Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Birodar Ruterford Sidar-Poyntda (Ogayo) anjumanda nutq aytyapti, 1919-yil

1919. Yuz yil avval

1919. Yuz yil avval

1919-YILGA kelib to‘rt yildan oshiq davom etgan Buyuk urush (keyinchalik Birinchi jahon urushi deb tanilgan) o‘z nihoyasiga yetdi. 1918-yilning oxiriga kelib xalqlar urushni to‘xtatdi va 1919-yil 18-yanvarda Parij sulh konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu konferensiyaning yutuqlaridan biri Versal sulh shartnomasi bo‘lib, u ittifoqchilar bilan Germaniya o‘rtasidagi urushga rasman nuqta qo‘ydi. 1919-yil 28-iyunda unga imzo chekildi.

Shuningdek, mazkur sulh Millatlar Ittifoqi (Millatlar Ligasi) deb nomlangan yangi tashkilotga asos soldi. Uning maqsadi «umumjahon hamkorlikni olg‘a surish hamda xalqaro tinchlik va xavfsizlikka erishish» edi. Xristian olamidagi ko‘plar bu Ittifoqni qo‘llab-quvvatladi. Amerikadagi xristian cherkovlarining federal kengashi uni «Xudo Shohligining yer yuzidagi siyosiy ifodasi» deb atashgan. Bu kengash Parij sulh ittifoqiga vakillarini yuborib, mazkur Ittifoqni qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi. Konferensiyada vakillardan biri «insoniyat tarixida yangi davr boshlanayotganini» ta’kidladi.

Ha, yangi davr boshlanish arafasida edi, lekin bu sulh konferensiyasi tufayli bo‘lmagan. 1919-yili Yahova xalqiga hali hech qachon olib bormagan va’zgo‘ylik faoliyatini boshlash uchun kuch berganida, va’zgo‘ylik ishimizda yangi davr boshlandi. Lekin avval Muqaddas Kitob Tadqiqotchilarining vaziyati keskin o‘zgarishi kerak edi.

QIYIN QAROR

Jozef Ruterford

«Qo‘riqchi Minorasi Muqaddas Kitob va Adabiyot Jamiyati»da boshchilik qiladigan birodarlarni tanlash uchun har yili o‘tadigan saylov 1919-yil 4-yanvar shanba kuniga rejalashtirilgan edi. O‘sha paytda Yahova xalqining orasida boshchilik qilgan Jozef Ruterford va yettita birodarimiz nohaq ayblanib, Atlantada (Jorjiya, AQSH) qamoqxonada edi. Shunday savol tug‘ilgandi: rahbar bo‘lgan o‘sha birodarlar boshqaruvni davom ettirishi kerakmi? Yoki ularning o‘rniga boshqalarni saylash kerakmi?

Evander Kovard

Birodar Ruterford qamoqxonada bo‘lganida, tashkilotning kelajagi haqida tashvishlangan. U ba’zilar boshchilikni boshqa birodarga topshirish kerak deb hisoblashlarini bilgan. Shu sababdan, u yig‘ilganlarga maktub yo‘llab, bu vazifa uchun Evander Kovard birodarimizni tavsiya qildi. Ruterford u haqida «xotirjam», «ishonchli» va «Hazratimizga sodiq» degan fikrlarni bildirdi. Ammo ko‘p birodarlar boshqacha qaror chiqarilishini istadi: ular saylovni olti oy keyinga qoldirdi. Qamoqdagi birodarlarimizni himoya qilgan yuridik guruh bunga rozi bo‘ldi. Bu masalaning muhokamasi qizg‘in tus olgani sayin, ayrim birodarlarning umidlari puchga chiqdi.

Richard Barber

Keyinchalik birodar Richard Barber o‘shanda qiyin vaziyatni hal qilishga ko‘maklashgan bir voqea haqida aytib berdi. Saylovda yig‘ilgan birodarlardan biri quyidagicha fikr bildirdi: «Men qonun nimani talab qilishi borasida mutaxassis emasman, ammo sadoqatli bo‘lish nimani talab qilishini bilaman. Xudo sadoqatli bo‘lishni talab qiladi. Saylov o‘tkazib, boshchilikni zimmasiga olish uchun birodar Ruterfordni qayta saylab, buni Xudoga sodiq ekanimizni ko‘rsatishning eng a’lo yo‘li deb bilaman». (Zab. 18:25)

Aleksandr Makmillan

Ruterfordning yonidagi kamerada o‘tirgan birodar Makmillanning eslashicha, Ruterford devorni taqillatib unga: «Qo‘lingizni uzating»,— dedi va saylov natijasi yozilgan xat uzatdi. Makmillan u nimani anglatishini shu zahoti tushundi, ya’ni barcha direktorlar qayta saylangan edi va Jozef Ruterford hamda Uilyam Van Amburg rahbarlar sifatida qayta tiklangan edi. Shunday qilib, Ruterford tashkilotimiz prezidenti sifatida xizmatini davom ettira olardi.

OZODLIK!

Sakkizta birodar qamoqda bo‘lganida, sadoqatli Tadqiqotchilar ularni ozod etish borasida boshqalardan petitsiyaga qo‘l qo‘yishni so‘rashdi. O‘sha jasoratli birodar-u opa-singillar 700 000 dan oshiq imzo yig‘ishdi. Petitsiya topshirilishidan avval, 1919-yil 26-mart chorshanba kuni Ruterford va boshqa mas’uliyatli birodarlar ozodlikka chiqdi.

Ruterfordni uyida kutib olganlarga u quyidagicha dedi: «Aminmanki, boshimizdan o‘tganlar bizni oldinda bo‘ladigan yanada qiyin vaziyatlarga oz-moz tayyorladi. [...] Imondoshlaringiz ozodlikka chiqqani bilan kurash hali tugamadi. Bu faoliyatimizning asl maqsadi emasdi. [...] Siz olib borayotgan kurash Yahovaga sharaf keltirmoqda va buni qilgan kishilar ajoyib baraka olishdi».

Birodarlarimizning sud ishlari bilan bog‘liq vaziyatlar Yahova ularni yo‘naltirayotganini ko‘rsatishi mumkin. 1919-yil 14-mayda appelyasion sud shunday qaror chiqardi: «Bu ishda ayblanganlar... adolatli tarzda hukm qilinmadi va shu bois, ularga chiqarilgan hukm bekor qilinadi». Birodarlar og‘ir jinoiy ishlarda ayblanayotgan edi. Agarda ularni shunchaki kechirishganda yoki jazo muddatini bir ozga qisqartirishganida, bu birodarlarning hujjatlarida aks ettirilgan bo‘lardi. Lekin ularga boshqa hech qanday ayblov qo‘yishmadi. Natijada, birodar Ruterford * Yahovaning xalqini Qo‘shma Shtatlarning Oliy sudi oldida himoya qilish uchun yuridik huquqlarini tikladi va ozodlikka chiqqach, Yahovaning xalqini ko‘p marta himoya qildi.

VA’Z QILISH QARORIMIZ QAT’IY

«Qo‘llarimizni qovushtirib, Hazratimiz bizni qachon osmonga olib ketar ekan deb, hech narsa qilmay o‘tirmoqchi emasdik,— deb esladi birodar Makmillan,— Hazratimizning irodasi nimada ekanini tushunish uchun nimadir qilishimiz kerakligini angladik».

Ammo bosh idoradagi birodarlar yillar davomida qilib kelgan ishini osonlikcha davom ettira olmas edi. Nima uchun? Sababi ular qamoqda bo‘lganida, adabiyotlarni chop etish mashinasining muayyan qismlari buzilib qolgan edi. Bu qayg‘uli edi va ba’zi birodarlar va’zgo‘ylik ishi nihoyasiga yetdi, deb xavotirlangan.

Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari Shohlik haqida aytgan xabarning hali ham kimgadir qizig‘i bormidi? Bu savolga javob topish uchun birodar Ruterford ma’ruza aytishga qaror qildi va bunga barcha taklif qilindi. «Agar uchrashuvga hech kim kelmasa, bilamizki, va’zgo‘ylik ishimizga nuqta qo‘yilgan bo‘ladi»,— deb aytdi birodar Makmillan.

Birodar Ruterfordning «Tushkunlikdagi insoniyatga umid» nomli ma’ruzasi gazetada e’lon qilingan, Los-Anjeles (Kaliforniya), 1919-yil

1919-yili 4-may yakshanba kuni birodar Ruterford og‘ir kasal bo‘lishiga qaramay, Kaliforniyaning Los-Anjeles shahrida «Tushkunlikdagi insoniyatga umid» nomli ma’ruzani so‘zladi. Ma’ruzaga taxminan 3 500 ta odam keldi va yuzlab kishi yetarlicha joy bo‘lmagani sababli kira olmadi. Ertasi kuni yana 1 500 ta odam keldi. Birodarlar savoliga javob topishdi — odamlar xushxabar bilan qiziqayotgandi!

Bundan keyin birodarlar tutgan yo‘l Yahova Shohidlarining hozirgi kungacha davom etib kelayotgan va’zgo‘ylik ishiga ta’sir qildi.

O‘SISH UCHUN POYDEVOR

«Qo‘riqchi minorasi»ning 1919-yil 1-avgust sonida sentabrning boshida Sidar-Poyntda (Ogayo) anjuman bo‘lishi e’lon qilindi. Missuridan bo‘lgan yosh Tadqiqotchi Klerens Biti quyidagicha eslagandi: «Barcha u yerga borish kerak deb hisoblardi». 6 000 dan ziyod birodar-u opa-singlimiz o‘sha uchrashuvga tashrif buyurdi — bu kutilgandan ham ancha ko‘p edi. Anjumanni yanada o‘zgacha qilgan voqea Eri ko‘li yaqinida 200 dan oshiq kishi suvga cho‘mgani bo‘ldi.

1919-yil 1-oktabrda chiqqan «Oltin davr» jurnalining ilk sonining muqovasi

1919-yil 5-sentabrda, ya’ni anjumanning beshinchi kunida birodar Ruterford «Hamkorlarga murojaat» nomli nutqida «Oltin davr» * deb atalgan yangi jurnal chiqqanini e’lon qildi. Bu jurnalda «yuz berayotgan voqealar nima uchun muhim ekani Muqaddas Kitob asosida yoritilib, bo‘layotgan hodisalarning ahamiyati tushuntirilgandi».

Barcha Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari mazkur yangi adabiyot yordamida jasorat bilan va’z qilishga undaldi. Ish qanday tashkillashtirilishi tushuntirilgan xatda quyidagicha ta’kidlangan edi: «Suvga cho‘mgan barchamiz shuni unutmaylikki, xizmat qilish ulkan sharafdir va hozir imkoniyatdan foydalanib, dunyo bo‘ylab shohidlik berish ishida hissa qo‘shaylik». Ko‘plar va’z qilish taklifini qabul qildi! Dekabrga kelib, g‘ayratli Shohlik xabarchilari bu yangi jurnalga 50 000 dan oshiq obuna yig‘ishga muvaffaq bo‘lishdi.

Bruklindagi birodarlar «Oltin davr» jurnalini yuk mashinasiga joylashtirgan

1919-yilning oxiriga kelib, Yahovaning xalqi qayta tashkillashtirilgan va kuchga to‘lgan edi. Qolaversa, oxirzamonga tegishli bir nechta muhim bashorat amalga oshgandi. Malaki 3:1–4 da aytilganiday, Xudoning xalqi sinalib, tozalanishi haqidagi bashorat amalga oshgandi. Yahovaning xizmatchilari «Buyuk Bobil» qulligidan ozod bo‘lib, Iso «ishonchli va aqlli xizmatkor»ni tayinlagan edi *. (Vah. 18:2, 4; Mat. 24:45) Endi Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari Yahova ularga hozirlab qo‘ygan ishni bajarishga tayyor edi.

^ 13- x.b. Birodar Ruterford huquqshunos va sudya bo‘lgan hamda «sudya Ruterford» deb tanilgan.

^ 22- x.b. «Oltin davr» jurnali 1937-yili «Tasalli», 1946-yili esa, «Uyg‘oning!» deb atala boshladi.

^ 24- x.b. «Qo‘riqchi minorasi» 2013-yil 15-iyul sonining 10–12- va 21–23-sahifalariga hamda 2016-yil mart sonining 29–31-sahifalariga qarang.