Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

37-TADQIQ MAQOLASI

«Qo‘llaringga tinim berma»

«Qo‘llaringga tinim berma»

Ertalabdan urug‘ingni ekkin, kechga qadar qo‘llaringga tinim berma. VOIZ 11:6

68-QO‘SHIQ Shohlik urug‘ini sepaylik

BU MAQOLADA a

1, 2. Voiz 11:6 va va’zgo‘ylik ishi o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

 AYRIM mamlakatlarda odamlar xushxabarni jon, deb tinglashadi. Chunki bu aynan ular kutgan narsa! Boshqa mamlakatlarda esa odamlar Xudo yoki Muqaddas Kitob bilan uncha qiziqishmaydi. Siz yashayotgan joyda-chi, odamlar qanday munosabatda? Ularning munosabati qanday bo‘lmasin, Yahova ish yakuniga yetdi, demagunicha va’z qilishda davom etishingizni kutadi.

2 Yahova belgilagan paytda va’zgo‘ylik ishi o‘z nihoyasiga yetadi va «oxirat bo‘ladi». (Mat. 24:14, 36) Hozircha esa «qo‘llaringga tinim berma» b degan so‘zlarga qay yo‘sin amal qila olamiz? (Voiz 11:6 ni o‘qing.)

3. Mazkur maqolada nimani muhokama qilamiz?

3 O‘tgan maqolada samarali odam ovchilari bo‘lish uchun asqatadigan to‘rtta omilni ko‘rib chiqdik. (Mat. 4:19) Mazkur maqolada esa qanday vaziyatlarga duch kelsak ham va’z qilish qarorida mustahkam turishga ko‘maklashadigan uchta sohani muhokama qilamiz. Biz nega 1) bor diqqatimizni va’zgo‘ylikka qaratish, 2) sabr-toqatni namoyon etish va 3) imonimizni mustahkam saqlash muhimligini bilib olamiz.

BOR DIQQATINGIZNI VA’ZGO‘YLIKKA QARATING

4. Nega butun e’tiborimizni Yahova bizga topshirgan ishga qaratishimiz kerak?

4 Iso oxirzamonning alomati bo‘ladigan hodisalar va sharoitlarni bashorat qilgan edi. Ular esa uning izdoshlarini va’zgo‘ylik ishini bajarishdan chalg‘itishi mumkin. Shuning uchun Iso shogirdlariga: «Hushyor turinglar»,— degan edi. (Mat. 24:42) Nuhning davrida ko‘p narsalar odamlarni u e’lon qilgan ogohlantirishga diqqat qaratishdan chalg‘itgan. O‘sha-o‘sha narsalar bugun bizni ham chalg‘itishi mumkin. (Mat. 24:37–39; 2 Butr. 2:5) Shu sababli, butun e’tiborimizni Yahova bizga topshirgan ishga qaratishni istaymiz.

5. Havoriylar 1:6–8 da va’zgo‘ylik ishining ko‘lami haqida nima deyilgan?

5 Hozir butun diqqatimizni Shohlik xabarini va’z qilishga qaratsak arziydi. Iso bu ish keng quloch yozishini va uning o‘limidan keyin ham davom etishini bashorat qilgandi. (Yuhan. 14:12) Isoning o‘limidan so‘ng ayrim shogirdlari baliqchilik ishiga qaytdi. U tirilgach, mo‘jiza yaratib ularga ko‘p baliq tutishga yordam berdi. Bu mo‘jizani ko‘rsatib Iso odam ovchilari bo‘lish topshirig‘i boshqa barcha ishlardan muhimroq ekanini ta’kidladi. (Yuhan. 21:15–17) Osmonga ko‘tarilishidan sal oldin Iso shogirdlariga u boshlagan shohidlik berish ishi Isroil hududi bilan chegaralanib qolmasligini aytdi. (Havoriylar 1:6–8 ni o‘qing.) Yillar o‘tgach, Iso vahiy orqali havoriy Yuhannoga «Hazratimiz kunida» c nimalar bo‘lishini ko‘rsatdi. Boshqa narsalar bilan bir qatorda, Yuhanno ehtirom hissini uyg‘otuvchi quyidagi voqeani ko‘rdi: farishta boshchiligida «abadiy xushxabar... har bir millat, qabila, til va xalqqa e’lon» etildi. (Vah. 1:10; 14:6) Shunisi aniqki, Yahova butun dunyo bo‘ylab shohidlik berish ishi yakuniga yetmagunicha unda qatnashishimizni istaydi.

6. Qay yo‘sin butun e’tiborimizni va’zgo‘ylik faoliyatiga qarata olamiz?

6 Yahova bizga yordam berish uchun nimalar qilayotgani haqida o‘ylasak, butun e’tiborimizni va’zgo‘ylik faoliyatiga qarata olamiz. Masalan, U bosma va elektron adabiyotlar, audio-videoyozuvlar hamda Internet-televidenie orqali mo‘l-ko‘l ma’naviy ozuqani taqdim etmoqda. Bir o‘ylab ko‘ring, rasmiy veb-saytimizda 1 000 dan oshiq tilda ma’lumot mavjud! (Mat. 24:45–47) Dunyo siyosiy, diniy hamda iqtisodiy farq tufayli bo‘lingan bir paytda, umumjahon birodarlikni tashkil etgan Xudoning sakkiz milliondan oshiq xizmatchilari orasida chinakam birlik hukm surmoqda. Misol uchun, 2019-yili 19-aprel juma kuni butun dunyodagi Yahovaning Shohidlari yakdillik ila kunlik oyat muhokamasining videosini tomosha qildi. O‘sha kuni kechqurun 20 919 041 kishi Qutlug‘ Kechlik marosimiga keldi. Ushbu zamonaviy mo‘jizani ko‘rish va uning ishtirokchilari bo‘lish sharafi to‘g‘risida o‘ylaganimizda bor diqqatimizni Shohlik ishiga qaratishni istaymiz.

Iso hech narsa uni haqiqat to‘g‘risida shohidlik berishdan chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymagan (7-xatboshiga qarang.)

7. Qanday qilib Isoning o‘rnagi bor diqqatimizni va’zgo‘ylikka qaratishga yordam beradi?

7 Bor diqqatimizni va’zgo‘ylikka qaratishning yana bir yo‘li Isoning o‘rnagiga ergashishdir. U hech narsa uni haqiqat to‘g‘risida shohidlik berishdan chalg‘itishiga yo‘l qo‘ymagan. (Yuhan. 18:37) Shayton unga «dunyoning barcha shohliklarini hamda ularning ulug‘vorligini» taklif qilganida ham, odamlar uni shoh qilmoqchi bo‘lishganida ham Iso vasvasaga berilmagan. (Mat. 4:8, 9; Yuhan. 6:15) Iso na boylik payida bo‘lish tuzog‘iga ilingan, na qarshiliklar tufayli qo‘rquvga berilgan. (Luqo 9:58; Yuhan. 8:59) Imonimiz sinalganida havoriy Pavlusning maslahatini yodda tutsak, va’zgo‘ylikni hayotimizda birinchi o‘ringa qo‘ya olamiz. U masihiylarni «charchab», taslim bo‘lmaslik uchun Isoning o‘rnagiga ergashishga undagan. (Ibron. 12:3)

SABR-TOQATLI BO‘LING

8. Sabr-toqatli inson qanaqa bo‘ladi va nega bu hozir ayniqsa muhim?

8 Sabr-toqatli inson xotirjamlikni saqlagan holda vaziyat o‘zgarishini kutadi. Yoqimsiz holat o‘tib ketishini yoki orzuyimiz amalga oshishini uzoq kutganimizda bizga sabr-toqat kerak bo‘ladi. Xabaqquq payg‘ambar Yahudoda sodir bo‘layotgan zo‘ravonlik nihoyasiga yetishini juda istagan. (Xab. 1:2) Isoning shogirdlari esa Shohlik «o‘sha zahoti» o‘rnatiladi va ularni Rim boshqaruvidan ozod qiladi, deb umid qilishgan. (Luqo 19:11) Biz ham Xudoning Shohligi yovuzlikni bartaraf etib, adolat hukm suradigan yangi dunyoni o‘rnatishini intiqib kutyapmiz. (2 Butr. 3:13) Biroq sabr-toqatli bo‘lib, Yahova belgilagan vaqtni kutishimiz lozim. Keling, U qaysi yo‘llar orqali bizni sabr-toqatli bo‘lishga o‘rgatayotganini ko‘rib chiqaylik.

9. Yahova sabr-toqatli ekanini qaysi misollardan ko‘rsak bo‘ladi?

9 Yahova sabr-toqatli bo‘lish borasida eng a’lo o‘rnak. U Nuhga kema qurishi va «adolat yo‘lini xabarlab» yurishi uchun yetarlicha vaqt ajratgan. (2 Butr. 2:5; 1 Butr. 3:20) Yahova Ibrohim payg‘ambar Uning Sado‘m va G‘amo‘ra shaharlarining yovuz aholisini yo‘q qilish qarori haqida qayta-qayta savol berganida uni tinglagan. (Ibt. 18:20–33) Asrlar mobaynida Yahova sadoqatsiz Isroil xalqiga sabr qilib kelgan. (Naxim. 9:30, 31) Xudo sabr-toqatli ekanini U bugungi kunda O‘ziga jalb qilgan insonlarga «tavba qilishi» uchun vaqt berayotganidan ham ko‘rsak bo‘ladi. (2 Butr. 3:9; Yuhan. 6:44; 1 Tim. 2:3, 4) Va’z qilish va ta’lim berishda davom etar ekanmiz, Yahovaning o‘rnagi sabr-toqatli bo‘lishimiz uchun o‘rinli asosdir. Alloh O‘z Kalomidagi bir misol yordamida ham bizga sabr-toqatli bo‘lishni o‘rgatmoqda.

Mehnatkash, ammo sabr-toqatli dehqon kabi harakatlarimizning natijasini kutamiz (10-11-xatboshilariga qarang.)

10. Yoqub 5:7, 8 ga ko‘ra, dehqonning misoli nimasi bilan diqqatga sazovor?

10 Yoqub 5:7, 8 ni o‘qing. Dalasiga ekin ekkan dehqonning misoli qanday qilib sabr-toqatni namoyon etishimiz mumkinligiga o‘rgatadi. To‘g‘ri, ayrim o‘simliklar tez o‘sadi. Biroq ularning aksariyatini, ayniqsa, hosil beradiganlarini o‘rim-yig‘imgacha ko‘proq kutish kerak bo‘ladi. Isroilda hosil yetilguniga qadar taxminan olti oy kutishga to‘g‘ri kelgan. Dehqon ilk kuzgi yomg‘irdan so‘ng ekin ekib, bahorda yoqqan so‘nggi yomg‘irdan keyin hosil yiqqan. (Mark 4:28) Dehqonning sabr-toqatiga taqlid qilsak, dono yo‘l tutgan bo‘lamiz. Ammo bu oson bo‘lmasligi mumkin.

11. Sabr-toqat xizmatda bizga qanday yordam beradi?

11 Nomukammal insonlar harakatlarining natijasini shu zahoti ko‘rishni istashadi. Ammo ekinlarimiz o‘sib, hosil berishini istasak, ularni parvarish qilishimiz lozim. Biz yerni shudgor qilishimiz, urug‘ ekishimiz, begona o‘tlarni yulib turishimiz va ekinni sug‘orishimiz lozim. Shogird tayyorlash ishi ham doimiy harakatlarni talab etadi. Ta’lim berayotgan insonlarimizning qalbidan yuzxotirchilik va befarqlikni ildizi bilan yulib tashlash uchun vaqt kerak. Qolaversa, sabr-toqat bizni tinglashni istamaydigan odamlarni uchratganimizda tushkunlikka tushmaslikka ko‘maklashadi. Bizni tinglashga va o‘rganishga tayyor insonlarni uchratganimizda ham sabr-toqatli bo‘lishimiz lozim. Chunki tadqiq qiluvchi insonni imonini mustahkamlashga majburlay olmaymiz. Ba’zan hatto Isoning shogirdlari ham u o‘rgatgan narsalarni tushunishga qiynalgan. (Yuhan. 14:9) Keling, biz ekib sug‘orsak-da, o‘stiradigan Xudo ekanini yodda tutaylik. (1 Kor. 3:6)

12. Yahovaning Shohidi bo‘lmagan oila a’zolarimizga va’z qilganimizda sabr-toqatni qanday namoyon eta olamiz?

12 Yahovaning Shohidi bo‘lmagan oila a’zolarimizga va’z qilganimizda ham sabr-toqatni namoyon etish qiyin kechishi mumkin. Bu vaziyatda Voiz 3:7 dagi: «Sukut saqlashning ham, gapirishning ham o‘z vaqti bor»,— degan prinsip bizga yordamga keladi. Yaxshi xulqimiz bilan ularga birorta so‘z aytmay ham shohidlik berishimiz mumkin, ammo haqiqat to‘g‘risida gapirish imkonini qo‘ldan boy bermaslik uchun doim sergak turamiz. (1 Butr. 3:1, 2) G‘ayrat ila va’z qilayotib va ta’lim berayotib hamma odamlarga, jumladan, oila a’zolarimizga sabr-toqatni namoyon etamiz.

13, 14. Sabr-toqatni namoyon etish borasida kimlarga taqlid qilsak bo‘ladi?

13 Muqaddas Kitobdagi misollar bilan bir qatorda zamonaviy sadoqatli kishilarning o‘rnagidan ham sabr-toqatli bo‘lishni o‘rgana olamiz. Xabaqquq payg‘ambar yovuzlikka chek qo‘yilishini juda istagan, biroq: «Qorovullik qilib turgan joyimda qolaman»,— deb sabr-toqatni namoyon etgan. (Xab. 2:1) Havoriy Pavlus ham xizmatini «oxirigacha yetkazib» qo‘yishni istayotganini aytgan. Ammo u sabr-toqat ila «xushxabarni aytish orqali keng shohidlik berish»da davom etgan. (Havor. 20:24)

14 Gilad maktabini bitirgan bir juftlikning misolini ko‘rib chiqaylik. Ular Yahovaning Shohidlari juda kam va aksariyat odamlar xristian dinida bo‘lmagan hududga tayinlangan. Juda kam odam Muqaddas Kitobni tadqiq qilishni istagan. Ular bilan Gilad maktabida o‘qigan sinfdoshlari esa ko‘p odamlar bilan Muqaddas Kitobni tadqiqini o‘tkazib, ularga Yahovaning Shohidi bo‘lishga ko‘maklashayotgani haqida bo‘lishardi. Ularning hududida o‘sish juda sekin bo‘lganiga qaramay, bu juftlik sabr-toqat ila xizmatini ado etishdan to‘xtamagan. Samarasizday tuyulgan ushbu hududda sakkiz yil xizmat qilgach, nihoyat ular tadqiq o‘tgan kishilardan biri suvga cho‘mganini ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lishgan. Mazkur qadimgi va zamonaviy misollar o‘rtasida qanday umumiylik bor? Bu sadoqatli kishilar yalqov bo‘lib qolmagani va qo‘llariga tinim bermay sabr-toqatni namoyon etgani uchun Yahovadan mukofot olgan. Keling, biz ham «imon va sabr-toqat bilan Tangrining va’dalariga erishadiganlardan ibrat» olaylik. (Ibron. 6:10–12)

IMONINGIZNI MUSTAHKAM SAQLANG

15. Imon qaysi jihatdan va’z qilish qarorimizni mustahkamlashi mumkin?

15 Biz o‘zimiz va’z qilayotgan xabarga ishonganimiz uchun uni iloji boricha ko‘proq odamlar bilan bo‘lishishni istaymiz. Xudoning Kalomida yozilgan va’dalar amalga oshishiga aminmiz. (Zab. 119:42; Ishayo 40:8) Muqaddas Kitobdagi bashoratlar bizning davrimizda bajo bo‘lib kelayotganini ko‘ryapmiz. Odamlar bu kitobdagi maslahatlarga amal qilganida hayoti yaxshi tomonga o‘zgarayotganining guvohi bo‘lyapmiz. Bu dalillar tufayli Shohlik haqidagi xushxabarni hamma eshitishi kerakligiga ishonchimiz yanada komil bo‘lyapti.

16. Zabur 46:1–3 ga ko‘ra, Yahovaga hamda Isoga bo‘lgan ishonchimiz va’z qilish qarorimizni qay yo‘sin mustahkamlayapti?

16 Shuningdek, biz o‘zimiz va’z qilayotgan xabarning Manbai bo‘lmish Yahovaga hamda U Shohligining Shohi sifatida tayinlagan Isoga ishonamiz. (Yuhan. 14:1) Qanday vaziyatga duch kelmaylik, Yahova boshpanamiz va kuch-qudratimiz bo‘ladi. (Zabur 46:1–3 ni o‘qing.) Qolaversa, Iso Yahovadan olgan qudrat va hokimiyat yordamida osmondan turib va’zgo‘ylik ishini yo‘naltirayotganiga aminmiz. (Mat. 28:18–20)

17. Va’z qilishni to‘xtatmasligimiz kerakligini tasdiqlovchi misol keltiring.

17 Imon Yahova harakatlarimizga — ba’zan biz kutmagan tarzda — baraka berishiga aminlik baxsh etadi. (Voiz 11:6) Masalan, har kuni minglab odamlar adabiyotlarimiz qo‘yilgan stol yoki aravacha yonidan o‘tadi. Va’zgo‘ylik qilishning bunday usuli samaralimi? Shubhasiz! «Ilohiy xizmatimiz»ning 2014-yil noyabr sonida Yahovaning Shohidlari to‘g‘risida insho yozishni istagan bir universitet talabasi haqida yozilgan edi. Bu qiz Yig‘ilish zalini topa olmagan, biroq universitet hududida adabiyotlarimiz qo‘yilgan stolni topgan va insho yozish uchun ma’lumotga ega bo‘lgan. Vaqt o‘tgach, u suvga cho‘mib Yahovaning Shohidi bo‘ldi va hozir doimiy kashshof bo‘lib xizmat qilyapti. Bunday misollar bizni va’z qilishni to‘xtatmaslikka undaydi, chunki hali Shohlik xabarini eshitishi kerak bo‘lgan odamlar bor.

QO‘LLARINGIZGA TINIM BERMASLIK QARORIDA MAHKAM TURING

18. Shohlik haqida va’z qilish ishi Yahova istagan paytda yakuniga yetishiga nega aminmiz?

18 Shohlik haqida va’z qilish ishi o‘z vaqtida yakuniga yetishiga amin bo‘lishimiz mumkin. Nuhning davrida nimalar yuz berganini ko‘rib chiqaylik. Yahova hamma ishni doim o‘z vaqtida qilishini isbotlagan. To‘fon yuz berishidan taxminan 120-yil oldin Yahova uning vaqtini belgilagan. Bir necha o‘n yil o‘tgach, U Nuhga kema qurishni buyurgan. Ehtimol, Nuh To‘fon boshlanguncha 40 yoki 50-yil davomida jon kuydirib mehnat qilgan. U odamlarning befarqligiga qaramay, Yahova hayvonlarni kemaga kirgizish vaqti keldi demagunicha, ogohlantiruvchi xabarni e’lon qilishda davom etgan. So‘ng aynan belgilangan paytda «Yahova kemaning eshigini yopgan». (Ibt. 6:3; 7:1, 2, 16)

19. Qo‘llarimizga tinim bermasak, nimaga umid qilishimiz mumkin?

19 Yaqinda Yahova Shohlik haqida va’z qilish ishiga yakun yasaydi; U Shayton dunyosining «eshigini yopib», adolat hukm suradigan yangi dunyoni o‘rnatadi. Hozircha esa, keling, qo‘llariga tinim bermagan Nuh, Xabaqquq va boshqalarning o‘rnagiga taqlid qilaylik. Bor diqqatimizni va’zgo‘ylikka qaratib, sabr-toqatli bo‘laylik va Yahovaga hamda Uning va’dalariga bo‘lgan ishonchimizni mustahkam saqlaylik.

75-QO‘SHIQ «Men boraman! Meni yubor!»

a O‘tgan maqolada Muqaddas Kitobni tadqiq qilayotgan va hayotiga o‘zgarishlar kiritgan kishilar Isoning odam ovchilari bo‘lish taklifini qabul qilishga undaldi. Bu maqolada esa uchta sohani ko‘rib chiqamiz. Ular barchaga — ham yangi, ham tajribali va’zgo‘ylarga, Yahova bo‘ldi demagunicha, Shohlik haqidagi xabarni e’lon qilishni to‘xtatmaslikka yordam beradi.

b IBORA MA’NOSI. Bu maqolada «qo‘llaringga tinim berma» iborasi Yahova ish yakuniga yetdi demagunicha va’z qilishda davom etish qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerakligini anglatadi.

c «Hazratimiz kuni» Iso 1914-yili Shoh sifatida taxtga o‘tirganida boshlangan va Ming yillik boshqaruvning oxirigacha davom etadi.