Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

38-TADQIQ MAQOLASI

Tinchlik vaqti ekan oqilona yo‘l tuting

Tinchlik vaqti ekan oqilona yo‘l tuting

Yahova unga osoyishtalik bergani va yurtda tinchlik hukm surayotgani tufayli... shu yillar mobaynida hech kim unga qarshi urush ochmadi. 2 SOL. 14:6

60-QO‘SHIQ Najotbaxsh xabar

BU MAQOLADA a

1. Yahovaga xizmat qilish qachon qiyin kechishi mumkin?

 SIZNINGCHA, Yahovaga xizmat qilish qachon qiyinroq kechishi mumkin: jiddiy muammolar bilan kurashganingizdami yoki hayotingizda nisbatan tinchlik bo‘lganidami? Qiyinchiliklarga duch kelganimizda, Yahovaga tayanishimiz tabiiy. Ammo hayotimizda tinchlik bo‘lganida-chi, qanday yo‘l tutamiz? Bu bizni Xudoga xizmat qilishdan chalg‘itishi mumkinmi? Yahova Isroil xalqini bunday holat yuz berishi mumkinligidan ogohlantirgan. (Qonun. 6:10–12)

Shoh Oso soxta topinishga qarshi qat’iylik ila harakat qilgan (2-xatboshiga qarang.) c

2. Shoh Oso qanday o‘rnak ko‘rsatdi?

2 Yahovaga butkul tayanib donolik ila yo‘l tutishda shoh Oso ajoyib o‘rnak ko‘rsatdi. U nafaqat og‘ir paytlarda, balki tinchlik bo‘lganida ham Yahovaga xizmat qildi. Yoshligidanoq «Oso butun qalbi bilan Yahovaga xizmat qildi». (3 Shoh. 15:14) Masalan, u Yahudoni soxta topinishdan tozalash orqali sadoqatini namoyon etdi. Muqaddas Kitobda aytilishicha, Oso «begona xudolar qurbongohlarini va tepaliklarni yo‘q qilib, muqaddas toshlarni sindirdi hamda muqaddas ustunlarni kesib tashladi». (2 Sol. 14:3, 5) U hatto buvisi Maxoni yuksak mavqeidan mahrum etdi. Chunki Maxo xalqni butga sajda qilishga undagan edi. (3 Shoh. 15:11–13)

3. Mazkur maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

3 Oso butlarni yo‘q qilish bilan chegaralanib qolmadi. U Yahudo xalqiga Yahovaga qaytishga yordam berib, pok topinishni olg‘a surdi. Yahova Osoga va Yahudo aholisiga baraka yog‘dirib, tinchlik b ato etdi. Oso hukmronlik qilganida yurtda o‘n yil «tinchlik hukm surdi». (2 Sol. 14:1, 4, 6) Mazkur maqolada Oso ushbu tinchlik vaqtidan qanday foydalanganiga diqqat qaratamiz. Shuningdek, Oso singari tinchlik paytidan foydalanib qolgan birinchi asrdagi masihiylarning misolini ko‘rib chiqamiz. So‘ng quyidagi savolga javob topamiz: topinishimiz erkin bo‘lgan mamlakatda yashayotgan bo‘lsangiz, ushbu tinchlik vaqtidan qay yo‘sin oqilona foydalanishingiz mumkin?

OSO TINCHLIK PAYTIDAN QANDAY FOYDALANGAN?

4. Solnomalar ikkinchi kitob 14:2, 6, 7 ga binoan, Oso tinchlik paytidan qanday foydalangan?

4 Solnomalar ikkinchi kitob 14:2, 6, 7 ni o‘qing. Oso xalqqa: «[Yahova] har tomondan bizga osoyishtalik ato etdi»,— degan. U bu tinchlik vaqtida shunchaki qo‘l qovushtirib o‘tirish kerak, deb o‘ylamagan. Aksincha, u shaharlar, devorlar, minoralar qurgan va darvozalar o‘rnatgan. Oso Yahudo aholisiga shunday degan: «Bu yurtga hanuz egalik qilyapmiz». Xo‘sh, u nimani nazarda tutgan? Oso xalq Xudo ularga bergan yurtda bemalol harakat qilishi va dushmanlarning qarshiligisiz qurilish ishlarini olib borishi mumkinligini aytmoqchi bo‘lgan. Ha, u xalqni tinchlik paytidan foydalanib qolishga undagan.

5. Nima uchun Oso harbiy qo‘shinini mustahkamlagan?

5 Shuningdek, Oso tinchlik paytidan foydalanib, harbiy qo‘shinini mustahkamlagan. (2 Sol. 14:8) Xo‘sh, bu Oso Yahovaga ishonmaganini anglatganmi? Yo‘q. Aksincha, xalqni kelajakda duch kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarga tayyorlashni u shoh sifatida o‘z mas’uliyati, deb bilgan. Oso Yahudodagi tinchlik payti bir kun kelib yakuniga yetishi mumkinligini tushungan va shunday bo‘lgan ham.

ILK MASIHIYLAR TINCHLIK PAYTIDAN QANDAY FOYDALANGAN?

6. Ilk masihiylar tinchlik paytidan qanday foydalangan?

6 Birinchi asrdagi masihiylar tez-tez quvg‘unlarga uchragan bo‘lsa-da, ularda tinchlik paytlari ham bo‘lgan. Qiziq, ular bu imkoniyatlardan qanday foydalangan? O‘sha sadoqatli erkag-u ayollardan iborat shogirdlar xushxabarni g‘ayrat ila va’z qilib, diqqatini Yahovaga xizmat qilishga qaratgan. Natijada ularning soni o‘sgan. Bu shogirdlar tinchlik paytida g‘ayrat ila va’z qilgani uchun Yahova ularga baraka yog‘dirganining isboti edi. (Havor. 9:26–31)

7, 8. Pavlus va boshqa masihiylar imkon paydo bo‘lganida, nima qilgan? Tushuntiring.

7 Ilk masihiylar xushxabarni va’z qilish uchun har qanday imkoniyatdan foydalangan. Masalan, havoriy Pavlus Efesda bo‘lganida unga katta eshik ochilganini tushungan va o‘sha shaharda va’z qilish hamda shogird tayyorlash imkoniyatidan foydalangan. (1 Kor. 16:8, 9)

8 Mil. 49-yili sunnat qilish masalasi hal qilinganida, Pavlus va boshqa masihiylarda xushxabarni tarqatish uchun yana bir imkon paydo bo‘lgan. (Havor. 15:23–29) Bu boradagi qaror jamoatlarga yetkazilgach, shogirdlar «Yahovaning kalomi haqidagi xushxabarni» e’lon qilish uchun jon kuydirgan. (Havor. 15:30–35) Bu qanday natija keltirgan? Muqaddas Kitobda yozilishicha, «jamoatlar imonda mustahkam bo‘lib, kundan-kunga imonlilarning soni ortib borardi». (Havor. 16:4, 5)

BUGUNGI KUNDA TINCHLIK PAYTIDAN FOYDALANISH

9. Bugungi kunda ko‘p mamlakatlarda vaziyat qanday va o‘zimizga qanday savol berishimiz kerak?

9 Bugungi kunda ko‘p mamlakatlarda erkin va’z qila olamiz. Siz yashayotgan mamlakatda ham Yahovaga bemalol topinish mumkinmi? Agar shunday bo‘lsa, o‘zingizdan: «Bu erkinlikdan qanday foydalanyapman?» — deb so‘rang. Ushbu o‘zgacha oxirgi kunlarda Yahovaning tashkiloti oldin dunyoda umuman bo‘lmagan va’zgo‘ylik va ta’lim berish kabi ulkan ishni olib bormoqda. (Mark 13:10) Bu ishda hissamizni qo‘shish uchun ko‘pgina imkoniyatlar bor.

Ko‘plar chet elda xizmat qilish yoki o‘zga tilda gapiradiganlarga va’z qilish orqali mo‘l-ko‘l barakalarga erishgan (10–12-xatboshilariga qarang.) d

10. Timo‘tiyga ikkinchi maktub 4:2 ga ko‘ra, nima qilishimiz lozim?

10 Tinchlik paytidan qanday foydalanishingiz mumkin? (2 Timo‘tiyga 4:2 ni o‘qing.) Vaziyatingizni tahlil qilib, o‘zingiz yoki oila a’zoingiz xizmatini kengaytira olish-olmasligi haqida o‘ylab ko‘ring. Ehtimol, kimdir kashshof sifatida xizmat qila olar. Hozir boylik va mol-dunyo to‘plashning payti emas. Zero, buyuk musibat paytida moddiy narsalar bizga hech qanday foyda keltirmaydi. (Hik. 11:4; Mat. 6:31–33; 1 Yuhan. 2:15–17)

11. Ba’zilar xushxabarni iloji boricha ko‘proq odamga aytish uchun nima qilyapti?

11 Bir qancha va’zgo‘ylar boshqalarga Yahova haqida bilib olishga yordam berish uchun yangi tilni o‘rganib kelyapti. Xudoning tashkiloti ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Muqaddas Kitobga asoslangan adabiyotlarni ko‘plab tillarda taqdim etmoqda va bu tillarning soni oshib bormoqda. Masalan, 2010-yili adabiyotlarimiz 500 ga yaqin tilda mavjud bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu son 1 000 dan ziyoddir!

12. Xushxabarni ona tilida eshitish odamlarga qanday ta’sir qilmoqda? Misol keltiring.

12 Xo‘sh, Xudoning Kalomidagi haqiqatni o‘z ona tilida eshitish odamlarga qanday ta’sir qilmoqda? Memfisda (Tennessi, AQSH) bo‘lib o‘tgan hududiy anjumandan bir imondoshimiz qanday foyda olganiga diqqat qarataylik. Anjuman kinyaruanda tilida bo‘lib o‘tgan. Bu tilda asosan Ruanda, Kongo (Kinshasa) va Uganda mamlakatlarida gapirishadi. Anjuman tugagach, kinyaruanda tilida gapiradigan imondoshimiz quyidagicha bo‘lishdi: «Qo‘shma Shtatlarga ko‘chganimga 17-yil bo‘lgan bo‘lsa, ilk bor ma’naviy dasturni to‘liq tushuna oldim». Shunisi aniqki, imondoshimiz dasturni ona tilida eshitgani unga qattiq ta’sir qilgan. Vaziyatingiz yo‘l qo‘ysa, hududingizdagi ba’zilarga yordam berish uchun boshqa tilni o‘rgana olasizmi? Jamoatingiz hududidagi ayrimlar uchun boshqa tilda gapirish qulay bo‘lsa, bu ayniqsa asqatishi mumkin, shunday emasmi? Oladigan mukofotingiz harakatlaringizga arziydi.

13. Rossiyadagi imondoshlarimiz tinchlik paytidan qanday foydalangan?

13 Imondoshlarimizning hammasi ham ochiqchasiga va’z qila olmaydi. Gohida hukumatlar tomonidan qo‘yilgan taqiqlar faoliyatimizni sezilarli darajada cheklab qo‘yadi. Misol uchun, Rossiyadagi imondoshlarimiz to‘g‘risida bir o‘ylab ko‘ring. 1991-yili martda faoliyatimizga rasman ruxsat berilishidan avval ular ko‘p yillar mobaynida ta’qiblarga duch kelgan. O‘sha yili Rossiyada taxminan 16 000 ta va’zgo‘y bo‘lgan. Yigirma yil o‘tgach, bu son 160 000 dan oshgan! Ha, birodar-u opa-singillarimiz erkin va’z qilish imkoniyatidan donolik ila foydalanishgan. O‘sha tinchlik payti uzoq davom etmagan. Hozir mamlakatda vaziyat o‘zgarganiga qaramay, ular hali ham Yahovaga g‘ayrat ila topinmoqda. Yahovaga xizmatini davom ettira olish uchun ular qo‘ldan kelgancha jon kuydirmoqda.

TINCHLIK PAYTI BIR KUN KELIB YAKUNIGA YETADI

Shoh Oso chin dildan ibodat qilgach, Yahova Yahudoga dushmanning ulkan qo‘shini ustidan g‘alaba bergan (14-15-xatboshilariga qarang.)

14, 15. Osoga yordam berish uchun Yahova qudratini qay yo‘sin ko‘rsatgan?

14 Osoning davridagi tinchlik oxiri nihoyasiga yetgan. Habashistondan bir milliondan oshiq ulkan harbiy qo‘shin kelgan. Uning qo‘mondoni Zerah qo‘shini bilan birga Yahudoni mag‘lub qilishiga amin bo‘lgan. Lekin shoh Oso askarlarining soniga emas, balki Xudosi Yahovaga tayangan. U shunday deb ibodat qilgan: «Ey, Allohimiz Yahova, bizga yordam bergin, zero biz Senga tayanamiz! Sening isming bilan mana bu olomonga qarshi chiqdik». (2 Sol. 14:11)

15 Garchi Habashiston qo‘shini son jihatdan deyarli ikki barobar ko‘p bo‘lgan bo‘lsa-da, Oso Yahova qudratli ekanini va xalqini himoya qilishini bilgan. Yahova uning umidini puchga chiqarmagan — Habashiston qo‘shini sharmandalarcha mag‘lub bo‘lgan. (2 Sol. 14:8–13)

16. Tinchlik payti vaqtinchalik ekanini qayerdan bilamiz?

16 To‘g‘ri, kelajakda har birimiz bilan nima yuz berishining barcha tafsilotlarini bilmaymiz. Lekin Xudoning xalqi hozir bahramand bo‘layotgan tinchlik vaqtinchalik ekanidan xabardormiz. Unutmangki, Iso oxirgi kunlarda uning shogirdlaridan «hamma xalqlar» nafratlanishini bashorat qilgan. (Mat. 24:9) Qolaversa, havoriy Pavlus: «Iso Masihning izdoshi sifatida xudojo‘y bo‘lib hayot kechirishni istaydigan barcha ta’qiblarga duchor bo‘ladi»,— deb aytgan. (2 Tim. 3:12) Shayton «mudhish qahr-g‘azab»ga mingan ekan, uning jahlidan qutulib qolamiz, deb o‘ylasak, o‘zimizni aldagan bo‘lamiz. (Vah. 12:12)

17. Imonimiz qay yo‘sin sinalishi mumkin?

17 Yaqin kelajakda barchamizning benuqsonligimiz sinaladi. Tez orada butun dunyo bo‘ylab «shunaqangi buyuk musibat bo‘ladiki, dunyo paydo bo‘lganidan beri bunaqasi hali bo‘lmagan». (Mat. 24:21) O‘sha paytda oila a’zolarimiz bizga qarshi chiqishi va faoliyatimiz taqiqlanishi mumkin. (Mat. 10:35, 36) Xo‘sh, Oso singari Yahova yordam berishiga va himoya qilishiga shaxsan biz ishonamizmi?

18. Ibroniylarga 10:38, 39 ga binoan, tinchlik nihoyasiga yetadigan paytga tayyorlanishimizga nima yordam beradi?

18 Yahova bizni oldinda kutayotgan voqealarga ma’naviy jihatdan tayyorlab kelmoqda. Ma’nan mustahkam qolishimizga yordam berish maqsadida Yahova «ishonchli va aqlli xizmatkor» orqali foydali ma’naviy «rizq-ro‘zni vaqtida» taqdim etmoqda. (Mat. 24:45) Biz esa o‘zimizdan kutilgan ishni qilib, Yahovaga nisbatan kuchli imonni rivojlantirishimiz kerak. (Ibroniylarga 10:38, 39 ni o‘qing.)

19, 20. Solnomalar birinchi kitob 28:9 ga ko‘ra, o‘zimizga qanday savollar berishimiz kerak va nega?

19 Biz ham Oso singari «Yahovani izlashimiz» kerak. (2 Sol. 14:4; 15:1, 2) Yahova haqida bilim olib, suvga cho‘mganimizda Uni izlashni boshlaymiz. Unga bo‘lgan sevgimizni mustahkamlash uchun har bir imkoniyatdan foydalanamiz. Masalan, o‘zimizdan: «Yig‘ilishlarga muntazam ravishda qatnaymanmi?» — deb so‘rasak bo‘ladi. Yahova tashkiloti orqali taqdim etayotgan yig‘ilishlarga borganimizda, ham ma’nan mustahkamlanamiz, ham imondoshlarimiz bilan muloqot qilishdan dalda olamiz. (Mat. 11:28) O‘zimizga shunday savol bersak bo‘ladi: «Muqaddas Kitobni muntazam ravishda tadqiq qilyapmanmi?» Bordi-yu, oila a’zolaringiz bilan yashasangiz, oilaviy topinish uchun har hafta vaqt ajratyapsizmi? Yoki yolg‘iz yashayotgan bo‘lsangiz, oilangizda bo‘lganiday, shaxsiy tadqiq uchun vaqt ajratyapsizmi? Va’z qilish va shogird tayyorlash ishida qatnashish uchun qo‘lingizdan kelganini qilyapsizmi?

20 Nega o‘zimizga bunday savollar berishimiz kerak? Muqaddas Kitobda aytilishicha, Yahova o‘y-fikrlarimizni va yuragimizda nima borligini tekshiradi. Biz ham xuddi shunday qilishimiz lozim. (1 Solnomalar 28:9 ni o‘qing.) Maqsadlarimizda, nuqtai nazarimizda yoki fikrlash tarzimizda qandaydir o‘zgarishlar qilishimiz kerakligini ko‘rsak, Yahovadan yordam so‘rashimiz zarur. Hozir o‘zimizni oldinda kutayotgan sinovlarga tayyorlash vaqtidir. Tinchlik vaqtidan oqilona foydalanishingizga hech narsa to‘sqinlik qilmasin!

62-QO‘SHIQ Yangi qo‘shiq

a Yahovaga erkin topinish mumkin bo‘lgan mamlakatda yashaysizmi? Agar shunday bo‘lsa, bu tinchlik paytidan qanday foydalanyapsiz? Ushbu maqolada Yahudo shohi Oso va birinchi asrdagi masihiylarga qay yo‘sin taqlid qilishingiz mumkinligini ko‘rib chiqamiz. Ular tinchlik vaqtidan oqilona foydalanishgan.

b IBORA MA’NOSI. Tinchlik so‘zi faqatgina urushdan holi vaqtni bildirmaydi. Ibroniychadan tinchlik deb o‘girilgan so‘z, shuningdek, yaxshi sog‘lik, xavfsizlik va farovonlik degan ma’nolarni yetkazadi.

c RASMGA SHARH. Shoh Oso buvisi Maxoni mavqeidan mahrum etdi. Chunki Maxo xalqni butga sajda qilishga undagan edi. Osoning sadoqatli xizmatchilari uning o‘rnagiga ergashib, butlarni yo‘q qildi.

d RASMGA SHARH. G‘ayratli juftlik va’zgo‘ylarga ehtiyoj katta bo‘lgan joyda xizmat qilish uchun hayotini soddalashtirmoqda.