Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

42-TADQIQ MAQOLASI

Tadqiq o‘tayotganlarga suvga cho‘mishga qay yo‘sin yordam bera olasiz? (2-qism)

Tadqiq o‘tayotganlarga suvga cho‘mishga qay yo‘sin yordam bera olasiz? (2-qism)

O‘zingga va qanday ta’lim berayotganingga hamisha diqqatli bo‘l. 1 TIM. 4:16

77-QO‘SHIQ Zulmat aro yarqirayotgan nur

BU MAQOLADA *

1. Shogird tayyorlash najotbaxsh ish ekanini qayerdan bilamiz?

SHOGIRD tayyorlash najotbaxsh ishdir! Buni qayerdan bilamiz? Matto 28:19, 20 da Iso quyidagicha amr bergan: «Boringlar,.. shogird tayyorlanglar. Ularni... suvga cho‘mdiringlar». Suvga cho‘mish qay darajada muhim? Bu najotga erishishni xohlaganlar uchun talabdir. Suvga cho‘mmoqchi bo‘lgan kishi abadiy hayotga faqatgina Iso biz uchun o‘lib, tirilgani tufayli erisha olishi mumkinligiga ishonishi lozim. Shu bois, havoriy Butrus imondoshlariga: «Suvga cho‘mish... sizlarni Iso Masihning tirilishi orqali qutqaradi»,— deb aytgan. (1 Butr. 3:21) Ha, yangi shogird suvga cho‘mganida, abadiy yashash umidiga ega bo‘ladi.

2. Timo‘tiyga ikkinchi maktub 4:1, 2 ga ko‘ra, va’zgo‘y sifatida bizdan nima talab qilinadi?

2 Shogird tayyorlash uchun ta’lim berish mahoratimizni oshirishimiz lozim. (2 Timo‘tiyga 4:1, 2 ni o‘qing.) Nega deganda, Iso bizga shunday amr bergan: «Boringlar,.. shogird tayyorlanglar... ularga o‘rgatinglar». Havoriy Pavlus esa quyidagicha degan: «Bunday yo‘l tutaversang, ham o‘zingni, ham seni tinglayotganlarni qutqarasan». Shu sababdan u: «O‘zingga va qanday ta’lim berayotganingga hamisha diqqatli bo‘l»,— deb aytgan. (1 Tim. 4:16) Qolaversa, ta’lim berish shogird tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lgani bois, ta’limimiz eng a’losi bo‘lishini istaymiz.

3. Ushbu maqolada Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkazish borasida nimalarni ko‘rib chiqamiz?

3 Dunyo bo‘ylab millionlab odamlar bilan tadqiq o‘tyapmiz. O‘tgan maqolada qay yo‘sin tadqiq o‘tayotganlarning iloji boricha ko‘prog‘iga Masihning suvga cho‘mgan shogirdlari bo‘lishga ko‘maklashishimiz mumkinligi haqida aytib o‘tilgandi. Ushbu maqolada esa yana qaysi beshta yo‘l orqali tadqiq o‘tayotganlarga ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishlariga ko‘maklasha olishimizni ko‘rib chiqamiz.

MUQADDAS KITOB ASOSIDA TA’LIM BERING

Muqaddas Kitob asosida ta’lim berish mahoratini oshirish uchun tajribali va’zgo‘ydan yordam so‘rang (4–6-xatboshilariga qarang.) *

4. Nega ta’lim beruvchi tadqiq paytida o‘zini tuta bilishi darkor? (Izohga ham qarang.)

4 Xudoning Kalomidan ta’lim berishni yaxshi ko‘ramiz. Shuning uchun bizga yoqadigan narsalar borasida uzoq gapirish vasvasasiga berilishimiz mumkin. «Qo‘riqchi minorasi» tadqiqini, jamoat bilan Muqaddas Kitob tadqiqini yoki Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazadigan kishi haddan oshiq ko‘p gapirmasligi darkor. Muqaddas Kitob asosida ta’lim berish uchun ta’lim beruvchi o‘zini tuta bilishi hamda muayyan oyat yoki mavzu borasidagi barcha bilganlarini tushuntirib bermasligi lozim *. (Yuhan. 16:12) Suvga cho‘mgan paytingizdagi bilimlar bilan hozir ega bo‘lgan bilimlaringizni taqqoslang. Ehtimol, o‘shanda boshlang‘ich ta’limotlarnigina tushungandirsiz. (Ibron. 6:1) Hozirda bilib olganlaringizni o‘rganish uchun sizga yillar kerak bo‘lgan. Shu tufayli endigina tadqiqni boshlagan kishiga barcha narsani birdan o‘rgatishga harakat qilmang.

5. a) 1 Salonikaliklarga 2:13 ga ko‘ra, tadqiq o‘tayotgan kishi nimani tushunib olishini istaymiz? b) Qay yo‘sin tadqiq o‘tayotgan kishini bilib olayotganlari to‘g‘risida aytib berishga undashimiz mumkin?

5 Tadqiq o‘tayotgan kishi olayotgan bilimlari ilohiy ilhom ostida yozilgan Xudoning Kalomidan ekanini tushunishini istaymiz. (1 Salonikaliklarga 2:13 ni o‘qing.) Bunga qanday erishishimiz mumkin? Tadqiq o‘tayotgan kishini bilib olayotganlari to‘g‘risida aytib berishga undang. Doimo oyatlarni tushuntirishning o‘rniga, undan ba’zi oyatlarni sizga tushuntirib berishini so‘rang. Xudoning Kalomidagi so‘zlar shaxsan unga qanday tegishli ekanini tushunishiga ko‘maklashing. O‘qiyotgan oyatlari borasida qanday fikrda ekanini va unga qanday ta’sir qilganini tushunish uchun unga savollar bering. (Luqo 10:25–28) Masalan, undan shunday deb so‘rang: «Bu oyat sizga Yahovaning qaysi fazilatini ochib berdi? Muqaddas Kitobdagi bu haqiqatdan qanday foyda olishingiz mumkin? Hozir bilib olganlaringiz borasida qanday fikrdasiz?» (Hik. 20:5) Eng muhimi tadqiq o‘tayotgan kishi qancha ko‘p narsani bilishi emas, balki o‘rganganlarini qanchalik sevishi hamda ularga amal qilishidir.

6. Tadqiqqa tajribali va’zgo‘ylarni taklif qilish qanday samaralar keltirishi mumkin?

6 Tadqiq o‘tkazish uchun ta’lim berishda tajribali va’zgo‘ylarni taklif etasizmi? Agar taklif qilsangiz, ulardan tadqiqni qanday o‘tkazganingizni hamda Muqaddas Kitobdan qanday foydalanganingizni so‘rashingiz mumkin. Ta’lim berish mahoratingizni oshirishni istasangiz, kamtar bo‘ling. (Havoriylar 18:24–26 ni solishtiring.) Keyin tajribali va’zgo‘ydan tadqiq o‘tayotgan kishi o‘rganayotganini qanchalik tushunayotganini so‘rang. Shuningdek, bir yoki bir necha haftaga boshqa yerga borsangiz, ushbu va’zgo‘ydan tadqiq o‘tkazib turishini so‘rang. Shunda tadqiq muntazam o‘tkazib turiladi va tadqiq o‘tayotgan kishiga tadqiqning muhim ekanini ko‘rsatasiz. Aslo bu «mening tadqiqim» va «buni mendan boshqa hech kim o‘tkazmasligi kerak», deb o‘ylamang. Axir siz u uchun eng yaxshisini, ya’ni tadqiq o‘tayotgan kishi haqiqat to‘g‘risida ko‘proq bilim olishda davom etishini xohlaysiz-ku.

JO‘SHQINLIK VA ISHONCH BILAN TA’LIM BERING

Tadqiq o‘tayotgan kishiga qay yo‘sin Muqaddas Kitob prinsiplarini amalda qo‘llash mumkinligini tushuntirish uchun hayotiy misollar bilan bo‘lishing (7–9-xatboshilariga qarang.) *

7. Tadqiq o‘tayotgan kishiga o‘rganayotgan narsalari qanday qilib zavq keltirishi mumkin?

7 Tadqiq o‘tayotgan kishi jo‘shqinligingizni hamda Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarga bo‘lgan ishonchingizni ko‘rishi lozim. (1 Salon. 1:5) Shunda, hoynahoy, o‘rganayotgan narsalari unga zavq keltiradi. O‘rinli bo‘lsa, Muqaddas Kitob prinsiplari shaxsan sizga qanday yordam bergani haqida u bilan bo‘lishing. Natijada u yerdagi amaliy maslahatlar u uchun ham foydali ekanini tushunib yetadi.

8. Tadqiq o‘tayotgan kishiga yana qanday yordam berishingiz mumkin va nega bunday qilmoqchisiz?

8 Tadqiq paytida o‘rganayotgan kishinikiga o‘xshash qiyinchiliklarga duch kelgan hamda ularni yengib o‘tgan imondoshlarning hayotiy misollarini aytib bering. Jamoatingizdan biron-bir imondoshingizning hayotiy misoli o‘rganayotgan kishiga foydali bo‘ladi, deb hisoblasangiz uni tadqiqqa taklif eting. Yo bo‘lmasa jw.org saytidagi «Muqaddas Kitob hayotni o‘zgartiradi» * nomli turkumdan daldali misollarni topishingiz mumkin. Bu kabi maqolalar va videolar tadqiq o‘tayotgan kishiga Muqaddas Kitob prinsiplarini hayotida qo‘llash oqilona ekanini tushunishga ko‘maklashadi.

9. Qay yo‘sin tadqiq o‘tayotgan kishini bilib olayotganlarini oilasi va do‘stlari bilan bo‘lishishga unday olasiz?

9 Tadqiq o‘tayotgan kishi oila qurgan bo‘lsa, turmush o‘rtog‘i ham tadqiq o‘tyaptimi? O‘tmayotgan bo‘lsa, uni ham taklif qiling. Tadqiq o‘tayotgan kishini bilib olayotganlarini oilasi va do‘stlari bilan bo‘lishishga undang. (Yuhan. 1:40–45) Qanday qilib? Quyidagicha so‘rasangiz bo‘ladi: «Bu fikrni oila a’zolaringizga qanday tushuntirib berardingiz? Yoki do‘stingizga buni tasdiqlash uchun qaysi oyatdan foydalanardingiz?» Shunday yo‘l tutib, tadqiq o‘tayotgan kishini va’zgo‘ylikka tayyorlab borasiz. Talablarga mos kelganida esa u suvga cho‘mmagan va’zgo‘y sifatida xizmat qilishni boshlay oladi. Undan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tishni istaydigan kishini bilish-bilmasligi haqida so‘rashingiz mumkin. Bunday tanishi borligini aytsa, u bilan shu ondayoq bog‘lanib tadqiq o‘tishni taklif qiling. Unga «Muqaddas Kitob tadqiqi qanday o‘tkaziladi?» * nomli videoni ko‘rsating.

TADQIQ O‘TAYOTGAN KISHINI JAMOATDAN DO‘ST ORTTIRISHGA UNDANG

Tadqiq o‘tayotgan kishini jamoatdan do‘st orttirishga undang (10-, 11-xatboshilariga qarang.) *

10. Salonikaliklarga birinchi maktub 2:7, 8 ga binoan, tadqiq o‘tkazuvchilar Pavlusning misoliga qay yo‘sin taqlid qila oladi?

10 Tadqiq o‘tkazuvchilar Kalomni o‘rganayotganlarga samimiylik ila shaxsiy qiziqish ko‘rsatishlari kerak. Shuningdek, ularni bo‘lg‘usi birodar-u opa-singillar sifatida ko‘ring. (1 Salonikaliklarga 2:7, 8 ni o‘qing.) Dunyodagi do‘stlari bilan aloqani uzish hamda Yahovaga xizmat qilish uchun kerakli barcha o‘zgarishlarni qilish ular uchun oson emas. Ularga jamoatdan chin do‘stlarni topishga ko‘maklashishimiz lozim. Nafaqat tadqiq paytida, balki boshqa paytlarda ham tadqiq o‘tayotgan kishi bilan birga vaqt o‘tkazib do‘stlikni namoyon eting. Tashriflar orasida qisqa vaqtga xabar olib yoki qo‘ng‘iroq qilib, SMS jo‘natib unga chindan ham g‘amxo‘rlik qilayotganingizni ko‘rsatasiz.

11. Tadqiq o‘tayotganlar jamoatdan kimlarni topishlarini istaymiz va nega?

11 Xalq orasida quyidagicha maqol bor: «Bitta bolaga yettita mahalla ota-ona». Biz esa: «Bitta tadqiq o‘tuvchiga butun jamoat ota-ona»,— desak bo‘ladi. Shunday ekan, tadqiq o‘tkazishda samarali bo‘lganlar Kalomni o‘rganayotganlarni jamoatda ularga yaxshi ta’sir qiladigan imondoshlar bilan tanishtiradi. Shunda ular ham ma’nan, ham hissan qo‘llab-quvvatlaydigan Xudoning xalqi bilan muloqot qilishdan zavq olishadi. Biz tadqiq o‘tayotganlarning har biri ma’naviy oilamizning hamda jamoatning bir qismi ekanini his etishlarini istaymiz. Tadqiq o‘tuvchi sevuvchi birodar-u opa-singillarimizdan iborat oilamizga yaqin bo‘lishini xohlaymiz. Bu tufayli Yahovani sevishga yordam bera olmaydigan odamlar bilan yaqin munosabatlarni uzish u uchun osonroq kechadi. (Hik. 13:20) Tadqiq o‘tayotgan kishining yaqinlari u bilan boshqa muloqot qilmay qo‘ysa, u Yahovaning tashkilotidan chin do‘stlarni topa olishini biladi. (Mark 10:29, 30; 1 Butr. 4:4)

BAG‘ISHLANISH VA SUVGA CHO‘MISH MAQSADLARIGA E’TIBOR QARATING

Tadqiq o‘tayotgan samimiy kishi suvga cho‘mish maqsadiga erisha oladi! (12-, 13-xatboshilariga qarang.)

12. Nima uchun tadqiq o‘tayotgan kishi bilan bag‘ishlanish va suvga cho‘mish haqida gaplashib turishimiz lozim?

12 Kishi hayotini Yahovaga bag‘ishlashi va suvga cho‘mishi qanchalik muhim ekani haqida tadqiq o‘tayotgan kishiga tez-tez aytib turing. Tadqiq o‘tkazishimizdan maqsad kishiga Yahovaga xizmat qilib, suvga cho‘mishiga ko‘maklashishdir. Bir necha oy davomida muntazam tadqiq o‘tgach, ayniqsa, jamoat uchrashuvlariga qatnashishni boshlagandan keyin, Kalomni o‘rganayotgan kishi tadqiq o‘tkazayotganimizdan maqsad Yahovaning Shohidi bo‘lib, Unga xizmat qilishiga yordamlashish ekanini tushunishi lozim.

13. Tadqiq o‘tayotgan kishi ma’nan o‘sib, suvga cho‘mish uchun qanday qadamlar qo‘yishi lozim?

13 Tadqiq o‘tayotgan samimiy kishi suvga cho‘mish maqsadiga quyidagi qadamlarni qo‘yish orqali erisha oladi. Avvalo, Yahovani tanib-bilishi, Uni sevishi hamda ishonishi kerak. (Yuhan. 3:16; 17:3) Shunda u Yahova hamda birodar-u opa-singillar bilan do‘stlashadi. (Ibron. 10:24, 25; Yoqb. 4:8) Va nihoyat tadqiq o‘tayotgan kishi yomon ishlaridan voz kechib, gunohlaridan tavba qiladi. (Havor. 3:19) Bu orada uning imoni haqiqatni boshqalar bilan bo‘lishishga undaydi. (2 Kor. 4:13) So‘ng u o‘zini Yahovaga bag‘ishlab, buning ramzi sifatida suvga cho‘madi. (1 Butr. 3:21; 4:2) Bu barcha uchun juda quvonarli kun bo‘ladi! Tadqiq o‘tayotgan kishi bu maqsad sari qadam qo‘yar ekan, samimiy maqtovlarni kanda qilmang hamda bunday yo‘l tutishda davom etishiga undang.

KALOMNI O‘RGANAYOTGAN KISHI MA’NAN O‘SAYOTGANINI VAQTI-VAQTI BILAN BAHOLAB TURING

14. Qay yo‘sin tadqiq o‘tkazuvchi Kalomni o‘rganayotgan kishining ma’nan o‘sayotganini baholay oladi?

14 Tadqiq o‘tayotgan kishiga ma’nan o‘sib, o‘zini Xudoga bag‘ishlashiga va suvga cho‘mishiga yordam berar ekanmiz, sabr-toqatli bo‘lishimiz kerak. Ammo shu bilan birga Tangri Yahovaga xizmat qilish istagi bor-yo‘qligini aniqlashimiz lozim. Tadqiq o‘tayotgan kishi Isoning amrlariga bo‘ysunishga harakat qilayotganini ko‘rsatuvchi belgilarni ko‘ryapsizmi? Yoki u Muqaddas Kitobdagi qiziq narsalarnigina o‘rganishni istaydimi?

15. Tadqiq o‘tayotgan kishi suvga cho‘mishga tayyor ekani nimalardan ko‘rinadi?

15 Tadqiq o‘tayotgan kishi ma’nan o‘sayotganini muntazam tahlil qiling. Masalan, u his-tuyg‘ularini Yahova bilan bo‘lishyaptimi? Unga ibodat qilyaptimi? (Zab. 116:1, 2) Muqaddas Kitobni o‘qish unga yoqadimi? (Zab. 119:97) Yig‘ilishlarga muntazam qatnayaptimi? (Zab. 22:22) Hayotida qilayotgan o‘zgarishlardan u o‘rganayotgan narsalarini amalda qo‘llayotgani ko‘rinyaptimi? (Zab. 119:112) Bilib olayotganlarini oilasi va do‘stlari bilan bo‘lishishni boshladimi? (Zab. 9:1) Eng muhimi u Yahovaning Shohidi bo‘lishni xohlaydimi? (Zab. 40:8) Agar tadqiq o‘tayotgan kishi bu qadamlarning hech birini qo‘ymagan bo‘lsa, xushmuomalalik ila sababini aniqlagach, bu borada u bilan mehr ila, ammo ochiqchasiga gaplashib oling *.

16. Tadqiqni qachon to‘xtatsa bo‘ladi?

16 Vaqti-vaqti bilan tadqiqni davom ettirishim kerakmi, deb o‘zingizga quyidagi savollarni bering: «Kalomni o‘rganayotgan kishi tadqiqqa tayyorgarlik ko‘ryaptimi? Yig‘ilishlarga borishni istaydimi? Yomon odatlaridan qutuldimi? U soxta dindan voz kechdimi?» Ushbu savollarga javob «yo‘q» bo‘lsa, u bilan tadqiqni davom ettirish suvga tushishni istamaydigan kishiga suzish mashqlarini o‘rgatish bilan barobardir. Tadqiq o‘tayotgan kishi bilib olayotganlarini umuman qadrlamasa hamda o‘zgarishlar qilishni xohlamasa, bunday tadqiqni davom ettirish o‘rinli bo‘larmidi?

17. Timo‘tiyga birinchi maktub 4:16 ga ko‘ra, barcha tadqiq o‘tkazuvchilar nima qilishlari darkor?

17 Shogird tayyorlash mas’uliyatiga jiddiy qaraymiz hamda tadqiq o‘tayotgan kishilar ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishlariga ko‘maklashishni istaymiz. Shu bois, jo‘shqinlik hamda ishonch bilan Muqaddas Kitobga asoslanib ta’lim beramiz. Tadqiq o‘tayotganlarni jamoatdan do‘st orttirishga undaymiz. Shuningdek, bag‘ishlanish hamda suvga cho‘mish maqsadiga urg‘u berib, vaqti-vaqti bilan tadqiq o‘tayotgan kishining ma’naviyligini baholab turamiz. (« Tadqiq o‘tayotganlarga suvga cho‘mishga qanday yordam bera olasiz?» nomli 13-sahifadagi ramkaga qarang.) Najot baxsh etadigan ishda qatnasha olayotganimizdan baxtiyormiz! Keling, Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotganlarga ma’nan o‘sib, suvga cho‘mishlariga yordam berish uchun jon kuydirishda davom etaylik.

79-QO‘SHIQ Pok qalbga sobit qolishni o‘rgataylik

^ 5- x.b. Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazish Yahovadan o‘zgacha hadyadir. Chunki odamlarga Yahova istaganday fikr yuritishga, his etishga yo bo‘lmasam harakat qilishga ko‘maklasha olamiz. Mazkur maqolada qay yo‘sin ta’lim berish mahoratimizni oshirish mumkinligini chuqurroq ko‘rib chiqamiz.

^ 4- x.b. «Hayot tarzimiz va xizmatimiz» 2016-yil sentabr sonidagi «Muqaddas Kitob tadqiqi paytida bu tuzoqlardan qoching» nomli maqolaga qarang.

^ 8- x.b. BIZ HAQIMIZDA > HIKOYALAR sarlavhasiga qarang.

^ 9- x.b. jw.org saytidagi KUTUBXONA > VIDEOLAR > YIG‘ILISHLARIMIZ VA XIZMATIMIZ > XIZMAT UCHUN MO‘LJALLANGAN VIDEOLAR sarlavhasi ostiga qarang.

^ 15- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2020-yil mart sonidagi «Yahovaga bo‘lgan sevgi va minnatdorchilik sizni suvga cho‘mishga undaydi» va «Siz suvga cho‘mishga tayyormisiz?» nomli maqolalarga qarang.

^ 77- x.b. RASMGA SHARH. Tadqiqdan keyin tajribali opamiz tadqiq o‘tkazuvchiga qanday qilib tadqiq paytida haddan ortiq ko‘p gapirmaslik kerakligini tushuntiryapti.

^ 79- x.b. RASMGA SHARH. Tadqiq paytida qiziquvchi qay yo‘sin yaxshi xotin bo‘lish mumkinligini o‘rganyapti. Biroz vaqtdan keyin o‘rganganlarini eri bilan bo‘lishyapti.

^ 81- x.b. RASMGA SHARH. Qiziquvchi va eri Yig‘ilish zalida imondoshlar bilan tanishishdi. Ulardan birining uyida miriqib suhbatlashishyapti.