Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

36-TADQIQ MAQOLASI

Odam ovchilari bo‘lishga tayyormisiz?

Odam ovchilari bo‘lishga tayyormisiz?

Qo‘rqmang, bundan buyon insonlarni ovlaysiz. LUQO 5:10

73-QO‘SHIQ Bizga jasorat ber

BU MAQOLADA a

1. Iso to‘rtta baliqchiga nimani taklif qildi va ular qanday yo‘l tutdi?

 BUTRUS, Idris, Yoqub hamda Yuhanno degan shogirdlar baliqchilik bilan shug‘ullanardi. Isoning: «Mening ortimdan yuringlar, men sizlarni odam ovchilari b qilaman»,— degan so‘zlarini eshitganda, ular qanchalik hayron bo‘lganini bir tasavvur qiling. Xo‘sh, ular qanday yo‘l tutdi? Muqaddas Kitobda: «Shunda ular darhol to‘rlarini qoldirib, Isoning ketidan ergashdilar»,— deb yozilgan. (Mat. 4:18–22) Ularning bu qarori hayotini tubdan o‘zgartirdi. Endi ular tom ma’nodagi baliqlarni emas, «insonlarni» ovlashadi. (Luqo 5:10) Bugun ham Iso haqiqatni sevadigan samimiy insonlarni odam ovchilari bo‘lishga taklif qilmoqda. (Mat. 28:19, 20) Siz-chi, Isoning bu taklifini qabul qildingizmi?

2. Nega odam ovchilari bo‘lish qaroriga jiddiy qarashimiz kerak va bu qadamni qo‘yishimizga nima yordam beradi?

2 Balki, Muqaddas Kitobni muayyan vaqt davomida tadqiq qilib kelayotgan va hayotingizga o‘zgarishlar kiritgandirsiz. Hozir esa va’zgo‘y bo‘lish-bo‘lmaslik borasida qaror chiqarishingiz kerak. Isoning taklifini qabul qilishga ikkilanayotgan bo‘lsangiz, ruhingiz tushmasin. Ehtimol, bu qaror nechog‘lik muhim ekanini tushunganingiz uchun ikkilanayotgandirsiz. To‘g‘ri, Muqaddas Kitobda Butrus va uning do‘stlari tom ma’nodagi to‘rlarini «darhol» qoldirib ketishgani haqida aytilgan. Lekin Butrus va uning ukasi o‘ylamasdan, shoshqaloqlik ila bu qarorga kelishmagan. Ular yarim yildan oshiq vaqt avval Isoni Masih sifatida bilib uni qabul qilishgan. (Yuhan. 1:35–42) Shunga o‘xshab, siz ham Yahova hamda Iso to‘g‘risida anchagina bilimga ega bo‘lgan va ma’nan o‘sishni davom ettirishni xohlayotgandirsiz. Va’zgo‘y bo‘lish qarorini chiqarishdan avval atroflicha o‘ylab ko‘ring. Qiziq, Butrus, Idris va boshqalarga bu qarorga kelishga nima yordam berdi?

3. Qaysi omillar Masihning taklifini qabul qilish istagingizni kuchaytiradi?

3 Isoning ilk shogirdlari istagi, bilimi, jasorati hamda shaxsiy intizomi tufayli muvaffaqiyatli baliqchi bo‘la olgan. Aynan shu omillar xushxabarni va’z etishda ham mahoratli bo‘lishlariga yordam bergan. Ushbu maqolada qay yo‘sin istak, bilim, jasorat va shaxsiy intizomni rivojlantirib, Masihning muvaffaqiyatli shogirdi bo‘la olishingiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

VA’Z QILISH ISTAGINGIZNI KUCHAYTIRING

Butrus va boshqalar odam ovchilari bo‘lishgan. Bu muhim ish hozir ham davom etmoqda (4-5-xatboshilariga qarang.)

4. Butrus nega baliq ovlagan?

4 Butrus oilasini ta’minlash uchun baliq ovlagan, lekin u bunga shunchaki ishday qaramagan. Baliq ovlash Butrusning jon-u dili bo‘lganga o‘xshaydi. (Yuhan. 21:3, 9–15) Shuningdek, u odam ovchisi bo‘lishga ham mehr qo‘ygan. Yahovaning madadi bilan Butrus bu ishda samarali bo‘lgan. (Havor. 2:14, 41)

5. Luqo 5:8–11 ga ko‘ra, Butrus nega qo‘rqqan va shunga o‘xshash tuyg‘ularni yengishga bizga nima yordam beradi?

5 Yahovani sevganimiz uchun va’z qilamiz. Ha, bu ishda qatnashayotganimizning asosiy sababi shudir. O‘zimizni mahoratli emasman, deb o‘ylaganimizda ham Yahovaga bo‘lgan sevgimiz boshqalarga U haqda aytishimizga yordam beradi. Iso Butrusni odam ovchisi bo‘lishga taklif qilganida unga: «Qo‘rqmang»,— degan. (Luqo 5:8–11 ni o‘qing.) Butrus «Uning shogirdi bo‘lsam, men bilan nima yuz beradi» deb qo‘rqmagan. Aksincha, Iso ularga rosa ko‘p baliq ushlashga yordam bergani Butrusni hayratda qoldirgan. Iso mo‘jiza yaratganini u bilgan va o‘zini uning hamkori bo‘lishga noloyiq his qilgan. Butrus singari siz ham qo‘rqishingiz mumkin. Ehtimol, Masihning shogirdi bo‘lganingizda, nimalar qilish kerakligi sizni tashvishga solar. Shunday bo‘lsa, Yahovaga, Isoga hamda yaqiningizga bo‘lgan sevgingizni kuchaytiring. Bu sizda Isoning odam ovchisi bo‘lish taklifini qabul qilish istagini uyg‘otadi. (Mat. 22:37, 39; Yuhan. 14:15)

6. Yana qanday sabablarga ko‘ra va’z qilishni xohlaymiz?

6 Va’z qilish istagimizni kuchaytiradigan yana ba’zi sabablarni ko‘rib chiqaylik. Isoning quyidagi amriga bo‘ysunishni xohlaymiz: «Boringlar... shogird tayyorlanglar». (Mat. 28:19, 20) Shuningdek, odamlar «tarqoq va holdan toygan» hamda Shohlik to‘g‘risidagi haqiqatni o‘rganishga muhtoj bo‘lgani sababli va’z qilamiz. (Mat. 9:36) Yahova har turli odamlar haqiqat to‘g‘risida aniq bilimga ega bo‘lib, najot topishlarini istaydi. (1 Tim. 2:4)

7. Qay yo‘sin Rimliklarga 10:13–15 dagi so‘zlar va’zgo‘ylik ishi muhim ekanini ko‘rsatyapti?

7 Va’zgo‘ylik ishimiz qay yo‘sin odamlarning hayotini saqlab qolishi mumkinligi haqida o‘ylasak, va’z qilishni xohlaymiz. Baliqchilar sotish yoki yeyish uchun baliq ovlashadi. Ulardan farqli ravishda, biz hayotini saqlab qolish maqsadida odamlarni “ovlaymiz”. (Rimliklarga 10:13–15 ni o‘qing; 1 Tim. 4:16)

BILIMINGIZNI OSHIRING

8, 9. Baliqchi nimani bilishi kerak va nega?

8 Isoning davrida isroillik baliqchi qaysi turdagi baliqni ovlashi mumkinligini bilishi kerak bo‘lgan. (Lev. 11:9–12) Shuningdek, u qayerdan baliq topish mumkinligini bilishi lozim edi. Odatda baliqlar suv sharoiti mos keladigan va ozuqa mo‘l-ko‘l bo‘lgan joyda yashaydi. Xo‘sh, qaysi paytda ovga chiqish-chi, ahamiyatga egami? Tinch okeanidagi bir orolda xizmat qilayotgan to‘la vaqtli maxsus va’zgo‘y baliq ovlashning o‘z vaqti borligini bilib oldi. Mahalliy birodarimiz uni baliq ovlashga taklif qilganida, u shunday dedi: «Siz bilan ertaga ertalab soat to‘qqizda ko‘rishamiz». Mahalliy birodarimiz esa: «Siz tushunmadingiz. Biz o‘zimiz uchun emas, baliq ovlash uchun qulay paytda boramiz»,— deb aytdi.

9 Shu singari, odam ovchilari bo‘lgan Isoning shogirdlari odam bor joylarga va ular o‘sha yerda bo‘ladigan paytda borishgan. Masalan, ular ma’badda, ibodatxonalarda, uyma-uy hamda bozor maydonida va’z qilishgan. (Havor. 5:42; 17:17; 18:4) Biz ham hududimizdagi odamlar qaysi payt qayerda bo‘lishini bilishimiz lozim. Qolaversa, odamlarni topish mumkin bo‘lgan joyda va paytda va’z qilish uchun moslashuvchan bo‘lishimiz darkor. (1 Kor. 9:19–23)

MAHORATLI BALIQCHILAR . . . 1. Qachon va qayerda baliq bo‘lishiga qarab ovga chiqadi (8-9-xatboshilariga qarang.)

10. Yahovaning tashkiloti bizga qanday asboblarni taqdim etmoqda?

10 Baliqchi kerakli asboblarga ega bo‘lishi hamda ulardan qanday foydalanishni bilishi lozim. Bizda ham va’zgo‘ylik ishida asqatadigan asboblar bo‘lishi darkor. Ulardan qanday foydalanishni ham bilishimiz kerak. Iso shogirdlariga qay yo‘sin va’z qilish kerakligi to‘g‘risida aniq yo‘l-yo‘riq bergan. Bundan tashqari, u o‘zlari bilan nima olishni, qayerda va’z qilishni hamda nima deyishni aytgan. (Mat. 10:5–7; Luqo 10:1–11) Bugungi kunda Yahovaning tashkiloti samarali bo‘lgan «Ta’lim berish “qutimizdagi” asboblar»ni ham taqdim etmoqda c, ulardan qanday foydalanishni ham o‘rgatmoqda. Ushbu ta’lim berish ishida samarali bo‘lish uchun kerakli ishonch va mahoratga ega bo‘lishimizga yordam bermoqda. (2 Tim. 2:15)

MAHORATLI BALIQCHILAR . . . 2. Kerakli asboblardan qanday foydalanishni biladi (10-xatboshiga qarang.)

JASORATLI BO‘LING

11. Nega odam ovchilari jasoratli bo‘lishlari kerak?

11 Baliqchilik bilan shug‘ullanadiganlar jasoratli bo‘lishi kerak. Chunki ba’zida ular dengizda kutilmagan vaziyatlarga duch kelishadi. Odatda ular kechasi ishlaydi hamda kutilmaganda bo‘ron ko‘tarilishi mumkin. Odam ovchilari ham jasoratli bo‘lishlari lozim. Va’z qilishni boshlaganimizda va o‘zimizni Yahovaning Shohidi sifatida tanishtirganimizda oilamizning qarshiligi, tanishlarimizning masxaralashi hamda bizni tinglamasligi «bo‘ron» kabi bo‘lishi mumkin. Lekin bundan ajablanmaymiz. Iso shogirdlarini ular va’z qilishganda, qarshiliklarga duch kelishlari haqida ogohlantirgan. (Mat. 10:16)

12. Yoshua 1:7–9 ga binoan, jasoratli bo‘lishimizga nima ko‘maklashadi?

12 Qay yo‘sin jasoratli bo‘la olasiz? Avvalo, Iso va’zgo‘ylik ishini osmondan turib yo‘naltirayotganiga ishonchingiz komil bo‘lsin. (Yuhan. 16:33; Vah. 14:14–16) So‘ng Yahova sizga g‘amxo‘rlik qilishi to‘g‘risidagi va’dasiga bo‘lgan ishonchingizni mustahkamlang. (Mat. 6:32–34) Imoningiz qancha kuchli bo‘lsa, shuncha jasoratli bo‘lasiz. Butrus va uning do‘stlari baliqchilikni tashlab, Isoga ergashganida kuchli imonni namoyon etishgan. Shu singari do‘stlaringiz va oila a’zolaringizga Yahovaning Shohidlari bilan Muqaddas Kitob tadqiqini boshlaganingiz hamda yig‘ilishlariga qatnayotganingizni aytib kuchli imonni namoyon etgansiz. Shubhasizki, Yahovaning adolatli me’yorlari bo‘yicha yashash uchun yurish-turishingiz va hayot tarzingizda katta o‘zgarishlar qilgansiz. Bu ham imon va jasoratni talab etgan. Yanada jasoratli bo‘lishda davom etar ekansiz, «qayerga borsang ham, Allohing Yahova sen bilan bo‘ladi» degan so‘zlar haq ekaniga amin bo‘lasiz. (Yoshua 1:7–9 ni o‘qing.)

MAHORATLI BALIQCHILAR . . . 3. Vaziyat o‘zgarganda ham jasorat ila mehnat qiladi (11-12-xatboshilariga qarang.)

13. Qay yo‘sin ibodat va mulohaza jasoratga to‘lishingizga yordamlashishi mumkin?

13 Jasoratga to‘lishingizga yana nima yordam beradi? Jasorat so‘rab ibodat qiling. (Havor. 4:29, 31) Yahova ibodatlaringizga javob berib, sizni aslo tashlab qo‘ymaydi. U sizni qo‘llab-quvvatlashga doim tayyor. Shuningdek, Yahova o‘tmishda boshqalarning hayotini qay yo‘sin saqlab qolgani ustida mulohaza yuritishingiz mumkin. Bundan tashqari, U muammolarga duch kelganingizda yordam bergani hamda hayot tarzingizni o‘zgartirishga kuch ato etgani to‘g‘risida bir o‘ylab ko‘ring. O‘z xalqini Qizil dengizdan olib o‘tgan Shaxs, nahotki Masihning shogirdi bo‘lishingizga ko‘maklasha olmasa?! (Chiq. 14:13) Siz ham quyidagi so‘zlarni aytgan sano bastakori singari Yahovaga ishonishingiz mumkin: «Yahova men tomonda ekan, qo‘rqmayman. Inson menga nima ham qila olardi?!» (Zab. 118:6)

14. Masae va Tomoyoning misollaridan nimani o‘rgandingiz?

14 Jasoratli bo‘lishning yana bir yo‘li Yahova tabiatan uyatchan kishilarga jasoratli bo‘lishga qanday qilib yordam berganini bilib olishdir. Keling, Masae ismli imondoshimizning misoliga diqqat qarataylik. U uyatchan bo‘lgani bois, va’zgo‘ylik ishida hech qachon qatnasha olmayman, deb o‘ylagan. Begonalar bilan suhbat qurish haqidagi fikrning o‘zi unga aslo oshib o‘tib bo‘lmaydigan baland devorday tuyulgan. Shuning uchun u Yahovaga hamda yaqiniga bo‘lgan sevgisini oshirishga jon kuydirgan. U va’zgo‘ylik ishi nechog‘lik shoshilinch ekani ustida chuqur mulohaza yuritib, va’z qilish istagini kuchaytirish uchun Yahovadan kuch so‘rab ibodat qilgan. U qo‘rquvlarini yenggan va hatto doimiy kashshof sifatida xizmat qilgan. Yahova yangi va’zgo‘ylarga ham jasoratli bo‘lishga yordam bera oladi. Masalan, Tomoyo ismli imondoshimizning misoli haqida o‘ylab ko‘ring. Tomoyo uyma-uy va’z qilishni boshlaganida, u tashrif buyurgan birinchi uy egasi unga: «Yahovaning Shohidlari bilan gaplashadigan gapim yo‘q!» — deb baqirib eshikni qarsillatib yopgan. Tomoyo qo‘rqmagan va hamkoriga: «Eshitdingizmi? Bir og‘iz so‘z aytmasimdan u Yahovaning Shohidi ekanimni bildi. Bundan juda xursandman!» — degan. Hozirda Tomoyo doimiy kashshof bo‘lib xizmat qilyapti.

SHAXSIY INTIZOMNI RIVOJLANTIRING

15. Shaxsiy intizom nima va nega uni rivojlantirish masihiylar uchun muhim?

15 Muvaffaqiyatli baliqchilar shaxsiy intizomga ega bo‘ladi. Shaxsiy intizomga «bajarilishi kerak bo‘lgan ishlarni qilishga o‘zini majburlash qobiliyati», deb ta’rif berilgan. Baliqchilik bilan shug‘ullanadiganlar barvaqt turish, ishni oxirigacha yetkazish hamda yomon ob-havoga qaramay baliq ovlash uchun o‘zlarini majburlashi kerak. Biz ham sabr-bardoshli bo‘lish va ishimizni oxirigacha yetkazish uchun shaxsiy intizomni rivojlantirishimiz lozim. (Mat. 10:22)

16. Qay yo‘sin shaxsiy intizomni rivojlantira olamiz?

16 Shaxsiy intizom bizga meros bo‘lib o‘tmaydi. Aksincha, ko‘pincha eng oson yo‘lni tanlashga moyilmiz. Shaxsiy intizomga ega bo‘lish uchun o‘zini tuta bilish talab etiladi. Shu bois, bizga qilish qiyin bo‘lgan ishlarni bajarishga o‘rganish uchun yordamga muhtojmiz. Bunday yordamni Yahova muqaddas ruhi orqali taqdim etadi. (Galat. 5:22, 23)

17. Korinfliklarga birinchi maktub 9:25–27 ga ko‘ra, havoriy Pavlus shaxsiy intizomni rivojlantirish uchun nima qilgan?

17 Havoriy Pavlus shaxsiy intizomga ega bo‘lgan. Lekin u to‘g‘ri bo‘lgan ishni qilish uchun tanasini «savalab» turishi kerakligini tan olgan. (1 Korinfliklarga 9:25–27 ni o‘qing.) U boshqalarni ham o‘zini tarbiyalashga hamda barcha narsani «odob va tartib» bilan qilishga undagan. (1 Kor. 14:40) Shaxsiy intizomni rivojlantirish uchun ma’naviy ishlar bilan doim band bo‘lishimiz kerak. Ular qatoriga ramziy baliqchilik ishida muntazam ravishda qatnashish ham kiradi. (Havor. 2:46)

ORTGA SURMANG

18. Nima tufayli Yahova bizni muvaffaqiyatli, deb hisoblaydi?

18 Baliqchining muvaffaqiyati u qancha baliq ushlaganiga qarab belgilanadi. Bundan farqli o‘laroq, biz muvaffaqiyatimizni qancha odamga Xudoning tashkilotiga kelishga yordam berganimiz bilan o‘lchamaymiz. (Luqo 8:11–15) Xushxabarni va’z qilish va boshqalarga ta’lim berishda davom etsak, Yahova bizni muvaffaqiyatli, deb hisoblaydi. Nega? Sababi Unga va O‘g‘liga itoat etyapmiz. (Mark 13:10; Havor. 5:28, 29)

19, 20. Zudlik bilan va’z qilishimiz kerakligining muhim sababi nima?

19 Ba’zi mamlakatlarda muayyan oylardagina baliq ovlash mumkin. Bunday joylarda baliq ovlash mavsumi nihoyasiga yetgani sayin, baliqchilar imillamay harakat qilish kerakligini tushunishadi. Biz ham odam ovchilari sifatida zudlik bilan va’z qilishimiz kerakligining yana bir sababi — ushbu zamonaning oxiri shiddat bilan yaqinlashib kelyapti. Najotbaxsh xabarni va’z qilishimiz uchun juda oz vaqt qoldi. Ushbu muhim ishni bajarish uchun hayotingizda hamma narsa a’lo darajada bo‘lishini kutib o‘tirmang. (Voiz 11:4)

20 Hozirdan va’z qilish istagingizni kuchaytiring, bilimingizni oshiring, yanada jasoratli bo‘lib, shaxsiy intizomni rivojlantiring. Dunyo bo‘ylab xushxabarni va’z qilayotgan sakkiz milliondan oshiq va’zgo‘yga qo‘shiling! Shunda Yahova berayotgan quvonchni his etasiz. (Naxim. 8:10) Bu ishda to‘laqonli qatnashish va u yakuniga yetganini ko‘rish qaroringiz qat’iy bo‘lsin. Kelasi maqolada uchta sohani ko‘rib chiqamiz. Ular yordamida odam ovchilari sifatida Shohlik haqidagi xushxabarni va’z qilishda davom etish qarorimizni mustahkamlay olamiz.

66-QO‘SHIQ Xushxabarni e’lon qilamiz

a Iso kamtarin va mehnatkash baliqchilarni uning shogirdlari bo‘lishga taklif qildi. Hozir ham Iso bunday fazilatlarga ega kishilarni odam ovchilari bo‘lishga taklif etmoqda. Bu maqolada Muqaddas Kitobni o‘rganayotgan kishilar Isoning taklifini qabul qilish borasida ikkilanishsa, nima qilishlari kerakligi to‘g‘risida gap yuritiladi.

b IBORA MA’NOSI. «Odam ovchilari» iborasi xushxabarni va’z qilayotganlarni va boshqalarga ta’lim berib, Masihning shogirdi bo‘lishga ko‘maklashayotganlarni bildiradi.

c «Qo‘riqchi minorasi»ning 2018-yil oktabr soni 11–16-sahifalardagi «Haqiqatni o‘rgatish» nomli maqolaga qarang.