Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

40-TADQIQ MAQOLASI

Chin dildan tavba qilish nima degani?

Chin dildan tavba qilish nima degani?

Gunohkorlarni tavba qilishga da’vat etgani kelganman. LUQO 5:32

36-QO‘SHIQ Qalbingizni asrang

BU MAQOLADA *

1, 2. Ikkita shohning qanday farqli tomoni bor va qaysi savollarni ko‘rib chiqamiz?

KELING, o‘tmishda yashagan ikkita shohning misoliga diqqat qarataylik. Biri o‘n qabilali Isroil shohligida, boshqasi esa ikki qabilali Yahudo shohligida boshqargan. Ular har xil davrda yashagan bo‘lsa ham, o‘zaro o‘xshash ko‘p tomonlari bor edi. Ikkovi ham Yahovaga qarshi isyon ko‘targan va Uning xalqini yo‘ldan ozdirgan. Ikkalasi ham butparast va qotil edi. Lekin farqli tomonlari ham bor edi. Biri o‘limiga qadar yovuzliklar qilgan, boshqasi esa tavba qilgan va dahshatli qilmishlariga qaramay, kechirilgan. Qiziq, ular kim edi?

2 Biri Isroil shohi Axab, ikkinchisi Yahudo shohi Manashe edi. Ushbu ikkita kishining farqli tomonidan juda muhim mavzu — tavba qilish borasida ko‘p narsani bilib olishimiz mumkin. (Havor. 17:30; Rim. 3:23) Tavba qilish nima degani va u qanday namoyon bo‘ladi? Buni bilishimiz kerak. Sababi gunoh qilganimizda, Yahova bizni kechirishini xohlaymiz. Mazkur savollarga javob topish uchun bu ikkita shohning hayotini ko‘rib chiqamiz va ularning misolidan qanday saboq olishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz. So‘ng Iso tavba qilish borasida nimani o‘rgatganiga e’tibor beramiz.

SHOH AXABNING MISOLIDAN QANDAY SABOQ OLISHIMIZ MUMKIN?

3. Axab qanday shoh bo‘lgan?

3 Axab o‘n qabilali Isroil shohligining yettinchi shohi edi. U shimoldagi boy-badavlat Sido‘n shohining qizi Izabelga uylangandi. Bu Isroil yurtiga moddiy tomonlama ko‘p foyda keltirgandir. Lekin Isroil xalqi Yahovaga qarshi ancha gunohlar qilishiga ham sabab bo‘lgandi. Izabel Baalga sig‘ingan va Axabni ham soxta topinishga og‘dirgan. Ular hatto bolalarni qurbonlikka keltirishni va ibodatxonada fohishalik qilishni ma’qullagan. Izabel malikalik qilgan davrda Yahovaning hamma payg‘ambarlari xavf ostida edi. Izabel ularning aksariyatini o‘ldirgan. (3 Shoh. 18:13) Axabning «Yahova nazarida qilgan yovuzligi undan oldingi barcha shohlarnikidan oshib tushdi». (3 Shoh. 16:30) Axab bilan Izabelning qilmishlari Yahovaning nazaridan chetda qolmagan edi. U barcha ishlaridan to‘liq xabardor edi. Ammo Yahova rahm-shafqat ko‘rsatib, kech bo‘lmasidan ularni va xalqini yomon yo‘ldan qaytarish niyatida Ilyos payg‘ambarni yubordi. Ming afsuski, Axab va Izabel unga quloq solishni istamadi.

4. Axabga qarshi qanday hukm aytildi va u bunga qanday munosabat ko‘rsatdi?

4 Oxiri Yahovaning sabr kosasi to‘ldi. U Axab va Izabelga qarshi hukmini e’lon qilishga Ilyosni jo‘natdi. Ilyos ularga butun xonadonidagilari yo‘q qilinishini aytdi. Uning so‘zlari Axabga qattiq botdi. Qizig‘i shundaki, bu mag‘rur inson «o‘zini past tutdi». (3 Shoh. 21:19–29)

Shoh Axab chin dildan tavba qilmagani uchun Xudoning payg‘ambarini zindonga tashladi (5-, 6-xatboshilariga qarang.) *

5, 6. Axab chin dildan tavba qilmaganini qayerdan bilamiz?

5 Axab o‘shanda o‘zini past tutgan bo‘lsa ham, keyinchalik qilgan ishlaridan u chin dildan tavba qilmaganini ko‘rish mumkin. U o‘z shohligidan Baalga sig‘inishni yo‘q qilmadi. Yahovaga topinishni ham olg‘a surmadi. Axab qilgan boshqa ishlari u rostdan ham tavba qilmaganini ko‘rsatdi.

6 Keyinroq Axab Yahudoning yaxshi shohi Yohushafatdan suriyaliklarga qarshi jang qilishga qo‘shilishini so‘radi. Yohushafat unga avval Yahovaning payg‘ambari bilan maslahatlashish kerakligini aytdi. Boshida Axab bu fikrni rad etib, shunday dedi: «Yahovaga murojaat qilsa bo‘ladigan yana bir payg‘ambar bor. U Yimlo o‘g‘li Mixiyo. Biroq men uni yomon ko‘raman. Chunki u men haqimda yaxshi emas, nuqul yomon bashorat aytadi». Shunga qaramay, ular Mixiyo payg‘ambar bilan maslahatlashdi. Axab haq edi. Xudoning payg‘ambari u haqda yomon bashorat aytdi. Lekin yovuz Axab Yahovadan kechirim so‘rab, tavba qilishning o‘rniga payg‘ambarni zindonga tashladi. (3 Shoh. 22:7–9, 23, 27) Axab Yahovaning payg‘ambarini zindonga qamagan bo‘lsa ham, bashorat amalga oshishiga to‘sqinlik qila olmadi. Axabni jangda o‘ldirishdi. (3 Shoh. 22:34–38)

7. Yahova Axabning o‘limidan keyin u haqda nimani ayon qildi?

7 Axabning o‘limidan so‘ng Yahova u haqda qanday fikrda ekanini ayon qildi. Yaxshi shoh Yohushafat uyiga sog‘-omon qaytgach, Yahova uning yoniga Yohu payg‘ambarni yubordi. Bu payg‘ambar u Axabga yordam bergani uchun unga tanbeh berib, shunday dedi: «Yovuzlarga yordam berib, Yahovadan nafratlanadigan kishilarni yaxshi ko‘rishingiz to‘g‘rimi?» (2 Sol. 19:1, 2) Endi bir o‘ylab ko‘ring. Axab rostdan ham tavba qilgan bo‘lsa, payg‘ambar uni Yahovadan nafratlanadigan yovuz kishi degan bo‘larmidi? To‘g‘ri, Axab muayyan darajada tavba qildi, ammo to‘liq emas.

8. Axab tavba qilganidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

8 Axabning misolidan nimani o‘rganishimiz mumkin? Ilyos payg‘ambar Axabga uning oilasi jar yoqasida ekanini aytganida avvaliga u o‘zini past tutdi. Boshlanishi yomon emas edi. Lekin keyingi xatti-harakatlari u chin dildan tavba qilmaganini ko‘rsatdi. Shunday ekan, tavba qilish uchun shunchaki pushaymon bo‘lishning o‘zi kifoya emas. Keling, tavba qilish nimani o‘z ichiga olishini tushunishimizga ko‘maklashadigan yana bir misolni ko‘rib chiqaylik.

SHOH MANASHENING MISOLIDAN QANDAY SABOQ OLISHIMIZ MUMKIN?

9. Manashe qanday shoh edi?

9 Taxminan 200-yil o‘tgach, Manashe Yahudoning shohi bo‘ldi. U yomonlik qilishda Axabdan ham oshib tushdi. Muqaddas Kitobda u haqda shunday yozilgan: «Yahovaning nazarida ko‘p yovuz ishlar qilib, Uni ranjitdi». (2 Sol. 33:1–9) Manashe soxta xudolarga atab qurbongohlar barpo etdi va Yahovaning ma’badida o‘yma tasvir o‘yilgan muqaddas ustunni o‘rnatdi. Ehtimol, bu ma’budaning buti bo‘lgandir. Manashe sehr-jodu bilan shug‘ullanib, fol ochardi. Shuningdek, u «ko‘pdan-ko‘p begunoh odamlarning qonini to‘kdi». Bundan tashqari, u soxta xudolarga qurbonlik sifatida hatto «o‘z o‘g‘illarini... olovda kuydirdi». (4 Shoh. 21:6, 7, 10, 11, 16)

10. Yahova Manasheni qay yo‘sin tarbiyaladi va u bunga qanday munosabat ko‘rsatdi?

10 Axab kabi Manashe ham Yahova payg‘ambarlari orqali bergan ogohlantirishlarni qaysarlik ila rad etdi. Oxiri «Yahova [Yahudoga] qarshi Ossuriya shohining lashkarboshilarini yubordi va ular Manasheni qarmoqqa ilintirishdi-da, mis kishanlar solib, Bobilga olib ketishdi». U qilmishlari ustida o‘zga yurtda zindonda chuqur mulohaza yuritganga o‘xshaydi. U «ota-bobolari Tangrisi oldida bo‘yin egdi». Manashe bundan ham ko‘prog‘ini qildi. U «Xudosi Yahovadan iltifot ko‘rsatishini so‘rab yolvordi». Ha, Manashe Xudoga «tinmay ibodat qildi». Bu yovuz odam o‘zgarayotgan edi. U Yahovani «Xudosi» deb bila boshladi va Unga tinmay ibodat qildi. (2 Sol. 33:10–13)

Shoh Manashe chin dildan tavba qilgani uchun soxta topinishga qarshi chiqdi (11-xatboshiga qarang.) *

11. Manashe chin dildan tavba qilganini qayerdan bilamiz? (2 Solnomalar 33:15, 16)

11 Vaqt o‘tgach, Yahova Manashening ibodatlariga javob berdi. Yahova Manashening qalbi o‘zgarganini ko‘rdi. Bu uning ibodatlarida aks etgandi. Manashe Yahovadan uni kechirishini va yana shoh bo‘lishni so‘ragan ibodatlari ijobat bo‘ldi. U sidqidildan tavba qilganini isbotlash uchun jon kuydirdi. U Axab umrida qilmagan ishni qildi. Manashe xatti-harakatlarini o‘zgartirib, soxta topinishga qarshi tish qayradi va pok topinishni olg‘a surdi. (2 Solnomalar 33:15, 16 ni o‘qing.) Shubhasizki, u jasoratli va imoni kuchli bo‘lishi kerak edi. Sababi, tavba qilishdan avval u ko‘p yillar davomida oila a’zolari, asilzodalar va xalq uchun yomon o‘rnak bo‘lgan. Lekin Manashe keksayib qolganda, uning dastidan paydo bo‘lgan ayrim muammolarni hal qilishga harakat qildi. U yosh nevarasi Yo‘shiyoga yaxshi ta’sir qilganga o‘xshaydi. Keyinchalik u yaxshi shoh bo‘lib ulg‘aydi. (4 Shoh. 22:1, 2)

12. Manashe tavba qilganidan nimani o‘rganishimiz mumkin?

12 Manashening misolidan nimani o‘rganishimiz mumkin? U nafaqat o‘zini past tutdi, balki ibodat qilib, rahm-shafqat ko‘rsatilishini so‘rab yolvordi. Qolaversa, u xatti-harakatlarini o‘zgartirdi. Qilmishlari dastidan paydo bo‘lgan zararni qoplash uchun Manashe jon kuydirib harakat qildi va Yahovaga topinish payida bo‘ldi. Boshqalarga ham bunday yo‘l tutishga yordam berdi. Manashening misoli hatto o‘taketgan razil ishga qo‘l urganlarga ham umid baxsh etmoqda. Bu Tangri Yahova «mehribon va kechirishga tayyor» ekanini ko‘rsatuvchi yaqqol misoldir. (Zab. 86:5) Yahova chin dildan tavba qilganlarni kechiradi.

13. Tavba qilish borasida muhim fikrni tushunishga ko‘maklashadigan misol keltiring.

13 Manashe gunohlaridan pushaymon bo‘lishdan ko‘prog‘ini qildi. Bundan tavba qilish masalasida muhim saboq olyapmiz. Quyidagi misolga nazar solaylik. Aytaylik, do‘konga kirib biron shirinlik so‘radingiz. Lekin sotuvchi o‘sha shirinlikning o‘rniga sizga tuxum berdi. Xo‘sh, mamnun bo‘lasizmi? Aslo. Agar sotuvchi tuxum o‘sha shirinlik tarkibidagi asosiy masalliq deb aytsa, uni shirinlik deb olib ketaverasizmi? Amrimahol. Shu kabi, Yahova gunoh qilganlardan chin dildan tavba qilishni so‘rayapti. Gunoh qilgan kishi pushaymon bo‘layotgani yaxshi. Bu tavba qilishga kiradi. Ammo buning o‘zi yetarli emas. Yana nima qilish kerak? Keling, bu bilan bog‘liq Isoning ta’sirli masaliga e’tibor beraylik.

CHIN TAVBANING FARQIGA BORING

Darbadar o‘g‘il noto‘g‘ri qaror chiqarganini tushunganda, uzoq yo‘l yurib uyiga qaytdi (14-, 15-xatboshilariga qarang.)c *

14. Isoning masaliga ko‘ra, darbadar o‘g‘il tavba qilganining ilk belgilari qanday edi?

14 Luqo 15:11–32 da Isoning darbadar o‘g‘il haqidagi ta’sirli hikoyasini o‘qishimiz mumkin. Yosh yigit otasiga qarshi chiqib, uydan ketdi va «uzoq yurtga» yo‘l oldi. O‘sha yerda u axloqsizlik va kayf-u safo bilan umr kechirdi. Lekin qiyinchiliklarga duch kelganda, chiqargan noto‘g‘ri qarorlari ustida mulohaza yuritdi. U otasining uyida bo‘lganida hayoti naqadar yaxshi bo‘lganini tushundi. Iso aytganiday, yigit «es-hushini yig‘di». U uyiga qaytishga va otasidan kechirim so‘rashga qaror qildi. Bu yigit ko‘p noto‘g‘ri qaror chiqarganini tushunib yetishi juda muhim edi. Biroq buning o‘zi yetarlimidi? Yo‘q. U xulq-atvorini o‘zgartirishi kutilardi.

15. Darbadar o‘g‘il chin dildan tavba qilganini qanday ko‘rsatdi?

15 Darbadar o‘g‘il qilmishlaridan chin dildan tavba qilayotganini ko‘rsatdi. Uyga qaytishi uchun u ko‘p yo‘l bosib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. So‘ng u otasiga shunday dedi: «Men osmondagi Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim. Bundan buyon o‘g‘lingiz deb atalishga ham arzimayman». (Luqo 15:21) Yigitning sidqidildan iqror bo‘lgani Yahova bilan munosabatlarini tiklamoqchi ekanini ayon etdi. U, shuningdek, qilmishlari otasiga og‘riq keltirganini tan oldi. O‘g‘il otasining marhamatiga sazovor bo‘lish uchun mehnat qilishga va hatto yollangan ishchiday bo‘lishga tayyor edi. (Luqo 15:19) Bu masal shunchaki ta’sirli hikoya emas. U oqsoqollarga juda asqatadi. Uning yordamida oqsoqollar jiddiy gunohga qo‘l urgan kishi chindan ham tavba qilyaptimi yoki yo‘qmi tushuna oladi.

16. Nega gunoh qilgan kishi chin dildan tavba qilayotganini aniqlash oqsoqollarga qiyin bo‘lishi mumkin?

16 Jiddiy gunohga qo‘l urgan kishi qay darajada tavba qilayotganini aniqlash oqsoqollar uchun oson bo‘lmasligi mumkin. Nega deganda, oqsoqollar odamning qalbidagilarni o‘qiy olmaydi. Shu bois, ular birodar qilgan gunohiga nisbatan nuqtai nazarini butkul o‘zgartirgan-o‘zgartirmaganini bilish uchun yaqqol isbotini topishga harakat qiladi. Ba’zi vaziyatlarda kishi o‘taketgan jirkanch gunohga qo‘l urgani dastidan oqsoqollar u chin dildan tavba qilayotganiga amin bo‘lmasligi mumkin.

17. a) Kishi afsuslanayotganini aytsa ham, chin dildan tavba qilmayotganini qaysi misoldan ko‘rish mumkin? b) Chin dildan tavba qilayotgan kishidan nima kutiladi? (2 Korinfliklarga 7:11)

17 Bir misolga nazar solaylik. Birodar ko‘p yillar mobaynida zino qilib yuradi. Yordam izlashning o‘rniga u qilmishini xotini, do‘stlari va oqsoqollardan yashiradi. Oxiri qilmishi oshkor bo‘ladi. Oqsoqollar bu kishi zino qilganining isbotini unga keltirsa, u qilmishini tan oladi va hatto pushaymon bo‘layotganday ko‘rinadi. Qiziq, bu uning tavba qilganini isbotlaydimi? Yo‘q. Oqsoqollar bunday vaziyatni ko‘rib chiqayotganda, albatta afsuslanishdan ko‘prog‘iga diqqat qaratishi lozim. O‘sha kishi bu jiddiy gunohni noto‘g‘ri qarori dastidan bir marta emas, balki yillar mobaynida qilib kelgan. U ixtiyoriy ravishda gunohiga iqror bo‘lmagan, balki fosh qilingan. Shuning uchun, oqsoqollar o‘sha kishi o‘y-fikrlarini, tuyg‘ularini va xatti-harakatlarini tubdan o‘zgartirganining isbotini ko‘rishi kerak bo‘ladi. (2 Korinfliklarga 7:11 ni o‘qing.) U chin dildan tavba qilayotganini tasdiqlaydigan o‘zgarishlar qilishi uchun anchagina vaqt kerak bo‘lishi mumkin. Ehtimol, bu vaqt davomida u jamoatdan chetlatiladi. (1 Kor. 5:11–13; 6:9, 10)

18. Jamoatdan chetlatilgan kishi qay yo‘sin chindan ham tavba qilayotganini ko‘rsatadi va bu qanday natija keltiradi?

18 Jamoatdan chetlatilgan kishi chin dildan tavba qilayotganini ko‘rsatish uchun uchrashuvlarga muntazam keladi. U oqsoqollar ibodat va tadqiqni yaxshilash borasida bergan maslahatlariga amal qiladi. Qolaversa, u o‘sha gunohni yana takrorlashga sabab bo‘ladigan vasvasalardan qochishga jon kuydiradi. Agar u Yahova bilan bo‘lgan munosabatlarini qayta tiklashga jon kuydirsa, Yahova uni to‘liq kechirishiga hamda oqsoqollar u jamoatda tiklanishiga yordam berishiga amin bo‘lishi mumkin. Oqsoqollar kishi chindan ham tavba qilayotganini aniqlashga harakat qilganda, ular har bir vaziyat o‘zgacha ekanini biladi. Shu bois, ular har bir vaziyatni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqadi va bag‘ritoshlik bilan hukm chiqarishdan qochadi.

19. Chin dildan tavba qilish nimani o‘z ichiga oladi? (Hizqiyo 33:14–16)

19 Bilib olganimizday, chin dildan tavba qilish gunohimdan pushaymonman, deb aytishdan ko‘ra ko‘prog‘ini o‘z ichiga oladi. Bu, shuningdek, o‘y-fikrlarni va tuyg‘ularni o‘zgartirib, tavba qilayotganini ko‘rsatuvchi qadamlar qo‘yish kerakligini anglatadi. Bunga noto‘g‘ri yo‘ldan qaytib, Yahovaning me’yorlariga amal qilishga intilish kiradi. (Hizqiyo 33:14–16 ni o‘qing.) Gunoh qilgan kishi uchun eng muhimi Yahova bilan yaqin munosabatlarini qayta tiklash bo‘lishi kerak.

GUNOH QILGANLARGA TAVBA QILISHGA KO‘MAKLASHING

20, 21. Jiddiy gunohga qo‘l urgan insonga qanday qilib yordam berishimiz mumkin?

20 Iso yer yuzidagi xizmatining muhim bir qirrasini quyidagi so‘zlarni aytib tushuntirgan: «Men... gunohkorlarni tavba qilishga da’vat etgani kelganman». (Luqo 5:32) Biz ham bunday yo‘l tutishni istaymiz. Deylik, yaqin do‘stimiz jiddiy gunohga qo‘l urganini bilib qoldik. Nima qilishimiz kerak?

21 Gunohini yashirib unga faqatgina ziyon keltiramiz. Bu yaxshilikka olib kelmaydi, chunki Yahova hammasini ko‘rib turibdi. (Hik. 5:21, 22; 28:13) Do‘stingizga oqsoqollar unga yordam berishga tayyor ekanini aytsangiz bo‘ladi. Oqsoqollarga murojaat qilishni xohlamasa, siz ularga hammasini aytib berishingiz lozim. Bu siz do‘stingizga yordam bermoqchi ekaningizni ko‘rsatadi. Uning Yahova bilan bo‘lgan munosabatlari xavf ostida.

22. Navbatdagi maqolada nimani muhokama qilamiz?

22 Kimdir ko‘p vaqt davomida jiddiy gunoh qilayotgan bo‘lsa va oqsoqollar uni jamoatdan chetlatish kerak degan qarorga kelsa-chi? Bu ular rahm-shafqat ko‘rsatishmadi deganimi? Navbatdagi maqolada Yahova gunoh qilganlarga qay yo‘sin rahm-shafqat ko‘rsatib, tarbiya berishiga hamda biz Unga qanday taqlid qilishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.

103-QO‘SHIQ Cho‘ponlar — Alloh bergan hadyalar

^ 5- x.b. Chin dildan tavba qilish shunchaki gunohimizdan pushaymon bo‘lishni anglatmaydi. Mazkur maqolada Axab va Manashe shohlarining misolini hamda Isoning darbadar o‘g‘il haqidagi masalini ko‘rib chiqamiz. Bu chinakam tavba qilish nimani anglatishini tushunishimizga ko‘maklashadi. Qolaversa, jiddiy gunoh qilgan birodar yoki opaning tavba qilgan-qilmaganini ko‘rib chiqayotganda, oqsoqollar qaysi omillarga diqqat qaratishi kerakligi muhokama qilinadi.

^ 60- x.b. RASMGA SHARH. Shoh Axab g‘azabga minib Mixiyo payg‘ambarni zindonga tashlashni buyuryapti.

^ 62- x.b. RASMGA SHARH. Shoh Manashe ma’baddagi o‘zi o‘rnatgan butlarni yo‘q qilishni buyuryapti.

^ 64- x.b. RASMGA SHARH. Uzoq yo‘l yurib kelgan darbadar o‘g‘il charchagan va uyini ko‘rish ishtiyoqida.