Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Yahova bilan munosabatingizni tiklang

Yahova bilan munosabatingizni tiklang

HAR YILI ko‘plab imondoshlarimiz jamoatda tiklanadi. Ularning har biri uchun «osmonda katta xursandchilik» bo‘lishini bir tasavvur qiling! (Luqo 15:7, 10) Agar siz ham tiklangan bo‘lsangiz, Iso, farishtalar va Yahovaning O‘zi qaytganingizdan juda baxtiyor. Yahova bilan munosabatlaringizni tiklar ekansiz, qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin. Xo‘sh, ularning ba’zilari qanday? Ularni yengishga sizga nima yordam berishi mumkin?

QIYINCHILIKLAR

Ko‘plar jamoatga qaytganidan keyin salbiy tuyg‘ular bilan kurashadi. Ehtimol, ular o‘zini shoh Dovudday his qilishi mumkin. Gunohlari kechirilganidan keyin ham, u: «Xatolarim boshimdan oshib ketdi»,— deb aytgandi. (Zab. 40:12; 65:3) Kishi jamoatga qaytganidan keyin ham, aybdorlik va uyat hissi uni yillar davomida qiynashi mumkin. Masalan, Izabella 20-yildan oshiq vaqt davomida jamoatdan chetlatilgandi *. U shunday bo‘lishdi: «Yahova meni kechirishi mumkinligi haqidagi fikrni qabul qilishim qiyin kechgandi». Agar ruhingiz tushsa, Yahova bilan do‘stligingizga yana putur yetadi. (Hik. 24:10) Bu yuz berishiga yo‘l qo‘ymang.

Boshqalar esa Yahova bilan munosabatlarini tiklash uchun qiladigan harakatlar to‘g‘risida o‘ylab, xavotirlanar. Jamoatga qaytganidan so‘ng Anton shunday bo‘lishdi: «Masihiy sifatida qanday hayot kechirganimni butunlay unutganday edim». Bunday fikrlar ba’zilarga ma’naviy ishlar bilan band bo‘lishiga xalaqit qilishi mumkin.

Deylik, bir kishining uyi bo‘ron tufayli katta zarar ko‘radi. O‘sha inson uyini qayta tiklash uchun qancha vaqt va mehnat talab qilinishi haqida o‘ylab tushkunlikka tushar. Shu singari, jiddiy gunoh qilganingiz tufayli Yahova bilan bo‘lgan do‘stligingizga putur yetgan bo‘lsa, uni qayta tiklash uchun juda ko‘p harakat qilishingiz haqida o‘ylab, ruhingiz tushishi hech gap emas. Lekin, buning imkoni bor.

Yahova: «Keling, oramizdagi masalani hal qilaylik»,— deb bizni chorlayapti. (Ishayo 1:18) Siz masalani hal qilish uchun jon kuydirdingiz. Qilgan harakatlaringiz uchun Yahova sizni sevadi. Bir o‘ylab ko‘ring: buning asosida Yahova Shaytonning ayblovlari g‘irt yolg‘on ekanini isbotlaydi! (Hik. 27:11)

Bu qadamni qo‘yib, allaqachon Yahovaga yaqinlashdingiz, U esa javoban sizga yaqinlashdi. (Yoqb. 4:8) Boshqalar yana jamoatda ekaningizni ko‘rgani yaxshi. Lekin bundan ham ko‘prog‘ini qilishingiz kutiladi. Otangiz va Do‘stingiz Yahovaga bo‘lgan sevgingizni mustahkamlashda to‘xtamang. Xo‘sh, buni qanday qilish mumkin?

ERISHSA BO‘LADIGAN MAQSADLAR

Erishsa bo‘ladigan maqsadlar qo‘yishga intiling. Unutmangki, ma’naviy poydevoringiz — Yahova va Uning kelajak borasidagi va’dalari to‘g‘risidagi bilimingiz — hech qachon o‘zgarmaydi. Lekin shu bilan birga, masihiylarga xos hayot tarzini tiklashingiz kerak bo‘ladi. Bunga muntazam va’zgo‘ylik qilish, yig‘ilishlarga qatnash va imondoshlar bilan vaqt o‘tkazish kiradi. Quyida ayrim maqsadlar keltirilgan.

Yahovaga tez-tez ibodat qiling. Aybdorlik hissi tufayli ibodat qilish sizga oson bo‘lmasligi mumkin. Yahova buni yaxshi tushunadi. (Rim. 8:26) Biroq Yahovaga U bilan do‘stlashishni qanchalik istayotganingizni aytib, «doimo ibodat qiling».(Rim. 12:12) Andrey shunday esladi: «Aybdorlik va uyat hissi meni qiynardi. Lekin har ibodat qilganimdan keyin o‘zimni yaxshi his qilardim va ichki xotirjamlikka ega bo‘lardim». Nima deb ibodat qilishni bilmasangiz, tavba qilgan shoh Dovudning Zabur 51- va 65- sanolaridagi ibodatlarini ko‘rib chiqing.

Muqaddas Kitobni muntazam tadqiq qiling. Bu ma’nan oziqlanishingizga va Yahovaga bo‘lgan sevgingiz kuchayishiga ko‘maklashadi. (Zab. 19:7–11) Filip shunday dedi: «Muqaddas Kitobni shaxsan o‘qish va tadqiq qilish hayotimda birinchi o‘rinda bo‘lmagani uchun Yahova bilan bo‘lgan munosabatim zaiflashdi va oxiri yo‘qqa chiqdi. Bunday bo‘lishini boshqa xohlamayman. Shuning uchun, shaxsiy tadqiqni himoyamga aylantirishga qaror qildim». Siz ham xuddi shunday qilishingiz mumkin. Shaxsiy tadqiq uchun to‘g‘ri keladigan mavzuni aniqlashda ma’nan yetuk do‘stingizdan yordam so‘rasangiz bo‘ladi.

Birodar-u opa-singillar bilan do‘stligingizni tiklang. Jamoatga qaytgan ba’zilar boshqalar ularga salbiy nuqtai nazarda bo‘lishidan xavotirlanadi. Larisa quyidagicha bo‘lishdi: «Rosa uyalardim. O‘zimni go‘yoki jamoatga xiyonat qilganday his qilardim. Bu tuyg‘ular meni uzoq vaqtgacha tark etmadi». Shunga amin bo‘lingki, oqsoqollar va ma’nan yetuk imondoshlar Yahova bilan munosabatlaringizni tiklashga bajonidil yordam beradi. (« Oqsoqollar nima qilishi mumkin?» nomli ramkaga qarang.) Ular jamoatga qaytganingizdan xursand va quvonib yashashingizni istaydi. (Hik. 17:17)

Qanday qilib jamoatga yaqinroq bo‘la olasiz? Imondoshlaringiz qilayotgan ishlar — yig‘ilishlarga borish va va’zgo‘ylik ishida qatnashish — bilan band bo‘ling. Bu qanday yordam beradi? Feliks shunday bo‘lishdi: «Jamoatdagilar meni kutgan ekan. Buni bilib, qadrli ekanimni his etdim. Ular yana bu oilaning a’zosi bo‘lishimga, kechirilganimni his etishimga va ma’nan o‘sishimga ko‘maklashdi». (« Nima qilsangiz bo‘ladi?» nomli ramkaga qarang.)

TASLIM BO‘LMANG!

Yahova bilan do‘stligingizni qayta qurishga harakat qilganingizda, Shayton sizni bu yo‘ldan qaytarish uchun yanada ko‘proq «bo‘ron» yuboradi. (Luqo 4:13) Shunday ekan, ma’naviy uyingizni mustahkamlash orqali hozirdan tayyor bo‘ling.

Qo‘zichoqlari borasida Yahova quyidagilarni va’da bermoqda: «Men yo‘qolganini izlab topaman, adashib qolganini qaytarib olib kelaman, yaralanganining yarasini bog‘layman va zaifini mustahkamlayman». (Hiz. 34:16) Yahova ko‘plab insonlarga U bilan munosabatlarini tiklashga yordam berdi. Amin bo‘lingki, U sizga ham yordam bermoqchi. Yahova U bilan munosabatlaringiz har qachongidan ham mustahkam bo‘lishini xohlaydi.

^ 4- x.b. Bu maqoladagi ismlar o‘zgartirilgan.