Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

1924. Yuz yil avval

1924. Yuz yil avval

«XABARNOMA»NING a 1924-yil yanvar sonida shunday deyilgandi: «Masihning suvga cho‘mgan har bir xizmatchisi... yilning boshidayoq xizmatda ko‘proq qilishning imkoniyatlarini izlashi yaxshidir». Yil davomida Muqaddas Kitob tadqiqotchilari jasoratli bo‘lish hamda va’z qilishning yangi usullaridan foydalanish orqali mazkur maslahatga amal qildi.

ULAR RADIO ORQALI VA’Z QILDI

Baytildagi birodarlar Staten-Aylendda (Nyu-York shahri) WBBR radiostansiyasini qurish uchun bir yildan oshiq vaqt mehnat qilgan. Yerni tozalagach, ular ishchilar uchun katta uy va uskuna uchun alohida bino qurdi. Ish yakuniga yetganida birodarlar radioda efirga chiqish uchun kerakli uskunalarni yig‘a boshladi. Lekin avvaliga ular bir nechta to‘siqni yengib o‘tishi kerak bo‘ldi.

Radiostansiya uchun asosiy antennani o‘rnatish juda qiyin kechdi. Uzunligi 91 metr bo‘lgan antennani har birining bo‘yi 61 metrga teng bo‘lgan ikkita yog‘och ustunga osish kerak edi. Birinchi safar o‘xshamadi. Lekin Yahovaning yordamiga tayanib, birodarlar oxiri buni uddaladi. Bu loyihada qatnashgan Kelvin Posser birodar shunday dedi: «Agar birinchi safardanoq buni qila olganimizda, o‘zimiz bilan faxrlanib: “Zo‘r o‘xshatdik!” — degan bo‘lardik». Birodarlar erishgan muvaffaqiyati uchun Yahovani sharafladi, ammo qiyinchilik shu bilan tugamadi.

WBBR antennalaridan biri o‘rnatilyapti

Radio orqali efirga chiqish endi yo‘lga qo‘yilgandi va kerakli uskunalarni xarid qilish oson kechmadi. Lekin birodarlar yaqin atrofda qo‘lbola yasalgan va ishlatilgan uskunani topdi. Ular yangi mikrofon xarid qilmay, oddiygina telefondan foydalandi. Fevral oyining tunlaridan birida birodarlar bu oddiygina uskunani tekshirishga qaror qildi. Efirga chiqish uchun ularga dastur kerak edi, shu bois ular hamdu sanolar kuyladi. Birodarlardan biri Ernest Lov o‘sha kuni yuz bergan kulgili bir vaziyatni aytib bergandi. Ular kuylayotganda sudya Ruterford b qo‘ng‘iroq qilib, taxminan 25 kilometr uzoqlikda ularning kuylayotganini eshitganini aytgan ekan.

Ruterford quyidagicha degan: «Bu shovqinni bas qiling, sizlar xuddi baqirayotgan mushuklarga o‘xshab kuylayapsiz!» Birodarlar biroz uyalib shu zahoti dasturni to‘xtatdi, biroq endi ular radio ishlayotganini va efirga chiqishga tayyor ekanini bilardi.

1924-yili 24-fevralda Ruterford birodar bu radiostansiyadan Shoh Iso ularga bergan topshiriqni bajarish yo‘lida foydalanilishini aytdi. U radiostansiyaning maqsadi «har turli odamlarga Muqaddas Kitobni va muhim paytda yashayotganimizni tushunishga yordam berish» ekanini ta’kidladi.

Chapda: Ruterford birodar ilk studiyada

O‘ngda: Radiostansiyada foydalanilgan uskuna

O‘sha dastur muvaffaqiyatli bo‘ldi. Keyingi 33 yil davomida WBBR radiostansiyasi tashkilotimiz radio orqali dasturlarni o‘tkazishida xizmat qildi.

ULAR DIN RAHBARLARINI JASORAT ILA QORALADI

1924-yili iyulda Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari Kolumbusda (Ogayo) bo‘lib o‘tgan anjumanga yig‘ildi. Dunyoning turli joylaridan Muqaddas Kitob tadqiqotchilari keldi va ular arab, ingliz, nemis, yunon, venger, italyan, litva, polyak, rus, skandinaviya va ukrain tillarida nutqlar tingladi. Dasturning ayrim qismlari radio orqali efirga uzatildi va birodarlar mahalliy gazetada anjumanning har bir kuni to‘g‘risida maqolalar chiqishini tashkillashtirdi.

1924-yili Kolumbusda (Ogayo) bo‘lib o‘tgan hududiy anjuman

24-iyul payshanba kuni anjumanga kelganlarning 5000 dan ziyodi xizmatda qatnashdi. Ular deyarli 30 000 ta kitob tarqatdi va minglab Muqaddas Kitob tadqiqlarini boshladi. «Qo‘riqchi minorasi»da bu kun «anjumanning eng quvonchli qismi» deb ataldi.

25-iyul juma kuni nutqlarning birida Ruterford birodar din rahbarlarini qoralovchi bir hujjatni jasorat ila o‘qib berdi. U siyosiy, diniy va tijoriy rahbarlar odamlarga barakalar keltiradigan Xudoning Shohligi to‘g‘risida bilib olishiga to‘sqinlik qilayotganini aytdi. Bundan tashqari, Ruterford ular Millatlar Ittifoqini (Millatlar Ligasi) qo‘llab-quvvatlagani va uni Xudo boshqaruvining vakili deb aytgani uchun nohaq ekanini ta’kidladi. Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari bu xabarni odamlarga yetkazish uchun jasoratli bo‘lishlari kerak edi.

Keyinchalik «Qo‘riqchi minorasi»dagi maqolada Kolumbusda bo‘lib o‘tgan anjuman g‘ayratli birodar-u opa-singillarimizning imonini mustahkamlagani aytildi. O‘sha anjumanga tashrif buyurgan Leo Klaus quyidagicha eslaydi: «Anjumandan ketayotganimizda endi hududimizda bu xabarni tarqatishdan boshimiz ko‘kka yetgandi».

Din rahbarlari qoralangan buklamaning nusxasi

Oktyabrda Muqaddas Kitob Tadqiqotchilari Ruterford birodar din rahbarlari haqida aytgan fikrlar chop etilgan buklamaning nusxalarini tarqatdi. Oklaxomaning Klivlend nomli shaharchasida Frank Jonson buklamalarni tarqatib chiqqach, imondoshlar uni olib ketishini 20 daqiqa kutishiga to‘g‘ri keldi. Ko‘chada kutish xavfsiz emasdi, chunki undan g‘azablangan kishilar uni qidirayotgandi. Shunda Jonson birodarimiz yaqin atrofdagi cherkovda yashirinib turishga qaror qildi. Cherkov ichida hech kim yo‘q edi va u ruhoniyning Muqaddas Kitobiga hamda har bir o‘rindiqqa mazkur buklamaning nusxasini qo‘yib chiqdi. U ko‘z ochib-yumguncha cherkovdan chiqib ketdi. Unda yana biroz vaqt qoldi. Shunga Jonson yana ikkita cherkovga kirib, xuddi shunday yo‘l tutdi.

Jonson uni olib ketishlari kerak bo‘lgan joyga bordi. U uning iziga tushganlardan yashirinib, yonilg‘i shahobchasi orqasiga turdi. O‘sha kishilar uni ko‘rmay o‘tib ketdi. Ular ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi bilan yaqin atrofda va’z qilgan imondoshlar Frank Jonsonni olib ketdi.

Bitta birodar o‘sha kunni eslab shunday dedi: «Shahardan chiqib ketar ekanmiz, uchta cherkov yonidan o‘tdik. Har bir cherkovning oldida 50 tacha odam turgandi. Ulardan ba’zilari buklamani o‘qiyotgandi, boshqalari esa ruhoniy ko‘rishi uchun uni qo‘lida ushlab turgandi. Muammolarga yo‘liqmaslik uchun vaqtida ketdik. Xudoyimiz Yahova bizni himoya qildi va dushmanlarning qo‘liga tushmasligimiz uchun donolik berdi. Undan juda minnatdormiz».

XIZMATDA JASORAT KO‘RSATISH

Jozef Krett

Boshqa mamlakatlarda ham Muqaddas Kitob tadqiqotchilari jasorat bilan va’z qilgan. Fransiyaning shimolida Jozef Krett Polshadan kelgan konchilarga va’z qilgan. U «O‘lganlar yaqinda tiriladi» nomli nutqni so‘zlashi kerak edi. Birodar-u opa-singillar odamlarga taklifnomani tarqatganida, mahalliy ruhoniy ularga bormaslikni aytdi. Uning bu harakati teskari natija keltirdi. 5000 dan ziyod odam, jumladan, ruhoniyning o‘zi ham nutqni tinglashga keldi! Birodarimiz Krett ruhoniyga o‘z e’tiqodini himoya qilishni taklif qildi, ammo u bundan bosh tortdi. Krett uni tinglagan odamlar Xudoning Kalomiga tashna ekanini ko‘rib, barcha adabiyotlarni tarqatib chiqdi. (Amos 8:11)

Klaud Braun

Klaud Braun xushxabarni va’z qilish uchun Afrikaning hozirda Gana deb tanilgan Gold-Kost mamlakatiga bordi. U so‘zlagan nutqlar va tarqatgan adabiyotlari tufayli o‘sha yurtda xushxabar tez tarqaldi. O‘sha paytda farmatsevtika sohasida o‘qiyotgan Jon Blankson Braun birodarimizning nutqlarini tinglashga borgandi. U shu zahoti haqiqatni topganini tushundi. «Haqiqat qalbimni quvonchga to‘ldirdi va o‘qishda bu haqda ochiqchasiga suhbatlashardim»,— deb bo‘lishgandi Jon.

Jon Blankson

Jon Muqaddas Kitobda Uchlik haqida o‘rgatilmasligini bildi. Shu bois bir kuni u cherkovga borib, bu haqda ruhoniydan so‘radi. Ruhoniy bo‘lsa achchig‘i kelib unga: «Sen Isoga ishonmaysan. Sen Iblisga tegishlisan. Yo‘qol bu yerdan!» — deb baqirib berdi.

Uyga kelgach, Jon ruhoniyga xat yozib, odamlar oldida Uchlikni himoyalashni taklif qildi. Ruhoniy unga o‘qishidagi asosiy muallimning xonasiga borishni aytdi. U yerda muallim Jondan u rostdan ham ruhoniyga yozganmi yo yo‘qmi so‘radi.

«Ha, yozdim, janob»,— dedi Jon.

Muallimi Jondan ruhoniydan uzr so‘rab xat yozishni talab qildi. Shunda Jon quyidagicha yozdi:

«Janob, muallimim sizdan uzr so‘rab xat yozishni aytdi. Yolg‘on ta’limotlarni o‘rgatayotganingizni tan olsangizgina men sizdan uzr so‘rayman».

Bundan hayron qolgan muallim: «Blankson, sen shunday deb yozmoqchimisan?» — deb so‘radi.

«Ha, janob. Men faqat shuni yoza olaman».

«O‘qishdan haydalasan. Hukumatimiz cherkovining ruhoniysiga qarshi chiqishda davom etsang, bu yerda qololmaysan».

«Lekin, janob,... darslaringizda nimanidir tushunmasak, sizdan so‘raymiz. Shunday emasmi?»

«To‘g‘ri, so‘raysiz».

«Bu vaziyatda ham shunday bo‘ldi. U Muqaddas Kitob asosida ta’lim berayotgandi, men unga savol berdim. Agar savolimga javob berolmagan bo‘lsa, nega undan uzr so‘rashim kerak?»

Blankson o‘qishdan haydalmadi. Uzr so‘rab xat ham yozmadi.

KELAJAKKA NAZAR SOLIB

1924-yilgi faoliyatimiz borasida «Qo‘riqchi minorasi»da shunday aytilgan: «“Jang qilish uchun Sen menga kuch ato etasan”,— deb aytgan Dovudning so‘zlariga qo‘shilamiz». (Zab. 18:39) Yahovaning qo‘lini ko‘rganimiz uchun bu yil juda daldali bo‘ldi. Uning sadoqatli xizmatchilari quvonch ila xushxabarni e’lon qildi».

Yil oxirida birodarlar yana bir radiostansiya qurishni rejalashtirdi. Bu yangi loyiha ustidagi ish Chikago yaqinida amalga oshirila boshladi. Yangi radiostansiya «KALOM» deb nomlandi. Bu safar kuchliroq uskunadan foydalanilgani tufayli juda olisdagi, hatto Kanadaning shimolidagi odamlar Shohlik haqidagi xushxabarni eshita olardi.

1925-yili birodarlar Yahovaning yordami bilan Vahiy 12-bobdagi tushunchamizga aniqlik kirita oldi. Bu yangi tushuncha natijasida ba’zilar Yahovaga xizmat qilishni to‘xtatdi. Lekin ko‘plar samoda yuz berayotgan voqealarni va bu Xudoning xalqiga qanday taalluqli ekanini yaxshiroq tushunishdan rosa xursand edi.

a Hozir «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. Ta’lim dasturi» deb nomlanadi.

b O‘sha paytda rahbarlikni zimmasiga olgan Ruterford birodar Muqaddas Kitob tadqiqotchilari orasida «sudya» deb tanilgandi. U Baytil xizmatini boshlashdan avval bir sud jarayonida maxsus sudya sifatida xizmat qilgan. («Eighth Judicial Circuit Court of Missouri»)