O‘quvchilarning savollari
Isroilliklar sahroda yeyishi uchun manna va bedanadan tashqari yana biror nima bo‘lganmi?
Isroilliklar 40 yil sahroda bo‘lishganida manna ularning asosiy ozuqasi edi. (Chiq. 16:35) Bundan tashqari, Yahova ularga ikki marta bedanalarni bergan. (Chiq. 16:12, 13; Sah. 11:31) Lekin isroilliklarda yeyish uchun boshqa oz-moz yegulik ham bo‘lgan.
Masalan, Yahova ularning ehtiyojlarini qondirishga yordam berish uchun ularni «dam oladigan joy»ga yetaklab borgan. (Sah. 10:33) Bunday joylardan biri Ilim edi. «U yerda 12ta buloq va 70ta palma daraxti bor edi». Hoynahoy, bu xurmo palmalari bo‘lgan. (Chiq. 15:27) Bir kitobda bayon etilishicha, «bu xurmo palmalari keng hududda tarqalgan. U sahroda asosiy yegulik deb hisoblangan. Undan moy olishgan va turli narsalarni ishlab chiqarishgan. Millionlab insonlar boshpana qurishda undan foydalangan». («Plants of the Bible»)
Isroilliklar bugungi kunda Feyran deb tanilgan katta vohada ham to‘xtagan bo‘lishi mumkin. Bu joy Feyran vodiysining bir qismi hisoblanadi a. Bir kitobda bu vodiy haqida shunday aytilgan: «Uning uzunligi 130 kilometr bo‘lib, u Sinaydagi eng uzun, chiroyli hamda mashhur vodiylardan biri. Vodiyning og‘zidan taxminan 45 kilometr uzoqlikda uzunligi taxminan 4,8 kilometr bo‘lgan chiroyli Feyran vohasi joylashgan va dengiz sathidan taxminan 610 metr balandlikda palmalar ekilgan. Bu joy Sinaydagi Adan bog‘i deb ataladi. Qadim zamonlardan beri minglab xurmo palmalari ko‘plarni u yerga jalb qiladi». («Discovering the World of the Bible»)
Isroilliklar Misrdan chiqib ketishayotganida o‘zlari bilan un, xamir qilish uchun idish va, ehtimol, biroz bug‘doy va moy olishgan. Albatta, bu narsalar ko‘pga yetmasdi. Bundan tashqari, ular «o‘zlari bilan nihoyatda ko‘p chorvani, qo‘y-echkilar-u qoramollarni ham olib ketish»gan. (Chiq. 12:34–39) Sahroda sharoitlar og‘ir bo‘lgani uchun anchagina hayvonlar o‘lgan. Shuningdek, ba’zi hayvonlarning go‘shtini yeyish isroilliklarga man etilgan edi. Ba’zi hayvonlar esa qurbonlikka keltirish uchun mo‘ljallangan edi. Ayrim hollarda isroilliklar soxta xudolarga atab ba’zi hayvonlarni qurbonlikka keltirgan. (Havor. 7:39–43) b Shuningdek, isroilliklar ba’zi hayvonlarni ko‘paytirgan. Buni ular itoatsizlik qilganda, Yahova ularga aytgan quyidagi so‘zlardan ko‘rishimiz mumkin: «O‘g‘illaringiz shu sahroda 40 yil cho‘ponlik qili[shadi]». (Sah. 14:33) Demak, ularda sut va ba’zida go‘sht ham bo‘lgan, deb ayta olamiz. Lekin bu 40 yil mobaynida taxminan uch million kishi to‘q bo‘lib yurishi uchun kamlik qilardi c.
Hayvonlar uchun yegulik va suv qayerdan olingan? d O‘sha paytlari bu sahroda, ehtimol, yomg‘ir ko‘p yoqqani bois o‘simliklar ko‘p bo‘lgan. Ko‘p tillarda mavjud bo‘lgan «Muqaddas Kitobni anglamoq» ensiklopediyasining 1-jildida yozilishicha, 3500 yil oldin «Arabiston hududida suv ta’minoti qaysidir jihatdan hozirgiga qaraganda yaxshiroq bo‘lgan. Daryo o‘zanlari bo‘lgan ko‘plab chuqur vodiylarning borligi suv oqimi paydo bo‘lishi uchun o‘tmishda yetarlicha yomg‘irlar yoqqanini ko‘rsatyapti». Shunga qaramasdan, bu sahro hosilsiz va qo‘rqinchli joy bo‘lgan. (Qonun. 8:14–16) Yahova mo‘jizaviy tarzda suv bermaganida, isroilliklar va ularning chorvalari, hoynahoy, o‘lib ketgan bo‘lardi. (Chiq. 15:22–25; 17:1–6; Sah. 20:2, 11)
Muso isroilliklar «odam faqat non bilan emas, balki Yahovaning og‘zidan chiqqan har bir so‘z bilan yashashini» bilishlarini istagan. Shu bois u Yahova ularni manna bilan oziqlantirganini aytgan. (Qonun. 8:3)
a «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 1992-yil 1-may (rus) sonidagi 24-, 25-sahifalariga qarang.
b Sahroda isroilliklar Yahovaga atab ikki marta hayvonlarni qurbonlikka keltirishgan. Bu Muqaddas Kitobda tilga olingan. Birinchi safar ruhoniylik xizmatiga tayinlash paytida bo‘lgan, ikkinchisi esa Fisih bayramida. Ikki safar ham mil. avv. 1512-yili, ya’ni isroilliklar Misrdan ketganidan taxminan bir yil o‘tgach bo‘lgan. (Lev. 8:14–9:24; Sah. 9:1–5)
c Isroilliklar sahroda 40 yil kezib yurishganining oxirrog‘ida, urushdan keyin yuz minglab hayvonlarni o‘lja sifatida olib ketishgan. (Sah. 31:32–34) Shunday bo‘lsa-da, ular va’da qilingan yurtga kirmaguncha manna yeyishda davom etishgan. (Yoshua 5:10–12)
d Hayvonlar manna yegan-yemagan deb xulosa qila olmaymiz, chunki Yahova har bir inson yeya olishiga qarab manna yig‘ib olishini aytgan. Hayvonlar haqida esa gap ketmagan. (Chiq. 16:15, 16)