39-TADQIQ MAQOLASI
Ismingiz «hayot kitobida» yozilganmi?
Yahovaning oldida Undan [qo‘rqadiganlar]... to‘g‘risida xotira kitobi yozildi. MAL. 3:16
61-QO‘SHIQ Shohidlar, jasur bo‘ling!
BU MAQOLADA a
1. Malaki 3:16 ga ko‘ra, Yahova qanday kitobni yozyapti va u nimadan iborat?
MINGLAB yillar davomida Yahova o‘zgacha bir kitobni yozib kelyapti. U yerda ismlar ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, u ilk sodiq inson, ya’ni Hobildan boshlanadi b. (Luqo 11:50, 51) O‘shandan beri Yahova unga ismlarni kirityapti va hozir u yerda millionlab ismlar bor. Muqaddas Kitobda u «xotira kitobi» va «hayot kitobi» deb nomlanadi. Ushbu maqolada u «hayot kitobi» deb tilga olinadi. (Malaki 3:16 ni o‘qing; Vah. 3:5; 17:8)
2. Hayot kitobida kimlarning ismi yozilgan va ismimiz u yerda yozilishi uchun nima qilishimiz kerak?
2 Ushbu o‘zgacha kitobda Xudoga chuqur ehtirom bilan topinadigan va Uning ismini yaxshi ko‘radiganlarning ismi yozilgan. Ular abadiy yashash imkoniga ega. Bizning ham ismimiz bu kitobda yozilishi uchun Iso Masihning to‘lov qurbonligi asosida Yahova bilan yaqin munosabatlarni rivojlantirishimiz lozim. (Yuhan. 3:16, 36) Yer yuzida yashashga umid qilamizmi yoki osmondami, barchamiz ismimiz ushbu kitobda yozilishini istaymiz.
3, 4. a) Ismimiz hayot kitobida borligi abadiy yashashimizni anglatadimi? Tushuntiring. b) Ushbu va keyingi maqolada nimalarni muhokama qilamiz?
3 Ushbu kitobda ismi yozilgan hammaning abadiy yashashi kafolatlanganmi? Buning javobini Yahovaning Musoga aytgan so‘zlaridan topa olamiz. Chiqish 32:33 da quyidagilarni o‘qiymiz: «Kim Menga qarshi gunoh qilgan bo‘lsa, o‘shaning ismini kitobimdan o‘chirib tashlayman». Demak, hozir kitobda bor bo‘lgan ismlar o‘chirib tashlanishi mumkin. Chunki Yahova ularni hozircha qalamda yozganday bo‘lyapti. (Vah. 3:5) Bizning ismimiz u yerda siyohda yozilib, abadiy qolishini istaymiz. Bu harakat talab qiladi.
4 Bu borada bir nechta savol paydo bo‘lishi tabiiy. Masalan, hayot kitobida ismi yozilgan va yozilmagan insonlar haqida Xudoning Kalomida nima deyilgan? Ismi u yerdan o‘chirib tashlanmaydigan insonlar qachon abadiy hayotga erishadi? Yahovani tanib-bilish imkoni bo‘lmay hayotdan ko‘z yumgan odamlar haqida nima desa bo‘ladi? Ularning ismi bu kitobda yozilganmi? Ushbu va keyingi maqolada bu savollarning javobini topamiz.
KITOBDA KIMLARNING ISMI YOZILGAN?
5, 6. a) Filippiliklarga 4:3 ga ko‘ra, kimlarning ismi hayot kitobiga yozilgan? b) Qachon ularning ismi bu kitobda siyoh bilan yoziladi?
5 Hayot kitobida kimlarning ismi bor? Ushbu savolga javob topish uchun, keling, beshta har xil guruhdagi insonlar to‘g‘risida so‘z yuritamiz. Ayrimlarining ismi bu kitobda yozilgan bo‘lsa, ba’zilarining esa yo‘q.
6 Iso bilan osmonda boshqarish uchun tanlab olinganlar birinchi guruhga kiradi. Ularning ismi hayot kitobida yozilganmi? Ha. Havoriy Pavlusning Filippidagi «hamkorlariga» yozgan so‘zlariga ko‘ra, moylangan masihiylarning, ya’ni Iso bilan boshqarish uchun taklif qilinganlarning ismi hozir hayot kitobida bor. (Filippiliklarga 4:3 ni o‘qing.) Lekin ismi u yerdan o‘chib ketmasligi uchun ular sadoqatli qolishi kerak. O‘limidan yoki buyuk musibat boshlanishidan oldin ularga oxirgi muhr bosilgach, ismlari bu kitobda siyoh bilan yozilib abadiy qoladi. (Vah. 7:3)
7. Boshqa qo‘ylarning ismi hayot kitobida abadiy qolishi nimaga bog‘liq? (Vahiy 7:16, 17)
7 Boshqa qo‘ylardan iborat bo‘lgan ulkan olomon ikkinchi guruhga kiradi. Hayot kitobida ularning ismi yozilganmi? Ha. Armageddondan keyin ham ismlari u yerda bo‘ladimi? Bo‘ladi. (Vah. 7:14) Iso ular «mangu hayotga» ega bo‘lishini aytgan. (Mat. 25:46) Biroq Armageddondan omon qolganlar shu zahotiyoq abadiy hayotga ega bo‘lmaydi. Ularning ismi hayot kitobida qalam bilan yozilgan bo‘ladi. Iso Ming yillik boshqaruv paytida «ularni boqadi va obi hayot buloqlariga olib boradi». Uning ko‘rsatmalariga amal qiladigan va Yahovaga sodiq bo‘lib, yakuniy sinovdan o‘tadiganlarning ismi hayot kitobida abadiy qoladi. (Vahiy 7:16, 17 ni o‘qing.)
8. Hayot kitobida kimlarning ismi yozilmagan va ular bilan nima sodir bo‘ladi?
8 Uchinchi guruh Armageddonda yo‘q qilinadigan echkilardan iborat. Ularning ismi hayot kitobiga kiritilmagan. Iso payg‘ambar «ular abadiy yo‘q bo‘lib ketishi» haqida aytgan. (Mat. 25:46) Havoriy Pavlus esa ilohiy ilhom ostida: «Bunday kishilar... abadiy halokat jazosiga mahkum etilishadi»,— deb yozgan. (2 Salon. 1:9; 2 Butr. 2:9) Qolaversa, tarix davomida bila turib muqaddas ruhga qarshi gunoh qilganlarni ham shunday yakun kutyapti. Ular abadiy hayotga erishmay, abadiy halokatga mahkum etiladi. Aniq-ravshanki, ular tirilmaydi. (Mat. 12:32; Mark 3:28, 29; Ibron. 6:4–6) Endi esa, keling, yer yuzida tiriladigan ikkita guruhdagi insonlar haqida bilib olaylik.
TIRILADIGAN INSONLAR
9. Havoriylar 24:15 ga ko‘ra, qaysi ikkita guruhdagi insonlar tiriladi va ular orasida qanday farq bor?
9 Muqaddas Kitobda yer yuzida abadiy yashash uchun tiriladigan ikkita guruhdagi insonlar haqida aytilgan. Bular «adolatli va adolatsiz odamlar». (Havoriylar 24:15 ni o‘qing.) «Adolatli» insonlar hayot bo‘lganida Yahovaga sadoqat ila xizmat qilishgan. «Adolatsiz» odamlar esa Yahovaga topinishmagan. Ko‘p hollarda ular adolatli insonlarday yo‘l tutishmagan. Ikkala guruhdagi insonlar tirilar ekan, bu ularning ismi hozir hayot kitobida yozilganini anglatadimi? Ushbu savolga javob topish uchun ikkala guruhni alohida ko‘rib chiqaylik.
10. Nega adolatli insonlar tiriladi va ba’zilari qanday sharafga ega bo‘ladi? (Yer yuzidagi tirilish borasida bu sondagi «O‘quvchilarning savollari»ga ham qarang.)
10 To‘rtinchi guruhga «adolatli» insonlar kiradi. O‘limidan avval ularning ismi hayot kitobida yozilgan edi. Qiziq, o‘limidan keyin ismlari u yerdan o‘chirildimi? Yo‘q. Chunki ular Yahovaning xotirasida hali ham «tirik». Yahova «o‘liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Zero U uchun ularning hammasi tirikdir». (Luqo 20:38) Bu degani, adolatli insonlar yer yuzida yashash uchun tirilganida, ularning ismi hayot kitobida «qalam» bilan yozilgan bo‘ladi. (Luqo 14:14) Ularning ba’zilari «butun yer yuzi ustidan beklar» sifatida xizmat qilish sharafiga ega bo‘ladi. (Zab. 45:16)
11. «Adolatsiz» insonlar ismi hayot kitobida yozilishi uchun nimaga o‘rganishi kerak bo‘ladi?
11 Keling, endi, beshinchi guruhni ko‘rib chiqaylik. Bu «adolatsiz» insonlar. Ular Yahovaning qonunini bilmagani uchun to‘g‘ri yo‘l tutmagan bo‘lishi mumkin. Shunga ularning ismi hayot kitobida yo‘q. Lekin tirilganidan keyin Xudo ularga ismi u yerda yozilishiga imkon beradi. Ushbu «adolatsiz» insonlar yordamga muhtoj bo‘ladi. Ba’zilari o‘limidan oldin zo‘ravon va yomon ishlarga qo‘l urgan. Shuning uchun, ular Yahovaning adolatli me’yorlari bo‘yicha yashashga o‘rganishi kerak bo‘ladi. Bu maqsadda Xudo Shohligining boshqaruvi ostida yer yuzida misli ko‘rilmagan ta’lim berish ishi yuritiladi.
12. a) Adolatsiz insonlarga kimlar ta’lim beradi? b) Olayotgan bilimlarini rad etgan insonlar bilan nima bo‘ladi?
12 Adolatsiz odamlarga kimlar ta’lim beradi? Ulkan olomon hamda tirilgan adolatli insonlar. Adolatsiz odamlarning ismi hayot kitobida yozilishi uchun ular Yahova bilan yaqin munosabatlarni rivojlantirib, o‘zlarini Unga bag‘ishlashi kerak. Ular olayotgan bilimlariga qanday munosabat bildirayotganini Iso va moylangan masihiylar osmondan diqqat ila kuzatib turishadi. (Vah. 20:4) Bu bilimlarni rad etgan har bir inson, hatto u 100 yoshda bo‘lsa ham, yo‘q qilinadi. (Ishayo 65:20) Yahova hamda Iso qalblarni ko‘ra olishadi va yomon ish qiladigan hech bir insonga yangi dunyoda yashashga yo‘l qo‘yishmaydi. (Ishayo 11:9; 60:18; 65:25; Yuhan. 2:25)
YASHASH VA HUKM ETILISH UCHUN TIRILISH
13, 14. a) Ilgari Isoning Yuhanno 5:29 dagi so‘zlarini qanday tushunardik? b) Ushbu so‘zlarning nimasiga e’tibor berishimiz lozim?
13 Iso yer yuzida yashash uchun tiriladigan insonlar haqida ham aytib o‘tgan. Masalan, u quyidagicha degan: «Shunday vaqt kelyaptiki, mozorlarda bo‘lgan hamma uning ovozini eshitib chiqadi: yaxshilik qilganlar yashash uchun, yomonlik qilganlar esa hukm etilish uchun tiriladi». (Yuhan. 5:28, 29) Xo‘sh, Iso nimani nazarda tutgan?
14 Ilgari, Isoning bu so‘zlari odamlar tirilganidan keyin qiladigan ishlarga ishora qiladi, deb tushunardik. Ya’ni ba’zilar tirilganidan keyin yaxshilik qiladi, boshqalar esa tirilganidan keyin yomonlik qiladi. Ammo e’tibor berishimiz mumkinki, Iso mozorlardan chiqqanlar yaxshilik yoki yomonlik qiladi, deb aytmagan. U o‘tgan zamonda gapirgan. Iso «yaxshilik qilganlar» va «yomonlik qilganlar» degan. Bu ularning o‘limidan oldin qilgan ishlarga ishora qiladi. Bu mantiqan to‘g‘ri, shunday emasmi?! Chunki yangi dunyoda hech kim yomonlik qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Adolatsiz insonlar ehtimol o‘limidan oldin yovuz ishlar qilgan. Isoning «yashash uchun» va «hukm etilish» uchun tiriladi degan so‘zlarini-chi, qanday tushunsak bo‘ladi?
15. Kimlar «yashash uchun» tiriladi va nega?
15 O‘limidan oldin yaxshi ish qilgan adolatli insonlar «yashash uchun» tiriladi. Chunki ularning ismi hayot kitobida allaqachon yozilgan bo‘ladi. Demak, Yuhanno 5:29 dagi «yaxshilik qilganlar» va Havoriylar 24:15 dagi «adolatli» insonlar o‘sha-o‘sha odamlarni anglatadi. Bu Rimliklarga 6:7 da keltirilgan quyidagi so‘zlarga muvofiq: «O‘lgan odam gunohdan ozoddir». Demak, Yahova adolatli insonlarning o‘limidan keyin gunohlarini kechiradi, lekin yaxshi ishlarini unutmaydi. (Ibron. 6:10) Albatta, ismlari hayot kitobida abadiy qolishi uchun ular sadoqatli bo‘lishi kerak.
16. «Hukm etilish uchun tiriladi» iborasi nimani bildiradi?
16 O‘limidan oldin yomonlik qilgan insonlar haqida nima desa bo‘ladi? Gunohlari o‘limidan keyin unutilgan bo‘lsa ham, ular Yahovaga xizmat qilmagan edi. Bu insonlarning ismi hayot kitobida yozilmagan. Demak, «yomonlik qilganlar» va Havoriylar 24:15 dagi «adolatsiz» odamlar o‘sha-o‘sha insonlarni bildiradi. Ular «hukm etilish uchun tiriladi» c. Bu degani, Iso adolatsiz odamlarni sinchiklab kuzatadi va ishlarini tekshiradi. (Luqo 22:30) Muayyan vaqt o‘tgach esa, Iso ularning ismi hayot kitobida yozilish-yozilmasligini hal qiladi. Ular o‘tmishdagi yomon hayot tarzidan voz kechib, o‘zini Yahovaga bag‘ishlasagina ismlari hayot kitobida yoziladi.
17, 18. Yer yuzida yashash uchun tiriladiganlar nima qilishi kerak va ular qaysi «qilmishlariga» ko‘ra hukm etiladi? (Vahiy 20:12, 13)
17 Tirilganlar adolatli yoki adolatsiz bo‘lishidan qat’i nazar, ularning hammasi 1 000 yil davomida ochiladigan yangi kitoblardagi qonunlarga bo‘ysunishi lozim. Havoriy Yuhanno vahiyda ko‘rganlarini shunday ta’riflagan: «Men taxt oldida turgan ulug‘u kichik o‘liklarni ko‘rdim. Shunda kitoblar ochilib, hayot kitobi degan yana bir kitob ham ochildi. O‘liklar kitoblarda yozilgani bo‘yicha, qilmishlariga yarasha hukm qilindi. Dengiz ham, o‘lim ham, mozor ham o‘zidagi o‘liklarni berdi. Har bir kishi ishlariga yarasha hukm etildi». (Vah. 20:12, 13)
18 Tirilganlar qaysi «qilmishlariga» ko‘ra hukm etiladi? Bu ularning o‘limidan oldin qilgan ishlariga ishora qiladimi? Yo‘q! Yodingizda bo‘lsin, ular o‘lganidan keyin barcha gunohlaridan ozod etilgan. Bu yerda «qilmishlari» deganda, ularning o‘limidan oldingi ishlari nazarda tutilmagan. Aksincha, bu ular yangi dunyoda olayotgan bilimiga qanday munosabat bildirishiga ishora qilsa kerak. Hatto Nuh, Shomuil, Dovud va Doniyor kabi sadoqatli xizmatchilar ham Iso Masih haqida o‘rganib, uning to‘lov qurbonligiga ishonishlari kerak bo‘ladi. Agar bunday sadoqatli insonlar shuncha bilim olishiga to‘g‘ri kelsa, adolatsiz insonlar haqida nima desa bo‘ladi?!
19. Imkoniyatni qo‘ldan boy beradiganlar bilan oxiri nima bo‘ladi?
19 Bunday ajoyib imkoniyatni qo‘ldan boy beradiganlar bilan oxiri nima bo‘ladi? Vahiy 20:15 da shunday deyilgan: «Ismlari hayot kitobida yozilmaganlarning hammasi olovli ko‘lga tashlandi». Ha, ular yo‘q bo‘lib ketadi. Shunday ekan, ismimiz hayot kitobida yozilishi va u yerda abadiy qolishi biz uchun juda muhim.
20. Ming yillik boshqaruv davrida qanday ajoyib ish amalga oshiriladi? (Muqovadagi rasmga qarang.)
20 Ming yillik boshqaruv davri ajoyib bo‘ladi. O‘shanda yer yuzida misli ko‘rilmagan ta’lim berish ishi amalga oshiriladi. Qolaversa, adolatli va adolatsiz insonlarning ishlari tekshiriladi. (Ishayo 26:9; Havor. 17:31) Ushbu ta’lim berish ishi qanday amalga oshiriladi? Keyingi maqola buni tushunishga va qadrlashga yordam beradi.
147-QO‘SHIQ Va’da qilingan abadiy hayot
a Ushbu maqolada Isoning Yuhanno 5:28, 29 dagi «yashash uchun» va «hukm etilish uchun tiriladi» degan so‘zlariga oid o‘zgargan tushunchani muhokama qilamiz. Bu nimani anglatishini va kimlar tirilishini ham ko‘rib chiqamiz.
b Bu kitob «dunyoga asos solinganidan», ya’ni Xudo gunohdan xalos qilishga loyiq deb topgan insondan boshlab yozilishni boshladi. (Mat. 25:34; Vah. 17:8) Shuning uchun, sadoqatli Hobilning ismi bu hayot kitobiga yozilgan ilk ism bo‘ldi.
c Oldinlari bu yerdagi «hukm etish» iborasi salbiy, ya’ni jazoga mahkum etish degan ma’noga ega, deb tushunardik. Ammo u boshqacha ma’noda ham qo‘llanilishi mumkin. Bu matn tarkibida Iso «hukm etish» iborasi bilan kimnidir sinchiklab ko‘zdan kechirishni nazarda tutganga o‘xshaydi. Bitta yunoncha Muqaddas Kitobning lug‘atida bu ibora «kimningdir xulq-atvorini tekshirish» ma’nosida qo‘llanilgan.