Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

«Bulardan xabardor ekansiz, ularga rioya qilsangiz, baxtiyor bo‘lasiz»

«Bulardan xabardor ekansiz, ularga rioya qilsangiz, baxtiyor bo‘lasiz»

Mening ovqatim, meni Yuborganning irodasini bajarish va Uning ishini yakuniga yetkazishdir. YUHAN. 4:34

QO‘SHIQLAR: 1, 42

1. Xudbinlik bizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ysak, kamtarligimiz bilan nima yuz beradi?

NEGA Muqaddas Kitobdan o‘rganayotganlarimizga amal qilish oson emas? Buning sabablaridan biri, to‘g‘ri bo‘lgan ishni qilish uchun kamtarinlik kerak va bosim ostida ham kamtar bo‘lib qolish muhim. Ushbu oxirzamonda atrofdagilar «o‘zini sevadigan, pulparast, maqtanchoq, kekkaygan,.. o‘zini tuta bilmaydigan» bo‘lib ketgan. (2 Tim. 3:1–3) O‘zini xudbinlarcha tutgan kishilar haqida hatto yaxshi fikr bildirilganda Xudoning xizmatchisi buni ma’qullamas, lekin ularga hasad qilishi hech gap emas. (Zab. 37:1; 73:3) Kimdir shunday fikrga borishi mumkin: «Boshqalarning manfaatlarini o‘zimnikidan ustunroq qo‘yishdan qandaydir naf bormi? O‘zimni past olib yursam, boshqalar meni hurmat qilmay qo‘ymasmikin?» (Luqo 9:48) Xudbinlik bizga ham ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ysak, imondoshlarimiz bilan o‘zaro mehrga to‘la munosabatlarimizga putur yetadi va boshqalar ham masihiy ekanimizning farqiga bormay qoladi. Lekin Muqaddas Kitobdagi yaxshi insonlarning o‘rnagi ustida izlanish olib borib, ularga taqlid qilsak mukofotsiz qolmaymiz.

2. Sadoqatli insonlarning o‘rnagi bizga qanday ta’sir qilishi mumkin?

2 Agar sadoqatli insonlarning o‘rnagidan andoza olishni istasak, shunday natijaga erishish uchun qilgan ishlari borasida izlanish olib borish darkor. Qanday qilib ular Alloh bilan do‘st bo‘la olishgan, Uni mamnun etishgan va Uning irodasini bajarish uchun qayerdan kuch olishgan? Bunday tadqiq o‘tkazish ma’nan oziqlanishimizning muhim bir qismidir.

MA’NAVIY OZUQA SHUNCHAKI MA’LUMOT EMAS

3, 4. a) Ma’naviy yo‘l-yo‘riqni qayerdan olyapmiz? b) Nega ma’naviy ozuqa bilim olishdan ko‘ra ko‘proq narsani anglatadi deb ayta olamiz?

3 Muqaddas Kitob, adabiyotlar, veb-sayt, JW Internet-televideniye, yig‘ilishlaru anjumanlarimizdan ta’lim olib, talaygina yaxshi maslahatlarga ega bo‘lamiz. Ammo Isoning Yuhanno 4:34 dagi so‘zlariga binoan, ma’naviy ozuqa shunchaki bilim olishdan ko‘ra ko‘proq narsani o‘z ichiga oladi. Qiziq, bu nima ekan? Iso: «Mening ovqatim, meni Yuborganning irodasini bajarish va Uning ishini yakuniga yetkazishdir»,— deb aytgan.

4 Ha, Iso uchun ma’naviy ozuqa Xudoning yo‘l-yo‘rig‘iga amal qilishni ham o‘z ichiga olgan. Xo‘sh, bu ozuqa qaysi jihati bilan tom ma’nodagi ozuqaga o‘xshaydi? To‘yimli oziq-ovqatni yeganimizda, tanamiz kuchga to‘lganiday, Xudoning irodasini bajarganimizda, abadiy hayotga erishish uchun imonimiz mustahkamlanadi. Necha marotaba va’zgo‘ylikka charchagan holda borgansiz-u, ammo dalda va tasalli olib qaytgansiz?

5. Donolik ila yo‘l tutishning mukofoti qanday?

5 Ilohiy yo‘l-yo‘riqqa rioya qilish donolikdan darak. (Zab. 107:43) Donolikning mukofoti buyuk. «Ko‘ngling tusagan hech narsa unga teng kelmaydi. [...] Unga ega bo‘lganlar uchun u hayot daraxtidir. Unga mahkam tirmashganlar baxtli deb ataladi». (Hik. 3:13–18) Iso: «Bulardan xabardor ekansiz, ularga rioya qilsangiz, baxtiyor bo‘lasiz»,— deb aytgan. (Yuhan. 13:17) Shogirdlarining baxtiyorligi Iso ularga buyurgan yo‘l-yo‘riqqa amal qilishlariga bog‘liq edi. Ular uning ta’limotlaridan xabardor bo‘lib, o‘rnagi haqida ma’lumotga ega bo‘libgina qolmay, bilganlariga darrov amal qilishgan. Bu ularning hayot tarziga aylangan.

6. Nima uchun doim donolik ila yo‘l tutishimiz muhim?

6 To‘g‘ri deb bilganlarimizga doim amal qilish juda muhim. Masalan, temirchi turli asboblar, xomashyolar va bilimga ega bo‘lishi mumkin. Biroq ularni qo‘llamasa, hech qanday foyda ko‘rmaydi. U o‘z sohasida ishlab, bebaho tajribaga ega bo‘lgandir. Ammo u mahoratli va muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun bu ishini davom ettirishi lozim. Shu singari, Muqaddas Kitobdan o‘rganganlarimizga amal qilganimiz uchun yaxshi natijaga erishgandirmiz. Lekin Yahovaning yo‘l-yo‘rig‘iga kunda rioya qilgan holda kamtarlik ila hayot kechirsak, abadiy baxtiyorlikka erishamiz.

7. Yanada dono bo‘lish uchun Muqaddas Kitobdan o‘rganganlarimizga nisbatan qanday yo‘l tutishimiz lozim?

7 Keling, kamtarinligimiz sinalishi mumkin bo‘lgan turli vaziyatlarga diqqat qarataylik. Qadimda sadoqatli kishilar bu kabi vaziyatlarda qanday yo‘l tutganini bilib olaylik. Ma’lumotni shunchaki ko‘rib chiqish tufayli ma’nan mustahkam bo‘la olmaymiz. Shunday ekan, ushbu vaziyatlarda shaxsan o‘zingiz qanday yo‘l tutishingiz borasida o‘ylab ko‘rib, shu zahoti harakat qiling.

HAMMANI TENG KO‘RING

8, 9. Havoriylar 14:8–15- oyatlarga binoan Pavlusning kamtarinligi qanday sinalgan? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

8 Xudo «har turli odamlar haqiqat to‘g‘risida aniq bilimga ega bo‘lib, najot topishlarini istaydi». (1 Tim. 2:4) Haqiqatni bilib olishi kerak bo‘lgan har turli anchagina odamlar to‘g‘risida qanday fikrdasiz? Garchi havoriy Pavlus ibodatxonada Xudo haqida muayyan ma’lumotga ega bo‘lgan odamlarni izlagan bo‘lsa-da, yahudiylar bilangina cheklanib qolmagan edi. O‘zga xudolarga sajda qilgan kishilarning munosabati tufayli uning kamtarinligi sinalgan edi.

9 Pavlus birinchi va’zgo‘ylik safarida bo‘lganida, masalan, Likaoniyada odamlar uni va Barnaboni ilohiy zotlar deb, soxta xudo Zevs hamda Germes ismlari bilan atashgan. Pavlus bilan Barnabo mashhur bo‘lib ketish bosimiga berilishganmi? Ular buni so‘nggi ikkita shaharda duch kelgan barcha azoblardan hordiq chiqarib, tasalli olishning fursati deb bilishganmi? Ular bunday mashhurlik xushxabar tarqalishiga hissa qo‘shadi degan fikrga borishganmi? Aslo! Ular shu zahotiyoq kiyimlarini yirtib, olomon orasiga otilib kirishdi-da, baland ovozda: «Nega bunday qilyapsizlar? Axir biz ham sizlarga o‘xshagan bandalarmiz»,— deyishgan. (Havor. 14:8–15)

10. Qaysi ma’noda Pavlus bilan Barnabo o‘zlarini Likaoniyadagi odamlar bilan teng ko‘rishgan?

10 Pavlus va Barnabo nomukammal ekanini tan olishgan bo‘lsa-da, ularning topinishi Likaoniyadagi odamlarning sig‘inishi bilan bir xil deb aytishmagan. Axir ular to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘ylar bo‘lib o‘zgacha topshiriq olishgan-ku. (Havor. 13:2) Ha, ular muqaddas ruh bilan moylanishgan va ajoyib umidga ega bo‘lishgan. Lekin Pavlus bilan Barnabo shuni tushunishganki, Likaoniyadagi odamlar xushxabarni qabul qilsa, ular ham moylanib, shunday umidga ega bo‘lishadi.

11. Va’z qilganimizda qay yo‘sin Pavlus kabi kamtarin bo‘la olamiz?

11 Qanday qilib biz ham Pavlus kabi kamtarin bo‘la olamiz? Avvalambor, Yahovaning kuchi bilan bajarayotgan ishlar uchun qandaydir maqtov so‘zlarini kutmasligimiz yoki ularni o‘zimizga qaratmasligimiz lozim. Har birimiz o‘zimizdan shunday so‘rab ko‘rsak yaxshidir: «Men va’z qilayotganimda insonlar haqida qanday nuqtai nazardaman? Hududimdagi muayyan odamlarga nisbatan bila turib yuzxotirchilik qilmayapmanmi?» Shunisi maqtovga sazovorki, Yahovaning Shohidlari butun dunyo bo‘ylab o‘z hududlarida xushxabarni qabul qilishga moyil bo‘lgan insonlarni izlab-topishga bel bog‘lashgan. Ba’zan buning uchun alohida bo‘lib yashaydigan odamlarning tilini va madaniyatini o‘rganish talab etilishi mumkin. Yahovaning Shohidlari o‘zlarini bunday kishilardan ustun qo‘ymaydi. Aksincha, ular har bir kishini tushunishga harakat qilishadi, toki Shohlik xabari uning qalbini zabt etsin.

BOSHQALARNING ISMLARINI TILGA OLIB IBODAT QILING

12. Qanday qilib Epafras xudbinlikdan xoli bo‘lganini ko‘rsatgan?

12 Ilohiy yo‘l-yo‘riqqa amal qilayotganimizni ko‘rsatishning yana bir usuli «biz qatori qimmatbaho imonga ega bo‘lganlar» haqida ibodat qilishdir. (2 Butr. 1:1) Masalan, Epafras shunday qilgan. Bu inson haqida Muqaddas Kitobda faqat uch marotaba — Pavlusning ilohiy ilhom ostida yozgan maktublarida gap ketgan. Pavlus Rimda uy qamog‘ida bo‘lganda, Kolosadagi masihiylarga maktub yozayotganda Epafrasni tilga olib, «u doimo jon kuydirib [sizlar uchun] ibodat qilyapti» degan. (Kolos. 4:12) Epafras birodarlarni yaxshi bilgan va ular haqida juda qayg‘urgan. U Pavlus kabi «zanjirband» bo‘lgani o‘zgalarga ma’naviy tomondan yordam berishiga to‘sqinlik qilmagan. (Filim. 23) Bu borada Epafras ba’zi ishlar qilgani, u xudbinlikdan xoli bo‘lganini ko‘rsatyapti. Imondoshlarimiz uchun ibodat qilish kuchli ta’sirga ega, ayniqsa ularning ismlarini tilga olib, har biri uchun ibodat qilsak yaxshi bo‘ladi. (2 Kor. 1:11; Yoqb. 5:16)

13. Ibodat qilish borasida Epafrasga qanday taqlid qila olasiz?

13 Ismini tilga olib ibodat qilish mumkin bo‘lgan insonlar haqida o‘ylab ko‘ring. Epafrasga o‘xshab ko‘pgina birodaru opa-singillarimiz o‘z jamoatidagilar uchun ibodat qiladi. Qolaversa, ular mas’uliyatga ega bo‘lgan oilalar yoki jiddiy qaror oldida turgan yoxud vasvasalar bilan kurashayotganlar uchun ibodat qiladi. Ko‘pchilik jw.org saytimizda turli tillarda mavjud bo‘lgan «E’tiqodi uchun hibsga olingan Yahovaning Shohidlari bor mamlakatlar» nomli sarlavha ostida ismlari keltirilgan imondoshlarimiz uchun ibodat qiladi. (НОВОСТИ > ЮРИДИЧЕСКАЯ СИТУАЦИЯ sarlavhasiga qarang.) Shuningdek, yaqini hayotdan ko‘z yumgan imondoshlarimiz, tabiiy ofat va urushlardan hamda iqtisodiy inqiroz dastidan aziyat chekkanlar haqida ibodat qilish maqsadga muvofiq. Shubhasizki, ko‘pgina birodaru opa-singillarimiz ibodatlarimizga muhtoj va ular tufayli yordam olishlari mumkin. Demak, ular haqida ibodat qilganimizda, nafaqat o‘zimizning, balki boshqalarning manfaatini ko‘zlayotganimizni ko‘rsatamiz. (Filip. 2:4) Yahova bunday ibodatlarni eshitadi.

«TINGLASHGA TAYYOR BO‘LSIN»

14. Qay yo‘sin Yahova tinglashda a’lo o‘rnak ko‘rsatmoqda?

14 Kamtarin ekanimizni namoyon etadigan yana bir omil — boshqalarni tinglashga tayyor bo‘lganimiz. Yoqub 1:19 da: «Tinglashga tayyor bo‘lsin»,— degan maslahat yozilgan. Tangri Yahova bu borada a’lo o‘rnakdir (Ibt. 18:32; Yoshua 10:14) Keling, Chiqish 32:11–14 dagi (o‘qing) suhbatga diqqat qaratib, qanday saboq olishimiz mumkinligi haqida fikr yuritaylik. Garchi bu Musoning vazifasiga kirmagan bo‘lsa-da, Yahova unga o‘z tuyg‘ularini oshkor etishga ijozat berdi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, kim ham xatolarga yo‘l qo‘ygan kishini tinglab, uning so‘zlariga muvofiq yo‘l tutadi?! Ha, Yahova imonli kishilarning iltijolarini sabr ila tinglaydi.

15. Boshqalarni hurmat qilishda Yahovadan qanday ibrat olsak bo‘ladi?

15 Har birimiz quyidagilar haqida mulohaza yuritsak arziydi: «Yahova Ibrohim, Rohila, Muso, Yoshua, Monuvax, Ilyos va Hizqiyo kabi odamlarni tinglash uchun kamtarinlikni namoyon etgan. Men ham shunday qilyapmanmi? Barcha imondoshlarimni hurmat qilib, fikr-mulohazalarini tinglab, o‘rinli bo‘lganda ular aytganday yo‘l tutyapmanmi? Hozirning o‘zidayoq jamoatimdagilardan yoki oilamdagilardan kimdir e’tiborimga muhtojmi? Nima qilishim kerak? Qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?» (Ibt. 30:6; Hak. 13:9; 3 Shoh. 17:22; 2 Sol. 30:20)

«BALKI YAHOVA QAYG‘U CHEKAYOTGANIMNI KO‘RAR»

Dovud shunday degan: «Tegmanglar unga!» Siz-chi, qanday yo‘l tutasiz? (16-, 17- xatboshilariga qarang.)

16. Shimey Dovudning jahlini chiqarganda u nima qilgan?

16 Kamtarlik shuningdek, kimdir jahlimizni chiqarayotganda o‘zimizni qo‘lga olishga ko‘maklashadi. (Efes. 4:2) 2 Shohlar 16:5–13 da (o‘qing) bu borada ajoyib bir misol yozilgan. Shoh Shoulning Shimey ismli qarindoshi bor edi. U Dovud va uning xizmatkorlariga yomon munosabat ko‘rsatib, ular tomon toshlar otib qarg‘agan. Dovud bunga chek qo‘yish uchun hokimiyatga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, sabrli edi. Qiziq, Dovud aynan nima tufayli o‘zini qo‘lga olgan? Bu savolning javobini Zaburning uchinchi sanosini tahlil qilib topsa bo‘ladi.

17. Dovud nima tufayli o‘zini qo‘lga olgan va biz undan qanday o‘rnak olsak bo‘ladi?

17 Zabur kitobining 3- sanosidagi so‘zboshidan Dovud mazkur sanoni «o‘g‘li Absalomdan qochib ketayotganida» yozganini bilib olyapmiz. 1- va 2- oyatlarda 2 Shohlar 16- bobda yozilgan voqealar qalamga olingan. Zabur 3:4 da Dovud: «Baland ovozda Yahovani chaqiraman. O‘zining muqaddas tog‘idan U menga javob beradi»,— deb ishonch bilan aytgan. Biz ham bosim ostida bo‘lganda ibodat qilsak bo‘ladi. Shunda Yahova bizga muqaddas ruhini ato etib, sabr-bardoshli bo‘lishimizga ko‘maklashadi. Sizga nisbatan ham adolatsizlarcha yo‘l tutilganda o‘zingizni qo‘lga olish yoki chin qalbdan kechirish kerak bo‘lgan vaziyatlarga duch kelsangiz-chi? Yahova qiyinchiligingizdan xabardor ekaniga va baraka berishiga ishonyapsizmi?

«ENG MUHIMI — DONOLIK»

18. Ilohiy yo‘l-yo‘riqqa amal qilishda davom etsak, qanday foyda olamiz?

18 O‘rganganlarimizga amal qilish albatta qut-barakalarga yetaklaydi. Shubhasizki, Hikmatlar 4:7 dagi quyidagi so‘zlar to‘g‘ri: «Eng muhimi — donolik»! Garchi donolik bilimlarga asoslangan bo‘lsa-da, vaziyatni tushunishning o‘zi yetarli emas, donoligimiz aynan chiqargan qarorlarimizda aks etadi. Hatto chumolilarda donolikni ko‘rishimiz mumkin. Ular yozda yegulik g‘amlab, instinktiv donolikni namoyon etadi. (Hik. 30:24, 25) Iso Masih Allohning hikmati orqali doim Uni mamnun qiladigan ishlarni bajaradi. (1 Kor. 1:24; Yuhan. 8:29) Xudo to‘g‘ri qaror chiqarish va unga muvofiq yo‘l tutish orasida farq borligini biladi. U kamtarlik ila sabr-bardosh qilayotganlarni va o‘rganayotganlariga rioya etayotganlarni mukofotlaydi. (Matto 7:21–23 ni o‘qing.) Shunday ekan, yanada kamtarin bo‘lishimiz uchun ma’naviy jannatda mehnat qilishda davom etishimiz kerak. O‘rganayotganlarimizga amal qilish uchun vaqt va sabr-toqat talab etiladi, biroq kamtarlik tufayli hozir va abadiy baxtiyor bo‘la olamiz.