Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

38-TADQIQ MAQOLASI

Ishonchli inson bo‘ling

Ishonchli inson bo‘ling

Ishonchli odam esa sir saqlaydi. HIK. 11:13

101-QO‘SHIQ Bahamjihat xizmat qilaylik

BU MAQOLADA a

1. Ishonchli odamni qanday ta’riflagan bo‘lardingiz?

 ISHONCHLI odam va’dasining ustidan chiqishga va rost gapirishga harakat qiladi. (Zab. 15:4) Shunga boshqalar unga ishonadi. Imondoshlarimiz ham bizni ishonchli deb bilishlarini xohlaymiz. Ularning ishonchini qanday qozona olamiz?

2. Ishonchli ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz?

2 Boshqalarni bizga ishonishga majbur qila olmaymiz. Ishonchga sazovor bo‘lish kerak. Uni pulga o‘xshatsa bo‘ladi. Pulni ishlab topish qiyin, yo‘qotish esa juda oson. Tangri Yahova ham ishonchimizni qozongan. Biz Unga doim ishonishimiz mumkin, chunki Uning «barcha ishlari ishonchga sazovordir». (Zab. 33:4) Yahova Unga taqlid qilishimizni istaydi. (Efes. 5:1) Keling, Uning ba’zi xizmatchilarining misolini ko‘rib chiqaylik. Ular Yahovaga taqlid qilib, o‘zini ishonchli inson sifatida tanitgan. Shuningdek, ishonchli bo‘lishimizga yordam beradigan beshta fazilatni muhokama qilamiz.

YAHOVANING ISHONCHLI XIZMATCHILARIDAN O‘RGANING

3, 4. Doniyor payg‘ambar ishonchli ekanini qanday ko‘rsatgan va o‘zimizga qanday savollar berishimiz kerak?

3 Doniyor payg‘ambar ishonchli bo‘lishda yaxshi o‘rnak. Bobilliklar uni asirlikka olib ketgan bo‘lsa-da, u ishonchli inson sifatida obro‘ orttirgan. Doniyor Yahovaning ko‘magi bilan Bobil shohi Navuxodonosorning tushlarini ta’birlab berganida, odamlarning unga bo‘lgan ishonchi oshgan. Bir safar Doniyor Navuxodonosorga Yahova undan norozi ekanini aytishi kerak bo‘lgan. Bu shoh eshitishni istagan xabar bo‘lmagan. Buning uchun u jasoratli bo‘lishi kutilgan. Chunki Navuxodonosorning jahli tez bo‘lgan. (Don. 2:12; 4:20–22, 25) Ko‘p yillar o‘tgach, Doniyor Bobildagi shoh saroyining devorida paydo bo‘lgan sirli xabarning ma’nosini batafsil tushuntirib berganida ishonchli ekanini yana bir bor ko‘rsatgan. (Don. 5:5, 25–29) Keyinchalik, midiyalik shoh Doro va uning amaldorlari ham Doniyor «aqli rasolik ruhiga ega» ekanini tushunishgan. Ular «u ishonchli va mas’uliyatli inson bo‘lib, nohaqlikka yo‘l qo‘ymasligini» tan olishgan. (Don. 6:3, 4) Ha, soxta xudolarga sajda qilgan boshqaruvchilar ham Yahovaning bu xizmatchisi ishonchga sazovor ekanini tushunishgan.

4 Doniyorning misoli ustida mulohaza yuritib, o‘zimizdan shunday so‘rasak bo‘ladi: «Yahovaning Shohidi bo‘lmaganlar men haqimda qanday fikrda? Ular meni vazifasini oxirigacha bajaradigan ishonchli odam deb bilishadimi?» Nega o‘zimizga bu kabi savollarni berish muhim? Chunki boshqalar bizni ishonchli deb bilsa, bu Yahovaga sharaf keltiradi.

Naximiyo muhim vazifalarni bajarish uchun ishonchli kishilarni tanlagan (See paragraph 5)

5. Nima tufayli Xanoniyo ishonchli bo‘la olgan?

5 Mil. avv. 455-yili Quddus devorlari qayta qurilganidan keyin hokim Naximiyo shaharga ko‘z-quloq bo‘la oladigan ishonchli kishilarni izlagan. U boshqalardan tashqari Qal’aga javobgar bo‘lgan Xanoniyoni ham tanlagan. Muqaddas Kitobda u «nihoyatda ishonchli va boshqalarga qaraganda haq Tangridan ko‘proq qo‘rqadigan kishi» sifatida ta’riflangan. (Naxim. 7:2) Yahovani sevgani va Uni ranjitishdan qo‘rqqani uchun Xanoniyo har bir vazifasiga jiddiy yondashgan. Bu bizga ham xizmatda ishonchli bo‘lishga yordam beradi.

6. Tixik havoriy Pavlusning ishonchli do‘sti bo‘lganini qanday ko‘rsatgan?

6 Havoriy Pavlus ishongan Tixikning misolini olaylik. U uy qamog‘ida bo‘lganida Tixikka tayanib, uni «ishonchli xizmatchi» deb atagan. (Efes. 6:21, 22) Pavlus Tixikni Efesdagi va Kolosadagi birodarlarga nafaqat maktublarni yetkazishga, balki ularga dalda va tasalli berishga ham tayinlagan. Tixik bizga ma’naviy rizq-ro‘zni yetkazish uchun tayinlangan sadoqatli va ishonchli kishilarni eslatyapti. (Kolos. 4:7–9)

7. Ishonchli bo‘lish borasida oqsoqollar va jamoat xizmatkorlaridan nimani o‘rganishingiz mumkin?

7 Ishonchli oqsoqollar va jamoat xizmatkorlaridan minnatdormiz. Ular Doniyor, Xanoniyo va Tixik kabi o‘z vazifalariga jiddiy yondashishadi. Masalan, hafta o‘rtasida o‘tadigan uchrashuvlarga borganimizda, dasturning qaysidir qismi tayyorlanmaganidan xavotirlanmaymiz. Shuningdek, vazifa olgan birodar-u opa-singillar unga tayyorgarlik ko‘rib, bajarishganida oqsoqollar buni juda qadrlashadi. Dam olish kunlari o‘tadigan uchrashuvda ommaviy nutq so‘zlanishini bilganimiz uchun qiziquvchilarni u yerga bemalol taklif qila olamiz. Bundan tashqari, xizmatimiz uchun kerak bo‘lgan adabiyotlar bor bo‘lishiga ishonchimiz komil. Sadoqatli birodarlar bizga g‘amxo‘rlik qilyapti. Ular uchun Yahovadan minnatdormiz. Ishonchli ekanimizni qanday ko‘rsata olamiz?

MAXFIYLIKNI SAQLAB ISHONCHLI BO‘LING

8. Boshqalarga shaxsiy qiziqish ko‘rsatganda nimani unutmasligimiz kerak? (Hikmatlar 11:13)

8 Birodar-u opa-singillarimizni yaxshi ko‘ramiz va ular uchun qayg‘uramiz. Ammo ularning shaxsiy hayotiga aralashmasligimiz lozim. Birinchi asrdagi jamoatda ba’zilar «g‘iybat qilib, boshqalarning ishiga aralashib, lozim bo‘lmagan narsalarni gapirishgan». (1 Tim. 5:13) Bunday yo‘l tutishni aslo istamaymiz. Lekin aytaylik, kimdir shaxsiy hayotiga tegishli narsani biz bilan bo‘lishib, uni boshqalarga aytmaslikni so‘rar. Misol uchun, opamiz sog‘lik muammosi yoki boshqa qiyinchiligi haqida gapirib, uni sir saqlashimizni so‘rashi mumkin. Biz u aytganday qilishimiz kerak b. (Hikmatlar 11:13 ni o‘qing.) Keling, maxfiylikni saqlashimiz muhim bo‘lgan ba’zi sohalarni ko‘rib chiqaylik.

9. Oila a’zolar ishonchli ekanini qay yo‘sin ko‘rsata oladi?

9 Oilada. Oilamizga tegishli muayyan masalalarni boshqalarga aytmasligimiz lozim. Masalan, er xotinining biron kulgili harakatini bilar. Xo‘sh, u buni boshqalarga aytib, uning uyalishiga yo‘l qo‘yadimi? Albatta, yo‘q! Chunki u xotinini sevadi va uni xafa qilmaslikka intiladi. (Efes. 5:33) O‘smirlar ham ularga hurmat bilan munosabat qilishlarini xohlaydi. Ota-onalar buni inobatga olishsa yaxshi bo‘lardi. Ular farzandlarining xatolarini boshqalarga aytib, ularni kamsitmaydi. (Kolos. 3:21) Bolalar farosatli bo‘lishga va oila a’zolarini xijolat qiladigan narsalarni aytmaslikka o‘rganishlari kerak. (Qonun. 5:16) Agar oilaning har bir a’zosi oilasiga tegishli shaxsiy narsalarni boshqalarga aytmasa, ularning rishtalari yanada mustahkam bo‘ladi.

10. Kimni chin do‘st desa bo‘ladi? (Hikmatlar 17:17)

10 Do‘stona munosabatlarda. Vaqti-vaqti bilan qalbimiz to‘ridagi tuyg‘ularni yaqin do‘stimiz bilan bo‘lishgimiz keladi. Lekin bunday qilish doim ham oson emas. Ichimizdagi tuyg‘ularni kimdir bilan bo‘lishish qiyin kechishi mumkin. Ayniqsa, yaqin do‘stimiz sirimizni boshqalarga aytganini eshitganimizda o‘zimizni yomon his qilamiz. Sir tutadigan do‘stimizni esa qadrlaymiz. Ha, uni «chin do‘st» desa bo‘ladi. (Hikmatlar 17:17 ni o‘qing.)

Oqsoqollar maxfiy ma’lumotlarni oila a’zolariga aytib bermaydi (11-xatboshiga qarang.) c

11. a) Oqsoqollar va ularning rafiqalari ishonchli ekanini qanday ko‘rsata oladi? b) Jamoatga oid ma’lumotlarni sir saqlaydigan oqsoqoldan nimani o‘rganishimiz mumkin? (Rasmga qarang.)

11 Jamoatda. Maxfiylikni saqlaydigan oqsoqollar imondoshlari uchun «shamoldan himoyalaydigan joyday, jaladan saqlaydigan panaday». (Ishayo 32:2) Oqsoqollar sir tutishni bilishgani uchun ularga ichimizdagilarni bemalol ayta olamiz. Lekin shu bilan birga, maxfiy ma’lumotni aytib berishi uchun ularga bosim o‘tkazmaymiz. Shuningdek, oqsoqollarning rafiqalarini juda qadrlaymiz, chunki ular erlaridan maxfiy ma’lumotlarni bilishga intilmaydi. Oqsoqol imondoshlariga tegishli ma’lumotni xotini bilan bo‘lishmasligi chinakam barakadir. Bir oqsoqolning rafiqasi shunday bo‘lishdi: «Erim daldali tashrif yoki ma’naviy yordamga kim muhtojligini menga aytmaydi. Buni juda qadrlayman. Bu tufayli men hal qila olmaydigan muammolar haqida xavotirlanmayman va jamoatdagilar bilan bemalol gaplasha olaman. Erim u bilan bo‘lishgan tuyg‘ularimni yoki muammolarimni sir saqlashini bilganim uchun unga ishona olaman». Albatta, barchamiz ishonchli odam sifatida obro‘ orttirishni istaymiz. Bunda bizga qaysi fazilatlar yordam beradi? Keling, ulardan beshtasini ko‘rib chiqaylik.

ISHONCHLI BO‘LISHINGIZGA KO‘MAKLASHADIGAN FAZILATLARNI RIVOJLANTIRING

12. Nega ishonchli bo‘lishga yordam beradigan eng muhim fazilat sevgi deb ayta olamiz? Misol keltiring.

12 Ishonchli bo‘lishga yordam beradigan eng muhim fazilat bu sevgi. Iso Yahovani hamda yaqinimizni sevish ikkita eng muhim amr ekanini aytgan. (Mat. 22:37–39) Yahovani yaxshi ko‘ramiz va U kabi ishonchli bo‘lishga intilamiz. Birodaru opa-singillarimizga bo‘lgan sevgi esa ularning sirini saqlashga ko‘maklashadi. Ularni uyaltirishi, zarar yoki og‘riq keltirishi mumkin bo‘lgan narsalarni boshqalarga aytmaymiz. (Yuhan. 15:12)

13. Qay yo‘sin kamtarlik ishonchli bo‘lishimizga ko‘maklashadi?

13 Kamtarlik ishonchli bo‘lishimizga ko‘maklashadi. Kamtarin bo‘lsak, boshqalarni lol qoldirishga intilib, biron yangilikni birinchi bo‘lib aytmaymiz. (Filip. 2:3) Qolaversa, boshqalarda ular bilishi mumkin bo‘lmagan qandaydir maxfiy ma’lumotga egamiz degan taassurot uyg‘otmaymiz. Bundan tashqari, kamtarlik bizni Muqaddas Kitob yoki adabiyotlarimizda tilga olinmagan masalalar bo‘yicha o‘z nuqtai nazarimizni olg‘a surmaslikka undaydi.

14. Qay yo‘sin aql-idrok ishonchli bo‘lishimizga yordam beradi?

14 Aql-idrokli masihiylar «sukut saqlashning ham, gapirishning ham o‘z vaqti borligini» biladi. (Voiz 3:7) Ba’zi xalqlarda shunday gap bor: «So‘z kumush, sukut esa oltindir». Boshqacha aytganda, ba’zida gapirishdan ko‘ra indamaslik yaxshiroq. Bejizga Hikmatlar 11:12 da: «Aql-idrokli kishi esa sukut saqlaydi»,— deb aytilmagan. Keling, bir misolni ko‘rib chiqaylik. Boshqa jamoatlar qiyin vaziyatlarga duch kelganda tajribali oqsoqoldan yordam so‘raydi. Boshqa oqsoqol u haqda shunday fikr bildirdi: «U doim ehtiyotkor bo‘lib, boshqa jamoatga tegishli maxfiy ma’lumotlar bilan bo‘lishmaydi». Ushbu oqsoqol aql-idrokli bo‘lgani uchun jamoatidagi boshqa oqsoqollar uni hurmat qilishadi. U maxfiy ma’lumotlarni boshqalarga aytmasligiga ular ishonishadi.

15. Rostgo‘y bo‘lsak nega boshqalar bizga ishonadi, deb ayta olamiz? Misol keltiring.

15 Ishonchli bo‘lishimizga yordam beradigan yana bir fazilat rostgo‘ylik. Rostgo‘y inson hech qachon aldamaydi. (Efes. 4:25; Ibron. 13:18) Misol uchun, ta’lim berish qobiliyatingizni yanada yaxshilamoqchisiz. Shunda biron kishidan tayyorlagan vazifangizni tinglab, kerakli maslahatlarni berishini so‘raysiz. Xo‘sh, kimga murojaat qilasiz? Qulog‘ingizga yoqimli bo‘lgan gaplarni aytadigan insongami? Yoki muloyimlik ila sizga rostini aytib, maslahat beradigan kishigami? Buning javobi aniq. Muqaddas Kitobda shunday deyilgan: «Yashirin sevgidan ko‘ra, ochiq tanbeh yaxshiroq. Do‘stning yaralashi sadoqatidan darakdir». (Hik. 27:5, 6) Garchi boshida maslahatni eshitish qiyin bo‘lsa-da, do‘stimizning rostgo‘y maslahati keyinchalik bizga foyda keltiradi.

16. O‘zimizni tuta bilish kerakligi Hikmatlar 10:19 da qanday ta’kidlangan?

16 Boshqalar bizga ishonishini xohlasak, o‘zimizni tuta bilishimiz muhim. Bu bizga ishonib aytilgan biron ma’lumotni sir saqlashga yordam beradi. (Hikmatlar 10:19 ni o‘qing.) Masalan, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanganda bunday qilish oson bo‘lmas. Agar ehtiyot bo‘lmasak, ko‘p odamlarga maxfiy ma’lumotni yetkazib qo‘yishimiz hech gap emas. Elektron qurilmadan biron ma’lumot yuborsak, u keyinchalik qanday qo‘llanilishini yoki qancha muammo olib kelishini bilmaymiz. Shuningdek, dushmanlarimiz bizni aldab-suldab, imondoshlarimizga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan biron ma’lumotni aytib berishni so‘rashi mumkin. Shunda, o‘zimizni tuta bilish bizni bu haqda hech narsa aytmaslikka undaydi. Bu faoliyatimiz man etilgan yoki taqiq ostida bo‘lgan mamlakatda politsiya xodimlari tomonidan so‘roq qilinganimizda yuz berishi mumkin. Bu yoki boshqa vaziyatlarda og‘zimizga «yugan solib olish» prinsipiga amal qilsak bo‘ladi. (Zab. 39:1) Oila a’zolarimiz, do‘stlarimiz, imondoshlarimiz yoki boshqa odamlar bo‘ladimi, barchasi bilan muomala qilganda ishonchli bo‘lishimiz lozim. Bunda o‘zimizni tuta bilish fazilati qo‘l keladi.

17. Jamoatda hamma bir-biriga ishonishiga qanday hissa qo‘sha olamiz?

17 Yahova bizni ishonchli va bir-birini sevadigan odamlardan iborat oilasiga jalb qilganidan nihoyatda minnatdormiz. Birodaru opa-singillarimizning ishonchini qozonish burchimizdir. Har birimiz sevgi, kamtarlik, aql-idrok, rostgo‘ylik va o‘zini tuta bilish fazilatlarini namoyon etib, jamoatda hamma bir-biriga ishonishiga hissa qo‘shamiz. Ishonchli ekanimizni ko‘rsatish to‘xtovsiz jarayondir. Keling, Xudoyimiz Yahovaga taqlid qilishda va ishonchli bo‘lishda davom etaylik.

123-QO‘SHIQ Ilohiy tartibga sadoqat-la bo‘ysunamiz

a Boshqalar bizga ishonishini xohlasak, o‘zimiz ham ishonchli bo‘lishimiz darkor. Bu maqolada nega bir-birimizga ishonishimiz muhim ekanini va boshqalar bizga ishonishiga yordam beradigan fazilatlarni muhokama qilamiz.

b Agar kimdir jiddiy gunohga qo‘l urganini bilib qolsak, uni oqsoqollardan yordam izlashga undashimiz kerak. Biroq u bunday qilmasa, Yahovaga va jamoatga bo‘lgan sadoqatimizni ko‘rsatish uchun bu haqda oqsoqollarga o‘zimiz xabar berishimiz lozim.

c RASMLARGA SHARH. Oqsoqol maxfiy ma’lumotni oilasiga aytib bermayapti.