Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

41-TADQIQ MAQOLASI

13-QO‘SHIQ Masih biz uchun o‘rnakdir

Isoning yer yuzidagi so‘nggi 40 kunidan saboqlar

Isoning yer yuzidagi so‘nggi 40 kunidan saboqlar

Iso ularga 40 kun mobaynida ko‘rindi va Xudoning Shohligi haqida aytib [berdi]. (HAVOR. 1:3)

ASOSIY FIKR

Iso yer yuzida o‘tkazgan so‘nggi 40 kunida nimalar qilganidan qanday saboqlar olishimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

1, 2. Isoning ikkita shogirdi Emmausga ketayotganida, ular bilan qanday voqea yuz berdi?

 MIL. 33-yil 16-nison. Isoning shogirdlari qattiq qayg‘u va qo‘rquvda. Ularning ikkovi Quddusdan taxminan 11 kilometr uzoqlikda joylashgan Emmaus qishlog‘iga yo‘l olgan. Ular tushkunlikda, chunki ustozi Iso yaqindagina o‘ldirildi. Bu kishilarning Masihga bo‘lgan umidi go‘yoki puchga chiqqanday, ammo kutilmaganda bir narsa yuz beradi.

2 Bir kishi oldilariga keladi va ularga hamroh bo‘ladi. Shogirdlar unga Iso bilan nima yuz berganini aytib berishadi. O‘sha kishi hech qachon ularning yodidan chiqmaydigan fikrlar bilan bo‘lishadi. U «Musodan tortib barcha payg‘ambarlar kitoblari»ga ishora qilib, nega Iso Masih azob chekib o‘lishi kerakligini ularga tushuntirib beradi. Ular Emmausga yetib kelganida shogirdlar bu odam Xudo tiriltirgan Iso ekanini tushunib yetadi. Shogirdlar Masih tirik ekanini bilganida qanchalik xursand bo‘lganini tasavvur qilsak bo‘ladi. (Luqo 24:13–35)

3, 4. Isoning shogirdlari bilan nima bo‘ldi va bundan qanday saboq olyapmiz? (Havoriylar 1:3)

3 Iso yer yuzida o‘tkazgan so‘nggi 40 kun davomida bir necha marotaba shogirdlariga ko‘ringan. (Havoriylar 1:3 ni o‘qing.) U qayg‘uga botgan va qo‘rquvga berilgan shogirdlariga taskin baxsh etgan. Ular Xudo to‘g‘risidagi xushxabarni va’z qilish hamda ta’lim berish uchun quvonch va jasoratga to‘lgan a.

4 Isoning hayotidagi bu ajoyib davrni tadqiq qilishdan foyda olamiz. Ushbu maqolada qay yo‘sin Iso vaqtidan foydalanib, 1) shogirdlariga dalda berganini, 2) ularga Muqaddas Yozuvlarni yaxshiroq tushunishga ko‘maklashganini va 3) kattaroq mas’uliyatlarni olish uchun ta’lim berganini ko‘rib chiqamiz. Har bir vaziyatni muhokama qilar ekanmiz, qay yo‘sin Isoning o‘rnagiga ergashishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.

BOSHQALARGA DALDA BERING

5. Nega Isoning shogirdlari daldaga muhtoj edi?

5 Isoning shogirdlari daldaga muhtoj edi. Nega? Shogirdlarning ba’zilari Isoga ergashish uchun uyini, oilasini va ishini tashlab ketgan. (Mat. 19:27) Boshqalari esa uning shogirdi bo‘lgani tufayli adolatsiz munosabatga duch kelgan. (Yuhan. 9:22) Ular Iso va’da qilingan Masih ekaniga ishongani uchun bunday fidoyiliklar qilgan. (Mat. 16:16) Biroq Iso o‘ldirilganida ularning umidi puchga chiqqan va tushkunlikka tushgan.

6. Iso tirilganidan keyin nima qildi?

6 Shubhasizki, Iso shogirdlari imoni zaif bo‘lgani uchun emas, balki katta yo‘qotishdan qayg‘uga botganini bilgan. Shu bois u tirilishi bilanoq do‘stlariga dalda berishni boshlagan. Masalan, u uning qabri yonida yig‘lab o‘tirgan Magdalalik Maryamga ko‘ringan. (Yuhan. 20:11, 16) Qolaversa, Iso maqolaning boshida tilga olingan ikkita shogirdiga ko‘ringan. Shuningdek, havoriy Butrusga ko‘ringan. (Luqo 24:34) Uning o‘rnagidan qanday saboq olyapmiz? Keling, Iso Magdalalik Maryamga ko‘ringanida nima yuz berganiga diqqat qarataylik.

7. Yuhanno 20:11–16 da yozilganidek, 16-nison saharda Iso Maryam nima qilayotganini kuzatdi va bu uni nima qilishga undadi? (Rasmga ham qarang.)

7 Yuhanno 20:11–16 ni o‘qing. 16-nison saharda bir nechta sadoqatli ayol Iso dafn etilgan joyga boradi. (Luqo 24:1, 10) Ulardan biri Magdalalik Maryam bo‘lgan. Bu sadoqatli ayol qabrga borganida, u bo‘sh ekanini ko‘radi. Shunda bu haqda Butrus va Yuhannoga aytish uchun tezda ularning oldiga boradi. Ular qabr tomon yugurar ekan, Maryam ularning ortidan boradi. Qabr bo‘sh ekanini ko‘rishgach, Butrus va Yuhanno uyga qaytadi. Lekin u yig‘lagancha o‘sha yerda qoladi. Maryam Iso uni kuzatib turganini xayoliga ham keltirmagandi. Iso bu sadoqatli ayolning ko‘z yoshlarini ko‘rib, qattiq ta’sirlangandi. Shunda u Maryamga ko‘rinadi va unga rosa dalda bergan oddiy bir ish qiladi. Iso u bilan gaplashib, unga muhim bir vazifa beradi, ya’ni birodarlariga tirilgani to‘g‘risidagi xabarni yetkazishni aytadi. (Yuhan. 20:17, 18)

Kuzatuvchan va ruhi tushganlarga hamdard bo‘lib Isoga taqlid qiling (7-xatboshiga qarang.)


8. Qay yo‘sin Isoga taqlid qila olamiz?

8 Qay yo‘sin Isoga taqlid qila olamiz? Imondoshlarimizning qiyinchiliklaridan xabardor bo‘lsak va ular bilan hamdardlik ila suhbatlashsak, Iso kabi ularni Yahovaga xizmat qilishdan to‘xtatmaslikka undash uchun ko‘p narsa qila olamiz. Jozelin opamizning misoliga diqqat qarataylik. Uning singlisi baxtsiz hodisada halok bo‘lgandi. U shunday dedi: «Ancha oylar davomida qattiq qayg‘uga botib yurdim». Lekin bir juftlik uni uyiga taklif qildi, hamdardlik ila tingladi va Xudoning nazarida qadr-qimmatga ega ekaniga ishontirdi. Jozelin shunday dedi: «Go‘yoki Yahova bo‘ron bo‘layotgan qorong‘i dengizdan meni olib chiqib, qutqaruv qayig‘iga o‘tqazganday bo‘ldi. Ularning yordami tufayli yana Yahovaga xizmat qilish istagim paydo bo‘ldi». Imondoshlarimiz qalbidagilarini to‘kib solganida, diqqat ila tinglash orqali ularga dalda bera olamiz. Shu yo‘sin Yahovaga xizmat qilishda davom eta olishlari uchun ularga tasalli va yordam bergan bo‘lamiz. (Rim. 12:15)

BOSHQALARGA XUDONING KALOMINI TUSHUNISHGA YORDAM BERING

9. Isoning shogirdlari qanday qiyinchiliklarga duch keldi va Iso ularga qay yo‘sin ko‘maklashdi?

9 Isoning shogirdlari Xudoning Kalomiga ishongan va uni hayotiga tatbiq qilish uchun jon kuydirgan. (Yuhan. 17:6) Lekin ular Iso nega jinoyatchi sifatida o‘ldirilganini tushuna olmagan. Iso shogirdlari Yahovaga ishonishini hamda yaxshi ko‘rishini bilgan, biroq u ular Muqaddas Yozuvlarni yaxshiroq tushunishi kerakligini ham anglagan. (Luqo 9:44, 45; Yuhan. 20:9) Shuning uchun u bu borada yordam bergan. Emmausga ketayotganda u ikkita shogirdiga ko‘ringanida buni qanday qilganini bilib olaylik.

10. Iso chindan ham Masih ekaniga shogirdlarini qay yo‘sin ishontirdi? (Luqo 24:18–27)

10 Luqo 24:18–27 ni o‘qing. E’tibor bering, Iso kim ekanini ularga shu zahoti tushuntirmagan. Buning o‘rniga, u shogirdlariga savollar bergan. Nega deganda, Iso ular nimalar haqida o‘ylayotganini va ularning qalbida nimalar borligini bilishni istagan va ular fikrlarini bo‘lishgan. Ular Iso Isroilni rimliklardan ozod qilishini kutganini aytgan. Shogirdlar xavotirlarini bo‘lishgach, Iso ularga Muqaddas Yozuvlar yordamida bashoratlar amalga oshganini tushunishga yordam bergan b. O‘sha kuni kechroq Iso boshqa shogirdlariga ham bu haqiqatlarni tushunishga yordam bergan. (Luqo 24:33–48) Xo‘sh, bu bayonotdan qanday saboq olyapmiz?

11, 12. a) Iso Muqaddas Kitobdagi haqiqatlarni o‘rgatganidan qanday saboq olyapmiz? (Rasmlarga ham qarang.) b) Nortey bilan tadqiq o‘tkazgan birodar unga qanday yordam berdi?

11 Isoga qay yo‘sin taqlid qila olamiz? Avvaliga Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazayotganda qiziquvchiga uning qalbi-yu ongida nima borligini bilish uchun o‘rinli savollar bering. (Hik. 20:5) Uning his-tuyg‘ularini tushungach, vaziyatiga to‘g‘ri keladigan Muqaddas Kitob oyatlarini qanday topishni ko‘rsating. Lekin nima qilish kerakligini aytish vasvasasidan qoching. Buning o‘rniga, unga Muqaddas Kitob oyatlari asosida savollar bering. Uni o‘qiyotgani ustida fikr yuritishga va ularni hayotida qay yo‘sin qo‘llashi mumkinligi borasida mulohaza yuritishga undang. Keling, Ganadagi Nortey birodarimizning misolini ko‘rib chiqaylik.

12 Nortey 16 yoshda bo‘lganida Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni boshladi. Ammo ko‘p o‘tmay oila a’zolari unga qarshilik ko‘rsatdi. Xo‘sh, Norteyga haqiqatda mustahkam qolishga nima yordam berdi? U bilan Muqaddas Kitob tadqiqini o‘tkazgan birodar Matto 10-bob yordamida Masihning barcha chinakam izdoshlari ta’qib qilinishini tushuntirib berdi. Nortey shunday dedi: «Ta’qiblar boshlanganida haqiqatni topganimga amin edim». Bundan tashqari, o‘sha birodar unga Matto 10:16 ustida fikr yuritishga ko‘maklashib, u oila a’zolari bilan diniy masalalarni muhokama qilganida, ehtiyotkor va muloyim bo‘lishi kerakligini tushuntirdi. Nortey suvga cho‘mganidan keyin kashshof bo‘lishni istadi. Otasi esa universitetda o‘qishini xohlardi. Nortey bilan tadqiq o‘tkazgan birodar unga qanday yo‘l tutishni aytmadi. Buning o‘rniga, unga savollar berib Muqaddas Kitobdagi prinsiplar ustida mulohaza yuritishga ko‘maklashdi. Natijasi qanday bo‘ldi? Nortey to‘la vaqtli xizmatni boshlashga qaror qildi. Otasi unga uydan ketishni aytdi. Bo‘lib o‘tganlar Norteyga qanday ta’sir qildi? U: «To‘g‘ri qaror chiqarganimga amin edim»,— dedi. Boshqalarga Muqaddas Yozuvlar ustida mulohaza yuritishga yordam berish uchun vaqt ajratsak, ularga haqiqatda mustahkam turishga yordam bergan bo‘lamiz. (Efes. 3:16–19)

Boshqalarga Muqaddas Yozuvlar asosida mulohaza yuritishga yordam berib Isoga taqlid qiling (11-xatboshiga qarang.) e


BIRODARLARGA TA’LIM BERIB «HADYA» BO‘LISHLARIGA KO‘MAKLASHING

13. Iso u samoga qaytganidan keyin ham va’zgo‘ylik ishi to‘xtab qolmasligi uchun nima qildi? (Efesliklarga 4:8)

13 Iso yer yuzida bo‘lganida Otasi unga topshirgan ishni bajarish uchun sidqidildan harakat qilgan. (Yuhan. 17:4) Lekin Iso «Nimadir to‘g‘ri qilinishini istasang, uni o‘zing bajar» degan nuqtai nazarga ega bo‘lmagan. Uch yarim yillik xizmati davomida u yer yuzida va’z qilgan va boshqalarga ham buni o‘rgatgan. Iso shogirdlariga ishongan. U ularga va’z qilish, ta’lim berish va Xudoning nazarida qimmatbaho bo‘lgan odamlarga boshchilik qilish vazifasini topshirgan. (Efesliklarga 4:8 ni o‘qing.) Boshchilikni zimmasiga olgan ba’zi shogirdlar, ehtimol, hatto 30 yoshda ham bo‘lmagan. Iso yer yuzida o‘tkazgan so‘nggi 40 kun davomida bu xudojo‘y sadoqatli erkaklarga «hadya» kabi bo‘lishlariga qay yo‘sin ko‘maklashgan?

14. Iso yer yuzida o‘tkazgan so‘nggi 40 kun davomida shogirdlariga ma’nan o‘sish uchun qay yo‘sin ko‘maklashdi? (Rasmga ham qarang.)

14 Iso shogirdlariga ochiqchasiga, lekin mehr ila maslahat bergan. Misol uchun, u ba’zi shogirdlari shubhalanishga moyil ekanini ko‘rgan va ularga maslahat bergan. (Luqo 24:25–27; Yuhan. 20:27) Bundan tashqari, u shogirdlariga diqqatini ko‘proq pul topishga emas, Yahovaning xizmatchilariga yaxshiroq g‘amxo‘rlik qilishga qaratishlarini aytgan. (Yuhan. 21:15) Qolaversa, u shogirdlariga Yahovaning xizmatida qilayotgan ishlarini boshqalarning ishlari bilan solishtirmaslikni eslatgan. (Yuhan. 21:20–22) Shuningdek, Iso ularning Shohlik to‘g‘risidagi ayrim noto‘g‘ri tasavvurlarini to‘g‘rilagan va diqqatini xushxabarni va’z qilishga qaratishlariga ko‘maklashgan. (Havor. 1:6–8) Oqsoqollar Isodan qanday saboq olishlari mumkin?

Birodarlarga qo‘shimcha vazifalar uchun layoqatli bo‘lishga ko‘maklashib Isoga taqlid qiling (14-xatboshiga qarang.)


15, 16. a) Qaysi yo‘llar orqali oqsoqollar Isoga taqlid qila oladi? Tushuntiring. b) Patrik maslahatdan qanday foyda oldi?

15 Oqsoqollar qay yo‘sin Isoga taqlid qila oladi? Ular birodarlar, jumladan, yoshlar kattaroq mas’uliyatlarni olishga layoqatli bo‘lishi uchun ularga ta’lim berishi va ko‘maklashishi lozim c. Oqsoqollar ular ta’lim berayotgan birodarlardan mukammallikni kutmaydi. Yosh birodarlar tajribaga ega bo‘lishi, kamtarin, ishonchli va boshqalarga xizmat qilishga tayyor bo‘lish kerakligini tushunishlari uchun oqsoqollar ularga sevgi ila maslahat berishi kerak. (1 Tim. 3:1; 2 Tim. 2:2; 1 Butr. 5:5)

16 Maslahatdan foyda olgan Patrik ismli birodarimizning misoliga diqqat qarataylik. U yoshligida boshqalar, hatto opa-singillar bilan hurmatsizlik ila qo‘pol muomala qilgan. Ma’nan yetuk oqsoqol Patrikning bu kamchiligini ko‘rgan va unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ammo muloyimlik ila maslahat bergan. Patrik shunday dedi: «U menga maslahat berganidan xursandman. Boshqalar Yahovaning xizmatida men istagan sharafli vazifalarga ega bo‘lganini ko‘rganimda kayfiyatim tushardi. Lekin oqsoqolning maslahati yordamida jamoatda qandaydir nomga yoki sharafga ega bo‘lishga intilishdan ko‘ra, birodar-u opa-singillarimga kamtarinlik ila xizmat qilishim kerakligini tushundim». Natijada Patrik 23 yoshida jamoat oqsoqoli etib tayinlandi. (Hik. 27:9)

17. Iso shogirdlariga ishonganini qay yo‘sin ko‘rsatdi?

17 Iso shogirdlariga nafaqat va’z qilish, balki ta’lim berish vazifasini ham topshirgan. (Mat. 28:20) Shogirdlar bu vazifani bajarish uchun o‘zlarini layoqatsiz deb o‘ylagandir. Biroq Iso ular bu vazifani bajara olishlaridan aslo shubhalanmagan. U: «Otam meni yuborganidek, men ham sizlarni yuboryapman»,— deb, ularga butunlay ishonishini ko‘rsatgan. (Yuhan. 20:21)

18. Qay yo‘sin oqsoqollar Isoga taqlid qilishi mumkin?

18 Oqsoqollar Isoga qay yo‘sin taqlid qila oladi? Tajribali oqsoqollar mas’uliyatlarni boshqalar bilan bo‘lishishlari mumkin. (Filip. 2:19–22) Masalan, oqsoqollar Yig‘ilish zalini tozalash yoki ta’mirlash kabi ishlarga yoshlarni taklif qilsa bo‘ladi. Vazifalarni taqsimlagach, ular birodarlarga o‘sha ishni qanday bajarishni o‘rgatishlari, so‘ng ularga uni ishonib topshirishlari mumkin. Yaqinda oqsoqol etib tayinlagan Metyu tajribali oqsoqollar unga jamoatdagi turli vazifalarni bajarishni o‘rgatgani va unga ishonishgani uchun juda minnatdor. U shunday dedi: «Oqsoqollar xatolarimga o‘rganish jarayonining bir qismiday qarashimga ko‘maklashdi va bu yaxshilanishimga yordam berdi» d.

19. Nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi lozim?

19 Iso yer yuzida o‘tkazgan so‘nggi 40 kun davomida boshqalarga dalda va ta’lim bergan. Keling, uning izidan og‘may yurish qarorimiz qat’iy bo‘lsin. (1 Butr. 2:21) U bizga ham bunday qilishga yordam beradi. Zero u shunday va’da bergan: «Zamonaning oxirigacha men doimo sizlar bilan bo‘laman». (Mat. 28:20)

  • Boshqalarga dalda berish...

  • Boshqalarga Muqaddas Yozuvlar ustida mulohaza yuritishga ko‘maklashish...

  • Birodarlarga kattaroq mas’uliyatlarni olishga layoqatli bo‘lishiga yordam berish...

UCHUN ISO YER YUZIDAGI HAYOTINING SO‘NGGI 40 KUNIDAN QANDAY FOYDALANGAN?

15-QO‘SHIQ Yahovaning O‘g‘lini madh eting!

a Injil bayonotlarida va Muqaddas Yozuvlarning boshqa kitoblarida tirilgan Iso shogirdlariga ko‘p marta ko‘ringani to‘g‘risida aytilgan. Masalan, u Magdalalik Maryamga (Yuhan. 20:11–18), boshqa ayollarga (Mat. 28:8–10; Luqo 24:8–11), ikkita shogirdiga (Luqo 24:13–15), Butrusga (Luqo 24:34), To‘madan tashqari, boshqa shogirdlariga (Yuhan. 20:19–24), havoriylarga, jumladan, To‘maga (Yuhan. 20:26), yettita shogirdiga (Yuhan. 21:1, 2), 500 dan ziyod shogirdiga (Mat. 28:16; 1 Kor. 15:6), ukasi Yoqubga (1 Kor. 15:7), barcha havoriylarga (Havor. 1:4) va Baytaniya yaqinida havoriylarga ko‘ringan. Ehtimol, Muqaddas Kitobda Iso shogirdlariga ko‘ringan hamma vaziyat ham yozib qoldirilmagan. (Yuhan. 21:25)

b Masih to‘g‘risidagi bashoratlar haqida bilib olish uchun jw.org veb-saytidagi «Masihga oid bashoratlar Isoda amalga oshganmi?» nomli maqolani o‘qing.

c Ayrim vaziyatlarda talablarga mos keladigan birodarlar 25–30 yoshda ham tuman noziri etib tayinlanadi. Lekin bunday birodarlar avval oqsoqol sifatida xizmat qilib tajriba orttirishi kerak.

d Yosh birodarlarga mas’uliyatni olish uchun talablarga mos kelishga qay yo‘sin ko‘maklashish borasida qo‘shimcha tavsiyalarni bilib olish uchun «Qo‘riqchi minorasi» jurnalining 2018-yil avgust sonidagi 11-, 12-sahifalarida keltirilgan 15–17-xatboshilarini va 2015-yil 15-aprel sonining 3–13-sahifalarini o‘qib chiqing.

e RASMGA SHARH. Tadqiq o‘tuvchiga Muqaddas Yozuvlar asosida fikr yuritishga yordam berilgach, u Rojdestvo bilan bog‘liq buyumlarni tashlab yuborishga qaror qildi.