Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Qadimda isroilliklar janglarda qatnashgan. Nega biz qatnashmaymiz?

Qadimda isroilliklar janglarda qatnashgan. Nega biz qatnashmaymiz?

IKKINCHI JAHON URUSHI paytida natsistlar ofitsyeri bir nechta Yahovaning Shohidiga shunday deb baqirgan: «Agar Fransiya yoki Angliyaga qarshi urushga borishdan bosh tortsangiz barchangiz o‘lasiz». Birodarlarimizning yonida askarlar turgan bo‘lsa ham ular bunga rozi bo‘lishmagan. Ha, bu jasoratning yaqqol namunasi. Ushbu misoldan Yahova Shohidlarining urushlarga bo‘lgan nuqtai nazarini ko‘rish mumkin. Biz urushlarda ishtirok etishdan bosh tortamiz. O‘lim yoqasida tursak ham bu dunyodagi mojarolarda hech kimning tarafini egallamaymiz.

Biroq o‘zini Isoning izdoshi deb ataydigan hamma ham bu nuqtai nazarga qo‘shilmaydi. Ko‘plarning fikricha, Isoning izdoshlari ham o‘z mamlakatini himoya qilishi kerak. Ular shunday o‘ylashi mumkin: «Qadimda isroilliklar Xudoning xalqi edi va janglarda qatnashgan. Unda, nega hozir Xudoning xizmatchilari bunday qilmaydi?» Qiziq, qanday javob bergan bo‘lardingiz? Balki qadimgi vaziyat hozirgiga qaraganda farq qilganini tushuntirarsiz. Keling, buning beshta tomoniga diqqat qarataylik.

1. XUDONING XIZMATCHILARI BIR XALQ VAKILLARI BO‘LGAN

O‘tmishda Yahova O‘z xizmatchilari sifatida Isroil xalqini tanlagan. U isroilliklarga: «Barcha xalqlar orasida Mening o‘zgacha mulkim bo‘lasizlar»,— deb aytgan. (Chiq. 19:5) Shuningdek, Xudo ularga ba’zi hududlarni taqsimlab bergan. Yahova xizmatchilariga boshqa xalqlarga qarshi jang qilishni aytganida, ular Unga topinadigan insonlar bilan urishmagan yoki ularni o‘ldirmagan a.

Bugungi kunda Yahovaning xizmatchilari «har bir millatdan, qabiladan, xalqdan» bo‘lib turli tillarda gapiradi. (Vah. 7:9) Agar ular janglarda ishtirok etganida, imondoshlariga qarshi chiqishiga va hatto ularni o‘ldirishiga to‘g‘ri kelardi.

2. YAHOVA ISROILLIKLARGA JANG QILISHNI BUYURGAN

O‘tmishda isroilliklar qachon va nega jang qilishini Yahova hal qilardi. Masalan, U Isroil xalqiga kan’onliklarga qarshi chiqarilgan hukmni amalga oshirishni buyurgan. Chunki ular jinlarga sajda qilgan, jinsiy axloqsizlikka qo‘l urgan va bolalarni qurbonlikka keltirgan. Isroilliklar va’da qilingan yurtni bunday yomon ta’sirdan tozalashi kerak bo‘lgan. (Lev. 18:24, 25) Ular o‘sha yurtda yashashni boshlaganida, atrofdagi dushmanlardan himoyalanish uchun Xudo ularga ba’zida jang qilishga ruxsat bergan. (2 Shoh. 5:17–25) Ammo Yahova isroilliklarga o‘z manfaatini ko‘zlab jang qilishga ijozat bermagan. Ular bunday qilganida, ko‘pincha oqibatlari yomon bo‘lgan. (Sah. 14:41–45; 2 Sol. 35:20–24)

Bugungi kunda Yahova hech kimga jang qilishni buyurmaydi. Xalqlar Xudoning emas, o‘z xohishiga ko‘ra jang qilishadi. Ular hududini kengaytirish, ko‘proq pulga ega bo‘lish yoki siyosiy sabablarga ko‘ra urush boshlaydi. Lekin e’tiqodini himoyalash yoki Xudoning dushmanlarini yo‘q qilish uchun Uning nomidan jang qilyapmiz, deb aytadiganlar haqida nima desa bo‘ladi? Yahova haqiqiy xizmatchilarini O‘zi himoya qiladi va dushmanlarini kelajakda bo‘ladigan Armageddon jangida yo‘q qiladi. (Vah. 16:14, 16) O‘shanda Yahovaning yer yuzidagi xizmatchilari emas, samoviy qo‘shini jang qiladi. (Vah. 19:11–15)

3. ISROILLIKLAR YAHOVAGA ISHONGAN ODAMLARNI O‘LDIRISHMAGAN

Yahova Yerixoga qarshi jang qilganida Rahoba va uning oilasi omon qolgan. Bugungi urushlarda-chi, xudojo‘y kishilar tirik qolyaptimi?

O‘tmishda isroilliklar Xudoga ishongan insonlarga ko‘pincha rahm-shafqat ko‘rsatishgan va faqatgina Yahova o‘limga loyiq deb bilgan insonlarni o‘ldirishgan. Ikkita misolga nazar solaylik. Yahova isroilliklarga Yerixoni vayron qilishni aytganida, Rahoba imonini namoyon etgani uchun u va uning oilasi o‘ldirilmagan. (Yoshua 2:9–16; 6:16, 17) Keyinchalik givonliklar Xudoga chuqur ehtirom ko‘rsatishgani uchun ular yashaydigan shahardagi barcha omon qolgan. (Yoshua 9:3–9, 17–19)

Bugungi kunda jang qilayotgan xalqlar xudojo‘y insonlarni ham ayashmayapti. Gohida beayb fuqarolarni ham o‘ldirishyapti.

4. ISROILLIKLAR JANGDA XUDONING KO‘RSATMALARIGA AMAL QILGAN

O‘tmishda Yahova isroilliklardan jangda Uning ko‘rsatmalariga amal qilishni talab qilgan. Masalan, ba’zida ular «tinchlik sulhini tuzish shartlarini» qarshi shaharga e’lon qilishi kerak edi. (Qonun. 20:10) Qolaversa, isroilliklardan o‘zini va qarorgohini jismonan hamda axloqan pok saqlash kutilgan. (Qonun. 23:9–14) Ularning atrofidagi xalqlar zabt etgan hududlardagi ayollarni odatda zo‘rlagan, isroilliklarga esa bunday qilish taqiqlangan. Ular shahar zabt etilganidan bir oy o‘tmaguncha asirlikka olingan ayolga uylana olmagan. (Qonun. 21:10–13)

Bugungi kunda ko‘plab mamlakatlar urush to‘g‘risida xalqaro kelishuvlarni qabul qilishadi. Garchi bu kelishuvlarning maqsadi oddiy fuqarolarni himoya qilish bo‘lsa-da, asosan ularga amal qilishmaydi.

5. XUDO XALQI UCHUN JANG QILGAN

Yahova Isroil xalqiga Yerixoni zabt etishga yordam bergan. Bugun ham U qaysidir xalq uchun jang qilyaptimi?

O‘tmishda Yahova isroilliklar uchun jang qilgan. Ular g‘alabaga erishishi uchun odatda U mo‘jizalar qilgan. Qiziq, isroilliklar Yerixoni zabt etishiga Yahova qanday yordam bergan? Uning yo‘l-yo‘rig‘i bo‘yicha isroilliklar «baland jangovor ovozda baqirishdi. Shunda shahar devorlari yer bilan yakson bo‘ldi». Shu tariqa, ular shaharni osonlikcha zabt etishdi. (Yoshua 6:20) Amoriylar bilan bo‘lgan jangda-chi? «Yahova... ularning ustiga osmondan katta toshlarni yog‘dirdi va ular halok bo‘lishdi. Isroilliklarning qilichidan o‘lganlarning soniga qaraganda, tosh yoqqani dastidan o‘lganlarning soni ko‘proq edi». (Yoshua 10:6–11)

Bugungi kunda Yahova yer yuzidagi hech bir xalq uchun jang qilmaydi. Uning Shohligi va uni boshqarayotgan Iso Masih «bu dunyodan emas». (Yuhan. 18:36) Barcha hukumatlarni esa Shayton boshqaryapti. Sodir bo‘layotgan dahshatli urushlardan u qanday shaxs ekanini ko‘ryapmiz. (Luqo 4:5, 6; 1 Yuhan. 5:19)

ISONING HAQIQIY IZDOSHLARI BOSHQALAR BILAN TINCH YASHASHGA INTILADI

Ko‘rib chiqqanimizday, hozirgi vaziyat o‘tmishdagi Isroilda bo‘lgan vaziyatdan keskin farq qiladi. Biroq urushda qatnashmasligimizning boshqa sabablari ham bor. Masalan, Alloh Undan ta’lim oladigan insonlar oxirzamonda «jang qilishni boshqa o‘rganmasligini» bashorat qilgan. Shuning uchun ham ular urushlarda qatnashmaydi. (Ishayo 2:2–4) Bundan tashqari, Iso shogirdlarini «dunyoga tegishli emas» deb aytgan. Ular bu dunyodagi mojarolarda hech kimning tarafini egallashmaydi. (Yuhan. 15:19)

Masih izdoshlariga bundan-da ko‘prog‘ini qilishni, ya’ni gina saqlashdan, g‘azablanishdan va urishishdan uzoqlashishni aytgan. (Mat. 5:21, 22) Shuningdek, «tinchlik o‘rnatuvchilar» bo‘lib, dushmanlarini sevishga chorlagan. (Mat. 5:9, 44)

Biz haqda nima desa bo‘ladi? Janglarda ishtirok etishni istamasak-da, qalbimizda imondoshlar orasida kelishmovchiliklarga yoki bo‘linishlarga sabab bo‘ladigan adovat tuyg‘usi bormi? Keling, bel bog‘lab, bu kabi tuyg‘ular bilan kurashishda davom etaylik. (Yoqb. 4:1, 11)

Bu dunyodagi janglarda qatnashishni sira ham xohlamaymiz. Oramizda tinchlik va sevgi hukm surishiga hissa qo‘shyapmiz. (Yuhan. 13:34, 35) Yahova barcha janglarni yo‘qqa chiqaradigan paytni kutar ekanmiz, iloyo, betaraf bo‘lish qarorimiz qat’iy bo‘lsin. (Zab. 46:9)

a Ayrim hollarda Isroil qabilalari o‘zaro jang qilgan. Lekin Yahova buni ma’qullamagan. (3 Shoh. 12:24) Ba’zida esa ma’qullagan, chunki muayyan qabilalar Unga qarshi chiqqan yoki jiddiy gunoh qilgan. (Hak. 20:3–35; 2 Sol. 13:3–18; 25:14–22; 28:1–8)