Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yo‘lboshchimiz Iso Masihga ishoning

Yo‘lboshchimiz Iso Masihga ishoning

Birgina Yo‘lboshchingiz bor. U ham bo‘lsa Masihdir. MAT. 23:10

QO‘SHIQLAR: 14, 30

1, 2. Musoning o‘limidan so‘ng Yoshua qanday vaziyatga duch keldi?

YAHOVANING mana shu so‘zlari Yoshuaning qulog‘iga hanuzgacha chalinib turibdi: «Xizmatchim Muso olamdan o‘tdi. Endi sen bu xalq bilan Iordanning narigi tomoniga o‘tib, Men... berayotgan yurtga borishga tayyorgarlik ko‘r». (Yoshua 1:1, 2) Bu deyarli 40 yil davomida Musoning yordamchisi bo‘lgan Yoshua uchun juda keskin o‘zgarish edi!

2 Muso shuncha ko‘p vaqt mobaynida Isroil xalqining yo‘lboshchisi bo‘lgani uchun, Yoshua endi xalq uni yo‘lboshchi sifatida qay yo‘sin qabul qilar ekan deb tashvishlangandir. (Qonun. 34:8, 10–12) Muqaddas Kitobning bir lug‘atida Yoshua 1:1, 2 ga shunday izoh keltirilgan: «O‘tmishda ham, bugungi kunda ham yo‘lboshchilik boshqa insonga o‘tishi mamlakatning xavfsizligiga ziyon keltirishi mumkin bo‘lgan davr hisoblanadi».

3, 4. Yoshua Allohga umid bog‘lab adashmaganini qayerdan bilamiz va o‘zimizga qanday savol berib ko‘rsak bo‘ladi?

3 Yoshuaning qo‘rqqani asosli bo‘lgandir, ammo bir necha kun ichida u harakatga tushadi. (Yoshua 1:9–11) U Allohga umid bog‘laydi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, Yahova Yoshuani va Isroil xalqini farishtasi orqali boshqargan. Bu farishta Kalom, ya’ni Xudoning to‘ng‘ich O‘g‘li bo‘lgan deb aytsak adashmaymiz. (Chiq. 23:20–23; Yuhan. 1:1)

4 Yahovaning ko‘magi bilan Isroil xalqi Musoning o‘rniga yo‘lboshchi sifatida Yoshuani qabul qildi. Biz ham keskin o‘zgarishlar yuz berayotgan zamonda yashayapmiz va o‘zimizdan shunday deb so‘rashimiz mumkin: «Xudoning tashkiloti tezda olg‘a qarab harakat qilyapti ekan, tayinlangan Yo‘lboshchimiz Isoga ishonish uchun qanday sabablarimiz bor?» (Matto 23:10 ni o‘qing.) Bu savolga javob olish uchun, keling, qadimda o‘zgarishlar yuz bergan davrda qay yo‘sin Yahova ishonchli yo‘lboshchilarni taqdim etganiga e’tibor beraylik.

XUDONING XALQINI KAN’ONGA YETAKLASH

5. Yoshua Yerixo yonida turganda nima yuz bergan? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

5 Isroil xalqi Iordan daryosidan o‘tganiga ko‘p bo‘lmagan edi. O‘shanda Yoshua kutilmagan bir vaziyatga duch keladi. U Yerixo yonida turganda qo‘lida qilich tutgan bir kishini uchratadi. Bu kim ekanini bilmay, Yoshua undan: «Sen biz tomondamisan yoki dushmanlar tomondami?» — deb so‘raydi. U kim ekanini yashirmay, Xudoning xalqini himoya qilishga tayyor bo‘lib, hech bir tomonda emasligini va «Yahova qo‘shinining sardoriman» deb aytgan. (Yoshua 5:13–15 ni o‘qing.) Garchi boshqa oyatlardan Yahova Yoshuaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirganini ko‘rsak-da, o‘tmishda ham ko‘p hollarda bo‘lganiday, U farishtasi orqali gapirgan. (Chiq. 3:2–4; Yoshua 4:1, 15; 5:2, 9; Havor. 7:38; Galat. 3:19)

6–8. a) Nega Yahovaning ba’zi yo‘l-yo‘riqlari odam nuqtai nazari bilan qaraganda, g‘alati tuyulgan? b) Qanday qilib yo‘l-yo‘riqlar ham dono, ham o‘z vaqtida bo‘lgani tasdiqlangan? (Izohga ham qarang.)

6 Yoshua Yerixo shahriga qanday hujum qilish borasida Yo‘lboshchi farishtadan yaqqol yo‘l-yo‘riq olgan. Avvaliga ba’zi yo‘l-yo‘riqlar yaxshi ish bermaydiganday tuyulishi mumkin. Masalan, garchi tuzalish uchun bir necha kun ketishi kerak bo‘lsa-da, Yahova barcha erkaklar sunnat qilinishini buyurgan. Xo‘sh, o‘sha payt mehnatga qobiliyatli erkaklarni sunnat qilish vaqtimidi? (Ibt. 34:24, 25; Yoshua 5:2, 8)

7 Ehtimol, Isroil xalqidan bo‘lgan askarlar dushmanlar qarorgohiga hujum qilsa, oilalarini qanday qilib himoya qila olishi haqida xavotir olgandir. Ammo kutilmaganda, yerixoliklar «Isroil o‘g‘illaridan qo‘rqib, shahar darvozalarini mahkam yopib qo‘yishdi». (Yoshua 6:1) Xudoning yo‘l-yo‘rig‘iga bo‘ysungani tufayli vaziyat qo‘qqisdan o‘zgarganini bilib ularning ishonchi mustahkamlandimi?

8 Qolaversa, Isroil xalqiga Yerixoga hujum qilmaslik buyurilgan edi, aksincha, uning atrofini olti kun davomida bir marta va yettinchi kun yetti marta aylanib chiqish kutilardi. Ba’zi askarlar: «Vaqtni bekor ketkazish-ku!» — deb o‘ylagan bo‘lishi mumkin. Lekin Isroil xalqining ko‘rinmas Yo‘lboshchisi u qanday yo‘l tutayotganini aniq bilgan. Nafaqat uning tutgan yo‘li, balki Yerixoning qudratli jangchilari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jang qilishdan himoya qilgani ham Isroil xalqining imoniga imon qo‘shgan. (Yoshua 6:2–5; Ibron. 11:30) *

9. Nega Xudoning tashkilotidan olayotgan yo‘l-yo‘riqlarga amal qilishimiz kerak? Misol keltiring.

9 Bundan nimaga o‘rgandik? Tashkilotimiz tomonidan qilinayotgan yangiliklarning sabablarini ba’zida to‘la ravishda tushunmasmiz. Misol uchun, shaxsiy tadqiq, va’zgo‘ylik va jamoat uchrashuvlarida elektron moslamalardan foydalanish masalasida avvaliga savollar paydo bo‘lgandir. Hozir esa, imkon boricha ularni qo‘llash foydali ekanini ko‘ryapmiz. Boshida shubhalarimiz bo‘lsa-da, shu kabi o‘zgarishlarning yaxshi natijasini ko‘rganimizda, imonimiz mustahkamlanib, yanada yakdil bo‘lamiz.

BIRINCHI ASRDA MASIHNING YO‘LBOSHCHILIGI

10. Birinchi asrdagi yetakchi kengash kimdan yo‘l-yo‘riq olgan?

10 Korniliy masihiy bo‘lganidan taxminan 13 yil o‘tgach, ayrim yahudiy masihiylar sunnat qilinishni hali ham olg‘a surishardi. (Havor. 15:1, 2) Antioxiyada bu borada bahs-munozara ko‘tarilganda, Pavlus Quddusdagi yetakchi kengash oldiga yuborilgan. Qiziq, bu yo‘l-yo‘riqni kimdan olgan? Pavlusning o‘zi: «U yerga borishimning sababi esa vahiy olganimdir»,— degan. Shubhasizki, unga bu yo‘l-yo‘riqni Masih bergan. Shuning uchun o‘sha masala yetakchi kengash tomonidan hal qilingan. (Galat. 2:1–3)

Masihning aniq yo‘l-yo‘rig‘i birinchi asrda yaqqol ko‘ringan (10-, 11- xatboshilariga qarang.)

11. a) Yahudiy masihiylar orasida sunnat qilinish masalasida nima yuz bergan? b) Qanday qilib Pavlusning Quddusdagi oqsoqollarning yo‘l-yo‘rig‘ini qabul qilish tayyorligi sinalgan? (Izohga ham qarang.)

11 Masihning boshqaruvi ostida yetakchi kengash tomonidan yahudiy bo‘lmagan masihiylarni sunnat qilmaslik qarori chiqarildi. (Havor. 15:19, 20) Biroq yillar o‘tgach ham, ko‘pgina yahudiy bo‘lgan masihiylar farzandlarini sunnat qilaverishgan. Quddusdagi oqsoqollar Pavlus Musoning Tavrot kitobiga amal qilmayotgani haqida mish-mishlar tarqalganini eshitishganda, unga kutilmagan yo‘l-yo‘riqlar berishgan *. (Havor. 21:20–26) Odamlar Pavlus Tavrotga amal qilayotganini tushunishlari uchun yetakchi kengash tomonidan unga to‘rt kishi bilan birga ma’badga borish kerakligi aytilgan. Pavlus bu dono maslahatmikan deb o‘ylab qolishi mumkin edi. Negaki, aslida yahudiy masihiylarning muammosi sunnat qilinish borasida aniq bilim yetishmasligida edi. Ammo Pavlus oqsoqollar barcha masihiylar yakdil bo‘lishini istayotganini tushungan. Shu bois, ularning yo‘l-yo‘riqlariga kamtarlik ila amal qilgan. Biz ham: «Nega Iso hatto uning o‘limidan keyin Tavrot qonuni bekor qilingan bo‘lsa-da, bu masala shuncha vaqt mobaynida hal qilinmaganiga yo‘l qo‘ygan?» — deb o‘ylashimiz hech gap emas. (Kolos. 2:13, 14)

12. Nega Masih sunnat qilinish masalasi ancha vaqt mobaynida hal qilinmasligiga yo‘l qo‘ygan bo‘lishi mumkin? Tushuntiring.

12 Ba’zilar uchun o‘zgargan tushunchalarni qabul qilishga vaqt kerak bo‘ladi. Yahudiy masihiylar ham nuqtai nazarini o‘zgartirishi uchun vaqt kerak edi. (Yuhan. 16:12) Ayrimlar bundan buyog‘iga sunnat qilinish Xudo bilan bo‘lgan o‘zgacha munosabatlarga ega bo‘lishning belgisi emasligini tushunishga qiynalgan. (Ibt. 17:9–12) Yana kimdir ta’qiblardan qo‘rqqani bois, yahudiy jamoalarga qarshi turishni istamagan. (Galat. 6:12) Lekin vaqt o‘tgach, Iso Masih Pavlus orqali ko‘proq kerakli yo‘l-yo‘riqlarni taqdim etgan. (Rim. 2:28, 29; Galat. 3:23–25)

MASIH HOZIR HAM JAMOATINI YETAKLAYAPTI

13. Masih Xudoning xalqini yetaklayotgani uchun minnatdor bo‘lishimizga nima ko‘maklashadi?

13 Tashkilotimizdagi o‘zgarishlarning ba’zi sabablarini oxirigacha tushunmaganimizda, Masih o‘tmishda Xudoning xalqini qanday yetaklagani to‘g‘risida fikr yuritsak yaxshi bo‘lardi. Ham Yoshuaning davrida, ham birinchi asrda Masih Xudoning butun xalqini himoya qilish, imonini mustahkamlash va orasida birlik bo‘lishi uchun doim dono yo‘l-yo‘riq taqdim etgan edi. (Ibron. 13:8)

14–16. Iso ma’naviy farovonligimiz uchun g‘amxo‘rlik qilayotgani «ishonchli va aqlli xizmatkor» taqdim etayotgan yo‘l-yo‘riqdan qanday ko‘rinmoqda?

14 Iso ma’naviy farovonligimiz uchun mehr ila g‘amxo‘rlik qilayotgani «ishonchli va aqlli xizmatkor» vaqtida yo‘l-yo‘riq taqdim etayotganidan ko‘rinmoqda. (Mat. 24:45) To‘rt farzandning otasi Mark shunday deydi: «Shayton oilalarga hujum qilish orqali jamoatlarni zaiflashtirmoqchi. Har hafta oilaviy topinish o‘tkazish yo‘l-yo‘rig‘i oila boshi o‘z yaqinlarini himoya qilishiga hissa qo‘shgan yaxshi o‘zgarish edi!»

15 Masihning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilganimizda, u ma’naviy ravnaq topishimiz uchun qayg‘urayotganini his etamiz. Oqsoqol bo‘lib xizmat qilayotgan Patrik quyidagilarni aytdi: «Dam olish kunlari voizlik xizmati uchrashuvi o‘tkazilishini qabul qilish ba’zilarga qiyin bo‘ldi. Lekin Isoning asosiy fazilatlaridan biri, ya’ni kamtar odamlarga qiziqish ko‘rsatish istagi ushbu yo‘l-yo‘riq orqali yaqqol aks etdi. Kamroq xizmat qilgan birodaru opa-singillar bu yo‘l-yo‘riq uchun juda minnatdor, chunki endi ular yanada ko‘proq ma’nan o‘sdi».

16 Ma’naviy ehtiyojlarimizga g‘amxo‘rlik qilish uchun shuningdek, Iso Masih bugungi kunda yer yuzida olib borilayotgan eng muhim faoliyatga diqqatimizni qaratishga yordam beryapti. (Mark 13:10 ni o‘qing.) Yaqinda oqsoqol bo‘lib tayinlangan Andre akamiz Allohning tashkilotidagi o‘zgarishlar borasidagi yo‘l-yo‘riqlarga doim e’tiborli edi. U shunday dedi: «Baytilda qisqartirish haqidagi o‘zgarish shaxsan menga vaqt juda shoshilinch ekanini va kuchimizni va’zgo‘ylik xizmatiga solish muhimligini eslatdi».

MASIHNING YO‘L-YO‘RIG‘INI SADOQAT ILA QABUL QILISH

17, 18. Nima uchun so‘nggi o‘zgarishlar keltirayotgan yaxshi natijalar haqida fikr yuritish foydali?

17 Aniq yo‘l-yo‘riqlar shuni ko‘rsatyaptiki, taxtda o‘tirgan Shohimiz Iso Masih kelajagimizni ko‘zlab ish tutyapti. Shuning uchun, keling, so‘nggi o‘zgarishlar keltirayotgan yaxshi natijalarini ko‘rib suyunaylik. Oilaviy topinishda jamoat uchrashuvlarimizda yoki xizmatimizda qilingan o‘zgarishlarning yaxshi natijalarini muhokama qilish juda daldali bo‘lardi.

Oilangiz va boshqalarga Yahovaning tashkiloti bilan hamqadam bo‘lishga yordam beryapsizmi? (17-, 18- xatboshilariga qarang.)

18 Yahovaning tashkilotidan olayotgan yo‘l-yo‘riqlar ortida nima turganini va biz uchun foydali ekanini ko‘rsak, ularga zavq ila rioya qila olamiz. Chop etiladigan adabiyotlarning soni kamayishi va elektron moslamalardan foydalanish yo‘l-yo‘rig‘i uchun ham minnatdormiz, chunki bu tufayli pul tejalmoqda hamda Shohlik faoliyati butun yer yuzi bo‘ylab olib borilmoqda. Buni yodda tutgan holda, imkon qadar tez-tez elektron formatdagi adabiyot va audio-video mahsulotlaridan foydalanishga intilaylik. Shu yo‘sin, tashkilotimiz taqdim etayotgan narsalardan donolik ila foydalansak, Masihni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lamiz.

19. Nega Masihning yo‘l-yo‘rig‘ini qabul qilishimiz kerak?

19 Masihning yo‘l-yo‘rig‘ini tayyorlik ila qabul qilsak, boshqalarning imonini mustahkamlab, birlik bo‘lishiga hissa qo‘shamiz. Butun dunyo bo‘ylab Baytillarda qisqartirish bo‘lgani haqida mulohaza yuritgan Andre shunday dedi: «Oldin Baytilda xizmat qilgan imondoshlarimiz bu o‘zgarishga moslashib yaxshi o‘rnak ko‘rsatgani imonimni kuchaytirib, hurmatim yanada oshdi. Ular topshirilgan har qanday vazifalarni bajarishdan quvonch topib, Yahovaning aravasi bilan hamqadam».

YO‘LBOSHCHIMIZGA ISHONCH ILA UMID BOG‘LANG

20, 21. a) Nima uchun Yo‘lboshchimiz Iso Masihga ishonsak bo‘ladi? b) Navbatdagi maqolada qaysi savolni ko‘rib chiqamiz?

20 Yo‘lboshchimiz Iso Masih yaqinda «mutlaq g‘alabaga» erishib, «mahobatli ishlar qiladi». (Vah. 6:2; Zab. 45:4) Hozir u Xudoning xalqini bu dunyoni kutayotgan hodisalar uchun tayyorlayapti, tirilish paytida har birimiz yanada keng miqyosda ta’lim berish va qurilish ishlarida qatnasha olamiz.

21 Tayinlangan Shohimiz bizni muvaffaqiyat ila yangi dunyoga yetaklaydi, buning uchun o‘zgarayotgan vaziyatlarga qaramay, unga ishonishga jon kuydirishimiz lozim. (Zabur 46:1–3 ni o‘qing.) Gohida biz qiyinchiliklarga, ayniqsa, hayotimizda kutilmagan voqealarga duch kelamiz. Xo‘sh, qanday qilib ichki xotirjamlikni saqlab, Yahovaga butunlayin ishona olamiz? Bu savolni navbatdagi maqolada ko‘rib chiqamiz.

^ 8- x.b. Arxeologlar Yerixo shahrining xarobalari orasida ko‘p miqdorda oziq-ovqat zaxiralarini topishdi. Demak shahar ko‘p vaqt mobaynida qurshovda bo‘lmagan. Isroil xalqi Yerixoni talon-toroj qila olmasdi. Shu bois, ular uchun yurtni zabt etishning ayni payti edi, chunki o‘shanda o‘rim-yig‘im mavsumi bo‘lib dalalarda hosil mo‘l edi. (Yoshua 5:10–12)

^ 11- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2003-yil 15- mart sonining (rus) 24- sahifasidagi «Pavlus sinov paytida kamtarin edi» nomli ramkaga qarang.