Asosiy materiallarga o‘tish

Mundarijaga o‘tish

Sevgining qaysi turi chinakam baxt keltiradi?

Sevgining qaysi turi chinakam baxt keltiradi?

Xudosi Yahova bo‘lgan xalq saodatlidir! ZAB. 144:15

QO‘SHIQLAR: 28, 25

1. Nega biz yashayotgan davr o‘zgacha?

BIZ insoniyat tarixidagi o‘zgacha bir davrda yashayapmiz. Muqaddas Kitobda bashorat qilinganiday, Yahova «har bir millatdan, qabiladan, xalqdan va tildan bo‘lgan... ulkan olomonni» yig‘yapti. Ushbu sakkiz milliondan ziyod baxtli odamlar «qudratli xalq»ni tashkil qilyapti. Bu insonlar «tunu kun [Xudoga] muqaddas xizmatni ado etishyapti». (Vah. 7:9, 15; Ishayo 60:22) Bundan oldin hech qachon Allohni ham, imondoshlarini ham sevadigan shuncha ko‘p inson bo‘lmagan.

2. Xudodan uzoqlashgan odamlarga qanday sevgi turi xos? (Ochqich oyatning yuqorisidagi rasmga qarang.)

2 Biroq Muqaddas Yozuvlarda shuningdek, bizning kunlarimizda umuman boshqacha sevgi turi bo‘lishi karomat qilingan. Bu ham bo‘lsa Xudodan uzoqlashgan odamlarga xos xudbin sevgidir. Havoriy Pavlus: «Oxirzamonda... odamlar o‘zini sevadigan, pulparast... Allohdan ko‘ra aysh-ishratni ko‘proq sevadigan bo‘ladilar [«ular Xudoni emas, aysh-ishratni yaxshi ko‘radilar», O‘zbekiston Bibliya Jamiyati]»,— deb yozgan. (2 Tim. 3:1–4) Bu sevgi turi Xudoga bo‘lgan sevgining aksi bo‘lib, unga umuman zid. Xudbin sevgi odamlarga ular kutgan baxtiyorlikni olib kelmayapti. Aksincha, bunday sevgini ko‘rsatayotganlar xudbin dunyoda barchaning hayotini og‘irlashtiryapti.

3. Ushbu maqolada nimani muhokama qilamiz va nega?

3 Pavlus bu xudbin sevgi keng tarqalib, masihiylarga ham xavf tug‘dirishini tushungan. Shuning uchun, u beg‘araz sevgi yetishmayotgan odamlardan qochish kerakligi haqida ogohlantirgan. (2 Tim. 3:5) Albatta, shu kabi insonlar bilan aloqani umuman uza olmaymiz. Shunday ekan, qay yo‘sin bizni qamrab olgan bu dunyodagi nuqtai nazardan qochib, sevgi Xudosi Yahovani mamnun qilishga harakat qila olamiz? Keling, Allohga yoqadigan sevgini 2 Timo‘tiyga 3:2–4 da aytilgan sevgi bilan taqqoslaylik. Bu biz namoyon etishimiz kerak bo‘lgan, bizga chinakam mamnuniyat va baxt keltiradigan sevgini to‘g‘ri baholab, uni yaxshilay olishimizga ko‘maklashadi.

XUDONI SEVISH KERAKMI YOKI O‘ZIMIZNIMI?

4. Nega o‘zimizni me’yorida sevish noto‘g‘ri emas?

4 «Odamlar o‘zini sevadigan» bo‘ladi deb yozgan Pavlus. O‘zimizni yaxshi ko‘rish noto‘g‘rimi? Aslo. Biz o‘zimizni me’yorida sevishimiz tabiiy va hatto kerakdir. Chunki Yahova bizni shunday qilib yaratgan. Iso: «Yaqiningizni o‘zingizni sevganday seving»,— deb aytgan. (Mark 12:31) Axir o‘zimizni yaxshi ko‘rmasak, yaqinimizni ham seva olmaymiz. Qolaversa, Muqaddas Kitobda quyidagilarni o‘qiymiz: «Erlar ham o‘z xotinlarini o‘z tanalarini sevganday sevishlari kerak. O‘z xotinini sevgan o‘zini o‘zi sevadi. Hech bir kishi o‘z tanasidan nafratlanmaydi, aksincha, uni oziqlantirib, ardoqlaydi». (Efes. 5:28, 29) Demak, o‘zimizni o‘rinli tarzda sevish yaxshi ekan.

5. O‘zini haddan tashqari yaxshi ko‘radigan odamlarga qanday ta’rif berasiz?

5 Sevgining 2 Timo‘tiyga 3:2 da aytilgan turi tabiiy, sog‘lom sevgi emas. U buzuq va xudbin sevgidir. O‘zini haddan tashqari yaxshi ko‘radigan odamlar o‘zi haqida keragidan ortiq o‘ylaydi. (Rimliklarga 12:3 ni o‘qing.) Ularni faqat o‘z hayoti qiziqtiradi, xolos. Bunday kishilarning boshqalar bilan deyarli ishi yo‘q. Biron nima yuz bersa, ular o‘zini emas, o‘zgalarni ayblaydi. Muqaddas Kitobdagi bitta izohda o‘zini haddan ortiq sevadigan odamlar mana shunday taqqoslangan: «Dumaloq bo‘lib o‘ralib oladigan tipratikan yumshoq yungi ichida issiqqina yotadi, atrofdagilarga esa uchli tikanlarini ko‘rsatib turadi». Ha, nuqul o‘zini sevadigan odamlar chinakamiga baxtli emas.

6. Allohni sevadigan odamlar nimaga erishadi?

6 Ilohiyotshunoslarning fikricha, havoriy Pavlus oxirzamonda keng tarqalgan yomon xislatlarni aytib o‘tishdan avval o‘zini sevish to‘g‘risida yozgani bejiz emas. Chunki qolgan illatlar bu xislatning natijasidir. Allohni sevadigan odamlar esa yaxshi fazilatlarni namoyon etishni xohlashadi. Muqaddas Kitobda bunday sevgi sevinch, tinchlik, sabr-toqat, mehribonlik, himmat, imon, muloyimlik va o‘zini tuta bilish fazilatlari bilan bog‘liq. (Galat. 5:22, 23) Sano bastakori: «Xudosi Yahova bo‘lgan xalq saodatlidir!» — deb yozgan. (Zab. 144:15) Ha, Yahova baxtiyor Xudo va Uning xalqi buni aks etadi. Bundan tashqari, o‘zini sevadigan va faqat olish qiziqtiradigan odamlardan farqli o‘laroq, Yahovaning xizmatchilari boshqalarning manfaatini o‘ylab o‘zini bunga bag‘ishlashdan xursand. (Havor. 20:35)

O‘zimizni sevishdan qanday qocha olamiz? (7- xatboshiga qarang.)

7. Xudoga nisbatan sevgimizni tekshirib ko‘rishga qaysi savollar yordam beradi?

7 O‘zimizni sevish Xudoga nisbatan sevgidan ustun bo‘lib qolmaganini qanday bilsak bo‘ladi? Keling, Filippiliklarga 2:3, 4 dagi quyidagi nasihatga e’tibor beraylik: «Hech narsani izzattalablik yoki manmanlik bilan qilmay, aksincha, kamtar bo‘lib, boshqalarni o‘zingizdan ustun qo‘yinglar. Nafaqat o‘zingizning, balki boshqalarning ham manfaatini ko‘zlanglar». O‘zimizdan shunday deb so‘rasak bo‘ladi: «Bu nasihatga amal qilyapmanmi? Xudoning irodasini chin yurakdan bajarishga intilyapmanmi? Ham jamoatda, ham va’zgo‘ylikda boshqalarga yordam berishga harakat qilyapmanmi?» Vaqtimizniyu kuchimizni berish doim ham oson emas. Buning uchun harakatlar va fidoyilik talab etiladi. Lekin olamning Hukmdorini mamnun qilayotganimizni bilishdan ortiq baxt bormi?!

8. Allohga bo‘lgan sevgi ba’zilarni nimaga undadi?

8 Allohga bo‘lgan sevgi ba’zilarni nufuzli ishlarini qoldirib, Yahovaga ko‘proq xizmat qilishga undamoqda. Qo‘shma Shtatlarda yashovchi Erika shifokor bo‘lib ishlaydi. Ammo u bu sohada mavqe orttirmay, doimiy kashshof bo‘ldi va eri bilan bir nechta mamlakatda xizmat qildi. O‘tmishni eslab, u shunday deb bo‘lishdi: «Chet elda ko‘plarga yordam berganimiz va shu bilan birga do‘stlar orttirish imkoni bo‘lgani hayotimizni chinakamiga boyitdi. Hozir ham shifokor bo‘lib ishlayman, lekin ko‘proq vaqt hamda kuchimni odamlarning ma’nan sog‘ayishiga va jamoatdagilarning ehtiyojlarini qondirishga sarflayman. Bundan men ich-ichimdan xursandman va mamnunman».

BOYLIK OSMONDAMI YOKI YERDAMI?

9. Nega pulni sevish baxt keltirmaydi?

9 Pavlus odamlar «pulparast» bo‘lishini ham yozgan. Bir necha yil oldin kashshof birodarimiz Irlandiyada bitta kishiga Xudo haqida gapirgan ekan. Bu kishi hamyonidan pul chiqarib, mag‘rurlik ila: «Mana mening xudoyim!» — degan ekan. Garchi ko‘pchilik ochiqchasiga bunday gapirmasa-da, bu dunyo pulni va unga sotib olinadigan narsalarni sevadigan odamlarga to‘lib ketgan. Biroq Muqaddas Kitobda shunday ogohlantirish bor: «Kumushni sevgan kumushga, boylikni sevgan esa mol-dunyoga aslo to‘ymaydi». (Voiz 5:10) Bunaqa odamlar hamisha puli ko‘p bo‘lishini istaydi va ularni topaman deb «ko‘pgina azoblarga» duch keladi. (1 Tim. 6:9, 10)

10. Muqaddas Kitobda boylik va kambag‘allik haqida nima deyilgan?

10 To‘g‘ri, barchamizga pul kerak. Ular bizni qaysidir jihatdan himoyalaydi. (Voiz 7:12) Qiziq, inson zaruriy ehtiyojlari uchun kerakli narsalarga ega bo‘libgina baxtni his eta oladimi? Albatta! (Voiz 5:12 ni o‘qing.) Yoqening o‘g‘li Ag‘ur: «Menga kambag‘allik ham, boylik ham berma. Faqat rizq-ro‘zimni bersang bo‘lgani»,— degan edi. U nega nihoyatda kambag‘al bo‘lishni istamaganini tushunamiz. Bu bilan u o‘g‘rilik qilish vasvasasiga tushib, Xudoning ismiga dog‘ tushirishi mumkinligi haqida aytmoqchi edi. Ammo nega Ag‘ur boy bo‘lmaslik to‘g‘risida ham ibodat qilgan? U shunday yozgan: «Toki to‘qlikdan Sendan voz kechib: “Yahova O‘zi kim?!” — demayin». (Hik. 30:8, 9) Ehtimol, siz ham Xudoga emas, boyligiga tayanadigan odamlarni tanirsiz.

11. Iso pul masalasida qanday maslahat bergan?

11 Pulni yaxshi ko‘radiganlar Allohni mamnun eta olmaydi. Iso shunday degan: «Hech kim ikki xo‘jayinga qullik qilolmaydi. U yo biridan nafratlanib, ikkinchisini sevadi yoki biriga sodiq qolib, ikkinchisini mensimaydi. Sizlar ham Xudoning, ham boylikning quli bo‘la olmaysizlar». Bu so‘zlarni aytishdan oldin u quyidagicha degan: «O‘zingiz uchun yer yuzida xazina to‘plamanglar. Chunki bu yerda ularni kuya va zang yeb bitiradi hamda o‘g‘rilar kirib talaydi. Buning o‘rniga, xazinani osmonda to‘planglar. U yerda ularni na kuya, na zang yeb bitiradi va na o‘g‘rilar kirib talaydi». (Mat. 6:19, 20, 24)

12. Qanday qilib sodda hayot kechirish Xudoga xizmat qilishni osonlashtiradi? Misol keltiring.

12 Ko‘plar sodda hayot kechirgani tufayli nafaqat baxtliroq bo‘lishdi, balki Yahovaga ham ko‘proq xizmat qilishlariga imkon paydo bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlarda yashovchi Jek xotini bilan kashshof bo‘lib xizmat qilish maqsadida katta uyi va biznesini sotib yubordi. U shunday deb bo‘lishdi: «Chiroyli uyimiz va mol-mulkimizdan voz kechish oson bo‘lmadi. Gap shundaki, bir necha yil oldin ishdagi muammolar dastidan uyga kayfiyatim buzilib qaytardim. Rafiqam esa doimiy kashshof bo‘lgani uchun hamisha baxtli edi. U: “Eng zo‘r Xo‘jayinim bor!” — deb aytardi. Hozir o‘zim ham kashshofman va ikkovimiz bitta Shaxsga, Yahovaga xizmat qilyapmiz».

Pulni sevishdan qanday qocha olamiz? (13- xatboshiga qarang.)

13. Pulga bo‘lgan nuqtai nazarimizni qanday tekshirishimiz mumkin?

13 Pulga bo‘lgan nuqtai nazarimizni tekshirish uchun rostgo‘ylik ila quyidagi savollarga bergan javoblarimiz ustida fikr yuritishimiz lozim: «Muqaddas Kitobda pul to‘g‘risida aytilganlarga ishonib, shunga yarasha yashayapmanmi? Pul topish hayotimda birinchi o‘rindami? Moddiy narsalarni Yahova hamda odamlar bilan bo‘lgan munosabatlardan ustun qo‘ymayapmanmi? Ehtiyojlarimga Yahova g‘amxo‘rlik qilishiga chindan ham ishonyapmanmi?» Shunda aminmizki, Unga tayanganlarning umidi hech qachon puchga chiqmaydi. (Mat. 6:33)

YAHOVANI SEVAMIZMI YOKI AYSH-ISHRATNIMI?

14. O‘yin-kulgi borasida nuqtai nazarimiz qanday bo‘lishi lozim?

14 Bashorat qilinganidek, bugun ko‘p odamlar «aysh-ishratni sevadi». Bilamizki, o‘zimizga va pulga nisbatan muvozanatli nuqtai nazarga ega bo‘lishning yomon joyi yo‘q va o‘yin-kulgi borasida ham shunday fikrdamiz. Yahova biz tarki dunyo qilishimizni yoki zavq keltiradigan barcha narsalardan voz kechishimizni istamaydi. Muqaddas Kitobda Xudoning xizmatchilariga qarata: «Shunday ekan, quvonch bilan taomingni yeb, shod ko‘ngil ila sharobingni ich»,— deb yozilgan. (Voiz 9:7)

15. «Aysh-ishratni yaxshi ko‘radigan» degani nimani anglatadi?

15 Timo‘tiyga yo‘llangan ikkinchi maktub 3:4 da odamlar Xudoni emas, aysh-ishratni yaxshi ko‘rishi haqida aytilgan. E’tibor bergan bo‘lsangiz, bu oyatda odamlar Allohni aysh-ishratdan ko‘ra ko‘proq sevadi deb yozilmagan. Aks holda, ularda Xudoga nisbatan ozgina bo‘lsa-da sevgi bor, degan fikr paydo bo‘lardi. U yerda «Xudoni emas» deb aytilgan. Bir ilohiyotshunos quyidagicha yozgan: «Ushbu [oyatda] odamlar Xudoni ozgina bo‘lsa ham sevadi, degan fikr umuman yo‘q. Bu, ular Tangrini aslo sevmasligini anglatadi». Aysh-ishratni yaxshi ko‘radiganlar uchun bu jiddiy ogohlantirishdir. Muqaddas Kitobda bunday insonlar «aysh-ishratga berilgan» deb tushuntirilgan. (Luqo 8:14)

16, 17. O‘yin-kulgi borasida Iso qanday o‘rnak qoldirgan?

16 Iso o‘yin-kulgilar borasida muvozanatli nuqtai nazarni namoyon etgan. U «nikoh to‘yi» va «katta ziyofat»ga borgan. (Yuhan. 2:1–10; Luqo 5:29) To‘yda sharob tugab qolganda, u mo‘jizaviy tarzda suvni sharobga aylantirgan. Boshqa safar esa uning yeb-ichganini tanqid qilganlar muvozanatli nuqtai nazarga ega emasligini u oshkor etgan. (Luqo 7:33–36)

17 Ha, Iso o‘yin-kulgilarga mukkasidan ketmagan. Uning hayotida Yahova birinchi o‘rinda edi va u boshqalar uchun jon kuydirgan. Ko‘pdan-ko‘p odamlar yashashi uchun Iso ustunda azob chekib o‘lishga tayyor bo‘lgan. Uning izidan yurishni xohlaganlarga u shunday degan: «Men uchun odamlar sizlarni haqoratlab, quvg‘un qilishsa, sizlar haqda yolg‘on va har qanday yaramas so‘zlarni aytishsa, baxtlisizlar. Shod-xurram bo‘linglar, zero osmondagi mukofotingiz buyukdir. Axir sizlardan avval o‘tgan payg‘ambarlar ham shunday quvg‘un qilinishgan-ku». (Mat. 5:11, 12)

O‘yin-kulgini (18- xatboshiga qarang.)

18. O‘yin-kulgilarga bo‘lgan sevgimizni tekshirishga qaysi savollar qo‘l keladi?

18 O‘yin-kulgilarga bo‘lgan sevgimizni qay yo‘sin tekshira olamiz? O‘zimizga quyidagi savollarni bersak yaxshi bo‘lardi: «O‘yin-kulgilarga qaraganda yig‘ilishlaru va’zgo‘ylik xizmati ikkinchi o‘rinda emasmi? Xudoga xizmat qilish niyatida o‘zimga yoqadigan narsalarni qurbon qilishga tayyormanmi? Menga zavq keltiradigan o‘yin-kulgini tanlayotib, Yahova bunga qanday nuqtai nazarda ekanini inobatga olyapmanmi?» Allohni chin dildan sevsak, nafaqat Unga yoqmaydigan, balki Uni ranjitishi mumkin bo‘lgan narsalardan ham qochamiz. (Matto 22:37, 38 ni o‘qing.)

BAXTGA ERISHISH YO‘LI

19. Chin baxtga kimlar erisha oladi?

19 Odamlar deyarli 6 000 yildan beri azob chekyapti. Lekin Shaytonning dunyosi o‘z poyoniga yetib bormoqda. Yer yuzida o‘zini, pulni va o‘yin-kulgini haddan ziyod sevadigan insonlar ko‘payib ketgan. Odamlar nuqul biron-bir narsaga ega bo‘lish haqida o‘ylab, o‘z istaklarini hayotda eng muhim deb bilishadi. Bundaylar chin baxtga sira ham erisha olmaydi. Bundan farqli o‘laroq, sano bastakori: «Yoqubning Xudosini yordamchim deb bilgan, Tangrisi Yahovaga umid bog‘lagan kishi baxtlidir»,— deb yozgan. (Zab. 146:5)

20. Qay yo‘sin Xudoga bo‘lgan sevgi sizni baxtli qildi?

20 Yahovaning xalqi orasida Unga bo‘lgan sevgi ortib bormoqda va yildan-yilga safimiz kengaymoqda. Bu, Xudoning Shohligi boshqarayotganining isboti bo‘lib, yaqinda yer yuzida xayolimizga ham kelmaydigan barakalarga ega bo‘lishimizni ko‘rsatmoqda. Xudoyi Taoloning irodasini bajarish hamda Uni xushnud qilayotganimizni bilish bizga chinakam va abadiy quvonch keltiryapti. Ha, Yahovani sevadiganlar abadulabad shod bo‘lishadi! Kelasi maqolada, xudbin sevgining oqibatida yuzaga keladigan ayrim xislatlarni va ular Yahovaning xizmatchilari namoyon etadigan fazilatlardan qanday farq qilishini bilib olamiz.