Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

21-TADQIQ MAQOLASI

Yahova sizga kuch beradi

Yahova sizga kuch beradi

Zaif bo‘lganimda, kuchliman. 2 KOR. 12:10

73-QO‘SHIQ Bizga jasorat ber

BU MAQOLADA *

1, 2. Ko‘pgina Shohidlar qanday qiyinchiliklarga duch kelmoqda?

HAVORIY PAVLUS Timo‘tiyni va barcha masihiylarni xizmatini to‘la ado etishga undagan. (2 Tim. 4:5) Barchamiz Pavlusning maslahatiga jiddiy yondashamiz. Gohida qiyinchiliklarga duch kelib turamiz. Ko‘p birodar-u opa-singillarimiz va’zgo‘ylikda qatnashishga qo‘rqadi. (2 Tim. 4:2) Masalan, faoliyatimiz cheklangan yoki hatto taqiqlangan mamlakatlarda yashovchi imondoshlarimiz haqida bir o‘ylab ko‘ring. Ular erkinligini xavf ostiga qo‘yib va’z qilyapti.

2 Xudoning xizmatchilari ularni tushkunlikka tushirishi mumkin bo‘lgan turli qiyinchiliklar bilan kurashishlariga to‘g‘ri kelyapti. Misol uchun, ko‘plar oilasining asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun kun bo‘yi ishlashga majbur. Ular ko‘proq xizmat qilishni xohlaydi, biroq haftaning oxiriga borib charchab qoladi. Boshqalar esa jiddiy kasalligi yoki yoshi o‘tgani tufayli xizmatda kam ishtirok etadi yo hatto ba’zilar uyidan chiqa olmasligi mumkin. Yana ayrimlar esa doim o‘zini arzimas his qiladi. Yaqin Sharqda yashovchi Mariya * ismli imondoshimiz shunday dedi: «Salbiy tuyg‘ular bilan kurashish meni hissan rosa charchatadi. Shunda o‘zimni aybdor his qilaman, sababi bu xizmatga ketadigan vaqtim-u kuchimni oladi».

3. Ushbu maqolada nimani ko‘rib chiqamiz?

3 Sharoitlarimizga qaramay, Yahova qiyinchiliklarimizni yengishga kerakli kuch berishi mumkin. Shunda qo‘limizdan kelgancha xizmat qila olamiz. Yahova bizga qay yo‘sin yordam berishi mumkinligini ko‘rib chiqishdan oldin, keling, Pavlus hamda Timo‘tiyning qiyinchiliklariga qaramay xizmatini ado eta olishlari uchun Xudo ularga qanday yordam berganiga diqqat qarataylik.

VA’ZGO‘YLIK ISHINI ADO ETISHIMIZ UCHUN KERAKLI KUCH

4. Pavlus qanday qiyinchiliklarga duch kelgan?

4 Pavlus ko‘p qiyinchiliklarga duch kelgan. U ayniqsa savalanganida, toshbo‘ron qilinganida va qamoqqa tashlanganida Yahova unga kuch berishiga muhtoj bo‘lgan. (2 Kor. 11:23–25) Pavlus gohida salbiy his-tuyg‘ular bilan kurashayotganini ochiq aytgan. (Rim. 7:18, 19, 24) Qolaversa, u badanini «go‘yo tikandek azoblaydigan bir dard» bilan kurashgan va Xudo uni bu darddan xalos etishini qattiq istagan. (2 Kor. 12:7, 8)

Pavlus nima yordamida va’z qilishda davom eta olgan? (5-, 6-xatboshilariga qarang.) *

5. Pavlus qiyinchiliklariga qaramay, nimalarni qila olgan?

5 Pavlus barcha qiyinchiliklariga qaramay, xizmatini davom ettira olishi uchun Yahova unga kuch bergan. Pavlus nimalar qilganiga e’tibor bering. Masalan, u Rimda uy qamog‘ida bo‘lganida yahudiy din rahbarlariga va, ehtimol, mansabdor kishilarga g‘ayrat ila va’z qilgan. (Havor. 28:17; Filip. 4:21, 22) Shuningdek, u imperatorning ko‘pgina soqchilariga va’z qilgan va uni ko‘rishga kelganlarning hammasiga shohidlik bergan. (Havor. 28:30, 31; Filip. 1:13) O‘sha paytning o‘zida Pavlus ilohiy ilhom ostida maktublar yozgan. Ular bugungi kunda ham Xudoning haqiqiy xizmatchilariga foyda keltirmoqda. Pavlusning misoli Rimdagi jamoatni mustahkamlagan va birodarlar «Xudoning so‘zini yanada jasorat bilan, qo‘rqmasdan gapirishlariga» ko‘maklashgan. (Filip. 1:14) Ba’zida Pavlusning imkoniyatlari chegaralangan bo‘lsa-da, u o‘z vaziyatida qo‘lidan kelganini qilgan va bu «aslida xushxabarning yoyilishiga sabab bo‘lgan». (Filip. 1:12)

6. Nima tufayli Pavlus xizmatini ado eta olgan? (2 Korinfliklarga 12:9, 10)

6 Pavlus xizmatdagi barcha ishlarni o‘zining emas, balki Xudoning kuchi bilan uddalaganini tushungan. U zaif bo‘lganida Xudoning qudrati unda «kamol topishini» tan olgan. (2 Korinfliklarga 12:9, 10 ni o‘qing.) Pavlus ta’qiblarga, qamoqda bo‘lganiga va boshqa qiyinchiliklariga qaramay, xizmatini to‘la ado eta olishi uchun Yahova muqaddas ruhi orqali uni kuchli qilgan.

Timo‘tiy nima yordamida va’z qilishda davom eta olgan? (7-xatboshiga qarang.) *

7. Timo‘tiy xizmati paytida qanday qiyinchiliklarga duch kelgan?

7 Pavlusning yosh hamkori Timo‘tiy ham xizmatini ado etish uchun Xudoning qudratiga tayanishi kerak edi. U Pavlus bilan va’zgo‘ylik safarlarida hamkorlik qilgan. Qolaversa, Pavlus uni jamoatlarga tashrif buyurishi va dalda berishi uchun qo‘shimcha safarlarga yuborgan. (1 Kor. 4:17) Balki Timo‘tiy bunga mos kelmayman, deb o‘ylagandir. Ehtimol, shuning uchun ham Pavlus unga: «Hech kim seni yosh deb kamsitmasin»,— deb aytgan. (1 Tim. 4:12) Shuningdek, bu vaqt davomida Timo‘tiyda badanini go‘yo tikanday azoblaydigan — «tez-tez yuz beradigan kasalliklari» bo‘lgan. (1 Tim. 5:23) Lekin Timo‘tiy xushxabarni aytishi va birodarlariga xizmat qilishi uchun Yahova u muhtoj bo‘lgan muqaddas ruhni berishini bilgan. (2 Tim. 1:7)

QIYINCHILIKLARGA QARAMAY, SADOQATNI SAQLASHDA KERAKLI KUCH

8. Yahova xizmatchilarini qay yo‘sin mustahkamlamoqda?

8 Bugungi kunda Yahova topinuvchilari sadoqat ila xizmat qilishda davom etishi uchun ularga «insonlarnikidan ustun turgan kuch»ni beradi. (2 Kor. 4:7) Keling, Yahova bizni mustahkamlash va Unga sadoqat ila xizmat qilishimizga yordam berish uchun taqdim etayotgan to‘rtta hadya, ya’ni ibodat, Muqaddas Kitob, birodar-u opa-singillarimiz va xizmat haqida gap yuritaylik.

Yahova ibodat orqali bizni mustahkamlaydi (9-xatboshiga qarang.)

9. Ibodat bizga qanday yordam berishi mumkin?

9 Ibodat orqali kuchga to‘lasiz. Efesliklarga 6:18 da Pavlus «har fursatda» Xudoga ibodat qilishga undamoqda. Yahova bizga kuch ato etish orqali ibodatlarimizga javob beradi. Boliviyada yashovchi Joni bir nechta muammoni boshdan kechirganida, Yahova unga qanday yordam berganini his qilgan. Bir vaqtning o‘zida uning rafiqasi va ota-onasi jiddiy kasallikka yo‘liqqan. Joni uchovining ham ehtiyojlariga g‘amxo‘rlik qilishga qiynalgan. Onasi hayotdan ko‘z yumdi, rafiqasi va otasi tuzalib ketishi uchun esa ko‘p vaqt kerak bo‘ldi. Ortga nazar tashlab Joni shunday dedi: «Kuchli bosim ostida bo‘lganimda, aniq narsalar haqida ibodat qilish menga doim yordam bergan». Yahova Joniga sabr-bardosh qilishi uchun muhtoj bo‘lgan kuchni ato etgan. Boliviyadagi Ronald ismli oqsoqol esa onasi saraton kasalligiga chalinganidan xabar topdi. Oradan bir oy o‘tib, onasi vafot etdi. Xo‘sh, kurashishga unga nima yordam berdi? U shunday dedi: «Yahovaga ibodat qilganimda, Unga ichimdagi hammasini aytib beraman. U meni hammadan ham, hatto o‘zimdan ham yaxshiroq biladi». Ba’zida muammolarga boshqa chiday olmayman, deb o‘ylashimiz va nima haqida ibodat qilishni bilmasligimiz mumkin. Hatto nimalarni his qilayotganimizni tushuntirishga qiynalayotgan bo‘lsak ham, Yahova bizni Unga ibodat qilishga undayapti. (Rim. 8:26, 27)

Yahova Muqaddas Kitob orqali bizni mustahkamlaydi (10-xatboshiga qarang.)

10. Ibroniylarga 4:12 ga binoan, nega Muqaddas Kitobni o‘qish va ustida mulohaza yuritish muhim?

10 Muqaddas Kitob orqali kuchga to‘lasiz. Pavlus kuch va tasalli olish uchun Muqaddas Yozuvlarni o‘qigani kabi, biz ham shunday yo‘l tutsak bo‘ladi. (Rim. 15:4) Xudoning Kalomini o‘qiganimizda va bilib olganlarimiz ustida fikr yuritganimizda, Xudo muqaddas ruhidan foydalanib, Kalomi bizga qanday yordam bera olishi mumkinligini tushunishimizga ko‘maklashadi. (Ibroniylarga 4:12 ni o‘qing.) Yuqorida tilga olingan Ronald shunday dedi: «Har oqshom Muqaddas Kitobdan bir parcha o‘qishni odat tusiga kiritganimdan xursandman. Yahovaning fazilatlari va U xizmatchilariga sevgi ila muomala qilishi to‘g‘risida ko‘p mulohaza yuritaman. Buning yordamida yangi kuchga to‘laman».

11. Qanday qilib qayg‘urgan beva Muqaddas Kitob yordamida mustahkamlandi?

11 Xudoning Kalomi ustida mulohaza yuritib, vaziyatimizga nisbatan to‘g‘ri nuqtai nazarni rivojlantira olamiz. Keling, Muqaddas Kitob qayg‘urgan beva ayolga qanday yordam berganini bilib olaylik. Oqsoqol unga tavsiya berib, Ayub kitobini o‘qishni va undan foyda olishi mumkinligini aytdi. Opamiz shunday yo‘l tutdi, so‘ng avvaliga Ayubni noto‘g‘ri fikrlash tarzi uchun tanqid qildi. Xayolida «Ayub, nuqul o‘z muammolaringni o‘ylayverasanmi?» degan fikr paydo bo‘ldi. Biroq keyin uning nuqtai nazari ham Ayubnikiga o‘xshash ekanini tushundi. Bu tufayli u nuqtai nazarini o‘zgartira oldi va turmush o‘rtog‘ini yo‘qotgani tufayli his qilayotgan og‘riq bilan kurashish uchun kuchga to‘ldi.

Yahova imondoshlar bilan muloqot qilish orqali bizni mustahkamlaydi (12-xatboshiga qarang.)

12. Qay yo‘sin Yahova imondoshlar orqali bizni mustahkamlaydi?

12 Imondoshlar yordamida kuchga to‘lasiz. Yahova bizni imondoshlar orqali mustahkamlaydi. Pavlus birodar-u opa-singillari bilan o‘zaro «dalda olishni» intiqib kutayotganini yozgan. (Rim. 1:11, 12) Yuqorida tilga olingan Mariya birodar-u opa-singillarini juda yaxshi ko‘radi. U quyidagicha dedi: «Yahova qiyinchiliklarimdan bexabar bo‘lgan imondoshlarimdan foydalanadi. Ular daldali so‘zlar yoki otkritka yuborardi va bu aynan men muhtoj bo‘lgan narsa bo‘lardi. Bu, shuningdek, menikiga o‘xshash muammolari bor bo‘lgan opa-singillar bilan ochiq muloqot qilishga va ulardan yordam olishga ko‘maklashdi. Oqsoqollar ham jamoatning qadrli a’zosi ekanimni his qilishimga doim yordam beradi».

13. Jamoat uchrashuvlarida qay yo‘sin bir-birimizni mustahkamlay olamiz?

13 Dalda berishimiz mumkin bo‘lgan eng zo‘r payt jamoat uchrashuvlaridir. Yig‘ilishga borganingizda boshqalarni yaxshi ko‘rishingizni va qilayotgan mehnati uchun minnatdor ekaningizni aytib, ularni mustahkamlashingiz mumkin. Misol uchun, bir safar Piter ismli oqsoqol turmush o‘rtog‘i imondoshimiz bo‘lmagan opamizga quyidagicha dedi: «Bu yerda sizni ko‘rish qanchalar daldali ekanini tasavvur ham qilolmaysiz. Oltita farzandingiz doim tayyor va sharhlar beradi». Opamizning ko‘zlari quvonch yoshlariga to‘lib, shunday javob berdi: «Bugun buni eshitishga qanchalik muhtoj bo‘lganimni tasavvur ham qilolmaysiz».

Yahova xizmat orqali bizni mustahkamlaydi (14-xatboshiga qarang.)

14. Xizmatda qatnashish bizga qanday ta’sir qiladi?

14 Xizmat orqali kuchga to‘ling. Muqaddas Kitobdagi haqiqatni boshqalar bilan bo‘lishganimizda xoh ular buni eshitsin, xoh yo‘q, biz qayta kuchga to‘lib dalda olamiz. (Hik. 11:25) Steysi ismli opamiz xizmat qanchalik kuchga to‘ldirishi mumkinligini o‘zida his etdi. Oila a’zosi jamoatdan chetlatilganda u rosa siqilgan va unga qanday yordam berishim mumkin edi, deb o‘ylardi. Bu muammo Steysining xayolidan hech ketmasdi. Bu qiyin vaziyat bilan kurashishda unga nima yordam berdi? Xizmat. Va’zgo‘ylikda qatnashar ekan, u hududidagi yordamga muhtoj bo‘lgan odamlarga diqqat qaratishni boshladi. U shunday dedi: «O‘sha vaqt davomida Yahova menga Muqaddas Kitob tadqiqini topishimga yordam berdi va o‘sha kishi ma’nan tez o‘sdi. Bundan rosa dalda oldim, aynan xizmat tufayli mustahkam qola oldim».

15. Mariyaning so‘zlaridan qanday saboq oldingiz?

15 Ba’zilar sharoitlari tufayli xizmatda ko‘p qatnasha olmayapman, deb o‘ylaydi. Siz ham shunday o‘ylayotgan bo‘lsangiz, Yahovaga qo‘lingizdan kelganini qilganingizda, U sizdan mamnun bo‘lishini yodda tuting. Yuqorida tilga olingan Mariyaning misoliga e’tibor qarataylik. U o‘zga tilda gapiradigan hududga ko‘chganida o‘zini yaroqsiz his qilgan. U shunday dedi: «Qaysidir payt mobaynida men oddiy sharh berardim yoki Muqaddas Kitobdan oyat o‘qirdim. Xizmatda esa buklama berib ketardim, xolos». U o‘zini o‘sha tilda yaxshi gapiradiganlar bilan solishtirgani tufayli salbiy tuyg‘ularga berilgan. Biroq Mariya fikrlash tarzini o‘zgartirdi. Qobiliyatlari chegaralanganiga qaramay, Yahova undan foydalanishi mumkinligini tushuna boshladi. U: «Muqaddas Kitobdagi haqiqatlar juda oddiy va odamlarning hayotini o‘zgartirishi mumkin»,— dedi.

16. Uyidan chiqa olmaydiganlarga kuchga to‘lishga nima yordam berishi mumkin?

16 Yahova hatto uydan chiqa olmasak ham va’z qilish istagimizni ko‘radi va uni qadrlaydi. U bizga g‘amxo‘rlik qilish uchun keladiganlar yoki shifokor va hamshiralarga shohidlik berish uchun imkoniyatlar ochib berishi mumkin. Agar hozirgi sharoitimizni o‘tmishdagisi bilan solishtirsak, ruhimiz tushishi hech gap emas. Biroq Yahova hozir qay yo‘sin yordam berayotganini tushunsak, har qanday qiyinchilikni quvonch ila yengishimiz uchun kerak bo‘ladigan kuchga ega bo‘lamiz.

17. Voiz 11:6 ga ko‘ra, natijasi shu zahoti ko‘rinmasa ham nima uchun xizmatimizni davom ettirishimiz kerak?

17 Biz ekkan haqiqat urug‘laridan qay biri ildiz otib, o‘sib chiqishini bilmaymiz. (Voiz 11:6 ni o‘qing.) Misol uchun, yoshi 80 dan oshgan Barbara ismli opamiz telefon va xat orqali muntazam shohidlik beradi. U maktublaridan biriga «Alloh siz uchun nima qildi?» nomli maqola keltirilgan «Qo‘riqchi minorasi»ning 2014-yil 1-mart sonini qo‘shib qo‘ydi. Opamiz bu xatni o‘zi bilmagan holda oldin jamoatdan chetlatilgan bir juftlikka yuboribdi. Ular bu jurnalni qayta-qayta o‘qib chiqibdi. Eriga Yahova unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri gapirayotgandek tuyuldi. Bu juftlik yana yig‘ilishlarga qatnaydigan bo‘ldi va keyinchalik, ya’ni 27-yildan ko‘proq vaqt o‘tgach, ular yana Yahovaning Shohidlari bo‘ldi. Bitta xat yaxshi natija keltirganini ko‘rish Barbara opamizga qanday dalda berganini va uni mustahkamlaganini tasavvur qilib ko‘ring.

Yahova 1) ibodat, 2) Muqaddas Kitob, 3) imondoshlar bilan muloqot qilish va 4) xizmat orqali bizni mustahkamlaydi (9-, 10-, 12-, 14-xatboshilariga qarang.)

18. Xudoning qudratidan foyda olish uchun nima qilishimiz mumkin?

18 Yahova Uning cheksiz kuchiga ega bo‘lishimiz uchun ko‘pgina imkoniyatlar yaratib beryapti. U hadyalari, ya’ni ibodat, Muqaddas Kitob, imondoshlar va xizmat orqali bizni mustahkamlayapti. Ular orqali kuchga to‘lib, Yahova bizga yordam bera olishi uchun Unda kuch va istak borligiga ishonayotganimizni ko‘rsatamiz. Keling, doimo samoviy Otamizga tayanaylik, zero U «Unga chin dildan sadoqatli bo‘lganlarga qudratini namoyon etishni» yaxshi ko‘radi. (2 Sol. 16:9)

61-QO‘SHIQ Shohidlar, jasur bo‘ling!

^ 5- x.b. Biz qiyin paytlarda yashayapmiz. Biroq Yahova sabr-bardosh qilishimiz uchun bizga kerakli yordamni taqdim etmoqda. Ushbu maqolada havoriy Pavlus va Timo‘tiy muammolariga qaramay, xizmatini davom ettirishi uchun Yahova ularga qanday yordam berganini ko‘rib chiqamiz. Bu maqolada Yahova sabr-bardoshli bo‘lishimizga ko‘maklashish uchun taqdim etayotgan to‘rtta hadya haqida gap boradi.

^ 2- x.b. Ism o‘zgartirilgan.

^ 53- x.b. RASMGA SHARH. Rimda uy qamog‘ida Pavlus bir nechta jamoatga maktublar yozyapti va uni ko‘rishga kelganlarga xushxabarni va’z qilyapti.

^ 55- x.b. RASMGA SHARH. Timo‘tiy jamoatlarga tashrif buyurib, birodarlarga dalda beryapti.