bu haqida Yahovaga ibodat qildik»,— deb bo‘lishdi Riyen. «Shuni bilar edikki, bu o‘zgarish Yahovaga tayanayotganimizni ko‘rsatish uchun o‘zgacha imkoniyat edi. Jamoatimizdagi ko‘plar haqiqatga endi kelgan. Shu bois, imon namoyon etish borasida a’lo o‘rnak ko‘rsata olishimiz uchun Yahovadan yordam so‘rab, ibodat qildik»,— dedi u.
7 Yahova ularning ibodatiga qanday javob berdi? Riyen quyidagicha eslaydi: «Ibodat qilishimiz bilan, salbiy tuyg‘ular va xavotirlar bizni tark etardi. Xudoning tinchligi qalbimizniyu ongimizni himoya qilayotgan edi. Agar to‘g‘ri munosabatni rivojlantirsak, Yahovaning xizmatida buyog‘iga ham foyda keltira olishimizni tushundik».
8–10. a) Xudoning ruhi xavotirlarimiz bilan kurashishga qanday ko‘maklasha oladi? b) Ma’naviy nuqtai nazarni rivojlantirishga harakat qilsak, Yahova qay yo‘sin yordam berishi mumkin?
8 Xudoning ruhi tinchlanishimizga yordam beribgina qolmay, diqqatimizni ma’naviy maqsadlarni ko‘zdan qochirmaslikka qo‘l keladigan oyatlarga qaratishi mumkin. (Yuhanno 14:26, 27 ni o‘qing.) Baytilda qariyb 25 yil davomida xizmat qilgan Filip va Merining misolini olaylik. To‘rt oy ichida ikkovining ham onasi hayotdan ko‘z yumgan, bir qarindoshi o‘lim holatiga tushib qolgan. Ustiga-ustak, ular Merining aqli zaif bo‘lib qolgan otasiga g‘amxo‘rlik qilishi zarur edi.
9 Filip shunday aytib berdi: «Men yaxshi kurashyapman deb o‘ylayotgan edim-u, lekin nimadir yetishmayotgandi. «Qo‘riqchi minorasi»ning bir tadqiq maqolasida Kolosaliklarga 1:11 ga ko‘zim tushib qoldi. To‘g‘ri, men sabr-bardosh qilayotgan edim, ammo to‘laligicha emas. “Quvonch va sabr-toqat bilan oxirigacha dosh berishim” kerak edi. Bu oyat quvonchim vaziyatimga emas, balki Yahovaning ruhi hayotimga ta’sir qilayotganiga bog‘liq ekanini eslatdi».
10 Filip va Meri vaziyatga ma’naviy nuqtai nazar bilan qaragani tufayli, Yahova ularga turli yo‘llar bilan baraka berdi. Baytildan ketganidan ko‘p o‘tmay, ularning ikkovi haftada bir necha marotaba Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni istagan va tezda ma’nan o‘sgan insonlarni topdi. Ortga qarab Meri quyidagicha dedi: «Ular bizning quvonchimiz edi. Go‘yoki Yahova hammasi yaxshi bo‘ladi deganday edi».
YAHOVA BARAKA ATO ETISHI UCHUN NIMADIR QILING
11, 12. a) Yusuf Yahova unga baraka berishi uchun nima qildi? b) Yusuf sabr-toqatli bo‘lgani uchun qay yo‘sin mukofotlandi?
11 To‘satdan o‘zgarishlar yuz berganda kelajak borasidagi tashvishlar bizni chulg‘ab olishi hech gap emas. Yusuf bilan ham shunday bo‘lishi mumkin edi. Biroq u o‘z vaziyatida qo‘lidan kelganini qilib, Yahova unga baraka ato etishi uchun shunga muvofiq ishlar qilgan. Garchi Yusuf ozodlikdan mahrum etilgan bo‘lsa-da, Po‘tifarning uyida xizmat qilganidek, zindon boshlig‘i unga topshirgan har qanday vazifani bajarish uchun tirishgan. (Ibt. 39:21–23)
12 Bir kuni Yusufga oldin fir’avnning saroyida yuqori martabada xizmat qilgan ikki kishiga g‘amxo‘rlik qilish topshirildi. Yusufning mehribonligini ko‘rib, bu ikki kishi u bilan tashvishlarini bo‘lishdi va bir kecha oldin ko‘rgan tushlarini aytib berdi. (Ibt. 40:5–8) Yusuf bu suhbat tufayli quvonchli daqiqalarni his etishini bilmagan. Garchand Yusuf zindonda yana ikki yil o‘tirishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, oxiri ozod etildi va o‘sha kunning o‘zidayoq fir’avndan keyingi ikkinchi odam bo‘lib tayinlandi. (Ibt. 41:1, 14–16, 39–41)
13. Vaziyatimiz qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Yahova bizga baraka berishi uchun nima qila olamiz?
13 Biz ham Yusuf singari ko‘p narsani o‘zgartira olmaydigan yoki o‘z ixtiyorimizda bo‘lmagan vaziyatlarga tushishimiz mumkin. Lekin o‘z vaziyatimizda qo‘ldan kelganini qilish uchun jon kuydirib sabrli bo‘lsak, Yahova bizni mukofotlashi uchun sabab bergan bo‘lamiz. (Zab. 37:5) To‘g‘ri, gohida «nima qilishimizni bilmasligimiz» mumkin, lekin havoriy Pavlus aytganiday, «umidsiz qoldirilmaganmiz». (2 Kor. 4:8, izoh) Ayniqsa, xizmatda faol bo‘lsak, Pavlusning so‘zlari bizning vaziyatimizda ham amalga oshadi.
XIZMATDA FAOL BO‘LISHGA INTILING
14–16. Vaziyati o‘zgarganiga qaramay, qay yo‘sin Filip xizmatda faol bo‘ldi?
14 Xushxabar voizi Filip vaziyati o‘zgarganiga qaramay, xizmatda faol bo‘lish borasida ajoyib o‘rnak qoldirgan. Quddusda ta’qiblar avjiga chiqqan edi va bu Stefanning o‘limiga olib keldi *. O‘shanda Filip va’z qilish sharafi paydo bo‘lganidan xursand edi. (Havor. 6:1–6) Ammo Masihning izdoshlari tarqab ketganida, Filip bunga befarq bo‘la olmas edi. U va’z qilish maqsadida o‘sha paytda xushxabar hali yetib bormagan ulkan hududga, Samariyaga yo‘l oldi. (Mat. 10:5; Havor. 8:1, 5)
15 Filip Xudoning ruhi yetaklagan har qaysi joyga borishga tayyor edi. Shu bois Yahova xushxabar yangi hududlarda tarqalishi uchun undan foydalangan. Filip yuzxotirchilik qilmagani samariyaliklarga dalda bergan. Chunki yahudiylar ularni yoqtirishmas edi. Shunisi qiziqki, xaloyiq uni «diqqat bilan» tinglagan. (Havor. 8:6–8)
16 Keyin Xudoning ruhi Filipni o‘zga xalq vakillari yashagan ikkita katta shaharga — Ashdod va Kesariyaga — yetakladi. (Havor. 8:39, 40) Samariyada taxminan 20 yil xizmat qilgach, Filipning vaziyati yana o‘zgarganga o‘xshaydi. Endi uning oilasi bo‘lib, bu hududga joylashib olgan edi. Vaziyati o‘zgargan bo‘lsa-da, Filip xizmatda faol qoldi. Natijada, Tangri Yahova unga va oilasiga mo‘l-ko‘l baraka ato etdi. (Havor. 21:8, 9)
17, 18. Xizmatda faol bo‘lish vaziyatlar o‘zgarganda muvozanatli bo‘lishga qay yo‘sin yordam beradi?
17 To‘la vaqtli xizmatda ishtirok etgan ko‘plar shuni tasdiqlashi mumkinki, vaziyat o‘zgargan bo‘lsa-da, xizmatda faol ishtirok etish muvozanatli bo‘lib qolishga yordam beradi. Janubiy Afrikadan bo‘lgan juftlik Osborn va Polit Baytildagi xizmatini tugatganida, tez orada yarim stavkali ish va yashash uchun joy topamiz deb o‘ylagan edi. «Afsuski, ishni istaganimizday tezda topa olmadik»,— deb bo‘lishdi Osborn. Uning rafiqasi Polit quyidagicha dedi: «Biz uch oy davomida ish topa olmadik. Yig‘ib qo‘ygan pulimiz ham yo‘q edi. Bu juda qiyin bo‘lgan».
18 Bu qiyin vaziyatni yengib o‘tishga ularga nima yordam bergan? Osborn shunday deb tushuntirdi:
«Jamoat a’zolari bilan va’zgo‘ylikda ishtirok etish ijobiy nuqtai nazarni saqlashimizga ancha qo‘l keldi. Biz xavotirlanib o‘tirmay, va’zgo‘ylik ishiga sho‘ng‘ishga qaror qildik va bu bizga ulkan quvonch keltirdi. Biz har xil ish izladik va oxiri topdik».SABR ILA YAHOVANI KUTING
19–21. a) Ichki xotirjamlikka ega bo‘lishimizga nima yordam beradi? b) Yangi vaziyatlarga moslashish shaxsan har birimizga qanday foyda keltiradi?
19 Mazkur misollardan ko‘rganimizday, vaziyatimizda qo‘ldan kelganini qilib, ishonch bilan Yahovani kutsak, ichki xotirjamlikka ega bo‘la olamiz. (Mixo 7:7 ni o‘qing.) Shuningdek, yangi vaziyatlarga moslashib, ko‘p ma’nan foyda olganimizni his etamiz. Yuqorida tilga olingan Polit o‘z vaziyatidan kelib chiqib quyidagicha dedi: «Meni yangi vazifaga tayinlashgani ish chappasiga ketayotganday tuyulganda ham chinakamiga Yahovaga tayanish nima ekanini tushunishga yordam berdi. U bilan bo‘lgan munosabatlarim yanada mustahkamlandi».
20 Yuqorida tilga olingan Meri keksa otasiga g‘amxo‘rlik qilish bilan birga kashshoflik xizmatida ham ishtirok etyapti. U shunday dedi: «Xavotirga berilganda to‘xtab, ibodat qilishga va so‘ng o‘zimni bemalol his etishga o‘rgandim. Barchasini Yahovaning qo‘liga topshirish men o‘rgangan eng katta saboq bo‘ldi va bu menga kelajakda ham yordam beradi».
21 Maqolaning boshida tilga olingan Lloyd va Aleksandra vaziyati o‘zgargani tufayli ularning imoni kutilmagan tarzda sinalganini aytishdi. Ular shuningdek quyidagi fikrni bildirdi: «Sinovlar imonimiz haqiqiyligini va u bizni qo‘llab-quvvatlab, tasalli berishga qodir yoki qodir emasligini oshkor etadi. Bizning shaxsiyatimiz yanada yaxshilandi».
22. O‘z vaziyatimizda qo‘ldan kelganini qilishga jon kuydirsak, nimada amin bo‘lishimiz mumkin?
22 Bordi-yu, vazifa o‘zgarishi, sog‘lik muammolari yoki oiladagi yangi mas’uliyatlar tufayli hayotingizda kutilmagan o‘zgarish yuz bersa, shunda amin bo‘lingki, Yahova o‘z vaqtida sizga g‘amxo‘rlik qiladi va yordam beradi. (Ibron. 4:16; 1 Butr. 5:6, 7) Shu bilan birga o‘z vaziyatingizda qo‘lingizdan kelganini qilishga harakat qiling. Ibodat orqali samoviy Otangizga yaqinlashing va o‘zingizni Uning qo‘llariga topshirishni o‘rganing. Bunday yo‘l tutsangiz, vaziyatingiz o‘zgarganiga qaramay, ichki xotirjamlikka erisha olasiz.
^ 4- x.b. Ozod bo‘lganidan bir oz vaqt o‘tgach, Yusuf Tangri Yahova unga o‘g‘il berib, og‘riqli xotiralarini unutishga ko‘maklashganini tan olgan. Yusuf: «Xudo mening barcha qayg‘ularimni... unuttirdi»,— deb to‘ng‘ich o‘g‘lining ismini Manashe qo‘ygan. (Ibt. 41:51, izoh)
^ 14- x.b. Ushbu sondagi «Bilasizmi?» nomli maqolaga qarang.