Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

19-TADQIQ MAQOLASI

Odil kishini hech narsa qoqintirmaydi

Odil kishini hech narsa qoqintirmaydi

Qonuningni sevganlar tinch-osoyishta yashaydi, ularni hech narsa qoqintira olmaydi. ZAB. 119:165

122-QO‘SHIQ Mard va mahkam turing!

BU MAQOLADA *

1, 2. Bir yozuvchi nima degan va bu maqolada nimalarga diqqat qaratamiz?

BUGUN millionlab insonlar Isoga ishonaman, deb aytadi. Ammo uning ta’limotlariga rioya qilmaydi. (2 Tim. 4:3, 4) Misol uchun, bir yozuvchi shunday fikr bildirgan: «Agar oramizda Iso kabi gapirgan biror kishi bo‘lsa, ikki ming yil oldin Isoni rad etgandek, uni ham rad etgan bo‘larmidik?.. Umuman aytganda, ha, rad etgan bo‘lardik».

2 Birinchi asrda ko‘plar Iso qay yo‘sin ta’lim berishini eshitgan va mo‘jizalar yaratganini ko‘rgan. Ammo shunda ham unga ishongisi kelmagan. Nima uchun? Oldingi maqolada nega insonlar Isoning so‘zlari-yu ishlari tufayli qoqinganining to‘rtta sababini ko‘rib chiqqan edik. Keling, yana qo‘shimcha to‘rtta sababiga e’tibor beraylik. Ularni muhokama qilar ekanmiz, bugungi kunda nega odamlar Isoning izdoshlarini rad etishiga va qoqinmasligimizga nima yordam berishiga diqqat qaratamiz.

(1) ISO YUZXOTIRCHILIK QILMAGAN

Ko‘plar Iso kimlar bilan muloqot qilgani tufayli qoqingan. Qay yo‘sin hozir ham bular tufayli ba’zilar qoqinishi mumkin? (3-xatboshiga qarang.) *

3. Ba’zilar Isoning qaysi ishlari tufayli qoqingan?

3 Iso yer yuzida bo‘lganida har turli odamlar bilan vaqt o‘tkazgan. Iso boy va mansabdor kishilar bilan ovqatlangan, ammo aksariyat vaqtini kambag‘al va ruhan ezilganlar bilan o‘tkazgan. Shuningdek, Iso ko‘plarning nazarida «gunohkor» bo‘lgan insonlarga nisbatan rahmdil edi. O‘z nazarida odil bo‘lgan ba’zilar Isoning qilgan ishlari tufayli qoqingan. Ular Isoning shogirdlaridan: «Nega soliqchilar va gunohkorlar bilan yeb-ichib o‘tiribsizlar?» — deb so‘ragan. Iso javoban: «Sog‘lar emas, bemorlar shifokorga muhtoj. Men odil kishilarni emas, gunohkorlarni tavba qilishga da’vat etgani kelganman»,— degan. (Luqo 5:29–32)

4. Ishayoning bashoratiga ko‘ra, yahudiylar Masih borasida nimadan hayron qolmasligi kerak edi?

4 Muqaddas Yozuvlarda nima deyilgan? Masih kelishidan ancha avval, Ishayo payg‘ambar dunyo uni qabul qilmasligini aytib o‘tgan. U quyidagicha bashorat qilgan: «Bu kishidan odamlar nafratlandi, o‘zlarini undan olib qochdi. [...] Insonlar uni mensimadi, biz uni odam qatorida sanamadik». (Ishayo 53:3) Odamlar o‘zini Masihdan «olib qochishi» bashorat qilingan edi. Shuning uchun, birinchi asrdagi yahudiylar Iso rad etilishidan hayron qolmasligi kerak edi.

5. Hozirda ko‘plar Isoning izdoshlariga qanday nuqtai nazarda?

5 Bunday muammoni hozir ham kuzatish mumkinmi? Ha. Ko‘p din rahbarlari ularning sajdagohlariga mashhur, badavlat va bu dunyoda dono deb tanilgan insonlar kelishini istaydi. Ko‘pincha o‘sha insonlarning xulqi va hayot tarzi Xudoning me’yorlariga zid bo‘lsa-da, din rahbarlari bunga ko‘z yumadi. Shuningdek, ular Yahovaning g‘ayratli, axloqan pok xizmatchilariga past nuqtai nazar bilan qaraydi. Sababi, ular bu dunyoning nazarida mashhur emas. Pavlus aytganiday, Xudo «kamsitilganlarni» tanladi. (1 Kor. 1:26–29) Lekin Yahova barcha sadoqatli xizmatchilarini qadrlaydi.

6. Iso Matto 11:25, 26 da nima degan va unga qay yo‘sin taqlid qila olamiz?

6 Qoqinmasligimizga nima yordam beradi? (Matto 11:25, 26 ni o‘qing.) Bu dunyoda Yahovaning Shohidlariga nisbatan keng tarqalgan nuqtai nazar sizga ta’sir qilishiga yo‘l qo‘ymang. Yahova irodasini amalga oshirish uchun faqat kamtar insonlardan foydalanishini yodda tuting. (Zab. 138:6) Qolaversa, dunyo dono yoki aqlli deb bilmagan insonlar yordamida Xudo qancha ko‘p ishni amalga oshirgani borasida mulohaza yuriting.

(2) ISO SOXTA TA’LIMOTLARNI OSHKOR ETGAN

7. Nega Iso farziylarni ikkiyuzlamachilar deb atagan va ular bunga qanday munosabat bildirgan?

7 Iso din rahbarlarini ikkiyuzlamachiligi uchun qo‘rqmasdan qoralagan. Boisi, ular odamlarni Yahovaga ma’qul tarzda topinishga o‘rgatmayotgan edi. Masalan, Iso farziylarning ikkiyuzlamachiligini fosh qilgan. Ular qo‘llarini qay yo‘sin yuvishni ota-onalariga g‘amxo‘rlik qilishdan ancha ustun deb bilishgan. (Mat. 15:1–11) Isoning shogirdlari uning so‘zlaridan hayron qolishgandir. Shuning uchun, ular Isoga: «Farziylar aytgan so‘zlaringizdan achchiqlanishganini ko‘rdingizmi?» — deyishdi. Iso ularga shunday javob berdi: «Samoviy Otam ekmagan har qanday o‘simlik, tag-tomiri bilan yulib tashlanadi. Qo‘yaveringlar ularni. Ular ko‘r yo‘lboshchilardir. Agar ko‘r ko‘rni yetaklasa, ikkalasi ham chuqurga qulaydi». (Mat. 15:12–14) Iso din rahbarlarining salbiy munosabati haqiqatni gapirishga to‘sqinlik qilishiga yo‘l qo‘ymagan.

8. Hamma diniy e’tiqodlar ham Xudoga ma’qul kelmasligini Iso qay yo‘sin ko‘rsatgan?

8 Qolaversa, Iso soxta ta’limotlarni fosh etgan. U barcha diniy e’tiqodlar Xudoga ma’qul, deb aytmagan. Aksincha, u ko‘plar halokatga olib boradigan enli yo‘ldan yurishini va hayotga olib boradigan tor yo‘ldan ozchilik yurishini tushuntirgan. (Mat. 7:13, 14) Iso ba’zilar o‘zini Xudoga xizmat qilayotgandek ko‘rsatishini, aslida esa ular bunday qilmayotganini aniq qilib aytgan. U quyidagicha ogohlantirgan: «Soxta payg‘ambarlardan ehtiyot bo‘linglar. Ular yoningizga qo‘y qiyofasida keladilar, aslida esa ular vahshiy bo‘rilardir. Ularni ishlaridan bilib olasizlar». (Mat. 7:15–20)

Ko‘plar Iso soxta ta’limot va urf-odatlarni qoralagani tufayli qoqingan. Qay yo‘sin hozir ham bular tufayli ba’zilar qoqinishi mumkin? (9-xatboshiga qarang.) *

9. Iso qaysi ayrim soxta ta’limotlarni fosh qilgan?

9 Muqaddas Yozuvlarda nima deyilgan? Muqaddas Kitobda Masih haqida bashorat qilinib, Yahovaning uyiga bo‘lgan rashki ichida olov bo‘lib yonishi aytilgan. (Zab. 69:9; Yuhan. 2:14–17) Bu rashk Isoni soxta ta’limotlar-u urf-odatlarni fosh etishga undagan. Masalan, farziylar jon o‘lmasligiga ishongan. Iso esa o‘lganlar uyqu holatida bo‘lishini aytgan. (Yuhan. 11:11) Sadduqiylar tirilish bo‘lishiga ishonmagan, lekin Iso do‘sti Lazarni tiriltirgan. (Yuhan. 11:43, 44; Havor. 23:8) Farziylar qandaydir ko‘rinmas kuch yoki Xudo biz bilan nima sodir bo‘lishini yo biz nima qilishimizni oldindan belgilagan, deb o‘rgatgan. Iso esa Xudoga xizmat qilish-qilmaslik odamning o‘z ixtiyorida ekani haqida ta’lim bergan. (Mat. 11:28)

10. Nima uchun ko‘plar ta’limotlarimiz tufayli qoqinyapti?

10 Bunday muammoni hozir ham kuzatish mumkinmi? Ha. Muqaddas Kitobga asoslangan ta’limotlarimiz soxta din g‘oyalarini fosh etgani tufayli ko‘plar qoqinadi. Din rahbarlari odamlarga Xudo yovuzlarni jahannamda jazolaydi, deb o‘rgatadi. Ular bu soxta ta’limot yordamida odamlarni boshqarishga harakat qiladi. Sevgi Xudosi bo‘lmish Yahovaga topinuvchilar sifatida mazkur soxta ta’limotni fosh etamiz. Buning ustiga, din rahbarlari jon o‘lmasligi haqida o‘rgatadi. Agar bu chin bo‘lganida tirilishga hojat bo‘lmasdi. Biz esa bu g‘oya Muqaddas Kitobga asoslanmaganini ko‘rsatamiz. Ko‘p dinlar Xudo yoki qandaydir ko‘zga ko‘rinmas kuch nima yuz berishini oldindan belgilab qo‘yadi, deb o‘rgatadi. Lekin biz odam iroda erkinligiga ega ekanini va Xudoga xizmat qilishni tanlashi mumkinligini o‘rgatamiz. Xo‘sh, din rahbarlari bunga qanday munosabatda? Ko‘pincha bu ularning jahlini chiqaradi.

11. Yuhanno 8:45–47 ga ko‘ra, Xudo xizmatchilaridan nimani talab qilyapti?

11 Qoqinmasligimizga nima yordam beradi? Haqiqatni yaxshi ko‘rsak, Xudoning aytganlarini qabul qilishimiz lozim. (Yuhanno 8:45–47 ni o‘qing.) Shayton Iblisdan farqli ravishda haqiqatdan aslo yuz o‘girmaymiz. E’tiqodimizga zid bo‘lgan narsalarni hech qachon qilmaymiz. (Yuhan. 8:44) Xudo xizmatchilaridan «yomonlikdan jirkanib, yaxshilikka yopishib olishni» talab qilyapti. Iso ham shunday yo‘l tutgan. (Rim. 12:9; Ibron. 1:9)

(3) ISONI TA’QIB QILISHGAN

Ko‘plar Iso ustunda o‘lgani tufayli qoqingan. Qay yo‘sin hozir ham bular tufayli ba’zilar qoqinishi mumkin? (12-xatboshiga qarang.) *

12. Nima uchun Iso qay yo‘sin o‘ldirilgani ko‘pgina yahudiylarni qoqintirgan?

12 Isoning davrida yana nima yahudiylarni qoqintirgan? Pavlus quyidagicha yozgan: «Biz... ustunga mixlangan Masih haqida va’z qilyapmiz. Bu yahudiylar uchun qoqintiradigan tosh». (1 Kor. 1:23) Nega ko‘p yahudiylar Iso azob ustunida qatl qilingani uchun uni rad etgan? Chunki Iso ustunda o‘lgani tufayli ularga Masihday emas, balki jinoyatchi va gunohkorday ko‘ringan. (Qonun. 21:22, 23)

13. Isoni rad etganlar nimalarga ishonmagan?

13 Yahudiylarning orasida Iso benuqson bo‘lganini, soxta ayblanganini va unga nohaq munosabat ko‘rsatilganini tan olmay, qoqingan kishilar ham bor edi. Isoni hukm qilganlarni adolat qaror topishi umuman qiziqtirmagan. Isoni hukm qilish uchun Oliy mahkamadagilar tezda yig‘ilib, qonunlarga muvofiq qaror chiqarmagan. (Luqo 22:54; Yuhan. 18:24) Hakamlar Isoga qarshi ko‘tarilgan da’vo va dalillarni yuzxotirchiliksiz ko‘rib chiqishning o‘rniga, Isoni o‘limga mahkum etish uchun unga qarshi soxta guvohlarni izlashga tushdi. Bular ish bermagach, oliy ruhoniy Isoni so‘zda ilintirmoqchi bo‘ldi, bu esa qonunga zid edi. (Mat. 26:59; Mark 14:55–64) Iso tirilganidan keyin o‘sha nohaq hakamlar uning qabri bo‘sh qolgani borasida yolg‘on gap-so‘zlar tarqatishi uchun qabrni qo‘riqlagan Rim askarlariga «anchagina kumush tanga berishdi». (Mat. 28:11–15)

14. Masihning o‘limi borasida Muqaddas Yozuvlarda qanday bashorat aytilgan?

14 Muqaddas Yozuvlarda nima deyilgan? Garchi Isoning davridagi ko‘p yahudiylar Masih o‘lishi kerakligini kutmagan bo‘lsa-da, Muqaddas Yozuvlarda qanday bashorat yozilganiga e’tibor bering: «U hatto jonini fido qildi, jinoyatchilar qatorida sanaldi, ko‘p insonlarning gunohini o‘ziga olib, qonunbuzarlarni yoqladi». (Ishayo 53:12) Shunday ekan, Iso gunohkor sifatida qatl qilingani tufayli qoqinish uchun yahudiylarda hech qanday sabab yo‘q edi.

15. Yahovaning Shohidlariga qarshi qaysi ayblovlar dastidan ba’zilar qoqinyapti?

15 Bunday muammoni hozir ham kuzatish mumkinmi? Ha. Isoga tuhmat qilishgan va uni nohaqlarcha aybdor deb topishgan. Bugun ham Yahovaning Shohidlari shunga o‘xshash nohaq munosabatga duch kelyapti. Bir nechta misolga diqqat qarataylik. Qo‘shma Shtatlarda 1930 va 1950-yillar mobaynida Xudoga erkin tarzda topishimiz masalasida ko‘pgina sud ishlari ko‘rib chiqilgan. Ba’zi sudyalar bizga qarshi ochiqchasiga yuzxotirchilik qilgan. Kvebekda (Kanada) cherkov va hokimiyat sheriklik qilib faoliyatimizni to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Ko‘pgina va’zgo‘ylar qo‘shnilariga Xudoning Shohligi haqida aytgani uchungina qamalgan. Germaniyada natsistlar hukumati tomonidan ko‘p sadoqatli yosh birodarlarimiz qatl etilgan. So‘nggi yillar davomida Rossiyada anchagina birodarlarimiz Muqaddas Kitob asosida suhbat qurgani uchun ayblanib, qamoqqa tashlanmoqda. Chunki hukumat tomonidan bu faoliyat «ekstremizmga oid» deb tan olingan. Hatto rus tilidagi «Muqaddas Kitob — Yangi dunyo tarjimasi» man etilib, u yerda Yahova degan ism qo‘llanilgani uchun «ekstremizmga oid» deb topilgan.

16. Nega Yahovaning xalqi to‘g‘risidagi tuhmatlarga aldanib qolmasligimiz kerak? (1 Yuhanno 4:1)

16 Qoqinmasligimizga nima yordam berishi mumkin? Dalillarga ega bo‘ling. Iso Tog‘dagi va’zida tinglovchilarini ayrimlar ular haqida «yolg‘on va har qanday yaramas so‘zlarni aytishi» to‘g‘risida ogohlantirgan edi. (Mat. 5:11) Bu yolg‘onlar Shaytondan kelib chiqadi. U dushmanlarga ta’sir qilib, ularni haqiqatni sevadiganlar to‘g‘risida bo‘lmag‘ur tuhmatlarni tarqatishga undaydi. (Vah. 12:9, 10) Bizga qarshi chiqayotganlar aytayotgan safsatalarni rad etishimiz kerak. Bu kabi yolg‘onlar bizni qo‘rqitishiga yoki imonimizni susaytirishiga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz lozim. (1 Yuhanno 4:1 ni o‘qing.)

(4) ISOGA XIYONAT QILIB, TASHLAB KETISHGAN

Ko‘plar Iso Yahudo Ishqariyot tomonidan xiyonat qilingani tufayli qoqingan. Qay yo‘sin hozir ham bular tufayli ba’zilar qoqinishi mumkin? (17-, 18-xatboshilariga qarang.) *

17. Isoning o‘limidan oldin yuz bergan voqealar qanday qilib ba’zilarni qoqintirgan bo‘lishi mumkin?

17 Isoning o‘limidan sal oldin 12 ta havoriydan biri unga xiyonat qilgan. Yana bir havoriy esa Isodan uch marta tongan va qolgan havoriylari uning o‘limidan oldingi kechada uni tashlab, qochib ketishgan. (Mat. 26:14–16, 47, 56, 75) Iso bundan hayron qolmagan. U bular yuz berishini bashorat qilgan. (Yuhan. 6:64; 13:21, 26, 38; 16:32) Buni ko‘rgan ba’zilar, ehtimol, qoqinib, quyidagicha o‘ylagandir: «Isoning havoriylari shunday yo‘l tutgan bo‘lsa, men ularga qo‘shilishni xohlamayman».

18. Isoning o‘limidan sal oldin qaysi bashoratlar amalga oshgan?

18 Muqaddas Yozuvlarda nima deyilgan? Iso yer yuziga kelishidan yuz yillar oldin Yahovaning Kalomida Masihga 30 shekel kumush evaziga xiyonat qilinishi bashorat qilingan. (Zakr. 11:12, 13) Isoga xiyonat qiladigan kishi uning yaqin do‘stlaridan biri bo‘lishi kerak edi. (Zab. 41:9) Shuningdek, Zakariyo payg‘ambar: «Cho‘ponga zarba ber, qo‘ylar tarqalib ketsin»,— deb bashorat qilgan. (Zakr. 13:7) Ushbu hodisalarni ko‘rgan samimiy insonlar qoqinmasligi, aksincha, barcha bashoratlar Isoda amalga oshayotganini ko‘rib, imoni yanada mustahkamlanishi kerak edi.

19. Samimiy insonlar nimani tushunadi?

19 Bunday muammoni hozir ham kuzatish mumkinmi? Ha. Ko‘plar tanigan bir nechta Yahovaning Shohidi hozirda haqiqatdan yuz o‘girib, murtadga aylangan va boshqalarni ham yo‘ldan urishga harakat qilmoqda. Ular Yahovaning Shohidlari haqida ommaviy axborot vositalari hamda internet orqali salbiy yangilik, qisman rost bo‘lgan ma’lumot va g‘irt yolg‘onlarni tarqatmoqda. Lekin samimiy insonlar bundan qoqinmaydi, aksincha, ular shu kabi voqealar sodir bo‘lishi Muqaddas Kitobda bashorat qilinganini tushunadi. (Mat. 24:24; 2 Butr. 2:18–22)

20. Haqiqatdan yuz o‘girganlar tufayli qoqinmaslikka nima yordam beradi? (2 Timo‘tiyga 4:4, 5)

20 Qoqinmasligimizga nima yordam beradi? Muntazam tadqiq o‘tkazish, tinmay ibodat qilish va Yahova topshirgan ish bilan doim band bo‘lish orqali imonda mahkam turishimiz lozim. (2 Timo‘tiyga 4:4, 5 ni o‘qing.) Imonimiz kuchli bo‘lsa, salbiy xabarlarni eshitganimizda vahimaga tushmaymiz. (Ishayo 28:16) Yahovaga, Uning Kalomiga va imondoshlarimizga bo‘lgan sevgi haqiqatdan yuz o‘girganlar tufayli qoqinmaslikka ko‘maklashadi.

21. Aksariyat odamlar xushxabarni rad etsa ham nimaga amin bo‘lishimiz mumkin?

21 Birinchi asrda ko‘plar qoqinib, Isoni rad etdi. Biroq uni qabul qilganlar ham oz emasdi. Ular qatoriga Oliy Kengashning kamida bitta a’zosi va hatto «anchagina ruhoniylar» kirgan. (Havor. 6:7; Mat. 27:57–60; Mark 15:43) Bugun ham millionlab insonlar Isoning izidan yurishga qaror qilgan. Nima uchun? Sababi ular Muqaddas Yozuvlardagi haqiqatlarni biladi va sevadi. Xudoning Kalomida shunday deyilgan: «Qonuningni sevganlar tinch-osoyishta yashaydi, ularni hech narsa qoqintira olmaydi». (Zab. 119:165)

124-QO‘SHIQ Vafodormiz

^ 5- x.b. O‘tgan maqolada nega o‘tmishda odamlar Isoni rad etganining va bugungi kunda uning izdoshlarini ham qabul qilmayotganining to‘rtta sababini bilib oldik. Mazkur maqolada yana to‘rtta sababini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, nima uchun Yahovani sevadigan samimiy insonlar hech narsa ularni qoqintirishiga yo‘l qo‘ymasligini muhokama qilamiz.

^ 60- x.b. RASMGA SHARH. Iso Matto va soliqchilar bilan ovqatlanyapti.

^ 62- x.b. RASMGA SHARH. Iso ma’baddagi savdogarlarni haydab chiqaryapti.

^ 64- x.b. RASMGA SHARH. Iso azob ustunini sudrab ketyapti.

^ 66- x.b. RASMGA SHARH. Yahudo Ishqariyot Isoni o‘pib unga xiyonat qilyapti.