Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1921. Yuz yil avval

1921. Yuz yil avval

«QO‘RIQCHI MINORASI»NING 1921-yil 1-yanvar sonida Muqaddas Kitob Tadqiqotchilariga shunday savol berilgan edi: «Bu yili bizni qaysi eng muhim ish kutyapti?» Javob tariqasida Ishayo 61:1, 2 dagi quyidagi so‘zlar keltirilgan edi: «Yahova kamtarlarga xushxabarni e’lon etish uchun meni moyladi. Yahovaning iltifot yili, Tangrimizning qasos kuni haqida xabarlash... uchun jo‘natdi». Demak, Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari xushxabarni va’z qilishi kerak edi.

JASORATLI VA’ZGO‘YLAR

Topshirilgan va’zgo‘ylik ishini bajarish uchun Muqaddas Kitob Tadqiqotchilaridan jasoratli bo‘lish kutilardi. Ular «kamtarlarga xushxabar», yovuzlarga esa «qasos kuni haqida» e’lon etishi kerak edi.

Kanadada yashagan birodar Hoskin qarshiliklarga qaramay, jasorat ila va’z qilgan. 1921-yili bahorda u metodistlar cherkovining ruhoniysiga duch keldi. Birodarimiz suhbatni quyidagi so‘zlar bilan boshladi: «Siz bilan Muqaddas Yozuvlar asosida suhbat qursak, nima deysiz? Agar fikrimiz qovushmasa, suhbatimizni tinch va do‘stona ruhda yakunlasak bo‘ladi». Lekin bu yuz bermadi. «Atigi bir necha daqiqa o‘tgach ruhoniy eshigini shunchalik qarsillatib yopdiki, uning katta oynalari sinib ketsa kerak, deb o‘yladim»,— dedi birodar Hoskin.

Ruhoniy uyiga kirayotganida: «Borib Muqaddas Kitobni bilmaydiganlar bilan gaplash»,— deb baqirdi. Birodar Hoskin indamay ketdi va ichida: «Hozirgina shunday odam bilan gaplashdim shekilli!» — dedi.

Ertasiga o‘sha ruhoniy ma’ruza so‘zlayotganda birodar Hoskin haqida bo‘lmag‘ur gaplarni aytdi. «U xaloyiqni menga qarshi qayrab, meni uchiga chiqqan yolg‘onchi deb aybladi va otib o‘ldirilishim kerakligini aytdi»,— deb esladi birodar Hoskin. Lekin bu uni to‘xtatmadi. U va’z qilishda davom etdi. Bu zo‘r samara keltirdi. Birodar Hoskin shunday deb bo‘lishdi: «U yerda xizmat qilish jon-u dilim edi. Ba’zilar hatto: “Siz Xudoning odamisiz”,— derdi va ular menga yordam berishga tayyor edi».

SHAXSIY VA OILAVIY TADQIQ

Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari qiziquvchilarga yordam berish uchun «Oltin davr» * jurnalida Muqaddas Kitobni o‘rganishga ko‘maklashuvchi dasturlar chop eta boshladi. Masalan, yoshlar uchun Muqaddas Kitob dasturidan ota-onalar undagi savollarni farzandlari bilan birga muhokama qilishi mumkin edi. Ota-onalar undagi savollarni farzandlariga berishi va javobini Muqaddas Kitobdan topishlariga ko‘maklashishi kutilardi. Dasturdagi «Muqaddas Kitob nechta kitobdan iborat?» kabi savollar orqali boshlang‘ich bilimlarga ega bo‘lish mumkin edi. Shuningdek, u yerda yoshlarga va’zgo‘ylikda jasoratli bo‘lishiga ko‘maklashish uchun «Masihning barcha chinakam izdoshlari quvg‘unlarga duchor bo‘ladimi?» kabi savollar o‘rin olgan edi.

Bundan tashqari, Muqaddas Kitob borasida ko‘proq bilimga ega bo‘lganlarga yordam berish uchun Kalom asosidagi savollar va javoblar keltirilgandi. Savollarning javoblarini «Muqaddas Yozuvlarni tadqiq qilish» kitobining birinchi jildidan topish mumkin edi. Bu dasturlar minglab o‘quvchilarga foyda keltirdi. Lekin «Oltin davr» jurnalining 1921-yil 21-dekabr sonida mazkur ikkala dastur chop etilmasligi e’lon qilindi. Xo‘sh, nega to‘satdan bunday o‘zgarish yuz berdi.

YANGI KITOB

«Ilohiy arfa» kitobi

O‘qish vazifasi keltirilgan kartochka

Savollar keltirilgan kartochkalar

Mas’uliyatli birodarlar Kalomni endi tadqiq qilishni boshlaganlar Muqaddas Kitob haqiqatlarini bir boshdan o‘rganishlari kerakligini tushundi. Shu bois, 1921-yil noyabr oyida «Ilohiy arfa» nomli kitob chop etildi. Bu kitobni olgan qiziquvchilar «Ilohiy arfa yordamida Muqaddas Kitobni o‘rganish dasturi» orqali Kalomni o‘zlari tadqiq qila olardi. Bu ularga «Xudoning insonlarga nisbatan niyatini» bilib olishga ko‘maklashgan. Bu dastur qanday o‘tkazilgan?

O‘sha kitobni olgan kishiga qaysi sahifalarni o‘qish kerakligi belgilangan kichik kartochka ham berilardi. Kelasi hafta esa o‘qilgan o‘sha sahifalarga asoslangan bir nechta savollar keltirilgan kartochka yuborilardi. Uning oxirida keyingi hafta uchun mo‘ljallangan boshqa sahifalar raqami keltirilardi.

Mahalliy sinf yoki jamoatdagilar qiziquvchilarga har hafta yangi kartochkalarni xat orqali jo‘natib turishardi. Bu o‘n ikki hafta davom etardi. Ko‘pincha bunday kartochkalarni jamoatdagi yoshi katta yoki imkoniyati chegaralangan imondoshlarimiz yuborishardi. Misol uchun, Milveyldan (Pensilvaniya, AQSH) bo‘lgan Anna Gardner opamiz shunday esladi: «“Ilohiy arfa” kitobi chiqishni boshlaganda nogiron opam Tayle ko‘proq xizmat qila oldi. U har hafta qiziquvchilarga savollar yozilgan kartochkalarni jo‘natardi». Tadqiq dasturi yakuniga yetgach, va’zgo‘ylar qiziquvchinikiga shaxsan tashrif buyurardi.

Tayle Gardner nogironlar aravachasida

OLDINDA QILINADIGAN ISH

O‘sha yili Ruterford birodarimiz barcha jamoatlarga xat yubordi. U xatida Shohlik haqidagi xushxabar bu yili har qachongidan ham ko‘proq va samaraliroq va’z qilinganini yozdi. So‘ng u: «Hali oldinda bizni ancha ish kutib turibdi. Boshqalarni ham bu najotbaxsh ishda qatnashishga undaylik»,— dedi. Albattaki, Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari bu maslahatga quloq soldi. Sababi 1922-yili ular xushxabarni jasorat ila o‘zgacha tarzda e’lon qildi.

^ 9- x.b. «Oltin davr» jurnali 1937-yili «Tasalli», 1946-yili esa «Uyg‘oning!» deb atala boshladi.