Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

39-TADQIQ MAQOLASI

Jamoatingizdagi opa-singillarni qo‘llab-quvvatlang

Jamoatingizdagi opa-singillarni qo‘llab-quvvatlang

Xushxabarni e’lon qilayotgan ayollar ulkan qo‘shindir. ZAB. 68:11

137-QO‘SHIQ Yahovaga vafodor ayol-qizlar

BU MAQOLADA a

Faol va g‘ayratli opa-singillarimiz yig‘ilishlarda, xizmatda, Yig‘ilish zalini ta’mirlashda qatnashadi va imondoshlarga qiziqish ko‘rsatadi (1-xatboshiga qarang.)

1. Opa-singillarimiz tashkilotni qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlaydi, ammo ularning ko‘pchiligi qanday qiyinchiliklarga duch keladi? (Muqovadagi rasmga qarang.)

 JAMOATIMIZDA tinmay mehnat qilayotgan ko‘plab opa-singillarimiz borligi uchun minnatdormiz! Masalan, ular jamoat uchrashuvlarida va xizmatda ishtirok etadi. Ba’zilar Yig‘ilish zalini ta’mirlashda qatnashadi va imondoshlariga samimiy qiziqish ko‘rsatadi. Shu bilan birga ular qiyinchiliklarga ham duch keladi. Ayrimlar keksa ota-onasiga g‘amxo‘rlik qiladi. Boshqalarga oila a’zolari qarshilik ko‘rsatadi. Yana kimdir esa yolg‘iz ona bo‘lgani sababli bolalarini boqish uchun og‘ir mehnat qiladi.

2. Nega opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlashimiz lozim?

2 Nega opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlashimiz kerak? Sababi bu dunyodagilar ayollarga ular loyiq bo‘lgan hurmatni namoyon etishmaydi. Bundan tashqari, Muqaddas Kitobda ularni qo‘llab-quvvatlashimiz kerakligi aytilgan. Havoriy Pavlus Rimdagi jamoatdan Fivani munosib tarzda qabul qilib, «qanday ehtiyoji bo‘lsa yordam berishni» so‘ragan. (Rim. 16:1, 2) Hoynahoy, Pavlus farziy bo‘lganida, u ham ayollarga past nazar bilan qaragan. Lekin u masihiy bo‘lganida, Isoga taqlid qilib ayollarga hurmat va mehr ila muomala qilgan. (1 Kor. 11:1)

3. Iso ayollarga qanday muomala qilgan va Xudoning irodasini bajargan ayollarga nisbatan qanday nuqtai nazarda bo‘lgan?

3 Iso barcha ayollarning hurmatini joyiga qo‘ygan. (Yuhan. 4:27) U ayollarga o‘sha paytdagi yahudiy din rahbarlari kabi nuqtai nazarda bo‘lmagan. Masalan, Muqaddas Kitobga oid bir ensiklopediyada shunday deyilgan: «Iso hech qachon ayollarni yerga uradigan gap gapirmagan». Aksincha, u Otasining irodasini bajargan ayollarni yanada ko‘proq hurmat qilgan. Shunisi e’tiborga loyiqki, Iso ularni opa-singillari, deb bilgan va erkaklar bilan bir qatorda ma’naviy oilasining a’zolari sifatida tilga olgan. (Mat. 12:50)

4. Bu maqolada nimaga diqqat qaratamiz?

4 Iso Xudoga xizmat qilgan ayollarga yordam qo‘lini cho‘zishga doim tayyor bo‘lgan. U ayollarni qadrlagan hamda ularning yonini olgan. Keling, opa-singillarimiz haqida o‘ylash borasida Isoga qay yo‘sin taqlid qilishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.

QADRLI OPA-SINGILLARIMIZ HAQIDA O‘YLANG

5. Nima sababdan ba’zi opa-singillarga daldali suhbatdan foyda olish qiyin bo‘lishi mumkin?

5 Barchamiz — xoh birodar bo‘lsin, xoh opa-singil — daldali suhbatga muhtojmiz. Lekin ba’zida opa-singillar uchun bu ehtiyojni qondirish qiyin kechishi mumkin. Nega? Quyida imondoshlarimiz qanday fikr bildirganiga e’tibor bering. Jordan b ismli bir opamiz shunday dedi: «Turmushga chiqmaganim tufayli ko‘pincha jamoatda o‘z o‘rnimni topishga qiynalaman hamda o‘zimni uning a’zosi sifatida his etolmayman». Xizmatini kengaytirish uchun boshqa hududga ko‘chib o‘tgan Kristen ismli kashshof opamiz quyidagicha bo‘lishdi: «Yangi jamoatga o‘tganingizda, o‘zingizni yolg‘iz his qilishingiz mumkin». Ehtimol, ba’zi birodarlar ham o‘zini shunday his qilar. Yahovaga xizmat qilmaydigan oila a’zolari bilan yashaydigan imondoshlarga ular bilan yaqin munosabatlarga ega bo‘lish qiyin kechishi hech gap emas. Balki ular jamoatdagilar bilan ham yaqin emasdir. Ba’zi opa-singillar o‘zi yoki oila a’zolari kasal bo‘lgani tufayli uydan chiqa olmasligi hamda yolg‘izlikni his etishi mumkin. Anetta quyidagicha bo‘lishdi: «Onamga asosan o‘zim qaraganim sababli birodar-u opa-singillar bilan birga vaqt o‘tkaza olmasdim».

Iso kabi biz ham xudojo‘y ayollarga sevgi ila g‘amxo‘rlik ko‘rsata olamiz (6–9-xatboshilariga qarang.) e

6. Luqo 10:38–42 ga ko‘ra, Iso Marta va Maryamga qay yo‘sin yordam bergan?

6 Iso ma’naviy opa-singillari bilan vaqt o‘tkazgan hamda ularning chin do‘sti bo‘lgan. Keling, Isoning Maryam va Marta bilan bo‘lgan do‘stligini ko‘rib chiqaylik. Bu opa-singillar turmush qurmaganga o‘xshaydi. (Luqo 10:38–42 ni o‘qing.) Iso so‘zlari va ishlari bilan ular o‘zlarini bemalol his qilishga ko‘maklashgan. Maryam shogird c sifatida uning oyoqlari oldiga o‘tirishdan tortinmagan. U ovqat tayyorlashga yordam bermagani uchun Marta xafa bo‘lgan va buni Isoga aytishdan uyalmagan. O‘sha mehmondorchilikda Iso ularning har ikkalasiga qimmatli saboq olishga yordamlashgan. U boshqa vaziyatlarda ham ularnikiga tashrif buyurganida bu ikkita opa-singilga va ularning akasi Lazarga g‘amxo‘rlik qilganini ko‘rsatgan. (Yuhan. 12:1–3) Lazar og‘ir kasal bo‘lib qolganida, Maryam va Marta Isoga yordam so‘rab murojaat qilishlari mumkinligini bilishgani ajablanarli emas. (Yuhan. 11:3, 5)

7. Opa-singillarimizga dalda berishning yo‘llaridan biri qanday?

7 Ba’zi opa-singillar uchun yig‘ilishlar imondoshlar bilan birga bo‘lishning atigi bir nechta imkoniyatidan biridir. Shuning uchun bu fursatdan ularni qarshi olish, suhbatlashish hamda ular haqida qayg‘urayotganimizni ko‘rsatish uchun foydalanishni istaymiz. Yuqorida tilga olingan Jordan yana shunday dedi: «Boshqalar yig‘ilishda bergan sharhlarim uchun maqtasa, men bilan xizmatga chiqishni rejalashtirsa yoki g‘amxo‘rligini boshqa yo‘llar orqali ko‘rsatsa rosa dalda olaman». Opa-singillarimiz biz uchun muhim ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatishimiz lozim. «Yig‘ilishga borolmasam, hol-ahvol so‘rab SMS yuborishlarini bilaman,— deb bo‘lishdi Kiya.— Bu birodar-u opa-singillar men haqimda qayg‘urayotganini ko‘rsatadi».

8. Yana qaysi yo‘llar orqali Isoga taqlid qila olamiz?

8 Biz ham Iso kabi opa-singillar bilan vaqt o‘tkazishga intilsak bo‘ladi. Ehtimol, ularni ovqatga yoki dam olishga taklif qilishimiz mumkin. Bunday paytda suhbatimiz daldali bo‘lishiga harakat qilamiz. (Rim. 1:11, 12) Qolaversa, oqsoqollar Iso kabi nuqtai nazarga ega bo‘lishlari darkor. Ayrimlar uchun turmush qurmagani qiyinchilik tug‘dirishini Iso bilgan. Lekin u turmush qurish ham, farzandli bo‘lish ham cheksiz baxtiyorlikning kaliti emasligini aniq ko‘rsatgan. (Luqo 11:27, 28) Aksincha, kishi Yahovaga xizmat qilishni hayotida birinchi o‘ringa qo‘ysagina, abadulabad baxtiyor bo‘la oladi. (Mat. 19:12)

9. Oqsoqollar opa-singillarga yordam berish uchun nima qilishlari mumkin?

9 Ayniqsa, oqsoqollar jamoatdagi ayollarni o‘z onalari va opa-singillaridek ko‘rishlari kerak. (1 Tim. 5:1, 2) Oqsoqollar jamoat uchrashuvidan oldin yoki keyin opa-singillar bilan suhbat qurish uchun vaqt ajratishlari darkor. «Bir oqsoqol juda band ekanimni payqadi va jadvalim qandayligi bilan qiziqdi. Uning g‘amxo‘rligidan juda minnatdorman»,— dedi yuqorida tilga olingan Kristen. Oqsoqollar ma’naviy opa-singillari bilan suhbatlashish uchun muntazam vaqt ajratib, ularga g‘amxo‘rlik qilayotganini ko‘rsatadi d. Avvalroq so‘zlari keltirilgan Anetta oqsoqollar bilan tez-tez suhbat qurishning foydasini quyidagicha ta’kidladi: «Ular meni, men esa ularni yaxshiroq bilib olaman. Shuning uchun muammoga duch kelganimda, yordam so‘rab ularga bemalol murojaat qila olaman».

OPA-SINGILLARIMIZNING MEHNATI UCHUN MINNATDOR BO‘LING

10. Opa-singillarimiz gullab-yashnashiga nima ko‘maklashadi?

10 Barchamiz — erkaklar ham, ayollar ham — boshqalar qobiliyatlarimizni ko‘rib, qilgan mehnatimiz uchun minnatdorchilik bildirishsa gullab-yashnaymiz. Ammo iqtidorimizni ishga solib qilgan mehnatimizga hech kim ahamiyat bermasa, ruhimiz tushadi. Turmush qurmagan Abigayl ismli kashshof opamiz ba’zan o‘zini e’tibordan chetda qolganday his qilishi to‘g‘risida bo‘lishib shunday dedi: «Meni shunchaki falonchining opasi, singlisi yoki qizi, deb bilishadi. Gohida o‘zimni “ko‘rinmas odamday” his qilaman». Pem ismli opamiz esa nima deganiga e’tibor bering. U turmush qurmagan va ko‘p yillar davomida to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qilgan. Keyinchalik Pem ota-onasiga g‘amxo‘rlik qilish maqsadida uyiga qaytgan. Hozir uning yoshi 70 dan oshgan bo‘lsa ham, u hanuz kashshof bo‘lib xizmat qilmoqda. Pem shunday deb bo‘lishdi: «Menga katta yordam berib kelayotgan narsa boshqalar qilgan mehnatim uchun minnatdor ekanini aytishidir».

11. Qay yo‘sin Iso unga ergashgan sadoqatli ayollarning xizmatini qadrlaganini ko‘rsatgan?

11 Iso «o‘z mol-mulklarini» unga xizmat qilish uchun sarflagan xudojo‘y ayollarning yordamini qadrlagan. (Luqo 8:1–3) U nafaqat ular bunday sharafga ega bo‘lishlariga izn bergan, balki chuqur ma’naviy haqiqatlarni ham ularga ochib bergan. Masalan, Iso ularga o‘lishi va tirilishi to‘g‘risida aytgan. (Luqo 24:5–8) U bu ayollarni ham havoriylari singari ularni oldinda kutayotgan qiyinchiliklarga tayyorlagan. (Mark 9:30–32; 10:32–34) E’tiborli jihati shundaki, Isoni hibsga olishganida havoriylar qochib ketishgan. Isoni qo‘llab-quvvatlagan ba’zi ayollar esa u azob ustunida jon berayotganida unga yaqin joyda bo‘lishgan. (Mat. 26:56; Mark 15:40, 41)

12. Iso ayollarga qanday ishni ishonib topshirgan?

12 Iso ayollarga muhim ishni ishonib topshirgan. Masalan, xudojo‘y ayollar Iso tirilganining ilk guvohlari bo‘lgan. U o‘sha ayollardan havoriylariga uning tirilgani to‘g‘risida aytishlarini so‘ragan. (Mat. 28:5, 9, 10) Mil. 33-yili Hosil bayramida shogirdlar muqaddas ruh bilan moylanganida, ularning orasida ayollar ham bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, bu yangi moylangan opa-singillar mo‘jizaviy tarzda o‘zga tillarda gapirish qobiliyatiga ega bo‘lgan hamda «Allohning ulug‘vor ishlari haqida» boshqalarga aytgan. (Havor. 1:14; 2:2–4, 11)

13. Bugungi kunda opa-singillar nima qilyapti va ularning mehnati uchun qay yo‘sin minnatdorchilik bildira olamiz?

13 Opa-singillarimiz Yahovaning xizmatida qilayotgan barcha ishlari uchun maqtovga sazovor. Misol uchun, ular tashkilotimiz binolarini qurish va ta’mirlashda qatnashyapti, o‘zga tildagi guruhlar bilan va’z qilyapti hamda Baytilda ixtiyoriy xizmatchilar sifatida yordam beryapti. Ular tabiiy ofatlardan zarar ko‘rganlarga ko‘maklashishda va adabiyotlarni tarjima qilishda hissa qo‘shyapti, kashshof hamda to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y bo‘lib xizmat qilyapti. Birodarlar singari opa-singillar ham kashshoflar, Shohlik xabarchilari, va Gilad maktablarida ta’lim olyapti. Bundan tashqari, xotinlar erlariga jamoatdagi hamda tashkilotdagi vazifalarini bajarishga yordamlashyapti. Bu birodarlar «hadya sifatida» berilgan va boshqalarga yordam berish uchun ko‘p ishlar qiladi. Agar xotinlari ularni qo‘llab-quvvatlamaganida, ular uchun vazifalarini bajarish qiyinroq bo‘lardi. (Efes. 4:8) Opa-singillarimiz mehnat qilar ekan, ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘llari to‘g‘risida o‘ylab ko‘ra olasizmi?

14. Zabur 68:11 ga ko‘ra, dono oqsoqollar nima qilishadi?

14 Dono oqsoqollar shuni tushunadiki, opa-singillar ixtiyoriy xizmatchilardan iborat «ulkan qo‘shin»ni tashkil etadi va ko‘pincha ular xushxabarni mahorat ila va’z qiladi. (Zabur 68:11 ni o‘qing.) Shuning uchun, oqsoqollar ularning tajribasidan foyda olishga intiladi. Yuqorida tilga olingan Abigayl birodarlar undan hududdagi odamlar bilan suhbat boshlashning qaysi yo‘llarini samarali, deb topgani to‘g‘risida so‘rashganida dalda olishini aytdi. U shunday dedi: «Bu Yahova menga tashkilotida bajarishim uchun muhim ishni topshirganini ko‘rishga yordam beradi». Qolaversa, oqsoqollar sadoqatli, ma’nan yetuk opalar yosh singillarimizga qiyinchiliklari bilan kurashishga samarali yordam berishlarini tan oladi. (Titus. 2:3–5) Shubhasizki, opa-singillarimiz sevgimizga hamda ulardan minnatdor bo‘lishimizga loyiq.

OPA-SINGILLARNING YONINI OLING

15. Qaysi vaziyatlarda opa-singillarimiz kimdir ularning yonini olishiga muhtoj bo‘lishi mumkin?

15 Ba’zida opa-singillarimiz muayyan qiyinchilikka duch kelishsa, ularning yonini olishimizga muhtoj bo‘lishar. (Ishayo 1:17) Balki beva yoki ajrashgan opa-singillarimiz kimdir ularning yonini olib gapirishi hamda oldin eri bajargan ba’zi yumushlarni qilishda yordamga muhtojdir. Ehtimol, keksa opamiz kimdir u uchun shifokorlar bilan gaplashishiga ehtiyoj sezar. Yahovaning tashkilotida qo‘shimcha vazifalarni bajarayotgan kashshof opa yoki singlimiz boshqa kashshoflar singari va’zgo‘ylik xizmatida ko‘p qatnasha olmayotgandir. Bu uchun uni tanqid qilishsa, kimdir uning yonini olishiga muhtoj bo‘lar. Opa-singillarimizga yana qay yo‘sin yordam bera olamiz? Keling, Isoning o‘rnagiga qaytaylik.

16. Mark 14:3–9 ga ko‘ra, Iso Maryamni qay yo‘sin himoya qilgan?

16 Kimdir ma’naviy opa-singillarini noto‘g‘ri tushunganida, Iso darhol ularning yonini olgan. Misol uchun, Marta Maryamni tanqid qilganida, Iso uni himoya qilgan. (Ishayo 1:17) Ikkinchi marta Iso Maryamni boshqalar uning chiqargan qarorini ma’qullamay tanqid qilishganida himoya qilgan. (Mark 14:3–9 ni o‘qing.) Iso Maryamning niyatini tushunib uni: «U men uchun ezgu ish qildi. [...] Qo‘lidan kelganini qildi»,— deb maqtagan. Iso hattoki «xushxabar dunyoning qaysi joyida va’z qilinmasin, bu ayolning qilgan ishi ham yodga olinadi»,— deb bashorat qilgan. Bu so‘zlar amalga oshayotganini mazkur maqolada ham ko‘rsak bo‘ladi. Shunisi qiziqki, Iso Maryamni fidoyiligi uchun maqtayotib xushxabar dunyo bo‘ylab va’z qilinishi to‘g‘risida aytgan. Uni adolatsizlarcha hukm qilganlaridan keyin Isoning bu so‘zlari unga qanchalar dalda bergandir-a?!

17. Qaysi vaziyatlarda opa-singillarimiz ularning yonini olishimizga muhtoj bo‘ladi? Misol keltiring.

17 Ma’naviy opa-singillaringiz muhtoj bo‘lganida, ularning yonini olasizmi? Masalan, quyidagi misolga e’tibor bering. Ba’zi va’zgo‘ylar eri Yahovaning shohidi bo‘lmagan bir imondoshimiz ko‘pincha jamoat uchrashuvlariga kechikishini hamda dastur tugashi bilan ketib qolishini ko‘radi. Ular u farzandlarini yig‘ilishga kam olib kelishini payqaydi. Shu sababli, ular uni tanqid qilib farzandlariga yig‘ilishlarga kelishga ruxsat berishini eridan talab qilishi kerak, deb o‘ylaydi. Ammo haqiqat shundaki, imondoshimiz qo‘lidan kelganini qilyapti. Uning jadvali butkul unga bog‘liq emas, ustiga-ustak, farzandlari borasida so‘nggi qarorni u chiqarmaydi. Boshqalar opamizni yoki singlimizni shu yo‘sin tanqid qilayotganini eshitsangiz, nima qilishingiz mumkin? Agar imondoshimizni maqtab, boshqalarning diqqatini u qilayotgan yaxshi ishlarga qaratsangiz, salbiy suhbatlarga chek qo‘yishingiz mumkin.

18. Opa-singillarimizga yana qaysi yo‘llar orqali ko‘maklasha olamiz?

18 Amaliy yordam taklif qilib, opa-singillarimizga ular uchun qanchalik qayg‘urayotganimizni ko‘rsata olamiz. (1 Yuhan. 3:18) Bemor onasiga g‘amxo‘rlik qilayotgan Anetta shunday dedi: «Boshqa ishlarimni qila olishim uchun ba’zi birodar-u opa-singillar biznikiga kelib, onamga qarab turardi yoki ovqat olib kelardi. Bu sevikli hamda jamoatning bir qismi ekanimni his qilishimga ko‘maklashardi». Jordanga ham yordam berishdi. Bir birodar unga mashinasini ta’mirlashni o‘rgatdi. U quyidagicha bo‘lishdi: «Birodar-u opa-singillarim xavfsizligim haqida qayg‘urayotganini bilish qanday yaxshi».

19. Oqsoqollar opa-singillarga yana qanday yordam bera olishadi?

19 Oqsoqollar ham opa-singillarimizning ehtiyojlari haqida qayg‘urishi kerak. Ular shuni biladiki, Yahova opa-singillarga yaxshi muomala qilinishini istaydi. (Yoqb. 1:27) Shuning uchun, ular Isoning mulohazakorligiga taqlid qilib, istisno qilish o‘rinli bo‘lganda, qoidalar o‘rnatmaydi. (Mat. 15:22–28) Oqsoqollar opa-singillarga yordam berishga intilsa, ularga Yahova hamda tashkilotining g‘amxo‘rligini his qilishga ko‘maklashadi. Kianing guruh noziri u boshqa uyga ko‘chayotganini bilganida, zudlik bilan unga yordam berish chorasini ko‘rdi. Kia shunday deb aytdi: «Stressim ancha kamaydi. Oqsoqollar ham amaliy yordam, ham dalda berganidan jamoatning ardoqli a’zosi ekanimni va bu qiyin vaziyatda yolg‘iz emasligimni his etdim».

BARCHA OPA-SINGILLARNI QO‘LLAB-QUVVATLASHIMIZ LOZIM

20, 21. Barcha opa-singillarni qadrlayotganimizni qay yo‘sin ko‘rsata olamiz?

20 Bugungi kunda jamoatlarda zo‘r berib mehnat qilayotgan va qo‘llab-quvvatlashimizga loyiq bo‘lgan behisob ayollar bor. Isoning o‘rnagidan ko‘rganimizday, opa-singillarimizga vaqt ajratsak va yaxshiroq bilib olsak, ularga yordam bera olamiz. Boz ustiga, Xudoning xizmatida qilayotgan mehnati uchun minnatdor ekanimizni ko‘rsatishimiz va kerak bo‘lganida ularning yonini olishimiz mumkin.

21 Rimliklarga yo‘llagan maktubining so‘ngida havoriy Pavlus to‘qqizta masihiy ayolni alohida eslatib o‘tgan. (Rim. 16:1, 3, 6, 12, 13, 15) Bu ayollar uning maqtov va salomlarini eshitib, dalda olgani shubhasiz. Keling, biz ham jamoatimizdagi barcha opa-singillarni qo‘llab-quvvatlaylik. Shu yo‘sin ularni ma’naviy oilamizning bir qismi sifatida qadrlayotganimizni ko‘rsatamiz.

136-QO‘SHIQ Yahova sizni «to‘liq mukofotlasin»

a Jamoatimizdagi opa-singillar ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechiradi. Bu maqolada Isoning o‘rnagiga ergashib opa-singillarimizni qay yo‘sin qo‘llab-quvvatlashimiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Iso ayollarga vaqt ajratgani, ularni qadrlagani hamda yonini olganidan saboq olamiz.

b Ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

c Muqaddas Kitobga oid bir manbada shunday deb yozilgan: «Shogirdlar ustozlarining oyoqlari oldida o‘tirishgan. Aniq maqsadga ega shogirdlar ustoz bo‘lishga tayyorlanardi, ayollarga esa bunga ruxsat etilmasdi. [...] Shuning uchun aksariyat yahudiylar Maryam Isoning oyog‘i oldida o‘tirgani va undan qunt bilan o‘rganayotganini ko‘rib taajjublangan bo‘lardi».

d Oqsoqollar opa-singillarga yordam berayotib ehtiyotkor bo‘lishlari lozim. Masalan, oqsoqol opa-singillarnikiga yolg‘iz tashrif buyurmaydi.

e RASMGA SHARH. Isoning xudojo‘y ayollarga ko‘rsatgan samimiy qiziqishiga taqlid qilib, bir birodarimiz ikkita imondoshimizga mashinasining g‘ildiragini almashtirishga yordam beryapti, boshqa birodar nogiron opamizni ko‘rgani keldi, uchinchi birodar va xotini esa bir imondoshimiz va qizi bilan oilaviy topinish o‘tkazyapti.