Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

36-TADQIQ MAQOLASI

Yoshlarning kuch-quvvatini qadrlang

Yoshlarning kuch-quvvatini qadrlang

Yoshlarning faxri — kuch-quvvatida, keksalarning sharafi esa oqargan sochidir. HIK. 20:29

88-QO‘SHIQ Ochib ber menga yo‘llaringni

BU MAQOLADA a

1. Yoshimiz o‘tgani sayin qanday amaliy maqsad qo‘ya olamiz?

 YOSHIMIZ o‘tgani sayin Yahovaga oldingiday foyda keltira olmayman, deb qo‘rqishimiz mumkin. To‘g‘ri, kuchimiz avvalgiday emasdir. Lekin orttirgan donolik va tajribamizdan foydalanib, yoshroq bo‘lganlarga Yahovaga to‘liq xizmat qilishga va yangi vazifalarni bajarish uchun tayyor bo‘lishga ko‘maklasha olamiz. Anchadan beri oqsoqol bo‘lib xizmat qilayotgan bir birodar shunday dedi: «Keksalik tufayli imkoniyatlarim chegaralanganini his eta boshlaganimda, vazifani olishga layoqatli yoshroq birodarlar borligi uchun minnatdor bo‘lgandim».

2. Mazkur maqolada nimani muhokama qilamiz?

2 O‘tgan maqolada yoshlar keksa imondoshlar bilan do‘stlashganda qanday foyda olishi mumkinligi to‘g‘risida so‘z yuritildi. Mazkur maqolada keksa imondoshlarimiz kamtarlik, o‘z haddini bilish, minnatdorlik va saxiylik kabi fazilatlarni ko‘rsatib, yoshlar bilan birga hamkorlik qilish orqali qay yo‘sin jamoatga baraka keltirishini muhokama qilamiz.

KAMTAR BO‘LING

3. Filippiliklarga 2:3, 4 ga ko‘ra, kamtarlik nima va bu fazilat masihiyga qanday yordam berishi mumkin?

3 Keksa imondoshlarimiz yoshroq bo‘lganlarga yordam berishni istasa, kamtar bo‘lishi kerak. Kamtar inson boshqalarni o‘zidan ustun qo‘yadi. (Filippiliklarga 2:3, 4 ni o‘qing.) Keksalar shuni tushunadiki, ko‘p hollarda vazifani yaxshi bajarishda turli oyatlar qo‘l kelishi va har xil usullardan foydalanish mumkin. Shu bois, ular muayyan narsalar o‘tmishdagidek qilinishi kerak, deb o‘ylamaydi. (Voiz 7:10) Ular yoshlar bilan bo‘lishish uchun katta tajribaga ega bo‘lsa-da, «bu dunyoning sahnasi o‘zgarib borayotganini» va yangi vaziyatga moslashish kerakligini tushunadi. (1 Kor. 7:31)

Keksa imondoshlar tajribasi bilan bajonidil bo‘lishadi (4-, 5- xatboshilariga qarang.) b

4. Qay yo‘sin tuman nozirlari levilarnikiga o‘xshash munosabatni namoyon etyapti?

4 Kamtar keksa imondoshlarimiz oldingiday ko‘p vazifalarni bajara olmasligini tan oladi. Keling, tuman nozirlarining misoliga diqqat qarataylik. Yoshi 70 ga yetganda, ularga boshqa vazifani bajarish taklif etiladi. Bu oson bo‘lmasligi mumkin. Ular birodarlari bilan xizmat qilish sharafini juda yaxshi ko‘radi. Bu ularning sevgan vazifasi bo‘lib, uni bajarish istagi hanuzgacha qalbida yonyapti. Biroq ular bu vazifani yoshroq birodarlar bajarishi ma’qulroq ekanini tushunadi. Shu bois, ular 50 yoshga to‘lganda muqaddas chodirdagi xizmatini to‘xtatishi kerak bo‘lgan Isroildagi levilar kabi munosabatni namoyon etadi. Yoshi katta o‘sha levilarning quvonchi muayyan sharafli vazifaga bog‘liq emasdi. Ular ega bo‘lgan sharafli vazifalarini to‘laqonli bajarib, yoshroq bo‘lganlarga yordam berish uchun jon kuydirgan. (Sah. 8:25, 26) Hozirda tuman nozirlari 70 ga kirgach, jamoatlarga tashrif buyurmaydi. Shunga qaramay, ular tayinlangan jamoatiga ko‘p yordam va dalda bera olyapti.

5. Den va Ketining misolidan qanday saboq oldingiz?

5 Keling, 23-yil davomida tuman noziri bo‘lib xizmat qilgan Denning misoliga diqqat qaratamiz. U 70 yoshga kirganda, xotini Keti bilan maxsus kashshof bo‘lib tayinlandi. Xo‘sh, ular yangi sharoitlarga qanday moslashdi? Denning aytishicha, u hozir har qachongidan ham band. U jamoatdagi vazifalarni bajaradi, birodarlarga jamoat xizmatkori bo‘lish uchun talablarga mos kelishga ko‘maklashadi va boshqalarni odamlarning ish joylarida hamda qamoqxonalarda shohidlik berishga o‘rgatadi. Aziz yoshi ulug‘ imondoshlar, to‘la vaqtli xizmatda ishtirok etasizmi yoki yo‘qmi, boshqalarga anchagina yordam bera olasiz. Qanday qilib? O‘zgargan vaziyatingizga moslashing, yangi maqsadlar qo‘ying va diqqatingizni nima qila olmasligingizga emas, nima qila olishingizga qarating.

O‘Z HADDINGIZNI BILING

6. Nega o‘z haddini bilish oqilona? Misol keltiring.

6 O‘z haddini biladigan inson, imkoniyatlari chegaralanganini tan oladi. (Hik. 11:2, izoh) U o‘z haddini bilgani tufayli qila oladigan narsalaridan ko‘prog‘ini kutmaydi. Natijada u quvonchini saqlaydi va jon kuydirib mehnat qilishda davom etadi. O‘z haddini biladigan kishi tepalikka harakatlanayotgan velosipedchiga o‘xshaydi. U tepalikka ko‘tarilar ekan, oldingi tezlikda harakatlana olmaydi. To‘g‘ri, ehtimol, u sekinroq harakatlanar, lekin oldinga intilishdan to‘xtamaydi. Shu singari, o‘z haddini biladigan inson Yahovaga faol tarzda xizmat qilish va boshqalarga yordam berishda davom eta olishi uchun qachon biron nimani o‘zgartirishi hamda sekinroq harakat qilishi kerakligini biladi. (Filip. 4:5)

7. Borzulay o‘z haddini bilishini qay yo‘sin ko‘rsatdi?

7 Borzulayning misoliga e’tibor beraylik. U 80 yoshga borib qolganda, shoh Dovud uni maslahatchilaridan biri bo‘lishga taklif qildi. U haddini bilib bu taklifni qabul qilmadi. U yoshi o‘tgani tufayli imkoniyatlari chegaralanganini tushunib, o‘rniga yoshroq bo‘lgan Ximxam borishini taklif qildi. (2 Shoh. 19:35–37) Borzulay singari keksa birodarlarimiz yoshroq birodarlarga xizmat qilish imkonini berishdan xursand.

Shoh Dovud ma’badni uning o‘g‘li qurishi borasidagi Xudoning qaroriga rozi bo‘ldi (8- xatboshiga qarang.)

8. Qay yo‘sin shoh Dovud ma’badni qurishni istaganida, o‘z haddini bilishini ko‘rsatdi?

8 Shoh Dovud ham o‘z haddini bilish borasida ajoyib o‘rnak ko‘rsatgan. U butun qalbi bilan Yahovaga atab uy qurishni istagan. Biroq Yahova bu sharafli vazifani yosh Sulaymonga berishini aytdi. Dovud Yahovaning qarorini qabul qildi va jon-jahdi bilan qurilishni amalga oshirishga ko‘maklashdi. (1 Sol. 17:4; 22:5) U Sulaymon «yosh va tajribasiz» bo‘lgani uchun bu ishni undan yaxshiroq bajaraman, deb o‘ylamagan. (1 Sol. 29:1) Dovud shuni bilganki, o‘sha qurilishning muvaffaqiyati, vazifani bo‘yniga olgan kishining yoshi yoki tajribasiga emas, Yahovaning barakasiga bog‘liq. Bugungi kunda Dovud kabi keksa imondoshlarimiz ham vaziyati o‘zgarishiga qaramay, Yahovaning xizmatida faol bo‘lishda davom etmoqda. Qolaversa, keksa imondoshlar Yahova ilgari ular bajargan vazifani hozir bajarayotgan yoshlarga baraka berishini biladi.

9. Filial qo‘mitasining a’zosi o‘z haddini bilishda qanday o‘rnak ko‘rsatdi?

9 O‘z haddini bilish borasida zamonaviy misollardan Shegeyo ismli birodarimizning hikoyasini ko‘rib chiqaylik. 1976-yili u 30 yoshda bo‘lganida, Filial qo‘mitasida xizmat qilishga tayinlandi. 2004-yili u Filial qo‘mitasining raisi bo‘ldi. Keyinchalik Shegeyo jismoniy kuchi chegaralanganini va ishini oldingiday tezda bajara olmayotganini tushundi. U vazifalarini yoshroq birodarga topshirish foyda keltirishi borasida ibodat ila fikr yuritdi. Hozir u Filial qo‘mitasining raisi bo‘lmasa-da, bu qo‘mitadagi birodarlar bilan hamkorlik qilishda davom etmoqda. Borzulay, shoh Dovud va Shegeyoning misollaridan shuni ko‘ryapmizki, kamtar va o‘z haddini biladigan inson yoshlarning tajribasizligiga emas, balki ularning kuchiga diqqat qaratadi. Bunday odam ularni raqib emas, hamkor deb biladi. (Hik. 20:29)

MINNATDOR BO‘LING

10. Keksa imondoshlar jamoatidagi yoshroq birodarlarga qanday nuqtai nazarda?

10 Keksa imondoshlar yoshroq birodarlarni Yahovadan hadya deb bilib, ulardan minnatdor bo‘ladi. Keksa imondoshlarimizning kuchi zaiflashar ekan, ular kuch-quvvatga ega yoshlarning tayyorligi, vazifalarni bajara olayotganidan hamda jamoat uchun xizmat qilayotganidan minnatdor.

11. Rut 4:13–16 ga ko‘ra, qay yo‘sin keksalar minnatdorlik ila yoshlarning yordamini qabul qilib barakalarga ega bo‘la oladi?

11 Yoshroq bo‘lganlarning yordamini minnatdorlik ila qabul qilishda ajoyib o‘rnak ko‘rsatgan Naima haqida Muqaddas Kitobda yozilgan. Avvaliga u beva qolgan kelini Rutni oilasi bag‘riga qaytishga undagan. Ammo u Naima bilan Baytlahmga ketishini aytib turib olgan. Naima Rutning sadoqat ila qo‘llab-quvvatlashini qabul qilgan. (Rut 1:7, 8, 18) Darhaqiqat, bu ikkovi uchun ham ajoyib barakaga aylangan. (Rut 4:13–16 ni o‘qing.) Ha, kamtarlik keksa imondoshlarimizni Naimaning o‘rnagiga ergashishga undaydi.

12. Qay yo‘sin havoriy Pavlus minnatdor ekanini ko‘rsatgan?

12 Havoriy Pavlus olgan yordamini qadrlagan. Masalan, Filippidagi masihiylarning yuborgan sovg‘alari uchun minnatdorlik bildirgan. (Filip. 4:16) Pavlus Timo‘tiyning yordami uchun ham minnatdor bo‘lgan. (Filip. 2:19–22) Pavlus Rimga mahbus sifatida olib ketilayotganda, imondoshlari unga dalda bergani uchun Xudoga rahmatlar aytgan. (Havor. 28:15) Pavlus g‘ayratli inson bo‘lib, va’z qilish hamda jamoatdagilarni mustahkamlash uchun minglab kilometr yo‘l bosgan. Shunga qaramay, u birodar-u opa singillarining yordamini kamtarlik ila qabul qilgan.

13. Qay yo‘sin keksa imondoshlarimiz yoshlar uchun minnatdor ekanini ko‘rsata oladi?

13 Jamoatingizdagi yoshroq imondoshlardan minnatdor ekaningizni turli yo‘llar orqali ko‘rsata olasiz. Ular sizga transport, bozor-o‘char yoki uy ishlarida yordam berishni istasa, bunday yordamni minnatdorlik ila qabul qiling. Buni Yahovaning sevgi izhori deb biling. Yosh imondoshlar bilan o‘rtangizda do‘stlik rishtalari rivojlanganini ko‘rib hayron qolarsiz. Ularga Yahovaga yaqinroq bo‘lishga doim yordam bering. Yoshlarga jamoatdagi vazifalarini bajarayotganini ko‘rishdan juda baxtiyor ekaningizni ayting. Shuningdek, hayotingizda yuz bergan voqealarni aytib berish uchun vaqt ajratishga tayyor bo‘ling. Bunday yo‘l tutib, Yahova yoshlarni jamoatiga jalb qilgani uchun «minnatdor ekaningizni ko‘rsatasiz». (Kolos. 3:15; Yuhan. 6:44; 1 Salon. 5:18)

SAXIY BO‘LING

14. Qay yo‘sin Dovud saxiylikni namoyon etdi?

14 Keksa imondoshlarimiz shoh Dovud kabi ko‘rsatishi kerak bo‘lgan yana bir muhim fazilat saxiylikdir. U ma’bad qurilishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘z hisobidan ko‘p miqdorda pul va kerakli narsalarni ajratgan. (1 Sol. 22:11–16; 29:3, 4) Odamlar ma’badni Sulaymon qurgan, deb aytishi mumkinligiga qaramay, Dovud qurilishga o‘z hissasini qo‘shgan. Oldingiday jismoniy kuchga ega bo‘lmaganimiz tufayli tashkilotimizning qurilish loyihalarida ishtirok eta olmasak, imkonimiz yo‘l qo‘yganicha xayr-ehson qilish orqali bu loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda davom eta olamiz. Qolaversa, yillar davomida orttirgan tajribamizni yoshlar bilan bo‘lishib yordam bera olamiz.

15. Havoriy Pavlus Timo‘tiy bilan qanday ajoyib hadyalarni bo‘lishgan?

15 Keling, saxiylik borasida havoriy Pavlus qanday o‘rnak qoldirganiga e’tibor qaratamiz. U Timo‘tiyni va’zgo‘ylik safarida birga hamkorlik qilishga taklif etgan hamda va’z qilish va ta’lim berish usullarini saxiylik ila bo‘lishgan. (Havor. 16:1–3) Pavlusning ta’limi yordamida Timo‘tiy xushxabarni odamlarga muvaffaqiyat ila yetkaza olgan. (1 Kor. 4:17) O‘z navbatida, Timo‘tiy Pavlusning usullaridan foydalanib boshqalarga yordam bergan.

16. Nega Shegeyo boshqalarga ta’lim bergan?

16 Keksa imondoshlarimiz ilgari jamoatda bajargan vazifamni yoshlarga o‘rgatsam, boshqa foydam tegmaydi, deb qo‘rqmaydi. Misol uchun, yuqorida tilga olingan Shegeyo yillar davomida Filial qo‘mitasining yoshroq a’zolariga ta’lim berdi. U buni o‘zi yashaydigan mamlakatda Shohlik manfaatlari olg‘a surilishi uchun qildi. Natijada, vaqti kelib uning o‘rniga Filial qo‘mitasining raisi sifatida yaxshi ta’lim olgan birodar xizmat qila oldi. Shegeyo 45-yildan oshiq vaqt davomida Filial qo‘mitasida xizmat qilib orttirgan tajribasini yoshroq birodarlar bilan bo‘lishishda davom etmoqda. Bunday insonlar Xudoning xalqi uchun ajoyib baraka!

17. Luqo 6:38 ga ko‘ra, keksa imondoshlarimiz boshqalarga nima bera oladi?

17 Yoshi katta birodar-u opalar, sizlar Yahovaga sadoqat va benuqsonlik ila xizmat qilish eng zo‘r hayot yo‘li ekanining tirik misollarisiz. O‘rnagingiz bilan Muqaddas Kitob prinsiplarini o‘rganish va ularni qo‘llashda jon kuydirish arzigulik ekanini ko‘rsatyapsiz. Ba’zi ishlar o‘tmishda qanday qilingani borasida tajribaga egasiz. Ammo o‘zgarayotgan vaziyatlarga moslashish kerakligini ham ko‘ryapsiz. Yaqinda suvga cho‘mgan keksa imondoshlar, siz ham ko‘p yo‘llar orqali yordam bera olasiz. Sizlar shu yoshga kirib, Yahovaga xizmat qilishdan qanday quvonch topganingizni aytib bera olasiz. Yoshroq imondoshlarimiz hayotingizda nimalar yuz berganini tinglash va sizdan saboq olish imkoniyatini qadrlaydi. Tajriba koningizdan «boshqalarga berib tursangiz», Yahova sizga mo‘l-ko‘l baraka ato etadi. (Luqo 6:38 ni o‘qing.)

18. Qay yo‘sin yosh va yoshi kattalar bir-biriga ko‘maklasha oladi?

18 Aziz keksa imondoshlar, yoshlar bilan do‘stlashganda bir-biringizni qo‘llab-quvvatlay olasiz. (Rim. 1:12) Har birimizda o‘zgacha qimmatbaho xazina bor. Yoshi kattalarda hayoti davomida orttirgan donolik va tajriba bo‘lsa, yoshlarda kuch-quvvat bor. Yosh va yoshi kattalar birgalikda hamkorlik qilganda, sevuvchi samoviy Otamizga sharaf, butun jamoatga esa baraka keltiradi.

90-QO‘SHIQ Bir-birimizga dalda beraylik

a Jamoatlarimizda Yahovaning tashkilotini qo‘llab-quvvatlashga intilayotgan ko‘p yoshlar biz uchun ajoyib barakadir. Jamoatdagi keksa imondoshlarimiz madaniyati yoki kelib chiqishidan qat’i nazar, yoshlarga Yahovaning xizmatida kuchidan to‘la-to‘kis foydalanishga ko‘maklasha oladi.

b RASMGA SHARH. Tuman noziri 70 ga kirgach, xotini bilan yangi vazifaga tayinlandi. Ular yillar davomida orttirgan tajribasi yordamida jamoatidagi imondoshlarimizga ta’lim beryapti.