Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Soat necha bo‘ldi?

Soat necha bo‘ldi?

VAQTNI bilmoqchi bo‘lsangiz, nima qilasiz? Ehtimol, soatingizga qararsiz. Do‘stingiz soat necha bo‘lganini so‘rasa, qanday javob berasiz? Buning bir necha yo‘li bor. Qanday deysizmi?

Aytaylik, hozir kunduzi soat 1 dan 45 daqiqa o‘tdi. Siz: «Biru qirq besh»,— deb aytasiz. Qayerda yashayotganingiz va madaniyatingizga qarab: «O‘n uchu qirq besh»,— dersiz. Bu, 24 soatdan iborat vaqt o‘lchovi asosida beriladigan javob. Ba’zi joylarda esa «o‘n beshta kam ikki» deyishingiz mumkin.

Xudoning Kalomini o‘qir ekansiz, bu kitob yozilayotgan kunlarda odamlar soat necha bo‘lganini qanday aytgan deb qiziqarsiz. Buning har xil yo‘li bor edi. Ibroniycha yozuvlarda vaqtni bildiruvchi «ertalab», «tush», «kuppa-kunduzi» va «kech» so‘zlari qo‘llanilgan. (Ibt. 8:11; 19:27; Qonun. 28:29; 3 Shoh. 18:26) Ba’zi vaziyatlarda esa u aniqroq ifodalangan.

Qadimda, qorovullar tuni bilan qo‘riqlashi odatiy edi. Isoning yer yuziga kelishidan asrlar avval, isroilliklar tunni uchta qorovullik paytiga bo‘lishardi. (Zab. 63:6, izoh) Hakamlar 7:19 da keltirilgan izohda «yarim tungi qorovullik» deyilgan. Isoning davriga kelib, yahudiylar yunon va rimliklar kabi tunni to‘rtta paytga ajratishardi.

Injilda bu payt haqida bir necha marta aytilgan. Masalan, Iso dengiz ustida shogirdlari tomon yurib borgan payt haqida «tunning to‘rtinchi qorovulligi» deyilgan. (Mat. 14:25, izoh) Bitta misolda Iso: «O‘g‘ri kechasi soat nechada kelishini uy egasi bilganida, hushyor turib, uyiga o‘g‘ri tushishiga yo‘l qo‘ymasdi»,— deb aytgan. (Mat. 24:43)

Iso shogirdlariga: «Xullas, hushyor turinglar, chunki uyning egasi qaysi mahalda — kechqurunmi, yarim tundami, xo‘roz qichqirishidan oldinmi yoki tong sahardami — kelishini bilmaysizlar»,— deganda tunning to‘rtala qorovullik paytiga ishora qilgan. (Mark 13:35, izoh) «Kechqurun», ya’ni tunning birinchi qorovulligi quyosh botgandan soat 21:00 gacha davom etardi. «Yarim tun», ya’ni tunning ikkinchi qorovulligi taxminan 21:00 dan 00:00 gacha bo‘lardi. «Xo‘roz qichqirishidan oldin», ya’ni tunning uchinchi qorovulligi yarim tundan taxminan sahar uchgacha davom etardi. Iso kechasi hibsga olinganda xo‘roz qichqirgan edi va bu aynan mana shu qorovullik payti bo‘lishi mumkin. (Mark 14:72) «Tong sahar», ya’ni tunning to‘rtinchi qorovulligi deyarli sahar uchdan quyosh chiqquncha davom etardi.

Ko‘rib turganimizday, o‘sha paytlari odamlarda vaqtni belgilovchi hozirgiday soatlar bo‘lmagan. Ularning vaqt o‘lchovi kun yoki tundagi paytlarga asoslangan.