42-TADQIQ MAQOLASI
«Benuqson hayot kechiradigan» insonlar baxtlidir
Benuqson hayot kechiradigan, Yahovaning qonuni bo‘yicha yuradigan insonlar baxtlidir! ZAB. 119:1
124-QO‘SHIQ Vafodormiz
BU MAQOLADA a
1, 2. a) Qay yo‘sin ba’zi hukumatlar Yahovaning xizmatchilariga qarshi chiqyapti, lekin ular bunga qanday munosabat ko‘rsatyapti? b) Ta’qiblarga qaramay qanday qilib baxtli bo‘la olamiz? (Muqovadagi rasmga ham sharh bering.)
HOZIR 30 dan ziyod mamlakatlarda faoliyatimiz cheklangan yoki man etilgan. Ba’zi joylarda birodar-u opa-singillarimiz hibsga olingan. Xo‘sh, ular biron yomon ish qilganmi? Aslo. Yahovaning nazarida ular hech qanday yomonlik qilmagan. Ularning hammasi Muqaddas Kitobni o‘qib uni tadqiq qilgan, xushxabarni boshqalar bilan bo‘lishgan va yig‘ilishlarga borgan. Shuningdek, ular siyosiy masalalarda tarafkashlik qilmagan. Qolaversa, ular betaraflikni saqlab, shiddatli quvg‘unlarga qaramay benuqson b bo‘lib qolgan. Bu bilan ular Yahovaga sadoqatli ekanini ko‘rsatgan. Ular bundan xursand.
2 Shubhasizki, bunday jasoratli imondoshlarimizning rasmlarini ko‘rgansiz va ularning yuzidagi tabassumga e’tibor bergansiz. Ular benuqsonlikni saqlab, Yahovani mamnun qilishayotganini bilishdan juda baxtiyor. (1 Sol. 29:17a) Iso payg‘ambar: «Odillik uchun ta’qib qilinayotganlar baxtlidir. [...] Shod-xurram bo‘linglar, zero osmondagi mukofotingiz buyukdir»,— deb aytgan. (Mat. 5:10–12)
BIZ UCHUN O‘RNAK
3. Havoriylar ta’qiblarga duch kelganda nima qilgan va nega? (Havoriylar 4:19, 20)
3 Havoriylar ham Iso haqida va’z qilgani uchun ta’qiblarga duch kelgan. Yahudiylarning oliy mahkamasidagi hakamlar qayta-qayta «Isoning nomidan boshqa ta’lim bermaslikni buyurgan». (Havor. 4:18; 5:27, 28, 40) Xo‘sh, havoriylar qanday yo‘l tutgan? (Havoriylar 4:19, 20 ni o‘qing.) Ular Iso haqida va’z qilib, «keng shohidlik bergan». Havoriylar buni yuksakroq hokimiyatga ega bo‘lgan shaxs, ya’ni Isoning o‘zi buyurganini bilgan. (Havor. 10:42) Shu bois, ularning vakillari Butrus va Yuhanno o‘sha hakamlarga emas, Xudoga bo‘ysunishini va Iso haqida tinmay va’z qilishini g‘ayrat ila aytishgan. Havoriylar ularga shunday savol berganday bo‘lgan: «Sizlar Xudodan ko‘ra, ko‘proq hokimiyatga egamiz deb o‘ylayapsizmi?»
4. Havoriylar nima qilishgan va ularga qanday taqlid qilishimiz mumkin? (Havoriylar 5:27–29)
4 Havoriylar «odamlarga emas, Sarvari Olamga bo‘ysunish» borasida barcha masihiylarga ajoyib o‘rnak ko‘rsatishgan. (Havoriylar 5:27–29 ni o‘qing.) Ular benuqsonlikni saqlashgani uchun do‘pposlanishgan. Lekin «Isoning ismi uchun haqoratga sazovor bo‘ldik, deb Oliy Kengashdan suyunib chiqib ketishgan» hamda va’z qilishda davom etishgan. (Havor. 5:40–42)
5. Qaysi savollarga javob topishimiz kerak?
5 Havoriylarning o‘rnagi ba’zi savollarni keltirib chiqaradi. Misol uchun, qanday qilib ular odamlarga emas, Xudoga itoatli bo‘lishgan va shu bilan birga «hukmron hokimiyatga bo‘ysunishgan»? (Rim. 13:1) Qay yo‘sin biz havoriy Pavlus aytganiday, «hukumat-u hokimiyatlarga» bo‘ysunishimiz va eng Oliy Hukmdorga sodiq qolishimiz mumkin? (Titus. 3:1)
«HUKMRON HOKIMIYAT»
6. a) Rimliklarga 13:1 ga ko‘ra, «hukmron hokimiyatga» qanday munosabat ko‘rsatishimiz lozim? b) Hukumatlar ega bo‘lgan vakolati haqida nima desa bo‘ladi?
6 Rimliklarga 13:1 ni o‘qing. Masihiylar «hukmron hokimiyatga» itoatli bo‘lishi lozim. Bu boshqaruvchilar tinchlik bo‘lishiga va odamlar qonunlarga bo‘ysunayotganiga ishonch hosil qilib, hatto gohida Xudoning xalqini himoyalaydi. (Vah. 12:16) Shuning uchun, biz vaqtida soliq va boj to‘lashimiz va ularga hurmat ko‘rsatishimiz darkor. (Rim. 13:7) Ammo hukumatlar Yahova ularga boshqarishga yo‘l qo‘yayotgani uchun hukm suryapti. Iso Masih buni Rim hokimi Pontiy Pilatga aniq aytgan edi. Pilat uni o‘limdan qutqarib qolish hokimiyatiga ega ekanini aytgan. Iso esa unga: «Agar sizga yuqoridan berilmaganida edi, mening ustimdan hech qanday hokimiyatga ega bo‘lmas edingiz»,— degan. (Yuhan. 19:11) Bugun ham Pilat kabi barcha boshliqlar-u siyosatchilarning hokimiyati chegaralangan.
7. Qaysi vaziyatlarda hukmron hokimiyatga bo‘ysunmaymiz va ular nimani yodda tutishi lozim?
7 Masihiylar Xudoning qonunlariga zid bo‘lmagan masalalarda hukmron hokimiyatga bo‘ysunishadi. Lekin hukumat a’zolari Xudo man etgan ishlarni qilishga majburlar. Masalan, yoshlardan qo‘liga qurol olib urushga borishni talab qilar c. Yo bo‘lmasa, ular Xudo talab qilayotgan ishlarni qilmaslikni aytar. Misol uchun, ular Muqaddas Kitob va unga asoslangan adabiyotlarimizni taqiqlab, va’z qilishga va birga topinishga ruxsat bermas. Bunday vaziyatlarda biz hukmron hokimiyatga bo‘ysuna olmaymiz. Ular o‘z vakolatini suiiste’mol qilishsa, masalan, Masihning izdoshlarini ta’qib qilishsa, bu uchun Xudoning oldida javob berishadi. Ha, Yahova hammasini ko‘rib turibdi! (Voiz 5:8)
8. Yahova va hukmron hokimiyat orasida qanday farq bor?
8 «Hukmron hokimiyat» vakolatga ega bo‘lishi, yaxshi ishlar qilishi va odamlarni boshqarishi mumkin. Lekin bu boshqaruvchilar «mukammal va oliy ekanini» anglatmaydi. Barchadan mukammal va oliy Shaxs mavjud. U Tangri Yahovadir. Muqaddas Kitobda Unga nisbatan «Xudoyi Taolo» degan unvon to‘rt marta ishlatilgan. (Don. 7:18, 22, 25, 27)
«XUDOYI TAOLO»
9. Doniyor payg‘ambar qanday vahiylar ko‘rgan?
9 Doniyor payg‘ambar Yahova barcha hokimiyatlardan ancha qudratliroq ekani haqidagi vahiylarni ko‘rgan. Avval u bahaybat to‘rtta hayvonni ko‘rgan. Ular o‘tmishdagi jahon imperiyalarini, ya’ni Bobil, Midiya va Fors, Yunoniston va Rimni hamda hozirgi jahon imperiyasi — Angliya-Amerikani anglatadi. (Don. 7:1–3, 17) Keyin esa u Tangri Yahova osmondagi taxtda o‘tirganini ko‘rgan. (Don. 7:9, 10) Bu sodiq payg‘ambar ko‘rgan yana bitta vahiy bor. U hozirgi hukumatlar uchun ogohlantirish sifatida xizmat qiladi.
10. Yahova yer yuzi ustidan boshqarish hokimiyatini kimga beradi va bu nimani tasdiqlayapti? (Doniyor 7:13, 14, 27)
10 Doniyor 7:13, 14, 27 ni o‘qing. Alloh hukumatlardan barcha hokimiyat-u kuchni olib, loyiqroq va qudratliroq bo‘lganlarga beradi. Kimga? «Abadulabad» boshqaradigan «inson o‘g‘liga o‘xshagan bittasi», ya’ni Iso Masihga hamda «Xudoyi Taoloning muqaddas xalqi», ya’ni 144 000 moylanganlarga. (Don. 7:18) Ha, Yahova «Xudoyi Taolo» bo‘lgani uchun bunday qilish vakolatiga ega.
11. Doniyor aytgan qaysi so‘zlar Yahova Oliy Hukmdor ekanini ko‘rsatyapti?
11 Doniyor vahiyda ko‘rgan voqea u oldinroq aytgan so‘zlar bilan hamohang. U shunday degan: «Samodagi Tangri [...] shohlarni taxtdan tushirib, taxtga chiqaradi». Doniyor «Alloh Taolo insoniyat shohliklarining Hukmdori ekanini, hokimiyatni istagan kishiga berishini» ham aytgan. (Don. 2:19–21; 4:17) Yahova shohlarni taxtdan tushirib, taxtga chiqargan paytlar bo‘lganmi? Ha, bo‘lgan.
12. Yahova o‘tmishda shohlarni taxtdan tushirgani haqida misol keltiring. (Rasmga qarang.)
12 Xudo hukumatlardan ancha yuksakroq ekanini yaqqol namoyon etgan. Keling, uchta misolga nazar solaylik. Misr fir’avini Yahovaning xizmatchilarini qulga aylantirib, ularni ozod qilishdan qayta-qayta bosh tortgan. Ammo Alloh ularni qutqargan, fir’avnni esa Qizil dengizga uloqtirgan. (Chiq. 14:26–28; Zab. 136:15) Shuningdek, Bobil shohi Valtasar bayram o‘tkazib, «samolar Egasiga qarshi bosh ko‘targan» va «oltin, kumushdan» yasalgan xudolarni madh etgan. (Don. 5:22, 23) Lekin Xudo bu takabbur kishining popugini pasaytirgan. «O‘sha kechaning o‘zida» Valtasar o‘ldirilgan va shohligi midiyaliklar-u forslarga berilgan. (Don. 5:28, 30, 31) Qolaversa, Falastin shohi Hirod Agrippa I havoriy Yoqubni o‘ldirganidan keyin havoriy Butrusni ham qamoqqa tashlab, uni o‘ldirish niyatida bo‘lgan. Biroq Yahova unga to‘sqinlik qilgan. «Yahovaning farishtasi uni jazolagan» va u o‘lgan. (Havor. 12:1–5, 21–23)
13. Yahova ittifoq tuzgan hukmdorlarni mag‘lub etgani borasida misol keltiring.
13 Yahova ittifoq tuzgan hukmdorlardan ham yuksakroq ekanini ko‘rsatgan. U isroilliklar uchun jang qilgan va ularga 31 ta Kan’on shohini mag‘lub etishga hamda va’da qilingan yurtning katta qismini zabt etishga yordam bergan. (Yoshua 11:4–6, 20; 12:1, 7, 24) Shuningdek, Yahova O‘z xalqiga shoh Banhadad va suriyaliklarning boshqa 32 ta shohini yakson qilishga ko‘maklashgan. (3 Shoh. 20:1, 26–29)
14, 15. a) Shoh Navuxodonosor va Doro Yahovaning hukmdorligi haqida nima deb aytishgan? b) Sano bastakori Yahova hamda Uning xalqi to‘g‘risida nima degan?
14 Yahova qayta-qayta Xudoyi Taolo ekanini isbotlagan. Bobil shohi Navuxodonosor faqatgina Yahova shon-shuhratga ega ekanini tan olishning o‘rniga o‘zining kuch-qudrati, ulug‘vorligi-yu mahobati bilan maqtangan. Shuning uchun Yahova uni jazolagan va u es-hushini yo‘qotgan. Navuxodonosorning es-hushi o‘ziga qaytgach, u «Alloh Taologa hamd-u sanolar» aytgan va Yahovaning «hukmdorligi mangu» ekanini tan olgan. Shuningdek, u: «Hech kim Unga to‘sqinlik qila olmaydi»,— deb aytgan. (Don. 4:30, 33–35) Doniyorning benuqsonligi sinalib, Yahova uni sherlardan qutqarganidan keyin, shoh Doro shunday farmon chiqargan: «Odamlar Doniyorning Xudosidan qo‘rqib, Uni hurmat qilishsin. Zero, U barhayot Allohdir, U toabad bor bo‘ladi. Uning shohligi aslo yakson qilinmaydi, hukmdorligi mangudir!» (Don. 6:7–10, 19–22, 26, 27)
15 Sano bastakori quyidagicha yozgan: «Yahova xalqlarning rejalarini puchga chiqardi, millatlarning niyatlarini barbod qildi». Shuningdek, u: «Yahova qaysi xalqning Xudosi bo‘lsa, kimni O‘z mulki sifatida tanlasa, o‘sha xalq baxtlidir»,— degan. (Zab. 33:10, 12) Bu Yahovaga sodiq bo‘lib qolishimiz uchun arzigulik sababdir.
SO‘NGGI JANG
16. Nimada amin bo‘lishimiz mumkin va nega? (Rasmga qarang.)
16 Yahova o‘tmishda nimalar qilgani haqida bilib oldik. Yaqin kelajakda nimalar bo‘ladi? Yahova sadoqatli xizmatchilarini «buyuk musibat» paytida qutqarishiga amin bo‘lishimiz mumkin. (Mat. 24:21; Don. 12:1) Bu Mago‘g yurtidagi Go‘g deb tanilgan xalqlar ittifoqi butun yer yuzi bo‘ylab Xudoning xizmatchilariga shiddatli hujum qilganida sodir bo‘ladi. Ushbu ittifoq hatto Birlashgan Millat Tashkilotining 193 ta a’zosidan iborat bo‘lsa-da, u Xudoyi Taolo va Uning samoviy qo‘shiniga qarshi jang qila olmaydi. U shunday va’da bermoqda: «Men O‘zimni ulug‘layman, muqaddas Xudo ekanligimni ko‘rsataman va ko‘p xalqlar ko‘zi oldida O‘zimni tanitaman. Shunda ular Men Yahova ekanimni bilib olishadi». (Hiz. 38:14–16, 23; Zab. 46:10)
17. Muqaddas Kitobda dunyo shohlari va benuqsonlikni saqlaganlarning kelajagi haqida nima deyilgan?
17 Go‘gning hujumi so‘nggi jangga, ya’ni Armageddonga yetaklaydi. O‘shanda Yahova «barcha jahon shohlarini» yo‘q qiladi. (Vah. 16:14, 16; 19:19–21) Bundan farqli ravishda «to‘g‘rilar yer yuzida yashaydi, benuqsonlar unda maskan quradi». (Hik. 2:21)
BENUQSON BO‘LIB QOLISHIMIZ KERAK
18. Isoning haqiqiy izdoshlari nima qilishga tayyor va nega? (Doniyor 3:28)
18 Tarix mobaynida Isoning haqiqiy izdoshlari Yahovani yaxshi ko‘rgani uchun o‘z erkinligi-yu hayotini xavf ostiga qo‘yib kelgan. Ular benuqsonlikni saqlab, Xudoyi Taologa sodiq bo‘lib qolgan uchta ibroniy yigitga o‘xshaydi. Xudo ularni olovli pechdan qutqarib qolgan. (Doniyor 3:28 ni o‘qing.)
19. Yahova nimaga muvofiq xizmatchilarini hukm qiladi va biz nima qilishimiz lozim?
19 Sano bastakori Dovud benuqsonlikni saqlash muhimligi haqida quyidagicha degan: «Yahova xalqlarga hukm chiqaradi. Ey Yahova, odilligimga yarasha, benuqsonligimga muvofiq meni hukm qil!» (Zab. 7:8) U yana: «Benuqsonlik va to‘g‘rilik meni himoya qilsin»,— deb aytgan. (Zab. 25:21) Nima bo‘lishidan qat’iy nazar Yahovaga sodiq bo‘lib qolish eng to‘g‘ri qaror. Shunda sano bastakorining quyidagi so‘zlariga qo‘shila olamiz: «Benuqson hayot kechiradigan, Yahovaning qonuni bo‘yicha yuradigan insonlar baxtlidir!» (Zab. 119:1)
122-QO‘SHIQ Mard va mahkam turing!
a Muqaddas Kitobda masihiylar hukmron hokimiyatga bo‘ysunishi haqida aytilgan. Lekin ba’zi hukumatlar Yahovaga va Uning xizmatchilariga ochiqchasiga qarshi chiqyapti. Qanday qilib ham hukmdorlarga bo‘ysunishimiz, ham benuqsonligimizni saqlashimiz mumkin?
b IBORA MA’NOSI. Benuqson bo‘lish hamisha Yahovaga sodiq bo‘lib, hatto juda qiyin paytda ham Uning hukmdorligini qo‘llab-quvvatlashni anglatadi.
c Bu sondagi «Qadimda isroilliklar janglarda qatnashgan. Nega biz qatnashmaymiz?» nomli maqolaga qarang.