Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

45-TADQIQ MAQOLASI

Yahovaning ramziy ma’badida topinish sharafini qadrlang

Yahovaning ramziy ma’badida topinish sharafini qadrlang

Osmonu yerni,... Yaratganga topininglar. (VAH. 14:7)

93-QO‘SHIQ Yig‘ilishlarimizga fayz baxsh et

BU MAQOLADA a

1. Farishta nima deb aytyapti va bu biz uchun nimani anglatadi?

 FARISHTA sizga gapirganida, uni tinglagan bo‘larmidingiz? Gap shundaki, hozir farishta «har bir millat, qabila, til va xalqqa» gapiryapti. U nima deyapti? «Allohdan qo‘rqing va Unga shon-sharaf keltiring,... osmon-u yerni,... Yaratganga topininglar». (Vah. 14:6, 7) Har bir inson topinishi kerak bo‘lgan haq Taolo faqat Yahovadir. U bizga buyuk ramziy ma’badida xizmat qilishdek sharafni berganidan minnatdormiz!

2. Yahovaning ramziy ma’badi bu nima? (« U nimani anglatmaydi?» nomli ramkaga ham qarang.)

2 Ramziy ma’bad nima degani? Buni tushunishimizga ko‘maklashadigan tafsilotlarni qayerdan topamiz? Ramziy ma’bad tom ma’nodagi bino emas. Bu Isoning to‘lov qurbonligi asosida Yahovaga ma’qul tarzda topinish borasidagi tadbir. Havoriy Pavlus Yahudiyada birinchi asrda yashagan ibroniy masihiylarga yo‘llagan maktubida bu borada ko‘proq ma’lumot keltirgan b.

3, 4. Nega Pavlus Yahudiyadagi ibroniy masihiylar uchun tashvishlangan va ularga qanday yordam bergan?

3 Nega Pavlus bu masihiylarga maktub yo‘llagan? Hoynahoy, buning ikkita muhim sababi bo‘lgan. Birinchidan, u dalda berishni istagan. Ularning aksariyati yahudiy dinida katta bo‘lgan. Ular masihiy bo‘lgani uchun din rahbarlari ularning ustidan kulgan bo‘lishi mumkin. Nima uchun? Sababi masihiylarning topinish uchun ma’badi, Xudoga qurbonliklar keltirish uchun qurbongohi hamda ruhoniylari bo‘lmagan. Bu ularning ruhini tushirib, imoniga salbiy ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. (Ibron. 2:1; 3:12, 14) Ehtimol, ularning ba’zilarida yahudiylik diniga qaytish vasvasasi tug‘ilgandir.

4 Ikkinchidan, Pavlus o‘sha ibroniy masihiylar Xudoning Kalomidagi «qattiq ozuqa», ya’ni yangi yoki chuqur ta’limotlarni tushunishga harakat qilishmaganini ta’kidlagan. (Ibron. 5:11–14) Hoynahoy, ularning ba’zilari haliyam Musoning Qonuniga amal qilgan. Biroq Pavlus Musoning Qonuni bo‘yicha talab etilgan qurbonliklar insonlarni gunohdan butunlayin pok qilmasligini tushuntirgan. Shu sababli Musoning Qonuni «bekor qilin»gan. Shunday qilib, Pavlus ularga ba’zi chuqur haqiqatlarni o‘rgatishni boshlagan. U masihiylarga chindan ham Xudoga yaqinlashishga yordam beradigan Isoning qurbonligi asosidagi «yaxshiroq bo‘lgan umid» haqida eslatgan. (Ibron. 7:18, 19)

5. Ibroniylarga yo‘llangan maktubni tushunish uchun nima qilishimiz lozim va nega?

5 Pavlus ibroniy birodarlariga ularning hozirgi topinishi o‘tmishdagidan ancha yuksakroq ekanini tushuntirgan. Qonun bo‘yicha yahudiylarning topinishi faqat «kelajakning soyasi» bo‘lgan, «asli esa Masihdadir». (Kolos. 2:17) Darvoqe, soya asl narsaning umumiy shaklini aks ettiradi, xolos. Demak, yahudiylarning topinishi shunchaki soya bo‘lgan, asli esa kelajakda bo‘lishi kerak edi. Yahova gunohlarimiz kechirilishi uchun o‘rnatgan tadbir qanchalik muhim ekanini tushunsak, Unga ma’qul tarzda topina olamiz. Keling, Ibroniylarga yo‘llangan maktubda tushuntirilgan «soya»ni (yahudiylarning topinishini) «asli» (masihiylarning topinishi) bilan solishtiraylik. Bunday qilish orqali ramziy ma’bad to‘g‘risida ko‘proq bilib olamiz va bu bizga qanday tegishli ekanini tushunamiz.

MUQADDAS CHODIR

6. Muqaddas chodirdan qanday foydalanishgan?

6 Yahudiylarning topinishi. Pavlus tilga olgan chodir mil. avv. 1512-yili Muso tomonidan o‘rnatilgandi. («Yahudiylarning topinishi. Masihiylarning topinishi» nomli diagrammaga qarang.) Muqaddas chodir isroilliklar bir joydan ikkinchi joyga ko‘chganida, o‘zi bilan olib yuradigan chodirga o‘xshash qurilma bo‘lgan. Quddusda ma’bad qurilmaguncha deyarli 500 yil mobaynida ular undan foydalanishgan. (Chiq. 25:8, 9; Sah. 9:22) Bu «uchrashuv chodiri» isroilliklar Yahovaga yaqinlashib, topinadigan va qurbonliklar keltirishi mumkin bo‘lgan markaziy joy edi. (Chiq. 29:43–46) Lekin muqaddas chodir masihiylar uchun kelajakda bo‘ladigan yaxshiroq narsani ham anglatgan.

7. Ramziy ma’bad qachon paydo bo‘lgan?

7 Masihiylarning topinishi. Qadimgi muqaddas chodir «samodagi narsalarning... soyasi» bo‘lib, Yahovaning buyuk ramziy ma’badini bildirardi. Pavlus «ushbu chodir belgilangan vaqt... uchun ramz bo‘lib xizmat qiladi», deb yozgan. (Ibron. 8:5; 9:9) U Ibroniylarga yo‘llangan maktubini yozishidan oldin ham masihiylar uchun bu ramziy ma’bad bor edi. U mil. 29-yili paydo bo‘lgan. O‘sha yili Iso suvga cho‘mgan va muqaddas ruh bilan moylanib, ramziy ma’badda Yahovaning «ulug‘ oliy ruhoniy»si sifatida xizmat qila boshlagan. (Ibron. 4:14; Havor. 10:37, 38) c

OLIY RUHONIY

8, 9. Isroildagi oliy ruhoniy va buyuk Oliy ruhoniy Iso Masih o‘rtasida qanday katta farq bor? (Ibroniylarga 7:23–27)

8 Yahudiylarning topinishi. Oliy ruhoniy Xudoning nazarida xalqning vakili edi. Chodir bag‘ishlanganida Yahova Isroilda birinchi oliy ruhoniy sifatida Horunni tayinlagan edi. Lekin Pavlus tushuntirganiday «ko‘p ruhoniylar bir-birlarining o‘rnini egallagan, chunki o‘lim xizmatini bajarishga imkon bermasdi». (Ibroniylarga 7:23–27 ni o‘qing.) d Qolaversa, o‘sha oliy ruhoniylar nomukammal bo‘lgani bois o‘z gunohlari uchun ham qurbonliklar keltirishi kerak edi. Bu Isroildagi oliy ruhoniylar va buyuk Oliy ruhoniy Iso Masih o‘rtasida katta farq borligining isboti.

9 Masihiylarning topinishi. Oliy ruhoniyimiz Iso Masih «odamlar tomonidan emas, balki Yahova tomonidan yaratilgan haqiqiy chodir»da xizmat qilmoqda. (Ibron. 8:1, 2) Pavlus tushuntirganidek, «Iso abadiy yashagani uchun uning ruhoniylik xizmati boshqaga o‘tmaydi». U davom ettirib, Iso «nuqsonsiz, gunohdan xoli» va Isroildagi oliy ruhoniylardan farqli o‘laroq o‘z gunohlari uchun «har kuni» qurbonlik keltirmasligini aytgan. Endi, keling, yahudiylarning topinishidagi va masihiylarning topinishidagi qurbongohlar hamda qurbonliklarning farqini ko‘rib chiqaylik.

QURBONGOHLAR VA QURBONLIKLAR

10. Mis qurbongohda keltirilgan qurbonliklar nimaga ishora qilgan?

10 Yahudiylarning topinishi. Muqaddas chodir kiraverishining tashqi tomonida Yahovaga hayvonlarni qurbonlikka keltirish uchun mis qurbongoh bor edi. (Chiq. 27:1, 2; 40:29) Biroq bu qurbonliklar odamlarni gunohdan to‘liq ozod etmasdi. (Ibron. 10:1–4) Muqaddas chodirda hayvonlarni doimiy ravishda qurbonlikka keltirish insonlarni gunohdan to‘liq ozod qiladigan yagona qurbonlikka ishora qilardi.

11. Iso o‘zini qanday qurbongohda qurbonlikka keltirgan? (Ibroniylarga 10:5–7, 10)

11 Masihiylarning topinishi. Iso Yahova uni insoniyat uchun jonini to‘lov qurbonligi sifatida bersin deya yer yuziga yuborganini bilgan. (Mat. 20:28) U suvga cho‘mib Yahova xohlaganday yo‘l tutmoqchi ekanini ko‘rsatgan. (Yuhan. 6:38; Galat. 1:4) Iso hayotini qurbonlikka keltirgan qurbongoh Xudoning «iroda»sini bildirardi. Yahovaning irodasi esa O‘g‘li mukammal hayotini insonlar uchun qurbonlikka keltirishidan iborat edi. Iso hayotini qurbon qilish orqali unga ishongan har bir insonning gunohini «birato‘la» yuvdi yoki to‘liq qopladi. (Ibroniylarga 10:5–7, 10 ni o‘qing.) Endi esa muqaddas chodirning ichidagi narsalarning ma’nosini ko‘rib chiqaylik.

MUQADDAS VA ENG MUQADDAS XONA

12. Muqaddas chodirning har bir xonasiga kim kira olgan?

12 Yahudiylarning topinishi. Muqaddas chodirning va keyinchalik Quddusda qurilgan ma’badlarning ichi bir-biriga o‘xshab ketardi. U yerdagi «Muqaddas xona» va «Eng muqaddas» xonani, ya’ni ikkita xonani parda ajratib turardi. (Ibron. 9:2–5; Chiq. 26:31–33) Muqaddas xonada oltin chiroqpoya, tutatqi tutatish uchun qurbongoh va tortiq etilgan nonlar qo‘yiladigan stol bor edi. U yerga faqat «moylangan ruhoniylar» muqaddas xizmatini bajarish uchun kira olardi. (Sah. 3:3, 7, 10) Eng muqaddas xonada tilla bilan qoplangan ahd sandig‘i bor bo‘lib, u Yahova o‘sha yerda ekanini anglatardi. (Chiq. 25:21, 22) Faqat oliy ruhoniyga yiliga bir marta — Gunohni yuvish kunida pardani ochib, Eng muqaddas xonaga kirish ruxsat etilardi. (Lev. 16:2, 17) Har yili u o‘zining va butun xalqning gunohlarini yuvish uchun hayvonlarning qoni bilan u yerga kirardi. Oxiri, Yahova muqaddas ruhi orqali muqaddas chodirdagi bu narsalarning asl ma’nosini ochib berdi. (Ibron. 9:6–8) e

13. Masihiylarning topinishida muqaddas chodirning Muqaddas va Eng muqaddas xonalari nimani bildiradi?

13 Masihiylarning topinishi. Isoning bir qancha shogirdi muqaddas ruh bilan moylanib, Yahova bilan o‘zgacha munosabatlarga ega bo‘ldi. Bu 144000 kishi osmonda Iso bilan birga ruhoniylar sifatida xizmat qiladi. (Vah. 1:6; 14:1) Muqaddas chodirning Muqaddas xonasi moylanganlar hali yerda bo‘lganida Xudo ularni ramziy o‘g‘illari sifatida qabul qilganini bildiradi. (Rim. 8:15–17) Chodirning Eng muqaddas xonasi esa Yahovaning makoni bo‘lmish osmonni bildiradi. Muqaddas xonani Eng muqaddas xonadan ajratuvchi «parda» Isoning tanasini bildiradi. U inson tanasida bo‘lganida ramziy ma’badning buyuk Oliy ruhoniysi sifatida osmonga kira olmasdi. Odamlar uchun tanasini qurbonlikka keltirib, Iso barcha moylangan masihiylarga osmonda yashashga yo‘l ochdi. Osmondagi mukofotini olish uchun ular ham o‘z tanalarini qoldirishi kerak. (Ibron. 10:19, 20; 1 Kor. 15:50) Tirilganidan keyin Iso ramziy ma’badning Eng muqaddas xonasiga kirdi. Oxiri barcha moylanganlar u yerda unga qo‘shiladi.

14. Nima tufayli Yahovaning ramziy ma’bad borasidagi tadbiri yuksakroq? (Ibroniylarga 9:12, 24–26)

14 Iso Masihning to‘lov qurbonligi va ruhoniyligi asosida pok topinish borasidagi tadbirga bo‘lgan Yahovaning nuqtai nazarini aniq ko‘ryapmiz. Isroildagi oliy ruhoniy inson qo‘li bilan yasalgan Eng muqaddas xonaga hayvon qurbonligining qoni bilan kirgan. Ammo Iso Eng muqaddas joy — Yahovaning huzuri bo‘lmish «osmonga kirgan». Iso biz uchun «o‘zini qurbonlikka keltirib, gunohni yo‘q qilish» maqsadida u yerda mukammal hayotining qadr-qimmatini Allohga taqdim etdi. (Ibroniylarga 9:12, 24–26 ni o‘qing.) Uning qurbonligi gunohni toabad yo‘q qilib yuboradigan oxirgi qurbonlikdir. Keling, endi, osmonda yashashga umid qilamizmi yoki yerdami ramziy ma’badda barchamiz Yahovaga topinishimiz mumkinligini ko‘rib chiqaylik.

HOVLILAR

15. Muqaddas chodirning hovlisida kim xizmat qilgan?

15 Yahudiylarning topinishi. Muqaddas chodirda bitta hovli bo‘lgan. U atrofi panjara bilan o‘ralgan katta hudud edi. O‘sha hovlida kuydirilgan qurbonliklar keltirilgan katta mis qurbongoh va ruhoniylar muqaddas xizmatini bajarishidan avval yuvinish uchun foydalangan mis tos bor edi. (Chiq. 30:17–20; 40:6–8) Lekin keyinchalik qurilgan ma’badlarda ruhoniy bo‘lmagan odamlar ham kelib, Xudoga topinishi uchun tashqi tomonda hovli bo‘lgan.

16. Ramziy ma’badning har bir hovlisida kim xizmat qilyapti?

16 Masihiylarning topinishi. Iso bilan osmonda ruhoniy sifatida xizmat qilishdan oldin moylangan masihiylarning qolgan qismi ramziy ma’badning yerdagi ichki hovlisida sadoqat ila xizmat qilishadi. Suv to‘ldirilgan katta tos esa barcha masihiylar va moylanganlar axloqan hamda ma’nan pok qolishi uchun eslatma sifatida xizmat qiladi. Masihning moylangan birodarlarini sadoqat ila qo‘llab-quvvatlayotgan «ulkan olomon» Yahovaga qayerda topinyapti? Havoriy Yuhanno ular «taxt» qarshisida turib, Xudoning «ma’badida tun-u kun muqaddas xizmatni ado» etishayotganini ko‘rgan. Demak, ulkan olomon yer yuzida, ya’ni ramziy ma’badning tashqi hovlisida Yahovaga topinyapti. (Vah. 7:9, 13–15) Yahovaning pok topinish borasidagi tadbirida o‘rnimiz borligidan minnatdormiz!

YAHOVAGA TOPINISH SHARAFI

17. Yahovaga qanday qurbonliklar keltirish sharafiga egamiz?

17 Bugungi kunda barcha masihiylar vaqti, kuchi hamda moddiy narsalaridan foydalanib, Yahovaga xizmat qilish sharafiga ega. Havoriy Pavlus ibroniy masihiylarga aytganidek biz ham «Allohga hamdu sano qurbonligini, ya’ni Uning ismini hammaga e’lon qilish uchun og‘zimizdan chiqqan so‘zlarni baxshida» etishimiz mumkin. (Ibron. 13:15) O‘zimizda bor eng yaxshisini berish orqali Yahovaga topinish sharafini qadrlayotganimizni ko‘rsata olamiz.

18. Nimaga beparvolik bilan qaramasligimiz va nimani unutmasligimiz kerak? (Ibroniylarga 10:22–25)

18 Ibroniylarga 10:22–25 ni o‘qing. Ibroniylarga yo‘llangan maktubining oxirida Pavlus biz hech qachon beparvolik bilan qaramasligimiz kerak bo‘lgan topinishimizning sohalari haqida aytib o‘tgan. Bunga Yahovaga ibodat orqali yaqinlashish, boshqalarga umidimiz haqida va’z qilish, jamoat bilan birga yig‘ilish va Uning kuni «yaqinlashib qolganini ko‘rib turgan ekanmiz, bir-birimizga yanada ko‘proq dalda» berish kiradi. Vahiy kitobining oxirida esa Yahovaning farishtasi quyidagi so‘zlarni ikki marta ta’kidlagan: «Allohga sajda qil». (Vah. 19:10; 22:9) Keling, Yahovaning buyuk ramziy ma’badi haqidagi chuqur haqiqatni hech qachon unutmaylik. Qolaversa, ulug‘vor Allohimizga topinish sharafini qadrlaylik!

88-QO‘SHIQ Ochib ber menga yo‘llaringni

a Yahovaning buyuk ramziy ma’badi to‘g‘risidagi ta’limot Kalomdagi eng chuqur haqiqatlarning biridir. Qiziq, ma’bad nimani bildiradi? Ushbu maqolada Ibroniylarga yo‘llangan maktubida tilga olingan bu ma’badga oid tafsilotlar ko‘rib chiqiladi. Bu maqola Yahovaga topinish sharafi uchun minnatdorchiligingizni oshirishiga tilakdoshmiz.

b Ibroniylarga yo‘llangan maktubning qisqacha mazmunini bilish uchun jw.org saytidagi «Ibroniylarga yo‘llangan maktubning ta’rifi» nomli videoni tomosha qiling.

c Faqat Yunoncha yozuvlardagi Ibroniylarga yo‘llangan maktubda Iso Oliy ruhoniy sifatida tilga olingan.

d Bir kitobga binoan, Quddusdagi ma’bad mil. 70-yili yakson qilingan vaqtga kelib Isroilda 84 dan ziyod oliy ruhoniy bo‘lgan.

e Oliy ruhoniy Gunohni yuvish kuni qilgan ishlarining ma’nosini bilish uchun jw.org saytida «Chodir» nomli (rus) videoni tomosha qiling.

g «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2010 yil 15-iyul sonidagi 22-sahifada keltirilgan «Qay yo‘sin muqaddas ruh ramziy ma’badning ma’nosini ochib bermoqda?» nomli ramkaga qarang.