Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

41-TADQIQ MAQOLASI

«Buyuk musibatda» sadoqatli bo‘lib qoling!

«Buyuk musibatda» sadoqatli bo‘lib qoling!

Ey, Yahovaga sadoqatli kishilar, Uni sevinglar! Yahova sadoqatli kishilarni himoya qiladi. ZAB. 31:23

129-QO‘SHIQ Chidam bilan chopaylik

BU MAQOLADA *

1–2. a) Dunyo rahbarlari yaqinda nima deb e’lon qilishadi? b) Qaysi savollarga javob topishimiz kerak?

TASAVVUR QILING, dunyo rahbarlari uzoq vaqt kutilganiday, «tinchlik va xavfsizlik» deb e’lon qilishdi. Ular dunyo bo‘ylab oldin hech ham bo‘lmagan osoyishtalik hukm surayotgani bilan maqtanishi mumkin. Dunyodagi ahvol ularning nazorati ostida ekaniga bizni ishontirishga urinishadi. Ammo keyinchalik yuz beradigan hodisalarni nazorat qilishga ularning qurbi yetmaydi! Qiziq, nega? Muqaddas Kitobda shunday bashorat qilingan: «Ular nogahon halokatga duchor bo‘lishadi. Ular sira qochib qutula olishmaydi». (1 Salon. 5:3)

2 Quyidagi dolzarb savollarga javob topishimiz kerak: «“Buyuk musibatda” nimalar bo‘ladi? O‘shanda Yahova biz qanday yo‘l tutishimizni kutadi? Buyuk musibatda sadoqatli bo‘lish uchun hozir qanday tayyorgarlik ko‘rsak bo‘ladi?» (Mat. 24:21)

«BUYUK MUSIBATDA» NIMALAR BO‘LADI?

3. Vahiy 17:5, 15–18 ga ko‘ra, Xudo «Buyuk Bobilni» qanday qilib yo‘q qiladi?

3 Vahiy 17:5, 15–18 ni o‘qing. «Buyuk Bobil» yo‘q qilinadi. Yuqorida aytib o‘tilganday, rahbarlar o‘shanda bo‘ladigan hodisalarni nazorat qila olmaydi. Nima uchun? Boisi, «Xudo ularning diliga solgan [soladigan] fikrni amalga oshirishadi». Bu qanday fikr? U soxta din imperiyasini, jumladan, xristian olamini * yo‘q qilish fikridan iborat. Alloh bu fikrni «o‘nta shoxli to‘q qizil yirtqich hayvonning» diliga soladi. «O‘nta shox» Birlashgan Millatlar Tashkilotini bildiradigan «yirtqich hayvonni» qo‘llab-quvvatlayotgan barcha siyosiy kuchlarni bildiradi. (Vah. 17:3, 11–13; 18:8) Siyosiy kuchlar soxta dinga hujum qilganda, bu buyuk musibat boshlanganining belgisi bo‘ladi. Bu yer yuzidagi har bir kishi uchun nogahon va dahshatli hodisa bo‘ladi.

4. a) Dunyo rahbarlari soxta dinga hujum qilganini oqlash uchun qanday sabablar keltirishi mumkin? b) Diniy tashkilotlarning sobiq a’zolari qanday yo‘l tutishi mumkin?

4 Dunyo rahbarlari Buyuk Bobilga nega hujum qilganini oqlash uchun qanday sabablar keltirishini bilmaymiz. Ular dunyodagi barcha dinlar tinchlikka putur yetkazayotganini va doim siyosatga aralashayotganini aytishlari mumkin. Yoki ular diniy tashkilotlar haddan tashqari boy bo‘lib ketishganini ta’kidlashar. (Vah. 18:3, 7) Ehtimol, o‘sha hujum bo‘lganda din a’zolarining barchasi yo‘q qilinmas. Aksincha, dunyo rahbarlari diniy tashkilotlarni yopishi mumkin. O‘sha tashkilotlar yo‘q qilingach, sobiq a’zolari din rahbarlari va’dalarida tura olmaganini tushunib, ular bilan aloqani uzishga harakat qilishi mumkin.

5. Yahova buyuk musibat masalasida nimani va’da qilyapti va nima uchun?

5 Muqaddas Kitobda Buyuk Bobil qancha vaqt davomida yo‘q qilinishi haqida hech narsa aytilmagan, ammo bu uzoq davom etmasligini aniq bilamiz. (Vah. 18:10, 21) Yahova «tanlagan kishilari» omon qolishi va haq topinish yo‘q qilinmasligi uchun, buyuk musibatda «kunlarni qisqartirishni» va’da qilyapti. (Mark 13:19, 20) Lekin Yahova buyuk musibat va Armageddon jangi boshlanishidan oldin biz nima qilishimizni kutadi?

HAQ TOPINISHNI TINMAY QO‘LLAB-QUVVATLANG

6. Nima uchun soxta dindan chiqib ketishning o‘zi yetarli emas?

6 O‘tgan maqoladan bilib olganimizday, Yahova Uning xizmatchilari Buyuk Bobildan chiqib ketishlarini istaydi. Biroq buning o‘zi yetarli emas. Biz haq topinishni, ya’ni Yahovaga bo‘lgan pok topinishni qo‘llab-quvvatlashga qat’iy qaror qilishimiz lozim. Keling, buni qay yo‘sin qila olishimizning ikkita yo‘lini ko‘rib chiqaylik.

Yig‘ilishlarimizni hatto qiyin damlarda ham qoldirmaylik (7-xatboshiga qarang.) *

7. a) Qanday qilib Yahovaning yuksak axloqiy me’yorlariga qat’iy amal qilishimiz kerak? b) Ibroniylarga 10:24, 25 ga binoan, nima qilishimiz lozim va nega hozir bu ayni muddao?

7 Birinchidan, Yahovaning yuksak axloqiy me’yorlariga qat’iy amal qilishga qaror qilishimiz kerak. Bu dunyodagi qadriyatlar-u me’yorlarni ma’qullamasligimiz darkor. Masalan, jinsiy axloqsizlikning har qanday turini, jumladan, bir jinsdagi odamlar orasidagi nikohni va gomoseksual hayot tarziga undovchi boshqa xatti-harakatlarni rad etamiz. (Mat. 19:4, 5; Rim. 1:26, 27) Ikkinchidan, imondoshlarimiz bilan topinishni davom ettirishimiz kerak. Yig‘ilish zalida yoki kerak bo‘lsa o‘z uylarimizda yoki yashirincha bo‘lsa ham bunga iloji boricha rioya qilishga intilishimiz lozim. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, jamoat uchrashuvlarimizni qoldirmaymiz. Ha, «o‘sha kunning yaqinlashib qolganini ko‘rib turgan ekanmiz» yig‘ilishlarga yanada ko‘proq boramiz. (Ibroniylarga 10:24, 25 ni o‘qing.)

8. Biz va’z qilayotgan xabar qanday xabarga o‘zgarishi mumkin?

8 Buyuk musibatda e’lon qilishimiz kerak bo‘lgan xabar o‘zgarishi mumkin. Hozir biz Shohlik haqidagi xushxabarni va’z qilishga va shogirdlar tayyorlashga urinyapmiz. Ammo o‘shanda, yirik do‘l bilan solishtirilgan xabarni e’lon qilishimiz ehtimoldan yiroq emas. (Vah. 16:21) Shaytonning dunyosi yaqinda butunlayin vayron bo‘lishini e’lon qilarmiz. Vaqt o‘tib, bu xabar aynan nimadan iborat ekanini va uni qay yo‘sin e’lon qilishimizni bilib olamiz. Yuzlab yillar mobaynida va’z qilgan hamda ta’lim bergan o‘sha-o‘sha usullardan foydalanamizmi? Yoki umuman boshqacha usullarni qo‘llaymizmi? Hozircha buni bilmaymiz. Ammo shunisi aniqki, Yahovaning hukmidan iborat xabarni jasorat ila va’z qilish sharafiga ega bo‘lamiz! (Hiz. 2:3–5)

9. Dunyo rahbarlari biz va’z qiladigan xabarga qanday munosabat bildirishi mumkin, lekin biz nimaga aminmiz?

9 Biz va’z qiladigan xabarni deb, dunyo rahbarlari faoliyatimizni butkul to‘xtatishga harakat qilishi ehtimoldan yiroq emas. Hozirgi kunda xizmatda Yahovaning yordamiga tayanganimizday, o‘shanda ham xuddi shunday qilishimiz kerak bo‘ladi. Shak-shubhasizki, Allohimiz O‘z irodasini amalga oshirish niyatida bizga kuch ato etadi. (Mixo 3:8)

XUDONING XALQIGA KO‘RSATILADIGAN HUJUMGA TAYYOR BO‘LING

10. Luqo 21:25–28 da bashorat qilinganiday, buyuk musibatda yuz beradigan hodisalarga nisbatan ko‘pchilik qanday munosabatda bo‘ladi?

10 Luqo 21:25–28 ni o‘qing. Buyuk musibat paytida odamlar har doim bor bo‘lishiga ishonib kelgan barcha narsa — bu dunyoning siyosiy, tijoriy va boshqa tuzumlari yo‘q bo‘lib ketayotganini ko‘rib sarosimaga tushadi. Ular azob-uqubat chekib, o‘sha mudhish davrda o‘lib ketishdan qo‘rqishadi. (Zaf. 1:14, 15) O‘shanda, hatto Yahovaning xalqi uchun ham og‘ir davr bo‘lishi mumkin. Bu dunyodan bo‘lmaganimiz uchun, qandaydir qiyinchiliklarga duch kelishimiz ehtimoldan yiroq emas. Ba’zi zaruriy narsalarsiz qolib ketishimiz mumkin.

11. a) Nega Yahovaning Shohidlari odamlarning va rahbarlarning diqqat markazida bo‘ladi? b) Nima uchun buyuk musibatdan qo‘rqmasligimiz kerak?

11 Shuni aytish joizki, dini yakson bo‘lgan insonlar Yahovaning Shohidlari faoliyatini yuritayotganini ko‘rib g‘azabga minishi hech gap emas. Ular har xil usullardan, jumladan, ommaviy axborot vositalaridan foydalanib boshqalarga g‘azabini sochishga urinadi. Dunyo rahbarlari va ularning hokimi Shayton Yahova Shohidlarining faoliyati olib borilayotgani uchun ulardan nafratlanishadi. Ular yer yuzidagi barcha dinlarni yo‘q qilish niyatiga yeta olishmaydi. Darhaqiqat, biz ularning diqqat markazida bo‘lamiz. O‘shanda dunyo rahbarlari Mago‘g yurtidagi Go‘gga * aylanadi. Ular birgalashib, bor kuchini ishga solib Yahovaning xalqiga hujum qilishadi. (Hiz. 38:2, 14–16) Ayniqsa muayyan tafsilotlarni bilmaganimiz uchun, buyuk musibatda nimalar bo‘lar ekan deb tashvishlanishimiz mumkin. Lekin shunisi aniqki, buyuk musibatdan qo‘rqmasligimiz kerak. Tangri Yahova hayotimizni saqlab qolishga ko‘maklashadigan yo‘l-yo‘riqlarni beradi. (Zab. 34:19) Biz qomatimizni g‘oz tutib boshimizni ko‘tarib turamiz, zero xalos bo‘lish vaqtimiz yaqinlashib qolganini bilamiz *.

12. Qanday qilib «ishonchli va aqlli xizmatkor» bizni bo‘lajak hodisalarga tayyorlamoqda?

12 Buyuk musibatda sadoqatli bo‘la olishimiz uchun «ishonchli va aqlli xizmatkor» bugungi kunda bizni tayyorlamoqda. (Mat. 24:45) Bu xizmatkor buni turli yo‘llar bilan amalga oshirmoqda. Masalan, 2016–2018-yillar davomida o‘tkazilgan o‘z vaqtidagi hududiy anjumanlar. Ular orqali yaqinlashayotgan Yahovaning kunida qanday fazilatlarni rivojlantirishimiz kerakligi ta’kidlangan edi. Keling, o‘sha fazilatlarni qisqacha ko‘rib chiqaylik.

SADOQAT, SABR-BARDOSH VA JASORATNI OSHIRING!

«Buyuk musibatda» omon qolish uchun hozirdan tayyorlaning (13–16-xatboshilariga qarang.) *

13. Qay yo‘sin Yahovaga bo‘lgan sadoqatimizni mustahkamlashimiz mumkin va nega hozirdan boshlab buni qilish zarur?

13 Sadoqat. 2016-yili o‘tgan hududiy anjuman mavzusi: «Alloh Yahovaga sadoqatli qoling!» edi. U bizni Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimizni mustahkamlasak, Unga sadoqatli bo‘lib qolishimiz mumkinligiga o‘rgatdi. Qolaversa, Yahovaga sidqidildan ibodat qilib, Uning Kalomini puxta tadqiq qilsak, Unga yanada yaqinlasha olishimizni esladik. Bunday yo‘l tutish hatto nihoyatda qiyin muammolarni yenga olishimizga kuch ato etyapti. Shayton dunyosining oxiri yaqin ekan, Xudoga va Uning Shohligiga nisbatan sadoqatimiz yanada ko‘proq sinaladi. Odamlar bizni masxara qilishdan to‘xtamasligi mumkin. (2 Butr. 3:3, 4) Buning asosiy sabablaridan biri biz Shayton dunyosining hech qaysi qismini qo‘llab-quvvatlamayotganimizda. Hozirda sadoqat fazilatini mustahkamlasak, buyuk musibatda ham sodiq bo‘lib qolamiz.

14. a) Yer yuzida boshchilikni zimmasiga olgan birodarlar masalasida qanday o‘zgarishlar yuz beradi? b) Nega o‘shanda sadoqatli bo‘lishimiz kerak?

14 Buyuk musibatda yer yuzida boshchilikni zimmasiga olgan birodarlar masalasida o‘zgarishlar yuz beradi. Yer yuzidagi barcha moylangan masihiylar Armageddon jangida qatnasha olishi uchun osmonda yig‘iladi. (Mat. 24:31; Vah. 2:26, 27) Bu degani Yetakchi kengash a’zolari yer yuzidagi faoliyatini tugatadi. Lekin ulkan olomon boshqaruvsiz qolmaydi. Boshqa qo‘ylar orasidagi talablarga mos keladigan birodarlar yetakchilik qiladi. O‘sha birodarlarni qo‘llab-quvvatlash va ular taqdim etayotgan ilohiy yo‘l-yo‘riqlarga amal qilish orqali Yahovaga sadoqatli ekanimizni namoyon etishimiz kerak. Ha, omon qolishimiz shunga bog‘liq!

15. Qay yo‘sin sabr-bardoshni oshirishimiz mumkin va nega hozirdan buni qilish zarur?

15 Sabr-bardosh. 2017-yili o‘tgan hududiy anjuman mavzusi: «Taslim bo‘lmang!» edi. U bizga qiyinchiliklar paytida sabr-bardoshimizni oshirishga ko‘maklashdi. Sabr-bardoshli bo‘lish yaxshi sharoitlarimizga bog‘liq emasligini bilib oldik. Yahovaga tayanib, sabr-bardoshni oshirishimiz mumkin. (Rim. 12:12) Isoning quyidagi so‘zlarini doim yodda tutaylik: «Oxirigacha chidagan qutuladi». (Mat. 24:13) Bu, qanday qiyinchilikka duch kelishimizdan qat’i nazar, sodiq bo‘lib qolishimiz kerakligini anglatadi. Hozir barcha qiyinchiliklarda sabr-bardoshli bo‘lsak, buyuk musibat boshlanishidan avval ham kuchli bo‘lishimiz mumkin.

16. Nima tufayli jasoratli bo‘la olamiz va qanday qilib hozirning o‘zida yanada jasoratli bo‘lishimiz mumkin?

16 Jasorat. 2018-yili o‘tgan hududiy anjuman mavzusi: «Jasoratli bo‘ling!» edi. U biz o‘z qobiliyatlarimiz tufayli jasoratli bo‘la olishimiz imkonsiz ekanini eslatdi. Faqat Yahovaga tayanib sabr-bardoshli bo‘la olishimiz mumkin bo‘lganiday, jasoratli bo‘lish uchun ham Unga tayanishimiz lozim. Xo‘sh, qanday qilib Yahovaga yanada ko‘proq tayana olamiz? Uning Kalomini har kuni o‘qib, Yahova o‘tmishda O‘z xalqini qanday himoya qilgani haqida mulohaza yuritishimiz muhim. (Zab. 68:20; 2 Butr. 2:9) Dunyo rahbarlari buyuk musibatda bizga hujum qilganda, jasoratli bo‘lib, har qachongidan ham Yahovaga tayanishimiz kerak. (Zab. 112:7, 8; Ibron. 13:6) Hozir Yahovaga tayansak, Go‘g hujum qilganda kerakli jasoratga ega bo‘lamiz *.

QUTULISH PAYTINI INTIQIB KUTING

Iso va uning qo‘shini yaqinda Armageddon jangida Xudoning dushmanlarini yo‘q qilish uchun yo‘lga chiqadi! (17-xatboshiga qarang.)

17. Nima uchun Armageddondan qo‘rqmasligimiz lozim? (Muqovadagi rasmga qarang.)

17 O‘tgan maqolada aytilganday, aksariyatimiz oxirgi kunlar paytida yashab kelyapmiz. Shuningdek, buyuk musibatda omon qolishga umid qilyapmiz. Armageddon jangida bu dunyoga butunlayin chek qo‘yiladi. Biroq biz qo‘rqmasligimiz kerak. Nima uchun? Sababi, bu Xudoning jangi va biz jang qilmaymiz. (Hik. 1:33; Hiz. 38:18–20; Zakr. 14:3) Yahovaning buyrug‘i bilan Iso Masih samoviy qo‘shinni jangga yetaklab boradi. U bilan birga tirilgan moylangan masihiylar va tumonat farishtalar bo‘ladi. Ular birgalikda Shayton, jinlar va yerdagi qo‘shinlarga qarshi jang qilishadi. (Don. 12:1; Vah. 6:2; 17:14)

18. a) Yahova nimani kafolatlamoqda? b) Vahiy 7:9, 13–17 ga ko‘ra, kelajak borasida qanday aminligimiz bor?

18 Tangri Yahova: «Senga qarshi yasalgan hech bir qurol g‘alaba qozonmaydi»,— deb kafolat beryapti. (Ishayo 54:17) Yahovaning sodiq xizmatchilari, ya’ni «ulkan olomon» buyuk musibatdan eson-omon «chiqib keladi». Ular Unga xizmat qilishni davom ettirishadi. (Vahiy 7:9, 13–17 ni o‘qing.) Muqaddas Kitobdan bilib olayotganimizday, omon qolishimizga shubhamiz yo‘q. Bilamizki, «Yahova sadoqatli kishilarni himoya qiladi». (Zab. 31:23) Yahovani yaxshi ko‘rib, Uni madh etayotgan barcha Uning muqaddas ismi oqlanishining guvohi bo‘ladi. (Hiz. 38:23)

19. Yaqinda bizni qanday kelajak kutyapti?

19 Bir o‘ylab ko‘ring, 2 Timo‘tiyga 3:2–5 da Shaytonning ta’siridan xoli bo‘lgan yangi dunyodagi insonlar qanday tasvirlangan bo‘lardi. («Kelajakdagi odamlar» nomli ramkaga qarang.) Yetakchi kengash a’zosi bo‘lgan birodar Jorj Gangas * bu haqda shunday deb yozgan: «Har bir inson Yahovaga topinsa, hayot go‘zal bo‘ladi! Yaqin orada yangi dunyoda yashash sharafiga ega bo‘lasiz. Yahova bor ekan, siz ham bor bo‘lasiz. Abadiy yashaymiz». Bu ajoyib umid!

122-QO‘SHIQ Mard va mahkam turing!

^ 5- x.b. Bilamizki, yaqinda «buyuk musibat» bo‘ladi. Bu Yahovaning Shohidlari uchun nimani anglatadi? Yahova biz qanday yo‘l tutishimizni kutadi? O‘shanda sadoqatli bo‘lib qolishimiz uchun hozir qanday fazilatlarni rivojlantirishimiz kerak? Ushbu maqolada bular haqida gap yuritamiz.

^ 3- x.b. IBORA MA’NOSI. Xristian olami iborasi o‘zini Iso Masihning izdoshi hisoblab, ammo Tangri Yahovaning me’yorlari bo‘yicha Unga topinmayotgan insonlarga ishora qiladi.

^ 11- x.b. IBORA MA’NOSI. Mago‘g yurtidagi Go‘g (va uning qisqa shakli Go‘g) xalqlar ittifoqini anglatadi va u buyuk musibat oxiriga yetib qolganida Yahovaning xizmatchilariga hujum qiladi.

^ 11- x.b. Armageddon jangidan oldin bo‘ladigan hodisalar borasida ko‘proq bilish uchun «Qo‘riqchi minorasi»ning 2013-yil 15-iyul sonidagi 3–8- sahifalarida va 2015-yil 15-iyul sonidagi 14–19- sahifalarida keltirilgan maqolalarga va «Nihoyat pok topinish tiklandi!» nomli kitobning (ingl.) 17- va 18-boblariga qarang.

^ 16- x.b. 2019-yilgi hududiy anjuman mavzusi: «Sevgi hech qachon tugamaydi!» U bizga Yahovaning mehribon himoyasi ostida omon qolishimiz mumkinligini ko‘rsatdi. (1 Kor. 13:8)

^ 19- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 1994-yil 1-dekabr (rus) sonidagi «Qilgan ishlari o‘ziga hamroh» nomli maqolaga qarang.

^ 65- x.b. RASMGA SHARH. Buyuk musibatda Yahovaning Shohidlaridan tashkil topgan kichik guruh o‘rmonda jasorat ila yig‘ilish o‘tkazyapti.

^ 67- x.b. RASMGA SHARH. Yahovaning sodiq xizmatchilari bo‘lmish ulkan olomon buyuk musibatdan chiqib, omon qolishdi va baxtiyor.