Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Odamlar Xudoning «quyuni» haqidagi ogohlantiruvni eshitishi kerak

Xudoning hukmlari. U doim yetarlicha ogohlantiradimi?

Xudoning hukmlari. U doim yetarlicha ogohlantiradimi?

MUTAXASSIS ob-havoni moslamalari yordamida tekshirmoqda. Natijada, ko‘p aholi yashaydigan hududga xavfli quyun yaqinlashayotganini ko‘radi. O‘sha odamlarning xavfsizligini o‘ylagani uchun, vaqt borligida ularni ogohlantiray deb jon kuydiradi.

Xuddi shunday, Yahova yer yuzidagi odamlarni oddiy ob-havo haqida emas, balki bundan-da dahshatliroq «quyundan» ogohlantirmoqda. U buni qanday amalga oshirmoqda? Nega biz U yetarlicha ogohlantirayotganiga aminmiz? Javob olishdan avval, keling, Yahova o‘tmishda qanday ogohlantirganining ba’zi misollariga diqqat qarataylik.

XUDO OLDINDAN OGOHLANTIRGAN

Qadimda Yahova Uning amrlariga bo‘ysunmagan insonlarga qarshi chiqargan turli hukmlaridan yoki «quyunlardan» ogohlantirgan. (Hik. 10:25; Yerm. 30:23) Har safar U itoatsiz kishilarni oldindan ogohlantirib, Uning irodasiga ko‘ra qaysi xatti-harakatlarini o‘zgartirishlari kerakligini ham aytgan. (4 Shoh. 17:12–15; Naxim. 9:29, 30) Yordam berish niyatida, Alloh ko‘pincha yer yuzidagi sodiq xizmatchilari orqali O‘z hukmlarini e’lon qilardi va imillamaslik kerakligini tushuntirardi. (Amos 3:7)

Bunday sodiq xizmatchilarning biri Nuh payg‘ambar edi. Masalan, u uning davridagi zo‘ravon va axloqsiz kishilarni jasurlik bilan To‘fon bo‘lishidan ogohlantirgan. (Ibt. 6:9–13, 17) U shuningdek, odamlar omon qolishi uchun nimalar qilishi kerakligini shunchalik ko‘p va’z qilgani bois, «adolat yo‘lini xabarlab yurgan» inson sifatida tanilgan. (2 Butr. 2:5)

Nuh payg‘ambarning urinishlariga qaramay, o‘sha insonlar Xudodan kelgan xabarni rad etdi. Ularga ishonch yetishmadi. Oqibatda «To‘fon kelib barini qirib tashladi». (Mat. 24:39; Ibron. 11:7) Xudo ularni ogohlantirmagan deb aytishlari asossiz.

Boshqa paytlari esa, Yahova chiqargan hukmini amalga oshirishiga oz vaqt qolganida aytgan. Shunday bo‘lsa-da, bu vaziyatga aloqador odamlar o‘zgarishi uchun yetarlicha vaqt bergan. Misol uchun, U Misrdagilarni o‘nta jazo borasida oldindan ogohlantirgan. Masalan, Yahova fir’avn va uning xizmatkorlarini yettinchi jazodan, ya’ni do‘l yog‘ishidan ogohlantirish uchun Muso bilan Horunni yuborgan. Xudo kelasi kuni bo‘ladigan do‘ldan ular boshpana topib, omon qolishi uchun yetarlicha vaqt berganmi? Muqaddas Kitobda shunday yozilgan: «Fir’avn xizmatkorlari orasida Yahovaning so‘zidan qo‘rqqanlar, o‘sha zahotiyoq xizmatkorlari va chorvalarini uylariga olib kirishdi. Lekin Yahovaning so‘zini nazariga ilmaganlar, xizmatkorlari-yu chorvalarini dalada qoldirishdi». (Chiq. 9:18–21) Shunisi aniqki, Yahova ularni yetarlicha ogohlantirgan. Muayyan choralar ko‘rganlar esa, jazoga yo‘liqmagan edi.

Fir’avn va uning xizmatkorlari o‘ninchi jazo haqida oldindan ogohlantirilgan edi. Lekin ular nodonlarcha unga parvo qilishmadi. (Chiq. 4:22, 23) Oqibatda, to‘ng‘ich o‘g‘il bolalari nobud bo‘lishganining guvohi bo‘lishdi. Bu ayanchli! (Chiq. 11:4–10; 12:29) Xo‘sh, ular o‘sha ogohlantirishga quloq solishi mumkinmidi? Ha. Muso payg‘ambar Isroil xalqini yuz beradigan o‘ninchi jazo haqida ogohlantirib, ular omon qolishi uchun nima qilishlari borasida yo‘l-yo‘riqlar bergan. (Chiq. 12:21–28) Qiziq, qancha odam unga quloq solgan? Ba’zi manbalarga ko‘ra, uch million kishi, jumladan, Isroil xalqi va «ular bilan birga turli insonlardan iborat olomon», ya’ni isroillik bo‘lmagan turli xalqlar, shu qatorda misrliklar Xudoning hukmi haqidagi ogohlantirishga quloq solib, Misrni tark etgan. (Chiq. 12:38, izoh)

Ushbu misollardan, Yahova doim odamlar Uning ogohlantirishiga quloq solib, chora ko‘rishi uchun yetarlicha vaqt taqdim etganini bilib olyapmiz. (Qonun. 32:4) Xo‘sh, Xudoni bunga nima undagan? Havoriy Butrus tushuntirganday, Yahova «hech kimning halok bo‘lishini istamaydi, ammo hammaning tavba qilishini xohlaydi». (2 Butr. 3:9) Ha, Alloh insonlarga g‘amxo‘rlik qiladi. U odamlar tavba qilishini va hukmlari amalga oshirilmaguncha, maslahatiga muvofiq yo‘l tutishlarini istaydi. (Ishayo 48:17, 18; Rim. 2:4)

HOZIR XUDONING OGOHLANTIRISHIGA QULOQ SOLYAPMIZMI?

Bugungi kunda ham barcha odamlar butun dunyo bo‘ylab e’lon qilinayotgan shoshilinch ogohlantiruvga quloq solishi muhim. Iso yer yuzida bo‘lganda, bu yovuz dunyo «buyuk musibat» paytida vayron bo‘lishidan ogohlantirgan. (Mat. 24:21) Bo‘lajak hukmga keladigan bo‘lsak, u izdoshlari o‘sha kun yaqinlashib qolayotganini aniq ko‘ra olishi uchun batafsil bashoratlarni taqdim etgan. Iso biz hozirgi kunda jahon bo‘ylab ko‘rayotgan muhim hodisalarni sanab o‘tgan. (Mat. 24:3–12; Luqo 21:10–13)

Ushbu bashoratga binoan, Yahova har bir kishini Uning mehrga to‘la hukmdorligini qabul qilishga undamoqda. U itoatkor insonlar hozirning o‘zida baxtliroq hayot kechirib, kelajakda ham adolat hukm suradigan yangi dunyoda yashashini istaydi. (2 Butr. 3:13) Yahova odamlarga Uning va’dalariga ishonch hosil qilishga yordam berishni xohlaydi. Buning uchun U najotbaxsh xabarni, ya’ni «Shohlik haqidagi xushxabarni» taqdim etmoqda. Iso bu xabar «hamma xalqlarga shahodat berilishi uchun butun dunyo bo‘ylab va’z qilinishini» bashorat qilgan. (Mat. 24:14) Xudo deyarli 240 ta mamlakat va hududda Uning xabari «shahodat» etilishi yoki va’z qilinishi uchun xizmatchilarini tayinlagan. Yahova imkon qadar ko‘proq kishilar ogohlantiruvga quloq solib, bo‘lajak hukm kunida omon qolishlarini istaydi. (Zaf. 1:14, 15; 2:2, 3)

Shunday ekan, muhimi Yahova odamlarga Uning ogohlantiruvlariga quloq solishga yetarlicha vaqt berish-bermasligida emas. Bo‘lib o‘tganlar shuni ko‘rsatyaptiki, U doim vaqt beradi. Demak, asosiy savol shuki, vaqt bor ekan odamlar Allohning ogohlantiruviga quloq soladimi? Xudoning xizmatchilari sifatida, keling, imkon qadar ko‘p insonlar bu yovuz dunyo o‘z yakuniga yetganda omon qolishiga tinmay yordam beraylik.