Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

42-TADQIQ MAQOLASI

103-QO‘SHIQ Cho‘ponlar — Alloh bergan hadyalar

«Hadya sifatida» berilgan kishilar uchun minnatdor ekaningizni ko‘rsating

«Hadya sifatida» berilgan kishilar uchun minnatdor ekaningizni ko‘rsating

U tepalikka ko‘tarilganda,... odamlarni hadya sifatida berdi. (EFES. 4:8)

ASOSIY FIKR

Jamoat xizmatkorlari, oqsoqollar va tuman nozirlari bizga qanday yordam bera oladi? Bu sadoqatli kishilarning yordami uchun minnatdor ekanimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

1. Iso bizga qanday ayrim hadyalarni bergan?

 HECH KIM Iso kabi saxiy bo‘lmagan. U yer yuzida bo‘lganida mo‘jiza yaratish qudratidan boshqalarga yordam berish maqsadida saxiylik ila foydalangan. (Luqo 9:12–17) Iso hayotini biz uchun fido qilish orqali barchamizga tengi yo‘q hadya bergan. (Yuhan. 15:13) U tirilganidan keyin ham bizga yordam berib kelyapti. Iso va’da qilganiday, bizga ta’lim va tasalli berish uchun Yahovadan muqaddas ruhini yog‘dirishni so‘ragan. (Yuhan. 14:16, 17) Qolaversa, u jamoat uchrashuvlari orqali butun yer yuzi bo‘ylab shogird tayyorlashimiz uchun bizga kerakli narsalarni taqdim etishda davom etyapti. (Mat. 28:18–20)

2. Efesliklarga 4:7, 8 da tilgan olingan «hadya sifatida»gi kishilar kimlarni bildiradi?

2 Isoning hadyalaridan biriga diqqat qarataylik. Havoriy Pavlus Iso osmonga ko‘tarilganidan keyin «odamlarni hadya sifatida» berganini yozgan. (Efesliklarga 4:7, 8 ni o‘qing.) U Iso bu hadyalarni jamoatni turli yo‘llar orqali qo‘llab-quvvatlash uchun taqdim etganini tushuntirgan. (Efes. 1:22, 23; 4:11–13) Bugungi kunda ushbu hadyalarga jamoat xizmatkorlari, oqsoqollar va tuman nozirlari kiradi a. Albattaki, bu erkaklar nomukammal, shunga xatolar qilib turadi. (Yoqb. 3:2) Biroq Hazratimiz Iso Masih bizga yordam berish uchun ulardan foydalanyapti. Ular u bizga bergan hadyadir.

3. Qay yo‘sin barchamiz «hadya sifatida»gi birodarlarni qo‘llab-quvvatlay olamiz?

3 Iso «hadya sifatida»gi bu kishilarni jamoatni mustahkamlash uchun tayinlagan. (Efes. 4:12) Lekin barchamiz ularga bu muhim vazifani bajarishda yordam bera olamiz. Masalan, ba’zilarimiz Yig‘ilish zallarining qurilishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashamiz. Boshqalar esa ovqat tayyorlash, transport vositasini taqdim etish yoki boshqa xizmatlar orqali bu ishni qo‘llab-quvvatlaydi. Shunga o‘xshab hammamiz gap so‘zlarimiz-u ishlarimiz bilan jamoat xizmatkorlari, oqsoqollar va tuman nozirlarining harakatlarini qo‘llab-quvvatlay olamiz. Keling, Iso «hadya sifatida» bergan kishilarning mehnatidan qanday foyda olishimizni va ularga bo‘lgan minnatdorchiligimizni qay yo‘sin ko‘rsatishimiz mumkinligini muhokama qilaylik.

JAMOAT XIZMATKORLARINING YORDAMI

4. Birinchi asrdagi jamoat xizmatkorlari qaysi ayrim ishlar orqali yordamlashgan?

4 Birinchi asrda ba’zi birodarlar jamoat xizmatkorlari etib tayinlangan. (1 Tim. 3:8) Aftidan, 1 Korinfliklarga 12:28 da Pavlus «yordamlashish» deb aynan bu birodarlarning ko‘magiga ishora qilgan. Oqsoqollar ta’lim berish va cho‘ponlik qila olishi uchun jamoat xizmatkorlari muhim ishlarni bajargani shubhasiz. Misol uchun, ular Muqaddas Yozuvlardan nusxa ko‘chirishga yoki bu ish uchun kerak bo‘ladigan xomashyolarni xarid qilishga yordam berganga o‘xshaydi.

5. Bugungi kunda jamoat xizmatkorlari qaysi ayrim ishlar orqali ko‘maklashadi?

5 Xizmatkorlar jamoatingizda qaysi ayrim muhim vazifalarni bajarishi to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. (1 Butr. 4:10) Balki ular jamoat hisobi yoki hududlarni tashkillashtirishga g‘amxo‘rlik qilish uchun tayinlangandir yoki va’zgo‘ylarda adabiyot bo‘lishi uchun ularni buyurtma qilar. Audio-video qo‘yishda ko‘maklashar, yordamchilar sifatida xizmat qilar yoki Yig‘ilish zalini ta’mirlashda qatnashar. Jamoat uchrashuvlari o‘rinli o‘tishi va va’zgo‘ylik faoliyati tashkillashtirilgan tarzda olib borilishi uchun bu xizmatlarning barchasi muhimdir. (1 Kor. 14:40) Bundan tashqari, ba’zi jamoat xizmatkorlari «Hayot tarzimiz va xizmatimiz. ta’lim dasturi»da ayrim qismlarni o‘tkazadi hamda ommaviy nutqlar so‘zlaydi. Shuningdek, jamoat xizmatkorlari guruh nozirlariga yordamchi etib tayinlanadi. Gohida talablarga mos keladigan jamoat xizmatkorlari daldali tashriflar qilishda oqsoqollarga hamroh bo‘ladi.

6. Jon kuydirib mehnat qilayotgan jamoat xizmatkorlaridan minnatdor ekanimizning ba’zi sabablari qanday?

6 Jamoat xizmatkorlarining mehnati imondoshlarimizga qanday foyda keltiradi? «Jamoat xizmatkorlari tufayli yig‘ilishlarda maza qilib o‘tiraman»,— deb bo‘lishdi boliviyalik opamiz Beberli b. Kolumbiyada yashovchi va eri oqsoqol bo‘lib xizmat qiladigan Lesli opamiz esa shunday dedi: «Ular yordam bergani uchun men kuylashim, sharhlar berishim, nutqlarni tinglashim hamda videolar-u rasmlardan foyda olishim mumkin. Ular imondoshlarning xavfsizligiga va uchrashuvga kela olmaganlar dasturni uyidan tomosha qila olishiga g‘amxo‘rlik qiladi. Uchrashuv tugaganidan keyin ular tashabbusni qo‘lga olib, Yig‘ilish zalini tozalashga, jamoatning buxgalteriya hisobotini yuritishga ko‘maklashadi. Bundan tashqari, ular bizda adabiyotlar bo‘lishiga g‘amxo‘rlik qiladi. Ulardan minnatdorman». U yana shunday qo‘shib qo‘ydi: «Turmush o‘rtog‘im turli vazifalarni bajara olishi uchun jamoat xizmatkorlarining yordamiga muhtoj. Ularsiz u juda band bo‘lardi. Shuning uchun jamoat xizmatkorlarining g‘ayrati va tayyorlik ruhi uchun minnatdorman». Sizning ham ichingizdan shunday tuyg‘ular o‘tayotgani shubhasiz! (1 Tim. 3:13)

7. Jamoat xizmatkorlaridan minnatdor ekanimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz? (Rasmga ham qarang.)

7 Jamoat xizmatkorlari uchun minnatdor bo‘lsak-da, Muqaddas Kitob bizni «minnatdor ekaningizni ko‘rsatinglar» deb undamoqda. (Kolos. 3:15) Finlyandiyadagi oqsoqol Kshishtof minnatdor ekanini quyidagi yo‘llar bilan ko‘rsatar ekan. U shunday dedi: «Jamoat xizmatkori aynan nima orqali menga dalda berganini yoki nega uning xizmatini qadrlashimni aytish uchun biron oyatdan iqtibos keltirib, otkritka yoki SMS yuboraman». Yangi Kaledoniyada yashaydigan Paskal va Jeyl esa jamoat xizmatkorlari uchun ibodat qiladi. Paskal shunday deb bo‘lishdi: «Oxirgi paytlari jamoat xizmatkorlari uchun ko‘p ibodat qilyapmiz. Ular uchun Yahovaga rahmat aytamiz, Undan ular bilan bo‘lishini va ko‘maklashishini so‘raymiz». Yahova bu kabi ibodatlarni eshitadi va butun jamoat foyda oladi. (2 Kor. 1:11)

JAMOAT OQSOQOLLARI «ZO‘R BERIB MEHNAT» QILYAPTI

8. Nima uchun Pavlus birinchi asrdagi oqsoqollar haqida «zo‘r berib mehnat» qilyapti deb ayta olgan? (1 Salonikaliklarga 5:12, 13)

8 Birinchi asrdagi oqsoqollar zo‘r berib mehnat qilgan. (1 Salonikaliklarga 5:12, 13 ni o‘qing; 1 Tim. 5:17) Ular jamoatni boshqarishgan, ya’ni uchrashuvlarni o‘tkazishgan hamda oqsoqollar kengashi sifatida qarorlar chiqargan. Oqsoqollar birodar-u opa-singillariga nasihat bergan. Ular buni jamoatni himoyalash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri, lekin sevgi ila qilgan. (1 Salon. 2:11, 12; 2 Tim. 4:2) Shubhasizki, bu erkaklar, shuningdek, oilasini ta’minlash va ma’nan mustahkam qolish uchun ko‘p jon kuydirgan. (1 Tim. 3:2, 4; Titus. 1:6–9)

9. Bugungi kunda oqsoqollar qaysi ayrim vazifalarni bajaradi?

9 Bugungi kunda oqsoqollarning juda ko‘p vazifasi bor. Ular xushxabarni va’z qiladi. (2 Tim. 4:5) Oqsoqollar va’zgo‘ylik faoliyatida g‘ayrat ila yetakchilik qiladi. Mahalliy hududdagi va’zgo‘ylik faoliyatini tashkillashtiradi hamda samarali va’z qilishimiz va Muqaddas Kitob tadqiqlarini o‘tkaza olishimiz uchun ta’lim beradi. Bundan tashqari, ular rahmdil va yuzxotirchilikdan xoli hakamlardir. Masihiy jiddiy gunohga qo‘l urganida oqsoqollar unga Yahova bilan do‘stligini tiklashga yordam berish uchun jon kuydiradi. Shu bilan birga, ular jamoatni pok saqlashga diqqat qaratadi. (1 Kor. 5:12, 13; Galat. 6:1) Asosiysi oqsoqollar cho‘ponlarimizdir. (1 Butr. 5:1–3) Ular Muqaddas Kitobga asoslangan va yaxshi tayyorlangan nutqlarni so‘zlaydi. Jamoatdagi barcha bilan yaqinroq tanishishga intiladi va daldali tashriflar qiladi. Ba’zi oqsoqollar bu vazifalardan tashqari, Yig‘ilish zallarini qurish va ta’mirlashda, anjumanlarni tashkillashtirishda yordam beradi hamda Kasalxonalar bilan aloqa qilish qo‘mitalarida va Bemorlarni yo‘qlash guruhlarida xizmat qiladi. Ha, oqsoqollar biz uchun zo‘r berib mehnat qiladi!

10. Zo‘r berib mehnat qilayotgan oqsoqollardan minnatdor ekanimizning ba’zi sabablari qanday?

10 Yahova oqsoqollar bizga chin dildan g‘amxo‘rlik qilishini va biz hech nimadan qo‘rqmasligimizni yoki dahshatga tushmasligimizni bashorat qilgan. (Yerm. 23:4) Finlyandiyalik Joanna ismli opamiz onasi jiddiy sog‘liq muammosini boshdan o‘tkazganda, bu so‘zlar qanchalik rost ekanini o‘zida his qildi. U shunday dedi: «His-tuyg‘ularimni boshqalar bilan bo‘lishish men uchun qiyin edi. Lekin men uncha tanimaydigan bir oqsoqol menga hamdardlik ko‘rsatdi. Men bilan ibodat qildi va meni Yahovaning sevgisiga ishontirdi. Ochig‘i, u nimalar degani esimda yo‘q, lekin o‘shanda o‘zimni xotirjam his qilganman. Bu birodar menga ayni kerakli paytda yordam berdi. Uni Yahova yuborganiga shubham yo‘q». Jamoat oqsoqollaringiz sizga qanday yordam berishgan?

11. Oqsoqollardan minnatdor ekanimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz? (Rasmga ham qarang.)

11 Yahova oqsoqollarning «ishlari uchun» chin dildan minnatdor bo‘lishimizni istaydi. (1 Salon. 5:12, 13) Finlyandiyada yashovchi Xenriyetta shunday dedi: «Oqsoqollar boshqalarga tayyorlik ila yordam beradi. Lekin bu ularning ortiqcha vaqti yoki kuchi borligini yo bo‘lmasa hayotida hech qanday qiyinchilik yo‘qligini anglatmaydi. Ba’zida ularga shunday deyman: “Siz zo‘r oqsoqolsiz, buni sizga aytgim keldi”». Turkiyada yashaydigan Sera ismli opamiz esa quyidagicha bo‘lishdi: «Oqsoqollar to‘xtab qolmasligi uchun ularga “yonilg‘i” kerak. Shuning uchun ularga otkritka yuborsak, ularni ovqatga yoki va’zgo‘ylik xizmatida hamkorlik qilishga taklif qilsak bo‘ladi». Balki siz ham qaysidir oqsoqolning mehnati uchun o‘zgacha tarzda minnatdordirsiz. Unga buni ko‘rsatishning yo‘llarini izlang. (1 Kor. 16:18)

Oqsoqollar uchun «yonilg‘i» kabi bo‘lib ular to‘xtab qolmasligiga ko‘maklasha olasiz (7-, 11-, 15-xatboshilariga qarang.)


TUMAN NOZIRLARI MUSTAHKAMLAYDI

12. Birinchi asrdagi qaysi tadbir jamoatni mustahkamlagan? (1 Salonikaliklarga 2:7, 8)

12 Iso Masih jamoatga o‘zgacha tarzda yordam berishi uchun ba’zi erkaklarni tayinlagan. Uning yo‘l-yo‘rig‘i ostida Quddusdagi oqsoqollar Pavlus, Barnabo va boshqa kishilarni ko‘chma nozir sifatida yuborgan. (Havor. 11:22) Nega? Ular ham jamoat xizmatkorlari va oqsoqollar kabi jamoatni mustahkamlash uchun tayinlanadi. (Havor. 15:40, 41) Bu erkaklar qulayliklardan voz kechib boshqalarga ta’lim va dalda berish uchun hatto hayotini xavf ostiga qo‘ygan. (1 Salonikaliklarga 2:7, 8 ni o‘qing.)

13. Tuman nozirlari bajaradigan ayrim vazifalar qanday?

13 Tuman nozirlari ko‘p safarga chiqadi. Ba’zilari bir jamoatdan boshqasiga yetib borish uchun yuzlab kilometr masofani bosib o‘tadi. Har hafta tuman noziri nutqlar so‘zlaydi, daldali tashriflar qiladi, kashshoflar va oqsoqollar bilan uchrashadi hamda voizlik xizmati uchrashuvlarini o‘tkazadi. Tuman va hududiy anjumanlarni tashkillashtirib, nutqlar tayyorlaydi. Kashshoflar maktabida ta’lim beradi. Tumandagi kashshoflar bilan maxsus uchrashuvni tashkillashtiradi hamda filial unga topshirgan boshqa — gohida shoshilinch — vazifalarni bajaradi.

14. Zo‘r berib mehnat qilayotgan tuman nozirlaridan minnatdor ekanimizning ayrim sabablari qanday?

14 Jamoatlar tuman nozirlaridek hadyadan qanday foyda oladi? Ko‘chma nozirlarning tashrifi haqida Turkiyadagi bir birodar shunday dedi: «Har bir tashrifdan keyin birodar-u opa-singillarimga yordam berish uchun ko‘proq vaqt ajratgim keladi. Ko‘p tuman nozirlari bilan tanishganman, lekin birontasi u juda band yoki yaqinlashib bo‘lmaydiganday taassurot qoldirmagan». Yuqorida tilga olingan Joanna tuman noziri bilan uyma-uy xizmatida hamkorlik qilgan, ammo uyda hech kim bo‘lmagan. U quyidagicha bo‘lishdi: «O‘sha kunni doim eslayman. Ikkita opam endigina ko‘chib ketgandi va ularni judayam sog‘ingandim. Tuman noziri iliqlik ila menga dalda berdi va Yahovaning xizmatida masofalar vaqtincha ekanini va yangi dunyoda birga vaqt o‘tkazish uchun cheksiz imkoniyatlarga ega bo‘lishimizni tushunishimga yordam berdi». Ko‘plarimizda tuman nozirlari bizga yordam bergani bilan bog‘liq yoqimli xotiralar bor. (Havor. 20:37–21:1)

15. a) 3 Yuhanno 5–8 ga ko‘ra, tuman nozirlaridan minnatdor ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz? (Rasmga ham qarang.) b) Tayinlangan birodarlarning turmush o‘rtoqlaridan nega minnatdor bo‘lishimiz kerak? (« Ularning turmush o‘rtoqlarini unutmang» nomli ramkaga qarang.)

15 Havoriy Yuhanno Gayni tashrif buyurgan birodarlarga mehmondo‘stlik ko‘rsatishga va ularni «Xudoga ma’qul tarzda yo‘lga» jo‘natishga undagan. (3 Yuhanno 5–8 ni o‘qing.) Biz uchun bunday qilishning yo‘llaridan biri tuman nozirini ovqatga taklif qilishdir. Qolaversa, tuman nozirining tashrifi davomida va’zgo‘ylik xizmati uchrashuvlariga borishimiz mumkin. Yuqorida tilga olingan Lesli ularning mehnati uchun minnatdor ekanini boshqa yo‘llar orqali ko‘rsatadi. U shunday dedi: «Yahovaga ibodat qilib tuman nozirlarining ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishini so‘rayman. Turmush o‘rtog‘im bilan ularga xatlar yozib, tashriflari bizga qanchalik yordam berganini aytamiz». Unutmang, tuman nozirlari ham biz kabi qiyinchiliklarga duch keladi va charchaydi. Ba’zida ular ham kasal bo‘ladi, xavotirlanadi va hatto tushkunlikka tushadi. Ehtimol, sizning mehrga to‘la so‘zlaringiz yoki kichkinagina sovg‘angiz ularning yordam so‘rab qilgan ibodatiga javob bo‘lishi mumkin. (Hik. 12:25)

«HADYA SIFATIDA» BERILGAN ODAMLARGA MUHTOJMIZ

16. Hikmatlar 3:27 ga binoan, birodarlar o‘zlariga qanday savollar berib ko‘rsa bo‘ladi?

16 Dunyo bo‘ylab «hadya sifatida» xizmat qiladigan ko‘proq birodarlarga muhtojmiz. Agar suvga cho‘mgan birodar bo‘lsangiz, boshqalarga yordam berish qo‘lingizdan keladimi? (Hikmatlar 3:27 ni o‘qing.) Jamoat xizmatkori bo‘lish uchun talablarga mos kelishni istaysizmi? Agar jamoat xizmatkori bo‘lsangiz, oqsoqol sifatida xizmat qilish maqsadi sari intila olasizmi? c Shohlik xabarchilari maktabiga ariza to‘ldirish uchun hayotingizga kerakli o‘zgarishlar kirita olasizmi? Iso sizdan ko‘proq foydalana olishi uchun bu maktab sizga ta’lim va ko‘mak beradi. «Talablarga javob bermayman» deb o‘ylasangiz, Yahovaga ibodat qiling. Sizga beriladigan har qanday vazifani muvaffaqiyat ila bajara olishingiz uchun Undan muqaddas ruhini so‘rang. (Luqo 11:13; Havor. 20:28)

17. «Hadya sifatida»gi birodarlar Shohimiz Iso Masih haqida nimani oshkor etyapti?

17 Iso «hadya sifatida» bo‘lgan birodarlarni tayinlagani ushbu oxirgi kunlarda u bizni yetaklayotganining isbotidir. (Mat. 28:20) Sevuvchi, saxiy, bizga e’tibor va yordam beradigan birodarlarni beruvchi Shohimiz borligi uchun minnatdormisiz? Shunday bo‘lsa, ularning og‘ir mehnati uchun minnatdor ekaningizni ko‘rsatishning yo‘llarini izlang. Bundan tashqari, «yaxshi va mukammal hadyalarning» Manbasi bo‘lmish Yahovaga rahmat aytishdan aslo charchamang. (Yoqb. 1:17)

  • Nima uchun jamoat xizmatkorlarining...

  • Nega oqsoqollarning...

  • Nima sababdan tuman nozirlarining....

MEHNATI UCHUN MINNATDORSIZ?

99-QO‘SHIQ Son-sanoqsiz Shohidlarmiz

a Yetakchi Kengashda xizmat qiladigan oqsoqollar, ularning yordamchilari, Filial qo‘mitasi a’zolari va boshqa vazifaga tayinlangan birodarlar ham «hadya sifatida» berilgan cho‘ponlardir.

b Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

c Jamoat xizmatkori yoki oqsoqol bo‘lish maqsadiga qay yo‘sin erishish to‘g‘risida «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2024-yil noyabr sonidagi «Birodarlar, jamoat xizmatkori bo‘lishga intilyapsizmi?» va «Birodarlar, jamoat oqsoqoli bo‘lishga intilyapsizmi?» nomli maqolalarga qarang.