Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

40-TADQIQ MAQOLASI

«Ko‘pchilikni odillikka yetaklash»

«Ko‘pchilikni odillikka yetaklash»

Ko‘pchilikni odillikka yetaklaganlar esa abadulabad yulduzlarday porlaydi. DON. 12:3

151-QO‘SHIQ Tirilish va’dasi

BU MAQOLADA a

1. Ming yillik boshqaruv paytida nimalar bo‘ladi?

 MASIHNING Ming yillik boshqaruvi paytida yer yuzida tirilish boshlanganida xursand bo‘lamiz. Yaqinlarini yo‘qotgan barcha ularni yana ko‘rishni intiqib kutyapti. Yahova ham buni juda istaydi. (Ayub 14:15) Har bir inson yaqinlarini kutib olganidan rosa suyunishini tasavvur qiling! Oldingi maqoladan bilib olganimizday, hayot kitobida ismlari yozilgan «adolatli» insonlar «yashash uchun» tiriladi. (Havor. 24:15; Yuhan. 5:29) Armageddondan ko‘p o‘tmay tiriladigan insonlarning orasida anchagina yaqinlarimiz bo‘lishi mumkin b. Bundan tashqari, o‘limidan oldin Yahovani tanib-bilishga yoki Unga topinishga imkoni bo‘lmagan «adolatsiz» kishilar «hukm etilish uchun tiriladi».

2, 3. a) Ishayo 11:9, 10 da qanday ta’lim berish faoliyati haqida aytilgan? b) Bu maqolada nimalarni ko‘rib chiqamiz?

2 Tiriladigan barcha odamlar ta’lim olishga muhtoj bo‘ladi. (Ishayo 26:9; 61:11) Shunga tarixdagi eng ulkan ta’lim berish ishi amalga oshiriladi. (Ishayo 11:9, 10 ni o‘qing.) Masalan, tiriladigan adolatsiz insonlar Iso Masih, Xudoning Shohligi, to‘lov va eng muhimi Allohning ismi va Uning hukmdorligi borasida bilim olishi darkor. Hatto adolatli odamlar ham Yahovaning asta-sekin oshkor etilgan yer yuziga oid niyatini bilib olishi lozim. Ulardan ba’zilari Muqaddas Kitob to‘liq tugatilishidan oldin vafot etgan. Ha, ham adolatli, ham adolatsiz insonlar ko‘p bilim olishi kerak.

3 Ushbu maqolada quyidagi savollarni ko‘rib chiqamiz: «Ulkan ta’lim berish faoliyati qanday yuritiladi? Odamlarning bu ta’limga ko‘rsatgan munosabati ismlari hayot kitobida abadiy qolish-qolmasligiga qay yo‘sin ta’sir qiladi?» Mazkur savollarning javobi biz uchun o‘ta muhim. Shuningdek, Doniyor hamda Vahiy kitoblaridagi ba’zi bashoratlar tirilish yuz berganida nimalar bo‘lishi haqidagi tushunchamizni oydinlashtiradi. Keling, avval Doniyor 12:1, 2 dagi bashoratda yozilgan hodisalarni ko‘rib chiqaylik.

«YER BAG‘RIDA UXLAB YOTGANLAR... UYG‘ONADI»

4, 5. Doniyor 12:1 da oxirzamon haqida nima deyilgan?

4 Doniyor 12:1 ni o‘qing. Doniyor kitobida hayajonli voqealar oxirzamonda qanday ketma-ketlikda amalga oshishi ochib berilgan. Misol uchun, Doniyor 12:1 da Mikoil, ya’ni Iso Masih Xudoning xalqi «tomonida turgani» aytilgan. Bashoratning bu qismi 1914-yili Iso Xudoning Samoviy Shohligida Shoh etib tayinlanganida amalga osha boshlagan.

5 Biroq Doniyor shuningdek, «xalq paydo bo‘lganidan beri hali ro‘y bermagan musibatli kunlar kelganida», Iso «ko‘tariladi» deb ham aytgan. Bu «musibatli kunlar» Matto 24:21 dagi «buyuk musibat»ga ishora qiladi. Iso ko‘tariladi yoki musibatli kunlarning oxirida, ya’ni Armageddonda Xudoning xalqini himoya qilish uchun harakatga tushadi. Vahiy kitobidan bu xalq «buyuk musibatdan chiqib kelayotgan» ulkan olomon ekanini bilib olyapmiz. (Vah. 7:9, 14)

6. Ulkan olomon buyuk musibatdan omon qolgach, nima sodir bo‘ladi? Tushuntiring. (Yer yuzidagi tirilish haqida bu sondagi «O‘quvchilarning savollari»ga ham qarang.)

6 Doniyor 12:2 ni o‘qing. Ulkan olomon ushbu musibatli kunlarni boshdan o‘tkazgach, nima yuz beradi? Oldinlari Doniyor 12:2 dagi bashoratda samoviy hayot uchun tirilish yoki 1918-yili va’zgo‘ylik faoliyati dushmanlar tomonidan deyarli to‘xtatilganidan keyin kengaytirilgani nazarda tutilyapti, deb o‘ylardik c. Lekin hozir bu yerda yangi dunyoda yuz beradigan tom ma’nodagi tirilish haqida aytilgan deb tushunamiz. Nega bunday xulosaga keldik? Doniyor 12:2 dagi «yer bag‘rida» iborasi Ayub 17:16 da «tuproq» deb tarjima qilingan. Bu ibora «sheo‘l», ya’ni insoniyatning umumiy qabriga ishora qiladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Doniyor 12:2 da oxirzamondan va Armageddondan keyin bo‘ladigan tom ma’nodagi tirilish haqida aytilgan.

7. a) Qaysi ma’noda ba’zilar «abadiy hayot» uchun tiriladi? b) Nega bu «yaxshiroq tirilish» bo‘ladi, deb ayta olamiz?

7 Doniyor 12:2 dagi ba’zilar «abadiy hayot» uchun tiriladi degan so‘zlarni qanday tushunsa bo‘ladi? Bu 1 000-yil davomida tirilib, Yahova hamda Isoni tanib-bilishga jon kuydiradiganlar va ularga itoat qiladiganlar natijada abadiy hayotga ega bo‘lishini anglatadi. (Yuhan. 17:3) Bu o‘tmishda ba’zi insonlarning tirilganiga qaraganda «yaxshiroq tirilish» bo‘ladi. (Ibron. 11:35) Negaki, o‘sha nomukammal insonlar vaqt o‘tib yana hayotdan ko‘z yumishgan.

8. «Isnodga hamda toabad nafratga duchor bo‘lish uchun» tiriladi degan so‘zlar qanday ma’noga ega?

8 Biroq hamma ham Yahovadan ta’lim olishni xohlamaydi. Doniyorning bashoratiga ko‘ra, ayrimlar «isnodga hamda toabad nafratga duchor bo‘lish uchun» tiriladi. Isyonkorlik ruhini namoyon etganlarning ismi hayot kitobiga yozilmaydi va ular abadiy hayotga ega bo‘lmaydi. O‘sha insonlar «toabad nafratga duchor bo‘ladi», ya’ni yo‘q qilinadi. Demak, Doniyor 12:2 da barcha odamlar tirilganidan keyin qiladigan ishlari asosida ular bilan nima sodir bo‘lishi haqida aytilgan d. (Vah. 20:12) Ayrimlari abadiy hayotga ega bo‘ladi, boshqalari esa yo‘q.

«KO‘PCHILIKNI ODILLIKKA YETAKLASH»

9, 10. Buyuk musibatdan so‘ng yana nima sodir bo‘ladi va kimlar «osmon gumbaziday yorqin nur taratadi»?

9 Doniyor 12:3 ni o‘qing. «Musibatli kunlar»dan so‘ng yana nima bo‘ladi? Doniyor 12:3 da buyuk musibatdan keyin nima yuz berishi haqida qo‘shimcha tafsilot keltirilgan.

10 Kimlar «osmon gumbaziday yorqin nur taratadi»? Isoning Matto 13:43 dagi so‘zlari bu savolga javob topishga yordam beradi. U shunday degan: «O‘shanda odillar Otalarining Shohligida quyosh kabi porlaydilar». Ushbu so‘zlarning matn tarkibiga qarasak, Iso «Shohlik o‘g‘illari», ya’ni u bilan samoda boshqaradigan moylangan birodarlari haqida gapirgan. (Mat. 13:38) Demak, Doniyor 12:3 dagi so‘zlar moylanganlarga va ular Ming yillik boshqaruv paytida bajaradigan ishga ishora qilayotganga o‘xshaydi.

Moylanganlar 1 000-yil davomida ta’lim berish faoliyatini yuritishda Iso Masih bilan yaqindan hamkorlik qiladi (11-xatboshiga qarang.)

11, 12. Moylanganlar 1 000-yil mobaynida nima bilan band bo‘ladi?

11 Qanday qilib moylanganlar «ko‘pchilikni odillikka yetaklaydi»? Yer yuzida 1 000-yil davomida amalga oshiriladigan ta’lim berish faoliyatida ular Iso Masih bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Ushbu 144 000 moylanganlar nafaqat shohlar bo‘ladi, balki ruhoniylar sifatida ham xizmat qiladi. (Vah. 1:6; 5:10; 20:6) Shunday qilib, ular «xalqlarga shifo baxsh etish» ishida ko‘maklashadi, ya’ni odamlarga asta-sekin mukammal bo‘lishga yordam beradi. (Vah. 22:1, 2; Hiz. 47:12) Bu moylanganlarga ulkan quvonch keltiradi!

12 Odil insonga aylangan «ko‘pchilik» orasida kimlar bo‘ladi? Bular tirilganlar, Armageddondan omon qolganlar va yangi dunyoda, ehtimol, tug‘iladigan bolalar. 1 000-yilning oxirida barcha odamlar mukammal bo‘ladi. Unda ularning ismi hayot kitobida qachon siyoh bilan yoziladi?

YAKUNIY SINOV

13, 14. Barcha mukammal odamlar abadiy hayotga ega bo‘lishdan avval nima qilishi kerak?

13 Mukammal bo‘lish avtomatik tarzda abadiy hayotga erishishni anglatmaydi. Buni yodda tutishimiz kerak. Odamato bilan Momohavoni eslang. Ular mukammal bo‘lishgan, lekin abadiy yashash uchun ular Tangri Yahovaga bo‘ysunishi darkor edi. Afsuski, ular bunday qilmadi. (Rim. 5:12)

14 Ming yilning oxirida yer yuzida yashaydigan insonlar bilan nima bo‘ladi? Ularning barchasi mukammallikka erishadi. Xo‘sh, ular Yahovaning hukmdorligini doim to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatlaydimi? Yoki ba’zilari mukammal bo‘lganiga qaramay bevafolik qilgan Odamato bilan Momohavo kabi yo‘l tutadimi? Keling, bu savollarga javob topaylik.

15, 16. a) Qachon barcha insonlar Yahovaga bo‘lgan sadoqatini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi? b) Yakuniy sinovning natijasi qanday bo‘ladi?

15 Shayton 1 000-yilga qamab qo‘yiladi. Bu vaqt mobaynida u hech narsa qila olmaydi. Lekin 1 000-yilning oxirida Shayton ozod etiladi va mukammal insonlarni yo‘ldan ozdirishga harakat qiladi. Bu sinov paytida barcha mukammal insonlar Xudoning ismini ulug‘lash va Uning hukmdorligini qo‘llab-quvvatlash istagi bor-yo‘qligini ko‘rsata oladi. (Vah. 20:7–10) Ular Shaytonning harakatlariga qanday munosabat ko‘rsatishi ismlari hayot kitobida abadiy yozilish-yozilmasligiga ta’sir qiladi.

16 Muqaddas Kitobga ko‘ra, ba’zi insonlar Odamato va Momohavo kabi sadoqatsizlik qilib, Yahovaning hukmdorligini rad etadi. Ular bilan nima sodir bo‘ladi? Vahiy 20:15 da quyidagicha yozilgan: «Ismlari hayot kitobida yozilmaganlarning hammasi olovli ko‘lga tashlandi». Ha, isyonkorlarning bari butunlay yo‘q qilinadi. Ammo mukammal insonlarning aksariyati yakuniy sinovdan o‘tadi. Ularning ismi hayot kitobiga abadiy yoziladi.

«OXIRZAMON»

17. Farishta bizning davrimiz haqida Doniyorga nima deb aytgan? (Doniyor 12:4, 8–10)

17 Kelajakda yuz beradigan voqealar haqida o‘ylash juda hayajonli. Biroq Doniyor bizning davrimizga, ya’ni «oxirzamonga» oid ba’zi muhim ma’lumotlarni farishtadan olgan edi. (Doniyor 12:4, 8–10 ni o‘qing; 2 Tim. 3:1–5) Farishta Doniyorga: «Aniq bilim mo‘l-ko‘l bo‘ladi»,— deb aytgan. Ha, bu kitobdagi bashoratli so‘zlarni Xudoning xalqi yanada yaxshiroq tushundi. Farishta oxirzamon haqida gapirib, shunday qo‘shib qo‘ygan: «Yovuzlar yovuz ishlar qiladi, hech biri bu so‘zlarning ma’nosini tushunmaydi».

18. Yovuz insonlar bilan yaqinda nima bo‘ladi?

18 Bugungi kunda yovuz insonlarning yomon ishlari jazosiz qolayotganday ko‘rinishi mumkin. (Mal. 3:14, 15) Ammo yaqinda Iso echkilar bilan solishtirilgan insonlarni hukm qiladi va qo‘ylar bilan solishtirilgan odamlarni ulardan ajratadi. (Mat. 25:31–33) Yovuz insonlar buyuk musibatdan omon qolmaydi va ularning hech biri yangi dunyoda tirilmaydi. Shuningdek, ularning ismi Malaki 3:16 da aytilgan «xotira kitobi»da yozilmaydi.

19. Hozir nima qilishimiz kerak va nega? (Malaki 3:16–18)

19 Hozir yovuz insonlar orasida emasligimizni isbotlashning ayni payti. (Malaki 3:16–18 ni o‘qing.) Yahova «o‘zgacha mulki» deb bilgan, ya’ni U uchun qadrli bo‘lgan insonlarni birga yig‘yapti. Albatta, biz ularning qatorida bo‘lishni istaymiz.

Yangi dunyoda Doniyor payg‘ambar, yaqinlarimiz va boshqalarning o‘rnidan turganini ko‘rish rosa hayajonli bo‘ladi! (20-xatboshiga qarang.)

20. Yahova Doniyorga qanday va’da berdi va nega uning amalga oshishini intiqib kutyapsiz?

20 Darhaqiqat, o‘zgacha paytda yashayapmiz. Ammo yaqinda bundan ham ajoyib voqealar yuz beradi. Tez orada barcha yovuz insonlar yo‘q bo‘lib ketadi. So‘ng Yahova Doniyorga bergan quyidagi va’dasi amalga oshishini ko‘ramiz: «Kunlarning oxirida o‘z ulushingni olish uchun o‘rningdan turasan». (Don. 12:13) Xo‘sh, Doniyor hamda siz yaxshi ko‘radigan insonlar o‘rnidan turadigan payt kelishini intiqib kutyapsizmi? Unda hozirning o‘zida sadoqatli bo‘lish uchun jon kuydiring. Shunda ismingiz Yahovaning hayot kitobida abadiy qoladi.

80-QO‘SHIQ «Totib ko‘r, shunda Yahova yaxshi ekanini bilib olasan»

a Ushbu maqolada Doniyor 12:2, 3 da aytilgan ulkan ta’lim berish ishiga oid o‘zgargan tushuncha keltirilgan. Bu qachon boshlanishini va unda kimlar ishtirok etishini muhokama qilamiz. Shuningdek, bu ta’lim berish ishi yordamida insonlar Masihning Ming yillik boshqaruvining oxirida bo‘ladigan yakuniy sinovga qay yo‘sin tayyorlanishi mumkinligini ko‘rib chiqamiz.

b Ehtimol, tirilish oxirzamonda hayotdan ko‘z yumgan insonlardan boshlanib, keyin ulardan oldin vafot etganlarning tirilishi bilan davom etadi, ya’ni naslma-nasl bo‘ladi. Bunday holda, har bir nasl shaxsan tanigan insonlarni qarshi olish imkoniga ega bo‘ladi. Muqaddas Yozuvlarga ko‘ra, osmondagi hayot uchun tirilish «o‘z navbati bilan» bo‘ladi. Demak, yer yuzidagi tirilish ham o‘z navbati bilan yuz beradi. (1 Kor. 14:33; 15:23)

c Bu «Doniyorning bashoratiga diqqat qiling!» kitobining 17- bobidagi va «Qo‘riqchi minorasi»ning 1987-yil 1-iyul (rus) sonidagi 17–21- sahifalaridagi tushunchaga oid o‘zgarish.

d Bundan farqli ravishda, Havoriylar 24:15 dagi «adolatli va adolatsiz odamlar» hamda Yuhanno 5:29 dagi «yaxshilik qilganlar» va «yomonlik qilganlar» so‘zlari tiriladiganlarning o‘limidan oldin qilgan ishlariga ishora qiladi.