Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

18-TADQIQ MAQOLASI

Siz Iso tufayli qoqinasizmi?

Siz Iso tufayli qoqinasizmi?

Men tufayli qoqinmagan kishi baxtlidir. MAT. 11:6, izoh

54-QO‘SHIQ «Mana yo‘l»

BU MAQOLADA *

1. Boshqalarga xushxabarni ilk bor aytganingizda, ehtimol, nimadan hayron qolgansiz?

HAQIQATNI topganingizni tushungan paytingiz esingizdami? Muqaddas Kitobdan o‘rganayotganlaringiz sodda va aniq-ravshan ekanini tushungansiz. Siz ishongan narsalarni har bir kishi qabul qilishni istaydi, deb o‘ylagansiz. Muqaddas Kitobdagi xushxabar hozirning o‘zida ularga mazmunli hayot kechirishga va kelajakka nisbatan ajoyib umidga ega bo‘lishga yordam berishiga amin edingiz. (Zab. 119:105) Shu bois, do‘stlaringiz-u qarindoshlaringizga o‘zingiz bilib olgan haqiqatlarni katta ishtiyoq bilan aytib bergansiz. Xo‘sh, keyin nima bo‘ldi? Ko‘plar aytganlaringizni rad etganidan hayron qoldingiz.

2, 3. Isoning paytida ko‘plar u haqida qanday fikrda edi?

2 Boshqalar xushxabarni rad etganidan hech birimiz hayron qolmasligimiz kerak. Iso Xudoning ko‘magiga ega ekanini isbotlovchi mo‘jizalar yaratgan bo‘lsa-da, ko‘plar uni rad etgan. Masalan, u Lazarni tiriltirgan. Isoga qarshi chiqqanlar bu mo‘jizani inkor eta olmasdi. Lekin yahudiy din rahbarlari aynan Iso Masih ekaniga ishonmagan. Ular hatto Isoni va Lazarni o‘ldirmoqchi bo‘lgan. (Yuhan. 11:47, 48, 53; 12:9–11)

3 Iso ko‘p odamlar u Masih ekanini tan olmasligini bilgan. (Yuhan. 5:39–44) U odamlarni suvga cho‘mdirib yurgan Yahyoning bir guruh shogirdlariga shunday degan: «Men tufayli qoqinmagan kishi baxtlidir». (Mat. 11:2, 3, 6, izoh) Nega shuncha ko‘p odam Isoni rad etgan?

4. Bu maqolada nimalarni bilib olamiz?

4 Bu va keyingi maqolada nega birinchi asrdagi ko‘plar Isoga ishonmaganining bir nechta sababini ko‘rib chiqamiz. Shuningdek, nima uchun bugungi kunda ko‘pchilik qoqinib qolayotganining sabablarini bilib olamiz. Eng muhimi esa qoqinmaslik uchun nega Isoga ishonishimiz mumkinligiga e’tibor qaratamiz.

(1) ISONING KELIB CHIQISHI

Ko‘plar Isoning kelib chiqishi tufayli qoqingan. Qay yo‘sin hozir ham bular tufayli ba’zilar qoqinishi mumkin? (5-xatboshiga qarang.) *

5. Nega ba’zilar Iso bashorat qilingan Masih ekaniga ishonmagan?

5 Ko‘plarni Isoning kelib chiqishi qoqintirgan. Ular Iso ajoyib ustoz ekanini va mo‘jizalar yaratganini tan olgan. Biroq Iso ularning nazarida oddiy duradgorning o‘g‘li edi. Qolaversa, u nosiralik edi. Odamlar bu shaharni uncha muhim ahamiyatga ega emas, deb hisoblagan bo‘lishi mumkin. Hatto keyinchalik Isoning shogirdi bo‘lgan Natanail boshida: «Nosiradan o‘zi biron yaxshilik chiqqanmi?» — deb aytgan. (Yuhan. 1:46) Ehtimol, Natanail Iso yashagan shaharni yoqtirmagan yoki u Masih Nosirada emas, balki Baytlahmda tug‘ilishi to‘g‘risidagi Mixo 5:2 dagi bashoratni nazarda tutgan.

6. Odamlarga aynan Iso Masih ekaniga ishonishga nima yordam berishi kerak edi?

6 Muqaddas Yozuvlarda nima deyilgan? Ishayo payg‘ambar Isoning dushmanlari Masihning «kelib chiqishi» to‘g‘risida noto‘g‘ri xulosaga kelishini bashorat qilgan. (Ishayo 53:8) Shu kabi ko‘p tafsilotlar karomat qilingan edi. O‘sha odamlar barcha dalillarni ko‘rib chiqish uchun vaqt ajratganida, Iso Baytlahmda tug‘ilganini va shoh Dovudning avlodi ekanini bilib olgan bo‘lardi. (Luqo 2:4–7) Shunday qilib, Iso Mixo 5:2 da bashorat qilingan joyda tug‘ilgan. Unda muammo nimada edi? Odamlar tezda xulosa chiqargan. Ular barcha ma’lumotga ega bo‘lmagan. Bu tufayli ular qoqinib qolgan.

7. Nima uchun ko‘plar Yahovaning Shohidlarini rad etyapti?

7 Bunday muammoni hozir ham kuzatish mumkinmi? Ha. Yahovaning aksariyat xizmatchilari badavlat yoki mansabdor odamlar emas. Shu bois, ko‘plarning fikricha ular «o‘qimagan va oddiy odamlar». (Havor. 4:13) Ba’zilarning o‘ylashicha, Yahovaning Shohidlari Muqaddas Kitob asosida ta’lim bera olmaydi. Chunki ular biron diniy o‘quv yurtini bitirmagan. Boshqalar esa Yahovaning Shohidlarini «amerikalik mazhab» deydi. Lekin haqiqat shuki, dunyo bo‘ylab Yahova Shohidlarining taxminan 14 foizigina Qo‘shma Shtatlarda yashaydi. Ayrimlar Yahovaning Shohidlari Isoni qabul qilmaydi, deb ta’kidlaydi. Yillar mobaynida odamlar ularni «kommunistlar», «amerikalik josuslar» va «ekstremistlar» deb atab kelyapti. Xullas, ko‘plar Yahovaning Shohidi bo‘lishni istamayapti, chunki ular bunday gap-so‘zlarni eshitadi va dalillarni qabul qilishni istamaydi.

8. Havoriylar 17:11 ga ko‘ra, agar kimdir Xudoning haqiqiy xizmatchilari kim ekanini aniqlamoqchi bo‘lsa, nima qilishi kerak?

8 Qoqinmaslikka nima yordam berishi mumkin? Dalillarni tekshirish kerak. Injil yozuvchisi Luqo aynan shunday yo‘l tutishga qaror qilgan. U «bir boshdan hammasini tekshirish» uchun jon kuydirgan. Luqo u yozgan kitobni o‘qiydiganlar Iso haqida bilib olganlariga «butunlay ishonch hosil qilishlarini» istagan. (Luqo 1:1–4) Qadimgi Veriyadagi yahudiylar ham Luqo kabi yo‘l tutgan. Ular Iso haqida ilk bor eshitganida, bilib olayotganlariga ishonch hosil qilish niyatida o‘sha xabarni Ibroniycha yozuvlarda yozilganlar bilan solishtirib ko‘rgan. (Havoriylar 17:11 ni o‘qing.) Shu singari, bugungi kunda ham odamlar ma’lumotlarni tekshirishi kerak. Qolaversa, Xudoning xizmatchilari berayotgan ta’limni Muqaddas Kitobda yozilganlar bilan solishtirishi darkor. Bundan tashqari, ular bizning zamonamizda Yahovaning xalqi nimalar qilib kelayotgani borasida tadqiq o‘tkazishi kerak. Agar ular ma’lumotni yaxshilab tekshirsa, noto‘g‘ri fikrlar yoki mish-mishlarga ko‘r-ko‘rona ishonib ketmaydi.

(2) ISO LOL QOLDIRISH NIYATIDA ALOMATLAR KO‘RSATISHDAN BOSH TORTGAN

Ko‘plar lol qoldirish niyatida alomatlar ko‘rsatmagani tufayli qoqingan. Qay yo‘sin hozir ham bular tufayli ba’zilar qoqinishi mumkin? (9-, 10-xatboshilariga qarang.) *

9. Iso osmondan biror alomat ko‘rsatishni rad etganida nima bo‘ldi?

9 Isoning davrida ba’zilar uning ajoyib ta’limotlari bilan qoniqmagan. Ular bundan ham ko‘prog‘ini istagan va u Masih ekanini isbotlashi uchun «osmondan biror alomat ko‘rsatishini» talab qilgan. (Mat. 16:1) Ehtimol, ular Doniyor 7:13, 14 dagi so‘zlarni noto‘g‘ri tushungani uchun shunday yo‘l tutgandir. Ammo o‘shanda Yahovaning mazkur bashorati amalga oshadigan payt hali kelmagan edi. Isoning ta’limotlari ular u Masih ekaniga ishonishi uchun yetarli edi. Iso ular so‘ragan alomatni ko‘rsatishdan bosh tortganida ular qoqindi. (Mat. 16:4)

10. Qay yo‘sin Iso Ishayoning Masih to‘g‘risidagi bashoratini amalga oshirgan?

10 Muqaddas Yozuvlarda nima deyilgan? Ishayo payg‘ambar Masih haqida shunday deb yozgan: «U baqirmaydi, qattiq gapirmaydi, ko‘chada ovozi eshitilmaydi». (Ishayo 42:1, 2) Iso boshqalarning e’tiborini o‘ziga jalb qilib xizmat qilmagan. Lol qoldiradigan ma’badlar qurdirmagan. Uni ajratib turadigan diniy liboslar kiymagan va balandparvoz diniy unvonlar bilan murojaat qilishlarini talab etmagan. Iso so‘roq qilinayotganda, hatto hayoti xavf ostida bo‘lsa-da, mo‘jiza ko‘rsatish orqali Hirodning ko‘nglini olishga intilmagan. (Luqo 23:8–11) Iso ba’zi mo‘jizalarni qilgan, lekin eng asosiy diqqati xushxabarni va’z qilishda bo‘lgan. U shogirdlariga: «Shuning uchun kelganman-ku»,— deb aytgan. (Mark 1:38)

11. Ba’zilar qanday noto‘g‘ri tasavvurlarga ega?

11 Bunday muammoni hozir ham kuzatish mumkinmi? Ha. Bugungi kunda ko‘plar hashamatli san’at asarlari bilan bezatilgan diniy binolar, balandparvoz unvonlar bilan ataladigan din rahbarlari va kelib chiqishi yoki mazmuni noma’lum bo‘lgan marosimlardan hayratlanadi. Lekin bu diniy yig‘inlarga to‘plangan odamlar Xudo va Uning niyatlari to‘g‘risida nimani bilib oladi? Yig‘ilishlarimizga keladiganlar Yahova bizdan nima talab qilishi va qay yo‘sin Uning irodasiga muvofiq yo‘l tutish mumkinligi to‘g‘risida o‘rganadi. Yig‘ilish zallarimiz hashamat bilan bezatilmagan, ammo ular toza va qulay. Boshchilikni zimmasiga olganlar boshqalardan ajralib turish uchun o‘zgacha kiyinmaydi va balandparvoz unvonlar bilan atalmaydi. Ta’limotlarimiz-u e’tiqodimiz Xudoning Kalomiga asoslangan. Shunday bo‘lsa-da, ko‘plar qoqinib qolyapti. Negaki, ularning o‘ylashicha, topinish tarzimiz juda ham oddiy. O‘rgatayotganlarimiz ular eshitishni xohlagan narsalar emas.

12. Ibroniylarga 11:1, 6 da aytilganiday, imonimizni nima asosida rivojlantirishimiz darkor?

12 Qoqinmasligimizga nima yordam berishi mumkin? Havoriy Pavlus Rimda yashovchi masihiylarga shunday yozgan: «Kalomni eshitgach imon paydo bo‘ladi. Kalomni esa birov Masih haqida gapirganda eshitishadi». (Rim. 10:17) Shunday ekan, ko‘zga qanchalik yoqimli bo‘lmasin Muqaddas Kitobga zid diniy marosimlarda qatnashib emas, balki Muqaddas Yozuvlarni tadqiq qilib imonimizni mustahkamlaymiz. Aniq bilim asosida kuchli imonni rivojlantirishimiz darkor. Sababi «imon bo‘lmasa Allohning roziligini olish imkonsizdir». (Ibroniylarga 11:1, 6 ni o‘qing.) Shu bois, haqiqatni topganimizga ishonch hosil qilish uchun osmondan o‘zgacha alomat ko‘rishni kutmaymiz. Muqaddas Kitobga asoslangan hamda imonni mustahkamlaydigan ta’limotlarni sinchkovlik ila tadqiq qilishning o‘zi ishonch hosil qilishimiz va shubhalardan xoli bo‘lishimiz uchun yetarli.

(3) ISO YAHUDIYLARNING KO‘P URF-ODATLARIGA QO‘SHILMAGAN

Ko‘plar ba’zi urf-odatlarni rad etgani tufayli qoqingan. Qay yo‘sin hozir ham bular tufayli ba’zilar qoqinishi mumkin? (13-xatboshiga qarang.) *

13. Ko‘plar nima sababli Isoni qoralagan?

13 Yahyoning shogirdlari Isoning shogirdlari ro‘za tutmaganidan hayron qolgan. Iso u hali hayot ekan, shogirdlari ro‘za tutishiga asos yo‘qligini tushuntirgan. (Mat. 9:14–17) Shunga qaramay, Iso yahudiylarning urf-odati-yu rasm-rusumlariga qo‘shilmagani tufayli farziylar va unga qarshi chiqqan boshqalar uni qoralagan. Iso Shabbat kunida kasallarga shifo berganini ko‘rib ularning jahli chiqqan. (Mark 3:1–6; Yuhan. 9:16) Bir tomondan ular Shabbatga amal qilyapmiz, deb g‘ururlangan. Boshqa tomondan esa ma’badda oldi-sotdi ishlari bilan shug‘ullanishni noto‘g‘ri, deb bilmagan. Bunday ishlari uchun Iso ularni qoralaganida ular g‘azablangan. (Mat. 21:12, 13, 15) Iso Nosiradagi ibodatxonada va’z qilganida, u yerdagilarning xudbinligi-yu imonsizligini yaqqol oshkor etgan tarixiy misollar keltirgan va bu ularning achchig‘ini chiqargan. (Luqo 4:16, 25–30) Ko‘plar Iso ular kutgan narsalarini qilmagani uchun qoqingan. (Mat. 11:16–19)

14. Nega Iso Muqaddas Kitobga zid bo‘lgan insoniy urf-odatlarni qoralagan?

14 Muqaddas Yozuvlarda nima deyilgan? Yahova Ishayo payg‘ambar orqali shunday degan: «Bu xalq Menga tildagina yaqinlashadi, tildagina Meni hurmat qiladi, qalbi esa Mendan yiroqdir. Insoniy amrlarni o‘rganib, buni Mendan qo‘rqish deb hisoblaydi». (Ishayo 29:13) Isoning Muqaddas Yozuvlarda noto‘g‘ri deb aytilgan urf-odatlarni qoralashga haqqi bor edi. Insoniy qonun-qoida va urf-odatlarni Muqaddas Yozuvlardan ustun qo‘ygan kishilar Yahovani va u yuborgan Iso Masihni rad etgan bo‘ladi.

15. Nima uchun ko‘plar Yahovaning Shohidlarini yoqtirmaydi?

15 Bunday muammoni hozir ham kuzatish mumkinmi? Ha. Ko‘plar Yahovaning Shohidlari tug‘ilgan kun va Yangi yil kabi Muqaddas Kitobga zid bo‘lgan tadbirlarni nishonlashda ularga qo‘shilmagani uchun xafa bo‘ladi. Boshqalar esa Yahovaning Shohidlari milliy bayramlarni nishonlamagani yoki dafn marosimi bilan bog‘liq urf-odatlarda qatnashmagani uchun g‘azablanadi. Bu tufayli qoqinganlar Xudoga ma’qul tarzda topinayotganiga chin dildan ishonishi mumkin. Lekin ular bu dunyodagi urf-odatlarni Muqaddas Kitobdagi aniq ta’limotlardan ustun qo‘ysa, Xudoni mamnun qila olmaydi. (Mark 7:7–9)

16. Qanday yo‘l tutishimiz kerak va nimadan qochishimiz lozim? (Zabur 119:97, 113, 163–165)

16 Qoqinmasligimizga nima yordam berishi mumkin? Yahovaning qonunlari-yu prinsiplariga nisbatan chuqur sevgini rivojlantirishimiz kerak. (Zabur 119:97, 113, 163–165 ni o‘qing.) Yahovani yaxshi ko‘rsak, Unga yoqmaydigan har qanday urf-odatni rad etamiz. Hech narsa Yahovaga bo‘lgan sevgimizdan ustun bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz.

(4) ISO SIYOSATGA ARALASHMAGAN

Ko‘plar siyosatga aralashmagani tufayli qoqingan. Qay yo‘sin hozir ham bular tufayli ba’zilar qoqinishi mumkin? (17-xatboshiga qarang.) *

17. Isoning davrida ko‘plar Masih nima qilishini kutgan?

17 Ba’zilar Isoning davrida siyosiy o‘zgarishlar tezda ro‘y berishini istagan. Ular jabr-zulm o‘tkazgan Rim hukumatining boshqaruvidan Masih ularni ozod qilishini kutgan. Ammo ular Isoni shoh qilmoqchi bo‘lganda u bundan bosh tortgan. (Yuhan. 6:14, 15) Boshqalar, jumladan, ruhoniylar ham Iso hukumatni o‘zgartiradi, deb hayiqqan. Qolaversa, Rim hukumati ulardan jahli chiqishi va ularga bergan vakolatni olib qo‘yishidan qo‘rqqan. Bu kabi siyosiy masalalarga oid tashvishlar tufayli ko‘p yahudiylar Isoni rad etgan.

18. Ko‘plar Masih haqidagi Muqaddas Kitobda tilga olingan qaysi bashoratlarni nazariga ilmagan?

18 Muqaddas Yozuvlarda nima deyilgan? Garchi ko‘plab bashoratlarda Masih oxiri g‘alaba qozonadigan Jangchi sifatida aytilgan bo‘lsa-da, yana boshqa bashoratlar shuni ko‘rsatyaptiki, u avval gunohlarimiz uchun o‘lishi kerak edi. (Ishayo 53:9, 12) Xo‘sh, nega ular Masih borasida noto‘g‘ri tasavvurlarga ega bo‘lgan? Isoning davridagi ko‘p yahudiylar ularning muammolariga o‘sha paytda chek qo‘yilishi va’da qilinmagan bashoratlarni nazariga ilmagan. (Yuhan. 6:26, 27)

19. Ko‘plar qanday tasavvurlar tufayli qoqinyapti?

19 Bunday muammoni hozir ham kuzatish mumkinmi? Ha. Bugungi kunda siyosiy masalalarga kelganda, betaraflikni saqlaganimiz tufayli ko‘plar qoqinadi. Ular saylovlarda ovoz berishimizni kutadi. Lekin shuni tushunamizki, Yahovaning nuqtai nazari bilan qaraganda, ustimizdan boshqarish uchun odamni tanlasak, Uni rad etgan bo‘lamiz. (1 Shoh. 8:4–7) Odamlarning fikricha, maktablar va shifoxonalar qurishimiz hamda turli xayriya ishlarini qilishimiz kerak. Ular bor kuchimizni dunyoning birlamchi muammolarini hal qilishga emas, aksincha, va’zgo‘ylik ishiga sarflayotganimizni ko‘rib qoqinyapti.

20. Matto 7:21–23 dagi Isoning so‘zlariga binoan, asosiy diqqatimizni nimaga qaratishimiz lozim?

20 Qoqinmasligimizga nima yordam berishi mumkin? (Matto 7:21–23 ni o‘qing.) Asosiy diqqatimizni Iso bizga topshirgan ishni bajarishga qaratishimiz lozim. (Mat. 28:19, 20) Bu dunyodagi siyosiy va ijtimoiy masalalar diqqatimizni chalg‘itishiga aslo yo‘l qo‘ymasligimiz darkor. Odamlarni sevamiz va ularning muammolariga befarq emasmiz. Ammo shuni bilamizki, yaqinlarimizga yordam berishning eng yaxshi yo‘li ularga Xudoning Shohligi to‘g‘risida ta’lim berish va Yahova bilan do‘st bo‘lishga ko‘maklashishdir.

21. Nima qilishga qarorimiz qat’iy bo‘lishi kerak?

21 Bu maqolada birinchi asrda ko‘plar Isoni rad etganining to‘rtta sababini ko‘rib chiqdik. Qolaversa, o‘sha sabablar tufayli hozir ayrimlar Isoning izdoshlarini rad etishi mumkinligini muhokama qildik. Xo‘sh, faqat bu narsalardan qochishimiz kerakmi? Yo‘q. Navbatdagi maqolada qoqintiradigan yana to‘rtta narsaga diqqat qaratamiz. Keling, qoqinmaslik va imonni mustahkam saqlash qarorimiz qat’iy bo‘lsin!

56-QO‘SHIQ Haqiqat yo‘li hayot yo‘ling bo‘lsin

^ 5- x.b. Iso Masih yer yuzida yashagan eng Ulug‘ ustoz bo‘lgan bo‘lsa-da, uning davridagi aksariyat odamlar u tufayli qoqingan. Nima uchun? Mazkur maqolada buning to‘rtta sababini ko‘rib chiqamiz. Qolaversa, bugungi kunda nega ko‘plar Isoning haqiqiy izdoshlari aytgan va qilgan ishlaridan qoqinishini bilib olamiz. Eng asosiysi, Isoga ergashishda davom etish uchun nega unga qattiq ishonishimiz mumkinligiga diqqat qaratamiz.

^ 60- x.b. RASMGA SHARH. Filip Natanailni Isoning oldiga borishga undayapti.

^ 62- x.b. RASMGA SHARH. Iso xushxabarni va’z qilyapti.

^ 64- x.b. RASMGA SHARH. Iso qo‘li qurib qolgan kishini hammaning ko‘z o‘ngida davolayapti.

^ 66- x.b. RASMGA SHARH. Iso yolg‘iz o‘zi toqqa chiqyapti.