Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

43-TADQIQ MAQOLASI

90-QO‘SHIQ Bir-birimizga dalda beraylik

Qay yo‘sin shubhalarni yengsa bo‘ladi?

Qay yo‘sin shubhalarni yengsa bo‘ladi?

Har narsani tekshirib [ko‘ringlar]. (1 SALON. 5:21)

ASOSIY FIKR

Yahovaga qilayotgan xizmatimizga ta’sir qiladigan shubhalarga qay yo‘sin barham bera olamiz?

1, 2. a) Yahovaning xizmatchilarida qanday shubhalar paydo bo‘lishi mumkin? b) Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

 BARCHA yoshdagi odamlar vaqti-vaqti bilan shubhalarga boradi a. Masalan, «Yahova chindan ham men bilan qiziqadimi?» deb o‘ylayotgan yosh va’zgo‘yni tasavvur qiling. Balki u suvga cho‘mishga ikkilanayotgandir. Yoki ko‘p pul topmay yoshligidanoq Shohlik payida bo‘lishga qaror qilgan o‘rta yoshdagi birodar haqida o‘ylab ko‘ring. Hozir yoshi o‘tgach, u faqatgina oilasining asosiy ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qila oladi. Balki u «Yoshligimda to‘g‘ri yo‘l tutdimmikin?» deb o‘ylab qolgandir. Kuch-quvvati zaiflashgan keksa opamizni ko‘z oldingizga keltiring. Ehtimol, u oldingiday ko‘p xizmat qila olmayotganidan tushkunlikka tushayotgandir. O‘zingizga quyidagiga o‘xshash savollarni berib ko‘rganmisiz: «Yahova chindan ham menga e’tibor beradimi? Yahova uchun qilgan qurbonliklarim arzigulikmi? Yahova uchun haliyam foydalimanmi?»

2 Bu kabi savollarni javobsiz qoldirsak, Yahovaga bo‘lgan ishonchimiz yo‘qolishi va hatto Unga topinmay qo‘yishimiz mumkin. Mazkur maqolada 1) Yahova bizga g‘amxo‘rlik qilayotganidan, 2) o‘tmishda chiqargan qarorlarimiz to‘g‘ri bo‘lganidan va 3) Yahovaning xizmatida haliyam foyda keltirishimiz mumkinligidan shubhalanayotgan bo‘lsak, Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga diqqat qaratish bizga qanday yordam berishini bilib olamiz.

QAY YO‘SIN SHUBHALARINGIZGA BARHAM BERA OLASIZ?

3. Shubhalarimizga barham berishning yo‘llaridan biri qanday?

3 Shubhalarimizga barham berishning yo‘llaridan biri Xudoning Kalomi yordamida savollarimizga javob topishdir. Bunday qilganimizda kuchga to‘lamiz, ma’nan o‘samiz va «imonda mahkam turinglar» degan so‘zlarga yaxshiroq amal qila olamiz. (1 Kor. 16:13)

4. Qanday qilib «har narsani tekshirib» ko‘ra olamiz? (1 Salonikaliklarga 5:21)

4 1 Salonikaliklarga 5:21 ni o‘qing. E’tibor bering, Muqaddas Kitob bizni «har narsani tekshirib» ko‘rishga undayapti. Xo‘sh, buni qay yo‘sin qila olamiz? Biron nimaga ishonchimiz komil bo‘lmasa, bu haqda Muqaddas Kitobda nima deyilgani borasida izlanish o‘tkazsak bo‘ladi. Masalan, «Xudoning nazarida ahamiyatlimanmi?» deb o‘ylayotgan yigitning misolini olaylik. Xo‘sh, u savolini javobsiz qoldirishi kerakmi? Yo‘q! Aksincha, u bu masalada Yahova qanday fikrda ekanini bilib olish orqali «har narsani tekshirib» ko‘rishi lozim.

5. Qay yo‘sin Yahova savollarimizga javob berganini eshita olamiz?

5 Muqaddas Kitobni o‘qiganimizda, Yahovaning ovozini eshitganday bo‘lamiz. Biroq muayyan savol borasida Uning fikrini bilish uchun bizdan harakat talab etiladi. Muqaddas Kitobda bizni qiynayotgan mavzu borasida o‘qishimiz lozim. Buning uchun Yahovaning tashkiloti taqdim etayotgan asboblardan foydalanib izlanish o‘tkazsak bo‘ladi. (Hik. 2:3–6) Yahovaga ibodat qilishimiz va bu masalada Uning fikrini bilishimizga yordam berishini so‘rashimiz mumkin. So‘ng vaziyatimizga qo‘l keladigan Muqaddas Kitob prinsiplari va foydali ma’lumotlarni izlasak bo‘ladi. Bundan tashqari, biznikiga o‘xshash vaziyatlarga duch kelgan Muqaddas Kitobdagi bayonotlarni ko‘rib chiqish orqali foyda olsak bo‘ladi.

6. Shubhalarimizni yengishda yig‘ilishlarning ahamiyati qanday?

6 Shuningdek, Yahova yig‘ilishlar orqali bizga gapiradi. Ularga muntazam qatnasak, nutq yoki kimningdir sharhi orqali shubhamizni yengishga yordam beradigan kerakli fikrni eshitishimiz mumkin. (Hik. 27:17) Keling, endi ba’zi shubhalarimizni qay yo‘sin yengishimiz mumkinligiga diqqat qarataylik.

YAHOVA SIZ BILAN QIZIQISHIDAN SHUBHALANGANINGIZDA

7. Ba’zilarda qanday savol tug‘ilishi mumkin?

7 «Yahova meni ko‘ryaptimi?» deb hech o‘ylab ko‘rganmisiz? O‘zingizni ahamiyatsiz his qilganingizda, butun borliqning Yaratuvchisi bilan do‘st bo‘lish imkonsizdek tuyular. Ehtimol, shoh Dovud ham shunday o‘ylagandir. U Yahova oddiygina odamga e’tibor qaratishi haqidagi fikrning o‘zini ajoyib deb bilgan. U shunday degan: «Ey Yahova, odam nedirki unga e’tibor qaratasan? O‘tkinchi inson nedirki unga ahamiyat berasan?» (Zab. 144:3) «Yahova har bir inson bilan qiziqadimi?» degan savolga qayerdan javob topsa bo‘ladi?

8. Yahova odamlarning nimasiga e’tibor beradi? (1 Shohlar 16:6, 7, 10–12)

8 Muqaddas Kitobdan Yahova boshqalar uchun ahamiyatsizday ko‘ringan odamlarga e’tibor qaratishini bilib olyapmiz. Masalan, U Shomuil payg‘ambarni Essayning xonadoniga yuborib, uning o‘g‘illaridan birini Isroilning bo‘lajak shohi sifatida moylashni aytgan. Essay sakkizta o‘g‘lidan yettitasini chaqirgan. Kenja o‘g‘li Dovudni esa chaqirmagan b. Lekin Yahova aynan Dovudni tanlagan. (1 Shohlar 16:6, 7, 10–12 ni o‘qing.) Yahova Dovud aslida qanday odamligini — ma’naviy narsalarni qadrlashini bilgan.

9. Yahova uchun ahamiyatli ekaningizga nega amin bo‘lishingiz mumkin? (Rasmga ham qarang.)

9 Yahova sizga e’tibor qaratishini qay yo‘sin ko‘rsatgani haqida bir o‘ylab ko‘ring. U aynan sizning vaziyatingizga mos keladigan maslahatlarni beradi. (Zab. 32:8) Agar U sizni yaxshi bilmaganida, bunday maslahatlarni bera olmagan bo‘lardi. (Zab. 139:1) Yahovaning maslahatlarini amalda qo‘llab, ularning foydasini ko‘rganingizda, U siz bilan qiziqishiga amin bo‘lasiz. (1 Sol. 28:9; Havor. 17:26, 27) Yahova harakatlaringizni nazaridan chetda qoldirmaydi. U ijobiy taraflaringizni ko‘radi va siz bilan do‘st bo‘lishni istaydi. (Yerm. 17:10) Agar siz ham Yahova bilan do‘stlashishni xohlasangiz, U bundan juda quvonadi. (1 Yuhan. 4:19)

«[Yahovani] izlasang, albatta topasan». (1 Sol. 28:9) (9-xatboshiga qarang.) c


CHIQARGAN QARORLARINGIZDAN SHUBHALANGANINGIZDA

10. O‘tmishda chiqargan qarorlarimiz to‘g‘risida o‘ylaganimizda, qanday savollar tug‘ilishi mumkin?

10 Vaqt o‘tib ba’zilar «Chiqargan qarorlarim to‘g‘rimidi?» deb o‘ylab qolishi mumkin. Ehtimol, ular Yahovaga xizmat qilish niyatida yaxshi maoshli ishidan yoki muvaffaqiyatli biznesidan voz kechgandir. Endi esa vaqt — balki, o‘nlab yillar — o‘tdi. Ular moddiy narsalar payida bo‘lgan va maza qilib yashayotganday ko‘ringan tanishlari haqida o‘ylashi mumkin. Natijada «Yahova uchun qilgan qurbonliklarim arzirmidi?» yoki «Yahovaga xizmat qilishga qaror qilib, qandaydir imkoniyatlarni ko‘ldan boy bermadimmi?» deb o‘ylab qolishlari hech gap emas.

11. Zaburning 73-sanosini yozgan bastakorni nima bezovta qilgan?

11 Sizni ham shunga o‘xshash savollar bezovta qilayotgan bo‘lsa, 73-sanoni yozgan bastakor haqida o‘ylab ko‘ring. Unga Yahovaga xizmat qilmagan odamlar boy, sog‘lom va muammosiz hayotdan zavq olib yashayotganday tuyulgan. (Zab. 73:3–5, 12) U o‘sha odamlarni va ularning sarobday bo‘lgan muvaffaqiyatini kuzatar ekan, «Yahovaga xizmat qilganim behuda» deb o‘ylagan. U hatto bu fikr dastidan kuni bo‘yi aziyat chekkan. (Zab. 73:13, 14) Xo‘sh, o‘sha sano bastakori bu salbiy tuyg‘ularni qay yo‘sin yengdi?

12. Zabur 73:16–18 ga ko‘ra, sano bastakori qay yo‘sin shubhalariga barham berdi?

12 Zabur 73:16–18 ni o‘qing. Sano bastakori Yahovaning ma’badidagi tinch joyga bordi. O‘sha yerda u aniq fikr yurita olardi. Sano bastakori shuni tushundiki, boshqalarning hayoti osonday ko‘rinsa-da, ularning kelajakka umidi yo‘q. Bu fikr yordamida u xotirjamlikka ega bo‘ldi va ma’naviy narsalar payida bo‘lish eng to‘g‘ri qaror ekanini angladi. Natijada Yahovaga xizmat qilishda davom etish qarori qat’iy bo‘ldi. (Zab. 73:23–28)

13. O‘tmishda chiqargan qarorlaringizdan shubhalansangiz, qanday qilib xotirjamlikka ega bo‘la olasiz? (Rasmga ham qarang.)

13 Siz ham Xudoning Kalomi yordamida shunga o‘xshash xotirjamlikka ega bo‘la olasiz. Qanaqasiga? Sizda bor qimmatli narsalar, jumladan, samodagi xazinangiz to‘g‘risida o‘ylab ko‘ring. Yahovaga xizmat qilmaydigan odamlarda esa faqatgina bu dunyo taklif qilayotgan mukofot bor. Ularning kelajakka nisbatan umidi yo‘qligi uchun hayotdagi yutuqlariga tayana oladi, xolos. Sizga esa Yahova nafaqat hozir ajoyib sovg‘alar beryapti, balki kelajakda ham abadiyat davomida mo‘l-ko‘l barakalar berishni va’da qilyapti. (Zab. 145:16) Bundan tashqari, quyidagiga e’tibor bering: boshqacha qaror chiqarganingizda hozir hayotingiz qanday bo‘lishini aminlik bilan ayta olmaysiz. Lekin bir narsa aniqki, Xudoga va yaqiniga bo‘lgan sevgisi asosida qaror chiqarganlar hech qachon yaxshi narsalardan quruq qolmaydi.

Yahova kelajakda berishni va’da qilgan barakalar haqida tez-tez o‘ylang (13-xatboshiga qarang) d


YAHOVA UCHUN FOYDALI EKANINGIZDAN SHUBHALANGANINGIZDA

14. Nima uchun ba’zilarga ishonch yetishmaydi va ularni qanday savol bezovta qilishi mumkin?

14 Yahovaning ayrim xizmatchilari yoshi o‘tgani tufayli sog‘lik muammosi yoki jismoniy nuqsoni dastidan aziyat chekyapti. Buning oqibatida ular Yahovaning nazarida ahamiyatli ekanidan shubhalanishi mumkin. Ehtimol, ular «Yahovaning xizmatida foydam tegyaptimi?» deb o‘ylab qolar.

15. Zaburning 71-sanosini yozgan bastakor nimaga amin edi?

15 71-sanoni yozgan bastakor shunga o‘xshash tuyg‘ularni boshdan o‘tkazgan. U quyidagicha degan: «Kuchdan qolganimda meni tark etma». (Zab. 71:9, 18) Sano bastakori o‘zini zaif his qilgan bo‘lsa ham u Yahovaga sadoqat ila xizmat qilsa, U uni yo‘naltirishiga va qo‘llab-quvvatlashiga amin edi. Sano bastakori shuni tushundiki, kishi zaifliklariga qaramay, Yahovaga jon-jahdi bilan xizmat qilsa, U undan mamnun bo‘ladi. (Zab. 37:23–25)

16. Qay yo‘sin keksa imondoshlar Yahovaga foyda keltira oladi? (Zabur 92:12–15)

16 Aziz keksa imondoshlar, vaziyatingizga Yahovaning nuqtai-nazari bilan qarang. Jismoniy qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazayotganingizga qaramay, U ma’nan gullab-yashnashingizga yordam bera oladi. (Zabur 92:12–15 ni o‘qing.) Bundan buyon diqqatingizni qila olmaydigan ishlaringizga emas, balki qila oladiganlaringizga qarating. Misol uchun, imondoshlaringizni sadoqat borasidagi o‘rnagingiz bilan va ularga shaxsiy qiziqish ko‘rsatib mustahkamlay olasiz. Yillar davomida Yahova sizni qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlagani va U bergan va’dalar amalga oshishiga bo‘lgan ishonchingiz to‘g‘risida bo‘lishishingiz mumkin. Shuningdek, boshqalar uchun qilayotgan ibodatlaringiz katta kuchga ega ekanini unutmang. (1 Butr. 3:12) Vaziyatimiz qanday bo‘lmasin, barchamiz Yahova va boshqalar uchun nimadir qila olamiz.

17. Nega o‘zimizni boshqalar bilan solishtirishdan qochishimiz kerak?

17 «Yahovaning xizmatida ko‘proq qila olmayapman» deb ruhingiz tushayotgan bo‘lsa, shunga amin bo‘lingki, U hozir qila olayotganlaringizni qadrlaydi. Boshqalar qilayotgan ishlarni o‘zingizniki bilan solishtirishingiz mumkin. Bunday qilishdan qoching. Nega? Chunki Yahova hech kimni solishtirmaydi. (Galat. 6:4) Misol uchun Maryam Isoga qimmatbaho sunbul moyini sovg‘a qilgan. (Yuhan. 12:3–5) Kambag‘al beva ayol esa ma’badga kam qadr-qimmatga ega ikki chaqani xayr-ehson qilgan. (Luqo 21:1–4) Biroq Iso bu ikkala ayolning hadyasini imon belgisi deb bilgan. Iso Otasiga mukammal tarzda taqlid qilgan. Shunday ekan, Yahova Unga ishonayotganingiz va Uni sevganingiz uchun qilayotgan barcha ishlaringizni ko‘radi. Hatto bu sizning nazaringizda juda kamdek tuyulsa ham, U buni qadrlashiga amin bo‘ling.

18. Shubhalarni yengishga nima yordam bera oladi? (« Yahovaning Kalomi yordamida shubhalarni yenga olasiz» nomli ramkaga qarang.)

18 Vaqti-vaqti bilan barchamizda shubhalar paydo bo‘lib turadi. Lekin ko‘rib chiqqanimizday, Muqaddas Kitob yordamida ularni yenga olamiz. Sizni bezovta qilayotgan savollarga javob topish uchun zo‘r berib harakat qiling. Shunda xavotirlar o‘rnini aminlik egallaydi. Yahova sizni shaxsan biladi. Uni hayotingizda birinchi o‘ringa qo‘yish uchun chiqargan barcha qarorlaringizni U qadrlaydi hamda va’da qilganidek, U sizni mukofotlaydi. Shunga amin bo‘lingki, Yahova barcha sadoqatli xizmatchilarini sevgisi va e’tiboriga loyiq deb biladi.

111-QO‘SHIQ Yahova — chin shodlik Manbaidir

a IBORA MA’NOSI. Ushbu maqolada Yahova uchun ahamiyatli ekanimiz yoki to‘g‘ri qaror chiqarganimiz borasida ikkilanishimizga sabab bo‘ladigan shubhalarni ko‘rib chiqamiz. Bunday shubhalar imonimiz sustligi tufayli Yahova hamda Uning va’dalariga ishonmayotganimizni bildirmaydi.

b Yahova Dovudni tanlaganida u necha yoshda bo‘lgani to‘g‘risida Muqaddas Kitobda aytilmagan bo‘lsa-da, ehtimol, u o‘smir bo‘lgan. «Qo‘riqchi minorasi»ning turli tillarda chiqqan 2011-yil 1-sentabr sonidagi 29-sahifaning 2-xatboshisiga qarang.

c RASMGA SHARH. Yahovaning yosh xizmatchilari Muqaddas Kitobdan maslahat izlab Yahovani qidiryapti.

d RASMGA SHARH. Birodar oilasini boqish uchun oyna yuvib pul topyapti, u o‘zini jannatda tasavvur qilyapti.