40-TADQIQ MAQOLASI
30-QO‘SHIQ Do‘stim, Otam va Rabbim
Yahova dili vayronlarga shifo beradi
Dili vayronlarga U shifo beradi, yaralarini bog‘lab qo‘yadi. (ZAB. 147:3)
ASOSIY FIKR
Yahova hissiy og‘riqdan azob chekayotganlarga sevgi ila g‘amxo‘rlik qiladi. Bu maqolada Yahova qayg‘umizni yengillashtirishi va boshqalarga tasalli berishimizga ko‘maklashishi to‘g‘risida gap boradi.
1. Yahova xizmatchilari haqida qanday fikrda?
TANGRI YAHOVA yer yuzidagi xizmatchilariga qaraganida, nimani ko‘radi? U quvonchimiz-u azob-uqubatlarimizdan xabardor. (Zab. 37:18) Hissiy og‘riqlarimizga qaramay, Unga xizmat qilish uchun jon-jahdimiz bilan harakat qilayotganimizni ko‘rganida, U bundan juda mamnun bo‘ladi. Shuningdek, Yahova bizni qo‘llab-quvvatlashni va bizga tasalli berishni qattiq istaydi.
2. Yahova qalbi o‘ksiganlar uchun nima qiladi va Uning g‘amxo‘rligidan qanday foyda olamiz?
2 Zabur 147:3 ga ko‘ra, Yahova dili vayronlarning «yaralarini bog‘lab qo‘yadi». Bu yerda Yahova hissan jarohatlangan kishilarga mehr ila g‘amxo‘rlik qilishi tasvirlangan. Yahovaning g‘amxo‘rligidan foyda olish uchun nima qilishimiz kerak? Masalan, tajribali shifokor jarohatlangan odamni davolay oladi. Buning uchun bemor shifokor aytganlariga so‘zsiz amal qilishi kerak. Mazkur maqolada U hissiy og‘riqni boshdan kechirayotganlarga Kalomi orqali nima deyayotganini hamda sevgi ila berayotgan maslahatlariga qay yo‘sin amal qilishni ko‘rib chiqamiz.
YAHOVA U UCHUN JUDA QADRLI EKANIMIZNI ESLATYAPTI
3. Nega ba’zilar o‘zini arzimas his qiladi?
3 Biz sevgi sovigan va, afsuski, ko‘plar o‘zini arzimas his qiladigan dunyoda yashayapmiz. Xelen a ismli opamiz shunday dedi: «Ota-onamiz bizni umuman yaxshi ko‘rmasdi. Dadam juda zo‘ravon edi va har kuni bizni yerga urardi». Xelen singari siz ham adolatsizlikka, tanqidga duch kelgandirsiz yoki o‘zingizni arzimas his qilayotgandirsiz. Agar shunday bo‘lsa, kimdir siz haqingizda chin dildan g‘amxo‘rlik qilishiga ishonish qiyin bo‘lishi mumkin.
4. Zabur 34:18 ga ko‘ra, Yahova bizni nimaga ishontiryapti?
4 Boshqalar sizga yomon munosabatda bo‘lsa ham Yahova sizni sevishiga va qadrlashiga ishonchingiz komil bo‘lsin. U «qalbi o‘ksiganlarga yaqindir». (Zabur 34:18 ni o‘qing.) O‘zingizni qalbi o‘ksiganday his qilsangiz, shuni yodda tutingki, Yahova shaxsiyatingizdagi yaxshi narsalarni ko‘rib sizni o‘ziga jalb qilgan. (Yuhan. 6:44) Xudo sizga yordam berishga doim tayyor, sababi U uchun qadrlisiz.
5. Iso boshqalar past nuqtai nazarda bo‘lgan odamlarga qilgan muomalasidan qanday saboq olyapmiz?
5 Isoning misolini ko‘rib chiqish orqali Yahovaning his-tuyg‘ulari to‘g‘risida bilib olsak bo‘ladi. Iso yer yuzidagi xizmati davomida odamlarning muomalasi dastidan o‘zini arzimas his qilganlarga e’tiborli bo‘lgan va ularga mehr-shafqat ila muomala qilgan. (Mat. 9:9–12) Og‘ir kasallikdan azob chekkan ayol shifo topish niyatida Isoning ustki kiyimiga tekkanida, u unga tasalli bergan va imoni uchun maqtagan. (Mark 5:25–34) Ha, Iso Otasining shaxsiyatini mukammal darajada aks ettirgan. (Yuhan. 14:9) Shunday ekan, Yahova sizni qadrlashidan va yaxshi fazilatlaringizni, jumladan, imoningiz-u Unga bo‘lgan sevgingizni ko‘rishidan aslo shubhalanmang!
6. O‘zingizni arzimas his qilganingizda, nima qilsangiz bo‘ladi?
6 O‘zingizni arzimas his etganingizda, nima qilsangiz bo‘ladi? Yahova uchun qadrli ekaningizga ishontiruvchi Muqaddas Kitobdagi oyatlarni o‘qing va ular ustida mulohaza yuriting b. (Zab. 94:19) Maqsadingizga erisha olmasangiz yoki boshqalar kabi ko‘p qila olmayotganingiz tufayli tushkunlikka tushsangiz, o‘zingizni hadeb koyimang. Yahova qo‘lingizdan kelmaydigan narsalarni kutmaydi. (Zab. 103:13, 14) O‘tmishda tahqirlangan bo‘lsangiz, bo‘lib o‘tganlar uchun o‘zingizni ayblamang. Bu sizning aybingiz emas. Unutmang, Yahova jabr ko‘rganlarni emas, yomonlik qiluvchilarni javobgarlikka tortadi. (1 Butr. 3:12) Bolaligida shafqatsiz munosabatga duch kelgan Sandra shunday dedi: «Yahovadan o‘zimga to‘g‘ri nuqtai nazar bilan, ya’ni Uning ko‘zi bilan qarashga yordam berishini doim so‘rayman».
7. Qay yo‘sin hayotiy tajribamizdan Yahovaning xizmatida foydalansak bo‘ladi?
7 Boshqalarga yordam berish uchun Yahova sizdan foydalana olishidan aslo shubhalanmang. Tangri sizga va’zgo‘ylik faoliyatida U bilan xizmatdosh bo‘lish sharafini bergan. (1 Kor. 3:9) Balki hayotiy tajribangiz tufayli boshqalarga hamdard bo‘la olarsiz va ularning his-tuyg‘ularini yaxshiroq tushunarsiz. Ularga yordam berish uchun ko‘p narsa qilishingiz mumkin. Yuqorida tilga olingan Xelenga ham yordam berishdi va u hozir boshqalarni yaxshiroq qo‘llab-quvvatlay olyapti. U shunday dedi: «O‘zimni arzimas his qilardim. Lekin Yahova meni sevishini va boshqalarga yordam berish uchun mendan foydalanayotganini his qilyapman». Hozir Xelen doimiy kashshof bo‘lib xizmat qilyapti.
YAHOVA U BIZNI KECHIRGANIGA ISHONISHIMIZNI XOHLAYDI
8. Ishayo 1:18 da qanday va’da yozilgan?
8 Yahovaning ba’zi xizmatchilari o‘tmishda — suvga cho‘mishdan oldin yo keyin bo‘lsin — qilgan ishlaridan bezovta bo‘ladi. Lekin shuni yodda tutishimiz kerakki, Yahova bizni qattiq yaxshi ko‘rgani uchun to‘lov qurbonligini berdi. U bu hadyani qabul qilishimizni istaydi. Yahova shunga ishontiryaptiki, U bilan «masalani hal [qilganimizdan]» c keyin U bizni butunlayin kechiradi. (Ishayo 1:18 ni o‘qing.) Otamiz Yahova bizni sevgani uchun o‘tmishdagi gunohlarimizni eslamaydi, ammo qilgan yaxshi ishlarimizni hech qachon unutmaydi. (Zab. 103:9, 12; Ibron. 6:10)
9. Nega o‘tmishga emas, hozirga va kelajakka diqqat qaratish uchun jon kuydirishimiz kerak?
9 O‘tmishdagi qilmishlaringiz dastidan bezovta bo‘layotgan bo‘lsangiz, diqqatingizni hozir nima qilayotganingizga va kelajakda nimalarni amalga oshirishmoqchi ekaningizga qarating. Havoriy Pavlusning misolini olaylik. U masihiylarni shafqatsizlarcha ta’qib qilganidan afsuslangan. Lekin Yahova uni kechirganini bilgan. (1 Tim. 1:12–15) Xo‘sh, u qilgan gunohlari haqida o‘ylab yurganmi? Shubhasizki, Pavlus pushaymon bo‘lgan, lekin u na qilgan gunohlari, na yahudiylik dinida erishgan yutuqlari to‘g‘risida o‘ylagan. (Filip. 3:4–8, 13–15) Buning o‘rniga, Pavlus xizmatda g‘ayrat ila qatnashgan va diqqatini kelajakka qaratgan. Pavlus singari o‘tmishni o‘zgartira olmaysiz, biroq hozirgi vaziyatingizdan kelib chiqib, Yahovani sharaflashingiz va U sizga va’da qilgan ajoyib kelajakka diqqat qaratishingiz mumkin.
10. O‘tmishdagi xatti-harakatimiz kimgadir ozor bergan bo‘lsa, nima qilishimiz lozim?
10 O‘tmishda qilgan ishlaringiz boshqalarga zarar keltirgani vijdoningizni qiynayotgandir. Xo‘sh, sizga nima yordam beradi? Yetkazgan jarohatingizni tuzatish uchun qo‘lingizdan kelganini qiling. Bu chin dildan kechirim so‘rashni o‘z ichiga olar. (2 Kor. 7:11) Yahovaga ibodat qilib, ularga yordam berishini so‘rang. U ham sizga, ham ularga sabr-bardoshli bo‘lishga va yana ichki xotirjamlikka ega bo‘lishga ko‘maklashadi.
11. Yunus payg‘ambarning misolidan nimani o‘rgansak bo‘ladi? (rasmga ham qarang.)
11 Xatolaringizdan saboq oling va Yahova sizdan o‘zi istaganiday foydalanishiga yo‘l qo‘ying. Yunus payg‘ambarning misoliga diqqat qarataylik. Xudo unga Nineviyaga borishni aytganida, Yunus qarama-qarshi tomonga qochib ketgan. Yahova Yunusga tanbeh bergan va u xatosidan saboq olgan. (Yunus 1:1–4, 15–17; 2:7–10) Lekin Yahova undan payg‘ambar sifatida foydalanishda davom etgan. Xudo unga Nineviyaga borish uchun yana bir imkoniyat bergan va bu safar Yunus shu zahoti itoatkorlikni namoyon etgan. Yunus xatosi dastidan haddan oshiq afsuslanib, Yahova unga bergan vazifadan bosh tortmagan. (Yunus 3:1–3)
YAHOVA MUQADDAS RUHI ORQALI BIZGA TASALLI BERADI
12. Qiyinchilik yoki judolikka duch kelsak, qanday qilib Yahova bizga tinchlik beradi? (Filippiliklarga 4:6, 7)
12 Hayotimizda dahshatli voqea yuz bersa, Yahova muqaddas ruhi orqali tasalli beradi. Ron va Kerolning misoliga diqqat qarataylik. Afsuski, ularning o‘g‘li joniga qasd qilgan. Ular shunday dedi: «Biz ko‘p qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazganmiz. Lekin bunisi eng og‘iri bo‘ldi. Ko‘p marta tunlari uxlay olmay Yahovaga ibodat qilganmiz. Shunda Filippiliklarga 4:6, 7 da aytilgan tinchlikni o‘zimizda his qildik». (O‘qing.) Qalbingizni tilka-pora qilgan qiyinchilikni boshdan o‘tkazayotgan bo‘lsangiz, ichingizdagilarni Yahovaga to‘kib soling. Ibodatingizning davomiyligini va qanchalik tez-tez qilishni o‘zingiz hal qilishingiz mumkin. (Zab. 86:3; 88:1) Yahovadan Uning muqaddas ruhini takror va takror so‘rang. U iltimosingizni hech qachon rad etmaydi. (Luqo 11:9–13)
13. Qay yo‘sin muqaddas ruh Yahovaga sadoqat ila topinishda davom etishimizga yordam beradi? (Efesliklarga 3:16)
13 Og‘ir vaziyat tufayli zaif bo‘lib qolganingizni his qilganmisiz? Muqaddas ruh yordamida yana kuchga to‘lib, Yahovaga sadoqat ila topinishda davom etishingiz mumkin. (Efesliklarga 3:16 ni o‘qing.) Flora ismli opamizning misoliga diqqat qarataylik. U va eri birgalikda to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qilardi. Bir kuni eri unga xiyonat qildi va ular ajrashishdi. Flora shunday dedi: «Uning xiyonati tufayli his qilgan og‘rig‘im meni yutib yuborayotganday edi. Sabr-bardoshli bo‘lish uchun Yahovadan muqaddas ruh so‘rab ibodat qildim. U menga tasalli berdi va boshida imkonsizday tuyulgan bo‘lsa-da, Uning yordami bilan kuchli va sabr-bardoshli bo‘la oldim». Yahova Floraga u Unga tayana olishi mumkinligini va har qanday vaziyatda ham uni tashlab qo‘ymasligini tushunishiga yordam berdi. U buni o‘zida his qildi va shunday qo‘shib qo‘ydi: «Zabur 119:32 dagi: “Amrlaringni bajarish payida yuraman. Zero, ular uchun qalbimda joy hozirlading”,— degan so‘zlar men haqimdadir».
14. Qanday qilib Xudoning ruhi bizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ya olamiz?
14 Muqaddas ruh so‘rab ibodat qilganingizdan keyin qanday yo‘l tutishingiz kerak? Xudoning ruhi sizga ta’sir qiladigan ishlar bilan band bo‘ling. Bu jamoat uchrashuvlariga borish hamda boshqalarga va’z qilishni o‘z ichiga oladi. Xayolingiz Yahovaning fikri bilan band bo‘lishi uchun Kalomni har kuni o‘qing. (Filip. 4:8, 9) Bunday qilar ekansiz, undagi qahramonlar qanday qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazgani va Yahova ularga sabr-bardoshli bo‘lishga qay yo‘sin ko‘maklashgani ustida mulohaza yuriting. Yuqorida tilga olingan Sandra hayotida juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazgan. U shunday dedi: «Yusuf haqidagi bayonot menga qattiq ta’sir qildi. U duch kelgan qiyinchiliklar-u adolatsizliklar Yahova bilan munosabatlariga putur yetkazishiga yo‘l qo‘ymadi». (Ibt. 39:21–23)
YAHOVA IMONDOSHLAR ORQALI BIZGA TASALLI BERADI
15. Kimlardan tasalli olishimiz mumkin va qay yo‘sin ular bizga yordam bera oladi? (Rasmga ham qarang.)
15 Azob chekkanimizda imondoshlarimiz bizga «yaxshigina tasalli» berishi mumkin. (Kolos. 4:11) Yahova bizga bo‘lgan sevgisini birodar-u opa-singillarimiz orqali ko‘rsatadi. Imondoshlarimiz bizni hamdardlik ila tinglash yoki shunchaki yonimizda bo‘lish orqali bizga taskin bera oladi. Ehtimol, ular Muqaddas Kitobdagi daldali oyatni bo‘lishar yoki biz bilan birga ibodat qilar d. (Rim. 15:4) Ba’zida ular bizga Yahovaning fikrlash tarzini eslatishi va shu yo‘sin muvozanatni saqlashimizga yordam berishi mumkin. Bundan tashqari, qiyinchiliklarni boshdan kechirganimizda ular bizga ovqat tayyorlash kabi amaliy yordam ko‘rsatishi mumkin.
16. Boshqalar bizni qo‘llab-quvvatlay olishi uchun nima qilishimizga to‘g‘ri kelishi mumkin?
16 Boshqalar bizni qo‘llab-quvvatlashi uchun ulardan yordam so‘rashimizga to‘g‘ri kelar. Birodar-u opa-singillarimiz bizni yaxshi ko‘rishadi va yordam berishni istashadi. (Hik. 17:17) Biroq ular biz o‘zimizni qanday his qilayotganimizni yoki bizga nima kerakligini bilmasligi mumkin. (Hik. 14:10) Hissan qiynalayotgan bo‘lsangiz, ichingizdagilarni ma’nan yetuk do‘stlaringiz bilan bo‘lishishdan tortinmang. Sizga qanday yordam kerakligini ularga ayting. Siz uchun gaplashish oson bo‘lgan bir yo ikkita oqsoqol bilan suhbatlasharsiz. Ba’zi opa-singillarimiz boshqa ma’nan yetuk opa yo singil bilan gaplashib dalda olgan.
17. Qaysi qiyinchiliklar dalda olishimizga to‘siq bo‘lishi mumkin va qanday qilib ularni yenga olamiz?
17 Birodar-u opa-singillar bilan vaqt o‘tkazing. Og‘riqli his-tuyg‘ular tufayli boshqalar bilan ko‘rishishni istamassiz. Ba’zida birodar-u opa-singillar sizni noto‘g‘ri tushunishi yoki noo‘rin so‘zlarni aytishi mumkin. (Yoqb. 3:2) Bu kabi qiyinchiliklar siz muhtoj bo‘lgan daldani olishingizga to‘siq bo‘lmasin. Gevin ismli oqsoqol depressiyadan azob chekadi. U shunday dedi: «Ko‘pincha do‘stlar bilan vaqt o‘tkazishni istamayman». Ammo Gevin birodarlar bilan ko‘rishish uchun jon kuydiradi va ko‘pincha bunday yo‘l tutgach, o‘zini yaxshiroq his qiladi. Opamiz Emi esa: «O‘tmishim tufayli boshqalarga ishonish men uchun qiyin, lekin Yahova kabi birodar-u opa-singillarimni yaxshi ko‘rishni va ularga ishonishni o‘rganyapman. Bu Yahovani xursand qilishini tushunaman. Buni bilish meni xursand qiladi»,— deb bo‘lishdi.
YAHOVANING KELAJAKKA OID VA’DALARI BIZGA TASALLI BERADI
18. Kelajak borasida nimani intiqib kutishingiz mumkin va hozir nima qila olasiz?
18 Kelajakka aminlik bilan qaray olamiz. Sababi Yahova yaqinda jismoniy va hissiy og‘riqdan bizni butunlay xalos etadi. (Vah. 21:3, 4) O‘shanda hozir bizni qiynayotgan narsalar «ko‘ngilga ham kelmaydi». (Ishayo 65:17) Ko‘rib chiqqanimizday, Yahova hozirning o‘zida yaralarimizni bog‘lab qo‘yadi. Yahova tasalli va yordam olishimiz uchun taqdim etgan barcha narsadan to‘laqonli foyda olaylik. U sizga g‘amxo‘rlik qilishidan aslo shubhalanmang. (1 Butr. 5:7)
7-QO‘SHIQ Yahova — kuch-qudratimizdir
a Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.
b « Yahova uchun azizsiz» nomli ramkaga qarang.
c Yahova bilan oramizdagi «masalani hal [qilish]» maqsadida gunohlarimiz uchun kechirim so‘rash va yurish-turishimizni o‘zgartirish orqali chin dildan tavba qilayotganimizni ko‘rsatishimiz kerak. Jiddiy gunohga qo‘l ursak, jamoat oqsoqollaridan yordam izlashimiz lozim. (Yoqb. 5:14, 15)
d Masalan, «Kundalik hayotimiz uchun ilohiy prinsiplar» adabiyotidagi «Xavotirlanish» va «Tasalli» mavzulari ostidagi oyatlar ustida mulohaza yuritib ko‘ring.