Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

39-TADQIQ MAQOLASI

Yaqinimiz Yahovadan yuz o‘girganda

Yaqinimiz Yahovadan yuz o‘girganda

Ular necha martalab... Uning dilini og‘ritdi. ZAB. 78:40

102-QO‘SHIQ «Muhtojlarga yordam bering»

BU MAQOLADA a

1. Yaqini jamoatdan chetlatilishi ba’zilarga qanday ta’sir qilishi mumkin?

 YAQININGIZ jamoatdan chetlatilganmi? Bu qalbni tilka-pora qiladi. Xilda ismli opamiz quyidagicha bo‘lishdi: «Turmush o‘rtog‘im bilan 41-yil birga yashadik va u vafot etdi b. Bu duch kelishim mumkin bo‘lgan eng og‘ir qiyinchilik, deb o‘ylagandim. Lekin o‘g‘lim jamoatdan chetlatilib, xotini va bolalarini tashlab ketganida, undan ham o‘tib tushdi. Bu menga juda og‘ir bo‘ldi».

Yaqiningiz haqiqatdan yuz o‘girganida, Yahova bu sizga og‘ir botishini biladi (2-, 3- xatboshilariga qarang.) d

2, 3. Zabur 78:40, 41 ga ko‘ra, xizmatchilari Yahovadan yuz o‘girganida, U nimani his qiladi?

2 Yahovaning oila a’zosi bo‘lgan ayrim farishtalar Undan yuz o‘girganda, bu Uning qalbini qanchalik tilka-pora qilganini bir o‘ylab ko‘ring. (Yahd. 6) Yahova yaxshi ko‘rgan isroilliklar Unga qarshi ko‘p marotaba isyon ko‘targanda, Uning dili juda og‘riganini ko‘z oldingizga keltiring. (Zabur 78:40, 41 ni o‘qing.) Shunga amin bo‘lingki, yaqiningiz jamoatdan chetlatilganida, mehribon samoviy Otamizning ham ko‘ngli ozor chekadi. Qayg‘urayotganingizni U yaxshi tushunadi. U mehr-shafqat ila sizga dalda beradi va muhtoj bo‘lganingizda qo‘llab-quvvatlaydi.

3 Ushbu maqolada bunday vaziyatda Yahovaning yordamini olish uchun nima qilishimiz mumkinligi haqida gap boradi. Bundan tashqari, yaqini jamoatdan chetlatilgan imondoshlarimizga qanday yordam bera olishimizni ko‘rib chiqamiz. Avvaliga, keling, qochishimiz kerak bo‘lgan ba’zi salbiy fikrlarga diqqat qarataylik.

O‘ZINGIZNI AYBLAMANG

4. Ko‘p ota-onalar farzandi Yahovadan yuz o‘girganida nimalarni his qiladi?

4 Qadrdon o‘g‘li yoki qizi Yahovadan yuz o‘girganida, ota-ona odatda: «Bolam haqiqatda qolishi uchun nima qilsam bo‘lardi?» — deb o‘ylaydi. Lyuk birodarimizning o‘g‘li jamoatdan chetlatilganda, u: «Bu mening aybim,— deb aytdi. — O‘shanda juda yomon tushlar ko‘rardim. Gohida ko‘z yosh to‘kardim, qalbim tilka-pora bo‘lardi». Elizabet opamiz ham xuddi shunday vaziyatga duch kelib, odatda quyidagicha o‘ylardi: «Men yaxshi ona bo‘la olmadim. O‘ylashimcha, o‘g‘lim Yahovani yaxshi ko‘ra olishi uchun unga yetarlicha ta’lim bera olmadim».

5. Kishi Yahovadan voz kechsa, bu ota-onaning aybimi?

5 Shuni unutmasligimiz kerakki, Yahova har birimizga iroda erkinligini bergan. Bu biz Unga itoatli bo‘lish yo bo‘lmaslikni tanlay olishimizni anglatadi. Ba’zi bolalarda ular uchun yaxshi o‘rnak bo‘ladigan ota-onasi bo‘lmagan. Lekin ular Yahovaga xizmat qilishni va Unga sadoqatli qolishni tanlagan. Boshqalarning ota-onasi esa ularni Muqaddas Kitob prinsiplari asosida tarbiyalash uchun jon kuydirganiga qaramay, ular ulg‘aygach, haqiqatni tark etgan. Ha, Yahovaga xizmat qilish-qilmaslik borasida har birimiz shaxsiy qaror chiqarishimiz kerak. (Yoshua 24:15) Shunday ekan, qayg‘u chekayotgan ota-onalar, bu mening aybim, deb o‘ylash moyilligi bilan kurashing.

6. Ota yoki ona Xudodan yuz o‘girganda, bu bolaga qanday ta’sir qilishi mumkin?

6 Ba’zida ota yoki ona haqiqatdan yuz o‘girib, hatto oilasini tashlab ketadi. (Zab. 27:10) Otasini yoki onasini o‘rnak deb bilgan farzandlar uchun bu dahshatli bo‘lishi mumkin. Otasi jamoatdan chetlatilgan Ester shunday deydi: «Men ko‘pincha yig‘lardim, chunki otam haqiqatdan shunchaki uzoqlashib ketmaganini tushunardim. U bila turib Yahovadan voz kechgan. Otamni yaxshi ko‘raman. Shu bois, u jamoatdan chetlatilganida, hol-ahvoli haqida tez-tez xavotirlanardim. Meni hatto vahima bosardi».

7. Otasi yo onasi jamoatdan chetlatilgan yoshlarga nisbatan Yahova nimalarni his qiladi?

7 Aziz yoshlar, otangiz yo onangiz jamoatdan chetlatilgan bo‘lsa, sizga hamdardmiz. Iltimos, shunga amin bo‘lingki, Yahova ham qalbingizdagi og‘riqni yaxshi biladi. Yahova hamda biz, imondoshlaringiz, sizni sevamiz va sadoqatingizni qadrlaymiz. Shuni ham unutmangki, ota-onangizning qarorlari uchun siz javobgar emassiz. Yuqorida aytilganiday, Yahova har bir insonga tanlash imkoniyatini beradi. Qolaversa, o‘zini Xudoga bag‘ishlagan va suvga cho‘mgan «har kim o‘z aravasini o‘zi tortishi» kerak. (Galat. 6:5)

8. Yaqini Yahovaga qaytguniga qadar sadoqatli oila a’zolari qanday yo‘l tutishi mumkin? (« Yahovaga qayting» nomli ramkaga ham qarang.)

8 Yaqiningiz jamoatdan chetlatilganda, u qachondir Yahovaga qaytishiga umid bog‘lashingiz tabiiy. Xo‘sh, ungacha nima qilishingiz mumkin? Ma’naviy sog‘lig‘ingiz haqida qayg‘ursangiz bo‘ladi. Bunday yo‘l tutib, oilangizning boshqa a’zolari va, ehtimol, hatto jamoatdan chetlatilgan kishi uchun ham yaxshi o‘rnak bo‘la olasiz. Shuningdek, og‘riq keltirayotgan his-tuyg‘ularingizni yengish uchun kerakli kuchga ega bo‘lasiz. Keling, qo‘yishingiz mumkin bo‘lgan ba’zi amaliy qadamlarni ko‘rib chiqaylik.

MA’NAN MUSTAHKAM QOLISH UCHUN NIMA QILSANGIZ BO‘LADI

9. Qaysi yo‘llar orqali Yahovadan kuch olishimiz mumkin? (« Yaqiningiz Yahovadan yuz o‘girganida sizga dalda baxsh etuvchi oyatlar» nomli ramkaga ham qarang.)

9 Imoningizni mustahkam saqlashda davom etish uchun jon kuydiring. Ma’naviyligingizni va oila a’zolaringizni mustahkamlashda davom etish muhimdir. Xo‘sh, buni qay yo‘sin qila olasiz? Muqaddas Kitobni muntazam o‘qish, ustida mulohaza yuritish va yig‘ilishlarga qatnash orqali Yahovadan kuch oling. Otasi va onasi haqiqatdan yuz o‘girgan Joanna shunday dedi: «Muqaddas Kitobda Obigayl, Ester, Ayub, Yusuf va Iso haqida o‘qiganimda, xotirjamlikni his qilaman. Ularning misollari qalbimni-yu ongimni ijobiy fikrlar bilan to‘ldirib, og‘rig‘imga malham bo‘ladi. Bundan tashqari, taronalar ham men uchun juda daldali».

10. Zabur 32:6–8 oyatlar ruhimiz tushganida, bizga qanday yordam berishi mumkin?

10 Barcha tashvishlaringizni Yahovaga to‘kib soling. Ruhingiz tushganda tinmay ibodat qiling. Bu vaziyatga mehribon Tangrimiz kabi qaray olish uchun Undan yordam so‘rang. U sizga «aql-idrok ato etib, yuradigan yo‘lingizni» ko‘rsatishi uchun yolvorib ibodat qiling. (Zabur 32:6–8 ni o‘qing.) To‘g‘ri, o‘zingizni aslida qanday his qilayotganingizni Yahovaga aytish juda og‘riqli bo‘lar. Ammo Yahova qalbingizda nimalar kechayotganini yaxshi tushunadi. U sizni qattiq sevadi va yuragingizni Unga to‘kib solishingizni istaydi. (Chiq. 34:6; Zab. 62:7, 8)

11. Ibroniylarga 12:11 ga ko‘ra, nima uchun Yahova sevgi ila tarbiyalashiga ishonishimiz kerak? (« Jamoatdan chetlatilish Yahovaning bizga bo‘lgan sevgisini ko‘rsatadi» nomli ramkaga ham qarang.)

11 Oqsoqollarning qarorini qo‘llab-quvvatlang. Jamoatdan chetlatilish Yahova o‘rnatgan tartibning bir qismidir. U barchaning, jumladan, gunoh qilgan kishining manfaatini ko‘zlab, sevgi ila tuzatadi. (Ibroniylarga 12:11 ni o‘qing.) Kimdir oqsoqollarning qarori borasida salbiy fikr bildirsa, unutmang, u masalaning faqatgina bir tarafini aytib o‘tishi mumkin. Darhaqiqat, biz barcha tafsilotlarni bilmaymiz. Shunday ekan, chora ko‘rish uchun Muqaddas Kitobdagi prinsiplarga amal qilish va «Yahovaning nomidan» hakamlik qilish uchun jon kuydirgan oqsoqollarga ishonish donolikdan bo‘lardi. (2 Sol. 19:6)

12. Ba’zilar Yahovaning ta’lim-tarbiyasiga itoatli bo‘lgani uchun qanday foyda ko‘rdi?

12 Oqsoqollarning bu borada chiqargan qarorini qo‘llab-quvvatlash orqali yaqiningiz Yahovaga qaytishiga yordam bera olasiz. Yuqorida tilga olingan Elizabet shunday deb bo‘lishdi: «Voyaga yetgan o‘g‘limiz bilan umuman gaplashmaslik juda qiyin edi. Lekin Yahovaga qaytganidan so‘ng u: “Meni jamoatdan chetlatib, to‘g‘ri qaror chiqarishgandi”,— dedi. Keyinchalik u ko‘pgina saboqlar olganini ta’kidlab o‘tdi. Yahovaning ta’lim-tarbiyasi doimo to‘g‘ri ekanini tushundim». Elizabetning eri Mark shunday dedi: «Ancha vaqt o‘tgach, o‘g‘limiz Yahovaga qaytmoqchi ekanining sabablaridan biri biz u bilan umuman gaplashmaganimiz bo‘lganini aytdi. Yahova biz Unga itoatli bo‘lishimizga yordam berganidan xursandman».

13. Og‘riqli tuyg‘ularni yengishingizga nima yordam berishi mumkin?

13 His-tuyg‘ularingizni tushunadigan do‘stlar bilan gaplashib ko‘ring. Ijobiy nuqtai nazarga ega bo‘lishingizga yordam beradigan ma’nan yetuk masihiylar bilan muloqot qiling. (Hik. 12:25; 17:17) Yuqorida tilga olingan Joanna shunday dedi: «O‘zimni yolg‘iz his qilardim. Lekin ishonchli do‘stlar bilan gaplashish buni yengishimga ko‘maklashdi». Mabodo jamoatdagi ba’zilar gaplari bilan yarangizga tuz sepsa-chi?

14. Nega bir-birimizga chidamli bo‘lib, «chin dildan» kechirishimiz kerak?

14 Birodar-u opa-singillarga nisbatan sabrli bo‘ling. Aslini olganda, hech bir inson doim ham fikrini to‘g‘ri ifoda eta olmaydi. (Yoqb. 3:2) Barchamiz nomukammalmiz. Shu bois, kimdir sizga nima deyishni bilmasa yo hatto beixtiyor sizni ranjitadigan biron nima aytsa, hayron qolmang. Havoriy Pavlusning quyidagi maslahatini unutmang: «Bir-biringizga chidamli bo‘linglar va hatto kimningdir boshqadan arz qilishga sababi bo‘lsa, uni chin dildan kechirsin». (Kolos. 3:13) Qarindoshi jamoatdan chetlatilgan bir opamiz shunday dedi: «Dalda bermoqchi bo‘lib ko‘nglimni og‘ritib qo‘ygan imondoshlarni kechirishimga Yahova yordam beryapti». Xo‘sh, jamoatdagilar sadoqatli imondoshlarga qanday ko‘maklashishi mumkin?

JAMOAT YORDAM BERA OLADI

15. Yaqinda jamoatdan chetlatilganlarning qarindoshlari uchun nima qilishimiz mumkin?

15 Jamoatdan chetlatilgan kishining sadoqatli oila a’zolarini iliq qarshi oling. Miriyam ismli imondoshimiz ukasi jamoatdan chetlatilganda, yig‘ilishlarga borishdan xavotirlanganini aytdi. U shunday dedi: «Odamlar nima deyishidan qo‘rqardim. Lekin ajoyib do‘stlarim chetlatilgan ukam haqida salbiy fikrlarni aytmay dardimga sherik bo‘ldi. Ular tufayli bu qayg‘uni yengishda yolg‘iz emasdim». Yana bir opamiz esa quyidagicha eslaydi: «O‘g‘limiz jamoatdan chetlatilganda qadrli do‘stlarimiz bizga tasalli berdi. Ba’zilar nima deyishni bilmasligini aytdi. Ular men bilan ko‘z yosh to‘kardi yoki daldali xatlar yuborardi. Ular menga ancha yordam berdi».

16. Qanday qilib jamoatdagilar kerakli yordamni ko‘rsata oladi?

16 Sadoqatli imondoshlarimizni qo‘llab-quvvatlashda davom eting. Ular har qachongidan ham hozir sevgingiz va qo‘llab-quvvatlashingizga muhtoj. (Ibron. 10:24, 25) Jamoatdan chetlatilganlarning oila a’zolari shunga e’tibor berdiki, ba’zi imondoshlar ularga sovuq munosabatda bo‘lib, ularga ham chetlatilganday qaraydi va gaplashmay qo‘yadi. Bunday bo‘lishiga yo‘l qo‘ymang! Haqiqatdan yuz o‘girgan ota-onalarning farzandlarini maqtab, ularga dalda berishimiz lozim. Mariyaning eri jamoatdan chetlatildi va oilasini tashlab ketdi. Mariya quyidagicha bo‘lishdi: «Ba’zi do‘stlarimiz kelib, biz uchun ovqat tayyorladi va farzandlarim bilan tadqiq o‘tkazishga ko‘maklashdi. Ular hamdard bo‘lib men bilan birga ko‘z yosh to‘kdi. Odamlar men haqimda bo‘lar-bo‘lmas gaplarni tarqatganida, ular meni himoya qildi. Ular ko‘nglimni ko‘tardi». (Rim. 12:13, 15)

Jamoatdagilar sadoqatli oila a’zolarni sevgi ila qo‘llab-quvvatlashi mumkin (17- xatboshiga qarang.) e

17. Oqsoqollar qayg‘uga botganlarga qay yo‘sin mehr-shafqat ko‘rsata oladi?

17 Oqsoqollar, jamoatdan chetlatilgan kishining sadoqatli oila a’zolarini mustahkamlash uchun turli imkoniyatlardan foydalaning. Yaqini Yahovadan yuz o‘girgan imondoshlaringizga tasalli berish uchun sizda o‘zgacha mas’uliyat bor. (1 Salon. 5:14) Yig‘ilishdan oldin yoki keyin ularga dalda berish uchun tashabbus ko‘rsating. Ularnikiga boring va ular uchun ibodat qiling. Xizmatda ular bilan hamkorlik qiling yoki oilaviy topinishga taklif qiling. Ma’naviy cho‘ponlar Yahovaning qayg‘uga botgan qo‘zichoqlariga ular muhtoj bo‘lgan mehr-shafqat, sevgi va e’tiborni ko‘rsatishi lozim. (1 Salon. 2:7, 8)

UMIDNI YO‘QOTMANG, YAHOVAGA TAYANISHDA DAVOM ETING

18. Xudo noto‘g‘ri yo‘l tutgan insonlar nima qilishini xohlaydi? (2 Butrus 3:9)

18 Yahova «hech kimning halok bo‘lishini istamaydi, ammo hammaning tavba qilishini xohlaydi». (2 Butrus 3:9 ni o‘qing) Inson jiddiy gunohga qo‘l ursa ham uning hayoti Xudo uchun bebaho. Unutmangki, Yahova yuqori bahoni, ya’ni suyukli O‘g‘lining to‘lov qurbonligini har birimiz uchun bergan. Yahova Undan yuz o‘girganlar qaytishi uchun sevgi ila ularga yordam berishga harakat qilyapti. Xudo ular bunday qilishiga umid bog‘layapti. Buni Isoning darbadar o‘g‘il haqidagi masalidan ko‘rishimiz mumkin. (Luqo 15:11–32) Haqiqatdan yuz o‘girgan ko‘plar keyinchalik mehribon samoviy Otamizga qaytgan. Birodar-u opa-singillarimiz ham ularni quchoq ochib qarshi olgan. Yuqorida tilga olingan Elizabet o‘g‘li jamoatda tiklanganida rosa suyungan edi. O‘sha damlar haqida fikr yuritib, u: «Taslim bo‘lmaslikka undagan imondoshlarimdan juda minnatdorman»,— dedi.

19. Nima uchun Yahovaga ishonishda davom etishimiz mumkin?

19 Yahovaga doim ishonishimiz mumkin. U hech qachon bizga zarar yetkazadigan yo‘l-yo‘riq bermaydi. Yahova Uni yaxshi ko‘rib, Unga topinadiganlarni qattiq sevadi va ular uchun saxiy hamda mehr-shafqatli Otadir. (Ibron. 13:5, 6) Yuqorida tilga olingan Mark quyidagicha dedi: «Yahova bizni aslo tark etmadi. Qiyinchiliklarni boshdan kechirganimizda U doim yonimizda bo‘ldi». Yahova sizga «insonlarnikidan ustun turgan kuch»ni berishda davom etadi. (2 Kor. 4:7) Ha, yaqiningiz Yahovadan yuz o‘girganda ham sadoqatli qolib, umidingizni saqlay olasiz.

44-QO‘SHIQ Shikasta qalb nolasi

a Yaqinimiz Yahovaga xizmat qilmay qo‘yganda, bizga juda og‘ir botadi. Mazkur maqoladan bu yuz berganda, Xudo nimani his qilishini bilib olamiz. Qolaversa, jamoatdan chetlatilgan kishining oila a’zolari bu og‘riqni qanday qilib yengishi va ma’nan sog‘lom qolishi mumkinligiga e’tibor beramiz. Bundan tashqari, jamoatdagilarning barchasi uning oila a’zolariga qay yo‘sin tasalli va yordam berishi haqida so‘z yuritamiz.

b Ushbu maqoladagi ba’zi ismlar o‘zgartirilgan.

d RASMGA SHARH. Birodar oilasini va Yahovani tashlab ketsa, xotini va bolalari azob chekadi.

e RASMGA SHARH. Ikkita oqsoqol jamoatidagi bir oilaga dalda beryapti.