Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

43-TADQIQ MAQOLASI

Yahovaga mutlaq sadoqatli bo‘ling

Yahovaga mutlaq sadoqatli bo‘ling

Yahova mutlaq sadoqatni talab qiladigan... Xudodir. NOX. 1:2

51-QO‘SHIQ O‘zimizni Yahovaga baxsh etdik!

BU MAQOLADA *

1. Nima uchun Yahova mutlaq sadoqatli bo‘lishimizga loyiq?

TANGRI YAHOVA mutlaq sadoqatli bo‘lishimizga loyiq. Zero, U bizning Yaratuvchimiz bo‘lib, hayot Manbaidir. (Vah. 4:11) Ammo bir xavf bor. Hatto Yahovani yaxshi ko‘rib, Uni hurmat qilsak ham, boshqa qandaydir narsalar muhim o‘ringa ko‘chib, Unga mutlaq sadoqatli bo‘lishimizga to‘sqinlik qilishi hech gap emas. Bu jarayon qanday bo‘lishini bilishimiz o‘ta muhim. Avvalo, keling, mutlaq sadoqat nimani anglatishini tushunish uchun ba’zi fikrlarga diqqat qarataylik.

2. Chiqish 34:14 ga binoan, Yahovaga mutlaq sadoqatli qolish uchun nima qilamiz?

2 Muqaddas Kitobga ko‘ra, Allohga sadoqatli bo‘lish Uni qattiq yaxshi ko‘rish degani. Yahovaga mutlaq sadoqatli bo‘lsak, faqat Unga topinamiz. Qalbimizda biron kim va biron narsa Yahovaning o‘rnini egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz. (Chiqish 34:14 ni o‘qing.)

3. Nega Yahovaga bo‘lgan sadoqatimiz ko‘r-ko‘rona emas deb ayta olamiz?

3 Yahovaga bo‘lgan sadoqatimiz ko‘r-ko‘rona emas. Nega deysizmi? Chunki sadoqatimiz Xudo haqida olayotgan bilimlarga asoslanadi. Qolaversa, Uning ajoyib fazilatlaridan zavq olyapmiz. Unga nima yoqish-yoqmasligini bilamiz va U kabi nuqtai nazarga ega bo‘lishga intilamiz. Biz U insonlar uchun ko‘zlagan niyatlarini tushunib, ularni amalga oshirishiga hissa qo‘shamiz. U bizga do‘stlashish imkonini berayotganini sharaf deb bilamiz. (Zab. 25:14) Yaratgan Egamiz haqida bilib olayotgan har bir tafsilot bizni Unga yanada ko‘proq yaqinlashtiradi. (Yoqb. 4:8)

4. a) Yahovaga mutlaq sadoqatli bo‘lmasligimiz uchun Iblis nimadan foydalanyapti? b) Bu maqolada nima haqida gap boradi?

4 Iblis bu dunyoni boshqarib, odamlarning tabiiy istaklari-yu zaifliklariga ta’sir qilishga intiladi. (Efes. 2:1–3; 1 Yuhan. 5:19) Uning maqsadi biz Yahovaga mutlaq sadoqatli bo‘lmay, boshqa narsalarga berilishimizga qaratilgan. Keling, Iblis buni qanday amalga oshirmoqchi ekanining ikkita yo‘lini ko‘rib chiqaylik. Birinchisi, boylik orttirish vasvasasi, ikkinchisi esa zararli o‘yin-kulgilarni tanlash.

PULPARASTLIKDAN EHTIYOT BO‘LING

5. Nima sababli pulni yaxshi ko‘rib qolishdan ehtiyot bo‘lishimiz lozim?

5 Tabiiyki, barchamiz yetarlicha ovqatlanishni, chiroyli kiyinishni va qulay sharoitlarda yashashni istaymiz. Lekin pulni yaxshi ko‘rib qolishdan ehtiyot bo‘lishimiz lozim. Bu dunyodagi ko‘plar «pulparast» bo‘lib, pulga sotib olish mumkin bo‘lgan narsalarni yaxshi ko‘radi. (2 Tim. 3:2) Iso Masih uning izdoshlari bunday xavfga duch kelishi mumkinligini bilgan. U shunday degan: «Hech kim ikki xo‘jayinga qullik qilolmaydi. U yo biridan nafratlanib, ikkinchisini sevadi yoki biriga sodiq qolib, ikkinchisini mensimaydi. Sizlar ham Xudoning, ham boylikning quli bo‘la olmaysizlar». (Mat. 6:24) Yahovaga topinayotgan kishi haddan tashqari ko‘p vaqtini-yu kuchini bu dunyoda boylik orttirishga sarflasa, aslida, ikkita xo‘jayinga xizmat qilayotgan bo‘ladi. U Yahovaga mutlaq sadoqatli emasligini ko‘rsatadi.

Yahova hamda Isoning nazarida esa ular bunday edi (6-xatboshiga qarang.)

6. Iso Laodikiyadagi jamoat a’zolariga aytgan so‘zlaridan qanday saboq olishimiz mumkin?

6 Taxminan milodiy birinchi asrning oxirida Laodikiya shahridagi jamoat a’zolari shunday deb maqtangan: «Men boyman, boyib ketdim, ortiq menga hech narsa kerak emas». Lekin Yahovaning hamda Isoning nazarida ular «baxtsiz, achinarli ahvolda, kambag‘al, ko‘r va yalang‘och» edi. Iso ular boy bo‘lgani uchun emas, balki ular pulga o‘ch bo‘lib, Yahova bilan bo‘lgan munosabatlariga ziyon yetkazayotgani uchun maslahat bergan. (Vah. 3:14–17) Agar pulga o‘ch bo‘layotganimizni payqab qolsak, nuqtai nazarimizni shu zahotiyoq o‘zgartirishga harakat qilishimiz zarur. (1 Tim. 6:7, 8) Bordi-yu, bunday qilmasak, qalbimizda boshqa narsalarga bo‘lgan mehr uyg‘onadi va topinishimiz Yahovaga ma’qul kelmaydi. Zero, U «mutlaq sadoqatni talab etadi». (Qonun. 4:24) Qiziq, qanday qilib pul hayotimizda birinchi o‘rinda bo‘lib qolishi mumkin?

7–9. Devid ismli oqsoqolning misolidan nimani o‘rgandingiz?

7 Keling, Qo‘shma Shtatlarda yashovchi mehnatsevar Devid ismli oqsoqolning misoliga diqqat qarataylik. U o‘zini ishga berilib ketgan kishi deb tasvirladi. Devid bir kompaniyada ishlab, martabasi oshgan va hatto o‘z sohasi bo‘yicha mamlakatidagi eng zo‘r ishchi sifatida tan olindi. U: «Vaqt o‘tgani sayin, mukofotlarimni Yahovaning barakasiday qabul qilardim»,— dedi. Xo‘sh, bu chindan ham barakamidi?

8 Devid ishi uning Yahova bilan bo‘lgan do‘stona munosabatlariga yomon ta’sir qilayotganini seza boshladi. «Yig‘ilishda va hatto xizmatda bo‘lganimda, ishxonamdagi muammolarni o‘ylab yurganimni payqab qoldim. To‘g‘ri, ko‘p pul topardim, ammo shu bilan birga tashvishlarim ham ortib, oilamda muammolar yuzaga keldi»,— dedi u.

9 Devid hayotida nima muhim ahamiyatga ega ekanini hal qilishi kerak edi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Vaziyatimni o‘zgartirishga qat’iy qaror qildim». Devid ish jadvalini o‘zgartirmoqchi bo‘lib boshlig‘iga bu haqda aytdi. Natijasi qanday bo‘ldi? U ishsiz qoldi. Keyin u qanday yo‘l tutdi? U: «Ertasi kuniyoq doimiy ravishda ko‘makchi kashshof bo‘lib xizmat qilishga ariza topshirdim»,— dedi. Shuningdek, u va xotini tozalik xizmati bilan bog‘liq ishga kirishdi. Vaqt o‘tgach, u doimiy kashshof bo‘ldi va xotini ham keyinchalik doimiy kashshoflikni boshladi. Bu juftlik aksariyat odamlar past nazar bilan qaraydigan ishni tanladi, biroq o‘sha ish ular uchun ancha muhimroq bo‘lgan faoliyat bilan shug‘ullanish imkonini berdi. Hatto oldingiga qaraganda, hozir o‘n baravar kam oylik olishsa-da, har oy sarf-xarajatlarini qoplay olishmoqda. Ular Yahovani hayotida birinchi o‘ringa qo‘yishmoqda va Shohlik manfaatlari payida bo‘lib, Yahova ularga g‘amxo‘rlik qilayotganini his etishmoqda. (Mat. 6:31–33)

10. Qanday qilib qalbimizni asray olamiz?

10 Boymizmi yoki yo‘qmi, barchamiz qalbimizni asrashimiz kerak. Qanday qilib? Boylikka ruju qo‘yishdan ehtiyot bo‘lishimiz darkor. Qolaversa, ishimiz Yahovaga xizmat qilishdan ustun bo‘lib qolmasligi muhim. Bu siz bilan yuz bermayotganini qayerdan bilsa bo‘ladi? Masalan, quyidagi savollarni o‘zingizga berib ko‘rishingiz mumkin: «Yig‘ilishda yoki xizmatda ko‘pincha ishim haqida o‘ylaymanmi? Kelajakda yetarlicha pulim bo‘ladimi deb doim tashvishlanamanmi? Pul va moddiy narsalar dastidan oilamda muammolar paydo bo‘lyaptimi? Yahovaga ko‘proq xizmat qilish niyatida boshqalar past nazar bilan qaraydigan ishni tanlashga tayyormanmi?» (1 Tim. 6:9–12) Bular borasida fikr yuritayotganda, shuni yodda tutingki, Yahova bizni yaxshi ko‘radi va Unga sadoqatli kishilarga: «Seni hecham tashlab ketmayman va aslo tark etmayman»,— deb va’da bermoqda. Shu bois ham, havoriy Pavlus quyidagicha yozgan: «Pulparastlikdan xoli kun kechiringlar». (Ibron. 13:5, 6)

O‘YIN-KULGI TURLARINI O‘YLAB TANLANG

11. Tanlagan o‘yin-kulgi turlari odamga qanday ta’sir qilishi mumkin?

11 Yahova hayotdan zavq olib yashashimizni xohlaydi va o‘yin-kulgi bunga hissa qo‘shishi mumkin. Xudoning Kalomida yozilishicha, inson uchun «yeb-ichib, qilgan mehnatining rohatini ko‘rishdan yaxshiroq narsa yo‘q». (Voiz 2:24) Biroq bu dunyodagi o‘yin-kulgi turlarining aksariyati bizga yomon ta’sir qilishi mumkin. Ular dastidan odamlarning axloq borasidagi tushunchalari pasayib, bunga ko‘z yumishga yoki hatto Xudoning Kalomida qoralangan narsalarga mehr bog‘lashga yetaklaydi.

O‘yin-kulgingizni kim tayyorlayapti? (11–14-xatboshilariga qarang.) *

12. Korinfliklarga birinchi maktub 10:21, 22 ga ko‘ra, nega o‘yin-kulgi turlarini o‘ylab tanlashimiz kerak?

12 Yahovaga mutlaq sadoqatli bo‘lishni istaganimiz uchun, ham Uning «dasturxonidan», ham «jinlar dasturxonidan taom yeya olmaymiz». (1 Korinfliklarga 10:21, 22 ni o‘qing.) Masalan, kimdir bilan birga ovqatlansak, ko‘pincha bu do‘st ekanimizni ko‘rsatadi. Agar zo‘ravonlik, sehr-jodu, axloqsizlik yoki tana xohishlarini-yu noto‘g‘ri fikrlash tarzini rivojlantiradigan boshqa narsalarni olg‘a suradigan o‘yin-kulgi turlarini tanlasak, Allohning dushmanlari tomonidan tayyorlangan ovqatni ular bilan birga iste’mol qilgan bo‘lamiz. Natijada, nafaqat o‘zimizga zarar keltiramiz, balki Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarimizga ham putur yetkazamiz.

13–14. Yoqub 1:14, 15 ga binoan, tanlayotgan o‘yin-kulgimiz borasida nega diqqatli bo‘lishimiz kerak? Misol keltiring.

13 O‘yin-kulgini tom ma’nodagi ovqat bilan solishtirish mumkinligining bir nechta misoliga diqqat qarataylik. Nima yeyishni tanlashimiz mumkin. Yegulikni yutganimizdan keyin esa, u tanamizga qanday ta’sir qilishini tanlay olmaymiz. Foydali ovqat yesak, sog‘lom bo‘lamiz; zararli ovqat yeganda esa, buning aksi bo‘ladi. Natijasi bir kechaning o‘zida ayon bo‘lmaydi, aksincha, bunga vaqt kerak.

14 Shu singari, o‘yin-kulgi turini tanlaganda, ongimizga qanday fikrlar kirishini nazorat qila olamiz. Ammo undan keyin tanlagan o‘yin-kulgimiz qalbimizga ta’sir qiladi. Yaxshi o‘yin-kulgi kuchimizni yangilaydi, yomoni esa, zarar keltiradi. (Yoqub 1:14, 15 ni o‘qing.) Yomon o‘yin-kulgilarning ta’siri shu zahoti sezilmas, ammo vaqt o‘tib, barchasi yaqqol ko‘rinadi. Shu bois, Muqaddas Kitobda quyidagi ogohlantiruv keltirilgan: «Adashmanglar, Xudoni laqillatib bo‘lmaydi. Inson nima eksa, shuni o‘radi. Kim o‘z tanasiga urug‘ eksa, tanasidan chiriydigan narsa o‘rib oladi. Kimki muqaddas ruhga eksa, muqaddas ruhdan mangu hayot o‘rib oladi». (Galat. 6:7, 8) Yahova nafratlanadigan narsalarni olg‘a suradigan o‘yin-kulgilarni rad etish juda muhim! (Zab. 97:10)

15. Quvonishimiz uchun Yahova qanday hadya berdi?

15 Yahovaning ko‘p xizmatchilari JW Internet-televideniyesini, ya’ni Internet kanalimizni tomosha qilishdan zavq oladi. Marilin ismli imondoshimiz shunday dedi: «JW Internet-televideniyesi tufayli ko‘proq quvonch his etyapman va undagi barcha narsani tomosha qilishim mumkin. Chunki hammasi foydali. O‘zimni yolg‘iz va tushkun his etganimda, daldali nutq yoki ertalabki topinishni tomosha qilaman. Shunda o‘zimni Yahovaga hamda Uning tashkilotiga yaqinroq his etaman. JW Internet-televideniyesi hayotimni butunlayin o‘zgartirib yubordi». Siz ham Yahovaning bu hadyasidan foyda olyapsizmi? Har oyning ko‘rsatuvlariga qo‘shimcha ravishda JW Internet-televideniyesida bir qancha audio va video dasturlarini, jumladan, daldali qo‘shiqlarni istagan paytingizda tomosha qilishingiz yoki tinglashingiz mumkin.

16–17. O‘yin-kulgiga qancha vaqt sarflayotganimizni nazorat qilish nega muhim va buni qay yo‘sin amalga oshirsa bo‘ladi?

16 Nafaqat o‘yin-kulgi turini tanlaganimizda, balki unga qancha vaqt sarflashga kelganda ham, diqqatli bo‘lishimiz kerak. Aks holda, Yahovaga xizmat qilish keyinga qolib, o‘yin-kulgiga ko‘proq vaqt sarflashimiz hech gap emas. O‘yin-kulgiga qancha vaqt sarflashni nazorat qilish ko‘pchilikka qiyinchilik tug‘diradi. 18 yoshli imondoshimiz Abigayl shunday dedi: «Televizor tomosha qilish kunning oxirida bir oz dam olishimga yordam beradi. Lekin ehtiyot bo‘lmasam, bunga soatlab vaqtim ketib qolishi mumkin». Yosh birodarimiz Semyuel esa: «Internetda ko‘p videoroliklar tomosha qilishim mumkin. Boshida bitta ko‘raman va ana-mana deguncha uch yo to‘rt soatdan beri ko‘rib o‘tirgan bo‘laman»,— deb aytdi.

17 Xo‘sh, o‘yin-kulgiga qancha vaqt sarflashni qanday nazorat qila olasiz? Birinchi qadam: odatda bunga qancha vaqt ketkazishingizni hisoblang. Masalan, bir haftalik kuzatuvlaringizni yozishingiz mumkin. Televizor tomosha qilishga, Internetda o‘tirishga va elektron qurilmangizda o‘yin o‘ynashga qancha vaqt sarflaganingizni kalendarga yozib qo‘ying. Haddan ortiq ko‘p vaqt sarflayotganingizni payqasangiz, jadval tuzing. Birinchi navbatda muhimroq narsalar, keyin o‘yin-kulgilar uchun vaqt ajrating. So‘ng Yahovaga ibodat qilib, jadvalingizga amal qilishga yordam berishini so‘rang. Shunda shaxsiy tadqiq, oilaviy topinish, jamoat uchrashuvlari hamda va’zgo‘ylik va ta’lim berish ishida qatnashib, Yahovaga xizmat qilish uchun vaqtingiz bo‘ladi. Qolaversa, Yahovani birinchi o‘ringa qo‘yganingiz uchun, o‘yin-kulgidan ko‘proq quvonch topasiz.

YAHOVAGA MUTLAQ SADOQATLI QOLING

18–19. Yahovaga mutlaq sadoqatli ekanimizni qay yo‘sin isbotlay olamiz?

18 Havoriy Butrus bu dunyoning oxiri va yangi dunyo kelishi to‘g‘risida yozgach, quyidagicha ta’kidlagan: «Azizlarim, bularni kutayotib, oqibatda U sizlarni beg‘ubor, benuqson va tinch yashaydigan odamlar deb topishi uchun jon kuydiringlar». (2 Butr. 3:14) Mazkur maslahatga amal qilib, axloqan va ma’nan pok qolish uchun qo‘limizdan kelganini qilsak, Yahovaga mutlaq sadoqatli ekanimizni isbotlaymiz.

19 Shayton va uning dunyosi muhim bo‘lgan narsalarni chetga surishimiz uchun bizni vasvasa qilishdan to‘xtamaydi. (Luqo 4:13) Biroq qanday qiyinchilikka duch kelmaylik, biron narsa yoki biron kim qalbimizda Yahovaning o‘rnini egallashiga yo‘l qo‘ymaymiz. Yahovaga mutlaq sadoqatli bo‘lishni istaymiz, zero faqat U bunga loyiq!

30-QO‘SHIQ Do‘stim, Otam va Rabbim

^ 5- x.b. Tangri Yahovaga xizmat qilishni yaxshi ko‘ramiz. Lekin Unga mutlaq sadoqatlimizmi? Bu savolning javobi chiqarayotgan qarorlarimizda oshkor bo‘ladi. Keling, hayotimizning o‘zgacha ikkita sohasiga diqqat qarataylik. Bu Yahovaga qanchalar sadoqatli ekanimizni aniqlashga ko‘maklashadi.

^ 53- x.b. RASMLARGA SHARHLAR. Iflos oshxonada tayyorlangan ovqatni yeyishni istamaymiz. Shunga o‘xshab, zo‘ravonlik, sehr-jodu yoki axloqsizlik bilan zaharlangan o‘yin-kulgini tomosha qilmagan bo‘lardik.