Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

42-TADQIQ MAQOLASI

Mustahkam ishonch bilan haqiqatga yopishib oling

Mustahkam ishonch bilan haqiqatga yopishib oling

Har narsani tekshirib ko‘rib, yaxshisiga yopishib olinglar. 1 SALON. 5:21

142-QO‘SHIQ Umidni mustahkam ushlaylik

BU MAQOLADA *

1. Nima sababdan ko‘plarning boshi qotyapti?

O‘ZINI masihiy deb atayotgan o‘n minglab din peshvolari Xudoga ma’qul tarzda topinyapmiz, deb aytyapti. Shubhasizki, bundan ko‘plarning boshi qotyapti. Ular bitta haq din bormi yoki barcha dinlar Xudoga ma’qulmi, deya o‘ylanib qoladi. Yahovaning Shohidlari sifatida aytayotganlarimiz haqiqat ekaniga va topinishimiz Yahovaga ma’qul ekaniga aminmizmi? Bunga amin bo‘lishning imkoni bormi? Keling, buning daliliga diqqat qaratamiz.

2. Nega Pavlusning haqiqatga nisbatan ishonchi mustahkam edi? (1 Salonikaliklarga 1:5)

2 Havoriy Pavlusning haqiqatga nisbatan ishonchi mustahkam edi. (1 Salonikaliklarga 1:5 ni o‘qing.) Bu shunchaki his-tuyg‘ularga asoslanmagan. Pavlus Xudoning Kalomini yaxshilab tadqiq qilgan. U «Muqaddas Yozuvlarning hammasi Xudo tomonidan ilhomlantirilganiga» ishongan. (2 Tim. 3:16) Xo‘sh, u nimalarni bilib olgan? Pavlus Muqaddas Yozuvlardan Iso va’da qilingan Masih ekani borasida rad qilib bo‘lmaydigan dalilni bilib olgan. Yahudiy din ulamolari esa buni tan olishni xohlamagan. Ular o‘zini Xudoning vakillari sifatida ko‘rsatgan, ammo ishlari bilan buning aksini isbotlagan. (Titus. 1:16) Ulardan farqli ravishda, Pavlus Xudoning Kalomidagi qaysi so‘zlarga ishonishi va ishonmasligi mumkinligini o‘zi uchun tanlab olmagan. U Muqaddas Yozuvlarning hammasini tadqiq qilib, bilganlarini amalda qo‘llashga tayyor bo‘lgan. (Havor. 20:27)

3. Mustahkam ishonchga ega bo‘lish uchun barcha savollarga javob topishimiz kerakmi? (« Yahovaning ishlari-yu fikrlarining “sanog‘iga yeta olmayman”» ramkasiga ham qarang.)

3 Ba’zilarning fikricha, haq din vakillari barcha savollarga, hatto Muqaddas Kitobda javobi keltirilmagan savollarga ham javob bera olishi kerak. Bunday o‘ylash oqilonami? Keling, Pavlusning misoliga diqqat qarataylik. U imondoshlarini «har narsani tekshirib ko‘rishga» undagan, ammo u tushunmaydigan ko‘p narsalar borligini ham tan olgan. (1 Salon. 5:21) U: «Bilimimiz... to‘liq emas»,— deb yozgan. Bunga qo‘shimcha qilib: «Biz go‘yo xira ko‘zguga qaraganday ko‘ryapmiz»,— degan. (1 Kor. 13:9, 12) Pavlus barcha narsani tushunmagan; biz ham tushuna olmaymiz. Biroq u Yahova to‘g‘risidagi asosiy haqiqatlarni tushungan. U haqiqatni topganiga amin bo‘lish uchun yetarlicha bilimga ega bo‘lgan.

4. Qanday qilib haqiqatni topganimizga yanada amin bo‘lamiz va Masihning haqiqiy izdoshlari haqida nimalarni ko‘rib chiqamiz?

4 Iso Masih Xudoga topinish borasida qoldirgan o‘rnakni Yahovaning Shohidlari qilayotgan ishlar bilan solishtirib, haqiqatni topganimizga yanada amin bo‘lamiz. Bu maqolada Masihning haqiqiy izdoshlari 1) butparastlikni rad etishini, 2) Xudoning ismini e’zozlashini, 3) haqiqatni yaxshi ko‘rishini va 4) bir-birini sevishini ko‘rib chiqamiz.

BUTPARASTLIKNI RAD ETAMIZ

5. Xudoga o‘rinli tarzda topinish borasida Isodan nimani o‘rganyapmiz va uning o‘rgatganlarini amalda qanday qo‘llay olamiz?

5 Iso Yahovani qattiq sevgani uchun xoh osmonda bo‘lsin, xoh yerda faqat Yahovaga topingan. (Luqo 4:8) U shogirdlariga ham bunday qilishni o‘rgatgan. Iso va uning sadoqatli shogirdlari topinishda hech qachon tasvirlardan foydalanmagan. Xudo ruhiy Shaxs bo‘lgani uchun hech kim Uning tasvirini yasay olmaydi. (Ishayo 46:5) Biroq avliyolarga atab sanamlar yasash va ularning haqiga duolar aytish haqida-chi, nima desa bo‘ladi? O‘nta amrning ikkinchisida Yahova quyidagicha degan: «O‘zingiz uchun na osmonda, na yerda... hech bir narsaning o‘yma tasviri yoki shaklini yasamanglar. Ularga sajda... qilmanglar». (Chiq. 20:4, 5) Xudoni mamnun qilishni istaydigan kishilar uchun bu so‘zlarning o‘zi kifoya.

6. Yahovaning Shohidlari topinishda kimning o‘rnagiga ergashyapti?

6 Tarixchilarning so‘zlariga ko‘ra, ilk masihiylar faqat Allohga topingan edi. Masalan, bir kitobda yozilganiday, ilk masihiylar uchun topinish joylarida tasvirlardan foydalanish fikrning o‘zi «jirkanch edi». («History of the Christian Church») Biz, Yahovaning Shohidlari, birinchi asrdagi masihiylarning o‘rnagiga ergashyapmiz. «Avliyolar» yoki farishtalarning tasviriga qarab duolar o‘qimaymiz va Isoga murojaat qilib ham ibodat qilmaymiz. Qolaversa, davlat ramzlarini sharaflamaymiz. Boshqalarning bosimiga qaramay, Isoning: «Allohing Yahovaga sajda qil»,— degan so‘zlariga amal qilish qarorimiz qat’iy. (Mat. 4:10)

7. Yahovaning Shohidlari va boshqa dinlar o‘rtasida qanday farq bor?

7 Bugungi kunda ko‘plar taniqli din peshvolarini tinglashni yoqtiradi. Odamlarga ularning so‘zlari shu qadar yoqadiki, deyarli ularga sajda qiladi. Ko‘plar ularning cherkovlariga boradi, kitoblarini sotib oladi va din rahbarlarini qo‘llab-quvvatlash uchun katta miqdorda xayr-ehson qiladi. Ba’zilar ularning har bir so‘ziga ishonadi. Cherkovga boradiganlar Iso bilan shaxsan ko‘rishganida ham bu darajada quvonmagan bo‘lardi. Bundan farqli ravishda, Yahovaning haq topinuvchilari odamlarga ergashmaydi. Boshchilikni zimmasiga olganlarni hurmat qilsak-da, Isoning: «Barchangiz birodarsizlar»,— degan aniq so‘zlariga qo‘shilamiz. (Mat. 23:8–10) Xoh din, xoh siyosat rahbari bo‘lsin, odamlarni ko‘kka ko‘tarmaymiz. Shuningdek, ularning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlamaymiz. Aksincha, betaraflikni saqlaymiz va dunyoga uyg‘unlashmaymiz. Bu barcha sohalarda o‘zini Isoning izdoshi, deb atayotgan boshqa barcha din vakillaridan farq qilamiz. (Yuhan. 18:36)

XUDONING ISMINI E’ZOZLAYMIZ

Masihning haqiqiy izdoshlari Yahova haqida boshqalarga aytishdan faxrlanadi (8–10-xatboshilariga qarang.) *

8. Xudo ismi ulug‘lanishini va hamma uni bilishini xohlayotganini qayerdan bilamiz?

8 Bir safar Iso: «Ota, ismingni ulug‘la»,— deb ibodat qilgan. Yahova unga osmondan baland ovozda javob bergan va ismini ulug‘lashini va’da qilgan. (Yuhan. 12:28) Iso yer yuzidagi xizmati davomida Otasining ismini ulug‘lagan. (Yuhan. 17:26) Shuning uchun, Masihning haqiqiy izdoshlari Xudoning ismini qo‘llashdan va uni boshqalarga tanitishdan faxrlanadi.

9. Birinchi asrdagi masihiylar Xudoning ismini e’zozlaganini qay yo‘sin isbotlagan?

9 Mil. birinchi asrda, masihiylar jamoati tashkil etilganidan ko‘p o‘tmay Yahova Uning «ismi bilan ataladigan xalqni o‘zga xalq vakillaridan ham tanladi». (Havor. 15:14) O‘sha masihiylar Xudoning ismini qo‘llashdan va uni boshqalarga tanitishdan boshi ko‘kka yetgan. Ular bu muqaddas ismni xizmatda va Kalomni yozganda qo‘llagan *. Shunday yo‘l tutib, ular Xudoning ismini tanitayotgan yagona xalq ekanini isbotlagan. (Havor. 2:14, 21)

10. Faqat Yahovaning Shohidlari Xudoning ismini tanitayotganini qayerdan bilamiz?

10 Yahovaning Shohidlari ham Xudoning ismini tanityaptimi? Keling, buning bir misolini ko‘rib chiqaylik. Hozir ko‘p din rahbarlari bor kuchidan foydalanib, Xudoning yagona ismi mavjudligini yashiryapti. Ular Muqaddas Kitobning tarjimalaridan bu ismni olib tashlayapti va ba’zi hollarda hatto cherkovlarda uni tilga olishni man etyapti *. Faqat Yahovaning Shohidlari Xudoning ismini e’zozlayotgani yaqqol ko‘rinyapti, shunday emasmi?! Boshqa diniy tashkilotlarga qaraganda, bu ismni eng ko‘p biz e’lon qilyapmiz. Yahovaning Shohidlari nomiga muvofiq tarzda hayot kechirishga jon kuydiryapmiz. (Ishayo 43:10–12) «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi» 240 milliondan ziyod nusxada nashr etilgan. U yerda Muqaddas Kitobning ba’zi tarjimonlari olib tashlagan Xudoning ismi ishlatiladi. Shuningdek, Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni chiqaryapmiz. Ularda ham Xudoning ismi ishlatilgan bo‘lib, 1 000 dan ziyod tilga o‘giriladi.

HAQIQATNI YAXSHI KO‘RAMIZ

11. Ilk masihiylar haqiqatni yaxshi ko‘rganini qanday ko‘rsatgan?

11 Iso haqiqatni — Xudo va Uning niyatlari to‘g‘risidagi haqiqatni yaxshi ko‘rgan. Iso unga muvofiq yashagan va uni boshqalar bilan bo‘lishgan. (Yuhan. 18:37) Uning haqiqiy izdoshlari ham haqiqatni chin dildan yaxshi ko‘rgan. (Yuhan. 4:23, 24) Misol uchun, havoriy Butrus masihiylarning e’tiqodini «haqiqat yo‘li» deb aytgan. (2 Butr. 2:2) Ilk masihiylar haqiqatni sevgani uchun diniy g‘oyalarni, urf-odatlarni va haqiqatga zid bo‘lgan shaxsiy fikrlarni rad etgan. (Kolos. 2:8) Shu singari, bugun ham Isoning haqiqiy izdoshlari e’tiqodi va hayot tarzini Yahovaning Kalomiga asoslab, «haqiqat yo‘lida yurishga» intiladi. (3 Yuhan. 3, 4)

12. Mas’uliyatli birodarlar tushunchalarimizga oydinlik kiritish kerakligini anglaganida, nima qiladi va nega?

12 Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitobdagi barcha narsalarni doim to‘liq tushunamiz, deb aytmaydi. Gohida ular Muqaddas Kitobdagi biron ta’limotni tushunishda yoki tashkillashtirishga oid yo‘l-yo‘riq berganda, xatoga yo‘l qo‘yadi. Bundan hayron qolmasligimiz kerak. Muqaddas Yozuvlarda vaqt o‘tib aniq bilim ortishi haqida ochiq-oydin aytilgan. (Kolos. 1:9, 10) Yahova haqiqatni asta-sekin ochib beryapti va biz haqiqat nuri yorishib borishini sabr ila kutishimiz darkor. (Hik. 4:18) Yetakchi kengash haqiqat borasida muayyan tushunchamizga oydinlik kiritish kerakligini anglaganida, uni shu zahotiyoq o‘zgartiradi. Ko‘p cherkovlar o‘z a’zolariga ma’qul kelishni yoki bu dunyoda taniqli bo‘lishni xohlagani uchun ta’limotlariga o‘zgarish kiritadi. Ammo biz, Yahovaning Shohidlari, Xudo bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lishni va Iso kabi Unga topinishni xohlaganimiz uchun o‘zgarishlar kiritamiz. (Yoqb. 4:4) O‘zgarishlarni bu dunyodagi odamlarning fikri o‘zgargani uchun emas, Muqaddas Kitobni yaxshiroq tushunganimiz uchun kiritamiz.Chunki haqiqatni yaxshi ko‘ramiz! (1 Salon. 2:3, 4)

BIR-BIRIMIZNI SAMIMIYAT BILAN SEVAMIZ

13. Haqiqiy masihiylar ayniqsa qaysi muhim fazilatni namoyon etadi va Yahovaning Shohidlari orasida u qanday namoyon bo‘lyapti?

13 Birinchi asrdagi masihiylar jamoati ko‘pgina fazilatlar, ayniqsa, sevgini namoyon etish bilan ajralib turgan. Iso shunday degan: «Orangizda mehr-muhabbat bo‘lsa, sizlar mening shogirdlarim ekaningizni barcha bilib oladi». (Yuhan. 13:34, 35) Dunyo bo‘ylab Yahovaning Shohidlari chinakam sevgi va birlikni his qilyapti. Turli mamlakat va madaniyatdan kelib chiqqan bo‘lsak-da, bir oilamiz. Bu bilan boshqa barcha dinlardan farq qilamiz. Ushbu chinakam sevgini yig‘ilishlarda va anjumanlarda ko‘ramiz. Bu Yahovaga ma’qul tarzda topinayotganimizga yanada amin bo‘lishimizga ko‘maklashyapti.

14. Bir-birimizni samimiyat bilan sevishni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz? (Kolosaliklarga 3:12–14)

14 Muqaddas Kitobda: «Bir-biringizni samimiyat bilan sevinglar»,— degan maslahat yozilgan. (1 Butr. 4:8) Bunday sevgini ko‘rsatishning bir yo‘li bir-birimizni kechirish va kamchiliklarimizga sabrli bo‘lishdan iborat. Jamoatdagi barchaga, hatto bizni xafa qilganlarga ham saxiylik va mehmondo‘stlik ko‘rsatishga intilamiz. (Kolosaliklarga 3:12–14 ni o‘qing.) Bunday sevgi rishtalari haqiqiy masihiylarni ajratib turadigan yaqqol belgidir.

«BITTA IMON»

15. Yana qanday yo‘llar orqali ilk masihiylarning o‘rnagiga taqlid qila olamiz?

15 Topinish borasida ilk masihiylar jamoatining o‘rnagiga boshqa yo‘llar orqali ham ergashamiz. Misol uchun, tashkilotimiz o‘sha masihiylar davridagiday tashkillashtirilgan. Ularda bo‘lganiday, bizda ham tuman nozirlari, oqsoqollar va jamoat xizmatkorlari bor. (Filip. 1:1; Titus. 1:5) Jinsiy munosabat va turmushga nisbatan nuqtai nazarimiz, qonni muqaddas deb bilishimiz va jamoatni tavba qilmagan gunohkorlardan himoyalash istagimiz birinchi asrdagi masihiylarning o‘rnagiga asoslanadi. (Havor. 15:28, 29; 1 Kor. 5:11–13; 6:9, 10; Ibr. 13:4)

16. Efesliklarga 4:4–6 dan nimani bilib olyapmiz?

16 Iso ko‘plar o‘zini uning shogirdi deb atashini, ammo hammasi ham haqiqiy bo‘lmasligini aytgan. (Mat. 7:21–23) Shuningdek, Muqaddas Kitobda oxirzamonda ko‘plar «o‘zlarini xudojo‘y qilib ko‘rsatishi» yozilgan. (2 Tim. 3:1, 5) U yerda Xudoga ma’qul keladigan «bitta imon» yoki din borligi haqida ham aniq qilib aytib o‘tilgan. (Efesliklarga 4:4–6 ni o‘qing.)

17. Kimlarni Isoga ergashyapti va haqiqiy din tarafdori deb ayta olamiz?

17 Kimlarni haqiqiy din tarafdorlari desa bo‘ladi? Biz buning dalilini ko‘rib chiqdik. Iso topinish borasida qoldirgan o‘rnagini va birinchi asrdagi masihiylarning o‘rnagini ko‘rib chiqdik. Xulosa qiladigan bo‘lsak, buning javobi bitta — Yahovaning Shohidlari. Yahovaning xalqiga tegishli bo‘lish, U va Uning niyatlari haqida bilish naqadar ulkan sharaf. Keling, mustahkam imon bilan haqiqatga yopishib olaylik.

3-QO‘SHIQ Qudratim, Umidim, Tayanchim O‘zing

^ 5- x.b. Ushbu maqolada Isoning haq topinish borasida qoldirgan o‘rnagini va ilk masihiylar unga qanday taqlid qilganini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, Yahovaning Shohidlari bugungi kunda haq topinishda uning o‘rnagiga ergashayotganini bilib olamiz.

^ 9- x.b. «Qo‘riqchi minorasi»ning 2010-yil 1-iyul (rus) sonidagi 6- sah. keltirilgan «Ilk masihiylar Xudoning ismini qo‘llaganmi?» nomli ramkaga qarang.

^ 10- x.b. Masalan, Rim papasi Benedikt XVI Xudoning ismi katolik cherkovlarida, qo‘shiqlari va duolarida «qo‘llanilmasin yoki tilga olinmasin», deb yo‘l-yo‘riq berdi.

^ 63- x.b. RASMGA SHARH. Yahovaning tashkiloti «Yangi dunyo tarjimasi»ni 200 dan ziyod tilda nashr etyapti. Shuning uchun, odamlar Xudoning ismi qo‘llanilgan Muqaddas Kitobni ona tilida o‘qiyapti.