Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Jozef Ruterford va boshqa birodarlar Yevropaga tashrif buyurishganida

1920. Yuz yil avval

1920. Yuz yil avval

1920-YILDAN boshlab Yahovaning xalqi ularni oldinda kutayotgan ishni bajarish uchun g‘ayratga to‘lgandi. Shu bois, ular 1920-yil uchun Zabur 118:14 dagi «Yah boshpanam va qudratimdir» degan so‘zlarni yillik oyat sifatida tanlagandi.

Yahova bu jonkuyar va’zgo‘ylarga kuch ato etdi. O‘sha yili kitob tarqatuvchilar, ya’ni kashshoflar soni 225 tadan 350 taga yetdi. Qolaversa, 8 000 dan ziyod jamoat ishchisi, ya’ni va’zgo‘y ilk marotaba bosh idoraga va’zgo‘ylik hisobotini topshirdi. Yahova ularga baraka berdi va ular ajoyib natijaga erishdi.

G‘AYRAT KO‘RSATISHNING AJOYIB NAMUNASI

1920-yili 21-mart kuni birodar Jozef Ruterford «Hozirda yashayotgan millionlar aslo o‘lmaydi» nomli nutqni so‘zladi. O‘shanda u Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari orasida boshchilikni o‘z zimmasiga olgandi. Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari qiziqish bildirganlarni bu nutqqa taklif qilish uchun jon kuydirib mehnat qildi. Ular Nyu-York shahridagi eng katta teatrlardan birini ijaraga oldi va taxminan 320 000 ta taklifnoma tarqatdi.

«Hozirda yashayotgan millionlar aslo o‘lmaydi» nomli nutq gazetada e’lon qilingan

Kelganlarning soni Tadqiqotchilar kutganidan ham ziyoda bo‘ldi. 5 000 dan oshiq odam teatr zalini liq to‘ldirdi va 7 000 tasi ortga qaytishiga to‘g‘ri keldi. Bu uchrashuv «Qo‘riqchi minorasi» jurnalida «Xalqaro Muqaddas Kitob Tadqiqotchilarining eng muvaffaqiyatli yig‘ilishlaridan biri» deb atalgandi.

Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari «hozirda yashayotgan millionlar aslo o‘lmaydi» deb va’z qilishgani uchun taniqli bo‘ldi. O‘shanda ular Shohlik haqidagi xabar yanada keng miqyosda e’lon qilinishi kerakligini tushunmagan. Ammo ularning g‘ayrati diqqatga sazovor edi. 1902-yili yig‘ilishlarga qatnay boshlagan Ida Olmsted quyidagicha bo‘lishgandi: «Barcha odamlarni ulkan barakalar kutayotganini bilardik va xizmatda uchratgan insonlar bilan doim bu xushxabarni bo‘lishardik».

ADABIYOTLARIMIZNI O‘ZIMIZ BOSIB CHIQARAMIZ

Ma’naviy ozuqa bilan ta’minlash maqsadida Baytildagi birodarlar ayrim adabiyotlarni o‘zlari bosib chiqara boshladi. Ular uskunalarni sotib olishdi va ularni Baytildan bir necha kvartal narida joylashgan Mirtl-avenyu 35 da (Nyu-York, Bruklin) ijaraga olingan binoda o‘rnatishdi.

Leo Pelle va Valter Kessler 1920-yili yanvardan Baytil xizmatini boshlashdi. Valter quyidagicha bo‘lishgandi: «Kelganimizda, bosmaxona noziri bizga qaradi-da: “Tushlikkacha hali bir yarim soat bor”,— dedi. So‘ng u bizga yerto‘ladan kitoblar uchun karton qutilarni olib chiqishni aytdi».

Keyingi kuni nima bo‘lgani haqida Leo shunday degandi: «Vazifamiz birinchi qavatning devorlarini yuvish edi. Bu men qilgan eng qora ishlardan biri edi. Lekin buni Yahova uchun qilayotgandik. Shuning uchun u arzigulik edi».

«Qo‘riqchi minorasi»ni bosib chiqarish uchun foydalanilgan tekis bosma mashina

Bir necha hafta o‘tar-o‘tmas g‘ayratli ixtiyoriy xizmatchilar «Qo‘riqchi minorasi» jurnalini bosib chiqarishayotgandi. «Qo‘riqchi minorasi»ning 1920-yil 1-fevral sonining olti mingta nusxasi ikkinchi qavatda tekis bosma mashinada bosib chiqarildi. Shu bilan birga birodarlar yerto‘lada tekis bosma mashinani o‘rnatib, uni «Jangovar kema» deb atashdi. 1920-yil 14-apreldan boshlab «Oltin davr» jurnalini bosib chiqarish ham yo‘lga qo‘yildi. Ha, Yahova bu ixtiyoriy xizmatchilarining harakatlariga baraka berdi.

«Buni Yahova uchun qilayotgandik. Shuning uchun u arzigulik edi»

«KELING, TINCHLIKDA YASHAYLIK»

Yahovaning xalqi yana g‘ayrat va yakdillik ila xizmat qilayotgandi. Lekin 1917–1919-yillar oralig‘ida bo‘lgan notinch davrda bir nechta Muqaddas Kitob Tadqiqotchisi tashkilotni tark etdi. Xo‘sh, ularga qay yo‘sin yordam bersa bo‘lardi?

«Qo‘riqchi minorasi»ning 1920-yil 1-aprel sonida «Keling, tinchlikda yashaylik» nomli maqola keltirilgan edi. U yerda sevgi ila quyidagi murojaat yozilgandi: «Xudoning ruhi ta’sir qiladigan barcha... ortda qolganlarni unutishga... yakdillikda yashashga va bir tananing a’zolariday harakat qilishga tayyor ekaniga ishonamiz».

Ko‘plar mehr ila aytilgan bu so‘zlarni qabul qildi. Bir juftlik quyidagicha yozgan edi: «O‘tgan bir yil va undan ham ko‘proq vaqt davomida boshqalar va’z qilib yurganida, biz bunga o‘z hissamizni qo‘shmaganimizni tushunyapmiz... Haqiqatdan boshqa hech qachon uzoqlashib ketmaslikka umid qilamiz». Faoliyatini tiklagan bu va’zgo‘ylarni oldinda ko‘p ishlar kutardi.

«OCHILGAN SIR» KITOBINI TARQATISH

1920-yili 21-iyunda Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari «ZG»ni — «Ochilgan sir» * nomli kitobning yumshoq muqovali nashrini tarqatish kampaniyasini boshladi. Mazkur kitob 1918-yili man qilinganida, uning anchaginasi saqlab qo‘yilgandi.

Nafaqat kitob tarqatuvchilar, balki jamoat ishchilari ham bu ishda qatnashishga taklif qilingan edi. «Qatnashish qo‘lidan kelgan, bag‘ishlangan [suvga cho‘mgan] jamoatdagi barcha buni bajonidil qilishi kerak. Hozirda quyidagi so‘zlar har birimizning shiorimiz bo‘lsin: “Faqat bitta narsani aniq ayta olaman — men “ZG”ni tarqataman”». Edmund Xuperning aytishicha, bu kampaniya tufayli ko‘plar hayotida ilk marotaba uyma-uy xizmatda ishtirok etdi. U quyidagicha qo‘shib qo‘ydi: «Bizni qanday ish kutayotganini to‘liq tushuna boshladik va bu tasavvur qilganimizdan ham ziyoda edi».

YEVROPADA FAOLIYATIMIZNI QAYTA TASHKILLASHTIRISH

Birinchi jahon urushi tufayli boshqa mamlakatlardagi Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari bilan aloqa qilish qiyin edi. Shu bois, birodar Ruterford ularga dalda berishni hamda va’zgo‘ylik faoliyatimizni qayta tashkillashtirishni istadi. 1920-yili 12-avgustda u to‘rtta birodar bilan Buyuk Britaniya, Yevropa qit’asi va Yaqin Sharqqa uzoq safarga chiqdi.

Birodar Jozef Ruterford Misrda

Birodar Ruterford Buyuk Britaniyaga tashrif buyurganida, Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari uchta anjuman va 12 ta yig‘ilishni tashkillashtirishdi. Tashrif buyurganlarning umumiy soni 50 000 taga yetdi. Mazkur tashrif borasida «Qo‘riqchi minorasi» jurnalida quyidagi xulosa keltirilgandi: «Do‘stlarimiz dalda olib, ularning ruhi ko‘tarildi. Ularning sevgisi-yu hamkorligi yanada kuchaydi va ko‘pgina g‘amgin qalblar quvonchga to‘ldi». Birodar Ruterford yana bir bor «Hozirda yashayotgan millionlar aslo o‘lmaydi» nomli mavzuda nutq so‘zladi. Bu safar u uni Parijda aytdi. Ma’ruza boshlanganida zal liq to‘lgandi. Uch yuzta odam qo‘shimcha ma’lumot olmoqchi edi.

Londondagi Royal-Albert-Xollda bo‘lib o‘tgan ma’ruzaning e’loni

Keyingi haftalar mobaynida Ruterford va uning hamkorlari Afina, Qohira hamda Quddusga tashrif buyurishdi. Bu hududlarda paydo bo‘lgan qiziqishni qondirish uchun birodar Ruterford Quddus yaqinidagi Ramalloh shahrida adabiyot saqlanadigan ombor yaratdi. So‘ng Ruterford Yevropaga qaytib, Shveysariyada Markaziy Yevropa filialini va u yerda adabiyotlarimiz bosib chiqarilishini tashkillashtirdi.

ADOLATSIZLIK OSHKOR BO‘LDI

1920-yilning kuzida Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari «Oltin davr» jurnalining 27- sonini chop etishdi. Bu maxsus sonda 1918-yili ular qanday qiyinchiliklarga duch kelishgani ochiqchasiga bayon qilingan edi. Yuqorida tilga olingan «Jangovar kema» tun-u kun ishlab, bu jurnalning to‘rt milliondan oshiq nusxasini bosib chiqardi.

Emma Martinning politsiyadagi rasmi

Mazkur jurnalni o‘qiganlar Emma Martin ismli imondoshimiz bilan yuz bergan o‘zgacha bir voqea haqida bilib olishdi. Emma Martin San-Bernardinoda (Kaliforniya) kitob tarqatuvchi edi. 1918-yili 17-mart kuni u, shuningdek, Xamm, Sonnenburg va Stivens ismli uchta birodar Muqaddas Kitob Tadqiqotchilarining kichik yig‘ilishiga borishgandi.

Bir kishi bu yig‘ilishga Muqaddas Kitobni o‘rganish uchun emas, balki boshqa maqsadda kelgandi. Keyinchalik u shunday deb tan oldi: «Men bu yig‘ilishga prokuraturaning buyrug‘i bilan kelgandim. Maqsadim ashyoviy dalil topish edi». U izlagan narsasini — «Ochilgan sir» kitobining nusxasini topdi. Bir necha kun o‘tgach, imondoshimiz Emma Martin va o‘sha uchta birodar hibsga olindi. Ular man qilingan kitobning nusxalarini tarqatib, «Ayg‘oqchilik akti»ga xilof yo‘l tutishda ayblangandi.

Emma va uchta birodar aybdor, deb topildi hamda ularga uch yillik qamoq jazosi tayinlandi. 1920-yili 17-mayda ularda apellyatsiyaga berish imkoni tugadi va ular jazo muddatini o‘tay boshladi. Lekin ko‘p o‘tmay vaziyat yaxshi tomonga o‘zgardi.

1920-yili 20-iyunda San-Fransiskoda bo‘lib o‘tgan anjumanda birodar Ruterford yuqorida tilga olingan imondoshlarimiz bilan yuz bergan voqeani aytib o‘tdi. Tinglovchilar bu imondoshlarimizga qanday munosabat ko‘rsatilganidan yoqasini ushlab qoldi va Qo‘shma Shtatlarning prezidentiga telegramma yuborishga rozi bo‘ldi. Ular shunday yozishdi: «Missis Martin ayg‘oqchilik to‘g‘risidagi qonunni buzishda nohaq ayblangan... degan fikrdamiz. Federal xodimlar missis Martinni... tuzoqqa ilintirish... so‘ng unga qarshi ish ochib, qamoqqa tashlash maqsadida hokimiyatini suiiste’mol qilganini... shafqatsizlik... deb hisoblaymiz».

Ertasi kuniyoq prezident Vudro Vilson opamiz Emma Martinni va birodarlarimiz Xamm, Sonnenburg va Stivensni oqladi. Ularning nohaq jazosiga nuqta qo‘yildi.

1920-yil o‘z nihoyasiga yetar ekan, Muqaddas Kitob Tadqiqotchilarida quvonish uchun sabab ko‘p edi. Bosh idoramizdagi faoliyat kengayishda davom etdi. Shuningdek, Tadqiqotchilar insoniyat muammolarining yagona yechimi Xudoning Shohligi ekani to‘g‘risida har qachongidan ham ko‘proq va’z qildi. (Mat. 24:14) Keyingi, ya’ni 1921-yil Shohlik to‘g‘risidagi haqiqatni e’lon qilish uchun yanada samarali yil bo‘ldi.

^ 18- x.b. «Ochilgan sir» «Muqaddas Yozuvlarni tadqiq qilish» kitobining yettinchi jildi edi. «ZG» esa uning yumshoq muqovali nashri bo‘lib, «Qo‘riqchi minorasi»ning 1918-yil 1-mart soni sifatida bosib chiqarilgan edi. «Z» «Sion qo‘riqchi minorasi»ni, «G» esa ingliz tili alifbosining yettinchi harfi bo‘lib, kitobning yettinchi jildini bildirgan.