Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Tangri Yahovaga taqlid qilib e’tiborli va muloyim bo‘ling

Tangri Yahovaga taqlid qilib e’tiborli va muloyim bo‘ling

Bechoraga yordam qo‘lini cho‘zgan inson baxtlidir. ZAB. 41:1

QO‘SHIQLAR: 35, 50

1. Xudoning xalqi orasidagi sevgi nima orqali namoyon etiladi?

XUDONING xalqi sevgi tufayli taniqli bo‘lib, ma’naviy oilani tashkil etadi. (1 Yuhan. 4:16, 21) Bu sevgi odatda mardonavor harakatlarda emas, balki mulohazakorlik ila aytilgan so‘zlar va mehr ila qilingan ishlar kabi turli yo‘llar orqali namoyon etiladi. Boshqalarga nisbatan mehribon va e’tiborli bo‘lsak, «sevikli bolalar singari Allohga taqlid qilgan» bo‘lamiz. (Efes. 5:1)

2. Qanday qilib Iso Xudoning sevgisini aks ettirgan?

2 Iso Otasiga mukammal tarzda taqlid qilgan. U shunday degan: «Ey, zahmat chekayotganlar va og‘ir yuk ostida yurganlar, barchangiz oldimga kelinglar. Men sizlarga rohat baxsh etaman... chunki men muloyim va soddadilman». (Mat. 11:28, 29) Isoga o‘xshab «bechoraga yordam qo‘lini cho‘zsak», samoviy Otamizni xursand qilamiz va o‘zimiz ham baxtiyor bo‘lamiz. (Zab. 41:1) Keling, oilamizda, jamoatimizda va voizlik xizmatida qay yo‘sin boshqalarga e’tiborli bo‘lishimiz mumkinligini bilib olaylik.

OILADA E’TIBORLI BO‘LISH

3. Qanday qilib er tushunish va inobatga olish o‘zaro chambarchas bog‘liq ekanini ko‘rsatishi kerak? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

3 Erlar o‘zgalarga e’tiborli bo‘lishda oila a’zolariga o‘rnak ko‘rsatishlari kerak. (Efes. 5:25; 6:4) Masalan, ular xotiniga «olgan bilimiga yarasha» muomala qilishlari lozim. Bu ibora shuningdek, «ularni inobatga olib; ularni tushunib» deb tarjima qilinadi. (1 Butr. 3:7, izoh) Tushunish va inobatga olish o‘zaro chambarchas bog‘liqdir. Misol uchun, xotinini tushunadigan er rafiqasi uni to‘ldirib turuvchi shaxs ekanini va ko‘p sohalarda undan farq qilishini bilsa-da, bu xotinini mensimaslikka sabab bo‘la olmaydi. (Ibt. 2:18) Bunday er xotinining tuyg‘ulariniyu qadr-qimmatini e’tiborga olib, hurmat ila muomala qiladi. Kanadada yashovchi bir imondoshimiz turmush o‘rtog‘i haqida shunday dedi: «Erim hech qachon his-tuyg‘ularimga beparvo bo‘lmaydi va: “Bunday o‘ylamasligingiz kerak”,— deb aytmaydi. U meni juda yaxshi tinglaydi. Biron masala borasida nuqtai nazarimni o‘zgartirishim kerak bo‘lganda, bu haqda mehr ila aytadi».

4. Er boshqa ayollar bilan muomala qilganda rafiqasining tuyg‘ularini inobatga olayotganini qay yo‘sin ko‘rsatishi lozim?

4 Mulohazakor er shuningdek, rafiqasining tuyg‘ulariga e’tiborli ekanini boshqa ayollar bilan muomala qilganda ko‘rsatadi. Ular bilan hech ham noz-karashma qilmaydi yoki ularga noo‘rin qiziqish ko‘rsatmaydi. Ijtimoiy tarmoqlar yo Internetdan foydalanganda ham xuddi shunday yo‘l tutadi. (Ayub 31:1) Darhaqiqat, u nafaqat xotinini sevgani uchun, balki Allohni yaxshi ko‘rgani va yomonlikdan nafratlangani bois ham, xotiniga nisbatan sadoqatli bo‘ladi. (Zabur 19:14; 97:10 ni o‘qing.)

5. Qanday qilib xotin eriga e’tiborli bo‘lishga harakat qiladi?

5 Erlar boshi bo‘lmish Iso Masihga ko‘z tikib, unga taqlid qilishsa, xotinlariga ularni «chuqur hurmat qilishiga» yordam bergan bo‘lishadi. (Efes. 5:22–25, 33) Erini hurmat qilgan xotin unga e’tiborli bo‘lishga harakat qiladi, ehtimol, erining va’zgo‘ylik ishi bilan bog‘liq ko‘pgina mas’uliyatli vazifalari bordir yoki qandaydir tashvishlar xayolini chulg‘ab olgandir. Buyuk Britaniyadagi birodarimiz quyidagilar bilan bo‘lishdi: «Gohida rafiqam xatti-harakatlarimdan meni nimadir bezovta qilayotganini payqab qoladi. Agar bu xotinim bilan muhokama qilish mumkin bo‘lgan masala bo‘lsa ham, u fikr-xayollarimni “tashqariga chiqarish” uchun Hikmatlar 20:5 dagi prinsipga amal qilib, o‘rinli vaqtni kutadi».

6. Qay yo‘sin har birimiz bolalarni o‘zgalarga e’tiborli bo‘lishga o‘rgatishimiz mumkin va bu ularga qanday foyda keltiradi?

6 Ota-ona bir-biriga e’tiborli ekanini namoyon etib, farzandlariga yaxshi o‘rnak bo‘la oladi. Albattaki, bolani boshqalarga e’tiborli bo‘lishga o‘rgatish birinchi navbatda ota-onaning zimmasidadir. Masalan, ota-ona bolalarini Yig‘ilish zalida yugurmaslikka o‘rgatishi mumkin. Yoki ota-onalar farzandlariga o‘tirishlarda kattalardan oldin ovqat tanovul qilish yaxshi emasligini aytishar. Shubhasizki, jamoatdagilarning hammasi ota-onani qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Aytaylik, bola biz uchun qandaydir yaxshilik qildi, ehtimol, eshik ochib berdi, shunda uni maqtashimiz lozim. Shunday yo‘l tutib, yoshlarga yaxshi ta’sir qilishimiz mumkin, ya’ni ular «olishdan ko‘ra berishning baxtiyorligi katta» ekanini his eta oladi. (Havor. 20:35)

JAMOATDA «BIR-BIRIMIZ HAQDA O‘YLAYLIK»

7. Iso kar odamga e’tiborli bo‘lganini qay yo‘sin ko‘rsatgan va bu biz uchun qanday o‘rnak?

7 Bir safar O‘nkent viloyatida Isoning oldiga «kar va yaxshi gapira olmaydigan bir odamni» olib kelishdi. (Mark 7:31–35) Iso uni hammaning ko‘z o‘ngida emas, «chetroqqa olib chiqib» sog‘aytirdi. Nega? Balki bu kishi nuqsonlari dastidan xaloyiq ichida o‘zini noqulay his etgandir. Ehtimol, Iso buni payqagani uchun shunday yo‘l tutgandir. Albatta, biz odamlarni sog‘aytirib bunday mo‘jizalarni qila olmaymiz. Biroq imondoshlarimizning ehtiyojlariyu tuyg‘ulariga e’tiborli bo‘lishimiz mumkin va bu qo‘limizdan keladi. Havoriy Pavlus: «Sevishga va ezgu ishlar qilishga undash uchun bir-birimiz haqimizda o‘ylaylik»,— deb yozgan. (Ibron. 10:24) Iso kar odam nimalarni his etayotganini tushungan va unga mehr ila munosabat ko‘rsatgan. Bu biz uchun a’lo o‘rnak!

8, 9. Qanday qilib yoshi ulug‘ va imkoniyatlari cheklanganlarga e’tibor ko‘rsata olamiz? (Misollar keltiring.)

8 Qariyalar va imkoniyatlari chegaralangan kishilarga e’tiborli bo‘ling. Imonlilar jamoati shunchaki muvaffaqiyati emas, sevgisi tufayli taniqlidir. (Yuhan. 13:34, 35) Bu sevgi bizni yoshi ulug‘ va imkoniyatlari chegaralangan insonlarga jamoat uchrashuvlariga kelishga hamda va’z qilishga yordam berishga undaydi. Ular hatto oz narsa qila olsa ham biz ularga ko‘maklashamiz. (Mat. 13:23) Nogironlar aravachasidan foydalanadigan Maykl ismli birodarimiz unga yordam berayotgan oila a’zolari va imondoshlaridan juda minnatdor. U shunday dedi: «Ular menga ko‘maklashayotgani tufayli yig‘ilishlarni qoldirmaslikka intilaman va doim xizmatda ishtirok etaman. Menga ayniqsa omma oldida va’z qilish juda yoqadi».

9 Ko‘pgina Baytillarda yoshi ulug‘ va nogiron birodaru opalar bor. G‘amxo‘r nozirlar bunday sadoqatli xizmatchilar xatlar yozishi va telefon orqali va’z qilishi uchun sharoitlar yaratib ularga e’tiborli ekanini ko‘rsatadi. Yoshi 86 da bo‘lgan Bill birodarimiz olis hududlardagi odamlarga xatlar yuboradi. U: «Xatlar yozish sharafini juda qadrlaymiz»,— dedi. Taxminan 90 yoshda bo‘lgan Nensi opamiz shunday bo‘lishdi: «Xatlar yozish men uchun shunchaki ularni konvertga solib jo‘natishday emas. Bu va’zgo‘ylik xizmati. Odamlar haqiqatni bilishga muhtoj!» 1921-yili tavallud topgan Etel opamiz: «Og‘riq hayotimning bir qismidir. Ba’zida hatto kiyinishga qiynalaman»,— deb aytdi. Shunda ham u telefon orqali va’z qilishdan zavq topadi va hatto yaxshi takroriy tashriflari bor. Yoshi 85 da bo‘lgan Barbara quyidagicha aytdi: «Sog‘ligim zaif bo‘lgani sabab, va’zgo‘ylikda muntazam qatnashishga juda qiynalaman. Lekin telefon orqali boshqalarga shohidlik bera olganim uchun Yahovaga ming bor shukur». Deyarli bir yil davomida bunday qadrdon imondoshlarimiz 1 228 soat vaqtini xizmatga bag‘ishlab, 6 265 ta xat yozgan, 2 000 martadan oshiq qo‘ng‘iroqlar qilgan va 6 315 ta adabiyot yuborishgan. Shak-shubhasizki, ularning urinishlari Yahovaning qalbini quvontirdi! (Hik. 27:11)

10. Imondoshlarimizga yig‘ilishdan foyda olishga qanday yordam berishimiz mumkin?

10 Jamoat uchrashuvlarida e’tiborli ekaningizni ko‘rsating. Imondoshlarimiz yig‘ilishlardan foyda olishini xohlaymiz. E’tiborli bo‘lsak bu maqsadga erishishga ko‘maklasha olamiz. Qiziq, qay yo‘sin? Masalan, yig‘ilishga vaqtida kelsak, boshqalarni chalg‘itmaymiz. Albatta, kutilmagan vaziyatlar bo‘lib qolishi hech gap emas. Lekin kech qolish odat tusiga aylanib qolgan bo‘lsa, e’tiborliroq bo‘lishimiz uchun nimanidir o‘zgartirishimiz kerak. Unutmangki, u yerga bizni Yahova hamda Iso taklif qilmoqda. (Mat. 18:20) Ular chuqur hurmatimizga loyiqdir!

11. Topshirig‘i bor imondoshlarimiz nega 1 Korinfliklarga 14:40 dagi maslahatga rioya etishlari kerak?

11 Muqaddas Kitobdagi: «Hamma narsa odob va tartib bilan bo‘lsin»,— degan maslahatni inobatga olgan holda imondoshlarimizga e’tiborli bo‘lamiz. (1 Kor. 14:40) Birodarlar o‘z topshiriqlarini vaqtida tugatib mazkur maslahatga rioya etishayotganini ko‘rsatishadi. Shunday yo‘l tutib, ular nafaqat navbatdagi birodarga, balki butun jamoatga e’tiborli ekanini ko‘rsatishadi. Ayrim imondoshlarimiz uyiga yetib olishi uchun ancha yo‘l yurishi kerak bo‘ladi. Kimdir jamoat transportidan foydalanadi. Ba’zilarning esa uyda sabrsizlik bilan kutadigan imondoshimiz bo‘lmagan turmush o‘rtoqlari bor.

12. Nima uchun oqsoqollar hurmatimiz va sevgimizga arziydi? (« Mas’uliyatli birodarlarga e’tiborli ekanimizni ko‘rsataylik» nomli ramkaga qarang.)

12 Jamoatda astoydil mehnat qiladigan oqsoqollar va’zgo‘ylik xizmatida g‘ayrat ila ishtirok etib e’tiborli ekanini ko‘rsatishadi. (1 Salonikaliklarga 5:12, 13 ni o‘qing.) Ular biz uchun qilayotgan harakatlarini juda ham qadrlaymiz! Oqsoqollar bilan tayyorlik ila hamkorlik qilib, ularni qo‘llab-quvvatlaymiz. «Boisi, ular hisobot beradiganlarday hamisha sizlar uchun qayg‘urishyapti». (Ibron. 13:7, 17)

XIZMATDA E’TIBORLI BO‘LISH

13. Iso odamlarga qilgan munosabatidan qanday o‘rnak olsak bo‘ladi?

13 Iso e’tiborli ekani haqida Ishayo payg‘ambar quyidagicha bashorat qilgan: «U bukik qamishni sindirmaydi, lipillayotgan pilikni ham o‘chirmaydi». (Ishayo 42:3) Iso odamlarni yaxshi ko‘rgani uchun ularga achingan. U majoziy ma’noda xuddi bukik qamish yoki lipillayotgan pilikday bo‘lgan insonlarning hissiyotlarini tushungan. Iso e’tiborli, mehribon va sabr-toqatli bo‘lgan. Hatto bolalar ham uning yoniga bemalol bora olgan. (Mark 10:14) To‘g‘ri, biz to‘la ravishda Iso kabi fahm-farosatli bo‘lib, ta’lim bera olmaymiz. Lekin hududimizdagi odamlarga e’tiborli bo‘lishimiz mumkin va bu qo‘limizdan keladi! Ularga qay tarzda gapirishimiz, qaysi paytda va qancha vaqt davomida suhbatlashishimiz muhim ahamiyatga ega.

14. Nega odamlarga qay tarzda gapirishimiz muhim ahamiyatga ega?

14 Xo‘sh, odamlarga qay tarzda gapirishimiz darkor? Bugungi kunda yolg‘onchiyu beshafqat tijorat, siyosat va din rahbarlari dastidan son-sanoqsiz kishilar «tarqoq va holdan toygan». (Mat. 9:36) Buning natijasida ko‘plar ishonchini yo‘qotib, umidsizlikda umr kechirmoqda. Shunday ekan, mehribon bo‘lishimiz, so‘z tanlashimiz va ularni o‘rinli ohangda ifodalashimiz muhim. Ha, ko‘plar faqatgina Muqaddas Kitobdagi bilimlar yoki ularni mantiqan to‘g‘ri yetkazib berganimiz tufayli emas, balki ularga samimiy qiziqish ko‘rsatganimiz va e’tiborli bo‘lganimiz uchun xushxabarni qabul qiladi.

15. Shohidlik berayotganimizda odamlarga e’tibor ko‘rsatishning qanday yo‘llari bor?

15 Shohidlik berayotganimizda odamlarga e’tibor ko‘rsatishning talaygina amaliy yo‘llari bor. Masalan, savollar ta’lim berishda qo‘l keladi. Ularni muloyimlik va hurmat ila berishimiz darkor. Ko‘pgina tortinchoq va uyatchan odamlar yashaydigan hududda xizmat qiladigan kashshof hijolatga qo‘ymaydigan savollar berishga o‘rgangan. Bunday savollarga odam bemalol javob bera olishi yoki noto‘g‘ri javob berib qo‘yishdan qo‘rqmasligi kerak. Misol uchun, u: «Xudoning ismini bilasizmi?» yoki «Xudoning Shohligi nimaligini bilasizmi?» — degan savollarning o‘rniga: «Muqaddas Kitobdan Xudoning ismi borligini bilib oldim. Uni sizga ko‘rsatsam maylimi?» — deb savol beradi. Albatta, madaniyat va odamlar turlicha, shuning uchun qoida o‘rnatmasligimiz kerak. Biroq mahalliy aholini yaxshi bilishga intilib, ularga doim e’tiborli bo‘lishimiz va ularni hurmat qilishimiz lozim.

16, 17. a) Odamlarnikiga qachon borish masalasida qay yo‘sin e’tiborli bo‘la olamiz? b) Qancha vaqt suhbatlashish borasida qanday qilib e’tiborli bo‘lishimiz mumkin?

16 Odamlarnikiga qachon borishimiz kerak? Uyma-uy xizmat qilganimizda, taklif etilmagan mehmon ekanimizni yodda tutaylik. Shuning uchun, odamlar suhbatlashishga moyilroq bo‘lgan paytda ularnikiga borish muhimdir. (Mat. 7:12) Masalan, hududingizdagi odamlar dam olish kunlari ko‘proq uxlashni yoqtiradimi? Unday bo‘lsa, xizmatingizni ehtimol, ko‘chada va’z qilishdan, omma oldida shohidlik berishdan yoki oldindan kelishib olgan insonnikiga takroriy tashrif buyurishdan boshlarsiz.

17 Qancha vaqt suhbatlashishimiz kerak? Ko‘pchilik juda band bo‘lgani bois, hech bo‘lmaganda ilk tashriflarda qisqacha suhbatlar qurishimiz lozim. Uzoq vaqt suhbatlashishdan ko‘ra, kamroq gapirish yaxshiroqdir. (1 Kor. 9:20–23) Biz odamlarning vaziyatini yoki band ekanini tushunayotganimizni ko‘rishsa, yana kelishimizga rozilik bildirish ehtimoli ko‘proq. Shunisi aniqki, muqaddas ruh samarasi xizmatimizda aks etishi lozim. Shunda, biz chindan ham «Tangrining xizmatdoshlari» bo‘la olamiz va hatto biz orqali Yahova kimnidir haqiqatga jalb qilishi mumkin. (1 Kor. 3:6, 7, 9)

18. Boshqalarga e’tiborli bo‘lib qanday barakalarga ega bo‘lishimiz mumkin?

18 Keling, hammaga — oilada, jamoatda va voizlik xizmatida e’tiborli bo‘lish uchun jon kuydiraylik. Shunday yo‘l tutib, hozirning o‘zida va kelajakda qut-barakalarga ega bo‘lamiz. Zabur 41:1, 2 da aytilganiday: «Bechoraga yordam qo‘lini cho‘zgan inson baxtlidir, musibat kuni Yahova bunday kishini qutqaradi... U yer yuzida baxtli inson deya ataladi».